HAQIQIY MUSULMON BOʻLISHNING SHARTLARI
«Islom» soʻzi arabchada «nafsini topshirish, boʻyin egish, salomatlikka erishish», shuningdek, «tinchlik» maʼnolarini bildiradi. Imomi Aʼzam (rahimahullohu taolo) Islomni «Allohu taoloning amrlariga taslim boʻlish va boʻyin egish» deb taʼriflagan.
Bundan yaxshi musulmonning qanday boʻlishi lozimligi oʻz-oʻzidan ayon boʻladi. Olimlarimiz musulmonda boʻlishi lozim boʻlgan sifatlarni shunday izohlaganlar: yaxshi musulmon hammadan avval badan va ruh jihatidan pokdir.
Allohu taolo Qurʼoni karimning turli joylarida: «Men poklarni sevaman!» – deydi. Musulmonlar masjidlarga, uylarga oyoq kiyimi bilan kirmaydilar. Ularning gilamlari va pollari changsiz, toza boʻladi. Har bir musulmonning uyida yuvinish joyi bor. Ularning oʻzlari ham, ichki kiyimlari ham, taomlari ham doimo toza boʻladi. Shuning uchun ularda mikrob ham, kasallik ham boʻlmaydi.
Haqiqiy musulmon salomatligini saqlashni biladi. U harom va zahar boʻlgan mast qiluvchi ichimlikni isteʼmol qilmaydi. Xatari juda koʻp boʻlgan va haromligi bildirilib man qilingan choʻchqa goʻshtini yemaydi.
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) tib ilmini turli yoʻllar bilan maqtadilar. Masalan, u zot: «Ilm ikkitadir: badan ilmi va din ilmi», – dedilar. Yaʼni ilmlar ichida eng keraklisi – ruhni saqlaydigan din ilmi va badanni saqlaydigan salomatlik ilmidir. Shu soʻzlari bilan u zot hammadan avval ruhning va badanning bardamligi uchun harakat qilishni buyurdilar. Islom badan ilmini din ilmidan oldin oʻrganishni buyuradi. Chunki barcha yaxshiliklar faqat badan sogʻlom boʻlgandagina qilinishi mumkin. Paygʻambarimiz Vizantiya imperatori Hiraqlga maktub yozib, uni Islomga daʼvat qilgan edilar. Hiraql maktubga javob bergan va koʻp hadyalar yuborgan edi. Ulardan biri bir tabib edi. Tabib kelgach: «Taqsir! Imperator meni sizga xizmat qilish uchun yubordi. Bemorlaringizni bepul davolayman!» – dedi. Paygʻambarimiz buni qabul qildilar. U zotning amrlari bilan tabibga bir uy berishdi. Har kuni unga lazzatli taomlar, ichimliklar olib borib turishdi. Kunlar, oylar oʻtdi. Birorta ham musulmon tabibning oldiga kelmadi. Tabib uyalib, u zotning huzurlariga keldi va: «Taqsir! Men bu yerga xizmat qilish uchun keldim. Shu kungacha birorta ham bemor kelmadi. Bekor oʻtirdim. Yeb-ichib, rohat qildim. Endi ketay», – deb izn soʻraganida, sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Oʻzing bilasan. Agar yana qolsang, mehmonga xizmat qilish, uni siylash musulmonlarning vazifasidir. Ketsang ham, yoʻling oq boʻlsin. Faqat shuni bilginki, bu yerda yillar boʻyi qolsang ham, oldingga hech kim kelmaydi. Chunki mening sahobalarim kasal boʻlmaydilar! Islom dini kasal boʻlmaslik yoʻlini koʻrsatgan. Mening sahobalarim tozalikka juda eʼtibor beradilar. Qorni ochmaguncha hech narsa yemaydilar va toʻymasdan oldin dasturxondan turadilar».
Bu musulmon umuman kasal boʻlmaydi, degani emas. Lekin salomatligiga va tozaligiga eʼtibor bergan musulmon uzoq vaqt sogʻ-salomat yuradi. U osonlikcha kasal boʻlmaydi. Oʻlim haqdir. Hech kim oʻlimdan qutula olmaydi, har kim biror kasallik natijasida vafot etadi. Lekin oʻsha vaqtgacha salomatligini saqlay olishi faqat musulmonlikda buyurilgan narsalarga va tozalikka rioya qilish tufayligina boʻladi. Yaxshi musulmon badan tozaligiga eʼtibor bergani kabi, ruh tozaligiga ham juda eʼtibor beradi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Men yaxshi xulqlarni kamoliga yetkazish, goʻzal axloqni dunyoga yoyish uchun yuborildim». Bir hadisi sharifda: «Orangizda iymoni yuksak boʻlgani – axloqi goʻzal boʻlganidir», – deyildi. Hatto iymon ham axloq bilan oʻlchanadi.
Musulmon uchun ruh tozaligi asosdir. Yolgʻon gapiradigan, hiyla qiladigan, odamlarni aldaydigan, zulm qiladigan, nohaqlik qiladigan, dindoshlariga yordam bermaydigan, kibrlanadigan, faqat oʻz manfaatini oʻylaydigan kishi qancha ibodat qilmasin, haqiqiy musulmon hisoblanmaydi. Moʼun surasining dastlabki uch oyatida shunday deyiladi, maʼnosi: «Ey Rasulim! Qiyomat kunini inkor qiladigan, yetimni ranjitib, haqqini tortib oladigan, faqirni toʻydirmaydigan va boshqalarni ham faqirga yaxshilik qilishga undamaydigan oʻsha kimsani koʻrdingizmi?» Bunday kishilarning ibodati qabul boʻlmaydi. Islom dinida taqiqlardan saqlanish amrlarni bajarishdan oldin turadi. Haqiqiy musulmon hammadan avval toʻla va mukammal insondir. U ochiq yuzli, shirin soʻzli, toʻgʻri soʻzlidir. Gʻazablanish nima ekanini bilmaydi.
Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) shunday dedilar: «Kimga yumshoqlik berilgan boʻlsa, unga dunyo va oxirat yaxshiliklari berilgandir».
Musulmon gʻoyatda kamtar boʻladi. U oʻziga murojaat qilgan har bir kishini tinglaydi va imkon topganda yordam beradi. Musulmon viqorli, odobli boʻladi. U oilasini va vatanini sevadi. Hadisi sharifda: «Vatanni sevish iymondandir», – deyilgan.
Allohu taolo Oʻz bandalarining qanday boʻlishlari lozimligini Qurʼoni karimda shunday bayon qiladi. Furqon surasining 63–69-oyatlarining ulugʻ maʼnosi shunday: «Rahmonning (yaʼni bandalariga juda mehribon boʻlgan Allohu taoloning fazilatli) bandalari yer yuzida kamtarlik va viqor bilan yuradilar. Johillar ularga shilqimlik qilganda, (sizlarga salomatlik, omonlik boʻlsin) kabi goʻzal soʻzlar aytib, toʻgʻrilik va muloyimlik bilan gunohdan saqlanadilar. Rabbilari uchun sajda va qiyom qilib (namoz oʻqib) tunni oʻtkazadilar (Unga hamd aytadilar). Ular: „Ey Rabbimiz! Jahannam azobini bizdan uzoqlashtir! Darhaqiqat, uning azobi doimiy va achchiqdir. Shubhasiz, u naqadar yomon joy, naqadar yomon qarorgohdir!“ – deydilar. Ular sarf qilganlarida na isrof, na baxillik qiladilar, balki ikkovining oʻrtasidagi yoʻlni tutadilar va hech kimning haqqini kesmaydilar. Ular Allohu taologa sherik qoʻshmaydilar. Allohu taolo harom qilgan jonga qasd qilib, hech kimni oʻldirmaydilar. (Faqat aybdorlarni jazolaydilar.) Zino qilmaydilar». Va 72–74-oyatlarida: «Yolgʻon guvohlik bermaydilar. Foydasiz va zararli ishlardan qochadilar. Bunday foydasiz, zararli yoki zoʻrlik bilan qilinadigan biror ishga tasodifan aralashib qolsalar, yuz oʻgirib, viqor bilan uzoqlashadilar. Ularga Allohu taoloning oyatlari eslatilganda, koʻr va karlardek koʻrmaslikka, eshitmaslikka olmaydilar. Ular: „Ey Rabbimiz, bizga zavjalarimiz va farzandlarimizdan koʻzlarimizni quvontiradigan solih (bizga voris, eng xayrli oʻrinbosar boʻladigan) kishilarni ato et! Bizni Allohu taologa osiylik qilishdan saqlanuvchilarga peshvo qil!“ – deb yolvoradilar».
Bundan tashqari, Saff surasining 2- va 3-oyatlarining ulugʻ maʼnosi shunday: «Ey iymon keltirganlar! Qilmaydigan narsangizni nega gapirasiz? Qilmagan narsangizni „qildik“ deyishingiz Alloh huzurida katta gʻazabga sabab boʻladi». Bu esa bir kishining qila olmaydigan narsasini nazr qilishi yoki bajara olmaydigan narsasini vaʼda qilishi uni Alloh huzurida yomon kishi qilishini koʻrsatadi.
«Allohu taologa qasamki, bir kishi oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani din birodari uchun ham yaxshi koʻrmagunicha, iymoni komil boʻlmaydi» Hadisi sharif
Haqiqiy musulmon oʻz dinini, onasini, otasini, ustozini, rahbarini, yurtning kattalarini va qonunlarni gʻoyat hurmat qiladi. Keraksiz narsalar bilan mashgʻul boʻlmaydi. Faqat foydali narsalar bilangina shugʻullanadi. Qimor oʻynamaydi. Vaqtini behuda oʻtkazmaydi.
Haqiqiy musulmon ibodatini ado etadi. Allohu taologa boʻlgan shukr qarzini uzadi. Ibodat shunchaki nomiga yoki faqat taqiq oʻrtadan koʻtarilsin deb qilinmaydi. Ibodat Allohu taoloning roziligi uchun qilinishi lozim. Allohu taolodan qoʻrqish – Uni juda sevish demakdir. Inson juda sevgan kishisining xafa boʻlishini istamaganidek va uni xafa qilib qoʻyishdan qoʻrqqanidek, Allohu taologa ibodat ham Unga boʻlgan muhabbatimizni isbotlaydigan tarzda qilinishi lozim. Allohu taolo bizga bergan neʼmatlar shu qadar ulugʻki, ularning qarzini faqat Uni juda sevib va Unga chin dildan ibodat qilibgina ado eta olamiz.
Bu ibodatlar turli-tumandir. Ularning bir qismi Allohu taolo bilan banda oʻrtasidadir. Allohu taolo Oʻziga ibodatda kamchilikka yoʻl qoʻyganlarni balki kechirar. Boshqalarning haqqiga rioya qilish ham ibodatdir. Ularga yomonlik qilganlarni va zimmasida boshqalarning haqqi boʻlganlarni haq egalari kechirmaguncha, U aslo kechirmaydi. Hadisi shariflarda shunday deyildi:
«Odamlarga rahm qilmaganga Allohu taolo rahm qilmaydi».
«Zulmning oldini olib, zolimga ham, mazlumga ham yordam beringlar».
«Sotib olingan bir koʻylakka berilgan pulning oʻndan toʻqqizi halol, oʻndan biri harom pul boʻlsa, shu koʻylak bilan oʻqilgan namozni Allohu taolo qabul qilmaydi».
«Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi. Uning yordamiga shoshiladi. Uni kichik va oʻzidan past sanamaydi. Uning qoniga, moliga, izzatiga, nomusiga zarar yetkazish haromdir».
«Allohu taologa qasamki, bir kishi oʻziga qilinishini yaxshi koʻrgan narsani din birodari uchun ham yaxshi koʻrmagunicha, iymoni komil boʻlmaydi».
«Allohga qasamki, yomonligidan qoʻshnisi omonda boʻlmagan kishining iymoni yoʻq (yaʼni u haqiqiy moʻmin emas)».
Dunyoda saodatga, yaxshiliklarga, osoyishtalikka erishish va oxiratda azoblardan qutulish uchun ikki narsani qilish lozim.
Birinchisi – Allohu taoloning amrlarini bajarish. Ikkinchisi – U taqiqlagan narsalardan saqlanish. Ikkinchisi birinchisidan muhimroq va foydaliroqdir. Taqiqlardan saqlanish vazifasini toʻla ado eta olish uchun muboh, yaʼni ruxsat berilgan narsalarni haddan ortiq qilmaslik, keragidan ortigʻiga oʻtmaslik lozim. Chunki muboh ishlarda haddan oshish insonni harom ish qilishga sudraydi. Islom olimlari shunday deganlar: «Gunoh qilganlarning bosh egib turishlari amrlarni bajarganlarning maqtanishlaridan koʻra yoqimliroqdir».
Gunohlardan saqlanish ham ikkiga boʻlinadi. Birinchisi – Allohu taoloning haqlariga oid taqiqlardan saqlanish. Ikkinchisi – bandalarning haqlari aralashgan taqiqlardan saqlanish. Ikkinchisi muhimroqdir. Chunki Allohu taolo hech narsaga muhtoj emas va juda marhamatlidir. Odamlar esa juda muhtoj va baxildirlar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday deydilar:
«Zimmasida banda haqqi boʻlgan, maxluqlarning moliga, nomusiga teggan kishi oʻlmasdan oldin halollashsin, qarzini toʻlasin! Pul ham, mol ham oʻtmaydigan oxirat kuniga zimmasida banda haqqi bilan bormasin! U kuni uning dunyoda qilgan ibodatlari haq egasiga beriladi. Ibodati boʻlmasa yoki tugasa, haq egasining gunohlari unga yuklanadi». Bir kuni u zot yonlaridagilarga: «Muflis kim ekanini bilasizlarmi?» – dedilar. Ular: «Puli, sarmoyasi tugagan kishi», – deyishdi. Shunda u zot: «Yaxshi bilib qoʻyinglar: muflis – dunyoda namoz oʻqigan, roʻza tutgan, zakot bergan boʻlsa ham, odamlarni soʻkkan, gʻiybat qilgan, boshqalarning molini yegan, jonga qasd qilgan, urgan, yarador qilgan kishidir. Oxiratda uning savoblari haq egalariga beriladi, savoblari tugasa, haq egalarining gunohlari unga yuklanib, u jahannamga tashlanadi», – dedilar.
Muhammad Maʼsum Foruqiy Sirhindiy hazratlari «Maktubot» kitobining ikkinchi jildidagi 110-maktubida shunday deydilar: «Gunoh qilgach, darhol tavba qilish lozim. Yashirin gunohning tavbasi yashirin, ochiq qilingan gunohning tavbasi ochiq boʻladi. Tavbani kechiktirmaslik kerak. Kiroman kotibin farishtalari gunohni darhol yozmaydilar. Tavba qilinsa, umuman yozilmaydi. Tavba qilinmasa, yozadilar. Jaʼfar ibn Sinon (quddisa sirruh) shunday dedi: „Gunohidan tavba qilmagan kishi oʻlimidan oldin tavba qilishi lozim“. Varaʼni va taqvoni qoʻldan bermaslik kerak. Taqvo – ochiq-oydin taqiqlangan narsalarni, varaʼ esa shubhali narsalarni ham qilmaslikdir. Taqiqlanganlardan saqlanish buyurilganlarni bajarishdan foydaliroqdir. Ulugʻlarimiz shunday deganlar: „Yaxshilar ham, yomonlar ham yaxshilik qiladilar. Lekin faqat siddiqlar, yaxshilargina gunohdan saqlanadilar…“ Hadisi sharifda: „Qiyomat kuni Allohu taoloning huzuriga yetishadiganlar – varaʼ va zuhd egalaridir“, – deyildi. Yana bir hadisi sharifda: „Varaʼ egasining namozi maqbul boʻladi“, boshqa bir hadisi sharifda esa: „Varaʼ egasi bilan birga boʻlish ibodatdir. U bilan suhbatlashish sadaqa berish kabi savobdir“, – deyildi. Shubha qilgan ishlaringda qalbingdan maslahat soʻra! Qalbing seskangan ishni qilma! Nafsingga ergashma!»
«Hikmat oʻn boʻlakdir. Uning toʻqqizi – uzlatda. Biri – oz gapirishda» Hadisi sharif
Hadisi shariflarda shunday deyildi: «Nafsga osoyishtalik, qalbga rohat beradigan ish – yaxshi ishdir. Nafsni tugʻyonga keltiradigan, qalbni hayajonga soladigan ish – gunohdir». «Halol narsalar aniq, haromlar ham bildirilgan. Shubhali narsalardan saqlaninglar. Shubhasiz bilganlaringizni qilinglar!» Bu hadisi shariflar shubha qilingan va qalbni siqadigan narsani qilmaslik lozimligini koʻrsatadi. Shubha qilinmaganni qilish esa joizdir. Bir hadisi sharifda: «Allohu taolo Qurʼoni karimda halol qilgan narsalar haloldir. U Qurʼoni karimda bildirmagan narsalarni afv qiladi», – deyildi. Shubhali bir narsaga duch kelganda, qoʻlni koʻkrakka qoʻyish kerak. Yurak urishi tezlashmasa, u ishni qilsa boʻladi. Agar yurak qattiqroq ura boshlasa, qilmaslik kerak. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Qoʻlingni koʻksingga qoʻy! Halol narsada yurak tinch boʻladi. Harom narsada yurak potirlab uradi. Shubhaga tushsang, qilma. Din odamlari fatvo bersalar ham, qilma!»
Iymoni bor kishi katta gunohga tushmaslik uchun kichik gunohdan ham qochadi. Barcha ibodatlarini, yaxshiliklarini nuqsonli deb bilish kerak. Allohu taoloning amrlarini toʻla bajarmadim, deb oʻylash kerak. Abu Muhammad Abdulloh ibn Manozil (quddisa sirruh) shunday dedi: «Allohu taolo turli ibodatlarni bildirdi. U sabrni, sadoqatni, namozni, roʻzani va sahar vaqtlarida istigʻfor aytishni buyurdi. Istigʻforni eng oxirida aytdi. Shu tariqa bandaga ibodatlarini, yaxshiliklarini nuqsonli koʻrib, ularning hammasi uchun afv va magʻfirat soʻrash lozim boʻldi».
Jaʼfar ibn Sinon shunday dedi: «Ibodat, yaxshilik qilganlarning oʻzlarini gunoh qilganlardan ustun koʻrishlari ularning gunohlaridan ham yomonroqdir».
Ali Murtaish hazratlari muborak Ramazon oyining yigirmanchi kunidan keyin eʼtikofni tark etib, masjiddan chiqdilar. «Nega chiqdingiz?» – deb soʻrashganda, u kishi: «Hofizlarning tagʻanniy bilan oʻqishlarini va bu bilan maqtanishlarini koʻrib, ichkarida tura olmadim», – deb javob berdilar.
Oʻzining va bola-chaqasining rizqini haloldan topish uchun mehnat qilish kerak. Buning uchun savdo, hunar bilan shugʻullanish lozim. Salafi solihin (rahmatullohi taolo alayhim ajmaʼiyn) doimo shunday mehnat qilib topar edilar. Halol kasbning savoblarini bildiradigan juda koʻp hadisi shariflar bor. Muhammad ibn Solim hazratlaridan: «Mehnat qilib topaylikmi yoki faqat ibodat qilib, tavakkul qilaylikmi?» – deb soʻrashganda, u kishi: «Tavakkul qilish – Rasulullohning hollaridir. Mehnat qilib topish esa u zotning (sallallohu alayhi vasallam) sunnatlaridir. Mehnat ham qilinglar, tavakkul ham qilinglar», – dedilar.
Abu Muhammad ibn Manozil: «Mehnat qilib tavakkul qilish bir burchakka chekinib ibodat qilishdan xayrliroqdir», – dedi. Yeyish-ichishda moʻtadillikni saqlash kerak. Boʻshashish keltiradigan darajada koʻp yemaslik kerak. Ibodat qila olmaydigan darajada parhez ham qilmaslik kerak. Buyuk avliyolardan Shohi Naqshband (quddisa sirruh) shunday dedi: «Yaxshi ye, yaxshi ishla!» Soʻzning qisqasi, ibodat va yaxshilik qilishga yordam beradigan har bir narsa yaxshi va muborakdir. Har bir yaxshi ishda niyatga eʼtibor berish kerak. Yaxshi niyat boʻlmasa, u ishni qilmaslik kerak.
Islomga ergashmaganlardan, bidʼat va gunoh qiluvchilardan uzoq turish va ular bilan koʻrishmaslik kerak. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Hikmat oʻn boʻlakdir. Uning toʻqqizi – uzlatda. Biri – oz gapirishda».
Bunday kishilar bilan faqat zarurat miqdorida koʻrishish kerak. Koʻngilxushlik vaqti – oʻlimdan keyin. Solih, pok musulmonlar (rahmatullohi taolo alayhim ajmaʼiyn) bilan koʻrishish, ularga foydali boʻlish va ulardan foydalanish kerak. Keraksiz, foydasiz soʻzlar bilan vaqtni zoye qilmaslik kerak.
Yaxshiga ham, yomonga ham – hammaga ochiq yuz koʻrsatish kerak. Fitna chiqarmaslik, dushman orttirmaslik kerak. Hofiz Sheroziyning «Doʻstlarga toʻgʻrisini aytish, dushmanlar bilan esa ochiq yuz va shirin til bilan muomala qilish kerak» degan soʻziga amal qilish lozim. Uzr soʻraganlarni kechirish kerak. Hammaga nisbatan yaxshi xulqli boʻlish kerak. Hech kimning soʻziga qarshi chiqmaslik, bahslashmaslik kerak. Hammaga yumshoq gapirish, qoʻpol gapirmaslik kerak.
Shayx Abdulloh Bayal (quddisa sirruh) shunday dedi: «Tasavvuf – namoz, roʻza va kechalari ibodat qilish emas. Bularni qilish har bir insonning bandalik vazifasidir. Tasavvuf – odamlarni ranjitmaslikdir. Bunga erishgan kishi maqsadiga yetgan boʻladi».
Avliyoni boshqa odamlardan qanday ajratish mumkinligini Muhammad ibn Solim hazratlaridan soʻrashdi. U kishi: «Soʻzlarining yumshoqligidan, xulqlarining goʻzalligidan, yuzlarining ochiqligidan, ehsonlarining moʻlligidan, suhbatda eʼtiroz qilmasliklaridan, uzr soʻraganlarni kechirishlaridan va hammaga marhamatli boʻlishlaridan bilinadi», – dedilar.
Abu Ahmad Makkariy ham shunday dedi: «Futuvvat – seni ranjitgan kishiga yaxshilik qilish, yoqtirmagan kishingga ehson qilish va oʻzingga ogʻir botgan kishiga ochiq yuz koʻrsatishdir».
Oz gapirish, oz uxlash va oz kulish kerak. Qahqaha bilan kulish qalbni qoraytiradi. Mehnat qilish, lekin uning ajrini Allohu taolodan kutish kerak. Uning amrlarini bajarishdan lazzat topish kerak. Faqat Unga tayansang, U har bir tilagingni ato qiladi. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Allohu taolo faqat Unga tayangan kishining har bir tilaganini beradi va barcha odamlarni unga yordamchi qiladi».
Yahyo ibn Muoz Roziy shunday dedi: «Allohu taoloni qancha sevsang, hamma seni shuncha sevadi. Allohu taolodan qancha qoʻrqsang, hamma sendan shuncha qoʻrqadi. Allohu taologa qancha bandalik qilsang, hamma senga shuncha yordam beradi. Oʻz manfaating ketidan chopma».
Abu Muhammad Abdulloh Roshiy (rahmatullohi taolo alayh) shunday dedi: «Allohu taolo bilan inson orasidagi eng katta parda – insonning oʻz nafsini oʻylashi va oʻzi kabi ojiz bir bandaga tayanishidir. Odamlarning emas, Allohu taoloning muhabbatiga erishishni oʻylash kerak». Oilaga va bolalarga nisbatan shirin soʻzli va ochiq yuzli boʻlish kerak. Ular bilan ularning haqlarini ado eta oladigan darajada birga boʻlish kerak. Lekin ularga Allohu taolodan yuz oʻgiradigan darajada bogʻlanib qolmaslik kerak.
Din ishlarida johil va fosiq din odamlaridan maslahat soʻramaslik kerak. Dunyoga berilganlar bilan birga boʻlmaslik kerak. Har bir ishda sunnatga ergashish, bidʼatdan saqlanish kerak. Xursandchilik paytlarida Islom doirasidan chiqmaslik, qiyin lahzalarda Allohu taolodan umid uzmaslik kerak. Har bir qiyinchilik yonida yengillik borligini unutmaslik kerak. Xursandchilikda ham, qaygʻuda ham kishining holi oʻzgarmasligi, u boylikda ham, kambagʻallikda ham bir xil holatda boʻlishi kerak. Hatto kambagʻallikda rohat his qilish, boylikda esa siqilish kerak. Hodisalarning oʻzgarishi insonni oʻzgartirmasligi kerak.
«Oilasi koʻp, rizqi oz boʻlib, namozlarini yaxshi oʻqigan va gʻiybat qilmagan kishi qiyomat kuni mening yonimda boʻladi» Hadisi sharif
Hech kimning aybiga qaramaslik, oʻz ayblaringni koʻrish kerak. Oʻzingni birorta ham musulmondan ustun deb bilmaslik kerak. Har bir musulmonni oʻzingdan yuqori tutish kerak. Har bir musulmonning duosi bilan saodatga erishish mumkin, deb ishonish kerak. Zimmangda haqqi boʻlganlarning quli kabi boʻlish kerak. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Uch narsani qilgan musulmonning iymoni komildir: oilasiga xizmat qilish, faqirlar orasida oʻtirish (tilanchilar orasida emas) va xizmatkori bilan birga taom yeyish». Bu uch narsa moʻminlarning alomati ekani Qurʼoni karimda bildirilgan. Salafi solihinning hollarini oʻrganish, ular kabi boʻlishga harakat qilish kerak. Hech kimni gʻiybat qilmaslik, gʻiybat qiluvchini man etish kerak. (Bir kishining orqasidan u eshitsa ranjiydigan narsani gapirganda, soʻz toʻgʻri boʻlsa, bu gʻiybat boʻladi. Yolgʻon boʻlsa, boʻhton boʻladi. Ikkalasi ham katta gunohdir.) Amri maʼruf va nahyi munkar qilishni odat qilish kerak.
Hadisi sharifda: «Oilasi koʻp, rizqi oz boʻlib, namozlarini yaxshi oʻqigan va gʻiybat qilmagan kishi qiyomat kuni mening yonimda boʻladi», – deyildi. Musulmon musulmon birodarining ehtiyojlarini qondiradi, uni xursand qiladi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Musulmon musulmonning birodaridir. Ular bir-birlarini ranjitmaydilar, xafa qilmaydilar. Kim din birodarining biror ishiga yordam bersa, Allohu taolo ham uning ishini oson qiladi. Kim bir musulmonning qiyinchiligini ketkazib, uni xursand qilsa, Allohu taolo uni qiyomat kunining eng ogʻir damlarida qiyinchilikdan qutqaradi. Kim bir musulmonning aybini, nuqsonini yashirsa, Allohu taolo qiyomat kuni uning aybini yashiradi». «Kim din birodariga yordamchi boʻlsa, Allohu taolo ham unga yordamchi boʻladi».
«Allohu taolo baʼzi bandalarini bandalarning ehtiyojlarini qondirish, ularga yordamchi boʻlish uchun yaratgan. Ehtiyoji boʻlganlar ularga murojaat qiladilar. Ular uchun oxiratda azob xavfi boʻlmaydi».
«Kim din birodarining biror ishini bajarish uchun borsa, har bir qadamida uning koʻp gunohlari kechiriladi va yetmish savob beriladi. Bu ish bitguncha shunday davom etadi. Ish bajarilgach, uning barcha gunohlari kechiriladi. Bu ishni bajarayotganda vafot etsa, soʻroq-savolsiz jannatga kiradi».
«Kim din birodarining rohatga erishishi yoki qiyinchilikdan qutulishi uchun hukumat odamlari huzuriga borib harakat qilsa, qiyomat kuni Sirot koʻprigida hammaning oyogʻi toyib ketayotgan paytda uning tez oʻtishi uchun Allohu taolo yordam beradi».
«Din birodaringga ochiq yuzli boʻlish, unga yaxshi narsalarni oʻrgatish, uni yomonlik qilishdan qaytarish, begona kishiga izlagan joyini koʻrsatish, koʻchadan tosh, tikan, suyak va shunga oʻxshash zararli, xunuk, iflos narsalarni olib tashlash, boshqalarga suv berish – bularning hammasi sadaqadir» Hadisi sharif
«Allohu taolo eng yaxshi koʻradigan ish – moʻminga kiyim berib yoki uni toʻydirib, yoki boshqa bir ehtiyojini qondirib, uni xursand qilishdir».
«Kim bir moʻminga yaxshilik qilsa, Allohu taolo bir farishta yaratadi. Bu farishta doimo ibodat qiladi. Uning ibodatlarining savobi oʻsha kishiga beriladi. Bu kishi vafot etib, qabrga qoʻyilgach, bu farishta nurli va yoqimli qiyofada uning qabriga keladi. Farishtani koʻrgach, u kishi yengil tortadi, shodlanadi. „Sen kimsan?“ – deb soʻraydi. Farishta: „Men – sening falon kishiga qilgan yaxshiliging va uning qalbiga solgan shodligingman. Allohu taolo meni bugun seni xursand qilish, senga shafoat qilish va jannatdagi joyingni senga koʻrsatish uchun yubordi“, – deydi».
«Inson goʻzal xulqi sababli jannatning eng yuksak darajalariga erishadi. (Nafl) ibodatlar insonni bu darajalarga yetkaza olmaydi. Yomon xulq insonni jahannamning eng past chuqurlariga sudraydi». «Salom berayotganda ochiq yuzli boʻlgan kishiga sadaqa beruvchilar erishadigan savoblar beriladi».
«Din birodaringga ochiq yuzli boʻlish, unga yaxshi narsalarni oʻrgatish, uni yomonlik qilishdan qaytarish, begona kishiga izlagan joyini koʻrsatish, koʻchadan tosh, tikan, suyak va shunga oʻxshash zararli, xunuk, iflos narsalarni olib tashlash, boshqalarga suv berish – bularning hammasi sadaqadir».
«Jannatda shunday koʻshklar borki, ular ichida boʻlgan kishi istagan har bir joyni koʻradi va istagan har bir joyga oʻzini koʻrsatadi». Abu Molik Ashʼariy: «Bunday koʻshklar kimlarga beriladi?» – deb soʻraganida, Paygʻambarimiz: «Shirin soʻzli, qoʻli ochiq va hamma uxlagan paytda Allohu taoloning borligi, ulugʻligi haqida tafakkur qiladigan va Unga yolvoradiganlarga beriladi», – dedilar.
Haqiqiy musulmon xurofotlarga ishonmaydi. U sehrga, shumlikka, folga, afsunga, Qurʼoni karimdan boshqa narsalar yozilgan tumorlarga, koʻk munchoqqa, kohinlikka va shunga oʻxshash narsalarga, ularning albatta taʼsir qilishiga, qabrlarga sham yoqishga, sim va ip bogʻlashga eʼtibor bermaydi va oʻzini karomat egasi deb daʼvo qiladigan firibgarlarga aldanmaydi. Bu botil, buzuq narsalarning koʻpi aslida bizga boshqa dinlardan oʻtgan. Baʼzi din odamlaridan «karomat» kutadiganlarga buyuk Islom olimi imomi Rabboniy (rahimahullohu taolo) shunday deydi: «Odamlar din odamlaridan karomat kutadilar. Ulardan baʼzilarining karomati yoʻq, lekin ular boshqalardan koʻra Allohu taologa yaqinroqdirlar. Eng katta karomat – Islomni oʻrganish va unga muvofiq yashay olishdir».
Boshqa dindan boʻlsalar ham, odamlarga doimo shirin til va bagʻrikenglik bilan murojaat qilish Qurʼoni karimda buyuriladi. Musulmon boʻlmagan kishining yuziga «kofir», «dinsiz» deb, koʻnglini ranjitish gunoh ekani va shunday degan kishini jazolash lozimligi fiqh kitoblarida yozilgan. Maqsad – hammaga Islom dinining ulugʻligini tushuntirishdir. Bu jihod ham faqat shirin til, sabr, ilm va iymon bilangina boʻladi. Birovni biror narsaga ishontirmoqchi boʻlgan kishining avvalo oʻzi unga ishonishi shart. Moʻmin esa hech qachon sabrini yoʻqotmaydi va ishongan narsasini tushuntirishda qiynalmaydi. Islom dini kabi ochiq va mantiqli birorta ham din yoʻq. Bu dinning yagona haq din ekanini osonlik bilan isbotlash mumkin. Qisqasi, haqiqiy musulmon – barcha yaxshi xulqlarga ega, viqorli, goʻzal tabiatli, badan va ruh jihatidan pok, har jihatdan ishonchga loyiq boʻlgan mukammal insondir. Agar barcha odamlar Islom dinini qabul qilsalar, dunyoda na yomonlik, na hiyla, na urush, na zoʻravonlik, na zulm qolar edi. Shuning uchun toʻla va mukammal musulmon boʻlishga harakat qilish va musulmonlikning asosini, nozik jihatlarini tushuntirib, uni butun dunyoga yoyish barcha musulmonlarning boʻynidagi qarzdir.
