MUHAMMAD ALAYHISSALOMGA TOBE BOʻLISH
Muhammad alayhissalomga tobe boʻlish, yaʼni u zotga ergashish – u zotning yurgan yoʻllaridan yurish demakdir. U zotning yoʻllari – Qurʼoni karim koʻrsatgan yoʻldir. Bu yoʻlga Dini Islom deyiladi. U zotga ergashish uchun avval iymon keltirish, musulmonlikni yaxshilab oʻrganish, keyin farzlarni ado etib, haromlardan saqlanish, undan soʻng sunnatlarni bajarib, makruhlardan saqlanish lozimdir. Bulardan keyin mubohlarda ham u zotga ergashishga harakat qilish kerak. Iymon keltirish – u zotga tobe boʻlishni boshlash va saodat eshigidan ichkari kirish demakdir.
Allohu taolo u zotni dunyodagi barcha insonlarni saodatga daʼvat qilish uchun yubordi va Sabaʼ surasining 28-oyatida shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Ey sevimli Paygʻambarim! Men sizni dunyodagi barcha insonlarga abadiy saodat xushxabarini berish va bu saodat yoʻlini koʻrsatish uchun yubormoqdaman».
Masalan, u zotga ergashgan bir kishining kun oʻrtasida bir oz mizgʻib olishi u zotga ergashmasdan koʻp kechalarni ibodat bilan oʻtkazishdan necha-necha barobar qimmatliroqdir. Chunki «qaylula» qilish, yaʼni peshindan oldin bir oz yotish u zotning muborak odatlari edi. Yoki, masalan, u zot keltirgan din buyurgani uchun hayit kuni roʻza tutmasdan yeb-ichish dinda boʻlmagan, yillar boʻyi tutilgan roʻzalardan qimmatliroqdir. U zot keltirgan dinning amri bilan faqirga berilgan zakot oʻz xohishi bilan togʻdek oltin sadaqa qilishdan afzalroq va fazilatliroqdir.
Bir kuni hazrati Umar bomdod namozini jamoat bilan oʻqigandan keyin jamoatga koʻz tashlab, bir kishini koʻrmagach, u haqda soʻradi. Sahobalar: «U kechalari tonggacha ibodat qiladi. Balki hozir uni uyqu elitgandir», – deyishdi. Amirul moʻminin: «Koshki kechasi bilan uxlab, bomdod namozini jamoat bilan oʻqiganida edi, yaxshiroq boʻlardi», – dedi.
Islomga ergashmasdan mashaqqat chekib, mujohada qiluvchilar nafslarini susaytirsalar ham, Islomga muvofiq qilmaganlari uchun ularning urinishlari qiymatsiz va arzimasdir. Agar bu mehnatlari uchun biror haq hosil boʻlsa ham, dunyoda bir necha manfaatdan boshqa hech narsa qoʻllariga tegmaydi. Holbuki, butun dunyoning qiymati va ahamiyati nima ediki, uning bir necha zarrasi eʼtiborli boʻlsa? Ular, masalan, oddiy, ogʻir ishlarni qiladigan kishilarga oʻxshaydilar: hammadan koʻp ishlaydilar va charchaydilar, haqlari esa qilgan ishlariga nisbatan hammadan kamroqdir. Islomga tobe boʻlganlar esa nafis javohirlar va qimmatbaho olmoslar bilan mashgʻul boʻlgan zargarlarga oʻxshaydilar. Ularning ishi oz, daromadlari esa juda koʻpdir. Baʼzan ularning bir soatlik mehnati yuz minglab yillik daromad keltiradi. Buning sababi shuki, Islomga muvofiq boʻlgan amalni Haq taolo qabul qiladi, undan rozi boʻladi, shuning uchun uni juda yoqtiradi. Bunday ekanini U Oʻz Kitobining koʻp joylarida bildirgan.
Masalan, Oli Imron surasining 31-oyatida shunday marhamat qiladi, maʼnosi:
«Ey sevimli Paygʻambarim! Ularga ayting: „Agar Allohu taoloni sevsangizlar va Allohu taoloning ham sizlarni sevishini istasangizlar, menga tobe boʻlinglar! Allohu taolo menga tobe boʻlganlarni sevadi“».
Muhammad alayhissalomga tobe boʻlish – Islom ahkomini yoqtirib, sevib bajarish, u zotning amrlarini va Islom qadrlaydigan, ustun tutadigan narsalarni, Islomning olimlarini, solihlarini ulugʻ deb bilib, hurmat qilish va u zot keltirgan dinni yoyishga harakat qilish, u zot keltirgan dinga ergashishni istamaganlarni, uni yoqtirmaganlarni, unga parvo qilmaganlarni esa past sanash demakdir.
«Ey sevimli Paygʻambarim! Men sizni dunyodagi barcha insonlarga abadiy saodat xushxabarini berish va bu saodat yoʻlini koʻrsatish uchun yubormoqdaman» Sabaʼ: 28
Islomga muvofiq boʻlmagan narsalarning hech birini Haq taolo sevmaydi, yoqtirmaydi. U sevmagan, yoqtirmagan narsaga savob beriladimi? Aksincha, u jazoga sabab boʻladi. Ikki jahon saodatiga erishish faqat va faqat dunyo va oxirat sarvari boʻlmish Muhammad alayhissalomga tobe boʻlishga bogʻliqdir. U zotga tobe boʻlish uchun iymon keltirish, Islom ahkomini oʻrganish va ularni haqqi bilan ado etish lozimdir. Oxiratda jahannamdan qutulish faqat Muhammad alayhissalomga tobe boʻlganlarga xosdir. Dunyoda qilingan barcha yaxshiliklar, barcha kashflar, barcha hollar va barcha ilmlar Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) yoʻllarida boʻlish sharti bilangina oxiratda foyda beradi. Aks holda Allohu taoloning Paygʻambariga tobe boʻlmaganlarning qilgan har bir yaxshiligi dunyoda qoladi va ularning oxiratlari xarob boʻlishiga sabab boʻladi. Yaʼni yaxshilik shaklida koʻringan narsa istidrojdan boshqa narsa boʻla olmaydi. Muhammad alayhissalomga toʻla va nuqsonsiz tobe boʻla olish uchun u zotni toʻla va nuqsonsiz sevish lozimdir. Toʻla va komil muhabbatning alomati esa u zotning dushmanlaridan uzoq turish, u zotni yoqtirmaganlarni sevmaslikdir. Muhabbatga mudohana, yaʼni boʻshanglik sigʻmaydi. Oshiqlar mahbublarining devonasi boʻlib, uning amrlaridan bir lahza ham ajralmaydilar. Unga qarshi borganlar bilan birga boʻlmaydilar. Ikki zid narsaning muhabbati bir qalbda boʻlmaydi. Yaʼni jamʼi ziddayn muholdir. Bu dunyo neʼmatlari oʻtkinchi va aldamchidir. Bugun qoʻlda boʻlgan narsa ertaga boshqaniki boʻladi. Oxiratda qoʻlga tegadiganlar esa cheksizdir va ular dunyoda ekandayoq kasb qilinadi. Bu bir necha kunlik umr dunyo va oxiratning eng qimmatli insoni boʻlmish Muhammad alayhissalomga tobe boʻlib oʻtkazilsa, abadiy saodat, cheksiz najot va qutulish umid qilinadi. Aks holda u zotga tobe boʻlmaguncha, har narsa hechdir. U zotga ergashmaguncha, qilingan har bir xayr, yaxshilik shu yerda qoladi, oxiratda qoʻlga hech narsa tegmaydi. U zotga ergashishning kichkina bir zarrasi butun dunyo neʼmatlaridan va oxirat saodatlaridan necha-necha barobar afzaldir. Insonlikning fazilati va sharafi – u zotga tobe boʻlishdir. Rasulullohga ergashish uchun musulmonlarning Ahli sunnatning toʻrt haq mazhabidan birida boʻlishlari asosiy shartdir. Paygʻambarimizga iymon keltirib, u zotning olib kelganlarini tasdiq qilish, u zotni sevib, itoat qilish, nasihatlarini qabul qilish, u zotga hurmat va taʼzim koʻrsatish farzdir. Bu haqda Allohu taolo shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Unday boʻlsa, hidoyatga (toʻgʻri yoʻlga) erishishingiz uchun Allohu taologa va Uning ummiy nabiysi boʻlgan Rasuliga iymon keltiringlar, unga tobe boʻlinglar».1 Va: «Kim Allohu taologa va Uning Paygʻambariga iymon keltirmasa, (bilib qoʻysinki,) Biz oʻsha kofirlar uchun alangali (dahshatli va qoʻrqinchli) bir olov tayyorlab qoʻyganmiz».2 Yahyo ibn Muhammad ibn Abdulloh, Muhammad ibn Ibrohim ibn Saʼid, Umayya ibn Buston va Muhammad ibn Ibrohim ibn Saʼid bildirishlaricha, Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sallallohu alayhi vasallam) mana bu hadisi sharifni rivoyat qildi. Rasululloh shunday dedilar: «Odamlar Allohdan boshqa iloh yoʻq, deb guvohlik bermagunlaricha va menga hamda men olib kelgan narsaga (Islomga) iymon keltirmagunlaricha, ular bilan jang qilishga buyurildim. Buni qilganlarida (iymon keltirganlarida) mollarini va jonlarini mendan saqlab qoladilar. Faqat Islomning haqqi bundan mustasnodir (yaʼni bir musulmon gunoh qilgan boʻlsa, unga Islom belgilagan jazo beriladi). Ularning hisobi esa Allohga qolgandir».3
«Kim menga itoat qilsa, Allohu taologa itoat qilgan boʻladi. Kim menga osiylik qilsa, Allohu taologa osiylik qilgan boʻladi» Hadisi sharif
«Kim menga itoat qilsa, Allohu taologa itoat qilgan boʻladi. Kim menga osiylik qilsa, Allohu taologa osiylik qilgan boʻladi. Mening amrimga itoat qilgan kishi menga itoat qilgan, amrlarimga osiylik qilgan kishi menga osiylik qilgan boʻladi».
«Menga itoat qilgan va men olib kelganlarga ergashgan kishining holi bilan menga osiylik qilgan va men olib kelganlarni yolgʻonga chiqargan kishining holi mana bu odamning holiga oʻxshaydi: u bir uy qurdirgan, (odamlarga katta ziyofat berish uchun) turli lazzatli taomlar tayyorlagan va odamlarni taomga chaqirish uchun bir kishini tayinlagan. Daʼvatni qabul qilgan kishi uyga kiradi va tayyorlangan taomlardan istaganicha yeydi. Daʼvatni qabul qilmagan kishi esa uyga kira olmaydi va tayyorlangan taomlardan yeya olmaydi. Uy – (Rasulullohning daʼvatini qabul qilgan taqvodorlar uchun tayyorlangan) jannatdir. (Allohu taologa va Uning neʼmatlari bilan toʻla jannatga) daʼvat qiluvchi esa – Muhammad alayhissalomdir. Kim Muhammad alayhissalomga osiylik qilsa, Allohu taologa osiylik qilgan boʻladi. Muhammad alayhissalom – odamlarni u zotni tasdiq qilgan moʻminlar va u zotni yolgʻonchiga chiqargan kofirlar deb bir-biridan ajratuvchidir».
«Mening sunnatimni va mendan keyin xulafoi roshidinning sunnatlarini mahkam tutinglar. Unga bor kuchingiz bilan, sinchkovlik bilan yopishinglar. (Dinda) keyin paydo qilingan (Qurʼoni karimda, sunnatda, ummat ijmoʼida va faqihlar qiyosida boʻlmagan) narsalardan saqlaninglar.
Chunki (dinda) keyin paydo qilingan har bir narsa bidʼatdir. Har bir bidʼat esa zalolatdir».4
Anas ibn Molikning Rasulullohga ergashish haqida rivoyat qilgan hadisi sharifida Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Kim mening sunnatimni tiriltirsa (u bilan amal qilib, uni yoysa), meni tiriltirgan boʻladi (shonimni yuksaltirgan, amrimni zohir qilgan boʻladi). Meni tiriltirgan kishi esa jannatda men bilan birga boʻladi».
Paygʻambarimiz Bilol ibn Horisga shunday dedilar: «Kim Islomda sunnati hasana joriy qilsa, uning savobiga va uni qilganlarning savoblariga erishadi. Kim Islomda yomon bir yoʻl ochsa, uning gunohi va uni qilganlarning gunohlari unga beriladi».5
Umar ibn Abdulaziz hazratlari shunday dedilar: «Rasululloh goʻzal bir yoʻl ochdilar. U zotdan keyin xalifalari ham yoʻllar ochdilar. Rasulullohning sunnati va u zotdan keyingi xalifalarining sunnatlari bilan amal qilish Allohu taoloning Kitobiga muvofiq ish tutish demakdir. Allohu taologa va Paygʻambarimizga itoat qilish – Allohu taoloning dinini quvvatlantirishdir. Islomni buzishga va oʻzgartirishga hech kimning haqqi yoʻq». Sunnatga xilof ish tutganlarning soʻzlari bilan amal qilish ham joiz emas. Paygʻambarimizning va sahobai kiromning sunnatlariga ergashganlar hidoyatga erishdilar. Ulardan kim yordam soʻrasa, yordam topdi. Kim sunnati shariflarga xilof ish tutsa va ular bilan amal qilmasa, musulmonlar yurgan yoʻldan boshqa yoʻlga kirdi. Allohu taolo bunday kishini oʻzi tanlagan yoʻlda qoldiradi, unga yomon ishlar qilishga yoʻl qoʻyadi va uni jahannamga tashlaydi. Boriladigan joy sifatida jahannam eng yomon joydir.
Ahmad ibn Hanbal hazratlari shunday dedilar: «Bir kuni bir jamoat orasida edim. Ular butunlay yechinib, suvga tushishdi. Men esa „Kim Allohu taologa va oxirat kuniga iymon keltirsa, hammomga (avrat joylarini yopmasdan) kirmasin“ degan hadisi sharifga ergashib, yechinmadim. Oʻsha kechasi tushimda bir kishi menga: „Ey Ahmad! Senga xushxabar boʻlsin! Rasulullohning sunnatiga ergashganing uchun Allohu taolo seni magʻfirat qildi. Seni imom qildi. Odamlar senga ergashadilar“, – dedi. „Siz kimsiz?“ – deb soʻraganimda, u: „Men Jabroilman“, – dedi». Kim har bir ishida Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) tobe boʻlmasa, moʻmin boʻla olmaydi. U zotni oʻz jonidan ham ortiq sevmasa, iymoni komil boʻlmaydi. U zot – barcha insonlarning va jinlarning paygʻambaridirlar.
Har asrda yashaydigan har bir millatga u zotga tobe boʻlish vojibdir. Har bir moʻmin u zot keltirgan dinga yordam berishi, u zotning goʻzal axloqlari bilan axloqlanishi, muborak ismlarini koʻp aytishi, ismlarini aytganda va eshitganda hurmat va muhabbat bilan salotu salom aytishi, muborak jamollarini koʻrishga oshiq boʻlishi, u zot olib kelgan Qurʼoni karimni va dinni sevishi va hurmat qilishi lozimdir.
Havodan soʻzlamasdilar, pok nutqlari bari vahiy edi,
Hikmat durlari ila toʻla ummon edilar ul karam koni.
Tanalari xalq ichra edi, koʻngillari Doʻst ila tanho,
Koʻplikda birlikni topardilar har on ul karam koni.
Salotu salom boʻlsin u zotga, oilayu sahobalariga,
Ki ularni oʻzlariga yoron qildilar ul karam koni.
Kel, ey Haqqiy, unut xalqni, Haq Habibidan ol xulqni,
Ki husni xulqni Haqdan tuhfa olgan edilar ul karam koni.
İbrâhîm Hakkı Erzurumî
«Allohu taolo juda sevgan kishi – oʻz dinini oʻrgangan va uni boshqalarga oʻrgatgan kishidir. Diningizni Islom olimlarining ogʻzidan oʻrganinglar!» Hadisi sharif
Madinai munavvara [1890]
