BOLALIKLARI
Sut onaga berilishlari
Omina onamiz nurli goʻdagini quchogʻiga olganda, eri hazrati Abdullohning vafotidan chekkan iztirobini unutgandek boʻldi. Paygʻambarimizni onalari toʻqqiz kun emizgandan keyin bir necha kun Abu Lahabning joriyasi Suvayba xonim u zotga sut onalik qildi. Suvayba xonim bundan oldin hazrati Hamzani, keyinroq esa Abu Salamani ham emizgan edi. Hofiz Ibn Jazariy shunday deydi: «Abu Lahabni tushda koʻrib, ahvoli qandayligini soʻraganlarida, u shunday dedi: „Qabr azobini tortyapman. Ammo har yili Rabiul avval oyining oʻn ikkinchi kechalarida azobim yengillashadi. Ikki barmogʻim orasidan chiqayotgan salqin suvni soʻrib, rohatlanaman. Rasululloh dunyoga kelgan kechasi Suvayba ismli joriyam menga shu xushxabarni keltirgan edi. Men sevinganimdan uni ozod qildim va unga sut onalik qilishni buyurdim. Shuning uchun bu kechalarda azobim yengillashadi“.» Oʻsha zamonda makkaliklarda bolalarini sut onaga berish odati bor edi. Bolalarni yaqin atrofdagi havosi toza, suvi shirin yaylovlarga yuborar edilar; ular bir muddat sut onalarining yonida yashar edilar. Bunga Makkaning issiq havosi sabab edi. Har yili shu maqsadda Makkaga koʻplab ayollar kelar edi. Ularning har biri emizish uchun bittadan bola olib ketar edi. Bolalarni katta qilib, qaytarib topshirganlarida, koʻp haq va sovgʻalar olar edilar. Paygʻambarimiz tugʻilgan yillari ham, har yilgidek, yaylovlarda yashaydigan Banu Saʼd qabilasidan koʻplab ayollar sut onalik qilish niyati bilan Makkaga keldilar. Ularning har biri emizish uchun bittadan bola olib boʻlgan edi. Banu Saʼd qabilasi Makka atrofidagi qabilalar orasida sharafi, saxiyligi, mardligi, kamtarligi va arab tilida ravon soʻzlashi bilan juda mashhur edi. Qurayshning koʻzga koʻringan kishilari bolalarini koʻproq shu qabilaga berishni istar edilar. Oʻsha yili Banu Saʼd qabilasining yurtida qattiq qurgʻoqchilik va qahatchilik hukm surar edi. Bu qabiladan boʻlgan Halima xonim oʻsha ahvolni shunday hikoya qiladi: «Oʻsha yili men qirlarni kezib, oʻt-oʻlan yigʻar va uni topganim uchun Allohu taologa shukr qilar edim. Baʼzan uch kun oʻtsa ham, ogʻzimga bir narsa solmas edim. Shunday ahvolda bir farzand koʻrdim. Bir tomondan ochlik, boshqa tomondan tugʻruqning mashaqqati bor edi. Ochlikdan yer bilan osmonni, kecha bilan kunduzni farqlay olmaydigan paytlarim ham boʻlardi. Bir kecha sahroda uxlab qolibman. Tushimda bir kishi meni sutdan ham oq bir suvga choʻmdirdi va: „Bu suvdan ich“, – dedi. Qongunimcha ichdim. Soʻng u meni yana ichishga undadi. Ichgan sayin icha berdim, suv boldan shirin edi. „Suting moʻl boʻlsin, ey Halima! Meni tanidingmi?“ – deb soʻradi. Tanimaganimni aytganimda, u: „Men sening qiyin ahvolingda aytgan hamding va shukringman. Ey Halima! Makkaga bor. U yerda senga bir «Nur» yoʻldosh boʻladi va baraka ichida qolasan. Bu tushni hech kimga aytma!“ – dedi. Uygʻonganimda koʻkraklarim sutga toʻlib turganini koʻrdim, mashaqqat ham, ochlik ham meni tark etgan edi.» Oʻsha yili qahatchilik tufayli haq evaziga bola emizib, ogʻir kunlardan qutulish maqsadida Makkaga boshqa yillardagidan koʻproq sut onalar kelgan edi.
«Biz oʻyin oʻynash uchun yaratilmadik» Hadisi sharif
Banu Saʼd sahrosi
Ularning hammasi boy oilalarning bolalarini olishga shoshilar edi. Shoshilib kelgan ayollar bittadan bola olib boʻlgan edilar. Ammo Paygʻambarimiz yetim boʻlganlari uchun koʻp haq ola olmaymiz, degan oʻy bilan ular u zotni olishni istamagan edilar. Bu ayollar orasida iffati, pokligi, hilmi, yaʼni yumshoqligi, hayosi va goʻzal axloqi bilan tanilgan Halima xonim ham bor edi. Minib kelgan ulovlari zaif boʻlgani uchun Halima xonim bilan eri Makkaga kech qolib kelgan edilar. Ammo bu kechikish ularning izlaganlaridan ham koʻprogʻiga erishishlariga sabab boʻldi. Halima eri bilan Makka koʻchalarini aylanib, boy oilalarning bolalari allaqachon olib boʻlinganini koʻrdi. Lekin quruq qoʻl bilan qaytgilari ham kelmas edi. Endi ularning yagona orzusi bir bola bilan qaytish edi.
Nihoyat, ular hurmat uygʻotadigan, chehrasi juda yoqimli bir zotga duch keldilar. Bu – Makkaning boshligʻi Abdulmuttalib edi. Ularning istagini bilgach, u nevarasini olishlarini maslahat berdi va shu tufayli ulugʻ davlat va saodatga erishishlarini aytdi. Abdulmuttalibning mehri va samimiyati ularni oʻziga tortar edi. Ular uning taklifini darhol qabul qildilar. Soʻngra keksa bobo Halima xonimni hazrati Ominaning uyiga boshlab bordi.
Halima xonim shunday hikoya qiladi: «Bolaning yoniga borganimda, u zot yoʻrgakka oʻralgan holda, yashil ipak yopinchiq ustida shirin uyquda yotar edilar, atrofga mushk hidi taralar edi. Hayratda qolib, bir lahzada u zotga shunday mehrim tushdiki, koʻnglim u zotni uygʻotishga rozi boʻlmadi. Qoʻlimni koʻkraklariga qoʻyganimda, uygʻondilar-da, menga qarab tabassum qildilar. Men esa bu tabassumga asir boʻlib, oʻzimni unutdim. Soʻngra, onalari bunday goʻzal va muborak bolani menga bermaydi, deb qoʻrqib, yuzlarini yopdim-da, darhol quchogʻimga oldim. Oʻng koʻkragimni berdim – ema boshladilar. Chap koʻkragimni berdim – emmadilar. Abdulmuttalib menga oʻgirilib: „Senga xushxabar boʻlsin! Ayollar ichida sendek neʼmatga erishgani boʻlmagan!“ – dedi.1
Omina xonim sevimli goʻdagini menga bergach, shunday dedi: „Ey Halima, uch kun oldin: «Oʻgʻlingga sut beradigan ayol Banu Saʼd qabilasining Abu Zuayb naslidan boʻladi», – degan bir ovoz eshitdim“. Shunda men: „Men Banu Saʼd qabilasidanman, otamning kunyasi – Abu Zuayb“, – deb javob berdim.»
Halima xonim yana shunday hikoya qilgan: «Omina xonim menga yana koʻp voqealarni aytib berdi va vasiyat qildi. Men ham unga Makkaga kelishimdan oldin koʻrgan tushimni va yoʻlda oʻngu soʻlimdan: „Senga xushxabar boʻlsin, ey Halima! Koʻzlarni qamashtiradigan va olamlarni yoritadigan oʻsha nurni emizish senga nasib boʻladi“, – degan ovozlar kelganini aytib berdim.»
Halima xonim shunday hikoya qiladi: «Muhammad alayhissalomni olib, hazrati Ominaning uyidan chiqdim. Erimning yoniga keldim. U ham quchogʻimdagi bolaning yuziga qarab, oʻzini unutdi va: „Ey Halima! Shu paytgacha bunday goʻzal yuzni koʻrmagan edim!“ – dedi. U zotni olishimiz bilanoq erishgan barakalarimizni koʻrgach esa: „Ey Halima! Bilib qoʻy: sen juda muborak va qadri baland bir bola olibsan“, – dedi. Men: „Vallohi, oʻzim ham shuni tilagan edim, tilagim ijobat boʻldi“, – deb javob berdim.»
Halima xonim eri bilan birga Muhammad alayhissalomni olib, Makkadan yoʻlga chiqqan paytdan boshlab u zotning barakotlariga erisha boshlashdi. Oldin tez yura olmaydigan oriq eshaklari endi asil arab otidek chopadigan boʻldi. Birga kelgan karvon ulardan ancha oldin yoʻlga chiqib, uzoqlashib ketgan boʻlsa ham, ular karvonga yetib olib, uni ortda qoldirdilar. Banu Saʼd yurtiga yetib borgach, koʻrilmagan moʻl-koʻlchilik va barakaga erishdilar. Oldin suti kam boʻlgan hayvonlarining yelinlari sutga toʻlib, tarang tortib turardi. Buni koʻrgan qoʻshnilari hayratda qoldilar va buning emizish uchun olingan bola tufayli boʻlayotganini ochiq-oydin angladilar. Paygʻambarimiz Halima xonimning faqat oʻng koʻkragini emar edilar.
«Mening bobolarimdan hech biri zino qilmagan. Allohu taolo meni pok, yaxshi otalardan va pok onalardan dunyoga keltirdi» Hadisi sharif
Chap koʻkragini esa sut birodarlariga qoldirar edilar. Ikki oylik boʻlganlarida emaklay boshladilar. Uch oyliklarida oyoqda turadigan, toʻrt oyliklarida devorni ushlab yuradigan boʻldilar. Besh oyliklarida yura boshladilar, olti oyliklarida tez yuradigan boʻldilar. Yetti oyliklarida har tomonga borib keladigan boʻldilar. Sakkiz oyliklarida tushunarli qilib, toʻqqiz oyliklarida esa juda ravon gapira boshladilar. Oʻn oyliklarida oʻq ota boshladilar.
Halima xonim shunday hikoya qilgan: «Ilk bor gapira boshlaganlarida aytgan soʻzlari: „La ilaha illallohu vallohu akbar. Val hamdu lillahi Robbil olamiyn“ boʻldi. Oʻsha kundan keyin Allohu taoloning ismini aytmasdan hech bir narsaga qoʻl uzatmadilar. Chap qoʻllari bilan hech narsa yemas edilar. Yura boshlaganlarida bolalar oʻynaydigan joylardan uzoq turar va ularga: „Biz buning uchun yaratilmadik“, – der edilar. Har kuni u zotni quyosh nuridek bir nur qoplab olar, soʻng yana tarqalib ketar edi. Oy bilan soʻzlashar edilar, oyga ishora qilganlarida esa oy harakatlanar edi.»
Qurgʻoqchilik sababli ular juda qiynalib qolishdi va bir kuni Allohu taolodan yomgʻir soʻrab, duoga chiqishdi. Duoga borishganda Muhammad alayhissalomni ham oʻzlari bilan olishdi va u zotning hurmatlari uchun moʻl yomgʻir va barakaga erishishdi. Halima xonim shunday hikoya qiladi: «Muhammad alayhissalom ikki yoshga kirganlarida, u zotni koʻkrakdan ajratdim. Soʻngra onalariga topshirish uchun erim bilan Makkaga bordik. Ammo u zot tufayli shunday barakalarga erishgan edikki, u zotdan ayrilish, muborak yuzlarini koʻrmaslik biz uchun juda ogʻir edi. U zotning hollarini onalariga aytib berdim. Omina xonim: „Mening oʻgʻlimning ulugʻ shoni bor“, – dedi. Men: „Vallohi, u zotdan koʻra muborakroq bir kishini koʻrmadim“, – dedim. Soʻngra turli bahonalar topib, Omina xonimdan u zotning yana bir oz yonimizda qolishlarini iltimos qildim. U bizning koʻnglimizni sindirmadi va yonimizda qolishlariga izn berdi. U zot bilan yana qabilamizga qaytdik. Shu tufayli uyimiz baraka bilan toʻldi, molimiz, mulkimiz va obroʻyimiz oshdi. Son-sanoqsiz neʼmatlarga erishdik.»2
Muborak boshlari ustidagi bulut
Halima xonim shunday hikoya qiladi: «Bir kuni Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam): „Kunduzlari birodarlarim koʻrinmaydi. Buning sababi nima?“ – deb soʻraganlarida, men: „Ular qoʻy boqishga ketishadi. Uyga faqat kechqurun kelishadi“, – dedim. Shunda u zot: „Meni ham ular bilan birga yuboring. Men ham qoʻy boqay“, – dedilar. Turli bahonalar topib, u zotni yubormaslikka urindim. Oxiri koʻngillari xushnud boʻlsin deb: „Mayli“, – dedim.
Ertasi kuni muborak sochlarini tarab, kiyimlarini kiydirib, sut birodarlari bilan birga yubordim.
Bir necha kun ular bilan borib-kelib yurdilar. Bir kuni sut opalari Shaymo qirdan kelganda, men: „Koʻzimning nuri oʻgʻlim Muhammad qayerda?“ – deb soʻradim. U: „Sahroda“, – dedi. „Jigarbandim bu issiqqa qanday chidayapti?“ – deb soʻraganimda, Shaymo: „Onajon! U zotga hech qachon zarar yetmaydi. Chunki muborak boshlari ustida bir bulut doimo u zot bilan birga yuradi; shu tariqa u zot quyoshning issigʻidan saqlanadilar“, – deb javob berdi. „Nimalar deyapsan? Aytganlaring rostdan ham toʻgʻrimi?“ – deganimda, u qasam ichdi. Shundagina koʻnglim tinchlandi.
Muborak koʻkslarining yorilishi (Shaqqi sadr)
Yana bir kuni peshin payti sut birodarlari Zamra oldimga kelib: „Onajon! Tezroq choping!… Qurayshlik birodarim bilan qoʻy boqayotgan edik. Birdan yashil kiyim kiygan uch kishi keldi. Ular birodarimni yonimizdan olib, togʻning tepasiga olib ketishdi. U zotni chalqancha yotqizib, pichoq bilan qorinlarini yorishdi. Sizga xabar berish uchun kelayotganimda, ular hali oʻsha yerda edi. Birodarimning tirik qolgan-qolmaganini bilmayman“, – dedi. Halima xonim soʻzini shunday davom ettirdi: Shu on hushim boshimdan uchdi. Tezda u yerga yetib keldik va u zotni koʻrdik. Darhol muborak yuzlaridan, boshlaridan oʻpib: „Ey koʻzimning nuri! Ey olamlarga rahmat boʻlgan oʻgʻlim! Bu qanday hol? Boshingizga nima tushdi? Sizni kim bezovta qildi?“ – deb soʻradim.
U zot: „Uydan chiqqanimdan keyin yashil kiyimli ikki kishini koʻrdim. Birining qoʻlida kumush obdasta, ikkinchisining qoʻlida yashil zumraddan tos bor edi. Tos qordan ham oq bir narsa bilan toʻla edi. Ular meni togʻning tepasiga olib bordilar. Biri meni chalqancha yotqizdi. Men qarab turganimda, u koʻksimni kindigimgacha yordi. Hech qanday ogʻriq ham, aziyat ham sezmadim. Qoʻllarini solib, ichida nima boʻlsa, hammasini chiqardilar. Uni oʻsha oq narsa bilan yuvib, joyiga qoʻydilar. Soʻngra biri ikkinchisiga: «Tur, endi men ham oʻz xizmatimni ado etay», – dedi-da, qoʻlini solib, yuragimni chiqardi. Uni ikki boʻlakka boʻldi va ichidan bir qora narsani chiqarib tashladi. Va: «Sizning vujudingizdagi shaytonning nasibasi shu edi. Biz uni chiqarib tashladik. Ey Allohu taoloning suyuklisi! Biz sizni vasvasadan3 va shaytonning hiylasidan omonda qildik», – dedi. Soʻngra yuragimni oʻzlari bilan boʻlgan latif va yumshoq bir narsa bilan toʻldirdilar. Uni nurdan bir muhr bilan muhrladilar. Oʻsha muhrning salqinligini hozir ham barcha aʼzolarimda sezib turibman. Ulardan biri qoʻlini yorilgan joyga qoʻyganda, yaram bitdi. Soʻngra meni ummatimdan oʻn kishi bilan tortdilar – men ogʻir keldim. Ming kishi bilan tortdilar – yana ogʻir keldim. Shunda ulardan biri ikkinchisiga: «Endi tortishni qoʻy. Vallohi, u zotni butun ummatlari bilan tortsang ham, u zot ogʻir keladilar», – dedi. Soʻngra ularning har biri qoʻlimni va yuzimni oʻpdi va meni shu yerda qoldirib ketdilar“, – dedilar. Yorilgan joy muborak koʻkslarida bilinib turar edi.»4
Sevimli Paygʻambarimizning boshlaridan kechgan va Qurʼoni karimning Inshiroh surasi birinchi oyati karimasida bildirilgan bu hodisa «Shaqqi sadr», yaʼni koʻkslarining yorilishi deb ataladi.
Muhammad alayhissalomga paygʻambarlik bildirilgandan keyin sahobai kiromdan baʼzilari: «Yo Rasulalloh! Bizga oʻzingiz haqingizda gapirib bermaysizmi?» – deganlarida, u zot shunday dedilar: «Men ajdodim Ibrohimning duosiman. Men birodarim Isoning xushxabariman!
Onamning esa tushiman. U menga homilador boʻlganida, oʻzidan Shom saroylarini yoritgan bir nur chiqqanini koʻrgan edi… Men Banu Saʼd ibn Bakr orasida emizilib, oʻsdim».
Toʻrt yoshlaridan keyin Halima xonim u zotni Makkaga olib kelib, onalariga topshirdi. Bobolari Abdulmuttalib Halima xonimga juda katta sovgʻalar berib, unga ehson qildi. Halima xonim u zotni Makkada qoldirib ketarkan, ayriliq iztirobini: «Goʻyo jonim ham, koʻnglim ham u zot bilan birga qolgandek boʻldi», – degan soʻzlar bilan ifoda etdi.
«Muhammadni (sallallohu alayhi vasallam) emizgan vaqtimda u zotdan nihoyatda mamnun edim. Hech qachon biror narsani bulgʻamas edilar. Kunduzi bir marta va kechasi bir marta kichik hojat qilar, soʻng to oʻsha vaqtgacha boshqa qilmas edilar» Halima xonim
Muhtaram onalarining vafoti
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) olti yoshgacha onalarining yonida oʻsdilar. Olti yoshlarida onalari va Ummu Ayman ismli joriya bilan birga qarindoshlarini va otalari Abdullohning qabrini ziyorat qilish uchun Madinaga bordilar.
Ular u yerda bir oy qoldilar. Paygʻambarimiz Madinada Banu Najjorga tegishli hovuzda suzishni oʻrgandilar. Shu payt bir yahudiy olimi u zotdagi paygʻambarlik alomatlarini koʻrdi. U zotning yoniga kelib, ismlarini soʻradi. «Ahmad», – deb javob berganlarida, u olim: «Bu bola oxir zamon Paygʻambari boʻladilar!» – deb qichqirib yubordi. Bundan tashqari, u yerdagi yahudiy olimlaridan baʼzilari ham u zotdagi paygʻambarlik alomatlarini koʻrib, u zotning paygʻambar boʻlishlari haqida oʻzaro gaplashgan edilar.
Ularning bu soʻzlarini eshitgan Ummu Ayman bu haqda hazrati Omina onamizga xabar berdi. Muborak onalari oʻgʻliga biror zarar yetishidan qoʻrqib, u zotni oldi-da, Makkaga qaytish uchun yoʻlga chiqdi. Abvo degan joyga yetganlarida, hazrati Omina onamiz kasal boʻlib qoldi. Kasali zoʻrayib, u tez-tez hushidan ketar edi.
Boshida turgan sevimli oʻgʻli Muhammad alayhissalomga qarab, u: «Ey dahshatli oʻlim oʻqidan Allohu taoloning lutfi va yordami bilan yuz tuya evaziga qutulgan zotning oʻgʻli! Allohu taolo sizni muborak qilsin. Agar tushimda koʻrganlarim toʻgʻri chiqsa, jalol va moʻl ikrom sohibi boʻlgan Allohu taolo sizni Odam bolalariga halol va haromni bildirish uchun yuboradi. Janobi Haq sizni millatlar orasida azaldan davom etib kelayotgan butlardan va butparastlikdan muhofaza qilib, asraydi», – dedi va shu baytlarni aytdi:
Eskirar yangi boʻlgan, oʻlar tirik jon,
Tugar koʻp boʻlgan, bormikan yosh qolgan?
Men ham oʻlaman, farqim yolgʻiz shudir:
Sizni men tugʻdim, sharafim shudir.
Ortda qoldirdim xayrli farzand,
Koʻzimni yumdim, koʻnglim juda xotirjam.
Mening nomim doim qolar tillarda,
Sizning sevgingiz yashar doim dillarda.
Soʻngra vafot etdi va oʻsha yerda dafn qilindi. Omina onamiz vafot etganda yigirma yoshda edi. Ummu Ayman Olamlar sarvarini yoniga olib, bir necha kun davom etgan yoʻldan keyin Makkaga olib keldi va bobolari Abdulmuttalibga topshirdi.5
Onalari va otalari moʻmin edilar
Habibi akramning (sallallohu alayhi vasallam) otalari va onalari Ibrohim alayhissalomning dinida edilar.6 Yaʼni ular moʻmin edilar. Islom olimlari ularning Ibrohim alayhissalomning dinida boʻlganlarini, Muhammad alayhissalomga paygʻambarlik bildirilgandan keyin esa u zotning ummatlaridan ham boʻlishlari uchun tiriltirilib, kalimai shahodatni eshitganlarini, aytganlarini va shu tariqa bu ummatdan ham boʻlganlarini bildirganlar.7
Muborak bobolarining yonida
Muhammad alayhissalom sakkiz yoshgacha bobolarining yonida oʻsdilar. Bobolari Abdulmuttalib Makkada hamma sevadigan va koʻp ishlarni boshqaradigan zot edi; u haybatli, sabrli, axloqli, rostgoʻy, mard va saxiy edi. U faqirlarni toʻydirar, hatto och va tashna qolgan hayvonlarga ham ozuqa berar edi.
U Allohu taologa va oxiratga ishonar edi. Yomonliklardan saqlanar, johiliyat davrining har turli xunuk odatlaridan uzoq turar edi. Makkada zulmga, nohaqlikka yoʻl qoʻymas, kelgan mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olar edi. Ramazon oyida Hiro togʻida xilvatga chekinish uning odati edi. Bolalarni yaxshi koʻradigan va shafqatli Abdulmuttalib sevimli nevarasini bagʻriga bosib, kechayu kunduz yonidan ayirmas edi. U zotga katta muhabbat va shafqat koʻrsatar edi. Kaʼbaning soyasida faqat oʻziga xos boʻlgan toʻshakchasida u zot bilan birga oʻtirar, bunga toʻsqinlik qilmoqchi boʻlganlarga: «Oʻgʻlimni tinch qoʻyinglar, u zotning shoni ulugʻdir», – der edi.8 Paygʻambarimizning enagalari Ummu Aymanga u zotga yaxshi qarashni qayta-qayta tayinlab: «Oʻgʻlimga yaxshi qara. Ahli kitob mening oʻgʻlim haqida: „U zot bu ummatning paygʻambari boʻladilar“, – demoqda», – der edi. Ummu Ayman shunday degan: «Bolaliklarida u zotning na ochlikdan, na tashnalikdan shikoyat qilganlarini koʻrmadim. Ertalab bir qultum zamzam ichar edilar. U zotga ovqat yedirmoqchi boʻlganimizda: „Istamayman, toʻqman“, – der edilar.»
Abdulmuttalib uxlaganda va xonasida yolgʻiz boʻlganda, u zotdan boshqa hech kimni yoniga kiritmas edi. U zotni shafqat bilan bagʻriga bosar, erkalar, soʻzlaridan va harakatlaridan behad xursand boʻlar edi. Dasturxonda u zotni yoniga olar, tizzasiga oʻtqazar, taomning eng yaxshisini, eng mazalisini u zotga yedirar va u zot kelmaguncha dasturxonga oʻtirmas edi. U zot haqida koʻp tushlar koʻrdi va koʻp hodisalarga guvoh boʻldi.
Bir safar Makkada qurgʻoqchilik va qahatchilik boʻldi. Abdulmuttalib koʻrgan bir tushiga koʻra Muhammad alayhissalomning qoʻllaridan tutib, Abu Qubays togʻiga chiqdi va: «Allohim, shu bola haqqi uchun bizni barakali yomgʻir bilan sevintir», – deb duo qildi. Duosi qabul boʻldi va moʻl yomgʻir yogʻdi. Oʻsha zamonning shoirlari bu voqeani sheʼrlarida vasf etdilar.
Najronlik rohib
Bir kuni Abdulmuttalib Kaʼbaning yonida oʻtirganda, Najrondan bir rohib kelib, u bilan suhbatlasha boshladi. Bir payt u shunday dedi: «Biz Ismoil avlodidan eng oxirida keladigan paygʻambarning sifatlari kitoblarda yozilganini oʻqidik. Bu yer, yaʼni Makka – u zotning tugʻiladigan joylari. U zotning sifatlari mana bunday-mana bunday!» – deb, ularni birma-bir sanay boshladi. Shu payt ularning yoniga sevimli Paygʻambarimiz keldilar. Najronlik rohib u zotni diqqat bilan kuzata boshladi; soʻngra yaqin kelib, koʻzlariga, yelkalariga, oyoqlariga qaradi va hayajon bilan shunday dedi:
«Janobi Haq sizni millatlar orasida azaldan davom etib kelayotgan butlardan va butparastlikdan muhofaza qilib, asraydi» Omina xonim
«Mana, u zot – shu! Bu bola sening naslingdanmi?» Abdulmuttalib: «Bu – mening oʻgʻlim!» – deganda, najronlik rohib: «Kitoblarda oʻqiganimizga koʻra, u zotning otalari tirik boʻlmasliklari kerak!» – dedi. Abdulmuttalib: «Bu – oʻgʻlimning oʻgʻli. Bu bola tugʻilmasidan oldin, onasi homiladorligida otasi vafot etgan edi», – deganda, rohib: «Ana endi toʻgʻrisini aytding», – dedi. Shundan keyin Abdulmuttalib oʻgʻillariga: «Birodaringizning oʻgʻli haqida aytilganlarni eshitinglar, u zotga koʻz-quloq boʻlinglar va u zotni yaxshi qoʻriqlanglar», – dedi.
Muborak bobolarining vafoti
Abdulmuttalibning vafoti yaqinlashganda, u oʻgʻillarini yigʻib, shunday dedi: «Endi dunyodan oxiratga koʻchish vaqtim keldi. Yagona tashvishim – shu yetim. Qani edi, umrim uzoq boʻlsa-yu, bu xizmatni sevib davom ettirsam! Ammo qoʻldan nima keladi? Umr vafo qilmaydi. Endi koʻnglim ham, tilim ham shu hasrat oʻtida yonmoqda. Bu durdonani orangizdan biringizga omonat qilib topshirmoqchiman. Qaysi biringiz u zotning haqlarini loyiq darajada ado etadi va u zotga xizmat qilishda hech kamchilik qilmaydi?» Abu Lahab tiz choʻkib: «Ey arablarning ulugʻi! Agar bu omonatni topshirish uchun koʻnglingizda biror kishi boʻlsa, juda yaxshi, boʻlmasa, bu xizmatni men ado etay», – dedi. Abdulmuttalib unga: «Moling koʻp. Ammo sen qattiq qalblisan, rahming oz. Yetimning qalbi esa yarali va nozik boʻladi. U tez sinadi», – dedi. Boshqa oʻgʻillaridan baʼzilari ham shu istakni takrorladilar. Abdulmuttalib ularning har birining xususiyatlarini aytib, hech birini qabul qilmadi. Navbat Abu Tolibga kelganda, u shunday dedi: «Men buni hammadan koʻra koʻproq istayman. Ammo kattalarim turganda, oldinga oʻtish munosib emas edi. Molim oz, lekin mening sadoqatim birodarlarimnikidan ortiqdir». Abdulmuttalib: «Toʻgʻri aytasan. Bu xizmatga loyiq kishi – sensan. Lekin men har ishda u zot bilan maslahatlashaman va u zotning istaklariga qarab ish tutaman. Har gal toʻgʻri natijaga yetaman. Bu ishda ham u zot bilan maslahatlashay. U zot qaysi biringizni tanlasalar, men ham oʻshani qabul qilaman», – dedi.
Soʻngra u sevimli Paygʻambarimizga oʻgirilib: «Ey koʻzlarimning nuri! Sizning hasratingiz bilan oxiratga yuzlandim. Amakilaringizdan qaysi birini tanlaysiz?» – deb soʻradi.
Paygʻambarimiz oʻsha on oʻrinlaridan turib, Abu Tolibning boʻynidan quchoqladilar va uning tizzasiga oʻtirdilar. Shunda Abdulmuttalibning koʻngli juda taskin topdi va u: «Allohu taologa hamd boʻlsin. Mening istagim ham shu edi», – dedi. Soʻngra Abu Tolibga oʻgirilib: «Ey Abu Tolib! Bu durdona ota-ona mehrini koʻrmadi. Shuning uchun u zotga koʻnglingdagidek qara va ustlarida parvona boʻl. Men seni boshqa bolalarimdan afzal koʻraman. Bu ulugʻ va nihoyatda qimmatli omonatni senga topshirdim. Chunki sen bilan u zotning otalari bir onadan tugʻilgansizlar. U zotni oʻz joningdek asra. Bu vasiyatimni qabul qildingmi?» – deb soʻradi. U:
«Ha, qabul qildim», – deganda, Abdulmuttalib sevimli Paygʻambarimizni quchoqladi, muborak boshlaridan, yuzlaridan oʻpdi va hidladi. Soʻngra: «Hammangiz guvoh boʻlinglar: men bundan xushboʻyroq hidni hidlamadim va bundan goʻzalroq yuzni koʻrmadim», – dedi.9
Abu Tolibning himoyasida
Bobolari vafot etgandan keyin Koinot sarvari (sallallohu alayhi vasallam) sakkiz yoshlaridan boshlab amakilari Abu Tolibning yonida yashay boshladilar va uning himoyasida oʻsdilar. Oʻsha paytda Abu Tolib ham otasi Abdulmuttalib kabi Makkada Qurayshning koʻzga koʻringan kishilaridan – hamma sevadigan, hurmat qiladigan va soʻzi oʻtadigan zot edi. U ham Paygʻambarimizga katta muhabbat va shafqat koʻrsatdi. U zotni oʻz bolalaridan ham koʻproq yaxshi koʻrar, yoniga olmasdan uxlamas, biror joyga bormas va: «Siz juda xayrlisiz, juda muboraksiz!» – der edi. Abu Tolib u zot qoʻl uzatmaguncha taomga boshlamas, avval u zotning boshlashlarini istab kutar edi. Baʼzan u zotga alohida dasturxon ham yozdirar edi. Ertalab uygʻonganlarida, yuzlari oydek porlab turganini, sochlari taralganini koʻrishar edi. Abu Tolibning moli koʻp emas, oilasi esa katta edi. Rasuli akramni (sallallohu alayhi vasallam) himoyasiga olgandan keyin u moʻl-koʻlchilik va barakaga erishdi. Makkada boʻlgan qurgʻoqchilik sababli xalq qiynalib qolganda, Abu Tolib u zotni Kaʼbaning yoniga olib borib, duo qildi. U zotning barakotlari bilan moʻl yomgʻir yogʻdi. Ular qurgʻoqchilik va qahatchilikdan qutuldilar.10
Gʻolib naslidan bir Paygʻambar chiqqay,
Zamzam bilan Hajar orasida turgʻay.
Butun shahar ahli bilan u zotga yordam beringlar,
Ey Banu Omir, saodat – u zotga yordam etmakda.
«Endi dunyodan oxiratga koʻchish vaqtim keldi. Yagona tashvishim – shu yetim. Qani edi, umrim uzoq boʻlsa-yu, bu xizmatni sevib davom ettirsam! Ammo qoʻldan nima keladi? Umr vafo qilmaydi. Endi koʻnglim ham, tilim ham shu hasrat oʻtida yonmoqda» Abdulmuttalib
Makka – Busro safari
Rohib Bahiro
Sevimli Paygʻambarimiz oʻn ikki yoshlarida ekanlar, bir kuni Abu Tolibning tijorat uchun safarga hozirlik koʻrayotganini koʻrdilar. Amakilari oʻzlarini olib ketmoqchi emasligini sezgach, xafa boʻlib, Abu Tolibga shunday dedilar: «Bu shaharda meni kimga tashlab ketyapsiz? Na otam bor, na menga rahmi keladigan biror kishim!…» Bu soʻz Abu Tolibga qattiq taʼsir qildi va u jiyanini ham oʻzi bilan olib ketishga qaror qildi. Tijorat karvoni uzoq yoʻldan keyin Busroda nasroniylarga xos bir monastir yaqinida toʻxtadi.11
Bu monastirda Bahiro ismli bir rohib yashar edi. Ilgari yahudiy olimlaridan boʻlib, keyin nasroniy boʻlgan bu bilimdon rohibning qoʻlida qoʻldan-qoʻlga oʻtib, yashirin saqlanib kelgan bir kitob bor edi va u soʻralgan savollarga shu kitobga qarab javob berar edi. Quraysh karvoni ilgarigi yillarda bu yerdan koʻp marta oʻtib ketgan boʻlsa-da, u karvonga hech eʼtibor bermagan edi. U har tongda monastirning tomiga chiqib, karvonlar keladigan tomonga qarab, nimadir izlagandek, qiziqish bilan kutar edi. Bu gal esa rohib Bahiroga bir hol boʻldi: u hayajon bilan seskanib, oʻrnidan sapchib turdi. Chunki Quraysh karvoni uzoqdan koʻringanda, karvonning ustida ular bilan birga suzib kelayotgan bir bulut borligini payqagan edi. Bu bulut Paygʻambarimizga soya solib turar edi. Karvon dam olish uchun toʻxtaganda, Bahiro Habibi akram ostida oʻtirgan daraxtning shoxlari u zotning ustiga egilganini ham koʻrib, battar hayajonlandi. Darhol dasturxonlar yozdirdi. Soʻngra odam yuborib, Quraysh karvonidagilarning hammasini taomga taklif qildi. Karvondagilar sevimli Paygʻambarimizni mollarining yonida qoldirib, rohibning oldiga bordilar. Bahiro kelganlarga diqqat bilan qarab: «Ey Quraysh jamoasi, orangizda taomga kelmagan kishi bormi?» – deb soʻradi. Ular: «Ha, bir kishi bor», – deyishdi. Chunki qurayshliklar kelgan boʻlsalar ham, bulut hamon oʻsha yerda edi. Buni koʻrib, u karvonda bir kishi qolganini anglagan edi. Rohib Bahiro u zotning ham kelishlarini qattiq turib iltimos qildi. U zot kelishlari bilanoq, Bahiro u zotga diqqat bilan qarab, kuzata boshladi. Abu Tolibdan: «Bu bola sening naslingdanmi?» – deb soʻradi. Abu Tolib: «Oʻgʻlim», – deganda, Bahiro: «Kitoblarda bu bolaning otalari tirik boʻlmasligi yozilgan; u zot sening oʻgʻling emaslar», – dedi. Bu gal Abu Tolib: «U zot – ukamning oʻgʻli», – deb javob berdi. Bahironing: «Otalariga nima boʻldi?» – degan savoliga u: «Otalari u zot tugʻilishlaridan bir oz oldin vafot etgan», – dedi. Bahiro: «Toʻgʻri aytding. Onalariga nima boʻldi?» – deganda, Abu Tolib: «U ham vafot etgan», – deb javob berdi. «Toʻgʻri aytding», – dedi Bahiro va Paygʻambarimizga oʻgirilib, butlar nomi bilan qasam berib soʻramoqchi boʻldi. Ammo sevimli Paygʻambarimiz unga shunday dedilar: «Mendan butlarning nomi bilan qasam berib soʻramang. Dunyoda men uchun ulardan kattaroq dushman yoʻq. Men ulardan nafratlanaman».
Shundan keyin Bahiro u zotdan Allohu taoloning nomi bilan qasam berib: «Uxlaysizmi?» – deb soʻradi. U zot: «Koʻzlarim uxlaydi, ammo qalbim uxlamaydi», – dedilar.
Bahiro yana koʻp savollar berib, ularning javoblarini oldi. Olgan javoblari ilgari oʻqigan kitoblariga aynan mos kelar edi. Soʻngra u sevimli Paygʻambarimizning muborak koʻzlariga qarab, Abu Tolibdan soʻradi:
«Guvohlik beramanki, siz Allohu taoloning rasulisiz!… Mana, Olamlar sarvari… Mana, olamlar Rabbining Rasuli… Mana, Allohu taolo olamlarga rahmat qilib yuborgan ulugʻ Paygʻambar!» Rohib Bahiro
– «Bu qizillik u zotning muborak koʻzlarida doim boʻladimi?»
– «Ha, uning ketganini hech koʻrmadik», – dedi.
Bu alomatning ham mos kelganini koʻrgach, Bahiro qalbida toʻla ishonch hosil boʻlishi uchun muhri nubuvvatni koʻrishni istadi. Ammo Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) odob yuzasidan muborak yelkalarini ochishni istamadilar.
Shunda amakilari: «Ey koʻzimning nuri! Uning bu istagini ham bajo keltiring!» – dedi. Paygʻambarimiz muborak yelkalarini ochdilar, Bahiro esa muhri nubuvvatni butun goʻzalligi bilan toʻyib-toʻyib, uzoq vaqt hayrat bilan tomosha qildi. Hayajon bilan uni oʻpdi, koʻzlaridan seldek yosh oqdi. Soʻngra shunday dedi:
– «Guvohlik beramanki, siz Allohu taoloning rasulisiz!» Ovozini yanada balandlatib, shunday dedi: «Mana, Olamlar sarvari… Mana, olamlar Rabbining Rasuli… Mana, Allohu taolo olamlarga rahmat qilib yuborgan ulugʻ Paygʻambar…»
U yerda boʻlgan qurayshliklar hayratda qolib: «Bu rohibning huzurida Muhammadning qadri qanchalik baland ekan!» – deyishdi.
Shundan keyin Bahiro Abu Tolibga oʻgirilib, shunday dedi:
– «Bu zot – paygʻambarlarning oxirgisi va eng sharaflisidirlar. U zotning dini butun yer yuziga yoyiladi va oldingi dinlarni bekor qiladi. Bu bolani Shomga olib borma. Chunki Bani Isroil u zotga dushman. Muborak badanlariga zarar yetkazishlaridan qoʻrqaman. U zot haqida koʻp ahd va paymonlar olingan».
Abu Tolib soʻradi:
– «Bu qanday ahd va paymonlar?» Bahiro javob berdi:
– «Allohu taolo barcha paygʻambarlardan, eng oxirida esa Iso alayhissalomdan ummatlariga oxir zamon Paygʻambarining kelishini bildirishlari haqida soʻz olgan».
Bahironing bu soʻzlaridan keyin Abu Tolib Shomga borishdan voz kechdi. Mollarini Busroda sotib, Makkaga qaytdi.12 Bahirodan eshitganlari umrining oxirigacha Abu Tolibning quloqlarida jaranglab turdi. U Paygʻambarimizni yanada koʻproq sevdi. U zotni umrining oxirigacha himoya qildi va har bir ishlarida yordamchi boʻldi.
Amakilari Zubayr bilan Yamanga borishlari
Har bir holatida fazilatlar va goʻzalliklar sohibi boʻlgan tengsiz inson – sevimli Paygʻambarimiz ulgʻayib, oʻn yetti yoshga kirgan edilar. Shu payt tijorat uchun Yamanga ketayotgan amakilari Zubayr tijorati barakali boʻlsin deb, u zotni ham oʻzi bilan olib ketdi. Bu safarda ham u zotning koʻp ajoyib hollari koʻrindi. Makkaga qaytganlaridan keyin bu hollar hikoya qilindi va Quraysh qabilasi orasida: «U zotning shonlari juda yuksak boʻladi», – deb gapira boshlashdi.13
