YOSHLIKLARI VA UYLANISHLARI
Yoshliklari
Har jihatdan insonlarning eng afzali boʻlmish Muhammad alayhissalom yoshlik yillaridayoq Makka ahli orasida tengdoshlariga qaraganda juda manzur edilar. Goʻzal axloqlari, odamlarga misli koʻrilmagan darajada yaxshi muomalalari, sokinliklari, yumshoqliklari va boshqa yuksak fazilatlari bilan sevildilar. Odamlar u zotning bu xislatlariga hayron qolar edilar. Makkaliklar u zotdagi hayratlanarli darajadagi rostgoʻylik va ishonchlilikni koʻrib, u zotga «al-Amin», yaʼni «hamisha ishonsa boʻladigan kishi» degan laqab berdilar. Shu tariqa u zot yoshliklarida bu ism bilan mashhur boʻldilar.
Paygʻambarimizning yoshlik yillarida arablar qop-qorongʻi johiliyat davrini boshdan kechirar edilar. Butga sigʻinish, ichkilik, qimor, zino, sudxoʻrlik va yana koʻp xunuk ishlar ular orasida keng yoyilgan edi. Muhammad alayhissalom ularning bu buzuq hollaridan behad nafratlanar, har bir yomonliklaridan doimo uzoq turar edilar. Butun Makka ahli u zotning bu hollarini bilar va hayron qolar edi. Butlardan qattiq nafratlanganlari uchun, ularning yoniga aslo yaqinlashmas edilar. Butlar uchun soʻyilgan qurbonliklarning goʻshtidan hech qachon yemadilar. Bolalik va yoshliklarida oʻzlariga tegishli qoʻylarni Jiyod togʻida va uning atrofida boqar, tirikchiliklarini shu yoʻl bilan oʻtkazar edilar. Shu tarzda haddan tashqari buzilgan jamiyatdan uzoq yurar edilar. Bir kuni u zot sahobai kiromga: «Qoʻy boqmagan birorta ham paygʻambar yoʻqdir», – dedilar. Ular: «Yo Rasulalloh! Siz ham boqqanmisiz?» – deb soʻrashganda, u zot: «Ha, men ham boqqanman», – dedilar.
Sevimli Paygʻambarimiz yigirma yoshlarida boʻlgan paytlarida Makkada tinchlik butunlay buzilgan edi. Zulm nihoyatda keng yoyilib, na mol, na jon, na nomus xavfsizligi qolgan edi. Makkaning mahalliy aholisi tijorat va Kaʼbani ziyorat qilish uchun kelgan begonalarga nohaqlik va zulm qilar edi. Zulm koʻrgan kishilar haqlarini olish uchun murojaat qiladigan biror joy topa olmas edilar. Shu paytda tijorat maqsadida Makkaga kelgan bir yamanlik savdogarning mollarini Os ibn Voil ismli bir makkalik zoʻrlik bilan qoʻlidan tortib olgan edi. Bu voqeadan keyin yamanlik Abu Qubays togʻiga chiqib, faryod qilib, haqqini olib berish uchun qabilalardan yordam soʻradi. Zulm soʻnggi chegarasiga yetganini koʻrsatgan bunday voqealardan keyin Banu Hoshim, Banu Zuhra va boshqa qabilalarning koʻzga koʻringan kishilari Abdulloh ibn Judʼonning uyida yigʻildilar. Ular mahalliy boʻlsin, begona boʻlsin, hech kimga zulm va nohaqlik qilinmasligiga, zulmga yoʻl qoʻymaslikka va nohaqlikka uchraganlarning haqlarini olib berishga qaror qildilar. Shu maqsadda bir adolat jamiyatini tuzdilar.1
Sevimli Paygʻambarimiz yosh paytlarida qatnashgan va tuzilishida ham katta taʼsirlari boʻlgan bu jamiyatga «Hilful fuzul» deyildi.
Bundan oldin Fazl ismli ikki kishi va Fuzayl ismli bir kishi ham shunday bir jamiyat tuzgan edilar. Ularning ilgari tuzgan jamiyatiga nisbatan bu nom berilgan edi.
«Butun dunyo qanchalik mukammal inson ekanlarini tasdiqlagan Muhammad alayhissalomni eng katta dushmanlari, haddan oshgan kofirlar ham nihoyatda rostgoʻyliklari va sadoqatlari sababli Muhammadul Amin (ishonchli Muhammad) der edilar» Hüseyin Hilmi bin Sa’îd (rahmatullohi alayh)
Arabiston va uning atrofidagi mashhur yarmarkalar va bozorlar
Insonga kelur nasibi,
Mahrum qoʻymaslar gʻaribni.
Ne qilsin Ayyubiy joni,
Jononi shod boʻlmaguncha?
Shohim, Habibi Kibriyo,
Jamolingiz har dardga davo.
Qanday boʻlur sizga vafo,
Oshiq jon bermaguncha?
Bu jamiyat zulmning oldini olib, Makkada buzilgan tinchlikni qayta tikladi. Uning taʼsiri uzoq vaqt davom etdi. Rasululloh oʻzlariga paygʻambarlik bildirilgandan keyin bu haqda sahobai kiromga hikoya qilib, shunday dedilar: «Abdulloh ibn Judʼonning uyida boʻlgan qasamyodda men ham qatnashgan edim. Oʻsha qasamyod men uchun qizil yungli tuyalarga (boylikka) ega boʻlishdan ham sevimliroqdir. Hozir ham shunday bir majlisga chaqirilsam, ijobat qilardim».2
Tijorat bilan mashgʻul boʻlishlari
Makkaliklar azaldan tijorat bilan shugʻullanib, tirikchiliklarini shu yoʻl bilan oʻtkazar edilar. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) amakilari Abu Tolib ham tijorat bilan shugʻullanar edi. Sevimli Paygʻambarimiz yigirma besh yoshlarida boʻlganlarida, Makkada tirikchilik mashaqqati yanada ortgan edi. Shu sababli makkaliklar Shomga borish uchun katta bir savdo karvonini hozirladilar. Oʻsha kunlarda Abu Tolib Rasulullohning huzurlariga kelib, shunday dedi: «Ey muhtaram jiyanim! Kambagʻallik soʻnggi chegarasiga yetdi. Qahatchilik va kurash bilan oʻtgan bu soʻnggi yillar qoʻlimizda hech narsa qoldirmadi. Mana, Quraysh karvoni hozirlanib, Shomga yoʻlga chiqish arafasida turibdi. Xadicha xonim ham karvon bilan mol yuboradi. Albatta, bu ishni bajaradigan ishonchli kishilarni izlayotgandir. Shubhasiz, unga sizdek amin, pok va vafodor kishiga ehtiyoj bor. Borib gaplashsak-da, sizning vakil boʻlib borishingizni yoʻlga qoʻysak, yaxshi boʻlardi. Shubhasiz, u sizni boshqalardan afzal koʻradi. Aslida men sizning Shomga borishingizni istamayman, chunki u yerdagi yahudiylar sizga biror zarar yetkazishlaridan qoʻrqaman. Ammo boshqa chora ham topa olmayapman». Paygʻambarimiz unga: «Siz qanday istasangiz, shunday qiling», – dedilar.
Hazrati Xadicha goʻzalligi, boyligi, aqli, iffati, hayosi va odobi bilan Arabistonda katta shuhrat qozongan bir xonim edi. Shu sababli har tarafdan unga sovchi qoʻygan va ragʻbat koʻrsatgan kishilar juda koʻp edi. Ammo koʻrgan bir tushi tufayli u hech kimga iltifot koʻrsatmagan edi. Tushida osmondan oy tushib, uning qoʻyniga kirgan, oyning nuri qoʻltigʻidan chiqib, butun olamni yoritgan edi. Ertalab u bu tushni qarindoshlaridan Varaqa ibn Navfalga aytib berdi. Varaqa shunday dedi: «Oxir zamon Paygʻambari dunyoga kelibdilar. U zot senga uylanadilar va sening zamoningda u zotga vahiy3 nozil boʻladi. U zotning dinlarining nuri olamni toʻldiradi. Eng avval iymon keltiradigan – sen boʻlasan. Oʻsha Paygʻambar Qurayshdan va Banu Hoshimdan boʻladilar».
Hazrati Xadicha bu javobdan juda sevindi va oʻsha Paygʻambarning kelishini kuta boshladi.
Hazrati Xadicha tijorat bilan shugʻullanar, kelishgan kishilari bilan sheriklik qilar edi. Abu Tolib hazrati Xadicha onamizga ahvolni aytib berdi. Shundan keyin hazrati Xadicha Rasulullohni koʻrib, gaplashish uchun uyiga taklif qildi.
Paygʻambarimiz tashrif buyurganlarida, u nihoyatda katta taʼzim va hurmat koʻrsatdi. Paygʻambarimizning nazokatlarini, pokiza va nurli jamollarini koʻrib, hayron qoldi. Rasulullohga: «Rostgoʻy, ishonchli, omonatdor va goʻzal xulqli ekaningizni bilaman. Bu ish uchun hech kimga bermagan haqimning bir necha barobar ortigʻini beraman…» – dedi. Haqning miqdorini ham kelishib olgach, hazrati Xadicha onamiz Rasulullohga bu xizmatda kerak boʻladigan kiyimlarni berib, xotirjamlik bilan uyidan kuzatib qoʻydi. Bundan tashqari, Rasululloh yoʻlda kiyishlari uchun Maysaraga boshqa qimmatbaho kiyimlarni ham berdi.
«Bir musulmon halol kasb qilib, hech kimga muhtoj boʻlmasa va qoʻshnilariga, qarindoshlariga yordam bersa, qiyomat kuni oʻn toʻrtinchi kechaning oyidek porloq va nurli boʻladi» Hadisi sharif
Hazrati Xadicha onamiz paygʻambarlik alomatlarini amakivachchasi, bilimdon nasroniy Varaqa ibn Navfaldan oʻrgangan edi. Rasulullohning bu tashriflarida ham u zotdagi paygʻambarlik sifatlarini tanidi. Shu sababli Maysara ismli quliga shunday dedi: «Karvon Makkadan chiqayotganda, makkaliklar biror mish-mish tarqatmasliklari uchun tuyaning jilovini Muhammad alayhissalomning qoʻllariga ber. Shahardan uzoqlashib, koʻzdan yoʻqolganingizdan keyin esa bu qimmatbaho kiyimlarni u zotga kiydir».
Soʻngra u tuyalarining eng goʻzalini sultonlarga munosib tarzda bezatdi va Maysaraga shunday dedi: «U zotni bu tuyaga katta hurmat bilan mindirib, jilovni qoʻlingga ol va oʻzingni u hazratning xizmatkori deb bil! U zotning iznisiz biror ish qilma, u zotni muhofaza qilish, xavf-xatarlardan asrash uchun joningni ayama! Borgan joylaringizda koʻp qolib ketmanglar, tez qaytinglar, toki Banu Hoshim oldida uyalib qolmaylik. Agar bu aytganlarimni soʻzma-soʻz bajarsang, seni ozod qilaman va istaganingcha mol beraman».
Karvon hozir boʻldi. Makkaliklar yaqinlari bilan xayrlashish uchun katta-katta toʻda boʻlib yigʻildilar. Sevimli Paygʻambarimizning qarindoshlari, amakilari va Banu Hoshimning kattalari ham u yerda hozir edilar. Paygʻambarimizning ammalari Allohu taoloning Rasulini (sallallohu alayhi vasallam) xizmatkor kiyimida va tuyaning jilovini qoʻllariga olgan holda koʻrganda, tizzalaridan mador ketdi. U yigʻlab, faryod qildi. Oh-voh qilib, koʻzlaridan yosh toʻkib, dardini shunday izhor etdi: «Ey Abdulmuttalib! Ey Zamzam qudugʻini qazigan ulugʻ zot! Ey Abdulloh! Qabrlaringizdan turib, boshingizni bu tomonga burib, bu muborak zotning holini koʻringlar!» Abu Tolib ham xuddi shunday tuygʻular va shunday hollar ichida edi. Rasulullohning Haqni koʻrgan muborak koʻzlaridan durdek yoshlar toʻkildi va u zot: «Meni aslo unutmanglar. Gʻurbatda gʻam-anduh chekayotganimni yod etinglar», – dedilar. Bu soʻzlarni eshitganlarning hammasi yigʻlashdi. Osmondagi farishtalar ham bu holga sherik boʻldilar va: «Ey Rabbimiz! Bu – Sen Oʻzingga habib qilib, eng ulugʻ maqomni ehson etgan Muhammad alayhissalomdirlar. Bu holning hikmati nima?» – dedilar. Allohu taolo ularga shunday dedi: «Ha, u – Mening Habibim. Lekin sizlar muhabbat sirrini bila olmaysizlar. Sevilgan va sevuvchi orasidagi sirlardan voqif boʻla olmaysizlar. Bu maqomni hech kim bilmaydi. Bu yashirin ishdan hech kim hech narsa anglamaydi».
Nihoyat, karvon yoʻlga tushib, Makka koʻrinmay qolgach, Maysara olgan buyrugʻiga koʻra qimmatbaho kiyimlarni sevimli Paygʻambarimizga kiydirdi. Turli matolar bilan yopilgan va juda chiroyli bezatilgan tuyaga mindirdi. Jilovni esa oʻz qoʻliga oldi.
Bu safarda karvondagilar olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevimli Paygʻambarimizning ustida u zotga soya solib turgan bir bulut va qush shakliga kirgan ikki farishta safar tugaguncha u zot bilan birga harakatlanganini koʻrdilar.4
Yoʻlda ikki tuya yura olmaydigan darajada toliqib, karvondan ortda qolgan edi. Paygʻambarimiz ularning oyoqlarini muborak qoʻllari bilan silaganlaridan keyin tuyalar birdan tezlashdi. Karvondagilar u zotning shu kabi koʻp hollarini koʻrgach, u zotni behad sevib qolishdi va u zotning shonlari juda yuksak boʻlishini anglashdi.
Busro degan joyga yetib kelishganda, ular yana u yerdagi monastirning yaqinida toʻxtashdi. Ilgari koʻp alomatlardan u zotning oxirgi paygʻambar boʻlishlarini anglab, buni aytgan rohib Bahiro vafot etgan, oʻrniga Nastura ismli boshqa bir rohib kelgan edi. Rohib Nastura monastirning yaqiniga kelib tushgan Quraysh karvonini kuzatib turgan edi. U yaqindagi bir quruq daraxt ostida bir kishi oʻtirganini va daraxt oʻsha on koʻkarib ketganini koʻrib, Maysaradan: «Ana u daraxt ostidagi zot kim?» – deb soʻradi. Maysara: «Bu – Quraysh qabilasidan, Haram ahlidan bir zot», – dedi. Rohib: «Shu paytgacha bu daraxt ostida paygʻambardan boshqa hech kim oʻtirmagan», – dedi. Soʻngra: «U zotning koʻzlarida bir oz qizillik bormi?» – deb soʻradi. Maysara: «Ha, bor va u koʻzlaridan hech ketmaydi», – dedi. Shunda Nastura: «Iso alayhissalomga Injilni nozil qilgan Allohu taolo haqqi uchun, bu zot oxirgi paygʻambar boʻladilar. Qani edi, u zotga paygʻambarlik buyuriladigan zamonga yetsam!» – dedi…
Muhammad alayhissalom Busro bozorida Xadicha xonimning mollarini sotayotganlarida, u zot bilan savdolashgan bir yahudiy ishonmay: «Lot va Uzzo degan butlar nomi bilan qasam iching, shunda ishonaman», – deganda, Muhammad alayhissalom shunday dedilar: «Men u butlar nomi bilan aslo qasam ichmayman! Ularning yonidan oʻtayotganimda yuzimni boshqa tomonga buraman». U zotdagi boshqa alomatlarni ham koʻrgan yahudiy: «Soʻz – sizning soʻzingiz. Vallohi, bu zot paygʻambar boʻladigan kishidirlar», – dedi va: «Olimlarimiz kitoblarda u zotning sifatlarini topganlar», – deb hayratini izhor etdi.
Maysara Rasulullohda koʻrgan va u zot haqida eshitgan har bir narsani xotirasiga muhrlab borar, uning u zotga boʻlgan hayrati kundan-kunga ortib borar edi. Maysaraning qalbida Olamlar sarvariga nisbatan katta muhabbat paydo boʻlgan edi. Endi Maysara u zotga zavq va hurmat bilan xizmat qilar, eng kichik ishoralarini ham katta ishq bilan bajo keltirar edi. Olib borilgan mollar sotildi, Paygʻambarimizning barakotlari bilan odatdagidan bir necha barobar ortiq foyda olindi. Karvon ortga qaytdi. Marruz Zahron degan joyga yetib kelishganda, Maysara sevimli Paygʻambarimizga Makkaga xushxabar olib borishni taklif qildi. U zot ham qabul qilib, karvondan ajraldilar va Makka tomon tuyalarini tezlatdilar.
Nafisa bint Munya xonim shunday hikoya qilgan: «Karvonning kelish vaqti yaqinlashib qolgan edi. Xadicha xonim har kuni xizmatkorlari bilan uyining tomiga chiqib, karvonning yoʻlini kutar edi. Mana shunday kunlarning birida men Xadichaning yonida edim. Birdan uzoqdan tuyaga mingan bir kishi koʻrindi. Uning ustida bir bulut va qush shakliga kirgan ikki farishta u zotga soya solib turar, Paygʻambarimizning muborak peshonalaridagi nur oydek porlar edi. Xadicha xonim kelayotgan kim ekanini anglab, koʻngli taskin topdi. Ammo bilmaslikka olib: „Bu issiq kunda kelayotgan kim boʻlishi mumkin?“ – deb soʻradi. Xizmatkorlar: „Bu kelayotgan Muhammadga (alayhissalom) oʻxshaydi“, – deyishdi va koʻrganlaridan hayratga tushishdi.»
Koʻp oʻtmay Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Xadicha onamizning uyiga kelib, boʻlgan voqealarni aytib berdilar. Keltirgan xushxabarlari bilan uni juda sevintirdilar.
Bir muddatdan keyin karvon Makkaga kirdi. Maysara hazrati Xadicha onamizga safar davomida Paygʻambarimizga soya solinganini, rohib Nasturaning aytganlarini, zaif tuyalarning qanday tezlatilganini va shunga oʻxshash koʻrgan koʻp favqulodda hollarni birma-bir aytib berdi. Paygʻambarimizni tili yetganicha maqtadi. Hazrati Xadicha bularni bilar edi, ammo bu soʻzlar uning ishonchini yanada oshirdi. U Maysaraga: «Bu koʻrganlaringni hech kimga aytma!» – deb qattiq tayinladi.5
«Men u butlar nomi bilan aslo qasam ichmayman! Ularning yonidan oʻtayotganimda yuzimni boshqa tomonga buraman» Hadisi sharif
Xadicha onamiz bu eshitganlarini xabar berish uchun Varaqa ibn Navfalning oldiga bordi. Boʻlgan voqealarni katta hayrat bilan tinglagan Varaqa shunday dedi: «Ey Xadicha, agar bu aytganlaring toʻgʻri boʻlsa, Muhammad alayhissalom bu ummatning paygʻambari boʻladilar».
Paygʻambarimiz 12 yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan tijorat uchun Busrogacha, 17 yoshlarida amakilari Zubayr bilan Yamanga, 20 yoshlarida hazrati Abu Bakr bilan Shomga va 25 yoshlarida hazrati Xadicha onamizning mollarini sotish uchun yana Shomga bordilar.6 Shunday qilib, jami toʻrt marta safarga chiqdilar. Bu safarlaridan boshqa hech qayerga safar qilmadilar.
Hazrati Xadicha onamizga uylanishlari
Hazrati Xadicha onamiz Varaqa ibn Navfal bergan xushxabardan keyin va sevimli Paygʻambarimizning goʻzal xislatlarini koʻrib, u zotning zavjalari boʻlish, xizmatlari bilan sharaflanishga moyil boʻldi. Nafisa bint Munya bu holni sezib, oʻrtaga tushdi. Shu niyat bilan Rasuli akramning yuksak huzurlariga kelib: «Yo Muhammad! Oliy zotingizni uylanishdan nima toʻsib turibdi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Uylanish uchun qoʻlimda yetarli mablagʻ yoʻq», – dedilar. Nafisa xonim: «Yo Muhammad! Agar iffatli va sharafli, mol va jamol sohibasi boʻlgan bir xonimga uylanishni istasangiz, xizmatingizga tayyorman», – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «U xonim kim?» – deb soʻraganlarida, u: «Xadicha bint Xuvaylid», – dedi. Rasululloh: «Bu ishga kim vosita boʻladi?» – deb soʻraganlarida esa: «Bu ishni men bajaraman», – dedi-da, huzurlaridan chiqib ketdi. Hazrati Xadichaning oldiga borib, unga xushxabar berdi. Hazrati Xadicha qarindoshi Amr ibn Asadni va Varaqa ibn Navfalni chaqirib, ahvolni aytib berdi. Rasulullohga ham xabar yuborib, belgilangan bir soatda tashrif buyurishlarini soʻrab, taklif qildi. Abu Tolib va uning birodarlari ham hozirlik koʻrishdi va Paygʻambarimiz bilan birga borishdi.
Hazrati Xadicha onamiz uyini jihozlab bezatdi. Bu kunning shukronasi uchun barcha zeb-ziynatlarini xizmatkorlariga hadya qildi. Soʻngra ularni ozod qildi. Rasululloh amakilari bilan Xadicha onamizning uyiga tashrif buyurdilar. Abu Tolib shunday dedi: «Bizni Ibrohim alayhissalomning avlodidan va Ismoil alayhissalomning naslidan qilgan Yaratganimizga hamd boʻlsin. U bizni Baytullohning posbonlari qildi. Insonlarning qiblasi boʻlgan va olamlar tavof qiladigan oʻsha muborak uyni, har qanday yomonlikdan Oʻzi qoʻrigan Harami sharifni bizga nasib etdi. Ukam Abdullohning oʻgʻli Muhammad shunday bir zotki, Qurayshdan kim bilan qiyoslansa ham, ustun keladilar. Garchi mollari oz boʻlsa-da, molga eʼtibor qilinmaydi. Chunki mol soya kabidir: qoʻldan-qoʻlga oʻtib, ketib boradi. Jiyanimning sharafi, afzalligi hammangizga maʼlum. Endi u zot Xadicha bint Xuvaylidni halol nikohga soʻraydilar. Molimdan qancha mahr7 berilishini istaysizlar? Qasam ichamanki, Muhammadning martabalari, shubhasiz, yuksak boʻladi». Varaqa ibn Navfal bu soʻzlarni tasdiqladi.
Xadicha onamizning amakisi Amr ibn Asad: «Guvoh boʻlinglar: men Xadicha bint Xuvaylidni Muhammad alayhissalomga xotinlikka berdim», – dedi. Shu tariqa nikoh aqdi tamom boʻldi. Bir rivoyatga koʻra mahr 400 misqol oltin, boshqa bir rivoyatga koʻra besh yuz dirham, yana bir rivoyatga koʻra esa 20 tuya edi.8
Abu Tolib toʻy ziyofati uchun bir tuya soʻyib, oʻsha kungacha koʻrilmagan bir taom berdi. Nikoh amalga oshdi. Hazrati Xadicha onamiz butun bor-budini Paygʻambarimizga hadya qildi va: «Bu mollarning hammasi oliy zotingizga tegishlidir. Men esa sizga muhtojman va sizdan minnatdorman», – dedi.
Hazrati Xadicha onamiz butun oilaviy hayoti davomida Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga doim xizmat qildi va u zotning yordamchilari boʻldi. Paygʻambarimizning bu nikohlari Xadicha onamiz vafot etguncha yigirma besh yil davom etdi. Uning oʻn besh yili biʼsatdan oldin, oʻn yili biʼsatdan (paygʻambarlik bildirilganidan) keyin boʻldi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom birinchi zavjalari hazrati Xadicha hayot ekanida boshqa hech kimga uylanmadilar. Ikkitasi oʻgʻil, toʻrttasi qiz – olti farzandlari boʻldi. Ular: Qosim, Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima va Abdulloh (Tayyib yoki Tohir). Paygʻambarlik davrida uylangan hazrati Moriyadan ham Ibrohim ismli bir oʻgʻillari boʻlgan edi. Boshqa zavjalaridan farzandlari boʻlmadi. Zaynab qizlarining eng kattasi edi. Eng kichik qizlari Fotima otalarining eng suyuklisi edi. U hijratdan oʻn uch yil oldin tugʻildi. Oʻgʻillari yosh paytlarida vafot etganlari kabi, hazrati Fotimadan boshqa barcha qizlari ham u zotdan oldin vafot etdilar. Fotima onamiz esa Paygʻambarimizdan olti oy keyin vafot etdi. Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning naslari hazrati Fotimaning farzandlari orqali davom etdi.9
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Xadicha onamizga uylanganlaridan keyin ham tijorat bilan mashgʻul boʻldilar. Topgan daromadlari bilan mehmonlarni izzat-ikrom qilar, yetimlarga va faqirlarga yordam berar edilar.
Zayd ibn Horisa
Zayd ibn Horisa yosh bolaligida onasi Suʼdo bilan birga qarindoshlarini ziyorat qilgani ketgan edi. Shu payt ular boshqa bir qabilaning bosqiniga uchradilar. Zaydni asir oldilar. Uni Makkaga, Suqi Ukoz deb ataladigan yarmarkaga olib kelib, sotuvga qoʻydilar. Hazrati Xadichaning jiyani Hakim ibn Hizom Zaydni 400 dirhamga sotib oldi. Hakim ibn Hizom Zayd ibn Horisani ammasi hazrati Xadichaga hadya qildi, u esa uni Paygʻambarimizga hadya qildi. Paygʻambarimiz uni darhol ozod qildilar va oʻz yonlarida olib qoldilar. Chunki ozod boʻlgan Zayd ibn Horisaning boradigan joyi ham yoʻq edi, unga Rasulullohdan yaxshiroq qaraydigan kimsasi ham yoʻq edi. U ham jon deb Rasulullohning yonlarida qoldi.
Paygʻambarimiz paygʻambarliklari bildirilishidan oldin ham adolat, insof, marhamat, insonlarni sevish, ochiq yuzlilik, karam, saxiylik, ahdga vafo (soʻzida turish), omonatga rioya, yordamsevarlik, fidokorlik, ishonchlilik, mazlumni, bechorani, faqirni himoya qilish, bolalarga mehr va muhabbat koʻrsatish, rostgoʻylik, toʻgʻri soʻzlilik, nazokat, tavozeʼ, moʻtadillik, insonlarni goʻzal tarzda boshqarish, mardlik va shijoat kabi koʻringan-koʻrinmagan, maʼlum va nomaʼlum har turli goʻzal axloqni kamolga yetkazish uchun yaratilgan edilar. U zot har jihatdan oʻtgan va keladigan barcha maxluqotdan afzal edilar, hammaning ishonchini qozonib, «al-Amin» laqabini olgan edilar. Zayd ibn Horisa u zotdan koʻrgan goʻzal muomala sababli Paygʻambarimizni otasidan ham, onasidan ham koʻproq sevar, u zotning yonlaridan hech ayrilishni istamas edi.
«Bu mollarning hammasi oliy zotingizga tegishlidir. Men esa sizga muhtojman va sizdan minnatdorman» Xadichai Kubro (roziyallohu anho)
Onasi va otasi oʻgʻillarini qayerga olib ketishganini, unga nima qilinganini bilmas edilar. Otasi Horisa farzand oʻtida yonib-kuyib, yurtma-yurt kezib, oʻgʻlini izlar edi. U Yamandan turli yurtlarga ketayotgan qarindoshlari va tanishlariga oʻgʻli Zayddan biror xabar keltirishlarini qattiq tayinlar, sheʼrlar aytib, koʻz yoshi toʻkar edi:
Zaydim uchun yigʻladim, bilmam, ne boʻldi unga?
Tirikmi yo ajal yetdimi unga?
Soʻrama, ey koʻngil, behuda uni!
Bilolmassan: qabri tekislikdami, yo qoyalar aro.
Oʻgʻliga boʻlgan sogʻinchini izhor etgan yana bir sheʼri shunday:
Zaydim, bolam! Ketgan qaytishin bilsam edi, oh!
Sendan boshqasining qaytishin istamam, valloh.
Shamol esganda, qayerda bir bola koʻrsam, eslayman uni,
Har sahar quyosh chiqarkan, eslatar seni.
Faryod, jigarbandim uchun minglab faryod,
Ulovimga minib izlayman, garchi holim barbod.
Men ham, ulovim ham bilmaymiz tolish, horish,
Modomiki, bor ekan oʻgʻlim topilib, qarshimga chiqish.
Umid insonni qancha aldasa ham, u foniydir oxir,
Oʻgʻillarim! Qays, Amr, Yazid, Jabal! Zaydim sizga omonat.
Nihoyat, Islom kelishidan oldin Banu Kalb qabilasidan Kaʼbani ziyorat qilgani kelganlardan baʼzilari hazrati Zaydni koʻrib, tanidilar. Hazrati Zayd ularga: «Oilamning men uchun faryod-figʻon qilishini bilaman, bu baytlarni ularga yetkazinglar», – deb, quyidagi sheʼrni aytdi:
Yonmoqda yuragim, yiroqman men uyamdan,
Kaʼbaga qoʻshniman, yiroq boʻlsam ham onam-otamdan.
Gʻamingiz aslo yuragingizni kuydirmasin,
Men uchun faryodingiz Arshgacha yetmasin.
Hamd boʻlsin Mavloga, shunday bir uyadamanki,
Koʻrgan sharaf va xayrim uchun doim duodaman.
Bu xabardan Horisa juda sevindi. Darhol yoniga koʻp pul olib, birodari Kaʼb bilan birga Makkaga keldi. Makkaga yetgach, Paygʻambarimizning uylarini soʻrab topib, huzurlariga kirdi va shunday dedi: «Ey Quraysh qavmining sarvari, ey Abdulmuttalibning nabirasi, ey Banu Hoshim naslining farzandi! Siz Harami sharifning qoʻshnisisiz. Mehmonlarga ikrom, asirlarga ehson qilasiz, ularni asirlikdan qutqarasiz. Qulingiz boʻlgan oʻgʻlimizni qutqarish uchun qancha pul istasangiz, shuni beraylik; uni ozod qiling, iltimos, bu tilagimizni rad etmang!» Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Zaydni chaqirib, unga ahvolni bildiraylik. Ixtiyorni uning oʻziga beraylik. Agar u sizlarning yoningizga borishni tanlasa, hech qanday pul bermasdan uni olib ketishingiz mumkin. Agar u meni tanlasa va yonimda qolishni istasa, Allohga qasamki, meni tanlagan kishini hech kimga bermayman, u yonimda qoladi».
Horisa va uning birodari Paygʻambarimizning bu javoblaridan juda mamnun boʻlib: «Siz bizga juda adolatli va insofli muomala qildingiz», – deyishdi.
Shundan keyin Paygʻambarimiz Zaydni huzurlariga chaqirib, undan: «Bularni taniysanmi?» – deb soʻraganlarida, u: «Ha, biri – otam, boshqasi – amakim», – dedi. Shunda u zot shunday dedilar: «Ey Zayd! Sen mening kimligimni bilding, senga boʻlgan shafqatim va marhamatimni, muomalamni koʻrding. Bular seni olib ketgani kelibdilar. Endi yo meni tanla-da, yonimda qol, yo ularni tanla-da, ket».
Otasi bilan amakisi endi u bizni tanlaydi, Zaydni olib ketamiz, deb kutar edilar. Zayd shunday dedi: «Men hech kimni sizdan afzal koʻrmayman. Siz men uchun ham amakim, ham otam oʻrnidasiz. Sizning yoningizda qolishni istayman».
Otasi bilan amakisi hayratda qolib, dong qotdilar. Otasi jahl bilan Zaydga: «Holingga voy! Demak, sen qullikni ozodlikdan, onangdan, otangdan va amakingdan afzal koʻrasan!» – dedi. Zayd otasiga: «Otajon, men bu zotdan shunday shafqat va muomala koʻrdimki, endi hech kimni u zotdan afzal koʻra olmayman», – deb javob berdi.
Paygʻambarimiz Zaydni juda yaxshi koʻrar edilar. Uning oʻzlariga bunday sadoqatini va muhabbatini koʻrgach, uni Kaʼbai muazzamaning yonidagi Hijrga olib bordilar va u yerdagilarga xitob qilib: «Guvoh boʻlinglar: Zayd – mening oʻgʻlim. U menga voris, men unga vorisman», – dedilar. Buni koʻrgach, Zaydning otasi va amakisining jahli bosildi. Ular sevinib, yurtlariga qaytdilar. Shundan keyin sahobai kirom Zaydni Zayd ibn Muhammad (Muhammadning oʻgʻli Zayd) deb atay boshladilar. Keyinchalik Allohu taolo Ahzob surasining 5-oyatidagi: «Bolalaringizni otalarining ismi bilan chaqiringlar, shundayi Alloh huzurida toʻgʻriroqdir» va 40-oyatidagi: «Muhammad (alayhissalom) sizlardan birorta erkakning (Zayd kabi) otasi emas» degan amrlari bilan farzandlikka olishni ham bekor qilgach, hazrati Zaydni otasining ismi bilan, yaʼni «Horisaning oʻgʻli Zayd» (Zayd ibn Horisa) deb chaqira boshlashdi.10
Kaʼba nizosida hakam boʻlishlari
Rasululloh oʻttiz besh yoshlarida Kaʼba nizosida hakamlik qildilar. Oʻsha paytda yomgʻirlar va sellar Kaʼbaning devorlarini ancha yemirib yuborgan edi. Bundan tashqari, chiqqan bir yongʻin Kaʼbaga shikast yetkazgan edi.11 Binoni qaytadan qurish lozim edi. Shuning uchun Quraysh qabilasi Kaʼbani Ibrohim alayhissalom qurgan poydevorgacha buzib, qaytadan qura boshladi. Har bir qabilaga bir qismini berib, devorlarni koʻtardilar. Bu ishning ulugʻ sharaf ekanini bilgan qabilalar Hajarul asvad toshini joyiga qoʻyish masalasida kelisha olmadilar. Har bir qabila bu sharafga erishishni istagani uchun, ular orasida katta nizo chiqdi. Banu Abduddor: «Bu ishni bizdan boshqa biror kishi qilsa, qon toʻkamiz», – deb ahd qildilar. Toʻrt-besh kun davom etgan bu nizo sababli qon toʻkilishiga oz qoldi.
«Men hech kimni sizdan afzal koʻrmayman. Siz men uchun ham amakim, ham otam oʻrnidasiz. Sizning yoningizda qolishni istayman» Zayd ibn Horisa (roziyallohu anhu)
Bir dushanba kuni edi. Abdulmuttalibning togʻasi, keksa va hurmatli zot Huzayfa ibn Mugʻiyra Kaʼbaga ochiladigan Banu Shayba eshigini koʻrsatib, shunday dedi: «Ey Quraysh jamoasi! Kelisha olmayotgan ishingiz haqida hukm chiqarish uchun mana shu eshikdan birinchi boʻlib kiradigan kishini orangizda hakam qilinglar». U yerdagilar bu taklifni qabul qildilar va Banu Shayba eshigiga qarab, birinchi boʻlib kiradigan va shu nozik paytda nizoni hal qiladigan kishini kuta boshladilar. Nihoyat, eshikdan Muhammad alayhissalom kirib kelganlarini koʻrdilar. Ular u zotning rostgoʻyliklarini, yuksak axloqlarini behad qadrlar va u zotni doim al-Amin, yaʼni «hamisha ishonsa boʻladigan kishi» deb atar edilar. «Mana, al-Amin. U zotning hukmlariga rozimiz», – deyishdi.
Boʻlgan voqeani sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga aytib berishganda, u zot xirqalarini yechib, yerga yozdilar. Hajarul asvadni muborak xirqalarining ustiga qoʻyib: «Har bir qabiladan bir kishi uning bir chetidan ushlasin», – dedilar. Shu tariqa toshni qoʻyiladigan joyigacha koʻtartirdilar.
Soʻngra toshni oʻzlari quchoqlab, sharafli qoʻllari bilan joyiga qoʻydilar. Chiqay deb turgan katta toʻqnashuvning shu tariqa oldi olinganini koʻrgan qabilalar bu ishdan mamnun boʻldilar. Ular devorlarni qolgan joyidan davom ettirib, qurib bitirdilar.12
