DUNYOGA TASHRIF BUYURISHLARI (TUGʻILISHLARI)
Yetti qavat yer, yetti qavat osmon, qisqasi, butun olam ulkan hurmat va shodlik ichida oʻz sarvarini – Sayyidul mursalin, Xotamul anbiyo, Habibi Xudo boʻlmish zotni kutmoqda edi. Barcha maxluqot hol tili bilan u zotni «Xush kelibsiz, yo Rasulalloh!» deb qarshi olishga hozirlangan edi. Hijratdan 53 yil oldin, Fil voqeasidan ellik besh kun keyin, Rabiul avval oyining oʻn ikkinchi kuni, dushanba kechasi, tongga yaqin, Makkaning Banu Hoshim mahallasida, Safo tepaligi yaqinidagi bir uyda intizorlik bilan kutilgan zot – Allohu taoloning nuri Muhammad Mustafo (sallallohu taolo alayhi vasallam) dunyoga keldilar. U zotning tashriflari bilan olam qaytadan hayot topdi. Qorongʻiliklar birdan oʻsha «Nur» bilan yorishdi.1
Bu kecha – ul kechaki, ul sharif zot
Nuri ila olamlarni latif aylar.
Bu kecha dunyoni jannat qilar ul,
Bu kecha ashyoga Haq rahmat qilar.
Bu kecha shodumon boʻlur ahli dil,
Bu kecha uchun jon fido etar ular.
Olamlarga rahmatdir Mustafo,
Gunohkorga shafoatchidir Mustafo.
Ummatim, ummatim
Sharaflarning eng yuksagiga musharraf boʻlgan, onalarning eng baxtiyori hazrati Omina homiladorligini shunday hikoya qiladi: «Ul Sarvarga homilador boʻlgan kunlarimda hech qanday ogʻriq va aziyat koʻrmadim. Homilador ekanimni sezmas ham edim. Faqat olti oydan keyin bir kuni uyqu bilan uygʻoqlik orasida bir kishi menga: „Kimga homilador ekaningni bilasanmi?“ – dedi. „Bilmayman“, – deb javob berganimda, u: „Bilib qoʻy, sen paygʻambarlarning oxirgisiga homiladorsan!“ – deb xabar berdi. Tugʻish vaqti yaqinlashganda, oʻsha kishi yana kelib, shunday dedi: „Ey Omina! Bola tugʻilganda, ismini Muhammad qoʻy“. Boshqa bir rivoyatda: „Ey Omina! Bola tugʻilganda, ismini Ahmad qoʻy!“ – deb bildirilgan.»
Hazrati Omina onamiz tugʻish onini ham shunday hikoya qiladi: «Tugʻish vaqti kelganda, haybatli bir ovoz eshitdim. Etim junjikib, titray boshladim. Soʻngra bir oq qush koʻrdim; u kelib, qanoti bilan meni siladi. Qoʻrquv va titroqdan asar ham qolmadi. Shu payt qattiq chanqagan edim, goʻyo haroratdan yonayotgandek edim. Yonimda sutdek oppoq bir kosa sharbat koʻrdim. Uni menga ichishim uchun berdilar. Ichdim – u boldan shirin va muzdek edi. Endi chanqogʻim qolmagan edi. Soʻngra ulkan bir nur koʻrdim; uyim shunday nurlanib ketdiki, oʻsha nurdan boshqa hech narsani koʻrmas edim.
Agar istasangiz oʻtdan najot,
Ishq ila, shavq ila ayting salavot!
Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Nura Arshilloh.
«Men Allohu taoloning habibiman, suyuklisiman. Men paygʻambarlarning peshvosiman. Faxrlanish uchun aytmayapman» Hadisi sharif
Paygʻambarimiz tugʻilgan uyning eski oʻrni (Hozirgi kunda Makka kutubxonasi sifatida foydalanilmoqda)
Paygʻambarimiz tugʻilgan uy katta bobolari Hoshim ibn Abdu Manofga tegishli edi. U Kaʼbadan 300–400 metr shimoli-sharqda joylashgan edi.
Paygʻambarimiz hijrat qilayotganlarida bu muborak uyni Aqil ibn Abu Tolibga topshirgan edilar. Aqilning nabiralari esa uni Muhammad ibn Yusuf Saqafiyga sotgan edilar.
Keyinchalik bu muborak uyni Horun Rashidning onasi Xayzuron xonim sotib olib, masjidga aylantirdi.
Abbosiylar va mamluklar muhofaza qilgan bu masjid usmonlilar davrida ham ehtiyotkorlik bilan saqlandi. Qonuniy sulton Sulaymonxon masjidni qayta qurdirdi.
Bu masjid tarix davomida koʻp marta taʼmirlandi.
1924 yilda bu masjid buzib tashlandi. Shayx Abbos Qatton 1950 yilda bu yerda qurdirgan bino ham 1959 yildan beri Makkaning xalq kutubxonasi sifatida foydalanilmoqda.
Oʻsha payt atrofimni oʻrab olgan, menga xizmat qilayotgan koʻplab ayollarni koʻrdim. Boʻylari baland, yuzlari quyoshdek porlar edi. Ular Abdu Manof qabilasining qizlariga oʻxshar edilar. Ularning birdan paydo boʻlganidan hayratda qoldim. Ulardan biri: „Men – Firʼavnning zavjasi Osiyo!“ – dedi. Boshqasi esa: „Men – Maryam bint Imron, bular esa – jannat hurlari2“ – dedi.
Yana oʻsha payt osmondan yergacha choʻzilib tushgan uzun, oppoq bir ipak matoni koʻrdim. „Uni odamlarning koʻzidan toʻsinglar“, – dedilar. Shu on bir gala qush paydo boʻldi. Ularning tumshuqlari zumraddan, qanotlari yoqutdan edi. Qoʻrquvdan terlab ketgan edim, tomayotgan ter tomchilaridan mushk hidi taralar edi. Shu holatda ekanman, koʻzimdan pardani koʻtardilar. Butun yer yuzini sharqdan gʻarbgacha koʻrdim. Atrofimni farishtalar oʻrab olgan edi.
Muhammad alayhissalom tugʻilishlari bilanoq muborak boshlarini sajdaga qoʻydilar va shahodat barmoqlarini koʻtardilar. Soʻngra osmondan bir parcha oq bulut tushib, u zotni oʻrab oldi. Bir ovoz eshitdim, u: „U zotni magʻribdan mashriqqacha hamma joyda aylantiringlar. Aylantiringlarki, butun olam u zotni ismlari, jismlari va sifatlari bilan koʻrsin. U zotning ismlari Mohiy ekanini, yaʼni Allohu taolo u zot orqali shirk asarlarini yoʻq qilishini bilsinlar“, – der edi.
Soʻngra oʻsha bulut ham koʻzdan gʻoyib boʻldi va Muhammadni (sallallohu alayhi vasallam) oq jun matoga oʻralgan holda koʻrdim. Yana oʻsha payt yuzlari quyoshdek porlagan uch kishi keldi. Birining qoʻlida kumush obdasta, ikkinchisining qoʻlida zumrad tos, uchinchisining qoʻlida esa ipak bor edi. Obdastadan goʻyo mushk tomayotgandek edi. Ular muborak oʻgʻlimni tosning ichiga qoʻydilar. Muborak boshlarini va oyoqlarini yuvib, ipakka oʻradilar. Soʻngra muborak boshlariga xushboʻy atir surtdilar, muborak koʻzlariga surma qoʻydilar va koʻzdan gʻoyib boʻldilar.»
Osmondan tushdi farishtalar saf-saf,
Kaʼbadek uyimni qildilar tavof.
Hurlar keldi toʻp-toʻp, gala-gala,
Yuzlari nuridan uyim toʻldi nur.
Havo uzra toʻshaldi bir toʻshak ham,
Nomi Sundus, uni toʻshagan – farishta.
Bu ishlar menga ayon koʻringach,
Hayrat ichra qoldim men shul zamon.
Nogahon devor yorilib ochildi,
Uch hur kelib, menga ayon boʻldi.
Baʼzilar derki, ul uch dilbardan
Biri oy yuzli Osiyo edi.
Biri, shubhasiz, Maryam xonim edi,
Biri esa hurlardan bir nigor.
Keldilar lutf ila ul uch oy yuzli,
Shul dam menga salom berdilar.
Atrofimga kelib oʻtirdilar,
Mustafoni bir-biriga mujda etdilar.
Muhammad alayhissalom tugʻilgan paytlarida hazrati Omina onamizning yonida Abdurrahmon ibn Avfning onasi Shifo xonim, Usmon ibn Abul Osning onasi Fotima xonim va Paygʻambarimizning ammalari Safiyya xonim bor edi. Ular ham koʻrgan nurlarini va yuz bergan boshqa hodisalarni shunday hikoya qildilar:
Shifo xonim hikoya qiladi: «Oʻsha kecha men Ominaning yonida yordamchi boʻlib turgan edim. Muhammad alayhissalomning tugʻilishlari bilanoq duo va niyoz qilganlarini eshitdim. Gʻoyibdan: „Yarhamuka Rabbuka“, – degan ovoz eshitildi. Soʻngra bir nur chiqib, shunday yorugʻlik sochdiki, sharqdan gʻarbgacha hamma joy koʻrindi…» Yana koʻp hodisalarga guvoh boʻlgan Shifo xonim: «U zotga paygʻambarliklari bildirilganda, hech ikkilanmasdan birinchi iymon keltirganlardan biri men boʻldim», – degan.
«Qiyomatda hamma jim qolganda, men soʻzlayman. Hech kim qimirlay olmaydigan paytda ularga shafoat qiluvchi – menman» Hadisi sharif
Yaratilmishlar jumla shodumon boʻldi,
Gʻam ketib, olam yangidan topdi jon.
Jahonning jumla zarralari nido etib,
Bir-birin chorlab, dedilar: marhabo!
Marhabo, ey oliy sulton, marhabo,
Marhabo, ey irfon koni, marhabo.
Marhabo, ey Furqon sirri, marhabo,
Marhabo, ey dardga darmon, marhabo.
Marhabo, ey jamol bogʻining bulbuli,
Marhabo, ey Zuljalolning oshnosi.
Marhabo, ey Xudoning oyu quyoshi,
Marhabo, ey Haqdan ayrilmagan zot.
Marhabo, ey osiy ummatning panohi,
Marhabo, ey chorasizlar panohi.
Marhabo, ey Xalilning koʻz quvonchi,
Marhabo, ey Jalilning xos mahbubi.
Marhabo, ey olamlarga rahmat,
Marhabo, gunohkorlar shafoatchisi – siz.
Marhabo, ey ikki jahon podshohi,
Siz uchun yaratildi kavnu makon.
Safiyya xonim ham shunday hikoya qilgan: «Muhammad alayhissalom tugʻilgan paytlarida hamma yoqni bir nur qopladi. Tugʻilishlari bilanoq sajda qildilar, soʻngra muborak boshlarini koʻtarib, ravon til bilan: „La ilaha illalloh, inniy Rasululloh“, – dedilar. U zotni yuvmoqchi boʻlganimda: „Biz uni yuvilgan holda yubordik“, – degan ovoz eshitildi. Kindiklari kesilgan va sunnat qilingan holda ekanlarini koʻrdik. Tugʻilishlari bilanoq sajda qildilar. Shu payt past ovoz bilan nimadir der edilar. Qulogʻimni muborak ogʻizlariga yaqinlashtirdim: „Ummatiy, ummatiy!“ (Ummatim, ummatim!) – der edilar».3
Baytullohga qarab ul Rasul shunday
Yuzin yerga qoʻyib, sajda qildilar.
Sajdada boshi, tili hamd aytar,
Barmogʻin koʻtarib, tavhid aytar.
Derlar: «Ey Mavlom, yuzim Senga tutdim,
Yo Ilohiy, ummatimni menga bergil».
Himmatlarin dildan Haqqa bogʻlab,
Der edilar: «Ummatiy, vo ummatiy!»
Sevimli Paygʻambarimiz tugʻilgan paytlarida bobolari Abdulmuttalib muborak Kaʼbaning yonida Allohu taologa yolvorib, duo qilayotgan edi. Unga bu tugʻilish haqidagi xushxabar shunday yetdi:
Kaʼba birdan Maqomi Ibrohim tomonga sajda qildi va yana avvalgi holiga qaytdi. Abdulmuttalib Kaʼbaning fasih til bilan: «Allohu akbar! Muhammadning (sallallohu alayhi vasallam) ovozi meni butlardan poklaydi», – deganini eshitdi. Oʻsha payt Hubal buti yuztuban yiqildi. Soʻngra bir nido keldi: «Ominaning bir oʻgʻli dunyoga keldilar. Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) xalqni zalolat zulmatidan hidoyat nuriga yetkazadilar. Haq taolo u zotni insonlarga va jinlarga paygʻambar qilib yubordi. Ey farishtalar, guvoh boʻlinglar: u zotga barcha xazinalarning kalitlari berildi. U zotning tugʻilgan kunlarini unutmanglar, u kun to qiyomatgacha sizlarning bayramingiz boʻlsin». Bu soʻzlarni eshitgan Abdulmuttalibning hayratdan tili tutilib qoldi. «Nahotki tush koʻrayotgan boʻlsam?» – deb qoʻlini koʻksiga surtdi. Shunda yana bir nido eshitdi: «Ey Qurayshning ulugʻi, seni qoʻrqitgan bu hol nima?» Uning javob berishga madori yoʻq edi.
Ominaning uyiga yaqinlashganda, u uyning tomida bir qush koʻrdi. Qush qanotlarini uyning ustiga yoyib, uni yopib olgan edi. Makkaning togʻlari uning nuridan porlar edi. Bir oq bulut uyga soya solib turardi. Eshik oldida turgan ikki farishta uni ichkariga kiritmadi. «Bu qanday hol? Yo tush koʻryapmanmi?» – deb oʻylanib turganida, ichkaridan kelgan mushk hidi dimogʻiga urildi.
Abdulmuttalib Muhammad alayhissalom tugʻilgan kunlari koʻp hodisalarni koʻrgan edi. U bu xushxabardan juda sevinib: «Bu oʻgʻlimning shoni, sharafi juda yuksak boʻladi», – dedi.4
Shunday ulkan baxtni nishonlash uchun Abdulmuttalib tugʻilishning yettinchi kunidan boshlab makkaliklarga uch kun davomida ziyofat berdi. Bundan tashqari, shaharning har bir mahallasida tuyalar soʻyib, goʻshtini odamlar va hayvonlarning foydalanishiga qoʻydi.5 Ziyofat paytida bolaga qanday ism qoʻyganini soʻraganlarga u: «Men bolaga MUHAMMAD (sallallohu alayhi vasallam) ismini qoʻydim», – dedi. «Nega ota-bobolaringdan birining ismini qoʻymading?» – deganlarga esa: «Allohu taolo ham, insonlar ham u zotni madh etishlarini, maqtashlarini istaganim uchun», – deb javob berdi.6 Boshqa bir rivoyatda «Muhammad» ismini Omina xonim qoʻygani bildirilgan.
Ey jamoli toʻlin oydek nurli zot,
Ey jumla yiqilganlarga dastgir – siz.
Ey koʻngillar dardining darmoni – siz,
Ey yaratilmishlarning sultoni – siz.
Sizsiz jumla anbiyoning sultoni,
Avliyo va asfiyoning koʻz nuri.
Ey risolat taxtining xotami – siz,
Ey nubuvvat muhrining xotami – siz.
«Qiyomat kuni paygʻambarlarning imomi, xatibi va ularning barchasiga shafoat qiluvchi – menman. Bularni faxrlanish uchun aytmayapman» Hadisi sharif
Nuringiz olamni ravshan etgach,
Gul jamolingiz gulshan etdi olamni.
Jahlu zalolat zulmati yoʻqoldi,
Maʼrifat bogʻi topdi ayni kamol.
Yo Habiballoh, bizga imdod qiling,
Soʻnggi nafasda diydoringiz ila shod qiling.
Rasululloh tugʻilgan kechada yuz bergan muhim hodisalar
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) tugʻilishlaridan oldin ham, tugʻilgan paytlarida ham u zotning dunyoga tashrif buyurishlariga alomat boʻlib koʻp hodisalar yuz berdi. Oʻsha zamonning mashhur kishilari Paygʻambarimiz hali tugʻilmaslaridan oldin tushlar koʻrgan edilar. Tushlarini kohinlarga va zamonasining mashhur olimlariga taʼbir qildirishganda, ular bu tushlar «Muhammad alayhissalomning kelishlarini koʻrsatayotganini» aytishdi.
Sevimli Paygʻambarimizning bobolari Abdulmuttalib shunday hikoya qilgan: «Bir kuni uyquga ketgan edim. Koʻrgan tushimdan qattiq seskanib uygʻondim. Darhol bir kohinning oldiga borib, tushimni taʼbir qildirmoqchi boʻldim. Uning yoniga borganimda, u yuzimga qarab: „Ey Qurayshning boshligʻi! Senga nima boʻldi? Yuzingda butunlay boshqacha bir hol koʻrinyapti. Yoki seni bu holga solgan biror muhim hodisa yuz berdimi?“ – dedi. „Ha, hali hech kimga aytmagan dahshatli bir tush koʻrdim“, – dedim-da, yoniga oʻtirib, aytib bera boshladim:
„Bu kecha tushimda juda ulkan bir daraxt bor edi. Uning bir uchi osmonga koʻtarilgan, shoxlari sharqqa va gʻarbga yoyilgan edi. U daraxtdan shunday bir nur sochilar ediki, uning yonida quyosh ham juda xira qolardi.
Daraxt goh koʻrinar, goh koʻzdan gʻoyib boʻlardi. Odamlar unga yuzlangan edilar. Uning nuri har lahza ortib borardi. Quraysh qabilasidan baʼzilari oʻsha daraxtning shoxlariga yopishar, boshqa bir qismi esa daraxtni kesishga urinar edi. Bir yigit uni kesmoqchi boʻlganlarga toʻsqinlik qilardi. Uning juda goʻzal yuzi bor edi; men shu paytgacha bunday yuzni koʻrmaganman. Bundan tashqari, uning badanidan atrofga xush iforlar taralar edi. Daraxtning bir shoxini ushlash uchun qoʻlimni uzatdim, ammo yeta olmadim“.
Tushimni aytib boʻlganimda, kohinning yuzi oʻzgardi.
Uning rangi sargʻaydi. Soʻngra u: „Sening undan nasibang yoʻq!“ – dedi. „Kimning nasibasi bor?“ – deb soʻradim. U: „Oʻsha daraxtning shoxiga yopishganlarning“, – dedi va soʻzida davom etib: „Sening pushtingdan bir paygʻambar keladi, u zot hamma tomonga hokim boʻladilar, odamlar u zotning dinlariga kiradilar“, – dedi. Soʻngra yonimda turgan oʻgʻlim Abu Tolibga oʻgirilib: „Bu, har holda, u zotning amakilari boʻlsa kerak“, – dedi.» Abu Tolib bu voqeani Paygʻambarimizga paygʻambarlik bildirilgandan keyin hikoya qilib bergan va: «Mana oʻsha daraxt – Abul Qosim, al-Amin Muhammad alayhissalomdir», – degan.
Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom dunyoga kelgan kechada bir yulduz chiqdi. Uni koʻrgan yahudiy olimlari Muhammad alayhissalomning tugʻilganlarini angladilar.
Sahobai kiromdan Hasson ibn Sobit hikoya qiladi: «Men sakkiz yoshda edim. Bir kuni ertalab bir yahudiy: „Hoy yahudiylar!“ – deb qichqirgancha yugurar edi. Yahudiylar: „Nima gap, nega baqiryapsan?“ – deb atrofiga yigʻilganlarida, u: „Xabaringiz boʻlsin: bu kecha Ahmadning yulduzi chiqdi! Ahmad bu kecha dunyoga keldilar…“ – deb javob berdi.»
Rasuli akram tugʻilgan kechada Kaʼbadagi butlarning hammasi yuztuban yerga quladi.
Urva ibn Zubayr rivoyat qiladi: «Qurayshdan bir jamoaning bir buti bor edi. Ular yilda bir marta uning atrofini tavof qilar, tuyalar soʻyib, sharob ichar edilar. Yana shunday kunlarning birida butning yoniga borganlarida, uni yuztuban yerga yiqilgan holda topdilar. Uni koʻtardilar – u yana yiqildi. Bu hol uch marta takrorlandi. Shundan keyin uning atrofini yaxshilab tirab, tiklayotganlarida, shunday bir ovoz eshitildi: „Bir zot tugʻildi, yer yuzida hamma narsa harakatga keldi. Qancha but boʻlsa – hammasi quladi. Podshohlarning qalblari qoʻrquvdan titradi!“» Bu hodisa aynan Muhammad alayhissalom tugʻilgan kechaga toʻgʻri kelar edi.
Madoin shahridagi Eron shohi (Kisro) saroyining oʻn toʻrtta minorasi (burji) quladi. Oʻsha kecha Kisro va uning odamlari gumburlagan ovoz va dahshatdan uygʻonib ketdilar. Ular oʻzlarining koʻzga koʻringan baʼzi kishilari koʻrgan qoʻrqinchli tushlarni taʼbir qildirishganda, bu ulkan bir narsaning alomati ekanini anglagan edilar.
Eng mashhur kohinlar bu tushlarni shunday taʼbir qildilar: «Ular Shom, Dajla, Furot, Iroq va Eron Islomning mulki boʻlishidan xabar bermoqda».
«Men har asrda, har zamonda yashagan insonlarning eng yaxshilaridan, saralanganlaridan dunyoga keltirildim» Hadisi sharif
Makkai mukarrama va uning atrofi
Yana oʻsha kecha majusiylarning, yaʼni otashparastlarning ming yildan beri yonib turgan ulkan gulxanlari birdan oʻchdi. Ular olov oʻchgan vaqtni yozib qoʻydilar; bu Kisro saroyining minoralari qulagan kechaga toʻgʻri kelar edi.
Oʻsha zamonda muqaddas hisoblangan Sova koʻlining suvi ham oʻsha kecha bir lahzada tortilib, koʻl qurib qoldi.
Shom tarafida ming yildan beri suvi oqmagan va qurib qolgan Samova daryosining vodiysi oʻsha kecha toʻlib-toshib oqa boshladi.
Muhammad alayhissalom tugʻilgan kechadan boshlab shaytonlar va jinlar endi quraysh kohinlariga hodisalardan xabar bera olmaydigan boʻldilar. Kohinlik barham topdi…
Habibi akram tugʻilgan kechada va undan keyin ham, oʻsha paytgacha koʻrilmagan bu hodisalardan tashqari, yana koʻp hodisalar yuz berdi. Bularning barchasi oxirgi Paygʻambar Muhammad alayhissalomning dunyoga kelganlariga ishora edi.7
Mavlid kechasi
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) tugʻilgan kechaga «Mavlid kechasi» deyiladi. Mavlid – «tugʻilish vaqti» deganidir.
Bu kecha Qadr kechasidan keyingi eng qimmatli kechadir; bu kechada sevimli Paygʻambarimiz tugʻilganlari uchun sevinganlar afv etiladilar.
Bu kechada Paygʻambarimiz tugʻilgan paytda koʻrilgan hollarni, moʻjizalarni oʻqish, tinglash, oʻrganish katta savobdir. Sevimli Paygʻambarimizning oʻzlari ham bularni hikoya qilar edilar.
Sahobai kirom ham bu kechada bir joyga yigʻilar, oʻsha kunni yod etar, oʻqir va hikoya qilar edilar.
Dunyoning har bir burchagidagi musulmonlar har yili Rabiul avval oyining 12-kechasini Mavlid kechasi sifatida nishonlaydilar. Hamma joyda mavlid qasidalari oʻqilib, Koinot sultoni yod etiladi.
Har bir paygʻambarning ummati oʻz paygʻambarining tugʻilgan kunini bayram qilgan. Bu kun ham musulmonlarning bayrami, shodlik va sevinch kunidir.
«Meni madh etish (mavlid, ilohiy sheʼrlar oʻqish) – ibodatdir. Daf (cholgʻu asbobi) chalib, oʻyin-kulgi orasida ibodat qilish joiz emas» Hadisi sharif
Omina xonimdir u zotning onasi,
Shul sadafdan tugʻildi ul durdonasi.
Rabiul avval oyining
Oʻn ikkinchi kechasi, dushanba kechasi,
Xayrul bashar tugʻilgan ul kechada
Onasi nelar koʻrdi, nelar!
Dedi ul Habibning onasi: «Koʻrdim
Ajib bir nurki, quyosh – parvonasi.
Chaqmoqdek uyimdan chiqdi nogahon,
Osmonlargacha nur ila toʻldi jahon.
Osmonlar ochildi, yoʻqoldi zulmat,
Uch farishta koʻrdim, qoʻlida uch chiroq.
Biri – mashriqda, biri – magʻribda,
Biri Kaʼbaning tomida tikildi.
Kaʼba bir sado berdi shul dam nogahon,
Dedi: tugʻildi bu kecha jahon quyoshi».
Yo Ilohiy, ul Muhammad haqqi uchun,
Ul shafoat koni Ahmad haqqi uchun,
Ummatidan rozi boʻlsin ul Muʼin,
Rahmatullohi alayhim ajmaʼiyn.
Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Nura Arshilloh!
Süleyman Çelebi
