KUFR BAHSI
Yomonliklarning eng yomoni – Allohu taologa ishonmaslik, ateist boʻlishdir. Ishonish lozim boʻlgan narsaga ishonmaslik kufr boʻladi. Muhammad alayhissalomga ishonmaslik kufr boʻladi. Muhammad alayhissalomning Allohu taolo huzuridan olib kelib bildirganlarining hammasiga qalb bilan ishonish va til bilan ham iqror qilish, aytishga iymon deyiladi. Aytishga biror monelik boʻlganda, aytmaslik afv qilinadi. Iymon hosil boʻlishi uchun Islom kufr alomati deb bilgan narsalarni aytishdan va ishlatishdan saqlanish ham lozimdir. Islom ahkomidan, yaʼni Islomning amr va taqiqlaridan birini yengil sanash, Qurʼoni karimni, farishtani, paygʻambarlardan birini (alayhimussalavotu vattaslimot) masxara qilish kufr alomatlaridandir. Inkor qilish – eshitgandan keyin ishonmaslik, tasdiq qilmaslik demakdir. Shubha qilish ham inkor boʻladi. Islom iymonsizlik alomati deb bilgan soʻzlarni aytgan va ishlarni qilgan kishi qalbida tasdiq boʻlsa ham, ishonishini aytsa ham, kofir boʻladi. Islom tahqir qilishni buyurgan narsaga taʼzim koʻrsatish, taʼzim qilishni buyurgan narsani tahqirlash kufrdir.
Kufrga sabab boʻladigan baʼzi narsalar
1. «Allohu taolo Arshdan yoki osmondan bizga qarab turibdi» deyish kufrdir. Chunki Allohu taolo makondan munazzahdir. U haqda «yerda, osmonda, pastda, yuqorida, oʻngda, chapda» deb boʻlmaydi. 2. «Sen menga zulm qilganingdek, Allohu taolo ham senga zulm qilyapti» deyish kufrdir. Allohu taolo zolim emas. U bandalariga zulm qilmaydi. «Zulm» soʻzi Allohu taolo haqida aytilmaydi. 3. «Falon musulmon mening koʻzimda yahudiy kabidir» deyish kufrdir. 4. Yolgʻon bir soʻz haqida «Allohu taolo biladiki, bu toʻgʻri» deyish kufrdir. 5. Farishtalarni kamsitadigan gaplarni aytish kufrdir.
6. Qurʼoni karimni, hatto uning bir harfini kamsitadigan soʻz aytish, uning biror harfiga ishonmaslik kufrdir. 7. Cholgʻu chalib Qurʼoni karim oʻqish, munojot aytish, azon aytish, mavlid oʻqish kufrdir. 8. Paygʻambarlarni kamsitadigan gaplarni aytish kufrdir. 9. Koʻp yaxshilik qiladigan bir kishi haqida «U paygʻambardan ham yaxshiroq» deyish kufr boʻladi. 10. Bir kishi oʻzini paygʻambar desa, unga ishonganlar ham kofir boʻladi.
11. Oxiratda boʻladigan narsalarni masxara qilish kufr boʻladi. 12. Qabrdagi va qiyomatdagi azoblarga (aqlga, fanga mos emas deb) ishonmaslik kufrdir.
13. Jannatda Allohu taoloni koʻrishga ishonmaslik kufr boʻladi.
14. Mashhur sunnatlardan birini yoqtirmaslik kufrdir.
15. Islom ilmlariga ishonmaslik, ularni va din olimlarini mensimaslik ham kufr boʻladi. 16. Kofir boʻlishni istagan kishi bunga niyat qilgan lahzadayoq kofir boʻladi.
17. Kufrga sabab boʻlishini bilib turib, oʻz xohishi bilan kufr soʻzlarini aytgan kishi kofir boʻladi. Bilmasdan aytsa ham, olimlarning koʻpchiligiga koʻra, baribir kofir boʻladi. 18. Beliga zunnor deb ataladigan rohiblar belbogʻini bogʻlash va faqat kufrga xos biror narsani kiyish kufr boʻladi. Savdogarning bularni dorul harbda ham ishlatishi kufr boʻladi. Bularni hazil-mutoyiba uchun, boshqalarni kuldirish uchun, oʻyin-kulgi uchun ishlatish ham kufrga sabab boʻladi.
19. Bir musulmonni yomonlash uchun unga «kofir» deyish kufr boʻlmaydi. Uning kofir boʻlishini istab aytish esa kufr boʻladi. 20. Bolaligida nikoh qilingan qiz oqil va balogʻatga yetganda iymonni, Islomni bilmasa, soʻralganda aytib bera olmasa yoki ularga ishonmasa, eridan ajralgan boʻladi, oʻzi esa murtad boʻladi. Oʻgʻil bola ham shunday.
21. Bir kishini nohaq urgan yoki oʻldirgan zolimga «Yaxshi qilding, u bunga loyiq edi» deyish kufr boʻladi.
22. Farz ekaniga ishonmasdan, yengil sanab namoz oʻqimaslik, roʻza tutmaslik, zakot bermaslik kufr boʻladi. 23. Allohning rahmatidan umid uzish kufr boʻladi. 24. Oʻlaksa, choʻchqa goʻshti, sharob kabi oʻzi harom boʻlgan narsalarga «haromi li aynihi» deyiladi. Ularga halol deyish kufr boʻladi. 25. Harom ekani qatʼiy maʼlum boʻlgan barcha gunohlarga halol deyish ham kufr boʻladi.
26. Azon, masjid, fiqh kitoblari kabi Islom qadrlaydigan narsalarni tahqirlash kufr boʻladi. 27. Tahoratsiz ekanini bilib turib namoz oʻqish kufr boʻladi. 28. Bilib turib qibladan boshqa tomonga qarab namoz oʻqish kufr boʻladi. «Namozni qiblaga qarab oʻqish lozim emas» degan kishi kofir boʻladi. 29. Bir kishi bir Islom olimiga sababsiz bugʻz qilsa yoki uni soʻksa, uning kufrga tushishidan qoʻrqiladi. 30. Olimlar aytishicha, bir kishi yoqtirmagan odamiga «Sening yuzing menga jon oluvchinikidek koʻrinadi» desa, kofir boʻladi. Chunki jon oluvchi farishta (Azroil alayhissalom) ulugʻ farishtadir.
«Allohu taolo Oʻziga shirk keltirganlarni, yaʼni kofirlarni kechirmaydi, shirkdan, yaʼni kufrdan boshqa gunohlarni esa kechiradi» Niso: 116
31. Zino, livota, foiz, yolgʻon kabi har bir dinda harom boʻlgan biror narsa haqida «Halol boʻlganida edi, men ham qilardim» deb orzu qilish kufrdir. 32. Muhammad alayhissalomning oxir zamon Paygʻambari ekanliklarini bilmagan kishi kofir boʻladi. 33. Bir kishi ipak kiysa, boshqa bir kishi unga «Muborak boʻlsin» desa, oʻsha ikkinchi kishining kufrga tushishidan qoʻrqiladi.
34. Tafsir va fiqh kitoblarini haqorat qiladigan, ularni yoqtirmaydigan, yomonlaydigan kishi kofir boʻladi. 35. Bir kishi «Jabroilning buzogʻidek shir yalangʻoch boʻlib qolibsan» desa, bu – ofatdir, farishtani masxara qilishdir. 36. «Paygʻambar (alayhissalotu vassalom) qora edilar» degan kishi kofir boʻladi. 37. «Namoz oʻqimaslik – yaxshi ish» degan kishi kofir boʻladi. Olimlar aytishicha, bir kishi boshqa bir kishiga «Kel, namoz oʻqi» desa, u esa «Namoz oʻqish menga ogʻir ish» desa, kofir boʻladi. 38. «Alloh bobo» degan kishi kofir boʻladi. 39. Bir kishi «Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) taom yegandan keyin muborak barmoqlarini yalar edilar» desa, boshqa bir kishi esa «Bu – adabsizlik» desa, ana shu keyingi kishi kofir boʻladi. 40. Qurʼoni karimga oʻz aqli bilan maʼno bergan kishi kofir boʻladi.
41. Qurʼoni karim yozilgan tasmalar va plastinkalar musʼhafi sharif kabi qimmatlidir. Ularga hurmatsizlik qilish ham kufr boʻladi. 42. Jinlar bilan tanish folbinlarga, yulduznomaga qarab soʻralgan har bir narsaga javob beradiganlarga va sehrgarlarga borib, ularning aytganlariga, qilganlariga ishonish – goho toʻgʻri chiqsa ham – Allohu taolodan boshqasining har narsani bilishiga va har istaganini qila olishiga ishonish demakdir va kufr boʻladi. (Fan bilimlariga ishonmaslik bunday emas.) 43. Sunnatni yengil sanab, unga ahamiyat bermasdan tark qilish kufr boʻladi. 44. «Sehrgar sehri bilan istaganini albatta qiladi, sehr albatta taʼsir qiladi» degan va bunga ishongan kishi kofir boʻladi.
45. Musulmon oʻziga «kofir» degan kishiga «Labbay» kabi rozi ekanini bildiradigan javob qaytarsa, u ham kofir boʻladi. 46. Nikohi harom boʻlgan ayolga uylanishni halol degan kishi kofir boʻladi.
47. Bir kishi qoʻlidagi qatʼiy harom boʻlgan moldan sadaqa bersa va buning uchun savob umid qilsa, uni olgan faqir ham molning haromdan ekanini bilib turib, beruvchiga «Alloh sendan rozi boʻlsin» desa, beruvchi yoki boshqa bir kishi «Omin» desa, ularning hammasi kofir boʻladi.
48. Allohu taolodan boshqasini, qanday maqsadda boʻlmasin, «Yaratuvchi» deb atash kufrdir. 49. «Abdulqodir» oʻrniga qasddan «Abdulqoʻydir» deyish kufrdir. «Abdulaziz» oʻrniga «Abduluzayz», «Muhammad» oʻrniga «Memo», «Hasan» oʻrniga «Hasso», «Ibrohim» oʻrniga «Ibo» deyish ham shundaydir. Bu ismlarni oyoq kiyimlari va shippaklarga yozganlarning va ularni bosib yurganlarning iymonlari ketishidan qoʻrqiladi. 50. «Johillar avliyolarni yaratuvchi deb oʻylashlaridan qoʻrqqanimiz uchun maqbaralarni buzyapmiz» degan soʻz kufrdir. 51. Ustida yozuv, hatto bir harf boʻlgan qogʻozni, dasturxonni, joynamozni yerga qoʻyish (haqorat uchun toʻshash yoki ishlatish) kufr boʻladi. 52. «Abu Bakr Siddiq va Umarul Foruqning (roziyallohu taolo anhumo) xilofatga haqlari yoʻq edi» deyish kufrdir. 53. Boshqa birovning, ayniqsa, oʻz bolasining kofir boʻlishiga sabab boʻlgan kishining oʻzi ham kofir boʻladi. 54. Qurʼoni karimning radioda va karnayda aytiladigan, oʻqiladigan aynan oʻxshashiga hurmatsizlik qilish ham kufr boʻladi.
55. Sunnat boʻlgan bir ishni yoqtirmaslik kufrdir. Sunnatga ahamiyat bermaslik kufrdir. 56. Mayyitni tuproqqa koʻmish farzdir. Bu farzga ahamiyat bermasdan bu xizmatdan qochgan va ilmni, fanni bahona qilib, «Oʻliklarni koʻmish – qoloqlik. Buddaviy, brahman, kommunist kofirlar kabi oʻliklarni yoqish yaxshiroq» degan kishining iymoni ketadi, u murtad boʻladi. 57. «Tez beruvchi bobo» deyish juda xunuk boʻlib, kufrga sabab boʻladi. 58. Zinoni, livotani joiz deyish kufrdir. 59. Nass (yaʼni oyat va hadis) va ijmoʼ bilan bildirilgan haromga ahamiyat bermaslik kufrdir.
60. Katta gunohlarni davom ettirish, ularda oʻjarlik qilish kufrga olib boradi. Namozga ahamiyat bermaslik kufrdir. 61. Allohu taoloning valiylaridan oʻligini yoki tirigini til yoki qalb bilan inkor qilish kufrdir. 62. Avliyoga va ilmi bilan amal qiluvchilarga dushmanlik kufrdir. 63. «Avliyoda ismat sifati bor» deyish kufrdir. (Ismat sifati faqat paygʻambarlarda boʻladi.)
64. Biror hodisaning oʻz-oʻzidan boʻlganiga ishonish va «hayvonlar bir hujayralilardan murakkab tuzilishlilarga tomon bir-biriga aylanib, nihoyat insonga aylangan» deyish kufrdir.
«Yo Rabbim! Sendan oxiri kufr bilan tugamaydigan iymon soʻrayman!» Hadisi sharif
65. Kofirlarning ibodatlarini ibodat sifatida bajarish, masalan, ular cherkovlarida chaladigan organ kabi cholgʻularni va qoʻngʻiroqlarni masjidlarda chalish hamda Islom kofirlik alomati deb sanagan narsalarni zaruratsiz va majbur boʻlmasdan ishlatish kufr boʻladi. 66. Sahobai kiromni soʻkkan kishiga mulhid deyiladi. Mulhid kofirdir. 67. Rasmda tasvirlangan, haykalda gavdalantirilgan shaxsda, xochda yoki yulduz, quyosh, sigir kabi biror narsada ilohlik sifati bor deb ishonib, masalan, «istaganini yaratadi, har istaganini qiladi, kasalga shifo beradi» deb unga taʼzim qilish kufr boʻladi. 68. Hazrati Oishaga tuhmat qilgan (uni fohisha degan) va otasining sahobiy ekaniga ishonmagan kishi kofir boʻladi. 69. Iso alayhissalomning osmondan tushishlari ham har kim bilishi zarur boʻlgan narsadir. Bunga ishonmagan kishi kofir boʻladi. 70. Qurʼoni karimda va hadisi sharifda jannat bilan xushxabar berilgan kishiga kofir deyish kufrdir. 71. Musulmon ayolning boshi, qoʻllari va oyoqlari ochiq holda koʻchaga chiqishi, ularni erkaklarga koʻrsatishi haromdir, gunohdir. Agar u bunga ahamiyat bermasa, parvo qilmasa, iymoni ketadi, kofir boʻladi. 72. Farishtalarning va jinlarning borligiga ishonmagan kishi kofir boʻladi.
73. Musulmonga «Ey kofir!» degan (yoki musulmonni mason, kommunist degan) va uni kofir deb eʼtiqod qilgan kishining oʻzi kofir boʻladi. 74. Paygʻambarlarning soni aniq maʼlum emas. Biror sonni aytish paygʻambar boʻlmaganni paygʻambar deb hisoblash yoki paygʻambar boʻlganni paygʻambar deb tan olmaslik boʻlishi mumkin. Bu esa kufrdir. Chunki paygʻambarlardan birini tan olmaslik – ularning hech birini tan olmaslik demakdir. Islom olimlari bu masalada paygʻambarlarning soni bir yuz yigirma toʻrt mingdan ortiq ekanini bildirganlar. Olimlar ittifoq bilan kufrga sabab boʻladi deb bildirgan soʻz yoki ishni erkak boʻlsin, ayol boʻlsin, bir musulmon kufrga sabab boʻlishini bilib turib, qasddan (tahdidsiz, oʻz xohishi bilan) jiddiy yoki hazil qilib, kuldirish uchun aytsa yoki qilsa, maʼnosini oʻylamagan boʻlsa ham, iymoni ketadi. U murtad boʻladi. Avvalgi ibodatlarining savoblari yoʻq boʻladi. Tavba qilsa ham, ular qaytib kelmaydi. Boy boʻlsa, unga qayta hajga borish lozim boʻladi. Tavba qilish uchun faqat kalimai shahodatni aytish kifoya qilmaydi. Kufrga sabab boʻlgan oʻsha narsadan ham tavba qilish lozimdir. (Islomdan qaysi eshikdan chiqqan boʻlsa, oʻsha eshikdan kirishi lozim.) Bilmasligi uzr hisoblanmaydi, balki katta gunohdir. Chunki har bir musulmonga bilishi lozim boʻlgan narsalarni oʻrganish farzdir. Kufrga sabab boʻladigan soʻzni xato qilib, yanglishib yoki taʼvil bilan aytgan kishining iymoni ham, nikohi ham buzilmaydi. Faqat uning tavba va istigʻfor qilishi, yaʼni tajdidi iymon qilishi yaxshi boʻladi.
Bir kofir bir kalimai tavhidni aytish bilan moʻmin boʻlganidek, bir moʻmin ham bir soʻz aytish bilan kofir boʻladi. Har bir musulmon ertalab va kechqurun mana bu iymon duosini oʻqishi, ikkinchisini esa oʻqib, tavba qilishi, iymonini va nikohini yangilashi (tajdidi iymon va nikoh qilishi) lozim:
«Allohumma inniy aʼuzu bika min an ushrika bika shayʼan va ana aʼlamu va astagʻfiruka limo lo aʼlamu, innaka anta allomul gʻuyub».
«Allohumma inniy uridu an ujaddidal iymona van nikoha tajdidan bi qavli la ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh».
Izingizni izlab-izlab topsaydim,
Izingiz tuprogʻiga yuzim surtsaydim.
Haq nasib aylasa, yuzingiz koʻrsaydim…
Yo Muhammad, jonim sizni sogʻinar.
Muborak bir safar boʻlsa-yu ketsam,
Kaʼba yoʻllarida qumlarga botsam.
Goʻzal jamolingiz tushda bir koʻrsam…
Yo Muhammad, jonim sizni sogʻinar.
Zarracha hiyla qolmadi qalbimda,
Ixlos ila kirdim men bu haq yoʻlga
Abu Bakr, Umar, Usmon ila birga.
Yo Muhammad, jonim sizni sogʻinar.
«„La ilaha illalloh“ deb, iymoningizni yangilanglar!» Hadisi sharif
