Sevimli Paygʻambarim

MAYYITGA OID DINIY VAZIFALAR

Oʻlim alomatlari koʻringanda qilinadigan ishlar

Oʻlim yaqinlashganining alomati – oyoqlarning boʻshashib choʻzilishi, burunning qiyshayishi, chakkalarning botib ketishidir. Bunday bemor oʻng yoni bilan yotqizilib, yuzi qiblaga qaratiladi. Shunday yotqizish sunnatdir. Oyoqlarini qibla tomonga qilib, chalqancha yotqizish ham joiz. Hozir shunday qilinmoqda. Lekin boshining ostiga biror narsa qoʻyish kerak. Shunda yuzi qiblaga qaragan boʻladi. Bular qiyin boʻlsa, qanday oson boʻlsa, shunday yotqizish ham joiz. Kalimai tavhidni talqin qilayotganda «Muhammadur Rasululloh»ni ham aytish yaxshi boʻladi. Oʻlim alomati – qotib qolish, sovish va hid chiqishidir. Bu alomatlardan oldin ham oʻlim maʼlum boʻlsa [nafas toʻxtagani ogʻziga tutilgan oynaning terlamaganidan, yurak toʻxtagani tomir urishidan bilingach], mayyitning koʻzlarini yumish va iyagini bogʻlash sunnatdir.

Vafot etganda qilinadigan ishlar

Koʻzlarini yumish va iyagini bogʻlash sunnatdir. Iyagi keng mato bilan boshining ustidan bogʻlanadi. Koʻzlarini yumayotganda «Bismillahi va ala millati Rasulillah» deyish va duosini oʻqish sunnatdir. Badan sovimasdan oldin qoʻl barmoqlarini, tirsaklarini, tizzalarini bukib-yozib, qoʻllarini va oyoqlarini toʻgʻri holda qoʻyish sunnatdir. Shunda uni yuvish va kafanga oʻrash oson boʻladi. Badan sovimasdan oldin kiyimi yechilib, keng, yengil bir choyshab bilan yopiladi. Choyshabning bir uchi boshining ostiga, ikkinchi uchi oyoqlarining ostiga qistiriladi. Qorni ustiga, choyshabning ustiga yoki ostiga, shishib ketmasligi uchun biror narsa [pichoq yoki boshqa temir] qoʻyiladi. Uning yuz grammdan ogʻir boʻlgani maʼqul. Yuvish, kafanlash, janoza namozini oʻqish va dafn qilish farzi kifoyadir. Yaʼni kerakli miqdordagi kishilar ado etgach, boshqalarga farz boʻlmaydi. Bolaning yuvishi ham joiz. Ayollar boʻlmaganda ayolni erkak yuva olmaydi. Lekin mayyit boshdan-oyoq yopiq holda, uning qarindoshi, qarindoshi boʻlmasa, boshqa bir kishi, qoʻliga mato oʻrab, qoʻlini yopinchiq ostiga tiqib, unga tayammum qildiradi. Chunki oʻlikning avrati tirikning avrati kabidir. Qarash harom boʻlgan joyga teginish ham haromdir. Yaxshisi, bolaga oʻrgatib, unga yuvdiriladi. Hanafiy mazhabida ayolni eri yuva olmaydi va unga tegina olmaydi. Chunki ayol vafot etishi bilan nikoh darhol bekor boʻladi. Unga qarash joiz. Ayolni erining yuvishi qolgan uch mazhabda joiz. Ayolning erini yuvishi hanafiy mazhabida ham joiz. Chunki er vafot etgandan keyin nikoh idda tugaguncha [toʻrt oyu oʻn kun] davom etadi. Ayolni erkak, erkakni ayol yuva olmaydi. Qoʻliga mato oʻrab, tayammum qildiradi. Tayammum qildirayotgan erkak nomahram ayolning qoʻllariga qaray olmaydi. U uning qarindoshi boʻlsa, qoʻliga mato oʻrashi shart emas. Chunki mahram qarindoshining qoʻllariga va yuziga qarash va teginish joiz. Kishining faqat boshi yoki badanining yarmi topilsa, u yuvilmaydi va namozi oʻqilmaydi. Shundayicha dafn qilinadi. Badanining yarmidan koʻpi, boshi boʻlmasa ham, yoki badanining yarmi boshi bilan birga topilsa, u yuviladi va namozi oʻqiladi. Mayyit yuvadigan kishining oldin gʻusl qilib olishi mustahabdir. Junubning va hayz holatidagi ayolning yuvishi makruhdir. Mayyit yuvilgan suv moi mustaʼmal boʻladi. U najs, iflos boʻladi. Shuning uchun yuvuvchilarning ustiga sachramasligi kerak, ular foʻta bogʻlashlari lozim. Mayyit yuvilgandan keyin pok boʻladi. Yuviladigan joyga yuvuvchi va uning yordamchisidan boshqa hech kim kirmaydi. Yuvuvchilar ishonchli kishilar boʻlishi kerak. Ular mayyitda koʻrgan saodat alomatlarini aytadilar, shaqovat alomatlarini aytmaydilar. Mayyitning aybini oshkor qilmaydilar. Valiy (vasiy) kirishi mumkin. Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) Abbosning oʻgʻli Fazl bilan Ali (roziyallohu anhumo) yuvdilar. Usoma (roziyallohu anhu) suv quyib turardi. Abbos (roziyallohu anhu) kirib-chiqib turardi. Tirik kishiga aziyat beradigan narsa oʻlikka ham aziyat beradi. Shuning uchun uni juda sovuq va juda issiq suv bilan yuvmaydilar. [Hidlanmasligi uchun uni sovutgichga ham qoʻymaydilar. Hidlanmasligi uchun tez dafn qilish kerak, uzoqdan yoʻlovchi keladi deb kutib turmaslik lozim.] Zamzam suvi bilan yuvish joiz emas.

«Oʻlmasdan oldin oʻlinglar. Hisobga tortilmasdan oldin oʻzingizni hisobga tortinglar!» Hadisi sharif

Mayyitni yuvish

Sarir, yaʼni yuvish taxtasining atrofida avval bahur yoqilib, uch marta aylantiriladi, tutatiladi. Besh marta ham boʻladi. Bahur – bir oʻsimlikdir. Unga ud (agar daraxti, Aquilaria) qirindilari va stiraks daraxtining yelimi ham aralashtirilib, bir idishdagi olovga solinadi va yuvish taxtasi chiqqan tutunga tutiladi. Sarir kindik barobarida baland va bir oz qiya boʻlishi kerak. Sidr daraxti bargi yoki sovun oʻti bilan qaynatilib, keyin ilitilgan yoki kofur (kamfora) deb ataladigan oq, xushboʻy narsa solingan suv tayyorlanadi. Suv juda issiq boʻlmasligi, tuzli boʻlishi kerak. Salqin va tuzli suv chirishni kechiktiradi. Mayyitni yuvishda niyat qilish sunnatdir. Niyatsiz yuvilsa, pok boʻlsa ham, farz soqit boʻlmaydi. Yopiq holdagi mayyit tutatilgan sarir ustiga chalqancha yoki qanday oson boʻlsa, shunday yotqiziladi. Kindigi bilan tizzasi orasi yopiq holda yuviladi. Chunki ayolning ayollar uchun avrat joyi erkakning erkaklar uchun avrat joyi kabidir. Sarir ustida qiblaga qaratib yotqizish sunnatdir. Mayyitga, bola boʻlsa ham, avval tahorat qildiriladi. Lekin ogʻziga, burniga suv berilmay, ular mato bilan tozalanadi. Ogʻziga suv kirib ketsa, tez chirishiga sabab boʻladi. Avval yuzi yuviladi. Soʻngra qoʻllari yuvilib, boshiga, quloqlariga va gardaniga masʼh tortiladi va oyoqlari yuviladi. Boshi va soqoli xatmiy yoki sovun bilan yuviladi. Soʻngra chap yoniga oʻgirilib, oʻng yoniga suv quyilib yuviladi. Suv taxtaga tekkan joylarigacha oqizilishi kerak. Shu tarzda uch marta suv quyilib yuviladi. Soʻngra xuddi shunday oʻng yoniga yotqizilib, chap tomoniga yelkadan oyoqqacha uch marta suv quyilib yuviladi. Soʻngra oʻtqazilib, qorni yengilgina bosiladi. Biror narsa chiqsa, yuviladi [yaʼni suv quyib ketkaziladi]. Soʻngra chap yoniga yotqizilib, oʻng tomoni yana yuviladi [yaʼni yelkadan oyoqqacha suv quyiladi]. Shu tarzda sunnatga muvofiq, yaʼni uch marta yuvilgan boʻladi. Yuvilgandan keyin tahoratni buzadigan narsalar chiqsa, qayta yuvilmaydi va tahorat qildirilmaydi. Sochlari toʻkilsa, kafanining ichiga solinadi. Tirik kishining ham tirnoqlari, sochlari va tishlarini dafn qilish sunnatdir. Yuvilgandan keyin taxta ustida mato bilan quritiladi. Sochlari va soqoli orasiga hanut deb ataladigan xushboʻy narsalar aralashmasi yoki kofur solinadi. Zaʼfaron solish makruhdir. Sajda qilgan aʼzolariga [peshonasiga, burniga, tizzalariga, qoʻl va oyoq barmoqlariga] kofur sepilgan paxta qoʻyiladi. Ogʻziga, burniga, quloq teshiklariga, koʻzlariga paxta qoʻyish joiz. Suvga choʻkib oʻlgan kishi ham uch marta yuviladi yoki yuvish niyati bilan suvda uch marta harakatlantiriladi. Yomgʻirda hoʻl boʻlgan mayyit ham yuviladi.

«Qabrdagi mayyit dengizda gʻarq boʻlayotgan kishiga oʻxshaydi: otasidan, onasidan, birodarlaridan va doʻstlaridan keladigan bir duoni doim kutib yotadi» Hadisi sharif

Erkakni kafanlash

Erkakning kafani uch qismdan iborat boʻlishi sunnatdir. Istanbulda kafan uchun erkaklarga yetti metr, ayollarga sakkiz metr batist olish odat boʻlgan. Eni – 130–140 santimetr. 1. Izor: boshdan oyoqqachadir. Eni bir metrdan ortiq. 2. Qamis [koʻylak kabi uzun libos]: uning uzunligi yelkadan oyoqqacha boʻlgan uzunlikning ikki baravaridir. Bu uzunlik oʻrtasidan ikkiga buklanib, buklangan joyidan bosh sigʻadigan qilib toʻgʻri kesiladi. Yeng va etak joylari kesilmaydi. 3. Lifofa: u boshdan ham, oyoqlardan ham uzunroq va kengroqdir. Bosh ustidan va oyoq ostidan uchlari yigʻilib, mato bilan bogʻlanadi. Imomi Rabboniy hazratlari kafanning uch qismdan ortiq boʻlishi bidʼat boʻladi, deydilar. Kafanlarni tobutga qoʻyishdan oldin ularning har birini alohida tutatish yaxshidir. Solihlarning, valiylarning ichki kiyimlaridan, kiyimlaridan kafan qilish yoki ularni kafan ichiga, yuziga, koʻkragiga qoʻyish foydalidir. Tobutning ichiga avval lifofa yoyiladi. Soʻngra uning ustiga izor yoyiladi. Qamis ham tobutning ichiga qoʻyiladi. Soʻngra tobutning atrofida uch yoki besh marta bahur aylantiriladi. Kafanning uchala qismi ustiga ham hanut sepiladi. Mayyit quritilgandan keyin qamis tobutdan olinib, boshidan kiygiziladi, yarmi oldidan, yarmi orqasidan oyoqlarigacha uzatiladi. Mayyit Bismillah bilan tobutning ichiga, izorning ustiga yotqiziladi. Izorning avval chap tomoni, soʻngra oʻng tomoni mayyit ustiga yopiladi. Lifofa ham shunday yopiladi. Yaʼni oʻng chetlari chap chetlarining ustiga yopiladi.

Ayolni kafanlash

Ayolning kafani besh qismdan iborat boʻlishi sunnatdir: qamis, izor, lifofa, ximor va koʻkrakband. Ximor – yetmish besh santimetrcha uzunlikdagi roʻmoldir. Uning uchlari yuzga osilib turadi, boshga oʻralmaydi. Koʻkrakband yelkadan tizzagachadir. Tobutning ichiga avval lifofa yoyiladi. Soʻngra uning ustiga izor yoyiladi. Qamis ham tobutning ichiga qoʻyiladi. Izordan oldin yoki keyin koʻkrakband yoyiladi. Ayolning qamisi yopilgach, sochlari ikkiga ajratilib, ikki tomondan koʻkragi ustiga, qamisning ustiga qoʻyiladi. Sochlari ustiga ximor qoʻyilib, ustidan izor yopiladi. Izordan oldin yoki keyin koʻkrakband oʻraladi. Soʻngra lifofa yopiladi. Lifofaning bosh va oyoq uchlari hamda oʻrtasi [yaʼni meʼda barobaridan] bir mato bilan oʻrab bogʻlanadi. Katta oʻgʻil bola erkak kabi kafanlanadi. Katta qiz bola ayol kabi kafanlanadi. Kichik oʻgʻil bola bir qism, kichik qiz bola ikki qism kafanga oʻraladi. Oʻlik tugʻilgan bola, tushgan homila va inson aʼzosi [masalan, qoʻli] kafanlanmaydi, bir matoga oʻralib dafn qilinadi. Tobut mixsiz, taxtalarni bir-biriga kiygizib yasalgan boʻlishi lozim. Qisqa bir duodan va haq-huquqlar halollangandan keyin musalloga olib borilib, namozi oʻqiladi.

Qabr ziyorati va Qurʼoni karim oʻqish

«Shirʼatul-islom» kitobining oxirida qabr ziyorati sunnatdir, deyiladi. [Haftada bir marta, hech boʻlmaganda hayitlarda ziyorat qilinadi. Payshanba yoki juma yoxud shanba kuni ziyorat qilish savobliroqdir.] Ziyorat qilgan kishi mayyitning chiriganini oʻylab, ibrat oladi. Usmon (roziyallohu anhu) qabr yonidan oʻtayotganda koʻp yigʻlar, soqoli hoʻl boʻlib ketar edi. Mayyit ham qilingan duodan foydalanadi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) qarindoshlarining va sahobalarining (roziyallohu taolo anhum) qabrlarini ziyorat qilar edilar. Salom va duodan keyin qiblaga orqa oʻgirib, qabrga qarab oʻtiriladi. Qabrga qoʻlni, yuzni surish, tuproqni oʻpish nasroniylarning odatidir. Faqat ota-onaning qabr tuprogʻini oʻpish joizdir.

Hadisi shariflarda shunday deyildi:

«Bir kishi tanishining qabriga borib salom bersa, u uni taniydi va salomiga alik oladi». «Bir kishi moʻminning qabrini ziyorat qilib: „Allohumma inniy asʼaluka bi haqqi Muhammadin va oli Muhammadin an la tuʼazziba hazal mayyit“, – desa, mayyitning azobi koʻtariladi». «Ota-onasining yoki ulardan birining qabrini har juma ziyorat qilgan kishi afv etiladi».

Ulugʻ zotlarning qabrini ziyorat qilish uchun uzoq yurtlarga bormaslik, boshqa bir ish bilan borilganda ziyorat qilish yaxshi boʻladi. Faqat Paygʻambarimizni (alayhissalotu vassalom) ziyorat qilishga borish savobdir. Paygʻambarlarni (alayhimussalom) va avliyoni (alayhimur rahma) ziyorat qilgan kishi ularning muborak ruhlaridan foyda oladi. Ularga boʻlgan muhabbati, sadoqati qancha boʻlsa, qalbi shuncha poklanadi. Maqbaralarda gunoh qiladiganlar boʻlsa, masalan, ochiq yuradigan ayollar ham kelsa, ziyoratni tark etmaslik kerak; ularni man eta olmasa, qalbi bilan nafratlanishi lozim. Xuddi shuningdek, ayollar boʻlgan, qoʻshiq, munojotlar aytiladigan, nutqlar soʻzlanadigan moʻminning janozasiga ham borish lozim. Qabr boshida yoki boshqa joyda Qurʼoni karim oʻqib, savobini oʻtganlarga hadya qilish va ular uchun duo qilish kerak. Chunki Qurʼoni karim oʻqilgan joyga rahmat va baraka yogʻiladi. U yerda qilingan duo qabul boʻladi.

«Ota-onasining yoki ulardan birining qabrini har juma ziyorat qilgan kishi afv etiladi» Hadisi sharif

«Jiloul-qulub» kitobida shunday deyiladi: qabristonga kelgan kishi tik turib: «Assalomu alaykum, yo ahla doril qavmil moʻminiyn! Inna inshoallohu an qariybin bikum lohiqun», – deydi. Soʻngra Bismillah bilan oʻn bir marta Ixlos surasini va bir marta Fotihani oʻqiydi. Soʻngra: «Allohumma robbal ajsodil boliyah, val izomin naxirotillatiy xarajat minad dunyo va hiya bika moʻminatun, adxil alayha ravhan min indika va salaman minniy», – degan duoni oʻqishi kerak. Qabrning yoniga kelganda mayyitning oʻng tomonidan [qabrning qibla tomonidan] va oyoq tomonidan yaqinlashadi. Salom beradi. Tik turib, choʻnqayib yoki oʻtirib, Baqara surasining boshini va oxirini, Yosini sharif surasini, Taboraka (Mulk), Takosur, Ixlosi sharif va Fotiha suralarini oʻqib, savobini mayyitga hadya qiladi. «Kitobul-fiqh alal-mazohibil-arbaʼa» kitobida shunday deyiladi: «Oʻlikdan ibrat olish va oxiratni oʻylash uchun qabr ziyorat qilish erkaklarga sunnatdir. Yaqin va uzoq har bir qabr ziyorat qilinadi. Ayniqsa, solihlarni, valiylarni (rahimahumullohu taolo) ziyorat qilish uchun uzoq joyga borish sunnatdir. Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) muborak qabrlarini ziyorat qilish ibodatlarning eng qimmatlilaridandir. Keksa ayollarning ham oʻrangan holda ziyorat qilishlari joiz. Ziyorat qilayotganda qabr atrofida tavof qilish, toshni, tuproqni oʻpish, oʻlikdan u qila olmaydigan biror narsani soʻrash joiz emas». Avliyodan (rahimahumullohu taolo) shafoat qilishlari, soʻrovchi uchun duo qilishlari va Allohu taoloning berishiga vosita boʻlishlari soʻraladi.

Ul Sarvar – Rabbimizning shunday bir bandasidirlarki,
Har bir xatar onida umid qilinur shafoatlari.
U zot shunday bir Rasuldirlarki, Allohga ibodatga
Chorlaydilar insonlarni – u zotga ergashing, albatta!
Shunday qilgan hech uzilmas, mahkam bir arqonga yopishgandek
Oʻzini omonlikda sezar, orom topar koʻngli.
Ilohim, izn bergil: u zotning oilasiga, sahobalariga ham,
Ularga ergashgan ahli taqvoga ham
Rahmat bulutlarining yogʻishi doimiy boʻlsin,
Halim va karim bandalaring rahmatingga yetishsin.
Yo Rabb, sabo shamoli esib turguncha,
Bon daraxti shoxlari sabo ila tebranguncha,
Karvonboshi ul shirin-shirin navolari ila
Tuyalarini ishqqa keltirguncha,
Faxri koinotga, u zotning oilasi va sahobalariga,
Ularga ergashganlarga ham rahmat bulutin yuborgil!
Qasidai Burda

Maqomi Ibrohim Ibrohim alayhissalomning muborak oyoq izi qolgan qoya; u zot uni Kaʼba binosini qurayotganlarida havoza va miniladigan tosh sifatida ishlatganlar, shu yerda turib insonlarni Allohga daʼvat qilish vazifasini ado etganlar. Ibrohim alayhissalomning moʻjizasi bilan bu qoya lift kabi u zotga kerakli balandlikka koʻtarilib-tushib, binoni qurishga yordam bergan. Bu muborak tosh turgan xona (maqsura) Saudiya hukmdori Faysal davrida buzib tashlangan, oʻrniga hozir ham turgan olti burchakli oynavand himoya qutisi qoʻyilgan va usti butunlay ochib tashlangan.