Sevimli Paygʻambarim

OXIRAT HAYOTI

Oxirat hayoti oʻlim bilan boshlanadi

Oʻlish – yoʻq boʻlish emas. Bu – borliqni buzmaydigan bir ishdir. Mavt – ruhning badanga boʻlgan bogʻliqligining tugashidir. Bu – ruhning badandan ajralishidir. Mavt – insonning bir holatdan boshqa holatga oʻtishidir. Bu – bir uydan boshqa uyga koʻchishdir. Umar ibn Abdulaziz (rahmatullohi alayh) shunday dedi: «Sizlar faqat abadiyat, cheksizlik uchun yaratilgansizlar! Lekin bir uydan boshqa uyga koʻchasizlar!» Mavt – moʻmin uchun hadya, neʼmatdir. Gunohkorlar uchun – musibatdir. Faqirlar uchun – rohat, boylar uchun – azobdir. Aql – Allohu taoloning hadyasidir. Inson oʻlimni istamaydi. Holbuki, mavt fitnadan yaxshiroqdir. Inson yashashni sevadi. Holbuki, mavt uning uchun yaxshiroqdir. Solih moʻmin mavt bilan dunyoning aziyat va mashaqqatidan qutuladi. Moʻmin ruhining badandan ajralishi asirning zindondan qutulishi kabidir. Moʻmin vafot etgandan keyin bu dunyoga qaytib kelishni istamaydi. Faqat shahidlar yana bir bor shahid boʻlish uchun dunyoga qaytib kelishni istaydi. Dunyoning yaxshiligi ketdi. Gʻam-gʻussasi qoldi. Shuning uchun oʻlim har bir musulmon uchun hadyadir. Kishining dinini faqat qabri saqlaydi. Moʻminlarga koʻrsatiladigan ikromlarning birinchisi – oʻlim onidagi sevinchdir. Moʻminni faqat Allohu taologa yetishish rohatlantiradi. Har bir moʻmin uchun mavt hayotidan yaxshiroqdir. Kofirlarga ham mavt foydalidir.

Musulmon ayollarning oʻlimi haqida

Bir ayol nifos holatida (tugʻruqdan keyingi qon holatida) yoki homilador holda, toun kasalligidan yoki ich ogʻrigʻidan, yoxud bularning birortasi boʻlmasdan oʻlsa ham, lekin nomahram erkaklarga ochiq-sochiq koʻrinmagan va eri undan rozi boʻlgan boʻlsa, oʻsha ayol jon berayotganda uning oldiga jannat farishtalari kelib, qarshisida saf-saf boʻlib turadilar va unga izzat-ikrom bilan salom berib: «Ey Allohu taoloning suyukli, shahida bandasi, kel, chiq, dunyo saroyida nima qilasan? Allohu taolo sendan rozi boʻldi, bu kasalligingni bahona qilib, gunohingni kechirdi, senga jannatni ato etdi, kel, omonatingni topshir!» – deydilar. Oʻsha ayol bu martabani koʻrib, jonini berishni istaydi. Lekin atrofiga qarab: «Men bilan doʻstlik qilganlarni magʻfirat qilsin, ularga rahm qilsin, keyin topshiray», – deydi. Farishtalar uning iltijosini Janobi Haqqa arz qiladilar. Shunda izzat xitobi keladi: «Izzatim haqqi, bandamning barcha duosini ijobat qildim». Farishtalar ham unga xushxabar beradilar. Soʻngra oʻlim farishtasi bir yuz yigirma rahmat farishtasi bilan keladi. Ularning yuzlarining nuri Arshga yetgan, boshlarida tojlar, yelkalarida nurdan liboslar, oyoqlarida oltin kavushlar va yashil qanotlari bor.

Qoʻllarida hidi mushkdek boʻlgan jannat mevalari bor. Ular kelib, izzat-ikrom bilan salom beradilar va: «Xalloqi olam senga salom yoʻllaydi, senga jannatni ato etib, seni Oʻz Habibi Muhammad alayhissalomga qoʻshni qiladi va hazrati Oishaga hamsuhbat qiladi», – deydilar.

Bu iymonli ayol bu soʻzlarni eshitadi, koʻzining pardasi ochiladi va iymon ahli boʻlgan ayollarni ham, gunohkor boʻlib azoblanayotganlarni ham koʻradi va: «Ularning gunohlarini kechir, Rabbim!» – deb yolvoradi. Ulugʻ Allohdan bir xitob keladi: «Yo bandam! Barcha murodingni hosil qildim, omonatingni topshir. Habibimning zavjasi va qizi seni kutmoqdalar». Bu xitobni eshitishi hamon joni titraydi, oyoqlari silkinadi, terga botadi va jon berish oldidan ikki farishta keladi. Ularning qoʻllarida olovdan tayoqlar bor. Biri uning oʻng tomonida, ikkinchisi chap tomonida turadi. Shayton ham – unga laʼnat boʻlsin – yugurib keladi va: «Bundan bizga foyda yoʻq boʻlsa ham, bir koʻray-chi», – deb, qoʻliga javohirli kosada muzli suv olib, shu qiyofada kelib, unga suvni koʻrsatadi. Oʻsha farishtalar bu xabisni koʻrgach, qoʻllaridagi tayoqlar bilan urib, qoʻlidagi kosani sindirib, oʻzini quvib yuboradilar. Musulmon ayol buni koʻrib, kulimsiraydi. Soʻngra hur qizlari unga javohirli kosada Kavsar sharobini beradilar, u ichadi. Jannat sharobining lazzatidan uning joni sakrab kosaga yopishadi va oʻlim farishtasi uning jonini oʻsha kosadan oladi. Farishtalar bir-birlarini chaqirib: «Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun», – deydilar. Jonni olib, unga osmonlarni koʻrsatadilar, jannatga olib boradilar, u yerdagi maqomini koʻrsatadilar va darhol yana mayyitning bosh tomoniga keltiradilar. Uning kiyimlarini yechib, sochlarini yoyganlarida, ruhi darhol jasadining bosh tomoniga kelib shunday deydi: «Ey yuvuvchi! Sekin-sekin ushla! Chunki badanim Azroilning panjasidan jon yarasi yedi, juda koʻp mashaqqat chekdi va larzaga keldi». Yuvish taxtasiga keltirilganda, ruh yana kelib shunday deydi: «Suvni juda issiq qilmanglar! Badanim juda zaif. Meni tezroq qoʻllaringizdan xalos qilinglar, rohat topay». Yuvib, kafanga oʻralgach, bir oz turib, yana chaqirib shunday deydi: «Bu – dunyoni soʻnggi bor koʻrishim. Qarindosh-urugʻlarimni koʻray, ular ham meni koʻrsinlar va ibrat olsinlar. Chunki ular ham yaqinda men kabi oʻladilar, ortimdan faryod chekmasinlar. Meni unutmasdan, Qurʼoni karim oʻqib, doimo yod etsinlar. Qabrda azob koʻrmasligim uchun merosim sababli oʻzaro talashmasinlar. Jumalarda va hayitlarda ham meni eslasinlar».

Soʻngra mayyit musallo toshi ustiga qoʻyilganda, ruh yana chaqiradi: «Omon qolinglar, ey oʻgʻlim va qizim, onam va otam! Bu kundek ayriliq kuni yoʻqdir. Sogʻinib koʻrishishimiz qiyomatga qoldi. Alvido sizlarga, ey ortimdan koʻz yoshi toʻkuvchilar!»

Uning namozi oʻqilib, yelkaga olinganda, u yana chaqirib shunday deydi: «Meni sekin-sekin olib boringlar! Maqsadingiz savob boʻlsa, menga aziyat bermanglar! Sizlardan Allohu taologa rozilik olib boray!»

Uni qabr chetiga qoʻyganlarida, u yana chaqirib shunday deydi: «Mening holimga qarab, ibrat olinglar! Endi sizlar meni qorongʻi joyga qoʻyib ketasizlar. Men amalim bilan qolaman. Bu damlarni koʻrib, vafosiz, yolgʻonchi dunyoning makriga aldanmanglar!»

«Dunyo uchun u yerda qancha qolsangiz, shuncha, oxirat uchun u yerda qancha qolsangiz, shuncha harakat qilinglar!» Hadisi sharif

Uni qabriga qoʻyganlarida, ruh bosh tomoniga keladi. Hech bir mayyitni talqinsiz qoldirmaslik kerak. [Dafn qilingandan keyin solih bir kishining talqin berishi sunnatdir. Vahhobiylar talqin berishning sunnat ekaniga ishonmaydilar. Bidʼat, deydilar. Oʻlik eshitmaydi, sezmaydi, deydilar. Ahli sunnat olimlari (rahimahumullohu taolo) turli kitoblar yozib, talqin berishning sunnat ekanini isbotladilar.] Allohu taoloning amri bilan mayyit qabrda uyqudan uygʻongandek uygʻonadi va qorongʻi bir joyda ekanini koʻradi. Xizmatkorini, joriyasini yoki oʻziga doimo yordam bergan kishini chaqirib: «Menga sham keltiringlar!» – deydi. Hech qanday sado kelmaydi. Qabr yorilib, ikki savol farishtasi [Munkar va Nakir] paydo boʻladi. Ularning ogʻizlaridan alanga, burunlaridan qora tutun chiqib turadi. Shu holda unga yaqin kelib: «Man robbuka va ma dinuka va man nabiyyuka (yaʼni: Rabbing kim, dining qaysi din va paygʻambaring kim)?» – deydilar. Bularga toʻgʻri javob bersa, oʻsha farishtalar unga Haq taoloning rahmati haqida xushxabar berib ketadilar. Shu onda qabrning oʻng tomonidan bir deraza ochiladi va undan oy yuzli bir kishi chiqib, uning yoniga keladi. Bu iymonli ayol unga qarab shodlanadi. «Sen kimsan?» – deb soʻraydi. U: «Men sening dunyodagi sabringdan va shukringdan yaratildim. Qiyomatgacha senga yoʻldosh boʻlaman», – deb javob beradi.

Kofirlarning oʻlimi haqida

Bir kofir, bir murtad Islomni yoqtirmaydi, Qurʼoni karimni «sahro qonuni» deydi, insonlarning eng afzali, eng sharaflisi, paygʻambarlarning sarvari Muhammad alayhissalomni (hosho) «tuya choʻponi» deydigan darajada ilm va axloqdan mahrumdir. Insoniyatga osoyishtalik va saodat baxsh etuvchi, ilm, axloq, poklik, salomatlik va adolat manbai boʻlgan, madaniyatga nur sochuvchi Islomni oʻzining ruhsiz, oʻlimtik qutisidan boshqa narsa boʻlmagan xabis boshiga sigʻdira olmay, «dinlarga hojat yoʻq» deydigan darajada tubanlashgan, jilovini nafsining qoʻliga tutqazib qoʻygan shunday bir ahmoq oʻlar chogʻida koʻzidan parda koʻtariladi. Unga jannat koʻrsatiladi. Goʻzal bir farishta unga: «Ey kofir! Musulmonlarni „qoloq“, shahvatlari ketidan yugurganlarni, axloq prinsiplarini oyoq osti qilganlarni esa „ziyoli, ilgʻor“ degan pastkash! Sen notoʻgʻri yoʻlda eding. Haq din boʻlgan Islom dinini yoqtirmas eding. Muhammad alayhissalomning Allohu taolo huzuridan keltirgan bilimlariga ishongan va ularga hurmat koʻrsatgan kishilar bu jannatga kiradi», – deydi. U jannatdagi neʼmatlarni koʻradi. Jannat hurlari ham: «Iymon keltirganlar Allohu taoloning azobidan qutuladilar», – deydilar. Bir ozdan keyin shayton bir nasroniy ruhoniysi qiyofasida koʻrinadi va: «Ey falonchining oʻgʻli falonchi! Haligi kelganlar yolgʻon gapirdi. Sen koʻrgan neʼmatlarning barchasi seniki boʻladi», – deydi. Soʻngra unga jahannam koʻrsatiladi. Unda olovdan togʻlar, xachirlardek chayonlar va qirqoyoqlar bor. U hadisi shariflarda bildirilgan azoblarni koʻradi. Jahannamdagi Zaboniylar deb ataladigan azob farishtalari olovdan tayoqlar bilan uradilar. Ularning ogʻizlaridan alanga chiqadi. Boʻylari minoradek, tishlari hoʻkiz shoxidekdir. Ular momaqaldiroqdek naʼra tortadilar. Kofir ularning ovozidan titrab, yuzini shaytonga buradi. Shayton qoʻrquvdan chiday olmay qochadi. Farishtalar shaytonni tutib, yerga uradilar. Ular bu kofirning oldiga kelib: «Ey Islom dushmani! Dunyoda sen Rasulullohga (sallallohu taolo alayhi vasallam) ishonmading. Endi farishtalarga ham ishonmading, laʼnati shaytonga yana aldanding», – deydilar.

Uning boʻyniga olovdan zanjirlar soladilar, oyoqlarini boshidan oshirib, oʻng qoʻlini chap biqiniga, chap qoʻlini oʻng biqiniga tiqib, orqasidan chiqaradilar. Bu holni oyati karima xabar beradi.1 U baqiradi, dunyodagi xushomadgoʻylarini chaqiradi. Zaboniylar unga javob berib: «Ey kofir, ey musulmonlarni masxara qilgan ahmoq! Yolvoradigan vaqt oʻtdi. Endi iymon qabul boʻlmaydi, duo qabul boʻlmaydi. Kufringning jazosini tortadigan vaqt keldi», – deydilar. Tilini gardanidan tortib chiqaradilar. Koʻzlarini oʻyib oladilar. Turli-tuman juda alamli azoblar berib, uning xabis jonini oladilar va jahannamga tashlaydilar.

Allohu taolo bizlarga Muhammad alayhissalomning dinida va ulugʻ Paygʻambarning dinini bizlarga toʻgʻri yetkazgan Ahli sunnat olimlarining kitoblarida yozilgan eʼtiqodda boʻlgan holda jon berishimizni nasib aylasin! Omin.

Moʻminlarning gunohlilariga ham, gunohsizlariga ham – hammasiga qabr savoli bor. Faqat gunohlari afv etilmaganlariga va barcha kofirlarga qabr azobi ham bor. Musulmonlar orasida gap tashiydiganlarga va hojatxonada ustiga siydik sachratadiganlarga qabrda azob boʻladi. [Qabr azobi faqat ruhga emas, ham ruhga, ham jasadga boʻladi. Aql yetmaydigan narsalarni aql bilan yechishga urinmaslik kerak.]

Agar u kishi iymonsiz oʻlgan boʻlsa, mahshar kunigacha [soʻngra jahannamda abadiy] shiddatli azoblar bilan azoblanadi.

«Insonlar uyqudadir, oʻlganlarida uygʻonadilar» Hadisi sharif

U zotning haqiqiy qadrini bayon etishdan ojizmiz,
Bu jihatdan maqtagandan sukut qilmogʻimiz yaxshiroq.
Bilingki, Paygʻambarimiz quyosh kabidirlar,
Rasullarning yulduzlari u zotdan ziyo oladi.
Alloh u zotni axloqda ziynatlab yaratdi,
Goʻzal xulq, ochiq yuz bilan zotlarini bezadi.
Gul va chechak misoli latif yaratilganlar,
Oʻn toʻrtinchi kecha oyidek porloq va sharaflidirlar.
Zamon kabi himmatli va gʻayratlidirlar ul Nabiy,
U zotning saxovatlari oldida ummonlar – bir tomchi.
Muborak badanlarini quchgan tuproqning
Ifori mushku anbardek xushdir, ishoning.
Ne baxt ul tuproqni hidlab oʻpganlarga,
Ul muborak iforni koʻksiga tortganlarga!
Arab boʻlsin, boʻlmasin – barcha insonlarning
Sarvaridirlar, ham jahonning yuz suvidirlar.
Yomonlikni man etib, yaxshilikka buyuradilar,
Amru nahylari – ilohiy bir amrdir.
Qasidai Burda