Sevimli Paygʻambarim

QURBON SOʻYISH

Qurbon – qoʻy, echki, qoramol va tuyadan birini Qurbon hayitining dastlabki uch kunida qurbon niyati bilan soʻyishdir. 1. Musulmon, hur, oqil va balogʻatga yetgan, 2. muqim, yaʼni sharʼiy maʼnoda musofir boʻlmagan, 3. ehtiyojidan ortiq nisob miqdorida, yaʼni 96 gramm oltini yoki shu qiymatdagi puli boʻlgan boy kishiga qurbonlik soʻyish vojibdir. Ehtiyoj buyumlari – bir uy va uning jihozlari, uch qavat kiyimdir. Qurbonlik qoʻy va echkidan, tuya va qoramoldan soʻyiladi. Bir tuya yoki bir qoramol yetti qurbonlik oʻrniga oʻtadi, yaʼni bir qoramolni yetti kishining qurbon qilishi joiz. Yana bir kishi: «Men ham sherik boʻlay», – desa, sakkiztasining ham qurbonligi fosid boʻladi.

Qurbon nisobi fitr nisobining aynan oʻzidir. Ibn Obidin (rahimahullohu taolo) aytishicha, ulardan birortasining ulushi yettidan birdan kam boʻlsa, hech birining qurbonligi joiz boʻlmaydi. Shuning uchun yettitadan kam kishining sherik boʻlishi joiz. Sotib olayotganda sherik boʻlish sahihdir. Sotib olingandan keyin sherik boʻlish ham sahih boʻlsa-da, sotib olishdan oldin sherik boʻlish yaxshiroqdir. Kishi birovning qoramoliga yettidan birdan yettidan oltigacha sherik boʻlishi mumkin. Goʻshtini shu nisbatda taqsimlaydilar. Sheriklardan biri oʻlsa va uning merosxoʻrlari: «Uning uchun ham, oʻzingiz uchun ham soʻyinglar», – deyishsa, sahih boʻladi.

Aqiqa

Aqiqa – farzand neʼmati uchun Allohu taologa shukr qilish niyati bilan hayvon soʻyishdir.

Hanafiy mazhabida bolaga nafaqa berishi vojib boʻlgan kishining yettinchi kuni bolaga ism qoʻyishi, boshini qirib, sochining ogʻirligi miqdorida oʻgʻil bola uchun oltin yoki kumush, qiz bola uchun kumush sadaqa berishi va oʻz molidan oʻgʻil bola uchun ikki, qiz bola uchun bir aqiqa hayvonini soʻyishi mustahabdir. Aqiqa hayvoni qurbonlik hayvoni kabi boʻlishi kerak. Uni keyinroq ham soʻyish mumkin. [Uni istalgan paytda soʻyish mumkin. Qurbon hayitida ham soʻyish mumkin. «Shirʼa» kitobida Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) paygʻambarlikdan keyin oʻzlari uchun aqiqa soʻyganlari yozilgan. Oʻlik tugʻilgan bolaga ism qoʻyilmaydi va uning uchun aqiqa soʻyilmaydi.] Goʻshtidan soʻygan kishining oʻzi yeyishi va pishgan yoki xom holda boy-faqir har kimga berishi mumkin.

Aqiqa soʻyish shofeʼiy va molikiy mazhablarida sunnati muakkadadir. Shofeʼiy va hanbaliy mazhablarida suyaklari tashlanmaydi, sindirilmaydi. Boʻgʻinlaridan ajratilib, toʻplanadi. Toza, oq bir matoga oʻralib koʻmiladi. Hanafiy va molikiy mazhablarida suyaklarini sindirish mumkin. Aqiqa bolalarni balo-ofatlardan, kasalliklardan asraydi.

«Xasislarning eng yomoni – [soʻyishi vojib boʻla turib] qurbonlik soʻymagan kishidir» Hadisi sharif

PANOHINGIZGA KELDIM, Yo RASULALLOH

Koʻngil qon boʻldi shavqingizdan, qonga boʻyaldim, yo Rasulalloh,
Bilmam, qanday bu olovga bardosh berdim, yo Rasulalloh,
Azal bazmida tinmas bir figʻon edim, yo Rasulalloh,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Yongan qalbga davosiz siz, topilmas bir shifosiz siz,
Ulugʻ bir saxovatsiz siz, tilasangiz, yuz koʻrsatguvchisiz siz,
Habibi Kibriyosiz siz, Muhammad Mustafosiz siz,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Gul ochilmas, sharshara oqmas, ilohiy nuringiz boʻlmasa,
Olam soʻnar, nafas qolmas, falakda nazaringiz boʻlmasa,
Firoq yigʻlar, visol yigʻlar, azal sizdan shod boʻlmasa,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Erir jonlar jon baxsh etguvchi gul iforingiz havasidan,
Qarang, quyosh titrar, yonar diydoringizga ishtiyoqidan,
Parishon bir iltijo ingrar hayotning poyonidan,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Suvsiz qolib yongan choʻllarda jon bersam ham, alam sezmam,
Yonar togʻlar yonar bagʻrimda, ummonlarda nam sezmam,
Alangalar yogʻsa koʻkdan, men uni soʻrsam ham, sezmam,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Ne davlatdir – koʻz yumib ishqingiz ila, yoʻlingizda jon bermak,
Nasib boʻlmasmi, sultonim, Haramingizda jon bermak,
Soʻnarkan koʻzlarim, oson boʻlur sizga oh urib jon bermak,
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Bosh egdim, parishonman, bu dardning chorasi sizdadir,
Labim kuydi ishqingizdan, zikringiz poyingizda aylanur,
Koʻnglim qachon tilasa, bu Qitmirga iltifot aylang,1
Jamolingiz ila shod aylang, yondim, yo Rasulalloh.
Yaman Dede