Sevimli Paygʻambarim

HAJGA BORISH

Islomning beshinchi sharti – hajga borishdir. Yaʼni kuchi yetgan kishining umrida bir marta haj qilishidir. Yoʻl xavfsiz va badan sogʻlom boʻlganda, Makkai mukarrama shahriga borib kelguncha ortida qoldirgan bola-chaqasini boqishga yetadigan moldan ortib qolgan pul bilan u yerga borib kela oladigan kishiga umrida bir marta ehromli holda Kaʼbai muazzamani tavof qilish va Arafot maydonida turish farzdir.

Haj farz boʻlishining shartlari

Haj farz boʻlishining shartlari sakkizta: 1. Musulmon boʻlish. 2. Balogʻatga yetgan boʻlish. 3. Oqil boʻlish. 4. Sogʻlom boʻlish. 5. Qul boʻlmaslik. 6. Mavjud molning asosiy ehtiyojlaridan ortiq boʻlishi. 7. Haj vaqti kirgan boʻlishi. Haj vaqti – arafa kuni va hayitning toʻrt kunidir. Yoʻl muddati ham hisobga olinadi. 8. Makkadan safar masofasi uzoqlikda boʻlgan ayolning yonida eri yoki u bilan nikohi abadiy joiz boʻlmagan mahrami boʻlishi.

Bu sakkiz shartga ega boʻlgan kishiga umrida bir marta hajga borish farz boʻladi. Bir martadan koʻp borsa, keyingi yillarda qilgan hajlari nafl boʻladi. Nafl ibodat – farz ham, sunnat ham boʻlmay, kishining oʻz xohishi bilan qiladigan ibodatidir. Nafl ibodatning savobi farz ibodatning savobi yonida dengiz yonidagi bir tomchi suvchalik ozdir. Islom olimlari Makkadan uzoq yurtlarda yashaydiganlarga qayta hajga borishga izn bermaganlar. Abdulloh Dehlaviy (quddisa sirruh) oltmish uchinchi maktubida shunday deydi: «Haj yoʻlida koʻpincha ibodatlar toʻla ado etilmaydi. Shuning uchun imomi Rabboniy (rahmatullohi alayh) 123- va 124-maktublarida umraga va nafl hajga borishdan rozi emasligini bildirdi». Biror farzning ado etilishiga, ayollarning oʻranishiga moneʼ boʻladigan nafl haj harom boʻladi. Bunday nafl hajga borish savob emas, gunoh boʻladi. Umraga borish ham shunday.

Hajning farzlari

Hajning farzi uchta:

1. Ehromga kirayotganda hajga niyat qilish.

2. Arafotda vaqfada turish. 3. Ziyorat tavofini qilish.

Haj uchun ehromga niyat qilish farzdir. Ehrom matosiga oʻranish sunnatdir. Tikilgan kiyimdan xoli boʻlish vojibdir.

Arafotda vaqfada turishning avvalgi vaqti – Zulhijja oyining toʻqqizinchi kuni zavol vaqtidan ertasi kuni tong otgunchadir. [Arafotda bir kun oldin yoki bir kun keyin vaqfada turilsa, haj botil boʻladi. Vahhobiylar hilolni koʻrmagan holda bir kun oldin hayit qilmoqdalar. Vaqtida vaqfada turmaganlarning hajlari sahih boʻlmayapti.]

SIZSIZ, Yo RASULALLOH
Barcha rasullarning sarvari
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Yaqiyn falaklarining toʻlin oyi
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Nuringiz – porlab yongan chiroq,
Olamlar sizga muhtoj,
Toju Meʼroj sohibi
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Rahmonning oynasi,
Subhonning pok nuri,
Yetti maʼnoning sirri
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Isro kechasining shohidi:
«Subhanallaziy asro»,
Barcha ismlarni jamlagan
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Ey lutfu saxovat manbai,
Oʻrningiz – Maqomi Mahmud,
Yaratilganlardan maqsud
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Jonlar ichra jonon,
Ilmu irfon koni,
Bobom, pirim va sultonim
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Tavhid yoʻlin ochgan,
Tafrid sirrin topgan,
Hudoiyning umidi
Sizsiz, yo Rasulalloh.
Aziz Mahmûd Hüdâyî

«Eng qimmatli amal – hajji mabrurdir. Hajji mabrur qilgan kishining gunohlari afv etiladi. U dunyoga yangi kelgandek boʻladi» Hadisi sharif