Sevimli Paygʻambarim

ROʻZA TUTISH

Islomning besh shartidan toʻrtinchisi – muborak Ramazon oyida har kuni roʻza tutishdir. Ramazon «yonish» deganidir, chunki bu oyda roʻza tutganlarning va tavba qilganlarning gunohlari yonib, yoʻq boʻladi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Ramazon oyi kelganda, jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi».

«Sahihi Buxoriy» kitobidagi bir hadisi sharifda: «Kim Ramazon oyida roʻza tutishni farz deb bilsa, oʻz vazifasi deb bilsa va roʻzaning savobini Allohu taolodan umid qilsa, oʻtgan gunohlari afv etiladi», – deyildi. Demak, roʻzaning Allohning amri ekaniga ishonish va uning uchun savob umid qilish lozim. Kunning uzunligidan va roʻza tutishning ogʻirligidan shikoyat qilmaslik shartdir. Kunning uzun boʻlishini, roʻza tutmaganlar orasida mashaqqat bilan roʻza tutishni fursat va gʻanimat bilish kerak.

Kishiga roʻza farz boʻlishining shartlari yettita:

1. Musulmon boʻlish. 2. Balogʻatga yetgan boʻlish. Bolaning roʻzasi sahih boʻladi. 3. Oqil boʻlish. 4. Dorul harbda boʻlgan kishining roʻza farz ekanini eshitgan boʻlishi. 5. Muqim, yaʼni sharʼiy maʼnoda musofir boʻlmaslik. 6. Hayz (oylik) holatida boʻlmaslik. 7. Nifos (tugʻruqdan keyingi qon) holatida boʻlmaslik.

Roʻzaning farzlari

Roʻzaning farzi uchta: 1. Niyat qilish. 2. Niyatni uning avvalgi va oxirgi vaqtlari orasida qilish. 3. Fajri sodiqdan, yaʼni tong yorisha boshlashidan to quyosh botguncha [yaʼni sharʼiy kunduz davomida] roʻzani buzadigan narsalardan saqlanish.

Toʻrt mazhab olimlarining yakdil fikriga koʻra, roʻza fajri sodiq deb ataladigan oqlikning koʻrinadigan (zohiriy) ufq chizigʻining bir nuqtasida yorisha boshlashi bilan boshlanadi. «Multaqo» kitobida shunday deyiladi: «Roʻza – tong yorishganidan to quyosh botguncha yeyishni, ichishni va jimoʼni (er-xotin yaqinligini) tark etishdir. Bir kun oldin quyosh botganidan boshlab roʻza kunining dahvai kubro1 vaqtigacha Ramazon roʻzasiga qalb bilan niyat qilish ham farzdir. Dahva vaqtigacha yemagan va ichmagan boʻlsa, niyat qiladi va roʻzani tutadi. Dahva vaqtidan keyin niyat joiz emas. Tong otishidan oldin niyat qilinayotganda: „Ertaga roʻza tutishga niyat qildim“, – deyiladi. Tong otgandan keyin niyat qilinayotganda: „Bugun roʻza tutishga niyat qildim“, – deyiladi. Kuni belgilangan nazr roʻzasining va nafl roʻzaning niyat vaqti ham shunday. Har bir kun uchun alohida niyat qilish lozim».

Roʻzani buzadigan narsalar

Ramazon oyida kishi roʻzador ekanini bila turib va tong otishidan oldin niyat qilgan holda foydali biror narsa yesa, ichsa, yaʼni odatda oziq yoki dori sifatida isteʼmol qilinadigan yoki lazzat, huzur beradigan biror narsani ogʻiz orqali meʼdaga kiritsa yoki jimoʼ qilsa yoxud unga jimoʼ qilinsa, roʻza buziladi va qazo ham, kafforat ham lozim boʻladi.2 Bu taʼrifga koʻra, sigaret chekish roʻzani buzadi. Qazo ham, kafforat ham lozim. Chunki tutundagi qattiq va suyuq zarralar tupuk bilan meʼdaga oʻtadi. Hijomat (qon oldirish), gʻiybat kabi roʻzani buzmasligi yaxshi maʼlum boʻlgan narsadan keyin kishi roʻza buzildi deb oʻylab, bila turib yesa, roʻza buziladi va qazo ham, kafforat ham lozim boʻladi. Ramazonda tong otishidan oldin niyat qilmagan kishi dahva vaqtidan oldin roʻzani buzadigan biror narsa qilsa, ikki imomga koʻra, qazo ham, kafforat ham lozim. Chunki u niyat qilib roʻza tutish imkoni boʻla turib, bu imkoniyatni qoʻldan boy bergan. Imomi Aʼzamga koʻra esa faqat qazo lozim boʻladi. Dahva vaqtidan keyin yesa, ichsa, uch imomga koʻra ham kafforat lozim boʻlmaydi. Kafforat jazosi – muborak Ramazon oyining hurmat va nomus pardasini yirtganlik evazidir. Imomi Aʼzamga koʻra, bu – toʻrt mazhabda ham sahih boʻlgan Ramazon roʻzasini bila turib buzishning jazosidir. Shofeʼiy mazhabida tong otishidan oldin niyat qilish shartdir. Tong otishidan oldin niyat qilmagan yoki roʻzani majburlov bilan, uzr bilan buzgan hanafiylar ham imomi Aʼzamga koʻra kafforat ado etmaydilar. Qazo, nazr va nafl roʻzalarni buzganda kafforat ado etilmaydi. Ramazonning bir kunida qazo lozim boʻladigan biror narsani qilib roʻzasini buzgan kishi boshqa kunida ham shu ishni qasddan yana qilsa, kafforat ham lozim boʻladi.

«Ramazon oyi kelganda, jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi» Hadisi sharif

Roʻza xato bilan buzilsa, masalan, tahorat olayotganda tomogʻiga suv ketsa yoki kishini roʻzasini buzishga majbur qilsalar, klizma qildirsa, burniga suyuq dori, odekolon yoki tutun [boshqalarning chekayotgan sigareti tutunini] kiritsa yoxud ud (agar daraxti, Aquilaria) va anbar bilan tutatilgan tutunni ichiga tortsa, qulogʻiga dori tomizsa, badanidagi yaraga qoʻygan dorisi ichkariga oʻtsa [va igna bilan dori yuborsa], qogʻoz, tosh, metall boʻlagi, paxta, oʻt, xom guruch, tariq yoki yasmiq donasi kabi dori ham, oziq ham boʻlmagan biror narsani yutsa, oʻzi zoʻr berib ogʻiz toʻla qussa, tishidan qon oqqan kishi faqat qonni yoki tupuk bilan teng miqdorda aralashgan qonni yutsa, tong otganini bilmasdan yesa yoki quyosh botdi deb oʻylab ogʻiz ochsa, roʻzador ekanini unutib yeya boshlab, soʻngra roʻzam buzildi deb oʻylab, bila turib yeyishni davom ettirsa, uxlab yotganida ogʻziga suv tomizsalar yoki u bilan jimoʼ qilsalar, niyat qilmasdan roʻza tutsa yoki Ramazonda tonggacha niyat qilmay, keyin niyat qilgan boʻlsa ham, dahva vaqtidan keyin roʻza tutmasa – bularning hammasida roʻza buziladi va hayitdan keyin har bir kun uchun faqat bir kun qazo tutish lozim boʻladi. Kafforat lozim boʻlmaydi. Tomoqqa yomgʻir yoki qor kirib ketsa, roʻza ham, namoz ham buziladi. Qazo lozim boʻladi. Kishi quchoqlab, bagʻriga bosib, oʻpib junub boʻlsa, roʻza buziladi va qazo lozim boʻladi. Junub boʻlmasa, roʻza buzilmaydi. Kechadan tishlari orasida qolgan narsani bila turib yutsa va u noʻxatdek boʻlsa, roʻza buziladi va qazo lozim boʻladi. Noʻxatdan kichik boʻlsa, buzilmaydi.

Roʻzador ekanini unutib yegan kishi roʻzasi bu bilan buzilmaganini bila turib yana yesa yoki ichsa, qazo ham, kafforat ham lozim boʻladi.

«Multaqo» kitobida va barcha kitoblarda shunday deyiladi: «Boshdagi yoki gavdadagi yaraga qoʻyilgan dori miyaga yoki hazm yoʻllariga sizib oʻtsa, roʻza buziladi. Faqat qazo lozim boʻladi». «Multaqo» sharhida esa shunday yozilgan: «Oziq yaradan ichkariga sizib oʻtganda roʻzani buzadi, deb imomi Aʼzam aytadi. Ikki imom esa buzmaydi, dedilar. Chunki ular yaratilishda mavjud boʻlgan teshiklardan kirsa, buzadi, dedilar». Tahtoviy «Maroqil-faloh» sharhida buni yaxshi tushuntiradi. U shunday deydi: «Boshdagi va gavdadagi yaraga qoʻyilgan dorining, suyuq boʻlsin, qattiq boʻlsin, miyaga va hazm yoʻliga yetib borgani maʼlum boʻlsa, roʻza buziladi. Ichkariga oʻtgani yaxshi maʼlum boʻlmasa, dori suyuq boʻlganda imomi Aʼzam roʻza buziladi, dedi. Ikki imom esa ichkariga oʻtgani yaxshi maʼlum boʻlmasa, buzilmaydi, dedilar. Ichkariga sizib oʻtgani yaxshi maʼlum boʻlmagan dori qattiq boʻlsa, uch imom ham buzilmaydi, dedilar». Bundan maʼlum boʻladiki, sizib oʻtgani yaxshi maʼlum boʻlgan dori, qattiq boʻlsin, suyuq boʻlsin, uch imomga koʻra ham roʻzani buzadi. Bundan yana qoʻldan, oyoqdan, har qanday joydan teri ostiga yoki mushakka igna bilan qilinadigan emlashlar, dori ukollarining roʻzani buzishi maʼlum boʻladi.

Roʻzani buzmaydigan narsalar

Muborak Ramazonda yoki qazo, kafforat, nazr va nafl roʻzalarda kishi roʻzador ekanini unutib yesa, ichsa, jimoʼ qilsa, roʻzadorligida uyquda junub boʻlsa, uygʻoqligida qarab turib junub boʻlsa, yod yoki yogʻ surtsa, koʻziga surma qoʻysa [ularning rangi, hidi tupukda, siydikda bilinib tursa ham], shahvat bilan oʻpsa, gʻiybat qilsa, hijomat qildirsa, istamasdan ogʻiz toʻla qussa yoki oʻzi zoʻr berib oz qussa, qulogʻiga suv kirsa, ogʻzidan yoki burnidan tomogʻiga chang, tutun, pashsha kirib ketsa [yoxud kislorod balloni orqali sunʼiy havo berilsa, boshqalarning chekayotgan sigareti tutuni kelib, ogʻziga, burniga kirishidan saqlanishning iloji boʻlmasa], ogʻzini chayqagandan keyin ogʻzida qolgan namlikni tupuk bilan yutsa, koʻziga yoki tish chuqurchasiga dori qoʻysa, hatto uning taʼmini tomogʻida sezsa ham – bularning hech biri roʻzani buzmaydi.

[«Bahrur-roiq» kitobining muallifi (rahmatullohi taolo alayh) shunday deydi: «Ogʻiz baʼzan badanning ichi hisoblanadi. Shuning uchun roʻzador kishi tupugini yutsa, roʻzasi buzilmaydi. Bu insonning ichidagi najosatning meʼdadan ichakka oʻtishi kabidir. Ogʻizdagi yaradan yoki tish oldirgandan, igna sanchilgan joydan yoxud meʼdadan ogʻizga qon chiqishi tahoratni ham, roʻzani ham buzmaydi. Bu qonni tupurganda yoki yutganda, tupuk qondan koʻp, yaʼni sariq boʻlsa, ular yana buzilmaydi. Meʼdadan keladigan boshqa narsalar ogʻizga kelganda ham shunday: tahorat ham, roʻza ham buzilmaydi. Ogʻiz toʻla boʻlib, ogʻizdan tashqariga chiqsa, ikkalasi ham buziladi. Ogʻizning ichi baʼzan badanning tashqarisi kabi ham boʻladi. Ogʻizga suv olinganda roʻza buzilmaydi». «Javhara» kitobida ham shunday yozilgan. Koʻrinib turibdiki, tish oldirganda koʻp qon kelayotgan boʻlsa, uni tupurganda roʻza buzilmaydi. Roʻzador boʻlmasa, uni yutganda tahorati buzilmaydi. Qon tupukdan kam boʻlsa, ikkalasi ham aslo buzilmaydi.

«Fatovoi Hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Klizma qildirish, qulogʻiga yogʻ tomizish roʻzani buzsa ham, kafforat lozim boʻlmaydi. Erkak tanosil aʼzosiga suv, yogʻ tomizsa, qovuqqa yetib borsa ham, roʻza buzilmaydi. Ayolning farjiga tomizsa, buziladi. Hoʻl yoki yogʻli barmogʻini orqa yoʻlga, ayol farjiga kiritsa, buziladi. Barmoq quruq boʻlsa, buzmaydi. Istinjo qilayotganda orqa yoʻlga suv kirib ketsa, buziladi».] Taomning taʼmini yutmasdan totib koʻrish, aralashmasiz, yaʼni tabiiy holatdagi saqichni chaynash, junub boʻlish shubhasi boʻla turib oʻpish, salqinlash uchun yuvinish – bular roʻzani buzmasa ham, tanzihan makruhdir. Surma va moʻylov yogʻini ishlatish hamda gul, mushk, odekolon hidlash roʻzani buzmaganidek, makruh ham emas. Surma va moʻylov yogʻi ziynat uchun boʻlsa, makruh boʻlgani kabi, qoʻlda, yoqada gul taqib yurish ham makruh boʻladi. Changli, tutunli narsani hidlash va shakar kabi aralashmali saqichlarni chaynash roʻzani buzadi. Misvok va hijomat makruh emas.

Muborak Ramazonda kishi imsok vaqtidan oldin niyat qilgan roʻzasini qasddan buzsa, kafforat ham, qazo ham lozim boʻladi.

Nafl va qazo roʻzalarida kafforat yoʻq.

Kafforat uchun Ramazon kunlaridan va roʻza tutish harom boʻlgan besh kundan boshqa kunlarda, orasini uzmasdan oltmish kun roʻza tutiladi. Bundan keyin yana buzgan roʻzalarining kunlari sonicha alohida qazo roʻzasi tutiladi. [Ramazon hayitining birinchi kuni va Qurbon hayitining toʻrt kuni roʻza tutish haromdir.] Bunga kuchi yetmasa, oltmish faqirni bir kun yoki bir faqirni oltmish kun ikki mahal toʻydiradi. Yoki ularning har biriga fitr sadaqasi miqdorida mol beradi. Bir kunlik qazo roʻzasi uchun bir kun roʻza tutiladi. Bir kishi: «Ramazon boʻlsa, niyat qildim, boʻlmasa, niyatim yoʻq», – desa, bunday niyat bilan roʻza tutish aslo joiz emas. Ramazonni osmonda hilolni koʻrib emas, balki oldindan tayyorlangan taqvimlarga qarab boshlaganlar hayitdan keyin qazo niyati bilan ikki kun roʻza tutishlari lozim. Muborak Ramazon boshlanadigan kunning hisobi «Se’âdet-i Ebediyye» kitobida batafsil yozilgan.

Ibn Obidin (rahimahullohu taolo) shunday deydi: «Havo bulutli boʻlganda, azon oʻqilgan boʻlsa ham, quyosh botganiga ishonch hosil qilmaguncha iftor qilmaslik kerak. Yulduzlarning koʻpi koʻrinmasdan oldin iftor qilinsa, „taʼjil“ deb ataladigan mustahab ado etilgan boʻladi. Bir joyda quyoshning botganini koʻrib iftor qilinganda, balandlikda, masalan, minorada turgan kishi quyosh oʻzi uchun ham botganini bilmaguncha iftor qilmaydi. Bomdod namozi va saharlik ham shunday».

«Roʻza moʻminni jahannamdan saqlaydigan qalqondir» Hadisi sharif

Ey anbiyoning Sarvari,
Ey avliyoning rahbari,
Olamlarning paygʻambari,
Ahlan va sahlan marhabo.
Siz jonlarning jononisiz,
Koʻngillarning farmonisiz,
Ikki jahon sultonisiz,
Ahlan va sahlan marhabo.
Siz Xudoning mahbubisiz,
Shafoatdan ayirmang judo,
Ahmad, Muhammad, Mustafo,
Ahlan va sahlan marhabo.
Yunus soʻzlar toʻgʻri soʻzni,
Dargohingizga surar yuzni,
Mahshar kuni kutar bizni,
Ahlan va sahlan marhabo.