Sevimli Paygʻambarim

ZAKOT BERISH

Islomning uchinchi sharti – zakot berishdir.

Oltin, kumush va tijorat mollarining zakotini berish uchun ularning nisob miqdorida boʻlishi lozim. Nisob – boylik bilan faqirlik orasidagi chegaradir. Oltin uchun nisob – 96 gramm. Kumush uchun – 672 gramm. Roʻzgʻor uchun zarur buyumlardan tashqari, har turdagi moli nisob miqdorida boʻlgan kishiga boy deyiladi. Buncha moli boʻlmagan kishiga faqir deyiladi. Oltin pullar va oltin buyumlar, ayollarning zeb-ziynatlari va tishlardagi oltin qoplamalarning umumiy ogʻirligi har turdagi tijorat mollarining oltin bilan hisoblangan qiymati bilan birga 96 gramm, kumush buyumlarniki esa 672 gramm boʻlsa va ular shundan keyin bir hijriy yil, yaʼni 354 kunlik arabiy yil davomida mulkida tursa, u holda ularning (tijorat mollarining esa qiymatining) qirqdan biri ajratilib, Qurʼoni karimda bildirilgan sakkiz toifa kishilardan biriga yoki bir nechasiga beriladi. Bunga zakot deyiladi. Masalan, 100 gramm oltini bor kishi bir arabiy yil oʻtgach, zakot niyati bilan ikki yarim (2,5) gramm oltinni ajratib, oʻzi xohlagan musulmon faqirga berishi kerak. Zakotni qurbon nisobiga ega boʻlmagan faqirlarga, qarzdor musulmonga, oʻz yurtida boy boʻlsa ham, turgan joyida faqir qolgan kishiga, jihod va haj yoʻlida muhtoj qolgan kishiga berish lozim.

Yashash uchun zarur boʻlganidan ortiq, lekin qurbon nisobidan kam moli bor kishiga faqir deyiladi. Maoshi qancha boʻlishidan qatʼi nazar, uyini zoʻrgʻa tebratayotgan har bir xizmatchi zakot olishi mumkin va unga qurbonlik soʻyish, fitr sadaqasini berish vojib boʻlmaydi. Din ilmlarini oʻrgatayotgan va oʻrganayotgan kishi, qirq yillik nafaqasi boʻlsa ham, zakot olishi mumkin. Zakot puliga masjid qurilmaydi, jihod qilinmaydi, haj qilinmaydi. Boy kishi zakotni oʻz ota-onasiga, farzandlariga, xotiniga bera olmaydi. Aka-uka va opa-singillariga, keliniga, kuyoviga, qaynonasiga va qaynotasiga, ammasiga va xolasiga, amakisiga va togʻasiga berishi mumkin. Bularga berish savobliroqdir. Faqirga nisobdan kam beriladi. Lekin uning oilasi, bola-chaqasi boʻlsa, ularning har biriga tushadigan ulush nisobga yetmaydigan miqdorda koʻp berish mumkin. Molini isrof qiladiganga, uni haromga sarflaydiganga zakot berilmaydi. Sayyidlar hozir oʻljadan (gʻanimatdan) oʻz haqlarini ola olmaganlari uchun ularga ham beriladi.

Mol-mulkka magʻrur boʻlma, «Mendek kim bor?» – dema!

Bir teskari shamol essa, barini xirmondek sovuradi!

Zakot beriladigan molning toʻrt turi bor:

1. Oltin va kumush.

2. Tijorat uchun sotib olingan har turdagi mol.

3. Dalada va yaylovda oʻtlab yuradigan toʻrt oyoqli hayvonlar. 4. Yer mahsulotlari, yaʼni ushr.

«U kuni Mening rahmatim faqat Mendan qoʻrqib, kofir boʻlishdan va gunoh qilishdan saqlanganlarga, zakotini berganlarga, Qurʼoni karimga va Paygʻambarim alayhissalomga iymon keltirganlarga xosdir» Aʼrof: 156

Abu Hanifa (rahimahullohu taolo) shunday deydi: «Yomgʻir yoki daryo suvi bilan sugʻorilib, yerdan ungan ekin, meva va sabzavotning, shuningdek, asalning miqdori qancha boʻlishidan qatʼi nazar, hosili yigʻib olinishi bilanoq undan oʻndan birini faqirlarga berish farzdir. Bunga ushr deyiladi. Ushrini bermasdan hosilni yeyish haromdir».

Tijorat mollarining nisobi qiymat jihatidan 96 gramm oltin tangaga teng boʻlsa, tijorat mollarining sotib olingan narxi boʻyicha qiymatining qirqdan biri oltin bilan beriladi. Yoki tijorat mollarining oʻzidan beriladi. Qarzga bergan moli bor, qoʻlida tilxatlari boʻlgan kishi ularning zakotini berishi lozim. Zakot qoʻldagi moldan beriladi. Molni faqirning qoʻliga topshirish lozim.

Qogʻoz pullarning nisobi faqat oltin tanga bilan hisoblanadi va qirqdan biri oltin bilan beriladi. Zakot farz boʻlishining shartlari oltita: 1. Musulmon boʻlish. 2. Balogʻatga yetgan boʻlish. 3. Oqil boʻlish. 4. Hur boʻlish. 5. Zakot nisobi miqdorida halol zakot moliga ega boʻlish. 6. Qoʻlidagi molning ehtiyojidan va qarzidan ortiq boʻlishi. Zakot farz boʻlgandan keyin uni musulmon faqirga bermagan yoki boshqa qarzi boʻlgan kishining xayriya ishlari va sadaqalari savob boʻlmaydi, gunoh boʻladi. Zakotini berish va qarzini toʻlash – uning zimmasidagi farzdir.

Ramazon keldi, yetishdi,
Masjidlar nurga burkandi.
Toʻp otildi, qandil yondi,
Barchamiz bunga ishondik.
Avvalgi oʻn kuni – rahmat moʻl,
Soʻngra gunohlar afv boʻlur.
Hayit kechasi moʻminlar
Jahannamdan ozod boʻlur.
Birodarim, roʻza tut sen ham,
Namozlaringni ham oʻqi!
Har dam gunohdan saqlan,
Jahannamda azob koʻpdir!
Dushman senga hujum qilar,
«Roʻza holsizlantirar» der.
Ilmu fanni u toptar,
Xoin, doim yolgʻon soʻylar!
Uygʻon! Umringning koʻpi oʻtdi,
Roʻza tut, angla ochu toʻqni!
Islom kitoblarini oʻqi,
Insonlikdan ol bir hidni!