Sevimli Paygʻambarim

NAMOZNING OʻQILISHI

Yolgʻiz oʻqiydigan erkakning namozi

Masalan, bomdod namozining sunnati shunday oʻqiladi:

1. Avval qiblaga yuzlaniladi. Oyoqlar bir-biridan toʻrt barmoq enicha ochiq holda parallel tutiladi. Qoʻllarning bosh barmoqlari quloq yumshoqlariga tekkizilib, kaftlar qibla tomonga ochiladi. «Alloh rizosi uchun bugungi bomdod namozining sunnatini oʻqishga niyat qildim, qiblaga yuzlandim», – deb koʻngildan oʻtkazilgach, «Allohu akbar» deb, kindik ostida oʻng qoʻl chap qoʻl ustiga bogʻlanadi. Oʻng qoʻlning bosh barmogʻi bilan jimjilogʻi chap bilakni halqadek mahkam ushlab turadi.

2. Koʻzlarni sajda qilinadigan joydan uzmasdan:

  1. «Subhonaka» oʻqiladi.

  1. «Aʼuzu» va Bismillahdan keyin Fotiha oʻqiladi.

  2. Fotihadan keyin Bismillah aytilmasdan bir zammi sura, masalan, Fil surasi oʻqiladi. Bismillah aytilsa, mustahab savobiga ham erishiladi.

3. Zammi suradan keyin «Allohu akbar» deb rukuʼga egilinadi. Qoʻllar bilan tizzalar mahkam ushlanadi, bel toʻgʻri tutiladi va koʻzlar oyoqlardan uzilmasdan, uch marta «Subhona robbiyal aziym» deyiladi. 5, 7, 9 yoki 11 marta aytilsa, mustahab savobiga ham erishiladi. 4. «Samiʼallohu liman hamidah» deb qad rostlanayotganda shim tortilmaydi va koʻzlar sajda joyidan uzilmaydi. Toʻla tik turilgach, «Robbana lakal hamd» deyiladi. (Bu tik turishga qavma deyiladi.) 5. Qiyomda koʻp turmasdan, «Allohu akbar» deb sajdaga boriladi. Sajdaga borilayotganda quyidagi tartibda:

  1. Yerga oʻng tizza, keyin chap tizza, oʻng qoʻl, keyin chap qoʻl, burun va peshona qoʻyiladi. b) Oyoq barmoqlari qibla tomonga bukiladi.

  1. Bosh ikki qoʻlning orasiga olinadi. g) Qoʻl barmoqlari jipslashtiriladi. d) Kaftlar yerga yopishtiriladi. Tirsaklar yerga tekkizilmaydi. ye) Bu holatda kamida uch marta «Subhona robbiyal aʼlo» deyiladi. 5, 7, 9 yoki 11 marta aytilsa, mustahab savobiga ham erishiladi. Soʻngra:

6. «Allohu akbar» deb oʻtiriladi. Bunda chap oyoq yerga yotqiziladi, oʻng oyoqning barmoqlari qibla tomonga bukiladi va sonlar ustida bir marta «Subhanalloh» deydigan muddat oʻtiriladi. Kaftlar tizzalar ustiga qoʻyiladi, barmoqlar qibla tomonga qaragan holda oʻz holiga qoʻyiladi.

«Allohu taolo besh vaqt namoz oʻqishni buyurdi. Kim goʻzal tahorat olib, ularni oʻz vaqtida oʻqisa va rukuʼlarini, xushuʼlarini toʻla ado etsa, Allohu taolo uni afv etishni vaʼda qildi. Bularni qilmagan kishiga vaʼda bermadi. Xohlasa, uni afv etadi, xohlasa, azoblaydi» Hadisi sharif

7. Sonlar ustida koʻp oʻtirmasdan, «Allohu akbar» deb yana sajdaga boriladi. (Ikki sajda orasidagi oʻtirishga jalsa deyiladi.) 8. Sajdada yana kamida uch marta «Subhona robbiyal aʼlo» deyilgach, «Allohu akbar» deb ikkinchi rakatga turiladi. Sajdadan turilayotganda yerdan avval peshona, keyin burun, soʻngra chap va oʻng qoʻl, soʻngra chap va oʻng tizza koʻtariladi. 9. Tik turilgach, Bismillahdan keyin Fotiha, undan keyin zammi sura oʻqiladi va «Allohu akbar» deb rukuʼga egilinadi.

10. Ikkinchi rakat birinchi rakatda tushuntirilgandek ado etiladi. Faqat ikkinchi sajdadan keyin «Allohu akbar» deyilgach, oyoqqa turilmasdan, sonlar ustiga oʻtiriladi va: a) «Attahiyotu», «Allohumma solli», «Allohumma borik» va «Robbana otina» duolari oʻqilgach, avval oʻng tomonga: «Assalomu alaykum va rahmatulloh», soʻngra chap tomonga: «Assalomu alaykum va rahmatulloh» deb salom beriladi.

  1. Salom berilgach: «Allohumma antassalomu va minkassalom, taborakta yo zal-jaloli val-ikrom», – deyiladi.

Hech gapirmasdan, bomdod namozining farziga turiladi va xuddi shu tarzda farzga niyat qilib, bomdod namozining 2 rakat farzi oʻqiladi. Chunki sunnat bilan farz orasida gapirish namozni buzmasa ham, savobini kamaytiradi.

Namoz oxirida salom berib, «Allohumma antassalomu…» deyilgach, uch marta: «Astagʻfirullohal aziym, al-kariym, allaziy la ilaha illa huval hayyul qayyumu va atubu ilayh», – deb oʻqiladi. Soʻngra Oyatal kursiy oʻqiladi va oʻttiz uch marta tasbeh, yaʼni «Subhanalloh», oʻttiz uch marta tahmid, yaʼni «Alhamdulillah», oʻttiz uch marta takbir, yaʼni «Allohu akbar» aytiladi va bir marta tahlil: «La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayʼin qodiyr», – deb oʻqiladi. Bularni ovoz chiqarmasdan oʻqish kerak. Baland ovozda oʻqish bidʼatdir. Soʻngra Allohga duo qilinadi. Duo qilinayotganda qoʻllar koʻkrak barobarida koʻtariladi. Ular tirsakdan bukilmaydi. Kaftlar ochilib, osmonga qaratiladi. Chunki namozning qiblasi Kaʼba boʻlgani kabi, duoning qiblasi osmondir. Duodan keyin «Subhona robbika…» oyati karima oʻqiladi va qoʻllar yuzga suriladi.

Boshqa namozlarning oʻqilishi

Namoz 3 rakatli (shom namozi va vitr namozi) boʻlsa, uning ikki rakati bomdod namozining 2 rakati kabi oʻqiladi. Shom namozining uchinchi rakatida faqat Fotiha oʻqiladi, zammi sura oʻqilmaydi. Vitr namozida Fotihadan keyin zammi sura ham oʻqiladi, soʻngra takbir aytilib, qoʻllar quloqlarga koʻtariladi va «Qunut» duolari oʻqiladi. Uchinchi rakatning rukuʼ va sajdalaridan keyin oʻtiriladi.

Namoz 4 rakatli boʻlsa, uning ikki rakati bomdod namozining 2 rakati kabi oʻqiladi. Farz va vojib namozlarning, shuningdek, peshin namozining avvalgi sunnatining birinchi oʻtirishlarida faqat «Attahiyotu» oʻqiladi. Farzlarning uchinchi va toʻrtinchi rakatlarida faqat Fotiha oʻqiladi, zammi sura oʻqilmaydi. Gʻayri muakkada sunnatlarning uchinchi rakatlarida «Subhonaka» duosidan keyin «Aʼuzu» va Bismillah bilan Fotiha oʻqiladi. Ularning birinchi oʻtirishida «Allohumma solli» va «Allohumma borik» oʻqiladi, uchinchi va toʻrtinchi rakatlarda esa Fotihadan keyin zammi sura ham oʻqiladi. Toʻrtinchi rakatning rukuʼ va sajdalaridan keyin oʻtiriladi. Uch rakatli namozlarning ham, toʻrt rakatli namozlarning ham oxirgi oʻtirishida «Attahiyotu», «Allohumma solli», «Allohumma borik» va «Robbana otina» duolari oʻqilgach, avval oʻng tomonga: «Assalomu alaykum va rahmatulloh», soʻngra chap tomonga: «Assalomu alaykum va rahmatulloh» deb salom beriladi. Salom berilgach: «Allohumma antassalomu va minkassalom, taborakta yo zal-jaloli val-ikrom», – deyiladi.

Toʻrt rakat qilib oʻqiladigan boshqa nafl namozlar gʻayri muakkada sunnatlar kabi oʻqiladi.

Yolgʻiz oʻqiydigan ayolning namozi

Masalan, bomdod namozining sunnatini u shunday oʻqiydi: badanining shakli bilinmaydigan qilib, boshdan-oyoq oʻranadi. Faqat qoʻllari va yuzi ochiq qoladi. Namozda oʻqiydigan sura va duolari yuqorida tushuntirilgan yolgʻiz oʻqiydigan erkakning namozidagidek. Farqli jihatlari esa quyidagilar: a) U qoʻllarini erkaklardek quloqlarigacha koʻtarmaydi. Qoʻllarini yelkalari barobariga keltirib, niyat qiladi, qoʻllarini yeng uchidan tashqariga chiqarmaydi. (Bu paytda barmoqlari na ochiq, na jips boʻlib, tabiiy holatda turadi.) Soʻngra takbir aytadi, qoʻllarini – oʻng qoʻlining kaftini chap qoʻli ustiga qoʻyib – koʻkragi ustiga qoʻyadi va namozni boshlaydi.

  1. Rukuʼga egilayotganda oyoqlarini juftlamaydi. Qoʻllarini tizzalari ustiga qoʻyadi, tizzalarini changallamaydi, barmoqlarini ochmaydi, bir-biriga yopishtirib tutadi. Rukuʼda butunlay toʻgʻri turmaydi: orqasini, boshini, oyoqlarini va qoʻllarini tik tutmaydi.

  1. Sajdada qoʻllarini qorniga yaqin qilib, tirsaklarigacha yerga yoyadi. Qornini sonlariga tegizib turadi. g) Tashahhudda oyoqlarini oʻng tomondan tashqariga chiqarib, yerga oʻtiradi (tavarruk). Qoʻllarini sonlari ustiga qoʻyadi. Barmoqlari bir-biriga jips boʻladi.

  1. Duo qilayotganda qoʻllarini oldinga choʻzmaydi, yuziga qaratib, qiya tutadi. Ayollar uchun namozda yaxshi oʻrangan boʻlishning eng oson yoʻli – qoʻllarini ham yopadigan keng roʻmol va oyoqlarini ham yopadigan keng, uzun etakdir.

Namozdan keyin oʻqiladigan duo namunasi

«Alhamdulillahi Robbil olamiyn. Assalotu vassalomu ala Rasulina Muhammadin va Olihi va Sohbihi ajmaʼiyn. Yo Rabbim! Oʻqigan namozimni qabul ayla! Oxirimni va oqibatimni xayrli ayla. Soʻnggi nafasimda kalimai tavhidni aytishni nasib ayla. Vafot etgan yaqinlarimni afv va magʻfirat ayla. Allohummagʻfir varham va anta xoyrur rohimiyn. Tavaffaniy musliman va alhiqniy bis-solihiyn. Allohummagʻfir liy va li volidayya va li ustoziyya va lil moʻminiyna val moʻminati yavma yaqumul hisob. Yo Rabbim! Meni shaytonning yomonligidan, dushmanning yomonligidan va yomonlikka undovchi nafsimning (nafsi ammora) yomonligidan asra! Uyimizga yaxshiliklar, halol va xayrli rizqlar ato ayla! Musulmonlarga omonlik ato ayla! Musulmonlarning dushmanlarini qahr ayla va parishon qil! Kofirlarga qarshi jihod qilayotgan musulmonlarga ilohiy madading bilan madad ber! Allohumma innaka afuvvun kariym, tuhibbul afva faʼfu anniy. Yo Rabbim! Bemorlarimizga shifo, dardlilarimizga davo ato ayla! Allohumma inniy asʼalukas-sihhata val-ofiyata val-omonata va husnal-xulqi var-rizoa bil-qadari birohmatika yo arhamar rohimiyn. Onamga, otamga, farzandlarimga, qarindosh va doʻstlarimga hamda barcha din birodarlarimga xayrli umr, goʻzal axloq, sogʻlom aql, salomatlik va omonlik, toʻgʻri yoʻl (hidoyat) va istiqomat ato ayla, yo Rabbim! Omin. Val hamdu lillahi Robbil olamiyn. Allohumma solli ala…, Allohumma borik ala…, Allohumma Robbana otina… Val hamdu lillahi Robbil olamiyn. Astagʻfirulloh, astagʻfirulloh, astagʻfirulloh, astagʻfirullohal aziym, al-kariym, allaziy la ilaha illa huval hayyul qayyumu va atubu ilayh».

«Allohu taolo zimmasida qazoga qolgan namoz qarzi boʻlgan kishining va harom kiyim (jilbob) kiygan kishining namozini qabul qilmaydi» Hadisi sharif

Namozning vojiblari

Namozning vojiblari quyidagilar: 1. Fotiha surasini oʻqish.

2. Fotihadan keyin bir sura yoki kamida uch qisqa oyat oʻqish. 3. Fotihani suradan oldin oʻqish.

4. Fotihani va undan keyin zammi surani oʻqish. (Fotihani farzlarning birinchi va ikkinchi rakatlarida, sunnatlarning esa har bir rakatida oʻqish vojibdir.)

5. Sajdalarni ketma-ket ado etish. 6. Uch va toʻrt rakatli namozlarning ikkinchi rakatida tashahhud miqdori oʻtirish vojibdir. Oxirgi oʻtirish farzdir. 7. Ikkinchi rakatda tashahhuddan ortiq oʻtirmaslik. 8. Sajdada burunni peshona bilan birga yerga qoʻyish. 9. Oxirgi rakatda oʻtirganda «Attahiyotu» duosini oʻqish. 10. Namozda taʼdili arkonga rioya qilish. 11. Namoz oxirida «Assalomu alaykum va rahmatulloh» deyish. 12. Vitr namozining uchinchi rakati oxirida «Qunut» duosini oʻqish. 13. Hayit namozlarida takbir aytish. 14. Imomning bomdod, juma, hayit, tarovih, vitr namozlarida hamda shom va xuftonning avvalgi ikki rakatida ovoz chiqarib oʻqishi. 15. Imomning va yolgʻiz oʻquvchining peshin va asr farzlarida, shomning uchinchi rakatida, xuftonning uchinchi va toʻrtinchi rakatlarida past ovozda oʻqishi vojibdir. Imomga ovoz chiqarib oʻqish vojib boʻlgan joylarda yolgʻiz oʻquvchiga ovoz chiqarib oʻqish ham, past ovozda oʻqish ham joiz. Qurbon hayitidan oldingi arafa kunining bomdod namozidan boshlab hayitning toʻrtinchi kunidagi asr namozigacha yigirma uch farz namozning har biridan keyin tashriq takbirini aytish vojibdir.

Sahv sajdasi (yanglishish va unutish sajdasi)

Namozxon namozda farz boʻlgan biror narsani bilib yoki unutib tark etsa, namozi buziladi. Agar biror vojibni unutib tark etsa, namozi buzilmaydi, lekin unga sahv sajdasi qilish lozim boʻladi. Sahv sajdasini bila turib qilmagan yoki namozning vojiblaridan birini bilib tark etgan kishiga oʻsha namozni qaytadan oʻqish vojib boʻladi. Oʻqimasa, gunohkor boʻladi. Sunnat tark etilganda sahv sajdasi kerak boʻlmaydi. Sahv sajdasi biror farz kechiktirilganda yoki takrorlanganda, shuningdek, biror vojib tark etilganda, oʻzgartirilganda, takrorlanganda yoki kechiktirilganda qilinadi. Namozda bir necha marta sahv sajdasi lozim boʻlsa, bir marta qilish kifoya qiladi. Imomning yanglishishi unga iqtido qilganlarga ham sahv sajdasini lozim qiladi. Imomga iqtido qilgan kishi yanglishsa, u imomdan alohida sahv sajdasi qilmaydi.

Sahv sajdasini qilish uchun «Attahiyotu» oʻqilib, bir tomonga salom berilgach, ikki sajda qilinib oʻtiriladi va «Attahiyotu», «Solli» bilan «Borik» va «Robbana» duolari oʻqilib, namoz tugatiladi. Sahv sajdasini «Solli» bilan «Borik» oʻqilgandan va bir yoki ikki tomonga salom berilgandan keyin yoki umuman salom bermasdan ham qilish mumkin.

Sahv sajdasini lozim qiladigan holatlar

Oʻtirish lozim boʻlgan joyda turish. Turish lozim boʻlgan joyda oʻtirish. Ovoz chiqarib oʻqish lozim boʻlgan joyda past ovozda oʻqish. Past ovozda oʻqish lozim boʻlgan joyda ovoz chiqarib oʻqish. Duo oʻqiladigan joyda Qurʼoni karimdan oʻqish. Qurʼoni karimdan oʻqiladigan joyda duo oʻqish. Masalan, Fotiha surasi oʻrniga «Attahiyotu» duosini oʻqish yoki «Attahiyotu» oʻqiladigan joyda Fotiha oʻqish. Bu holda Fotiha tark etilgan boʻladi. Namozni tugatmasdan salom berish.

Farz namozlarning birinchi va ikkinchi rakatlarida zammi sura oʻqimasdan, uni uchinchi va toʻrtinchi rakatlarda Fotihadan keyin oʻqish. Avvalgi ikki rakatda Fotihadan keyin zammi sura oʻqimaslik. Hayit namozining vojib takbirlarini tark etish. Vitr namozida «Qunut» duosini tark etish.

Namozning sunnatlari

1. Namozda qoʻllarni quloqlarga koʻtarish.

2. Kaftlarni qiblaga qaratish.

«Namoz oʻqigan kishi din binosini qurgan boʻladi. Namoz oʻqimagan kishi dinini buzgan boʻladi. Namoz – moʻminning meʼrojidir» Hadisi sharif

3. Takbirdan keyin qoʻl bogʻlash.

4. Oʻng qoʻlni chap qoʻl ustiga qoʻyish.

5. Erkakning qoʻllarini kindigidan pastga, ayolning esa koʻkragiga qoʻyishi. 6. Iftitoh takbiridan keyin «Subhonaka» oʻqish. 7. Imomning va yolgʻiz oʻquvchining «Aʼuzu» oʻqishi. 8. Bismillah aytish. 9. Rukuʼda uch marta «Subhona robbiyal aziym» deyish. 10. Sajdada uch marta «Subhona robbiyal aʼlo» deyish. 11. Oxirgi oʻtirishda salavot duolarini oʻqish.

12. Salom berayotganda ikki tomonga qarash.

13. Imomning juma va hayit namozlaridan boshqa har bir namozda birinchi rakatda ikkinchi rakatda oʻqiydiganidan ikki baravar uzun oʻqishi.

14. Rukuʼdan turishda imomning va yolgʻiz oʻquvchining «Samiʼallohu liman hamidah» deyishi.

15. Rukuʼdan turgach, «Robbana lakal hamd» deyish.

16. Sajdada oyoq barmoqlarini bukib, uchlarini qiblaga qaratish. 17. Rukuʼ va sajdalarga tushayotganda va sajdalardan turayotganda «Allohu akbar» deyish. 18. Qoʻllarni va tizzalarni yerga qoʻyish. 19. Toʻpiqlarni qiyomda bir-biridan toʻrt barmoq enicha uzoqlikda, rukuʼda, qavmada va sajdada esa juft tutish. 20. Fotihadan keyin «Omin» deyish, rukuʼdan oldin takbir aytish, rukuʼda qoʻllarni barmoqlar ochiq holda tizzalar ustiga qoʻyish, sajda uchun takbir aytish, chap oyoqni yerga yotqizib, oʻng oyoqni tik qoʻyib oʻtirish, ikki sajda orasida oʻtirish. Shom namozida qisqa suralar oʻqiladi.

Bomdod namozida birinchi rakat ikkinchisiga qaraganda uzunroq qilinadi. Imomga iqtido qilgan kishi Fotihani va zammi surani oʻqimaydi. U «Subhonaka»ni oʻqiydi. Takbirlarni aytadi. «Attahiyotu»ni va muborak salavotlarni oʻqiydi.

Namozning mustahablari

1. Namoz oʻqiyotganda sajda joyiga qarash. 2. Rukuʼga borganda oyoqlarga qarash.

3. Sajdada burun qoʻyilgan joyga qarash. 4. Tashahhudga oʻtirganda tizzalar ustiga qarash.

5. Fotihadan keyin oʻqiladigan oyatlarning bomdod va peshin namozlarida uzun, shom namozida esa qisqa boʻlishi. 6. Imomga iqtido qilgan kishining takbirni past ovozda aytishi.

7. Rukuʼda barmoqlarni ochib, qoʻllarni tizzalar ustiga qoʻyish.

8. Rukuʼda boshni boʻyin bilan birga toʻgʻri tutish.

9. Sajdaga borayotganda yerga avval oʻng, keyin chap tizzani qoʻyish. 10. Sajdani ikki qoʻlning orasida qilish.

11. Sajdada peshonani burundan keyin qoʻyish. 12. Namoz paytida esnasa, ogʻzini qoʻlining orqasi bilan yopish.

13. Erkaklarning sajdada tirsaklarini koʻtarib tutishi. Ayollar esa qoʻllarini yerga yoyadilar. 14. Erkaklarning sajdada qoʻllarini va oyoqlarini qornidan uzoq tutishi. 15. Rukuʼda va sajdada uchtadan tasbeh aytadigan muddat turish.

16. Sajdadan bosh koʻtarilgach, qoʻllarni yerdan koʻtarish.

17. Qoʻllarni koʻtargach, tizzalarni koʻtarish.

18. Tashahhudda qoʻllarni sonlar ustiga qoʻyib, barmoqlarni qiblaga qaratib toʻgʻri va uchlari tizza uchiga yetadigan qilib tutish, ularni bukmaslik va hech birini qimirlatmaslik.

19. Oʻngga va chapga salom berayotganda boshni burish. 20. Salom berayotganda yelka uchlariga qarash.

Namozning makruhlari

1. Kiyimni kiymasdan, yelkaga tashlab namoz oʻqish. 2. Sajdaga tushayotganda etaklarni, shim pochalarini koʻtarish.

3. Koʻylakning etaklari, yenglari shimarilgan holda namozga turish. 4. Abas, yaʼni foydasiz harakatlar qilish. 5. Ish kiyimi bilan va kattalarning oldiga kiyib chiqib boʻlmaydigan kiyim bilan namoz oʻqish.

6. Ogʻizda qiroatga xalal bermaydigan biror narsani saqlash. Xalal bersa, namoz buziladi. 7. Bosh ochiq holda namoz oʻqish.

8. Kichik yoki katta hojat qistab turganda yoki yel siqib turganda namozga turish. 9. Namozda sajda joyidagi tosh-tuproqni qoʻl bilan supurish.

«Ibodatlarini ixlos bilan ado etuvchilarga xushxabar boʻlsin! Ular – hidoyat (toʻgʻri yoʻl) yulduzlaridir. Ular fitnalarning zulmatlarini yoʻq qiladilar» Hadisi sharif

10. Namozga turayotganda va namoz ichida barmoqlarni qirsillatish.

11. Namozda qoʻlni biqinga qoʻyish.

12. Boshni va yuzni atrofga burish, koʻzlar bilan atrofga qarash. Koʻkrakni bursa, namoz buziladi.

13. Tashahhudda itga oʻxshab oʻtirish.

14. Erkaklarning sajdada qoʻllarini yerga yoyishi. 15. Odamning yuziga qarab va baland ovozda gaplashayotganlarning orqasiga qarab namoz oʻqish.

16. Birovning salomiga qoʻl yoki bosh bilan alik olish. 17. Namozda va namozdan tashqarida esnash. 18. Namozda koʻzlarni yumish. 19. Imomning mehrob ichida turishi. Qibla devoridagi oʻyiq joyga mehrob deyiladi. Imomning oyoqlari mehrobdan tashqarida boʻlganda, mehrob ichiga sajda qilishi makruh boʻlmaydi. Kishi oyoqlari turgan joyda hisoblanadi. Chunki nasroniy ruhoniylari alohida xonada turib ibodat qildiradilar. Masjidlarda birinchi jamoatning imomi mehrobda namoz oʻqitmasa, makruh boʻladi.

20. Imomning yolgʻiz oʻzi jamoatdan yarim metr balandda turishi tanzihan makruhdir. 21. Imomning yolgʻiz oʻzi pastda turishi ham tanzihan makruhdir. 22. Oldingi safda boʻsh joy boʻla turib, orqadagi safda turish va safda joy boʻlmaganda saf orqasida yolgʻiz turish. 23. Ustida jonli rasm boʻlgan kiyim bilan namoz oʻqish.

24. Jonli rasm namoz oʻquvchining boshining tepasida, oldida, oʻng yoki chap tomonida devorga chizilgan yoki matoga, qogʻozga solinib osilgan yoki qoʻyilgan boʻlsa, makruhdir. Xoch rasmi ham jonli rasm kabidir.

25. Alanga olib turgan olovga qarab namoz oʻqish. 26. Namozda oyatlarni, tasbehlarni qoʻl bilan sanash. 27. Boshdan-oyoq bir matoga oʻranib namoz oʻqish.

28. Ochiq boshga salla oʻrab, tepasi ochiq holda namoz oʻqish.

29. Ogʻiz va burunni yopib namoz oʻqish. 30. Uzrsiz tomoqdan balgʻam chiqarish. 31. Qoʻlni bir-ikki marta qimirlatish. 32. Namozning sunnatlaridan birini tark etish.

33. Zaruratsiz, quchogʻida bola boʻlgan holda namozni boshlash.

34. Qalbni band qiladigan, xushuʼni ketkazadigan narsalar yonida, masalan, bezakli narsalar qarshisida, oʻyin, cholgʻu yonida va ishtahasi tortib turgan taom qarshisida namoz oʻqish. 35. Farz oʻqiyotganda uzrsiz devorga yoki ustunga suyanish. 36. Rukuʼga egilayotganda va undan qad rostlayotganda qoʻllarni quloqlarga koʻtarish.

37. Qiroatni rukuʼga egilganda tugatish.

38. Sajdalarga va rukuʼga boshni imomdan oldin qoʻyish va koʻtarish.

39. Najs boʻlish ehtimoli bor joylarda namoz oʻqish. 40. Qabrga qarab namoz oʻqish.

41. Tashahhudlarda sunnatga muvofiq oʻtirmaslik.

42. Ikkinchi rakatda birinchisidagidan uch oyat uzun oʻqish.

43. Ikkinchi rakatda birinchisida oʻqigan oyatni yoki undan oldingi bir oyatni qayta oʻqish. Unutib oʻqisa, makruh boʻlmaydi.

44. Bir surani tashlab, hatlab oʻqish.

Namozdan tashqari makruh boʻlgan narsalar

1. Hojatxonada va har qanday joyda hojat chiqarayotganda va istinjo qilayotganda qiblaga yuz yoki orqa bilan oʻgirilish. 2. Quyoshga va oyga qarab hojat chiqarish.

3. Kichik bolalarni qiblaga qaratib tutib, hojatini chiqartirish – ularni tutib turgan katta kishiga makruhdir. Shuning uchun kattalarga harom boʻlgan narsani bolalarga qildirish qildirgan kishiga harom boʻladi.

4. Uzrsiz qibla tomonga oyoqlarni yoki bir oyoqni uzatish. 5. Musʼhafga va diniy kitoblarga qarab oyoq uzatish. Ular balandda boʻlsa, makruh boʻlmaydi.

Namozni buzadigan narsalar

1. Uzrsiz yoʻtalish yoki tomoq qirish.

2. Namoz oʻqiyotgan kishining birovning aksirganiga «Yarhamukalloh» deyishi. 3. Namozni yolgʻiz oʻqiyotgan kishi boshqa bir jamoatning imomi qiroatda yanglishganini eshitib, unga ogohlantirish bersa, oʻzining namozi buziladi. Agar imom ham bu kishining ogohlantirishiga quloq solib shunday oʻqisa, imomning ham namozi buziladi. 4. Namoz ichida birovga javob berish maqsadida «La ilaha illalloh» desa, namozi buziladi. Agar maqsadi namozda ekanini bildirish boʻlsa, namozi buzilmaydi. 5. Avrat joyini ochish.

«Kuching yetsa, yerga sajda qil! Yerga egila olmasang, yuzingga biror narsani koʻtarib, uning ustiga sajda qilma! Imo bilan oʻqi va sajdada rukuʼdagidan koʻproq egil!» Hadisi sharif

6. Ogʻriq yoki boshqa biror dard sababli yigʻlash. (Jannat yoki jahannam zikr qilinib, kishi ular haqida oʻylab, shu sababli yigʻlasa, namoz buzilmaydi.) 7. Qoʻl yoki til bilan alik olish.

8. Qazoga qolgan namozlar soni beshtadan oshmagan boʻlsa va namoz ichida ular esiga tushsa.

9. Namozxon uni koʻrgan kishi «bu namoz oʻqimayapti» deb oʻylaydigan darajada harakat qilsa, namozi buziladi. 10. Namoz ichida biror narsa yeb-ichish. 11. Namoz ichida gapirish.

12. Oʻz imomidan boshqa kishining xatosini tuzatish. 13. Namoz ichida kulish.

14. Namoz ichida ingrash va «oh» urish.

IZOH: stulda namoz durust boʻlmaydi

Oʻtirib va imo bilan namoz oʻqish

Biror aʼzosidagi dard sababli tik tura olmaydigan yoki tik turishdan zarar koʻradigan, boshi aylanadigan kishi farzlarni ham oʻtirib oʻqiydi. Rukuʼ uchun egiladi, sajda uchun boshini yerga qoʻyadi. Devorga, ustunga, odamga suyanib bir oz tik tura oladigan kishiga tik turgan holda takbir aytish va qancha qodir boʻlsa, shuncha tik turib oʻqish farzdir. Farz oʻqiyotganda uzrsiz devorga, ustunga suyanish makruhdir. Uzr boʻlsa, makruh boʻlmaydi. Suyanib tik turish yoki oʻtirish mumkin boʻla turib, yotib imo bilan oʻqish joiz emas. Toʻgʻri oʻtira olmaydigan kishi qanday xohlasa, shunday oʻtiradi. Biror joyini yostiqqa yoki boshqa biror narsaga suyaydi.

Homilador ayol yoki bemor oʻng va chap tomoniga kichik xontaxtaga oʻxshash biror narsa qoʻyib, ularga tayanib oyoqqa tura olsa, shunday oʻqishi lozim.

Biror narsaga suyanib ham, biror kishi ushlab turganda ham yerda oʻtira olmaydigan bemor chalqancha yotib oʻqiydi. Oyoqlarini qibla tomonga uzatadi. Boshi ostiga yostiq qoʻyadi. Yuzi qiblaga qaragan boʻladi. Yoki qiblaga qarab oʻng yoki chap yoni bilan yotadi. Rukuʼ va sajdalar uchun boshi bilan imo qiladi. Boshi bilan ham imo qila olmaydigan aqli joyida boʻlgan bemor, bu hol bir kundan ortiq davom etib, namozini umuman oʻqiy olmasa, u hol tugaguncha namoz undan soqit boʻladi, yaʼni unga farz boʻlmaydi va oʻqiy olmagan namozlarining hech birini qazo qilmaydi. Samoviy sabab bilan, yaʼni oʻz ixtiyoridan tashqari, masalan, kasallik tufayli yoki behush boʻlib, yoxud rakat yoki sajda sonlarini unutadigan darajada hushsiz holda beshtadan ortiq namozini oʻqiy olmagan kishi ham shunday. Mast qiluvchi ichimliklar ichib yoki dori qabul qilib, shu tarzda behush, hushsiz boʻlib qolgan kishi oʻqiy olmagan namozlarining hammasini qazo qilishi lozim.

Stulga oʻxshash baland bir narsa ustiga oʻtirib, oyoqlarini osiltirib namoz oʻqish joiz emas. Bunday namoz qabul boʻlmaydi. Chunki stulda oʻtirishga zarurat yoʻq. Stulda oʻtira oladigan kishi yerda ham oʻtira oladi. Yerda oʻtira oladigan kishining yerga oʻtirib oʻqishi lozim.

Namozdan keyin yerdan tura olmaydigan, stuldan esa oson turadigan bemorni yerdan boshqa bir kishi turgʻizadi. Agar tura olmasa, qiblaga qaratib qoʻyilgan karavotda oʻtirib, oyoqlarini osiltirmasdan, qibla tomonga uzatib oʻqiydi. Namozdan keyin oyoqlarini karavotning bir chetiga osiltirib, stuldan turgandek turadi. Yoki stulga oʻtiradi, lekin oldiga boshqa bir stul yoki kichik xontaxta qoʻyib, oyoqlarini uning ustiga qoʻyadi. Namoz tugagach, oyoqlarini stuldan yoki xontaxtadan tushirib tura oladi.

Oʻtirib va imo bilan namoz oʻqiganda eʼtibor beriladigan narsalar

Sajda qila olsa, namozni tik turib boshlaydi. Tik tura olganicha oʻqiydi va rukuʼ qiladi. Umuman tik tura olmaydigan kishi oʻtirib boshlaydi. Tiz choʻkib oʻtiradi va sajdalarni qilib, namozini oʻqiydi. Bu tarzda namoz oʻqishga oʻtirib namoz oʻqish deyiladi.

Oʻtirib oʻqiyotganda qiyomda qoʻllarini kindigi ostida bogʻlaydi. (Ayollar koʻkraklari ustiga qoʻyadilar.) Iqomatni, agar tik turib boshlagan boʻlsa, tik turgan holda, oʻtirib yoki imo bilan oʻqiyotgan boʻlsa, oʻtirgan holatida aytadi. Sajda qila olmasa, imo bilan oʻqiydi. Yaʼni oʻziga qanday oson boʻlsa – tiz choʻkib yoki chordona qurib oʻtiradi. Bunday oʻtira olmasa, oyoqlarini qibla tomonga uzatadi.

Iftitoh takbirini oʻtirib aytadi. Rukuʼ uchun gavdasini bir oz egadi, sajda uchun undan ham koʻproq egadi. Gavdasini ega olmaydigan kishi boshini xuddi shunday egadi va shu tarzda namozini imo bilan oʻqigan boʻladi. Qiyom holatida oyoqlariga, oʻtirganda etagiga qaraydi. Imo bilan oʻqiyotganda erkaklar qiyomda qoʻllarini kindiklari ostida bogʻlaydilar. (Ayollar qoʻllarini koʻkraklari ustiga qoʻyadilar.) Rukuʼ uchun bir oz egilayotganda qoʻllarini tizzalari ustiga qoʻyadilar. Sajda uchun undan ham koʻproq egiladilar. Qoʻllarini tizzalari ustiga yoki bir oz oldinroqqa qoʻyadilar. «Attahiyotu» oʻqiyotganda qoʻllarini odatdagi namozdagidek sonlari ustiga qoʻyadilar. Salom berayotganda yelka uchlariga qaraladi. Bu tarzda namoz oʻqishga imo bilan namoz oʻqish deyiladi.

Koʻz bilan imo boʻlmaydi. Kishi 24 soat, yaʼni bir kecha-kunduz davomida boshini ega olmasa, namoz undan soqit boʻladi va uni qazo qilishi ham kerak boʻlmaydi.

Tik turib jamoat bilan namoz oʻqilayotganda oyoqlar turgan joyga eʼtibor beriladi. Kishining tovoni imomning tovonidan oldinda boʻlsa, uning namozi sahih boʻlmaydi. Lekin imo bilan oʻqilayotganda bunday emas: u paytda tovonlarga emas, bosh turgan joyga eʼtibor beriladi. Imo qiluvchining boshi imomning boshidan orqada yoki u bilan bir tekisda boʻlsa, oyoqlari imomning oyoqlaridan oldinda boʻlsa ham, namozi sahih boʻladi. [Ibn Obidin] Tik turib oʻquvchi oʻtirib oʻquvchiga iqtido qila oladi, lekin imo bilan oʻquvchiga iqtido qila olmaydi.

Ishqingiz ila oshiqlar yonsin, yo Rasulalloh,
Ishqingiz sharobin ichib qonsin, yo Rasulalloh.
Sizni sevgan har bir kishi boshin qoʻydi yoʻlingizga,
Ikki jahon quyoshi – sizsiz, yo Rasulalloh.
Sizni sevganlarga – ularga shafoat aylang,
Moʻmin boʻlgan tanalarga jonsiz, yo Rasulalloh.
Oshiqman ul diydorga, bulbulman ul gulzorga,
Sizni sevmagan oʻtga yonsin, yo Rasulalloh.
Sizni Subhon sevdi, boʻldingiz barchaga sulton,
Jonim yoʻlingizga qurbon boʻlsin, yo Rasulalloh.
Darvish Yunusning joni, olam shafoat koni,
Ikki jahon sultoni – sizsiz, yo Rasulalloh!