Sevimli Paygʻambarim

XUSHXABARLAR

Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning kelishlari Odam alayhissalomdan boshlab har bir paygʻambarga va ularning ummatlariga bildirildi; u zotning tugʻilishlari yaqinlashganda, sodir boʻladigan voqealarning koʻpi haqida oldindan xushxabar berildi.

Haqiqiy Tavrotda1 – Muso2 alayhissalomga nozil qilingan va keyinchalik oʻzgartirilgan kitobda shunday yozilgan:

«U shunday muborak zotki, himmati baland, yordami moʻl. U – faqirlarning suyuklisi, boylarning tabibi. U – goʻzallarning goʻzali, poklarning pokidir. Suhbatda yumshoq, taqsimda adolatli, har bir muomalada toʻgʻri. Kofirlarga qarshi qattiq va shiddatli. Keksalarga hurmat, kichiklarga shafqat va marhamat koʻrsatadi. Oz narsaga ham shukr qiladi. Asirlarga rahm qiladi. Doim ochiq yuzli. Kulgisi – tabassum, qahqaha urmaydi. U – ummiy: hech narsa oʻqimasdan va yozmasdan, unga hamma narsa bildirilgan. U – Allohu taoloning rasuli. U yomon feʼlli ham, qattiq koʻngilli ham emas. Bozorlarda va maydonlarda baland ovoz bilan baqirmaydi. Uning ummati – goʻzal axloq egalari. Baland joylarda ular Allohu taoloning ismini zikr qiladilar. Ularning muazzinlari minoralardan xalqni namozga chorlaydilar. Ular tahorat olib, namoz oʻqiydilar. Namozda saflarini toʻgʻrilab, bir tekis turadilar. Kechalari ularning tasbeh ovozlari asalarining gʻuvillashidek eshitiladi. U Makkada tugʻiladi. Madinadan Shomgacha hamma joy uning boshqaruvida boʻladi. Uning ismi – Muhammad, Men unga Mutavakkil deb nom berdim. Buzuq dinlarni yoʻq qilib, toʻgʻri boʻlgan haq dinni yoyib, oʻrnatmaguncha, Men uni dunyodan olmayman. U xalqni Haqqa chaqiradi; uning barakoti bilan koʻrmaydigan koʻzlar ochilib, koʻradi, eshitmaydigan quloqlar eshitadi. Qalblardan gʻaflat ketadi…»3

Haqiqiy Zaburda4 – Dovud5 alayhissalomga nozil qilingan va keyinchalik oʻzgartirilgan kitobda shunday yozilgan:

«U – qoʻli ochiq, yaʼni saxiy kishi. U hech qachon gʻazablanmaydi. Juda yumshoq tabiatli. Yuzi goʻzal va nurli, soʻzi shirin. U – insonlarning tabibi. Koʻp yigʻlaydi, oz kuladi. Oz uxlaydi, koʻp tafakkur qiladi. Qaddi-qomati kelishgan va goʻzal. Uning soʻzlari koʻngillarni rom qiladi, ruhlarni oʻziga tortadi… Ey Habibim! Himmat qilichingizni qinidan sugʻurib, butun kuchingiz bilan qahramonlik maydonida kofirlardan intiqom oling.

Goʻzal til bilan Mening hamdimni va sanoyimni har yerga yoying. Barcha kofirlarning boshlari sizning karomatli qoʻllaringiz oldida egiladi…»

Haqiqiy Injilda6 – Iso7 alayhissalomga nozil qilingan va keyinchalik oʻzgartirilgan kitobda shunday yozilgan:

«Yo Rabbim! Meni Muhammad alayhissalomning ummatidan qil!» Muso alayhissalom

«U koʻp yemaydi, baxil emas. Hiyla qilmaydi, hech kimni yomonlamaydi, hech shoshilmaydi. Oʻzi uchun intiqom olmaydi. Tanbal emas. Hech kimni gʻiybat qilmaydi…»

Kelajak paygʻambarning ismi nima ekani va uning kelish alomatlari qanday boʻlishini soʻragan bir kohinga Iso alayhissalom shunday dedilar:

«Rasulning ismi hayratlanarli darajada goʻzaldir. Allohu taolo uning ruhini yaratganda, unga shu ismni qoʻydi, uni Oʻzining samoviy ulugʻvorligi ichiga qoʻydi va shunday dedi: „Kuting, ey Ahmad! Sizning hurmatingiz uchun Men jannatni, dunyoni va koʻp maxluqotni yaratdim. Bularni sizga hadya qilyapman. Sizni qadrlagan Mendan qadr topadi. Sizni laʼnatlagan (soʻkkan) kishini Men laʼnatlayman. Men sizni dunyoga najotkor Rasulim qilib yuboraman. Soʻzingiz sof haqiqat boʻladi. Yer ham, osmon ham yoʻq boʻlishi mumkin, ammo sizning yoʻlingiz abadiy qoladi“. Uning muqaddas ismi – Ahmaddir.» Shundan keyin Iso alayhissalomning atrofiga yigʻilgan xalq ovozini baland koʻtarib: «Ey Ahmad! Dunyoni qutqarish uchun tezroq keling!» – deb qichqirdi.

Iso alayhissalom Muhammad alayhissalomga – hatto bugungi Injillarda ham xushxabari berilgan, nasroniylar «Paraklit» deb ataydigan, tarjimada «Tasalli beruvchi» deb oʻgiriladigan va yagona haqiqiy tasalli beruvchi boʻlgan zotga – ummat boʻlish uchun koʻp duo qildilar. Qiyomatga yaqin Allohu taolo Iso alayhissalomni qaytadan yerga tushiradi. Oʻshanda Iso alayhissalom Muhammad alayhissalomning dini boʻyicha amal qiladilar: Muhammad alayhissalom halol deganlarini halol, harom deganlarini harom deydilar. Paraklit – Ahmad deganidir. Ahmad esa Muhammad alayhissalomning ismlaridan biridir.

Injilda yana shunday yozilgan:

«Rabb tarafidan chiqib keladigan oʻsha Munhamanno, Rabb tarafidan chiqib keladigan oʻsha Ruhul quds kelganida edi, u men haqimda guvohlik berar edi. Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki anchadan beri men bilan birga boʻlib kelyapsizlar. Men bularni sizlarga shubhaga tushmasligingiz va toyilmasligingiz uchun aytdim.» Bu yerdagi Munhamanno soʻzi suryoniy tilida Muhammad degan maʼnoni bildiradi.8

Johiliyat davri

Faxri koinot dunyoga kelmaslaridan oldin butun olam maʼnaviy jihatdan dahshatli zulmatga, qorongʻilikka gʻarq boʻlgan edi. Odamlar cheksiz darajada haddan oshib ketgan edilar; Allohu taolo yuborgan dinlar unutilgan, ilohiy hukmlarning oʻrnini odamlarning kallasidan chiqqan fikrlar, oʻylar egallagan edi. Barcha maxluqot insonlarning vahshiyligi va zulmidan qattiq aziyat chekardi.

Yer yuzidagi barcha millatlarda Allohu taolo unutilgan, tinchlik, saodat va shodlik manbai boʻlgan tavhid eʼtiqodi yoʻq boʻlib ketgan edi. Kufr boʻroni qalblardan iymonni sugʻurib tashlagan, koʻngillarda Allohu taologa ishonish oʻrniga butlarga sigʻinish fikri oʻrnashib olgan edi.

Muso alayhissalom keltirgan din unutilgan, Tavrot buzilgan edi. Bani Isroil bir-biri bilan nizolashib ketgan edi. Iso alayhissalom keltirgan Iso dini ham butunlay buzilib, haqiqiy din bilan hech qanday aloqasi qolmagan edi. Taslis, yaʼni uch xudolik aqidasi qabul qilingan edi. Injilning asli yoʻqolgan, ruhoniylar uni xohlaganlaricha oʻzgartirib yuborgan edilar. Ikkala kitob ham Allohning kalomi boʻlishdan chiqqan edi. Misrda buzilgan Tavrotning hukmi, Vizantiyada esa oʻzgartirilgan Iso dini, yaʼni nasroniylik hukm surardi. Eronda olovga sigʻinishar, otashparastlarning olovi roppa-rosa ming yildan beri oʻchirilmas edi. Xitoyda konfutsiylik, Hindistonda buddizm kabi uydirma dinlar hukmron edi.

Arabiston ahli esa battar adashib, yoʻldan ozgan edi. Allohu taolo juda qadrlagan Kaʼbai muazzamaga ular uch yuz oltmishta (360) but oʻrnatgan edilar. Kaʼbai muazzama esa Arshda farishtalar ziyorat qiladigan «Baytul Maʼmur»ning xuddi shunday kattalikdagi nusxasi edi. Kaʼbaga hurmatsizlik qilgan kishini Janobi Haq tez orada halok qilgan edi.

Jurhum qabilasi ham zino va fahshda haddan oshgan edi. Bu qabilaning oʻta hurmatsiz va juda pastkash qilmishlarini koʻrgan hukmdorlari ularga shunday nasihat qildi: «Ey jurhumliklar! Allohu taoloning Harami sharifini va Haramning xavfsizligini koʻzlab, oʻzingizga kelinglar! Sizlardan oldin oʻtgan Hud, Solih va Shuʼaybning (alayhimussalom) ummatlaridan har birining boshiga qanday kunlar tushganini va ular qanday halok boʻlganini bilasizlar. Bir-biringizni yaxshilikka buyuringlar, yomonliklardan qaytaringlar. Oʻtkinchi kuchingizga ishonib aldanmanglar. Makkada Haqdan yuz oʻgirishdan va zulmdan saqlaninglar, chunki zulm insonlarning halokatiga sabab boʻladi. Allohu taoloning nomi bilan qasam ichib aytamanki, kimlar bu hududda yashab, zulm qilgan, Haqdan yuz oʻgirgan boʻlsa, Allohu taolo ularning naslini quritmay, ildizini qoʻpormay va oʻrniga boshqa bir qavmni keltirmay qoʻymagan. Buzuqligida davom etayotgan va Haqdan yuz oʻgirgan Makka ahli uchun bu yerda uzoq qolish yoʻq. Sizlardan oldin bu hududda yashagan, sizlardan uzoqroq umr koʻrgan, sizlardan kuchliroq, sizlardan koʻproq va boyroq boʻlgan Tasm, Jadis va Amoliqa xalqlarining boshiga nimalar tushganini bilasizlar. Ularning Harami sharifni pisand qilmaganlari, Haqdan yuz oʻgirib zulmga botganlari ularning bu muborak joydan haydab chiqarilishiga sabab boʻldi. Allohu taolo baʼzilarining ustiga mayda chumolilarni yuborib, kimlarnidir qahatchilik bilan, baʼzilarini esa qilich bilan haydab chiqarganini koʻrgan va eshitgansizlar!»

Ammo ular quloq solmadilar. Natijada Allohu taolo ularni ham shu buzuqliklari sababli parishon qildi… Mana shunday bir zamonda yer yuzining markazi boʻlgan muborak Makkada kufr seldek oqar, Baytullohning ichi Lot, Uzzo, Manot kabi yuzlab butlar bilan toʻldirilgan edi. Zulm soʻnggi chegarasiga yetgan, axloqsizlik faxr sababi deb hisoblanardi. Arabiston diniy, ruhiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan keng yoyilgan qorongʻilikda, toʻla jaholatda, haddan oshish, buzuqlik va yoʻldan ozishda yashardi. Johiliyat davri deb atalgan bu zamonda odamlar asosan koʻchmanchi hayot kechirar va qabilalarga boʻlingan edilar. Johiliyat davri – zulmatga toʻla davr edi. Doimo nizolashib yurgan arab qabilalari bosqinchilik va talonchilikni oʻzlari uchun tirikchilik vositasi deb bilardilar. Zulm va talonchilik keng tarqalgan qabilalardan iborat boʻlgan Arabistonda na siyosiy nizom, na ijtimoiy tartib bor edi. Bundan tashqari, ichkilik, qimor, zino, oʻgʻrilik, zulm, yolgʻon va axloqsizlik degan nima boʻlsa – hammasi cheksiz yoyilgan edi. Zulm kuchlining kuchsizga qarshi ishlatadigan eng shafqatsiz va odamning etini junjiktiradigan quroli edi. Ayollarni oddiy bir mol kabi olib-sotardilar. Baʼzilari qiz bolaning tugʻilishini balo va sharmandalik deb hisoblardilar. Bu dahshatli qarash shunday darajaga yetgan ediki, ular kichkina qiz bolalarni qumda qazilgan chuqurlarga tiriklayin yotqizib, bolalar otalarining boʻynidan quchoqlab: «Otajon! Otajon!…» – deb achchiq-achchiq faryod qilishlariga mutlaqo quloq solmay, ustlariga tuproq tortib, oʻlimga tashlab ketardilar. Bu ishlari uchun ularning vijdoni zarracha qiynalmas, hatto buni qahramonlik deb hisoblardilar. Qisqasi, oʻsha zamon odamlari orasida shafqat, marhamat, yaxshilik va adolat kabi goʻzal xislatlar yoʻq boʻlib ketgandek edi.

«Mendan keyin Ahmad ismli bir rasul kelishini sizlarga xushxabar beruvchiman» Iso alayhissalom

Ammo bu davrda arablar orasida eʼtiborga molik bir jihat bor edi: adabiyot, soʻz sanʼati va fasohat qadr topib, eng yuksak choʻqqiga koʻtarilgan edi. Ular shoirga va sheʼrga katta ahamiyat berardilar, buni ulkan iftixor sababi deb bilardilar. Kuchli shoir oʻziga ham, qabilasiga ham obroʻ keltirardi. Maʼlum vaqtlarda yarmarkalar tashkil qilinar, sheʼriyat va notiqlik musobaqalari oʻtkazilardi. Gʻoliblarning sheʼrlari yoki nutqlari Kaʼba devoriga osib qoʻyilardi. Johiliyat davrida Kaʼba devoriga osilgan eng mashhur yetti sheʼr «Muallaqotus sabʼa», yaʼni «Yetti osma sheʼr» deb atalardi.

Oʻsha paytda Arabistonda odamlar eʼtiqod jihatidan ham tarqoq edilar. Baʼzilari mutlaqo ishonmas va dunyo hayotidan boshqa hech narsani tan olmasdi. Baʼzilari Allohu taologa va oxirat kuniga ishonar, ammo insonlar orasidan bir paygʻambar kelishini tan olmasdi. Baʼzilari Allohu taologa ishonar, lekin oxiratga ishonmasdi. Yana katta bir qismi Allohu taologa shirk keltirib, butlarga sigʻinardi. Mushriklarning har birining uyida bittadan but bor edi.

Olam shu qadar qorongʻilashgan, atrofni zulmat shu darajada qoplagan ediki, odamlar hamma narsaning Yaratuvchisi boʻlgan Allohu taologa iymon keltirish va Unga ibodat qilishni tark etgan edilar. Sarosimalari tufayli ular koinotda sodir boʻlayotgan hodisalarga va Janobi Haq yaratgan narsalarga, ayniqsa, oʻz qoʻllari bilan toshdan va yogʻochdan yoʻnib yasagan butlariga «iloh» deb sigʻinardilar.

Bulardan tashqari, hazrati Ibrohim bildirgan dinda boʻlgan va «hanif» deb atalgan toʻgʻri iymonli moʻminlar ham bor edi. Ular Allohu taologa ishonar va butlardan uzoq turardilar. Paygʻambarimizning otalari Abdulloh, bobolari Abdulmuttalib, onalari va baʼzi boshqa kishilar Ibrohim alayhissalomning dinida edilar.

Hanif moʻminlardan boshqa barcha guruhlar botil yoʻlda boʻlib, katta zulmat va qorongʻilikka botgan edilar.

Zulumot va obi hayot

Abu Mujohid Anvar ibn Nozif rahmatullohi alayh: «Obi hayot zulumotda boʻladi», – dedi. Obi hayot – ichgan odamni oʻlmas qiladigan tiriklik suvi, zulumot esa qorongʻilik deganidir. Bu suv bolta tegmagan oʻrmonlarda, yirtqich hayvonlar orasida, qop-qorongʻi zulmatda, oʻrmonlarning eng ichkarisida boʻladi, deb faraz qilinadi.

Bu suvga yetish imkonsiz deyiladigan darajada qiyin. Bu mashaqqatli toʻsiqlardan oʻtib, oʻsha suvga yetgan kishining oʻlmasligi rivoyat qilinadi. Ahli sunnat eʼtiqodi ham xuddi Qof togʻining ortida, bolta tegmagan oʻrmonlarning eng uzoq burchagidagi obi hayotga oʻxshaydi. Abadiyatga oqayotgan bu suvdan bir tomchi ichganlar abadiy neʼmatlarga erishadilar. Bir misrada aytilganidek: «Obi hayot qorongʻi joylarda boʻladi!»

Husayn Hilmiy ibn Said quddisa sirruh hazratlari shunday dedilar: «Kim undan bir tomchi ichsa, endi unga oʻlim yoʻq, jannatda uni abadiy hayot kutadi. Obi hayot yomon, buzuq kimsalarning, bidʼatlarning va kufrning bor joyida boʻladi.»

Koinot sultoni kelmoqda

Olam mahzun, mavjudot mahzun, koʻngillar mahzun edi, yuzlar esa kulishni unutgan edi. Allohu taolo boshqa maxluqlardan afzal qilib yaratgan insonlarning jahannamdan qutulishiga sabab boʻladigan bir qahramon kerak edi. U zotning dunyoga kelishlariga juda oz vaqt qolgan edi. Olam Odam alayhissalomdan bugungacha pok peshonalardan pok peshonalarga oʻtib kelgan nurning egasini kutib olishga hozirlanardi. Insonlarga va jinlarga abadiy saodatni koʻrsatadigan Tengsiz Inson kelayotgan edilar!… Shafoat va marhamat manbai, Rabbining axloqi bilan axloqlangan Ulugʻ Inson kelayotgan edilar!…

Maqomi Mahmud sohibi, shafoatchilarning bosh toji kelayotgan edilar!… Koinotning muallimi, mavjudotning asl mohiyati, insonlarning sarvari kelayotgan edilar! Mahshar kuni madadga yetuvchi, paygʻambarlarning sultoni kelayotgan edilar!… Allohu taoloning Habibi, suyuklisi, u zotning hurmatlari uchun biz yaratilgan, olamlarga rahmat boʻlmish sevimli Paygʻambarimiz kelayotgan edilar!… Paygʻambarimiz hazrati Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi vasallam) kelayotgan edilar…

Dedilar: oʻgʻlingdek bir oʻgʻil
Jahon yaralgandan beri kelmagan.
Oʻgʻlingga berilgan bu ulugʻ qadrni
Hech bir onaga bermagan ul Jalil.
Ulugʻ davlat topding, ey Omina, sen,
Sendan tugʻilgay ul goʻzal xulqli zot.
Bu kelgan – ilmi ladun sultoni,
Bu kelgan – tavhidu irfon koni.
Bir ismi – Mahmud, bir ismi – Ahmad,
Borligʻi – butun olamlarga rahmat.
Bu kelgan ishqida aylanar osmon,
Yuziga mushtoqdir farishta, inson.

«Qiyomat kuni men avvalgilarning va keyingilarning sayyidiman. Haqiqatni bildiryapman, faxrlanmayman» Hadisi sharif

Makkai mukarrama mintaqasi

Bir oq qush keldi qanotin qoqib,
Yelkamni siladi quvvat ila shul on.
Tugʻildi shul soat ul Din sultoni,
Nurga gʻarq boʻldi osmonu zamin.
Agar istasangiz oʻtdan najot,
Ishq ila, shavq ila ayting salavot!
Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Sayyidal avvaliyna val oxiriyn.