Sevimli Paygʻambarim

AVRAT JOYLARI VA AYOLLARNING OʻRANISHI

Abu Saʼid Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Erkak erkakning, ayol ayolning avrat joylariga qaramasin!» Koʻrinib turibdiki, erkaklarning ayollarning, ayollarning esa erkaklarning avrat joylariga qarashi harom boʻlgani kabi, erkaklarning erkak avratiga, ayollarning ayol avratiga qarashi ham haromdir. Erkakning erkak uchun ham, ayol uchun ham avrat joyi – tizzasi bilan kindigi orasidir. Ayolning ayol uchun avrat joyi ham shunday. Ayolning nomahram erkak uchun avrat joyi esa qoʻllariyu yuzidan boshqa butun badanidir. Shuning uchun ayollarga «avrat» deyiladi. Musulmon boʻlsin, kofir boʻlsin, begona ayolning yuziga shahvat bilan qarash, avrat joyiga esa shahvatsiz qarash ham haromdir.

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Begona ayolning uyida tunamanglar!»

Uqba ibn Omir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Begona ayol bilan bir xonada yolgʻiz qolmanglar! Ayol erining birodari yoki uning oʻgʻli bilan yolgʻiz qolsa, oʻlimgacha sudralib boradi». Yaʼni bu fitnalarga sabab boʻladi. Bundan juda saqlanish kerak. Bu hadisi sharif «Buxoriy» va «Muslim» kitoblarida yozilgan. Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Ayolning badani avratdir». Yaʼni uni yopish lozim. «Ayol koʻchaga chiqqanda, shayton doim unga qarab turadi». (Yaʼni erkaklarni aldash, ularni gunohga solish uchun uni tuzoq qiladi.)

Burayda (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Aliga shunday dedilar: «Yo Ali! Bir ayolni koʻrib qolsang, yuzingni undan bur. Unga qayta qarama! Toʻsatdan koʻrib qolish gunoh boʻlmasa ham, qayta qarash gunoh boʻladi». Buni Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qildi.

Ali (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Yo Ali! Soningni ochma va oʻlikmi, tirikmi – hech kimning soniga qarama!» Bu hadisi sharifni Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qildi. Bundan maʼlum boʻladiki, oʻlikning avrat joyiga qarash tiriknikiga qarash kabidir. [Sportchilarning va dengizda suzayotganlarning avrat joylariga qarashdan juda saqlanish kerak.]

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Avrat joylaringizni ochmanglar! [Yaʼni yolgʻiz qolganingizda ham ochmanglar.] Chunki yoningizdan hech ajralmaydigan zotlar bor. Ulardan hayo qilinglar va ularga hurmat koʻrsatinglar!» Bular Hafaza deb ataladigan farishtalardir. Ular insonni jinlarning zararidan saqlaydi va undan faqat hojatxonada va er-xotin yaqinlik qilganda ajraladi.

Ummu Salama (roziyallohu anho) aytadi: Maymuna (roziyallohu anho) bilan birga Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlarida edik. Ibn Ummu Maktum (roziyallohu anhu) izn soʻrab kirdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uni koʻrib, bizga: «Parda ortiga oʻtinglar!» – dedilar. Men: «U koʻr emasmi? Bizni koʻrmaydi-ku», – dedim. U zot: «Sizlar ham koʻrmisizlar? Sizlar uni koʻrmaysizlarmi?» – dedilar. Yaʼni: «U koʻr boʻlsa ham, sizlar koʻr emassizlar-ku», – dedilar. Bu hadisi sharifni imom Ahmad, Termiziy va Abu Dovud (rahimahumullohu taolo) rivoyat qildi. Bu hadisi sharifga koʻra, erkakning nomahram ayolga qarashi harom boʻlgani kabi, ayolning ham nomahram erkakka qarashi joiz emas. Mazhab imomlarimiz (rahimahumullohu taolo) boshqa hadisi shariflarni ham hisobga olib, shunday dedilar: «Ayol uchun nomahram erkaklarning boshlariga, sochlariga qaramaslik qiyin. Bajarish qiyin boʻlgan amrlar – azimat boʻladi. Erkakning ayol uchun avrat joyi – tizzasi bilan kindigi orasidir. Bu joyga qaramaslik oson. Bajarish oson boʻlgan amrlar – ruxsatdir».

[Koʻrinib turibdiki, Paygʻambarimizning pok zavjalari (Azvoji tohirot) (roziyallohu taolo anhunna) va sahobai kirom (roziyallohu anhum) azimat bilan amal qilar, ruxsatlardan ham saqlanar edilar. Islomni ichdan yiqitishga urinayotgan inglizlarning va zindiqlarning: «Paygʻambar zamonida ayollar oʻranmas edilar. Hozir koʻrib turganimiz – ayollarning alvastidek oʻranib yurishi u paytda yoʻq edi. Hazrati Oisha boshi ochiq yurar edi. Hozirgi oʻranishni keyinchalik mutaassiblar, fiqhchilar toʻqib chiqargan», – kabi soʻzlari xunuk tuhmatdir.]

Umarul Foruq (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Bir erkak begona ayol bilan xoli qolsa, ularning uchinchisi shayton boʻladi». Bu hadisi sharifni Termiziy rivoyat qildi. [Bir yoki bir necha begona ayol bilan xoli qolish, yaʼni yopiq joyda yolgʻiz qolish haromdir. Ibn Obidin imomlik haqida gapirar ekan, shunday deydi: «Boshqa bir erkak yoki zurrahm mahrami boʻlgan ayol ham boʻlsa, xoli qolish boʻlmaydi».] Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Eri uzoqda boʻlgan ayollarning oldiga bormanglar! Chunki shayton tomirlaringizda qon kabi aylanib yuradi». «Sizning tomirlaringizda ham aylanadimi?» – deb soʻrashganida, u zot: «Menikida ham aylanadi. Lekin Allohu taolo unga qarshi menga yordam berdi. Uni musulmon qildi, u menga boʻysundi», – dedilar. Bu hadisi sharifni Termiziy (rahimahullohu taolo) rivoyat qildi.

Ummu Salama (roziyallohu anho) aytadi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) mening yonimda edilar. Xonada birodarim Abdulloh ibn Abu Umayyaning quli ham bor edi. Bu qul muxannas edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) bu muxannasni koʻrib, ovozini eshitgach: «Bunaqalarni uylaringizga kiritmanglar!» – dedilar. Bu hadisi sharif «Buxoriy» va «Muslim» kitoblarida yozilgan. Muxannas – axloqini, harakatlarini, soʻzlarini va qiyofasini ayollarnikiga oʻxshatadigan kimsadir. Shunday qiluvchilar laʼnatlidir. Ular haqida hadisi sharifda: «Oʻzlarini ayollarga oʻxshatadigan erkaklarga va erkaklarga oʻxshatadigan ayollarga Alloh laʼnat qilsin!» – deyildi. Zaruratsiz erkaklarga oʻxshab kiyinadigan, ulardek sochini oldiradigan va erkaklarga xos ishlarni qiladigan ayollar, shuningdek, ayollardek soch oʻstirib, yasan-tusan qiladigan erkaklar ham shu hadisi sharifning hukmiga kiradi.

«Yo Ali! Bir ayolni koʻrib qolsang, yuzingni undan bur. Unga qayta qarama! Toʻsatdan koʻrib qolish gunoh boʻlmasa ham, qayta qarash gunoh boʻladi» Hadisi sharif

Islom dini musulmon ayolning osti koʻrinib turadigan darajada yupqa yopinchiq bilan oʻranishini harom qildi. «Muslim» va «Muvatto» kitoblaridagi hadisi sharifda: «Oʻranib turib yalangʻoch boʻlgan va boshlarini tuyaning oʻrkachidek koʻtarib olgan ayollar jannatga kirmaydi. Hatto uning hidini ham sezmaydi. Holbuki, jannatning hidi juda uzoqlardan seziladi», – deyildi. Bu hadisi sharif ayollarning yupqa, shaffof yoki badanga yopishib turadigan tor kiyim, paypoq, roʻmol bilan oʻranishini va sochlarini boshining ustida uyum qilib toʻplashini man qiladi. Bunday oʻranish yalangʻoch yurish kabidir. Musulmon ayollar, qizlar yupqa, tor narsalar bilan oʻranmasliklari, oʻz sochlarini yoki taqib olgan yasama sochining (parikning) tolalarini tuyaning oʻrkachidek boshlarining ustida toʻplamasliklari, sochlarini tugun qilib bogʻlamasliklari kerak. Bularning jahannamga olib boradigan gunoh ekanini bilishlari lozim. «Hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Qalin va keng mato bilan oʻrangan ayolga qarash joiz. Yupqa, tor kiyim bilan oʻrangan ayolga qarash joiz emas. Oʻrangan ayolning ham yuziga shahvat bilan qarash haromdir. Shahvatsiz, lekin keraksiz qarash makruhdir. Musulmon boʻlmagan ayollarga qarash ham shunday. Ularning faqat sochlariga qarash joiz, deyildi».

Qalin, keng, toʻpiq suyaklarigacha uzun, yenglari bilaklarni yopadigan toʻq rangli palto bilan oʻranish ikki qismli charshaf bilan oʻranishdan yaxshiroqdir. «Halabiyi kabir» kitobida shunday deyiladi: «Hur ayolning quloqlarigacha tushib turgan sochi olimlarning bir fikriga koʻra avratdir. Quloqdan pastga tushib turgan qismi ham olimlarning koʻpchiligiga koʻra shundaydir.

Baʼzilariga koʻra, osilib turgan qismi namozda avrat boʻlmaydi. Lekin nomahramning unga qarashi ham joiz emas». Ayol barcha sochini qalin roʻmol bilan yopishi kerak. Bu roʻmolning oʻrtasining old qismi peshonaga yopishib, qoshlarga yaqin tushishi, ikki cheti ikki qoshning chetidan iyakka tushirilib, iyak ustida toʻgʻnogʻich bilan biriktirilib, koʻkrakka osilib turishi, oʻrtasining orqa qismi esa yelkani yopishi kerak. Fitna xavfi boʻlganda, yuzning ikki yonini ham yopish lozim. Toʻq rangli, qalin paypoq ham kiyish kerak. Ayolning osilib turgan sochining toʻrtdan biri bir rukn davomida ochiq qolsa, namozi sahih boʻlmaydi. Undan ozi ochiq qolsa, makruh boʻladi. Bu borada hech bir kitob ayolning keksa yoki yosh boʻlishini ajratmagan. Keksa ayolning salomiga alik olish, u bilan qoʻl berib koʻrishish (musofaha) va xoli qolish joiz deyishgan boʻlsa ham, keksa ayolning sochini ochishi yoki uning sochiga qarash joiz, degan kishi boʻlmagan. Musulmon boʻlmagan ayolning sochiga qarash joiz, deganlar boʻldi. Lekin keksa musulmon ayolning sochiga qarash joiz, degan hech kim yoʻq. Keksa ayolning masjidga va qabr ziyoratiga borishi joiz, deganlar ham sochi, boshi yopiq boʻlish shartini bildirganlar.

Musulmonman degan kishi qiladigan har bir ishining Islomga muvofiq yoki muvofiq emasligini bilishi lozim. Bilmasa, bir Ahli sunnat olimidan soʻrab yoki bu olimlarning kitoblarini oʻqib oʻrganishi kerak. Ish Islomga muvofiq boʻlmasa, u gunohdan yoki kufrdan qutula olmaydi. U har kuni chin dildan tavba qilishi lozim. Tavba qilingan gunoh va kufr, shubhasiz, afv etiladi. Tavba qilmasa, dunyoda ham, jahannamda ham uning azobini, yaʼni jazosini tortadi. Erkaklarning va ayollarning namozda ham, har joyda ham yopishi lozim boʻlgan joylariga avrat joyi deyiladi. «Avrat joyini ochish va boshqalarning avrat joyiga qarash haromdir». Islomda avrat joyi yoʻq, degan kishi kofir boʻladi. Avrat joyini yopishni dinimiz buyuradi. Avrat joyi ochiq bir erkak yoki ayol boʻlgan joyga, shuningdek, cholgʻu, qimor, mast qiluvchi ichimlik va ayol ovozi boʻlgan joyga fisq majlisi deyiladi. Fisq majlisiga borish haromdir. Qalbning pok boʻlishi ham lozim. Qalbning pokligi – goʻzal axloqli boʻlishdir. Qalb Islomga boʻysunish bilan poklanadi. Islomga boʻysunmagan kishining qalbi pok boʻla olmaydi.

Ijmoʼ bilan, yaʼni toʻrt mazhabda ham avrat boʻlgan bir joyini ochishni va boshqalarning bunday avrat joyiga qarashni halol degan yoki bunga eʼtibor bermagan, yaʼni uning azobidan qoʻrqmagan kishi kofir boʻladi. Ayollarning avrat joylarini ochishlari, shuningdek, erkaklar oldida qoʻshiq aytishlari va mavlid oʻqishlari ham shunday. «Men musulmonman» degan kishi iymonning va Islomning shartlarini, shuningdek, ijmoʼ, yaʼni toʻrt mazhabning bir fikri bilan bildirilgan farzlarni va haromlarni oʻrganishi va ularga eʼtibor berishi lozim. Bilmaslik uzr emas. Bu – bilib turib ishonmaslik kabidir. «Ayollarning yuzlari va qoʻllaridan boshqa joylari toʻrt mazhabda ham avratdir». Ijmoʼ bilan avrat boʻlmagan, yaʼni qolgan uch mazhabdan biriga koʻra avrat sanalmaydigan bir joyini eʼtibor bermasdan ochgan kishi kofir boʻlmasa ham, oʻz mazhabiga koʻra katta gunoh qilgan boʻladi. Erkaklarning tizza bilan qov orasini, yaʼni sonlarini ochishlari shundaydir. Bilmaganini oʻrganish farzdir. Oʻrganishi bilan darhol tavba qilishi va u joyni yopishi kerak.

«Oʻzlarini ayollarga oʻxshatadigan erkaklarga va erkaklarga oʻxshatadigan ayollarga Alloh laʼnat qilsin!» Hadisi sharif

Nima boʻldi koʻzlaringga, «toʻxta» desam, oqaverar?
«Oʻzingga kel» deganim sari qalbing joʻshib yonaverar?
Hazrati Muhammadning karam yomgʻirlaridan
Bir tomchi olmoq istar barcha paygʻambarlar.
Zohiriy va botiniy, ruhoniy va jismoniy –
Borliqlarning barchasidan Haqqa eng suyukli u zot.
Cheksizdir u zotning fazilati va kamoli,
Til bilan bayon etib boʻlmas bu kamolni.
Agar Rasulullohning barcha moʻjizalari u zotning ulugʻligini tilga koʻchira olganida,
Muborak ismlari tilga olingan hamon barcha chirigan suyaklar
Bir lahzada tirilib ketar edi.
Toqatimizdan ortiq yuk yuklamadilar bizga,
Bosh va koʻz ustidadir amru nahylari.
Qasidai Burda