NAMOZ OʻQISH
Islomning besh shartidan ikkinchisi – namoz oʻqishdir. Har bir musulmonning har kuni vaqtlari kirgach, besh marta namoz oʻqishi va ularning har birini oʻz vaqtida oʻqiganini bilishi farzdir. Namozlarni farzlariga, vojiblariga, sunnatlariga eʼtibor berib va koʻnglini Allohu taologa berib, vaqtlari oʻtmasdan oʻqish lozim. Qurʼoni karimda namoz «salot» deb ataladi. Salot lugʻatda insonning duo qilishi, farishtalarning istigʻfor aytishi, Allohu taoloning marhamat qilishi, rahm qilishi demakdir. Islomda esa «salot» – ilmihol kitoblarida bildirilgan shaklda maʼlum harakatlarni qilish va maʼlum narsalarni oʻqish demakdir.
Namozning ahamiyati
Namoz – Allohu taoloning sevimli Paygʻambarimiz hurmatiga moʻminlarga ehson etgan eng ulugʻ, eng muhim, eng goʻzal amridir. Namoz – dinning ustunidir. Namozini doim, toʻgʻri va toʻliq oʻqigan kishi dinini barpo qilgan, Islom binosini tik tutib turgan boʻladi. Namoz oʻqimagan kishi esa dinini va Islom binosini yiqitgan boʻladi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Dinimizning boshi – namozdir». Boshsiz inson boʻlmagani kabi, namozsiz din ham boʻlmaydi.
Namoz – Islom dinida iymondan keyin birinchi farz qilingan amrdir. Allohu taolo bandalari faqat Oʻziga ibodat qilishlari uchun namozni farz qildi. Qurʼoni karimda yuzdan ortiq oyati karimada «Namoz oʻqinglar!» deb buyurilmoqda. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Allohu taolo har kuni besh vaqt namoz oʻqishni farz qildi. Qadrlab va shartlariga rioya qilib, har kuni besh vaqt namoz oʻqigan kishini Allohu taolo jannatga kiritishni vaʼda qildi».
Namoz – dinimizda qilinishi amr etilgan barcha ibodatlarning eng qimmatlisidir. Bir hadisi sharifda: «Namoz oʻqimagan kishining Islomdan nasibasi yoʻq!» – deyildi. Yana bir hadisi sharifda: «Moʻminni kofirdan ajratib turadigan farq – namozdir», – deyildi, yaʼni moʻmin namoz oʻqiydi, kofir oʻqimaydi.
Namoz oʻqish – Allohu taoloning buyukligini oʻylab, Uning qarshisida oʻzining kichikligini anglashdir. Buni anglagan kishi hamisha yaxshilik qiladi. Hech yomonlik qila olmaydi. Har kuni besh marta Rabbining huzurida ekanini niyat qilgan kishining qalbi ixlos bilan toʻladi. Namozda qilinishi buyurilgan har bir harakat qalbga va badanga foyda keltiradi. Masjidlarda jamoat bilan namoz oʻqish musulmonlarning qalblarini bir-biriga bogʻlaydi. Ular orasida muhabbat paydo qiladi. Ular bir-birlarining birodar ekanliklarini anglaydilar. Kattalar kichiklarga mehribon, kichiklar esa kattalarga hurmatli boʻladilar. Boylar kambagʻallarga, kuchlilar zaiflarga yordamchi boʻladilar. Sogʻlomlar bemorlarni masjidda koʻrmagach, uylariga borib, hollaridan xabar oladilar. Ular «Din birodarining yordamiga shoshilgan kishining yordamchisi – Allohu taolodir» hadisi sharifidagi xushxabarga erishish uchun bir-birlari bilan musobaqalashadilar.
Namoz insonlarni xunuk, yomon va man etilgan narsalardan toʻsib turadi. U gunohlarga kafforat boʻladi. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Besh vaqt namoz birortangizning eshigi oldidan oqib turgan daryoga oʻxshaydi. Bir kishi u daryoga har kuni besh marta kirib yuvinsa, ustida kir qolmagani kabi, besh vaqt namoz oʻqiganlarning ham kichik gunohlari xuddi shunday kechiriladi». Namoz – Allohu taologa va Uning Rasuliga iymondan keyin barcha amallar va ibodatlarning eng afzalidir. Shuning uchun namozlarni farzlariga, vojiblariga, sunnatlariga, mustahablariga rioya qilib oʻqish lozim. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida shunday dedilar: «Ey ummatim va sahobalarim! Adosiga toʻliq rioya qilingan namoz Allohu taolo yoqtirgan barcha amallarning eng afzalidir. U paygʻambarlarning sunnatidir. Farishtalar sevgan amaldir. Maʼrifatning, yerning va osmonlarning nuridir. Badanning quvvatidir. Rizqlarning barakasidir. Duoning qabul boʻlishiga vositadir. Malakul mavtga [yaʼni oʻlim farishtasiga] shafoatchidir. Qabrda chiroq, Munkar va Nakirga javobdir. Qiyomat kuni egasining ustida soyabondir. Jahannam oʻti bilan egasi orasida qalqondir. Sirot koʻprigidan yashindek oʻtkazuvchidir. Jannatning kalitidir. Jannatda boshiga tojdir. Allohu taolo moʻminlarga namozdan muhimroq narsa bermagan. Agar namozdan afzalroq bir ibodat boʻlganida, moʻminlarga avvalo shuni berar edi. Chunki farishtalarning baʼzilari doimo qiyomda, baʼzilari rukuʼda, baʼzilari sajdada, baʼzilari esa tashahhuddadir. Allohu taolo bularning hammasini bir rakat namozda jamlab, moʻminlarga hadya qildi. Chunki namoz – iymonning boshi, dinning ustuni, Islomning soʻzi va moʻminlarning meʼrojidir. U osmonning nuri va jahannamdan qutqaruvchidir».
Bir kuni hazrati Alining (roziyallohu anhu va karramallohu vajhahu) asr namozi oʻtib ketgan edi. U qaygʻusidan oʻzini bir tepalikdan pastga tashladi. Ingrab-ingrab yigʻlab, faryod qildi. Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi vasallam) uning bu holidan xabar topgach, sahobalari bilan birga hazrati Alining (roziyallohu anhu) yoniga keldilar. Uning holini koʻrib, Koinot sarvari boʻlgan Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) ham yigʻlay boshladilar. Duo qildilar. Quyosh yana koʻtarildi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Ali! Boshingni koʻtar, quyosh hali koʻrinib turibdi», – dedilar. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) bundan juda sevindi va namozini oʻqidi. Bir kecha hazrati Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) koʻp ibodat qilgani uchun kecha oxirida uni uyqu bosdi. Vitr namozi oʻtib ketdi. U bomdod namozida Paygʻambarimizning ortlaridan borib, masjid eshigi oldida u zotning huzurlariga keldi va: «Yo Rasulalloh! Madadimga yeting, vitr namozim oʻtib ketdi», – deb yigʻlab yolvordi. Rasululloh ham yigʻlay boshladilar. Shunda Jabroil alayhissalom kelib: «Yo Rasulalloh! Siddiqqa ayting, Allohu taolo uni kechirdi», – dedi. Avliyoning ulugʻlaridan Boyazid Bistomiy quddisa sirruh bir kecha uyqu bosib, bomdod namoziga uygʻona olmadilar. Shu qadar yigʻlab, ingradilarki, nihoyat bir ovoz eshitdilar: «Ey Boyazid! Bu xatoingni kechirdim. Bu yigʻing barakasi bilan senga qoʻshimcha yetmish ming namoz savobi berdim». Bir necha oydan keyin u kishini yana uyqu bosdi. Shayton kelib, muborak oyoqlaridan tortib uygʻotdi: «Tur, namozing oʻtib ketay deyapti!» – dedi. Boyazid Bistomiy hazratlari shunday dedilar: «Ey malʼun, sen qanday qilib bunday ish qilasan? Sen har kimning namozi qazo boʻlishini, vaqtini oʻtkazib yuborishini istaysan-ku. Meni nega uygʻotding?» Shayton dedi: «Bomdod namozingni oʻtkazib yuborgan kuning yigʻlab, yetmish ming namoz savobini topgan eding. Bugun shuni oʻylab, seni uygʻotdim: bir vaqt namozning savobini topginu, yetmish ming namoz savobiga erisha olmagin!»
«Namoz oʻqimagan kishining Islomdan nasibasi yoʻq!» Hadisi sharif
Buyuk valiy Junayd Bagʻdodiy hazratlari shunday dedilar: «Dunyoning bir soati qiyomatning ming yilidan yaxshiroqdir. Chunki bu bir soatda solih, maqbul bir amal qilish mumkin, u ming yilda esa hech narsa qilib boʻlmaydi». Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Bir kishi bir namozni bilib turib keyingi namozga qoʻshib yuborsa, jahannamda sakson huqba yonadi». Bir huqba – oxiratning sakson yilidir. Oxiratning bir kuni esa dunyoning ming yilidir. Unday boʻlsa, ey din birodarim! Vaqtingni boʻsh, foydasiz narsalar bilan oʻtkazma. Zamoningning qadrini bil. Vaqtingni eng yaxshi ishlarga sarfla. Sevimli Paygʻambarimiz: «Musibatlarning eng kattasi – vaqtni foydasiz narsalar bilan oʻtkazishdir», – dedilar. Namozlaringni vaqtida oʻqi, toki qiyomat kuni pushaymon boʻlmay, juda katta savobga erishgin! Hadisi sharifda shunday deyildi: «Bir namozni vaqtida oʻqimay, qazoga qoldirib, uni ado etishdan oldin vafot etgan kishining qabriga jahannamdan yetmishta deraza ochilib, u qiyomatgacha azob chekadi».
Bir namozini vaqtida bilib turib oʻqimagan, yaʼni namoz vaqti oʻtib ketayotganda namoz oʻqimagani uchun qaygʻurmagan kishi dindan chiqadi yoki oʻlayotganda iymonsiz ketadi. Namozni xayoliga ham keltirmaydiganlar, namozni vazifa deb bilmaydiganlarning holi ne kechadi? Namozga ahamiyat bermagan, uni vazifa deb bilmaganlarning murtad, yaʼni kofir boʻlishlarini toʻrt mazhabning barcha olimlari bir ovozdan bildirganlar. Namozni bilib turib oʻqimay, uni qazo qilishni oʻylamagan va buning uchun azob chekishidan qoʻrqmagan kishining ham murtad, yaʼni kofir boʻlishi Abdulgʻaniy Nablusiy hazratlarining «Hadiqatun-nadiyya» kitobining «Til ofatlari» bobida yozilgan.
Namoz kimlarga farz
Namoz oʻqish aqlli boʻlgan va balogʻat yoshiga kirgan har bir erkak va ayol musulmonga farzdir. Namoz farz boʻlishi uchun uch shart bor:
1. Musulmon boʻlish. 2. Aqlli boʻlish. 3. Balogʻat yoshiga kirish.
Dinimizda aqlli boʻlmagan va balogʻat yoshiga kirmagan kichik bolalar namoz oʻqishdan masʼul emaslar. Lekin ota-onalar bolalariga din ilmlarini oʻrgatishlari va ularni ibodat qilishga odatlantirishlari lozim. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Hammangiz bir suruvning choʻponi kabisiz! Choʻpon suruvini qoʻriqlagani kabi, sizlar ham uylaringizdagi va qoʻl ostingizdagi kishilarni jahannamdan qoʻriqlashingiz kerak! Ularga musulmonlikni oʻrgatishingiz kerak. Oʻrgatmasangiz, masʼul boʻlasiz». Boshqa bir hadisi sharifda esa shunday dedilar: «Barcha bolalar musulmonlikka muvofiq va yaroqli holda dunyoga keladi. Keyin ularni onalari-otalari nasroniy, yahudiy va dinsiz qiladi». Unday boʻlsa, har bir musulmonning birinchi vazifasi – bolalariga Islomni, Qurʼoni karim oʻqishni, namoz oʻqishni, iymonning va Islomning shartlarini oʻrgatishdir. Bolasining musulmon boʻlishini, dunyoda va oxiratda rohatga, osoyishtalikka erishishini istagan ota-onalar avval shu vazifalarini bajarishlari lozim. Islom ilmlari va goʻzal axloq berilmagan bola yomon yoʻldagi kishilarga tez aldanadi. U ota-onasiga, davlatiga va millatiga zararli boʻladi.
Biz bu yerda namozga oid masalalarni hanafiy mazhabiga koʻra, shu mazhabning buyuk olimlarining kitoblaridan olib, soddalashtirib bildirdik.
Musulmonlarga oʻqish buyurilgan namozlar farz, vojib va nafl boʻlib, uch turga boʻlinadi. 1. Farz namozlar: besh vaqt namozning farzlari, juma namozining ikki rakat farzi va janoza namozi farz namozlardir. (Janoza namozi farzi kifoyadir.) 2. Vojib namozlar: vitr namozi, hayit namozlari, nazr qilingan namoz va boshlanib, yarmida qolgan nafl namozlardir. Qazoga qolgan vitr namozini qazo qilish ham vojibdir.
3. Nafl namozlar: besh vaqt namozning sunnatlari, tarovih namozi va savob topish niyati bilan oʻqiladigan tahajjud, tahiyyatul masjid, ishroq, zuho, avvobin, istixora, tasbeh namozlari kabi namozlar nafl namozlardir. Yaʼni ularni oʻqish amr qilinmagan. Farz va vojib namozlardan qarzi boʻlmagan kishiga nafl ibodatlari uchun ham savob beriladi.
Besh vaqt namoz
Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom shunday dedilar: «Allohu taolo bandalariga har kuni besh marta namoz oʻqishni farz qildi. Goʻzal tahorat olib, bu besh namozni vaqtlarida oʻqigan va rukuʼ va sajdalarini yaxshi ado etganlarni Allohu taolo avf etadi va magʻfirat qiladi».
Besh vaqt namoz qirq rakat boʻladi. Ulardan oʻn yetti rakati farz, uch rakati vojib, yigirma rakati sunnatdir. Yaʼni: 1. Bomdod namozi – toʻrt rakat. Avval ikki rakat sunnati, soʻngra ikki rakat farzi oʻqiladi. Bu sunnat juda kuchlidir. Uni vojib deganlar ham bor. 2. Peshin namozi – oʻn rakat. Avval toʻrt rakat avvalgi sunnati, soʻngra toʻrt rakat farzi, farzdan keyin esa ikki rakat oxirgi sunnati oʻqiladi.
3. Asr namozi – sakkiz rakat. Avval toʻrt rakat sunnati, soʻngra toʻrt rakat farzi oʻqiladi.
4. Shom namozi – besh rakat. Avval uch rakat farzi, soʻngra ikki rakat sunnati oʻqiladi. 5. Xufton namozi – oʻn uch rakat. Avval toʻrt rakat sunnati, soʻngra toʻrt rakat farzi, soʻngra ikki rakat oxirgi sunnati, undan keyin esa uch rakat vitr namozi oʻqiladi.
Namozning farzlari
Farz – Allohu taoloning bir narsaning qilinishini istagan qatʼiy amridir. Bir ibodatning farzlari bajarilmaguncha, u ibodat sahih, toʻgʻri boʻlmaydi. Namoz oʻqiyotganda oʻn ikki shartni bajarish farzdir. Bu farzlarning yettitasi namozning tashqarisida, beshtasi ichidadir. Tashqarisidagi farzlarga shartlar, ichidagilarga esa ruknlar deyiladi. [Baʼzi olimlar tahrima takbiri namozning ichida ekanini aytganlar. Ularga koʻra, namozning shartlari ham, ruknlari ham oltitadir.] Namozning katta bir ish va ibodatlarning eng muhimi ekani shartlarining bu qadar koʻpligidan ham anglashiladi. Bundan tashqari, uning vojiblari, sunnatlari, mustahablari, makruhlari, mufsidlari ham bularga qoʻshilsa, banda Rabbining huzurida qanday holda boʻlishi, qanday boʻlishi lozimligi anglashiladi. Bandalar ojiz, kuchsiz, bechora maxluqlardir. Ular har nafasda oʻzlarini yaratgan Allohu taologa muhtojdirlar. Namoz – bandaga ojizligini bildiradigan ibodatdir.
«Bir namozni vaqtida oʻqimay, qazoga qoldirib, uni ado etishdan oldin vafot etgan kishining qabriga jahannamdan yetmishta deraza ochilib, u qiyomatgacha azob chekadi» Hadisi sharif
A) Namozning shartlari
Namozning tashqarisidagi farzlari, yaʼni shartlari yettitadir. Ular quyidagilar:
1. Hadasdan tahorat
Yaʼni tahoratsiz kishining tahorat olishi, junub kishining esa gʻusl qilishidir.
Hanafiy mazhabiga koʻra tahorat qanday olinadi
Sunnatga muvofiq tahorat olish uchun: 1. Tahoratni boshlayotganda qoʻllar bilaklargacha uch marta yuviladi. 2. Oʻng qoʻl bilan ogʻizga uch marta suv beriladi. 3. Oʻng qoʻl bilan burunga uch marta suv berib, chap qoʻl bilan qoqiladi. 4. Hovuchlarga suv olib, peshonadan iyakning ostigacha va chakkalargacha yuz (uch marta) yuviladi. Yuzni bir marta yuvish farzdir. Yuzni yuvmoqchi boʻlganda qalb bilan niyat qilinadi. 5. Chap qoʻl bilan oʻng qoʻl (uch marta) tirsakkacha yuviladi. 6. Oʻng qoʻl bilan chap qoʻl (uch marta) tirsak bilan birga yuviladi. Ikki qoʻlni tirsaklari bilan birga bir marta yuvish farzdir. 7. Ikki qoʻlni yuvgandan keyin qoʻllarni yana hoʻllab, oʻsha namlik bilan boshga masʼh tortiladi, bu farzdir. Undan keyin quloqlarga va ensaga masʼh tortiladi. Oxirgi uchtasini birga bajarish uchun ikki qoʻl hoʻllanadi, ikki qoʻlda ham bir-biriga tutash uchta ingichka barmoq bir-biriga yopishtirilib, ularning ichki tomoni boshning oldiga, soch boshlanadigan joyga qoʻyiladigan qilib ikki qoʻl boshga qoʻyiladi. Ikki qoʻlning bu uch barmogʻining uchlari bir-biriga tegib turishi kerak. Bosh barmoqlar, koʻrsatkich barmoqlar va kaftlar havoda boʻlib, boshga tegmaydi. Ikki qoʻl orqaga tortilib, uchtadan barmoq bilan boshga masʼh tortiladi. Qoʻllar orqadagi soch chekkasiga yetgach, uchtadan barmoq boshdan ajratiladi, ikki qoʻlning kaftlari boshning yon tomonidagi sochlar ustiga yopishtirilib, orqadan oldinga tortiladi va boshning yon tomonlariga masʼh tortiladi. Soʻngra koʻrsatkich barmoqlar quloqlarning ichiga, bosh barmoqlarning ichki yuzi esa quloq orqasiga qoʻyilib, quloqlarga yuqoridan pastga masʼh tortiladi. Soʻngra qolgan uch barmoqning tashqi yuzi ensaga qoʻyilib, ensaning oʻrtasidan ikki tomoniga qarab tortilib, masʼh tortiladi. [Boshga shu tarzda masʼh tortish molikiy mazhabida farzdir.] 8. Boʻyinga masʼh tortgandan keyin oyoqlar yuviladi: avval oʻng oyoq chap qoʻlning jimjilogʻi bilan, oyoqning kichik barmogʻidan boshlab bosh barmogʻigacha oyoq barmoqlarining orasini hilollab, toʻpigʻi bilan birga (uch marta) yuviladi. Soʻngra chap oyoq, oyoq barmoqlarining orasini bu safar bosh barmoqdan boshlab kichik barmoqqa qarab, yana chap qoʻlning jimjilogʻi bilan hilollab, toʻpigʻi bilan birga (uch marta) yuviladi. Shu tarzda ikki oyoqni ikki yondagi toʻpiq suyaklari bilan birga bir marta yuvish farzdir.
Bir hadisi sharifda Rasululloh shunday dedilar: «Kim tahorat olgandan keyin „Inna anzalnahu“, yaʼni Qadr surasini bir marta oʻqisa, Allohu taolo hazratlari uni siddiqlardan yozadi. Ikki marta oʻqisa, shahidlardan yozadi. Uch marta oʻqisa, paygʻambarlar bilan birga hashr qilinadi».
Yana bir hadisi sharifda shunday dedilar: «Kim tahorat olgandan keyin menga oʻn marta salotu salom aytsa, Allohu taolo hazratlari uning gʻamini ketkazib, uni shod qiladi va duosini qabul qiladi».
Tahoratni buzadigan narsalar
Yetti narsa tahoratni buzadi, ular quyidagilar:
1. Olddan va orqadan chiqadigan narsalar. 2. Ogʻizdan chiqadigan najas narsalar: a) qusish, ogʻiz toʻlib chiqsa; b) tupurganda qon tupukdan koʻp boʻlsa. 3. Teridan chiqadiganlar: a) qon, yiring va sariq suv oʻzi oqib chiqsa; b) chipqon va yaradagi qonni, sariq suvni paxta shimib olsa. 4. Uxlash: yonboshlab yotib yoki tirsagiga, yoxud biror narsaga suyanib uxlasa, tahorat buziladi. 5. Hushdan ketish, jinni boʻlish, tutqanoq tutishi yoki yurganda chayqaladigan darajada mast boʻlish tahoratni buzadi. 6. Rukuʼ va sajdalari boʻlgan namozda qahqaha bilan kulish namozni ham, tahoratni ham buzadi. Lekin bolaning tahorati buzilmaydi.
Namozda tabassum namozni ham, tahoratni ham buzmaydi. Kulgini yonidagilar eshitsa, unga qahqaha deyiladi. Oʻzi ham eshitmasa, tabassum deyiladi. 7. Mubosharati fohisha, yaʼni erkak va ayolning yalangʻoch holda avrat joylarini bir-biriga ishqalashlari erkakning ham, ayolning ham tahoratini buzadi. Tahorat olganini bilib, keyin uning buzilganidan shubha qilsa, tahorati bor deb hisoblanadi. Tahorati buzilganini bilib, keyin tahorat olganidan shubha qilsa, tahorat olishi lozim boʻladi.
Gʻusl (butun badanni yuvish)
Namoz sahih, yaʼni toʻgʻri boʻlishi uchun tahorat va gʻuslning toʻgʻri boʻlishi lozim. Junub boʻlgan har bir ayol va erkakka, shuningdek hayz va nifosdan poklangan ayollarga namoz vaqtining oxirida oʻsha namozni oʻqishga yetadigan vaqt qolganida gʻusl qilish farzdir. Junub boʻlish jimoʼ va ehtilom bilan boʻladi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday deydilar: «Gʻusl qilishga turgan kishiga badanidagi tuklar sonicha [yaʼni juda koʻp] savob beriladi, shuncha gunohi kechiriladi. Jannatdagi darajasi koʻtariladi. Gʻusli uchun unga beriladigan savob dunyodagi har bir narsadan xayrliroqdir. Allohu taolo farishtalarga: „Bu bandamga qaranglar! Kechasi erinmasdan turib, Mening amrimni oʻylab, junublikdan gʻusl qilmoqda. Guvoh boʻlinglar, Men bu bandamning gunohlarini avf va magʻfirat qildim“, – deydi».
«Barcha bolalar musulmonlikka muvofiq va yaroqli holda dunyoga keladi. Keyin ularni onalari-otalari nasroniy, yahudiy va dinsiz qiladi» Hadisi sharif
Gʻuslning farzlari
Hanafiy mazhabiga koʻra gʻuslning farzi uchta: 1. Ogʻizning ichini yuvish. Ogʻizning ichida igna uchichalik hoʻllanmagan joy qolsa, tishlarning usti va tish chuqurchalari hoʻllanmasa, gʻusl boʻlmaydi.
2. Burunni yuvish. Burundagi qurigan kir ostiga va ogʻizdagi chaynalgan non ostiga suv oʻtmasa, gʻusl boʻlmaydi.
Hanbaliy mazhabida ogʻiz va burunni yuvish tahorat olishda ham, gʻuslda ham farzdir. Shofeʼiy, molikiy va hanbaliy mazhablarida gʻusl qilayotganda niyat qilish ham farzdir.
3. Badanning hamma joyini yuvish. Kindikning ichini, moʻylov, qosh va soqolni va ularning ostidagi terini va boshdagi sochlarni yuvish farzdir. Tirnoqlarda, labda, koʻz qovogʻida yoki badanning biror joyida suv oʻtkazmaydigan moddalar boʻlsa [tirnoqda lak boʻlsa], gʻusl qilingan boʻlmaydi.
Gʻusl qanday qilinadi
Hanafiy mazhabiga koʻra sunnatga muvofiq gʻusl shunday qilinadi:
1. Avval, toza boʻlsa ham, ikki qoʻlni, avrat joyini va badanida najosat (kir) boʻlgan joylarni yuvish lozim.
2. Soʻngra toʻliq namoz tahoratini olish, yuzini yuvishda gʻuslga niyat qilish lozim. Oyoqlari ostida suv yigʻilmayotgan boʻlsa, oyoqlarini ham yuvish lozim.
3. Soʻngra butun badanga uch marta suv quyish lozim: avval uch marta boshga, soʻngra oʻng yelkaga, soʻngra chap yelkaga quyiladi. Har quyishda oʻsha tomon toʻliq hoʻllanishi kerak. Birinchi quyishda badanni ishqalash lozim. Gʻuslda bir aʼzoga quyilgan suv boshqa aʼzolarga oqsa, u yer ham poklanadi, chunki gʻuslda butun badan bir aʼzo hisoblanadi. Tahorat olayotganda bir aʼzoga quyilgan suv bilan boshqa aʼzo hoʻllansa, yuvilgan hisoblanmaydi. Gʻusl tugagach, yana tahorat olish makruhdir. Lekin gʻusl qilayotganda namoz tahorati buzilsa, uni yana olish lozim boʻladi.
Tishlari qoplangan va plombali kishilar uchun muhim izoh
Hanafiy mazhabida tishlarning orasi va tish chuqurchalari hoʻllanmasa, gʻusl tugal boʻlmaydi. Shuning uchun tish qoplatilganda va plombalatilganda, gʻusl sahih boʻlmaydi. Inson janobatdan qutula olmaydi. Oltin, kumush va najas boʻlmagan boshqa moddalardan qilingan qoplamalar va plombalar ostiga suv kirmagani uchun, hanafiy mazhabi olimlarining hammasiga koʻra gʻusl joiz boʻlmaydi. Oʻz mazhabidagi bir farzni bajara olmaydigan kishi faqat shu farzni bajarish uchun boshqa mazhabga taqlid qilishi lozim. Lekin bu ishni qilayotganda taqlid qilgan mazhabining tahoratga oid shartlarini ham bajarishi lozim. Molikiy yoki shofeʼiy mazhablarida gʻuslda ogʻiz ichini yuvish farz emas.
Tishi qoplangan yoki plombali hanafiy mazhabidagi kishining molikiy mazhabiga [yoki shofeʼiy mazhabiga] taqlid qilishi uchun gʻuslda, tahorat olishda va namozga niyat qilayotganda imom Molikka [yoki imom Shofeʼiyga] tobe boʻlganini eslashi kifoya. Yaʼni gʻusl qilishni boshlayotganda qalbidan: «Gʻusl qilishga va molikiy mazhabiga [yoki shofeʼiy mazhabiga] ergashishga niyat qildim», – deb oʻtkazgan kishining gʻusli sahih boʻladi.
Ogʻzida qoplama yoki plomba boʻlgan hanafiy mazhabidagi kishi shunday niyat qilgach, uning gʻusli sahih boʻladi. U junublikdan qutuladi, pok boʻladi. Molikiy [yoki shofeʼiy] mazhabiga taqlid qilgach, uning tahorati va namozlari ham sahih boʻladi. U qoplamasi va plombasi boʻlmaganlarga ham imom boʻla oladi.
Qolgan uch mazhabda gʻuslning farzlari
Molikiy mazhabida:
1. Niyat,
2. Dalk,
3. Muvolot,
4. Sochlarni va soqolni hilollash,
5. Badanning hamma joyini yuvish.
Shofeʼiy mazhabida:
1. Niyat,
2. Badanning hamma joyini yuvish. [Shofeʼiyda gʻuslning farzi uchta deyilganda, badanidagi najosatni tozalash tushuniladi. Badan yuvilgach, najosat ham tozalangan boʻlgani uchun gʻuslning farzini ikkita deyishning zarari yoʻq.]
Hanbaliy mazhabida: gʻuslning farzi bitta – butun badanni yuvishdir. Bu gʻuslning rukni, yaʼni gʻuslning ichidagi farzdir. Gʻuslni boshlayotganda niyat qilish va bismillah aytish ham farzdir. Ogʻiz va burun ichi badanning tashqarisi hisoblangani uchun ularni yuvish ham farzdir.
1. Niyat qilish,
2. Bismillah aytish,
3. Ogʻiz ichini yuvish,
4. Burun ichini yuvish,
5. Badanning hamma joyini yuvish.
Qolgan uch mazhabda tahoratning farzlari
Molikiy mazhabida:
1. Niyat,
2. Yuzni yuvish,
3. Ikki qoʻlni yuvish,
«Gʻusl qilishga turgan kishiga badanidagi tuklar sonicha [yaʼni juda koʻp] savob beriladi, shuncha gunohi kechiriladi. Jannatdagi darajasi koʻtariladi» Hadisi sharif
4. Boshning hammasiga masʼh tortish [quloq yumshogʻi barobaridagi teri va sochlar boshga kiradi]. 5. Ikki oyoqni yuvish. 6. Muvolot [aʼzolarni tanaffussiz, ketma-ket yuvish],
7. Dalk [yuvilgan joyni ishqalash].
Shofeʼiy mazhabida:
1. Niyat,
2. Yuzni yuvish,
3. Ikki qoʻlni yuvish,
4. Boshning oz bir qismiga masʼh tortish,
5. Ikki oyoqni yuvish,
6. Tartib [tartib bilan yuvish].
Hanbaliy mazhabida:
1. Niyat,
2. Bismillah aytish,
3. Yuzni yuvish,
4. Ogʻizni yuvish,
5. Burunni yuvish,
6. Ikki qoʻlni yuvish,
7. Boshning hammasiga masʼh tortish [quloqlar boshga kiradi],
8. Ikki oyoqni yuvish,
9. Tartib. 10. Muvolot.
Tayammum
Tayammum – tuproq bilan poklanish demakdir. Tahorat olish yoki gʻusl qilish uchun suv topilmasa yoki suv boʻlsa ham, uni ishlatish mumkin boʻlmagan hollarda toza tuproq, qum, ohak va tosh kabi tuproq jinsidan boʻlgan toza narsa bilan tayammum qilinadi. Hanafiyda namoz vaqti kirmasdan oldin ham tayammum qilish mumkin. Qolgan uch mazhabda vaqt kirmasdan oldin joiz emas.
Tayammumning farzlari
Tayammumning farzi uchta: 1. Niyat qilish. 2. Ikki qoʻlning ichini toza tuproqqa surib, yuzning hammasiga masʼh tortish. 3. Qoʻllarni toza tuproqqa urib, avval oʻng, soʻngra chap qoʻlga masʼh tortish. Tayammumning farzi ikkita, deganlar ham bor. Ular ikkinchi va uchinchi farzni bir farz sifatida aytadilar. Ikkala shakli ham toʻgʻridir.
Tahorat olish uchun ham, gʻusl qilish uchun ham tayammum bir xildir.
Tayammum qanday qilinadi
1. Avval junublikdan yoki tahoratsizlikdan poklanish uchun niyat qilinadi. Tayammum bilan namoz oʻqiy olish uchun faqat tayammumga niyat qilishning oʻzi kifoya qilmaydi. Ibodat boʻlgan biror narsani, masalan, janoza namozini oʻqish, tilovat sajdasini qilish uchun yoki tahorat uchun, yoki gʻusl uchun tayammum qilishga niyat lozim. Tayammumga niyat qilayotganda tahorat bilan gʻuslni ajratishga hojat yoʻq. Tahorat uchun niyat qilish bilan kishi janobatdan ham poklanadi. Janobatdan poklanishga niyat qilingan tayammum bilan namoz oʻqish mumkin. Tahorat uchun ikkinchi tayammumga hojat yoʻq.
2. Ikki qoʻlning yenglarini tirsaklardan yuqoriga shimarib, ikki qoʻlning ichini toza tuproqqa, toshga, tuproq yoki ohak bilan suvalgan devorga surib, kamida uch barmoq tegadigan qilib, ikki kaft bilan yuzga bir marta masʼh tortish, yaʼni siypalash. Qoʻl yuzning igna uchichalik joyiga tegmasa, tayammum qilingan boʻlmaydi. Yuzga toʻliq masʼh tortish uchun kaftlar ochiq, toʻrt barmoq bir-biriga yopishgan va ikki qoʻlning ikkitadan uzun barmoqlarining uchlari bir-biriga tegib turgan holda kaftlar soch chegarasiga qoʻyilib, iyakka qarab sekin tushiriladi. Barmoqlar yotiq holda peshonani, koʻz qovoqlarini, burnining ikki yonini, lablarning ustini va iyakning yuz qismini yaxshilab siypalashi kerak. Bu paytda kaftlar ham yonoqlarni siypalaydi.
3. Ikki kaftni yana tuproqqa surib, bir-biriga urib, chang-tuprogʻini qoqib tushirgandan keyin, avval chap qoʻlning toʻrt barmogʻi ichi bilan oʻng qoʻlning pastki yuzini barmoq uchidan tirsakka qarab siypalab, soʻngra qoʻlning ichki yuzini chap kaft bilan tirsakdan kaftgacha siypalash va soʻngra chap bosh barmoqning ichi bilan oʻng bosh barmoqning tashqarisini siypalashdir. Uzukni chiqarish lozim. Soʻngra yana shunday oʻng qoʻl bilan chap qoʻl siypalanadi. Kaftni tuproqqa surish lozim. Tuproqning, changning qoʻlda qolishi shart emas.
Tayammumni buzadigan narsalar
Tayammumni taqozo qilgan uzr holati yoʻqolganda, suv topilganda, shuningdek tahoratni va gʻuslni buzadigan hollarda tayammum ham buziladi.
Ayollarning hayz (oy koʻrish) va nifos (tugʻruqdan keyingi qon) holatlari1
Hayz – sakkiz yoshni tugatib, toʻqqiz yoshga qadam qoʻygan va sogʻligʻi joyida boʻlgan qizdan yoki odat vaqtining oxirgi daqiqasidan oʻn besh kun oʻtgan ayoldan keladigan va kamida uch kun davom etadigan qondir. Oqdan boshqa har bir rangdagi va loyqa qonga hayz qoni deyiladi. Qiz hayz koʻra boshlagach, balogʻat yoshiga kiradi, ayol hukmida boʻladi va dinning amr va taqiqlaridan masʼul boʻladi. Qon koʻringan paytdan toʻxtagan kungacha boʻlgan kunlar soniga odat vaqti deyiladi. Bu vaqtning eng ozi 3, eng koʻpi 10 kundir. Har bir ayol oʻz odatining kunlar sonini va soatini bilishi lozim. Sakkiz yoshni toʻldirgan qizga onasining, onasi boʻlmasa, buvilarining, opalarining, ammalari va xolalarining hayz va nifos ilmini bildirishlari farzdir.
«Duolarning va istigʻforning qabul boʻlishi uchun namozlarni oʻqish, haromlardan saqlanish va ularni tahoratli holda oʻqish lozim. Istigʻforni va duolarni tahoratli oʻqish mustahabdir» Se’âdet-i Ebediyye
Nifos – tugʻruqdan keyingi holat demakdir: ayoldan tugʻruqdan keyin keladigan qonga shunday deyiladi. Bu qonning eng oz muddati yoʻq. Qon toʻxtaganda ayol darhol gʻusl qilishi lozim. Uning eng koʻp muddati – 40 kun. 40 kun toʻlgach, qon toʻxtamasa ham, gʻusl qilib, namoz oʻqiy boshlaydi. 40 kundan keyin keladigan qon istihoza (yaʼni uzr) boʻladi.
Ayollar nifos kunlarini ham yodlab olishlari lozim. Quyidagi qonlar istihoza [uzr qoni] hisoblanadi: 3 kundan, yaʼni yetmish ikki soatdan besh daqiqa boʻlsa ham kam boʻlgan qon; yangi boshlangan qizda 10 kundan ortiq davom etgan qon; yangi boʻlmaganlarda odatidan koʻp boʻlib, 10 kundan ham oshgan qon; shuningdek homilador ayoldan, 55 yoshdan oshgan ayoldan (oyisadan) va toʻqqiz yoshdan kichik qizlardan keladigan qonlar.
Bularga istihoza [uzr qoni] deyiladi. Bu qon kasallik belgisidir. Uning uzoq vaqt oqishi xavfli boʻlib, shifokorga murojaat qilish lozim. Istihoza kunlarida boʻlgan ayol burni tez-tez qonaydigan kishi kabidir: u bu holda namoz oʻqiy oladi va roʻza tuta oladi. Hayz va nifos holatida ayol namoz oʻqiy olmaydi va roʻza tuta olmaydi. Tilovat va shukr sajdasini qila olmaydi. Qurʼoni karimga [musʼhafi sharifga] tega olmaydi. Jome masjidiga ham, oddiy masjidga ham kira olmaydi, Kaʼbani tavof qila olmaydi. Eri bilan yaqinlik qila olmaydi. Poklanganda roʻzalarini qazo qiladi, namozlarini qazo qilmaydi. Sajda oyatini eshitgan junub yoki tahoratsiz kishi poklanganidan keyin tilovat sajdasini qiladi. Lekin hayzli va nifosli ayolga poklanganidan keyin ham tilovat sajdasi lozim boʻlmaydi.
Ayol hayz boshlanganini eriga bildirishi lozim. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Hayzning boshlanganini va tugaganini eridan yashirgan ayol malʼundir». Hayz va nifos toʻxtagach, darhol gʻusl qilib yuvinish Allohu taoloning amri, yaʼni farzdir.
Molikiy mazhabida hayz va nifos
Molikiy mazhabida toʻqqiz yoshga yetgan qizning oldidan hech bir sababsiz oqib chiqadigan qizil, sariq yoki loyqa qonga hayz qoni deyiladi. U oqa boshlagach, hayz boʻladi. Davom etsa, 15 kundan kami odat boʻladi, ortigʻi istihoza boʻladi. Keyingi oyda odati oʻzgarsa, odatlarining eng koʻpidan 3 kun ortigʻi hayz boʻladi. Undan ortigʻi va 15 kundan ortigʻi istihoza boʻladi. Kursuf quruq yoki oq hoʻl boʻlsa, hayzning toʻxtagani anglashiladi. 70 yoshdan keyin keladigan qon hayz boʻlmaydi, istihoza boʻladi. Qon uzilishlar bilan davom etsa, toʻxtagan kunlar pok deb hisoblanadi. Poklikning eng oz muddati – 15 kun. 15 kundan oldin keladigan qon istihoza boʻladi. Bunday poklik muddatining cheki yoʻq. Qon toʻxtab, 15 kundan keyin boshlansa, hayz boʻladi. Tugʻruqdan oldin keladigan qon hayzdir. Qorin yorilib bola olinganda keladigan qon nifos boʻlmaydi. Nifosning eng koʻp muddati – 60 kun. Qon 15 kun toʻxtasa, ayol tohir (pok) boʻladi. Undan keyin keladigan qon hayz boʻladi.
Shofeʼiy mazhabida hayz va nifos
Hayzning eng ozi – 1 kun, eng koʻpi esa 15 kun. 15 kundan ortiq kelsa, istihoza [uzr] boʻladi. Poklik muddati – 15 kun.
15 kun boʻlmasdan qon kelsa, bu hayz emas, istihozadir. 9 yoshdan kichik qizdan va oyisadan [60 yoshdan keyin] keladigan qon hayz boʻlmaydi, uzr boʻladi.
Nifosning eng koʻp muddati – 60 kun. Uning ozi uchun chegara yoʻq. Homiladordan keladigan qon hayzdir. Nifos qonlari orasidagi poklik kunlari 15 kundan kam boʻlsa, nifos hisoblanadi. Nifos qonlari orasida 15 yoki undan koʻp kun poklik boʻlsa, nifos endi tugagan demakdir. 60 kunni kutish shart emas. Poklikdan 15 yoki undan koʻp kun keyin qon kelsa, bu nifos qoni emas, hayz qoni boʻladi.
Hanbaliy mazhabida hayz va nifos
Hayzning eng ozi – 1 kun, eng koʻpi esa 15 kun. 15 kundan ortiq kelsa, istihoza [uzr] boʻladi. Ikkinchi hayz boʻlishi uchun oradan kamida 13 kun oʻtishi lozim. 13 kun oʻtmasdan qon kelsa, bu hayz emas, istihozadir. 9 yoshdan kichik qizdan va oyisadan [50 yoshdan keyin] keladigan qon hayz boʻlmaydi, uzr boʻladi.
Homiladordan keladigan qon hayz emas, istihozadir. Nifosning eng koʻp muddati, hanafiydagi kabi, 40 kun. Uning ozi uchun chegara yoʻq. Nifos koʻrayotganda qon kelmagan kunlar pokdir: ayol gʻusl qilib, barcha ibodatlarini ado etadi. Qon kelgan kunlari namozini, roʻzasini tark etadi. 40 kungacha shunday davom etadi.
2. Najosatdan tahorat
Badanda, kiyimda va namoz oʻqiladigan joyda najosat, kir boʻlmasligidir. Roʻmol, bosh kiyim, salla, maxsi va kavush ham kiyimdan hisoblanadi. Boʻyinga oʻralgan sharfning osilib turgan qismi namoz oʻquvchi bilan birga harakat qilgani uchun kiyim hisoblanadi va bu joy toza boʻlmasa, namoz qabul boʻlmaydi. Joynamozning oyoq bosgan va bosh qoʻyilgan joyi toza boʻlsa, boshqa joyida najosat boʻlsa ham, namoz qabul boʻladi, chunki joynamoz sharf kabi badanga tutash emas. Lekin yopiq shisha ichida siydik olib yurgan kishining namozi joiz boʻlmaydi, chunki shisha siydik hosil boʻladigan joy emas. [Bundan anglashiladiki, choʻntagida yopiq odekolon, spirt, yod shishasi yoki yopiq qutida qonli roʻmolcha, najas latta boʻlgan holda namoz oʻqish joiz emas.] Ikki oyoq bosadigan va sajda qilinadigan joy toza boʻlishi lozim. Najosat ustiga yopilgan mato, shisha, neylon ustida oʻqilgan namoz qabul boʻladi. Sajdada kiyimning etaklari quruq najosatga tegsa, zarari yoʻq.
«Hayzning boshlanganini va tugaganini eridan yashirgan ayol malʼundir» Hadisi sharif
Istinjo, istibro va istinqo
Maʼlum joylardan (olddan va orqadan) najosat chiqqach, bu joylarni tozalashga istinjo deyiladi.
Istibro – kichik hojatdan keyin qovuqning namligi ketguncha yurib yoki boshqa yoʻl bilan vaqt oʻtkazishdir. Istinqo – siydik yoʻlida siydik qolmaganiga yoki badanda najosat qolmaganiga qalbning xotirjam boʻlishidir.
Ayollar istibro qilmaydilar. Erkaklarning yurib, yoʻtalib yoki chap tomonga yotib istibro qilishlari, yaʼni siydik yoʻlida tomchi qoldirmasliklari vojibdir. Siydik tomchisi qolmaganiga qanoat hosil boʻlmasdan tahorat olmaslik kerak. Bir tomchi sizib chiqsa, ham tahorat buziladi, ham kiyim ifloslanadi. Ichki kiyimga kaft kengligidan oz sizsa, qaytadan tahorat olib oʻqilgan namoz makruh boʻladi. Koʻp sizsa, namoz qabul boʻlmaydi. Istibroda qiynaladiganlar siydik teshigiga arpa donidek oʻsimlik paxtasidan qilingan pilik qoʻyishlari lozim. Sizib chiqqan siydikni paxta shimib oladi. Faqat paxtaning uchi tashqarida qolmasligi lozim.
3. Satri avrat (avrat joyini yopish)
Bir kishining ochishi, boshqaga koʻrsatishi va boshqaning qarashi harom boʻlgan joylariga avrat joyi deyiladi. Erkaklarning avrat joyi kindikdan tizzaning ostigachadir. Tizza avratdir. Bu joylar ochiq holda oʻqilgan namoz qabul boʻlmaydi. Namoz oʻqiyotganda badanning boshqa qismlarini (qoʻllarni, boshni) yopish, (paypoq kiyish) erkaklarga sunnatdir. Bu joylar ochiq holda namoz oʻqishlari ularga makruhdir. Ayollarning kaftlari va yuzlaridan boshqa hamma joylari, qoʻllarining usti, sochlari va oyoqlari toʻrt mazhabda ham avratdir. Shuning uchun ayollarga «avrat» deyilgan. Bu joylarini yopish ularga farzdir. Avrat aʼzolaridan birortasining toʻrtdan biri bir rukn davomida ochiq qolsa, namoz buziladi. Ozi ochilsa, buzilmaydi, lekin namoz makruh boʻladi. Yupqa boʻlib, ostidagi aʼzoning shakli yoki rangi koʻrinib turadigan mato yoʻq hisoblanadi.
Ayollarning namozdan tashqarida, yolgʻiz boʻlganda tizza bilan kindik orasini yopishlari farz, belini va qornini yopishlari vojib, boshqa joylarini yopishlari esa odobdir.
4. Istiqboli qibla (qiblaga yuzlanish)
Yaʼni namozni Kaʼbaga qarab oʻqishdir. Makkai mukarrama shahridagi Kaʼba binosining yoʻnalishiga qibla deyiladi. Qibla avval Quddus edi. Hijratdan oʻn yetti oy keyin, Shaʼbon oyining oʻrtasida, seshanba kuni Kaʼbaga yuzlanish amr qilindi.
Qibla – Kaʼbaning binosi emas, balki u turgan yerdir. Yaʼni yerdan Arshgacha boʻlgan oʻsha boʻshliq qibladir. Shuning uchun dengiz va quduq tublarida, baland togʻlarda va samolyotlarda shu tomonga qarab namoz oʻqiladi. Koʻz asablarining kesishgan yoʻnalishlari orasidagi taxminan 45 graduslik kenglik Kaʼbaga toʻgʻri kelsa, namoz sahih boʻladi.
5. Vaqt
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) bir hadisi sharifda shunday dedilar: «Jabroil alayhissalom Kaʼba eshigi yonida ikki kun menga imom boʻldi. Ikkimiz tong otayotganda bomdod namozini, quyosh tikkadan ogʻganda peshinni, har bir narsaning soyasi oʻz boʻyicha boʻlganda asrni, quyosh botayotganda [ustki chekkasi gʻoyib boʻlganda] shomni va shafaq qorongʻilashganda xuftonni oʻqidik. Ikkinchi kuni esa bomdod namozini havo yorishganda, peshinni har bir narsaning soyasi oʻz boʻyining ikki barobari boʻlganda, asrni undan darhol keyin, shomni roʻza ochiladigan paytda, xuftonni kechaning uchdan biri oʻtganda oʻqidik. Soʻngra u: „Yo Muhammad! Sizning va oʻtgan paygʻambarlarning namoz vaqtlari shudir. Ummatingiz besh vaqt namozning har birini biz oʻqigan shu ikki vaqt orasida oʻqisinlar“, – dedi».
Har kuni oʻqilishi amr qilingan namozlar soni besh ekani bundan ham anglashiladi. Bomdod namozi vaqti: tong otishidan, yaʼni sharqda oqlik boshlanishidan boshlab quyosh chiqqunchadir.
Peshin namozi vaqti: jismlarning soyasi qisqarib, uzaya boshlagan paytdan boshlanadi va soya bir barobar uzayguncha davom etadi.
Asr namozi vaqti: peshin vaqti tugagach boshlanadi va quyosh gʻoyib boʻlguncha davom etadi.
Lekin quyosh sargʻaygandan keyin, yaʼni ufq chizigʻiga bir nayza boʻyi yaqinlashgach, yaʼni shomga 40 daqiqa qolganidan boshlab har qanday namozni oʻqish haromdir. Yaʼni asr namozini shu qadar kechiktirish haromdir. Lekin asr namozini oʻqimagan boʻlsa, quyosh botguncha boʻlsa ham oʻqish lozim.
Shom namozi vaqti: quyosh gʻoyib boʻlgandan keyin boshlanib, shafaq qorongʻilashguncha, yaʼni gʻarbda qizillik yoʻqolguncha davom etadi. Xufton namozi vaqti: shom namozi vaqti chiqqandan boshlab tong oqarguncha davom etadi. Xufton namozini uzrsiz sharʼiy yarim kechadan keyinga qoldirish makruhdir.
Namozlarni vaqtlaridan oldin va keyin oʻqish haromdir. Bu katta gunohdir. «Türkiye» gazetasi tayyorlagan devor taqvimlarida namoz va imsok vaqtlari toʻgʻri bildirilgan.
«Ibodatlarning eng qimmatlisi – avval vaqtida oʻqilgan namozdir» Hadisi sharif
Karohat vaqtlari
Namoz oʻqish tahriman makruh, yaʼni harom boʻlgan vaqtlar uchta. Bu uch vaqtda boshlangan farzlar sahih boʻlmaydi. Ular – quyosh chiqayotgan, quyosh botayotgan va kunning ayni oʻrtasi boʻlgan vaqtlardir. Bu uch vaqtda oldindan tayyorlangan janozaning namozi, tilovat sajdasi va sahv sajdasi ham joiz emas. Quyosh botayotganda faqat oʻsha kunning asr namozi oʻqiladi.
Azon va iqomat
Azon – hammaga bildirish demakdir. Besh vaqt namoz va qazo namozlari uchun hamda juma namozida xatib qarshisida erkaklarning azon aytishi sunnati muakkadadir. Ayollarning azon va iqomat aytishi makruhdir. Azon boshqalarga vaqtni bildirish uchun baland joyda aytiladi. Azon aytayotganda ikki qoʻlni koʻtarib, ikki quloq teshigiga bittadan barmoq tiqish mustahabdir. Iqomat aytish azondan afzalroqdir. Azon ham, iqomat ham qiblaga qarab aytiladi. Ular aytilayotganda gapirilmaydi, salomga alik olinmaydi. Azonning aytilishi: Allohu akbar (4 marta), Ashhadu an la ilaha illalloh (2 marta),
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh (2 marta),
Hayya alas-saloh (2 marta),
Hayya alal-faloh (2 marta),
Allohu akbar (2 marta),
La ilaha illalloh (1 marta).
Faqat bomdod azonida «Hayya alal-faloh»dan keyin ikki marta (Assalotu xayrum minan navm) aytiladi. Iqomatda esa azondagi barcha kalimalar bilan birga «Hayya alal-faloh»dan keyin ikki marta (Qad qomatis salotu) deyiladi.
6. Niyat
Niyat iftitoh takbiri aytilayotganda qilinadi. Namozga niyat qilish – uning nomini, vaqtini, qiblani, imomga iqtido qilishni qalbdan oʻtkazish demakdir.
Iftitoh takbiridan keyin qilingan niyat sahih boʻlmaydi va u namoz qabul boʻlmaydi. Farzlarda va vojiblarda niyat qilayotganda qaysi farz va qaysi vojib ekanini bilish lozim. Rakatlar soniga niyat qilish lozim emas. Sunnatni oʻqiyotganda «Namozga» deb niyat qilish kifoya. Janoza namoziga: «Alloh uchun namozga, Paygʻambarimiz uchun salavotga, mayyit uchun duoga, hozir boʻlgan imomga iqtido qildim», – deb niyat qilinadi.
«Gʻaflat bilan, ahamiyat bermasdan namoz oʻqiydiganlar va namozlarini odamlar oldida nifoq va riyo bilan oʻqib, yolgʻiz qolganda tark etadiganlar uchun qattiq azob bor» Moʼun: 4–6
Imomning erkaklarga imom boʻlishga niyat qilishi shart emas. Lekin imom hozir boʻlgan jamoatga imom boʻldim deb niyat qilmasa, jamoat bilan oʻqish savobiga erisha olmaydi. Imom boʻlishga niyat qilsa, bu savobga ham erishadi. Imomning «ayollarga imom boʻlishga» niyat qilishi lozim. Ibodatlarni ado etayotganda faqat ogʻiz bilan aytishga niyat deyilmaydi. Qalb bilan niyat qilinmasa, ibodatlar qabul boʻlmaydi.
7. Tahrima takbiri
Namozni «Allohu akbar» deb boshlash demakdir. Qoʻllar kaftlari qiblaga qaragan holda quloqlargacha koʻtariladi. Bosh barmoqlarning uchlari quloq yumshogʻiga tekkiziladi. «Allohu akbar» deyilayotganda qoʻllar tushiriladi va aytib boʻlinganda qoʻllar kindik ostida bogʻlangan boʻladi. Ayollar qoʻllarini yelkalarigacha koʻtarib takbir aytadilar va qoʻllarini koʻkrak ustida chap qoʻl ostda, oʻng qoʻl ustda boʻladigan qilib tutadilar, erkaklar kabi bilakni ushlamaydilar.
B) Namozning ruknlari
Namozning ichidagi farzlari, yaʼni ruknlari beshtadir. Ular quyidagilar:
1. Qiyom
Namozning besh ruknidan birinchisi qiyomdir. Qiyom – tik turish demakdir. Tik tura olmaydigan bemor oʻtirib oʻqiydi. Oʻtira olmaydigan bemor chalqancha yotib, boshi bilan ishora qilib oʻqiydi. Yuzi osmonga emas, qiblaga qarab turishi uchun boshining ostiga yostiq qoʻyiladi. Oyoqlarini tiklab qoʻyadi, qibla tomonga uzatmaydi. Tik turganda ikki oyoq bir-biridan toʻrt barmoq kengligicha ochiq boʻlishi lozim.
2. Qiroat
Sunnatlarning va vitrning har bir rakatida va yolgʻiz oʻqiganda farzlarning ikki rakatida tik turib Qurʼoni karimdan bir oyat oʻqish farzdir. Qisqa sura oʻqish savobliroqdir.
Qiroat sifatida Fotiha oʻqish vojibdir. Toʻrt rakatli farzlarning avvalgi ikki rakatida Fotiha va bir zammi sura yoki kamida uch qisqa oyat oʻqish vojib, oxirgi ikki rakatida Fotiha oʻqish sunnatdir. Vojib boʻlgan vitr va sunnat namozlarning har bir rakatida Fotiha bilan bir zammi sura oʻqish vojibdir. Fotihani suradan oldin va bir marta oʻqish ham vojibdir. Fotihaga oid bu besh vojibdan biri unutilsa, sahv sajdasi qilish lozim boʻladi. Qiroatda Qurʼoni karimning tarjimasini oʻqish joiz emas. U aslidagidek, arabcha oʻqiladi.
3. Rukuʼ
Qiyomda qiroatdan keyin takbir aytib, rukuʼga egilinadi. Rukuʼda erkaklar barmoqlarini ochib, tizza qopqoqlarini yaxshilab ushlab, bellarini va boshlarini tekis tutadilar. Rukuʼda kamida uch marta «Subhona robbiyal aziym» deyiladi (3, 5, 7, 9 yoki 11 marta aytish mustahabdir). Rukuʼda qoʻllar va oyoqlar tik tutiladi. Ayollar barmoqlarini ochmaydilar. Bellarini, oyoqlarini va qoʻllarini tik tutmaydilar.
Rukuʼdan qavmaga qad rostlayotganda «Samiʼallohu liman hamidah» deyish imomga va yolgʻiz oʻquvchiga sunnatdir. Jamoat buni aytmaydi. Uning ortidan darhol «Robbana lakal hamd» deyiladi va qavmada tik turiladi, soʻngra «Allohu akbar» deb sajdaga borilayotganda avval oʻng, soʻngra chap tizza, soʻngra oʻng, soʻngra chap qoʻl, soʻngra burun va peshona yerga qoʻyiladi.
4. Sajda
Sajdada kamida uch marta «Subhona robbiyal aʼlo» deyiladi (3, 5, 7, 9 yoki 11 marta aytish mustahabdir). Qoʻl barmoqlari bir-biriga tutashgan, qiblaga qaragan, quloqlar barobarida, bosh esa ikki qoʻl orasida boʻlishi lozim. Peshonani toza joyga, yaʼni tosh, tuproq, taxta, joynamoz ustiga qoʻyish farz boʻlib, burunni ham birga qoʻyish vojib deyilgan. Uzrsiz faqat burunni qoʻyish joiz emas. Faqat peshonani qoʻyish makruhdir.
Ikki oyoqni yoki hech boʻlmasa har birining bittadan barmogʻini yerga qoʻyish farz yoki vojibdir. Yaʼni ikki oyoq yerga qoʻyilmasa, namoz qabul boʻlmaydi yoki makruh boʻladi. Sajdada oyoq barmoqlarini bukib, uchlarini qiblaga qaratish sunnatdir.
Erkaklar qoʻllarini va sonlarini qorindan ajratib tutadilar. Qoʻllarni va tizzalarni yerga qoʻyish sunnatdir. Tovonlarni qiyomda bir-biridan toʻrt barmoq kengligicha uzoq, rukuʼda, qavmada va sajdada esa tutash tutish sunnatdir. Sajdaga borayotganda shim pochalarini yuqoriga tortish makruhdir, ularni yuqoriga tortib, qayirib namozga turish ham makruhdir. Yenglari, pochalari, etaklari shimarilgan, qayrilgan, kalta holda namoz oʻqish makruhdir. Dangasalik bilan yoki boshni yopib oʻqishning ahamiyatini oʻylamasdan, boshi ochiq holda namoz oʻqish makruhdir. Namozga ahamiyat bermaslik esa kufrdir. Kir kiyim bilan va ish kiyimi bilan namoz oʻqish ham makruhdir.
5. Qaʼdai oxira
Oxirgi rakatda «Attahiyotu»ni oʻqiydigan miqdorda oʻtirish farzdir. Oʻtirganda qoʻl barmoqlari bilan ishora qilinmaydi. Erkaklar chap oyoqlarini barmoq uchlari oʻngga qaragan holda yerga toʻshaydilar. Shu oyoq ustiga oʻtiradilar. Oʻng oyoqni tik tutadilar; uning barmoqlari yerga tegib, barmoq uchlari qiblaga qarab biroz bukilgan boʻladi. Shunday oʻtirish sunnatdir. Ayollar tavarruk bilan, yaʼni dumbalarini yerga qoʻyib oʻtiradilar. Sonlari bir-biriga yaqin boʻladi. Oʻng oyoqlarini oʻng tomondan tashqariga chiqaradilar. Chap oyoqlari barmoq uchlari oʻngga burilgan holda ostida qoladi.
Salam daraxtlari oʻsgan yerdagi
Paygʻambar doʻstlari yodimi seni yigʻlatgan?
Ayt, Madina shamolimi seni yigʻlatgan,
Yo kechasi Izam togʻidan chaqnagan yashinmi?
Qasidai Burda
