ISLOMNING SHARTLARI
Islom diniga kirganlarga, yaʼni musulmonlarga farz boʻlgan, albatta bajarilishi lozim boʻlgan besh vazifa bor. Ular quyidagilar:
1. Islomning shartlaridan birinchisi – kalimai shahodat keltirishdir. Kalimai shahodat keltirish – «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh» deb aytish demakdir. Yaʼni aqlli, balogʻatga yetgan va gapira oladigan kishining: «Yerda ham, osmonda ham Allohdan boshqa ibodat qilinishga haqqi boʻlgan va sigʻinishga loyiq boʻlgan hech bir narsa va hech bir kishi yoʻq. Haqiqiy maʼbud faqat Allohu taolodir». U Vojibul vujuddir. Har bir ulugʻlik Undadir. Unda hech bir qusur yoʻq. Uning ismi – «Alloh»dir, – deb aytishi va bunga qalbi bilan qatʼiy ishonishidir. Shuningdek, oʻsha gul rangli, oq-qizil, nurli, yoqimli yuzli, qora qoshli va qora koʻzli, muborak peshonalari ochiq, goʻzal xulqli, soyasi yerga tushmaydigan, shirin soʻzli, Arabistonda, Makkada tugʻilganlari uchun arab deb atalgan, Hoshim avlodidan boʻlgan «Abdullohning oʻgʻli Muhammad alayhissalom Allohu taoloning bandasi va rasuli, yaʼni Paygʻambaridirlar». U zot Vahbning qizi hazrati Ominaning oʻgʻillaridirlar. Alhamdulillah, u zot bizning ham sevimli Paygʻambarimizdirlar (sallallohu alayhi vasallam).
2. Islomning besh shartidan ikkinchisi – shartlariga va farzlariga muvofiq ravishda har kuni besh marta vaqti kirgach, namoz oʻqishdir. Odam alayhissalomdan beri har bir dinda bir vaqt namoz bor edi. Ularning hammasi oʻqigan namozlar bir joyga jamlanib, bizga farz qilindi. Namoz oʻqish iymonning sharti boʻlmasa ham, namozning farz ekaniga ishonish iymonning shartidir. Mukallaf [yaʼni aqlli va balogʻatga yetgan] boʻlgan har bir musulmonning har kuni besh vaqt namoz oʻqishi – farzi ayndir. Besh vaqt namoz Meʼroj kechasida amr qilindi. Meʼrojdan oldin faqat bomdod va asr namozi bor edi.
3. Islomning besh shartidan uchinchisi – molining zakotini berishdir. «Zakot» soʻzining lugʻaviy maʼnosi – poklik, maqtash va yaxshi, goʻzal holga kelish demakdir. Islomda zakot – ehtiyojidan ortiq va nisob deb ataladigan maʼlum bir chegara miqdorida zakot moli boʻlgan kishining molidan maʼlum bir miqdorini ajratib, Qurʼoni karimda bildirilgan musulmonlarga minnat qilmasdan berishi demakdir. Toʻrt mazhabda ham toʻrt xil zakot moli bor: oltin va kumush zakoti, tijorat moli zakoti, yilning yarmidan koʻpida yaylovda oʻtlaydigan toʻrt oyoqli soʻyiladigan hayvonlar zakoti va yer mahsulotlari zakoti. Bu toʻrtinchi zakotga ushr deyiladi. Yerdan hosil olinishi bilanoq ushr beriladi. Qolgan uch zakot mol nisob miqdoriga yetganidan bir yil keyin beriladi.
4. Islomning besh shartidan toʻrtinchisi – muborak Ramazon oyida har kuni roʻza tutishdir. Roʻza tutishga savm deyiladi. Savm lugʻatda bir narsani bir narsadan saqlash demakdir. Islomda esa shartlariga rioya qilib, Ramazon oyida Allohu taolo amr qilgani uchun har kuni oʻzini uch narsadan saqlash demakdir. Bu uch narsa – yeyish, ichish va jimoʼdir.
5. Islomning besh shartidan beshinchisi – kuchi yetgan kishining umrida bir marta haj qilishidir. Buning uchun yoʻl xavfsiz va badan sogʻlom boʻlishi, kishi esa Makkai mukarrama shahriga borib kelguncha orqada qoldirgan oila aʼzolarining tirikchiligiga yetadigan moldan ortib qolgan pul bilan u yerga borib kela olishi kerak. Shunday kishining umrida bir marta ehromli holda Kaʼbai muazzamani tavof qilishi va Arafot maydonida vaqfada turishi farzdir.
«Qurʼoni karimda bandalarga lozim boʻlgan har bir narsa bildirilgan, ishonmaganlar azob bilan qoʻrqitilgan, Islomning shartlarini bajargan moʻminlarga jannat xushxabari berilgan» Imomi Rabboniy (rahmatullohi alayh)
Keling, namoz oʻqiylik, qalbdan zangni artaylik,
Allohga yaqin boʻlmas, namoz oʻqilmaguncha!
Qayerda namoz oʻqilsa, gunohlar ham toʻkilur,
Inson komil boʻlolmas, namoz oʻqimaguncha!
Qurʼoni karimda Haq namozni koʻp madh etdi,
Dedi: «Sevmam kishini, namoz oʻqimaguncha!»
Bir hadisi sharifda: iymonning alomati
Insonda maʼlum boʻlmas, namoz oʻqimaguncha!
Bir namozni oʻqimaslik – kaboirning kattasi,
Tavba bilan avf boʻlmas, qazosi oʻqilmaguncha!
Namozni yengil bilgan iymondan chiqar shu on,
Musulmon boʻlolmas u, namoz oʻqimaguncha!
Namoz qalbni poklaydi, yomonlikdan man etar,
Munavvar boʻlolmaysan, namoz oʻqimaguncha!
