IYMONNING SHARTLARI
Iymonning olti sharti «Amantu»da bayon qilingan. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) iymon maʼlum olti narsaga ishonish ekanini bildirganlar. Shuning uchun har bir musulmon farzandiga avval «Amantu»ni yodlatishi va maʼnosini ham yaxshilab oʻrgatishi lozim. AMANTU: Amantu billahi va maloikatihi va kutubihi va rusulihi val yavmil oxiri va bil qadari xoyrihi va sharrihi minallohi taolo, val baʼsu baʼdal mavti haqqun. Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh.
1. Allohu taoloning borligiga va birligiga ishonish
(Amantu billahi) – «Allohu taoloning borligiga va birligiga ishondim, iymon keltirdim, qalbim bilan tasdiq etdim, tilim bilan iqror qildim» demakdir. Allohu taolo bor va birdir. Uning Zotida ham, sifatlarida ham hech bir jihatdan sherigi yoʻq. Butun maxluqotning zoti va sifatlari ularni Yaratganning Zoti va sifatlariga oʻxshamagani kabi, Yaratganning Zoti va sifatlari ham Oʻzi yaratganlarning birortasining zoti va sifatlariga oʻxshamaydi. Butun maxluqotning har bir aʼzosini, har bir hujayrasini yaratuvchi, yoʻqdan bor qiluvchi yolgʻiz Allohu taolodir. Allohu taolo Zotining haqiqatini hech kim bila olmaydi. U aqlga va xayolga kelgan barcha narsalardan munazzahdir, pokdir. Uning Zotini aqlga, xayolga keltirish joiz emas. Faqat Qurʼoni karimda bayon qilingan sifatlarini, ismlarini yodlab, Uning uluhiyatini ular bilan tasdiq va iqror etish lozim. Uning barcha sifatlari va ismlari azaliy va abadiydir. Allohu taolo modda, jism va hol emas. Uning oʻxshashi, sherigi, ziddi yoʻq. U biz biladigan, oʻylay oladigan narsalar kabi emas. Uning qandayligini anglab ham, oʻylab ham boʻlmaydi. Xayolga kelgan har bir narsa notoʻgʻridir. Allohu taolo bor, birdir. Undan boshqa ibodatga loyiq iloh yoʻq. Allohu taolo zamonli, makonli, jihatli emas. U biror joyda, biror tarafda emas. Zamonlarni, joylarni, jihatlarni U yaratgan. Johillar Uni Arsh ustida yoki yuqorida, osmonda deb oʻylaydilar. Arshni ham, yuqorini ham, pastni ham U yaratgan. Keyin yaratilgan biror narsa qadim [azaliy] boʻlgan Zotga makon boʻla olmaydi. Uning Zoti hech bir joyda turmagani kabi, maʼlum olti jihatdan ham munazzahdir. Yaʼni U oldinda, orqada, oʻngda, chapda, yuqorida, pastda emas. U koinotning na ichida, na tashqarisidadir. Ichida yoki tashqarisida boʻlish faqat mavjud ikki narsa orasida oʻylanadi.
Allohu taolo haqida «har joyda» deyilmaydi. Allohu taolo makondan munazzah boʻlgani uchun «U har joydadir» deyish Unga makon belgilash boʻladi. Barcha makonlarni, yaʼni har bir joyni yaratgan – Allohu taolodir. Yaratilgan narsa Yaratganga makon boʻla olmaydi. Shuning uchun «har joyda» emas, balki «Allohu taolo makondan munazzahdir» deyish lozim. Shu sababli «Alloh har joyda» deyilmaydi. «Allohu taolo har zamonda va har joyda hozir va nozirdir» deyiladi.
«Har bir musulmon farzandiga avval „Amantu“ni yodlatishi va maʼnosini ham yaxshilab oʻrgatishi lozim» Hüseyin bin Sa’îd (rahmatullohi alayh)
Sayyid Abdulhakim Arvosiy hazratlari ham shunday deydilar:
«Allohu taolo zamonli va makonli boʻlmagani uchun „hozir va nozirdir“ degan soʻz majozdir. Yaʼni zamonsiz va makonsiz [hech bir joyda boʻlmasdan] hozirdir [mavjuddir] va nozirdir [koʻradi] demakdir. Allohu taoloning barcha sifatlari zamonsiz va makonsiz boʻlgani kabi, Uning hozir va nozir boʻlishi ham zamon bilan va makon bilan emas». Koinot xayol martabasida yaratilgan. Xayol martabasidagi olamning doim bor boʻlib koʻrinishi Allohning qudrati bilan boʻlmoqda. Har bir mavjudotning yaratuvchisi, egasi, hokimi – Udir. «Uning hokimi, amr beruvchisi, Undan ulugʻi yoʻq», – deb ishonish lozim. Har bir ulugʻlik, har bir kamol sifat Unikidir. Unda hech bir qusur, hech bir nuqson sifat yoʻq. Xohlaganini qila oladi. Qilganlari Oʻziga yoki boshqalarga foydali boʻlish uchun emas. Biror evaz uchun qilmaydi. Shu bilan birga, Uning har bir ishida hikmatlar, foydalar, lutflar, ehsonlar bor. U bandalariga yaxshi boʻlganini, foydali boʻlganini berishga, baʼzilariga savob, baʼzilariga azob berishga majbur emas. Osiylarni, gunoh qilganlarning hammasini jannatga kiritsa, bu Uning fazliga, ehsoniga yarashadi. Itoat, ibodat qilganlarning hammasini jahannamga tashlasa, adolatga xilof boʻlmaydi. Lekin U musulmonlarni, ibodat qilganlarni jannatga kiritishni, ularga cheksiz neʼmatlar, yaxshiliklar berishni, kofirlarni esa jahannamda cheksiz azoblashni xohlagan va buni bildirgan. U soʻzidan qaytmaydi. Barcha jonzotlar iymon keltirsa, itoat etsa, Unga hech bir foydasi boʻlmaydi. Butun olam kofir boʻlsa, haddidan oshib, tugʻyonga ketsa, Unga qarshi chiqsa, Unga hech bir zarar bermaydi. Shirkdan, kufrdan boshqa har qanday katta gunohni qilib, tavbasiz oʻlgan kishini xohlasa, kechiradi. Kichik gunoh uchun ham xohlasa, azoblaydi. Kofir, murtad boʻlib oʻlganlarni hech qachon kechirmasligini, ularni cheksiz azoblashini bildirgan.
Musulmon va ahli qibla boʻlib, ibodat qilgan, lekin eʼtiqodi Ahli sunnat eʼtiqodiga muvofiq boʻlmagan va tavba qilmasdan oʻlgan kishini jahannamda azoblasa ham, bunday bidʼat sohibi musulmonlar jahannamda abadiy qolmaydilar.
Allohu taoloni dunyoda bosh koʻzi bilan koʻrish joizdir. Lekin hech kim koʻrmagan. Qiyomat kuni mahshar maydonida U kofirlarga va gunohkor moʻminlarga qahr va jalol bilan, solih moʻminlarga esa lutf va jamol bilan koʻrinadi. Moʻminlar jannatda Uni jamol sifati bilan koʻradilar. Farishtalar va ayollar ham koʻradilar. Kofirlar bundan mahrum qoladilar.
Allohu taolo ustidan kecha-kunduz va zamon oʻtishini tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Allohu taoloda hech bir jihatdan hech qanday oʻzgarish boʻlmagani uchun «oʻtmishda shunday edi, kelajakda bunday boʻladi», – deb boʻlmaydi. Allohu taolo hech bir narsaga hulul qilmaydi. Yaʼni hech bir narsa bilan birlashmaydi. Allohu taoloning ziddi, aksi, oʻxshashi, sherigi, yordamchisi, himoyachisi yoʻq.
Uning onasi, otasi, oʻgʻli, qizi, jufti yoʻq. U hamma vaqt hozir, hamma narsani ihota qiluvchi (muhit) va nozirdir. Har kimga jon tomiridan ham yaqinroqdir. Lekin Uning hozir boʻlishi, ihota qilishi, birga va yaqin boʻlishi biz tushunganimiz kabi emas. Uning yaqinligini olimlarning ilmi, fan ahlining zakovati va avliyoning kashfu shuhudi bilan anglab boʻlmaydi. Ularning ichki mohiyatini inson aqli idrok eta olmaydi. Allohu taolo Zotida va sifatlarida birdir, ularning hech birida oʻzgarish, boshqacha boʻlib qolish boʻlmaydi.
Allohu taoloning ismlari cheksizdir. Uning ming bir ismi bor ekani mashhur. Yaʼni U ismlaridan ming birini insonlarga bildirgan. Muhammad alayhissalom keltirgan dinda ulardan toʻqson toʻqqiztasi bildirilgan. Ularga «Asmoul husno» deyiladi.
Allohu taoloning zotiy va subutiy sifatlari
Allohu taoloning zotiy sifatlari (sifoti zotiya) oltitadir:
1. Vujud: Allohu taolo bordir. Uning borligi azaliydir. U Vojibul vujuddir, yaʼni Uning borligi lozimdir. 2. Qidam: Allohu taolo borligining avvali, boshlanishi yoʻq.
3. Baqo: Allohu taolo borligining oxiri, nihoyasi yoʻq. U hech qachon yoʻq boʻlmaydi. Uning sherigi boʻlishi muhol boʻlgani kabi, Zoti va sifatlari uchun ham yoʻqlik muholdir.
4. Vahdoniyat: Allohu taoloning Zotida, sifatlarida va ishlarida sherigi, oʻxshashi yoʻq.
5. Muxolafatun lil-havodis: Allohu taolo Zotida va sifatlarida hech bir maxluqning zoti va sifatlariga oʻxshamaydi.
6. Qiyom bi nafsihi: Allohu taolo Oʻz Zoti bilan qoimdir. U makonga muhtoj emas. Modda ham, makon ham yoʻq paytda U bor edi. Chunki U har bir ehtiyojdan munazzahdir. Bu koinotni yoʻqlikdan borliqqa keltirishdan oldin Zoti qanday boʻlsa, cheksiz ravishda hamisha shundaydir.
Allohu taoloning subutiy sifatlari (sifoti subutiya) sakkiztadir:
1. Hayot: Allohu taolo tirikdir. Uning hayoti maxluqlarning hayotiga oʻxshamaydi: u Zotiga loyiq va Oʻziga xos boʻlgan, azaliy va abadiy hayotdir. 2. Ilm: Allohu taolo hamma narsani biladi. Uning bilishi maxluqotning bilishi kabi emas. U qop-qorongʻi kechada qora tosh ustida chumolining yurayotganini koʻradi va biladi. Insonlarning qalbidan oʻtgan fikrlarini, niyatlarini biladi. Uning bilishida oʻzgarish boʻlmaydi. Bu sifati azaliy va abadiydir.
3. Samʼ: Allohu taolo eshitadi. Vositasiz, jihatsiz eshitadi. Uning eshitishi bandalarning eshitishiga oʻxshamaydi. Bu sifati ham, Uning har bir sifati kabi, azaliy va abadiydir. 4. Basar: Allohu taolo koʻradi. Asbobsiz va shartsiz koʻradi. Uning koʻrishi koʻz bilan emas. 5. Iroda: Allohu taoloning xohishi bor. U xohlaganini yaratadi. Har bir narsa Uning xohishi bilan bor boʻladi. Uning irodasiga moneʼ boʻla oladigan hech bir kuch yoʻq.
6. Qudrat: Allohu taolo har narsaga qodirdir. Hech bir narsa Unga ogʻirlik qilmaydi.
7. Kalom: Allohu taolo soʻzlovchidir. Uning soʻzlashi asbob, harflar, tovushlar va til bilan emas.
8. Takvin: Allohu taolo yaratuvchidir. Undan boshqa yaratuvchi yoʻq. Hamma narsani U yaratadi. Allohu taolodan boshqasiga «yaratuvchi» demaslik kerak. U barcha mavjudotni yoʻqdan bor qildi. Insonlarning va hayvonlarning harakatlarini, sukunatlarini [harakatsizliklarini], fikrlarini, kasalliklarini, shifolarini, xayrlarini, sharrlarini, foydalarini, zararlarini yaratuvchi yolgʻiz Udir. Inson oʻz harakatlarini, fikrlarini – hech bir narsani yarata olmaydi. Insonning fikrlarini, harakatlarini, kashflarini, ixtirolarini hamisha U ijod qilmoqda, yaratmoqda. Undan boshqasini «yaratuvchi» deyish johilona, botil bir soʻzdir.
«Allohu taolo zamonli va makonli boʻlmagani uchun „hozir va nozirdir“ degan soʻz majozdir. Yaʼni zamonsiz va makonsiz [hech bir joyda boʻlmasdan] hozirdir [mavjuddir] va nozirdir [koʻradi] demakdir» Sayyid Abdulhakim Arvosiy (rahmatullohi alayh)
Allohu taoloning subutiy sifatlari ham, zotiy sifatlari kabi, qadimdir. Bu sifatlar ham Uning Zotidan ajralmaydi. Yaʼni Uning sifatlari Zotining, Oʻzining ayni ham emas, gʻayri ham emas. Hech bir kishi va hech bir narsa Allohu taoloning sifatlariga sherik ham, oʻxshash ham boʻla olmaydi. Zotiy sifatlar – Allohu taoloning Zotiga xos boʻlgan sifatlardir. Bu sifatlar maxluqlarning hech birida yoʻq. Ularning maxluqlar bilan hech qanday bogʻliqligi ham yoʻq. Subutiy sifatlar esa maxluqlar bilan bogʻliq boʻlgan sifatlardir. U yaratish sifatidan boshqalarini bandalariga ham, juzʼiy boʻlsa-da, cheklangan holda ehson qilgan. Bu sifatlarida ham hech qanday oʻzgarish boʻlmaydi. Bular ham, zotiy sifatlar kabi, qadim, yaʼni azaliydir. Maxluqlar keyin yaratilgani uchun ularning maxluqlarga boʻlgan bogʻliqligi esa hodisdir, yaʼni azaliy emas. Uning bu sifatlari, yaʼni tirik boʻlishi, bilishi, eshitishi, koʻrishi, qudrati, xohlashi va soʻzlashi bandalarnikiga aslo oʻxshamaydi, ularning faqat nomlari oʻxshaydi. Uning Zotini va sifatlarining haqiqatini anglash mumkin emas.
Hech bir maxluq oʻz Yaratuvchisini aslo anglay olmaydi, idrok eta olmaydi. Paygʻambarimiz shunday marhamat qiladilar: «Allohu taoloning yaratganlari haqida tafakkur qilinglar, Uning Zoti haqida tafakkur qilmanglar. Chunki sizlar Uning qadrini oʻlchay olmaysizlar, Uni anglashga kuchingiz yetmaydi». Boshqa bir hadisi sharifda esa shunday deyildi: «Allohu taolo xayolga kelgan har bir narsadan uzoqdir».1
2. Farishtalarga ishonish
Va maloikatihi: yaʼni farishtalarga ishonishdir. Farishtalar jismdir. Ular latifdirlar, gaz holatidan ham latifroqdirlar. Nuroniydirlar. Tirikdirlar. Aqllidirlar. Insonlardagi yomonliklar farishtalarda yoʻq. Ular har qanday shaklga kira oladilar. Gazlar suyuq va qattiq holga oʻtgani va qattiq boʻlganda shakl olgani kabi, farishtalar ham goʻzal shakllarga kira oladilar. Farishtalar ulugʻ insonlarning badanidan ajralgan ruhlar emas. Nasroniylar farishtalarni shunday ruh deb oʻylaydilar. Ular energiya, quvvat kabi ham emas. Qadimgi faylasuflarning bir qismi shunday gumon qilgan.
Malak – elchi, xabar beruvchi demakdir. Koʻpligi – «maloika». Farishtalar har bir jonzotdan oldin yaratilgan. Shuning uchun kitoblarga iymondan oldin farishtalarga iymon keltirish bildirildi. Kitoblar ham paygʻambarlardan oldin turadi. Qurʼoni karimda ham ishoniladigan narsalarning nomlari shu tartibda bildirilmoqda. Farishtalarga iymon bunday boʻlishi kerak: farishtalar Allohu taoloning bandalaridir. Ular Uning sheriklari emas. Uning qizlari emas. Kofirlar, mushriklar shunday gumon qildilar. Allohu taolo farishtalarning hammasidan rozidir. Ular Allohu taoloning amrlariga itoat qiladilar. Gunoh qilmaydilar. Amrlarga isyon qilmaydilar. Ular erkak ham, ayol ham emaslar. Uylanmaydilar. Ularning bolalari boʻlmaydi. Ular hayot sohibi, yaʼni tirikdirlar.
«Allohu taoloning yaratganlari haqida tafakkur qilinglar, Uning Zoti haqida tafakkur qilmanglar. Chunki sizlar Uning qadrini oʻlchay olmaysizlar, Uni anglashga kuchingiz yetmaydi» Hadisi sharif
Allohu taolo insonlarni yaratishini bildirganida farishtalar: «Yo Rabbim! Yer yuzida fasod qiladigan va qon toʻkadigan maxluqlarni yaratasanmi?» – deb soʻradilar. Farishtalarning «zalla» deb ataladigan bunday savollari ularning maʼsum, aybsiz ekanliklariga zarar bermaydi. Maxluqlar orasida soni eng koʻp boʻlgani – farishtalardir. Ularning sonini Allohu taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Osmonlarda farishtalar ibodat qilmaydigan boʻsh bir joy yoʻq. Osmonlarning har bir joyi rukuʼda yoki sajdada turgan farishtalar bilan toʻladir. Osmonlarda, yerlarda, oʻt-oʻlanlarda, yulduzlarda, jonlilarda, jonsizlarda, yomgʻir tomchilarida, daraxt barglarida, har bir molekulada, har bir atomda, har bir reaksiyada, har bir harakatda – hamma narsada farishtalarning vazifalari bor. Ular har joyda Allohu taoloning amrlarini bajaradilar. Ular Allohu taolo bilan maxluqlari orasida vositadirlar. Baʼzilari boshqa farishtalarning boshligʻidir. Baʼzilari insonlarning paygʻambarlariga xabar keltiradi. Baʼzilari insonlarning qalbiga yaxshi fikr soladi, bunga ilhom deyiladi.
Baʼzilarining esa insonlardan ham, butun maxluqlardan ham xabari yoʻq: ular Allohu taoloning jamoli qarshisida oʻzlaridan ketganlar. Ularning har birining maʼlum joyi bor, u yerdan ajrala olmaydilar. Jannat farishtalari jannatdadir. Ularning ulugʻining ismi – Rizvon. Jahannam farishtalariga Zaboniy deyiladi. Ular jahannamda oʻzlariga buyurilgan vazifalarni bajaradilar. Jahannam oʻti ularga zarar bermaydi, xuddi dengiz baliqqa zararli boʻlmagani kabi. Jahannam zaboniylarining ulugʻlari oʻn toʻqqizta. Eng ulugʻining ismi – Molik. Har bir insonning yaxshi va yomon barcha ishlarini yozadigan, ikkitasi kechasi, ikkitasi kunduzi keladigan toʻrt farishtaga Kiroman kotibin yoki Hafaza farishtalari deyiladi.
Hafaza farishtalarining bulardan boshqa ekani ham rivoyat qilingan. Oʻng tarafdagi farishta chapdagisining boshligʻidir va yaxshi ishlarni yozadi. Chapdagisi yomonliklarni yozadi. Qabrlarda kofirlarga va osiy musulmonlarga azob beradigan farishtalar va qabrda savol soʻraydigan farishtalar bor. Savol farishtalariga «Munkar va Nakir» deyiladi. Moʻminlardan soʻraydiganlariga «Mubashshir va Bashir» ham deyiladi. Farishtalarning bir-birlaridan afzalliklari bor. Ularning eng afzallari toʻrtta. 1. Jabroil alayhissalom. Uning vazifasi – paygʻambarlarga vahiy keltirish, amr va taqiqlarni bildirishdir. 2. Isrofil alayhissalom. U Sur deb ataladigan karnayni chaladi. Surni ikki marta chaladi. Birinchisida Allohu taolodan boshqa har bir tirik jon oʻladi. Ikkinchisida hammasi qayta tiriladi. 3. Mikoil alayhissalom. Arzonchilik va qimmatchilik, qahatchilik va toʻkinchilik keltirish, har bir moddani harakatga keltirish – uning vazifasidir. 4. Azroil alayhissalom. Insonlarning ruhini oluvchi – udir.
Bu toʻrttasi – barcha farishtalarning paygʻambarlaridir. Bu toʻrt farishtadan keyin afzal boʻlganlari toʻrt toifadir: Hamalai Arsh deb ataladigan farishtalar toʻrtta boʻlib, qiyomatda sakkizta boʻladilar; ilohiy huzurda boʻlgan farishtalarga Muqarrabin deyiladi; azob farishtalarining ulugʻlariga Karubiyon deyiladi; rahmat farishtalariga Ruhoniyon deyiladi. Bularning hammasi farishtalarning xavosi, yaʼni afzallaridir.
Ular paygʻambarlardan boshqa barcha insonlardan afzaldirlar. Musulmonlarning solihlari va valiylari farishtalarning avomidan afzalroq, ulugʻroqdir. Farishtalarning avomi esa musulmonlarning avomidan, yaʼni osiy va fosiqlardan afzaldir.
3. Kitoblarga ishonish
Va kutubihi: yaʼni «Allohu taolo nozil qilgan kitoblarga ishondim» demakdir. Allohu taolo bu kitoblarni baʼzi paygʻambarlarga Jabroil ismli farishta orqali vahiy qilib, yaʼni oʻqitib, baʼzilariga lavha ustiga yozilgan holda, baʼzilariga esa farishtasiz eshittirib nozil qildi. Ularning hammasi Allohu taoloning kalomidir. Ular azaliy va abadiydir. Maxluq emas. Ular farishtalarning yoki paygʻambarlarning oʻz soʻzlari emas. Allohu taolo nozil qilgan kitoblarning hammasi haqdir, toʻgʻridir. Bizga bildirilgan samoviy kitoblar yuz toʻrttadir. Ulardan oʻn sahifa Odam alayhissalomga, ellik sahifa Shis (Shit) alayhissalomga, oʻttiz sahifa Idris alayhissalomga, oʻn sahifa Ibrohim alayhissalomga nozil qilingani mashhur. Tavrot Muso alayhissalomga, Zabur Dovud alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga va Qurʼoni karim Muhammad alayhissalotu vassalomga nozil boʻlgan, tushirilgan. Qurʼoni karim barcha kitoblarni nasx qilgan, ularning hukmlarini bekor qilgan. Qurʼoni karimda qiyomatgacha hech qachon xato, unutilish, ziyoda va kamlik boʻlmaydi. Oʻtmishdagi va kelajakdagi barcha ilmlar Qurʼoni karimda bor. Shuning uchun u barcha kitoblardan afzal va qimmatlidir. Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) eng buyuk moʻjizalari – Qurʼoni karimdir. Barcha insonlar va jinlar bir joyga toʻplanib, Qurʼoni karimning eng qisqa surasi kabi bir soʻz aytish uchun hammasi urinsalar ham, ayta olmaydilar. Bugun barcha insonlarning Qurʼoni karimga tobe boʻlishlari lozim. Hozir hech bir mamlakatda haqiqiy Tavrot va Injil yoʻq. Buzilgan Injillar bor. Bu kitoblar keyinchalik tahrif qilingan, yaʼni insonlar tomonidan oʻzgartirilgan. Buzilmagan boʻlganida ham, ularning kuchi boʻlmas edi: ularning hammasi Allohu taolo tomonidan nasx qilingan.
Qurʼoni karim oyat-oyat nozil boʻlgan va 23 yilda tugallangan. Qurʼoni karim qiyomatgacha amaldadir. U kuchini yoʻqotishdan va insonlarning oʻzgartirishidan saqlangan. Qurʼoni karimda kamlik yoki ortiqchalik bor deb ishongan kishi Allohu taologa ishonmagan boʻladi. Oyati karimalarda shunday deyiladi, maʼnosi:
«Qurʼoni karimni Biz nozil qildik, albatta, uni yana Biz saqlaymiz» (Hijr surasi, 15:9).
«Qurʼoni karim – juda qimmatli, nihoyatda qudratli (tengsiz) kitobdir. Unga oldidan ham, ortidan ham botil kela olmaydi (hech bir tomondan, hech bir yoʻl bilan asli-asosi boʻlmagan hech narsa kira olmaydi. Chunki) u hakim (har bir soʻzida va ishida hikmat boʻlgan) va mahmud (har qanday maqtovga loyiq) boʻlgan Allohu taolo tomonidan nozil qilingandir» (Fussilat surasi, 41:41–42). Qurʼoni karim oʻtmishda boʻlgan va kelajakda boʻladigan koʻp yashirin narsalardan xabar beradi. Uni eshitganlar va oʻqiganlar uning lazzatiga toʻymaydilar. Charchasalar ham, zerikmaydilar. Uni oʻqish yoki tinglash gʻam-tashvishlarni ketkazishi son-sanoqsiz tajribalar bilan ayon boʻlgan. Uni eshitganlardan qalblariga dahshat va qoʻrquv tushganlar, hatto shu sababli oʻlganlar ham koʻrilgan. Islomning koʻplab ashaddiy dushmanlari Qurʼoni karimni tinglab, qalblari yumshagan va iymonga kelganlar.
Qurʼoni karim nozil boʻlganidan beri hech qanday oʻzgarishga uchramagan, bundan keyin ham uchramaydi. Qurʼoni karim – Allohning kalomidir. Bunday kitobni insonlar tuzishlari mumkin emas. Uning bir oyatiga oʻxshash soʻz aytish ham hech kimga nasib etmagan. Bugungacha kelgan barcha shoirlar, adiblar Qurʼoni karimning nazmi va maʼnosi oldida ojiz va hayron qolganlar. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) oxiratga rihlat qilganlaridan keyin u zotning birinchi xalifalari boʻlgan hazrati Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) Qurʼoni karimning oyatlarini bir joyga toʻplatdi. Shunday qilib, bir Musʼhaf vujudga keldi. Sahobai kiromning hammasi bu musʼhafning Alloh kalomi ekanini bir ovozdan bildirdilar. Uchinchi xalifa Usmon (roziyallohu anhu) bu musʼhafdan yana oltita nusxa yozdirdi va ularni baʼzi viloyatlarga yubordi.
Qurʼoni karimni aslidagidek oʻqish lozim. Boshqa harflar bilan yozilganlariga Qurʼoni karim deyilmaydi. Musʼhafni qoʻlga olayotganda tahoratli boʻlish, qiblaga qarab oʻtirib, diqqat bilan, shoshilmasdan, xushuʼ bilan va musʼhafga qarab, har bir oyatning haqqini berib, tajvid qoidalariga muvofiq oʻqish lozim. Oʻqiyotganining Alloh kalomi ekanini oʻylash va Qurʼoni karimning amrlariga va taqiqlariga boʻysunish kerak.
4. Paygʻambarlarga ishonish
Va rusulihi: yaʼni «Allohu taoloning paygʻambarlariga ishondim» demakdir. Paygʻambarlar insonlarni Allohu taolo rozi boʻlgan yoʻlga yetkazish, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish uchun yuborilganlar. Ular yaratilish, xulq, ilm va aql jihatidan oʻz zamonlaridagi barcha insonlardan afzal, qimmatli, muhtaram zotlardir. Ularda hech qanday yomon xulq va yoqimsiz hollar yoʻq.
Paygʻambarlarda ismat sifati bor. Yaʼni ular paygʻambar ekanlari bildirilishidan oldin ham, bildirilganidan keyin ham kichik va katta hech bir gunoh qilmaydilar. Paygʻambar ekanlari bildirilganidan keyin, paygʻambarliklari yoyilguncha, anglanguncha ularda koʻrlik, karlik va shunga oʻxshash ayb va nuqsonlar ham boʻlmaydi. Yangi din keltirgan paygʻambarlarga rasul deyiladi. Yangi din keltirmasdan, insonlarni oldingi dinga daʼvat qilgan paygʻambarlarga nabiy deyiladi. Amrlarni yetkazishda va insonlarni Allohning diniga chaqirishda rasul bilan nabiy oʻrtasida hech qanday farq yoʻq. Paygʻambarlarga iymon keltirish – ular orasida hech bir farq koʻrmasdan, hammasining sodiq, rostgoʻy ekaniga ishonish demakdir. Ulardan biriga ishonmagan kishi hech biriga ishonmagan boʻladi.
Dushmanlarning koʻpligiga, ishonmaganlarning masxara qilishlariga, ozor berishlariga qaramay, paygʻambarlar Allohu taoloning amrlarini insonlarga yetkazdilar, bildirdilar, dushmanlardan qoʻrqmadilar. Allohu taolo paygʻambarlarning sidq sohibi ekanliklarini, rost soʻzlaganliklarini koʻrsatish uchun ularni moʻjizalar bilan quvvatladi. Hech kim bu moʻjizalarga qarshi tura olmadi. Paygʻambarni qabul qilib, unga ishongan kishiga oʻsha paygʻambarning ummati deyiladi. Qiyomat kuni paygʻambarlarga ummatlaridan gunohi koʻp boʻlganlarga shafoat qilishlari uchun izn beriladi va shafoatlari qabul boʻladi. Allohu taolo ularning ummatlaridan olim, solih, valiy boʻlganlariga ham shafoat qilishlari uchun izn beradi va shafoatlarini qabul qiladi.
«Qurʼonni Biz nozil qildik, albatta, uni yana Biz saqlaymiz» Hijr: 9
Paygʻambarlar (alayhimussalavotu vattaslimot) qabrlarida biz bilmaydigan bir hayot bilan tirikdirlar. Ularning muborak badanlarini tuproq chiritmaydi. Shuning uchun hadisi sharifda: «Paygʻambarlar qabrlarida namoz oʻqiydilar», – deyildi. Paygʻambarlarning (alayhimussalom) muborak koʻzlari uxlaganda, qalb koʻzlari uxlamaydi. Paygʻambarlik vazifalarini ado etishda, paygʻambarlik fazilatlarini oʻzlarida jamlashda barcha paygʻambarlar tengdirlar. Paygʻambarlar (alayhimussalavotu vattaslimot) insonlardan boʻladi. Insonlarga jinlardan, farishtalardan va ayollardan paygʻambar boʻlmaydi. Jin ham, farishta ham paygʻambarlar darajasiga koʻtarila olmaydi. Paygʻambarlarning bir-birlari orasida afzalliklari bor. Masalan, ummatlarining koʻp boʻlishi, yuborilgan yurtlarining katta boʻlishi, ilm va maʼrifatlarining koʻp joylarga yoyilishi, moʻjizalarining koʻproq va doimiy boʻlishi va oʻzlariga xos alohida qadr-qimmatlar va ehsonlar berilgani kabi afzalliklar jihatidan oxir zamon Paygʻambari Muhammad alayhissalom barcha paygʻambarlardan afzaldirlar. Ulul azm paygʻambarlar bunday boʻlmaganlardan, rasullar esa rasul boʻlmagan nabiylardan afzaldirlar. Odam alayhissalom Allohu taoloning ehsoni bilan tanlanib yaratilgan pok zot maʼnosida Safiyullohdirlar. Nuh alayhissalom doimo Allohu taolo bilan mashgʻul boʻlgan, ilohiy fayzlarga erishgan zot maʼnosida Najiyullohdirlar. Ibrohim alayhissalom Xalilullohdirlar, chunki u kishining qalbida Alloh muhabbatidan boshqa hech bir maxluqning muhabbati yoʻq edi. Muso alayhissalom Kalimullohdirlar, chunki Allohu taolo bilan soʻzlashganlar. Iso alayhissalom Ruhulloh va Kalimatullohdirlar, chunki u kishining otalari yoʻq: faqat «Boʻl!» degan ilohiy kalima bilan onalaridan dunyoga kelganlar. Bundan tashqari, u kishi Allohu taoloning hikmatga toʻla kalimalarini vaʼz aytib, insonlarning quloqlariga yetkazar edilar.
Maxluqlarning yaratilishiga sabab boʻlgan va Odam bolalarining eng afzali, eng sharaflisi, eng qimmatlisi boʻlgan Muhammad alayhissalom Habibullohdirlar. U zotning Habibulloh ekanliklarini, buyukliklari va afzalliklarini koʻrsatadigan narsalar juda koʻp. Shuning uchun u zot haqida «magʻlub boʻldi», «yengildi» kabi soʻzlar aytilmaydi. Qiyomatda u zot hammadan oldin qabrdan turadilar.
U zot mahshar maydoniga birinchi boʻlib boradilar. Jannatga hammadan oldin kiradilar. U zotning goʻzal axloqlari sanab ado qilinmaydi, ularni bayon etishga insonning kuchi yetmaydi.
Qiyomat kuni barcha paygʻambarlar u zotning bayroqlari ostida soya topadilar. Allohu taolo har bir paygʻambarga shunday amr qildi: «Maxluqlarim ichidan Men tanlab sevgan Habibim Muhammad alayhissalomning paygʻambar boʻladigan zamoniga yetsangizlar, unga iymon keltiringlar va yordam beringlar!» Barcha paygʻambarlar ham oʻz ummatlariga shunday vasiyat va amr qildilar. Muhammad alayhissalom «Xotamul anbiyo»dirlar, yaʼni u zotdan keyin hech bir paygʻambar kelmaydi.
Paygʻambarlardagi sifatlar
Paygʻambarlarda (alayhimussalom) yetti sifat borligiga ishonish lozim:
1. Ismat: gunoh qilmaslik. Paygʻambarlar biror dinda harom boʻlgan va harom boʻladigan kichik va katta hech bir gunohni qilmaydilar.
«Paygʻambarlar qabrlarida namoz oʻqiydilar» Hadisi sharif
2. Omonat: Paygʻambarlar har jihatdan ishonchli zotlardir. Ular aslo omonatga xiyonat qilmaydilar.
3. Sidq: Paygʻambarlar soʻzlarida, ishlarida va har turli xatti-harakatlarida toʻgʻri va rostgoʻy insonlardir. Ular aslo yolgʻon gapirmaydilar.
4. Fatonat: Paygʻambarlar oʻta aqlli va oʻta ziyrak zotlardir. Koʻrlik, karlik kabi nuqsonlari boʻlgan kishilardan va ayollardan paygʻambar kelmagan. 5. Tabligʻ: Paygʻambarlar insonlarga bildirib, tushuntirgan narsalarining hammasini Allohu taolodan kelgan vahiy bilan oʻrganganlar. Ular bildirgan amr va taqiqlarning hech biri oʻzlarining fikri emas. Ular oʻzlariga buyurilgan narsalarning hammasini bildirganlar. 6. Adolat: Paygʻambarlar aslo zulm va nohaqlik qilmaydilar. Hech kimning koʻngli uchun adolatdan chetga chiqmaydilar. 7. Amnul azl: Ular paygʻambarlikdan chetlatilmaydilar. Dunyoda ham, oxiratda ham hamisha paygʻambardirlar.
Paygʻambarlarning soni maʼlum emas. Ularning yuz yigirma toʻrt mingdan koʻp ekani mashhur. Ulardan uch yuz oʻn uchtasi rasuldir. Har ikki rasul orasida oʻrtacha ming yil bor. Rasullar ichidan oltitasi yanada yuksakdir. Ularga Ulul azm paygʻambarlar deyiladi. Ular – Odam, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad Mustafo alayhimussalom. Oʻttiz uch paygʻambarning ismlari mashhurdir. Ular – Odam, Idris, Shis, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Lut, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub, Yusuf, Ayyub, Shuʼayb, Muso, Horun, Xizr, Yushaʼ ibn Nun, Ilyos, Al-Yasaʼ, Zulkifl, Shamʼun, Ishmoil, Yunus ibn Matto, Dovud, Sulaymon, Luqmon, Zakariyo, Yahyo, Uzayr, Iso ibn Maryam, Zulqarnayn va Muhammad (alayhi va alayhimussalotu vassalom).
Ulardan faqat yigirma sakkiztasining ismi Qurʼoni karimda bildirilgan. Zulqarnayn, Luqmon, Uzayr va Xizrning paygʻambar boʻlgan-boʻlmaganlari haqida ixtilof bor. Muhammad Maʼsum hazratlari 2-jild, 36-maktubda Xizr alayhissalomning paygʻambar ekanini bildirgan xabar kuchli ekanini yozadilar. 182-maktubda esa Xizr alayhissalomning inson shaklida koʻrinishi va baʼzi ishlarni qilishi uning hayotda ekanini koʻrsatmasligini aytadilar: Allohu taolo uning va koʻplab paygʻambarlarning va valiylarning ruhlari inson shaklida koʻrinishiga izn bergan. Ularni koʻrish ularning hayotda ekanliklarini koʻrsatmaydi.
5. Oxiratga ishonish
Val yavmil oxiri: yaʼni «Oxirat kuniga ishondim» demakdir. Bu zamonning boshlanishi – insonning oʻlgan kunidir, u qiyomatning oxirigacha davom etadi. Unga «oxirgi kun» deyilishi – ortidan kecha kelmagani uchundir. Yoxud dunyodan keyin kelgani uchundir. Qiyomatning qachon qoyim boʻlishi bildirilmadi. Lekin Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) uning koʻplab alomatlarini xabar berdilar:
Din ilmlari unutiladi. Fisq, yomonlik koʻpayadi.
Dinsiz, axloqsiz, nomussiz kishilar amir boʻladi. Allohu taoloning amrlari bajartirilmaydi. Haromlar har joyda qilinadi. Hazrati Mahdiy keladi. Iso alayhissalom osmondan Shomga tushadilar. Dajjol chiqadi. Yaʼjuj va Maʼjuj deb ataladigan qavmlar har joyni bir-biriga qorishtirib yuboradi. Quyosh gʻarbdan chiqadi. Katta zilzilalar boʻladi. Yamandan olov chiqadi. Osmonlar va togʻlar parchalanadi. Quyosh va Oy qorayadi. Dengizlar bir-biriga qoʻshilib ketadi, qaynab quriydi…2
Gunoh ishlarni qiladigan musulmonlarga fosiq deyiladi. Fosiqlarga va barcha kofirlarga qabrda azob bor. Bunga albatta ishonish lozim.
Qabr savoli bordir. Mayyit qabrga qoʻyilgach, nomaʼlum bir hayot bilan tiriladi, rohatda boʻladi yoki azob koʻradi. Munkar va Nakir ismli ikki farishtaning nomaʼlum, qoʻrqinchli inson shaklida qabrga kelib, savol soʻrashlarini hadisi shariflar ochiq bildirmoqda.3
Qabr savoli baʼzi olimlarga koʻra aqidalarning baʼzilaridan, baʼzilariga koʻra esa barcha aqidalardan boʻladi. Shuning uchun bolalarga quyidagi savol va javoblarni yodlatish lozim:
«Rabbing kim? Paygʻambaring kim? Dining qaysi din? Kitobing nima? Qiblang qayer? Eʼtiqodda va amalda mazhabing qaysi?»
«Rabbim – Allohu taolo, Paygʻambarim – Muhammad alayhissalom, dinim – Islom, kitobim – Qurʼoni karim, qiblam – Kaʼbai sharif, eʼtiqodda mazhabim – Ahli sunnat val jamoat, amalda mazhabim – imomi aʼzam Abu Hanifa mazhabidir. Moʻminman, musulmonman, alhamdulillah».
Ahli sunnatdan boʻlmagan kishining toʻgʻri javob bera olmasligi «Tazkirai Qurtubiy»da yozilgan. Goʻzal javob berganlarning qabri kengayadi, ularga jannatdan bir deraza ochiladi. Ertalab va kechqurun ular jannatdagi joylarini koʻradilar, farishtalar ularga yaxshiliklar qiladilar, xushxabarlar beradilar. Agar mayyit yaxshi [toʻgʻri] javob bera olmasa, uni temir gurzilar bilan shunday uradilarki, uning faryodini inson va jindan boshqa har bir maxluq eshitadi. Qabr shu qadar torayib, suyaklarini bir-biriga kirgizib yuborgudek siqadi. Jahannamdan bir teshik ochiladi. U ertalab va kechqurun jahannamdagi joyini koʻrib, qabrda mahshargacha achchiq azoblar chekadi.
Oʻlgandan keyin yana tirilishga ishonish lozim. Suyaklar, etlar chirib, tuproq va gaz boʻlgandan keyin hammasi yana bir joyga toʻplanadi, ruhlar badanlariga kiradi va har kim qabrdan turadi. Shuning uchun bu vaqtga Qiyomat kuni deyiladi. Barcha jonzotlar mahshar maydonida toʻplanadi.
Har bir insonning amal daftarlari uchib egasiga keladi. Bularni yerlarni, osmonlarni, zarralarni, yulduzlarni yaratgan, cheksiz qudrat sohibi boʻlgan Allohu taolo qiladi. Bularning boʻlishini Allohu taoloning Rasuli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) xabar berganlar. U zotning aytganlari, albatta, toʻgʻridir. Albatta, hammasi boʻladi.
Solihlarning, yaxshilarning daftari oʻng tomonidan, fosiqlarning, yomonlarning daftari esa orqa yoki chap tomonidan beriladi. Yaxshi va yomon, katta va kichik, yashirin va oshkora qilingan har bir ish daftarda boʻladi. Kiroman kotibin farishtalari bilmagan ishlar ham aʼzolarning xabar berishi bilan, Allohu taoloning bildirishi bilan yuzaga chiqariladi, har bir narsadan savol soʻraladi va hisob olinadi. Mahsharda Allohu taolo xohlagan har bir yashirin narsa yuzaga chiqadi. Farishtalardan: «Yerlarda, osmonlarda nimalar qildingizlar?» – deb, paygʻambarlardan: «Allohu taoloning hukmlarini bandalarga qanday bildirdingizlar?» – deb, hammadan esa: «Paygʻambarlarga qanday ergashdingizlar? Sizlarga bildirilgan vazifalarni qanday bajardingizlar? Bir-biringiz orasidagi haqlarga qanday rioya qildingizlar?» – deb soʻraladi. Mahsharda iymoni boʻlib, amali va axloqi goʻzal boʻlganlarga mukofotlar va ehsonlar boʻladi, yomon xulqli, buzuq amalli boʻlganlarga esa ogʻir jazolar beriladi.
«Menga aytilgan salavot Sirot koʻprigi ustida sizlarga nur boʻladi» Hadisi sharif
Allohu taolo Oʻz adolati bilan baʼzi kichik gunohlar uchun ham azob beradi, xohlagan moʻminlarining katta va kichik barcha gunohlarini esa Oʻz fazli, ehsoni bilan kechiradi. Shirkdan va kufrdan boshqa har bir gunohni xohlasa kechiradi, xohlasa kichik gunoh uchun ham azoblaydi. U mushrik va kofir boʻlib oʻlgan kishini hech qachon kechirmasligini bildirmoqda. Kitobli va kitobsiz kofirlar, yaʼni Muhammad alayhissalomning barcha insonlarga paygʻambar ekanliklariga ishonmagan, u zot bildirgan ahkomdan, yaʼni amr va taqiqlardan birortasini boʻlsa ham yoqtirmagan kishilar shu holda oʻlsalar, albatta, jahannamga kiritiladilar va abadiy azob chekadilar.
Qiyomat kuni amallarni, ishlarni oʻlchash uchun biz bilmagan bir Mezon – bir oʻlchov asbobi, bir tarozi bor. Yer va osmon uning bir pallasiga sigʻadi. Savob pallasi yorugʻ boʻlib, Arshning oʻngida, jannat tarafidadir. Gunoh pallasi esa Arshning chapida, jahannam tarafida, qorongʻilikdadir. Dunyoda qilingan ishlar, soʻzlar, fikrlar, qarashlar u yerda shakl olib, yaxshiliklar yorugʻ, yomonliklar qorongʻi va jirkanch koʻrinib, bu tarozida tortiladi. Bu tarozi dunyo tarozilariga oʻxshamaydi. Uning ogʻir tomoni yuqoriga koʻtariladi, yengil tomoni pastga tushadi, deyilgan. Olimlarning bir qismiga koʻra, turli tarozilar boʻladi.
Sirot koʻprigi bordir. Sirot koʻprigi Allohu taoloning amri bilan jahannamning ustiga quriladi. Har kimga bu koʻprikdan oʻtish amr qilinadi. U kuni barcha paygʻambarlar: «Yo Rabbim! Salomatlik ber!» – deb yolvoradilar. Jannatiy boʻlganlar koʻprikdan osongina oʻtib, jannatga boradilar. Ulardan baʼzilari yashin kabi, bir qismi shamol kabi, baʼzilari chopayotgan ot kabi oʻtadilar. Sirot koʻprigi qildan ingichka, qilichdan oʻtkirdir. Dunyoda Islomga ergashish ham shundaydir: Islomga toʻliq ergashishga urinish Sirot koʻprigidan oʻtish kabidir. Bu dunyoda nafs bilan kurashish mashaqqatiga chidaganlar u dunyoda Sirotdan oson va rohat oʻtadilar. Shuning uchun Allohu taolo Islom koʻrsatgan toʻgʻri yoʻlga «Siroti mustaqim» nomini berdi. Bu nom oʻxshashligi ham Islom yoʻlida boʻlish Sirot koʻprigidan oʻtish kabi ekanini koʻrsatadi. Jahannamiy boʻlganlar Sirotdan jahannamga quladilar. Sirot koʻprigiga ishonish farzdir, chunki Sirot koʻprigi nass bilan sobitdir. Qurʼoni karimda shunday deyiladi, maʼnosi: «Ularni jahannam Sirotiga olib borib, hibs qilinglar! Chunki ular masʼuldirlar. (Ularni hisob joyida toʻxtatinglar! Ular hisobga tortiladilar; ulardan eʼtiqodlari va qilgan ishlari haqida soʻraladi.)» (Soffot surasi, 37:23–24).
«Nuxbatul-laoliy» kitobida shunday deyiladi: Sirot jahannam ustidagi bir koʻprikdir. Oyati karimada shunday deyiladi, maʼnosi: «Ichingizda u yerdan oʻtmaydigan biror kishi yoʻqdir» (Maryam surasi, 19:71). Ahli sunnat olimlari «Sizlar u yerdan oʻtasizlar» oyati karimasini Sirot ustidan oʻtish deb tafsir qilganlar. [Birgivî Vasiyetnâmesi] Hadisi shariflarda shunday deyildi:
«Jahannam ustiga Sirot koʻprigi quriladi. Undan ummatim bilan birinchi boʻlib oʻtadigan paygʻambar – menman». [Buxoriy]
«Qiyomatda Sirot koʻprigining boshida turib, ummatimning oʻtishini kutaman. Allohu taolo: „Xohlaganingizni soʻrang, xohlaganlaringizga shafoat qiling, shafoatingiz qabul qilinadi“, – deydi. Ummatimga shafoat qilganimdan keyin ham yolvorishda davom etaman. Rabbim menga: „Ummatingizdan ixlos bilan bir marta «La ilaha illalloh» degan va iymon bilan oʻlgan har bir kishini jannatga kiriting“, – demaguncha joyimdan turmayman». [Imom Ahmad]
«Sirot koʻprigidan oʻtish har kimning nuriga bogʻliqdir. Baʼzilari koʻz ochib yumguncha, baʼzilari yashin kabi, baʼzilari yulduz uchgandek, baʼzilari chopayotgan ot kabi Sirotdan oʻtadilar. Nuri juda oz boʻlgan kishi esa yuztuban sudraladi. Qoʻllari va oyoqlari toyadi, yana yopishadi. Nihoyat, sudrala-sudrala qutuladi». [Tabaroniy] «Ahli baytimni va sahobalarimni koʻp sevgan kishining Sirot koʻprigidan oʻtayotganda oyogʻi toymaydi». [Daylamiy] «Hech bir bidʼat ahli Sirotdan oʻta olmaydi, jahannamga qulaydi». [Ibn Asokir]
«Koʻp kishilar Sirotdan oʻtganlarini bilmay, farishtalarga: „Sirot va jahannam qayerda qoldi, biz ulardan oʻtdikmi?“ – deydilar. Farishtalar esa shunday javob beradilar: „Sizlar jahannam ustidagi Sirotdan oʻtdingizlar; lekin jahannam oʻti sizlarning nuringizdan chekinib, berkilib qolgan edi“». [Jomiʼus-sagʻir]
«Sirot qildan ingichka, qilichdan oʻtkirdir. Farishtalar moʻminlarni qutqarishga urinadilar. Jabroil alayhissalom meni belimdan ushlaydi. Men esa: „Yo Rabbim, ummatimga salomatlik ber, ularni qutqar!“ – deb duo qilaman. U kuni oyogʻi toyib qulaydiganlar koʻp boʻladi». [Bayhaqiy]
Paygʻambarimizning ummatidan boʻlgan baʼzi kishilar qabrdan turgach, toʻgʻri jannatga boradilar. Farishtalar ulardan soʻraydilar: – Hisob berdingizlarmi? – Yoʻq, biz hech qanday hisob bermadik. – Sirot koʻprigidan oʻtdingizlarmi? – Yoʻq, biz hech qanday Sirot koʻrmadik. – Jahannamni koʻrdingizlarmi? – Yoʻq, jahannamni ham koʻrmadik. – Qanday amal qildingizlarki, hisob bermasdan, Sirotga uchramasdan toʻgʻri jannatga keldingizlar? – Bizning ikkita xislatimiz bor edi. Shu tufayli bu neʼmatga yetishdik. Allohdan uyalar edik, yolgʻiz qolganimizda ham gunoh qilmas edik. Yana Alloh bergan oz rizqqa rozi boʻlar edik.
«Jannatda hech kim koʻrmagan, eshitmagan va hatto xayoliga ham keltira olmagan neʼmatlar bor» Hadisi sharif
Farishtalar: «Bu neʼmatlar – sizlarning haqqingiz», – deydilar. [Ibn Hibbon] «Sirot koʻprigi» deyilganda, uni biz biladigan koʻpriklar kabi deb oʻylamaslik kerak! Masalan, biz: «Sinfdan sinfga oʻtish uchun imtihon koʻprigidan oʻtiladi», – deymiz. Holbuki imtihonning koʻprikka oʻxshash hech bir tomoni yoʻq. Sirot koʻprigi ham maʼlum koʻpriklarga ham, imtihon koʻprigiga ham aslo oʻxshamaydi.4
Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) xos boʻlgan Kavsar hovuzi bor. Uning kattaligi bir oylik yoʻldek. Suvi sutdan oqroq, hidi mushkdan xushboʻyroqdir. Atrofidagi qadahlar yulduzlardan ham koʻproqdir. Undan bir marta ichgan kishi, jahannamda boʻlsa ham, qayta chanqamaydi. Shafoat haqdir. Tavbasiz oʻlgan moʻminlarning kichik va katta gunohlari kechirilishi uchun paygʻambarlar, valiylar, solihlar, farishtalar va Allohu taolo izn bergan kishilar shafoat qiladilar va shafoatlari qabul qilinadi.
Jannat va jahannam hozir ham bordir. Jannat yetti qavat osmonlarning ustidadir. Jahannam hamma narsaning ostidadir. Sakkizta jannat, yettita jahannam bor. Jannat yer sharidan, quyoshdan va osmonlardan kattaroqdir. Jahannam ham quyoshdan kattadir. «Dunyo moʻmin uchun zindon kabidir». [Muslim] «Dunyo ona qorniga nisbatan jannat, jannatga nisbatan esa axlatxona kabidir». [Ma’rifetnâme] Axlatxonani jannat bilan qiyoslab boʻladimi? Ona qornidagi bola dunyoga kelib, turli voqealarga duch kelishini bila olmagani kabi, jannatga boradigan moʻmin ham u yerda erishadigan neʼmatlarini bila olmaydi.
Hadisi shariflarda shunday deyildi: «Jannatda hech kim koʻrmagan, eshitmagan va hatto xayoliga ham keltira olmagan neʼmatlar bor». [Muslim] «Jannat neʼmatlari bilan dunyodagilar orasida faqat nom oʻxshashligi bor». [Bayhaqiy]
Allohu taoloning cheksiz qudratiga ishongan kishi Uning bildirgan har bir narsasiga ishonishi lozim. Janobi Haq jannatda hech qanday mashaqqat boʻlmasligini, jannat ahliga istagan har bir neʼmati berilishini bildirmoqda.
Jannat neʼmatlari oldida dunyo neʼmatlari ularning soyasi, surati kabi ham emas. Daraxtning surati bilan daraxtning oʻzi bir narsa boʻlmagani kabi, jannat neʼmatlari oldida dunyodagilar ham shundaydir. Allohu taolo dunyoga xos neʼmatlarni yoʻqdan yaratgani kabi, oxiratda ham xayolga, tasavvurga kelmaydigan neʼmatlarni yoʻqdan yaratadi. Allohu taolo uchun qiyinchilik yoʻq. Jannatda gʻam-gʻussa, mashaqqat yoʻq. Bir necha oyati karimalarning maʼnosi: «Yaxshilik qilganlar uchun eng goʻzal mukofot va yana ziyodasi (Allohu taoloning jamolini mushohada qilish) bor. Ularning yuzlarini na qarolik (dogʻ), na xorlik qoplaydi. Ana oʻshalar jannat ahlidir. Ular u yerda abadiy qoladilar» (Yunus surasi, 10:26). «Iymon keltirib, solih amallar qilganlar uchun Firdavs jannati manzil boʻladi. Ular u yerda abadiy qoladilar va u yerdan chiqishni hech istamaydilar» (Kahf surasi, 18:107–108). «Jannatning qayeriga qarasangiz ham, moʻl neʼmat va ulugʻ mulk (saltanat, buyuk ehsonlar) koʻrasiz» (Inson surasi, 76:20).
Hadisi shariflarda yana shunday deyildi: «Allohu taolo: „Solih bandalarim uchun koʻzlar koʻrmagan, quloqlar eshitmagan va insonning xayoliga kelmagan narsalarni tayyorladim“, – dedi». [Buxoriy] «Jannatga kirgan kishi oʻlmaydi, abadiy yashaydi. Hamisha baxtli boʻladi, gʻamgin boʻlmaydi, noumid boʻlmaydi, kiyimi eskirmaydi va yoshligi ketmaydi». [Ibn Abu Dunyo] «Jannat ahli hech kasal boʻlmaydi va qarimaydi; hech gʻamgin boʻlmaydi va hamisha shod boʻladi». [Muslim] «Jannatga kirgan kishi: „Otga minay“, – desa, minadi; „Uchay“, – desa, uchadi». [Termiziy] «Jannatning eng quyi darajasidagi kishiga: „Nimani xohlasang, soʻra“, – deyiladi. U ham koʻnglidan nima oʻtsa, hammasini soʻraydi. Unga: „Har bir xohlaganingning ikki barobari senga beriladi“, – deyiladi». [Muslim] «Hamma 33 yoshda boʻladi». [Termiziy, Qurtubiy, Navaviy]
6. Qadarga ishonish
Val qadari xoyrihi va sharrihi minallohi taolo: yaʼni «Qadarga, xayr va sharrning Allohu taolodan ekaniga ishondim» demakdir. Insonlarga keladigan xayr va sharr, foyda va zarar, yutuq va ziyonning hammasi Allohu taoloning taqdir qilishi bilandir.
Allohu taoloning bir narsaning borligini xohlashiga «qadar» deyilgan. Qadarning, yaʼni borligi taqdir qilingan narsaning bor qilinishiga «qazo» deyiladi. Qadar va qazo kalimalari bir-birining oʻrnida ham ishlatiladi. Azaldan abadgacha boʻladigan narsalarni – ashyolarni, ularning xususiyatlarini, harakatlarini, voqealarni U azalda bilganiga muvofiq ravishda yaratmoqda. Insonlarning yaxshi va yomon barcha ishlarini, musulmon boʻlishlarini, kufrlarini, ixtiyoriy va ixtiyorsiz barcha ishlarini Allohu taolo yaratmoqda. Yaratuvchi, qiluvchi yolgʻiz Udir. Sabablar vujudga keltirgan har bir narsani yaratuvchi – Udir. U har bir narsani bir sabab bilan yaratmoqda. Paygʻambarlar ilm va fanning eng yuksak darajasida boʻlganlar, haqiqatlarni toʻliq koʻrganlar. Ular ham, oʻsha ulugʻlarning izidan borib, ilm dengizlaridan tomchilarga erishgan Islom olimlari ham bugun kuydiruvchi, bunyod etuvchi deb oʻylangan narsalar ojiz, bechora bir vosita va maxluq ekanini, haqiqiy Bunyod etuvchi, Yaratuvchi oʻrtaga qoʻygan sabablar ekanini bildirmoqdalar. Kuydiruvchi – Allohu taolodir.
U olovsiz ham kuydiradi. Lekin olov bilan kuydirish – Uning odatidir. Kuydirishni xohlamasa, olov ichida ham kuydirmaydi. U Ibrohim alayhissalomni olovda kuydirmadi: u kishini juda sevgani uchun odatini buzdi. Allohu taolo xohlaganida, har bir narsani sababsiz yaratar edi: olovsiz kuydirar, yedirmasdan toʻydirar edi. Lekin lutf qilib, bandalariga yaxshilik qilib, har bir narsani yaratishini bir sababga bogʻladi. Maʼlum narsalarni maʼlum sabablar bilan yaratishni xohladi. Ishlarini sabablar ostida yashirdi. Qudratini sabablar ostida saqladi. Uning bir narsani yaratishini istagan kishi oʻsha narsaning sababiga yopishadi va oʻsha narsaga erishadi. Chiroqni yoqmoqchi boʻlgan kishi gugurt ishlatadi. Zaytun yogʻi chiqarmoqchi boʻlgan kishi press ishlatadi. Boshi ogʻrigan kishi aspirin ichadi. Jannatga borib, abadiy neʼmatlarga erishmoqchi boʻlgan kishi Islomga ergashadi. Oʻziga toʻpponchadan oʻq uzgan, zahar ichgan kishi oʻladi. Terlagan holda suv ichgan kishi kasal boʻladi. Gunoh qilgan, kufrga tushgan kishi ham jahannamga ketadi. Har kim qaysi sababga murojaat qilsa, oʻsha sabab vosita qilingan narsaga erishadi. Musulmon kitoblarini oʻqigan kishi musulmonlikni oʻrganadi, uni sevadi, musulmon boʻladi. Dinsizlar orasida yashagan, ularning soʻzlarini tinglagan kishi din johili boʻladi. Din johillarining koʻpi iymonsiz boʻladi. Inson qayerga boradigan ulovga minsa, oʻsha yerga boradi. Allohu taolo ishlarini sabablar bilan yaratmaganida, hech kim hech kimga muhtoj boʻlmas edi. Har kim hamma narsani Allohu taolodan soʻrar, hech bir narsaga murojaat qilmas edi. Shunday boʻlganda, insonlar orasida boshliq va xizmatchi, ishchi va hunarmand, talaba va ustoz kabi koʻplab insoniy aloqalar qolmas, dunyo va oxiratning nizomi buzilar edi. Goʻzal bilan xunuk, yaxshi bilan yomon, itoatkor bilan osiy orasida farq qolmas edi.
«Nafsga yaxshilik va yomonlikni bergan Allohu taologa qasamki, nafsini poklagan, uni kufr va isyondan tozalagan kishi qutuldi. Nafsini ularda qoldirgan esa ziyon koʻrdi» Shams: 7–10
KOʻRAYLIK, MAVLO NE AYLAR
Haq sharrlarni xayr aylar,
Gumon etma, gʻayr aylar,
Orif ani sayr aylar,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Har bir ishi foyiqdir,
Bir-biriga loyiqdir,
Ne aylasa, muvofiqdir,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Sen Haqqa tavakkul qil,
Tafviz et-u rohat top,
Sabr ayla-yu rozi boʻl,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Dildan gʻamni dur ayla,
Rabbing ila huzur ayla,
Har ishni tafviz ayla,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Qalbing Unga band ayla,
Tadbiringni tark ayla,
Taqdirini dark ayla,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Adlni zulm deb sanama,
Taslim boʻl, oʻtda yonma,
Sabr et, zinhor tolma,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Xalloqu Rahim Uldir,
Razzoqu Karim Uldir,
Faʼʼolu Hakim Uldir,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Dema: «Bu nechun bunday?»
Bir necha vaqt u shunday,
Oxiriga boq, sabr ayla,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Bil Qoziyul hojotni,
Qil Unga munojotni,
Tark ayla murodotni,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Hech kimsaga xor boqma,
Ozor berma, dil yiqma,
Nafsing yonin hech olma,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Bir ishga yopishib olma,
Boʻldimi, oʻjarlik etma,
Haqdandir u, rad etma,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Nochor qoladigan yerda
Nogoh ochilgay parda,
Darmon berar ul dardga,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Haqdandir butun ishlar,
Bekordir gʻam-tashvishlar,
U Oʻz hikmatin ishlar,
Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…
Har dam Uni zikr ayla,
Ziyraklikni nari ayla,
Haqqa hayron boʻl, soʻyla:
«Koʻraylik, Mavlo ne aylar,
Ne aylasa, goʻzal aylar…»
İbrâhim Hakkı Erzurûmî
Allohu taolo bandalariga iroda bergan va ularning bu irodalarini, xohishlarini ishlarni yaratishiga sabab qilgan. Banda biror ishni qilishni xohlaganida, Allohu taolo ham xohlasa, oʻsha ishni yaratadi. Banda xohlamasa, Allohu taolo ham xohlamaydi va oʻsha narsani yaratmaydi.
Bandalarning ixtiyoriy harakatlari ikki narsadan vujudga keladi. Birinchisi – bandaning irodasi va qudrati bilandir. Shuning uchun bandaning harakatlariga, yaʼni niyat qilingan ishlarning aʼzolar tomonidan bajarilishiga «kasb qilish» deyiladi. Kasb – insonning sifatidir. Ikkinchisi – Allohu taoloning yaratishi, bor qilishi bilandir. Allohu taoloning amrlari, taqiqlari, savob berishi va azob berishi insonda kasb boʻlgani uchundir. Allohu taolo oʻtgan va keladigan har bir narsani Oʻzining azaliy ilmi bilan biladi. Masalan, U bir kofirning abadiy kofir boʻlib qolish-qolmasligini biladi. Boʻladigan narsalarning qanday boʻlishini biladi. Barcha hayvonlarning, oʻsimliklarning, jonsiz mavjudotlarning, qattiq jismlarning, suyuqliklarning, gazlarning, yulduzlarning, molekulalarning, atomlarning, elektronlarning, elektromagnit toʻlqinlarning, qisqasi, har bir mavjudotning harakati, fizik hodisalar, kimyoviy reaksiyalar, yadro reaksiyalari, energiya almashinuvi, jonlilardagi fiziologik faoliyat, har bir narsaning boʻlish-boʻlmasligi, bandalarning yaxshi va yomon ishlari, ularning dunyoda va oxiratda bularning jazosini koʻrishlari – hamma narsa azalda Allohu taoloning ilmida bor edi. U bularning hammasini azalda bilar edi. Taqvimlarga bir yil ichida quyoshning qachon chiqib, qachon botishi hisoblab yoziladi. Quyosh taqvimda koʻrsatilgan soatlarda chiqadi va botadi. Lekin quyosh taqvimga shunday yozilgani uchun maʼlum soatlarda chiqib-botmaydi. Taqvimga yozilishi quyoshning chiqishiga va botishiga taʼsir qilmaydi. Allohu taolo ham insonlarning boshiga nima kelishini bilgani uchun bularni Lavhul mahfuzga yozgan. Allohu taoloning baʼzi kishilarning nasibasiz boʻlishlarini bildirishi – ularning oʻz xohishlari bilan kufrda qolishni istaganlari va iymon keltirishni istamaganlari uchundir. Yoʻqsa, ularning kofir boʻlishi Allohu taolo xabar bergani uchun emas. Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Janobi Haq insonga xayrni va sharrni (yoki toat va gunohni) va bu ikkisining hollarini oʻrgatib, ulardan birini qila olishi uchun unga ixtiyor (tanlash haqqi, irodai juzʼiya) berdi. Nafsini poklagan (yomonliklardan tozalab, fazilatlar bilan toʻldirgan) kishi qutuldi. Nafsini gunohda, jaholatda, zalolatda qoldirgan kishi esa ziyon koʻrdi» (Shams surasi, 91:7–10). Inson irodai juzʼiyasini ishlatishda erkindir, majbur emas. Yaʼni irodai juzʼiya yaxshilikka ishlatilsa, Allohu taolo yaxshilik yaratadi, yomonlikka ishlatilsa, yomonlik yaratadi. Banda irodai juzʼiyasini ishlatadi, Allohu taolo esa yaratadi. [İrade-i cüziyye risalesi] Demak, yaxshilik istaganga U yaxshilik beradi, u nasibali boʻladi. Yomonlik istaganga yomonlik beradi, u esa nasibasiz boʻladi. Bu yerda hech qanday majburlash yoʻq. Yaʼni Allohu taolo majburlab gunoh qildirmaydi, majburlab jahannamga tashlamaydi. Natijada adolatga xilof biror narsa boʻlmaydi. Allohu taolo amrlarini bajargan va taqiqlaridan saqlangan bandalariga mukofot, aksini qilganlarga esa jazo berishini bildirgan.
