AHKOMI ISLOMIYA (AHKOMI SHARʼIYA)
Islom dini bildirgan amrlar va taqiqlarga «Ahkomi sharʼiya» yoki «Ahkomi islomiya» deyiladi. Bularga «Afʼoli mukallafin» ham deyiladi.
Mukallaf deb kimga aytiladi
Aqlli boʻlgan va balogʻat yoshiga kirgan erkak va ayollarga «mukallaf» deyiladi. Mukallaf boʻlgan kishilar Allohu taoloning amrlari va taqiqlari uchun masʼuldirlar. Dinimizda mukallaf boʻlgan kishiga avval iymon keltirish, soʻngra ibodat qilish amr etilgan. Bundan tashqari, ular qilinishi man etilgan haromlardan va makruh ishlardan ham saqlanishlari lozim. Aql – anglovchi bir quvvatdir. U foydalini zararlidan ajratish uchun yaratilgan. Balogʻat yoshi – jismoniy yetilish yoshi demakdir. Oʻgʻil bolalarning balogʻat yoshiga kirishlari oʻn ikki yoshni tugatganda boshlanadi. Oʻgʻil bolaning balogʻat yoshiga kirganini koʻrsatadigan alomatlar bor. Agar bu alomatlar koʻrinmasa [oʻgʻil bolada maniy kelmasa], oʻn besh yosh toʻlganda, dinda u balogʻat yoshiga kirgan deb hukm qilinadi. Qiz bolalarning balogʻatga yetishi esa toʻqqiz yoshni toʻldirganda boshlanadi. Toʻqqiz yoshdagi qiz bolaning balogʻatga yetganini koʻrsatadigan alomatlardan birortasi ham koʻrinmasa [qiz hayz koʻrmasa], oʻn besh yosh toʻlganda, u balogʻat yoshiga kirgan deb hukm qilinadi.
Afʼoli mukallafin
Afʼoli mukallafin (mukallaflarning ishlari) sakkiztadir: farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom, makruh va mufsid. 1. FARZ: Allohu taolo oyati karima bilan ochiq va qatʼiy ravishda qilinishini amr etgan narsalarga farz deyiladi. Farzlarni tark etish haromdir. Ularga ishonmagan va ularni bajarishga ahamiyat bermagan kishi kofir boʻladi.
Iymon keltirish, tahorat olish, gʻusl qilish (yaʼni butun badanni yuvish), besh vaqt namoz oʻqish, Ramazon oyida roʻza tutish, boy boʻlganda zakot berish va hajga borish kabi ishlar farzdir.
2. VOJIB: Qilinishi farz kabi qatʼiy boʻlgan amrlarga vojib deyiladi. Masalan, vitr namozini va hayit namozlarini oʻqish, boy boʻlganda qurbonlik soʻyish, fitr sadaqasi (sadaqai fitr) berish. Vojibning hukmi farz kabidir.
3. SUNNAT: Allohu taolo ochiq bildirmagan, faqat Paygʻambarimiz qilinishini maqtagan yoki oʻzlari doim qilib yurgan yoxud qilinayotganini koʻrib, man etmagan narsalarga «sunnat» deyiladi. Sunnatni yoqtirmaslik kufrdir. Uni yoqtirib, lekin qilmagan kishiga azob boʻlmaydi. Ammo uni uzrsiz va doim tark etgan kishi itobga, tanbehga va uning savobidan mahrum qolishga loyiq boʻladi. Masalan, azon aytish, iqomat aytish, jamoat bilan namoz oʻqish, namozning sunnatlari, sunnat namozlar, tahorat olayotganda misvok ishlatish, uylangan kechasi odamlarga taom berish va oʻgʻlini sunnat qildirish kabi. 4. MUSTAHAB: Bunga mandub, odob ham deyiladi. U sunnati gʻayri muakkada hukmidadir. Bular Paygʻambarimiz umrlarida bir-ikki marta boʻlsa ham qilgan, yaxshi koʻrgan va yoqtirgan ishlardir. Yangi tugʻilgan bolaga yettinchi kuni ism qoʻyish, oʻgʻil va qiz bola uchun aqiqa hayvoni soʻyish, chiroyli kiyinish, xushboʻy narsa surtish kabi. Bularni qilgan kishiga koʻp savob beriladi. Qilmaganga azob boʻlmaydi.
5. MUBOH: Qilinishi amr ham etilmagan, man ham qilinmagan narsalarga muboh deyiladi. Uni yaxshi niyat bilan qilishda savob, yomon niyat bilan qilishda azob bor. Uxlash, halolidan turli taomlar yeyish, halol boʻlish sharti bilan turli kiyimlar kiyish kabi ishlar mubohdir. Bular Islomga ergashish, amrlarga mahkam yopishish niyati bilan qilinsa, savob boʻladi. Sogʻlom boʻlib, ibodat qilishni niyat qilgan holda yeyish-ichish ham shundaydir.
«Ilm oʻrganinglar! Ilm oʻrganish – ibodatdir. Ilm oʻrgatganga va oʻrganganga jihod savobi bor» Hadisi sharif
6. HAROM: Bular Allohu taolo Qurʼoni karimda «Qilmanglar!» deb ochiq man etgan narsalardir. Haromlarni qilish va ishlatish qatʼiyan man etilgan. Haromga halol, halolga harom degan kishining iymoni ketadi, u kofir boʻladi. Harom narsalarni tark etish, ulardan saqlanish farzdir. Odam oʻldirish, zino, livota qilish, qimor oʻynash, sharob va har turli spirtli ichimliklarni ichish, yolgʻon gapirish, oʻgʻrilik qilish, choʻchqa goʻshti, qon va oʻlaksa yeyish, ayollarning va qizlarning boshlari, qoʻllari, oyoqlari ochiq holda koʻchaga chiqishlari haromdir va bular katta gunohlardir. Bir kishi bu gunohlarni qilayotganda bismillah aytsa yoki ularni halol deb eʼtiqod qilsa, yoxud Allohu taoloning ularni harom qilganiga ahamiyat bermasa, kofir boʻladi. Ularning harom ekaniga ishonib, qoʻrqa-qoʻrqa qilsa, kofir boʻlmaydi. Lekin jahannam azobiga loyiq boʻladi. Agar bu gunohni qilishda davom etib, tavbasiz oʻlsa, bu uning iymonsiz ketishiga sabab boʻladi. 7. MAKRUH: Allohu taolo va Muhammad alayhissalom yoqtirmagan va ibodatlarning savobini ketkazadigan narsalarga makruh deyiladi. Makruh ikki xil boʻladi: Tahriman makruh: bu – vojibni tark etishdir; haromga yaqin boʻlgan makruhlardir. Ularni qilish azobni taqozo etadi. Masalan, quyosh chiqayotganda, ayni tikkaga kelganda va botayotganda namoz oʻqish. Tanzihan makruh: bu – mubohga, yaʼni halol ishlarga yaqin boʻlgan yoki qilinmasligi qilinishidan yaxshiroq boʻlgan ishlardir. Masalan, gʻayri muakkada sunnatlarni yoki mustahablarni qilmaslik.
8. MUFSID: Dinimizda mufsid – mashruʼ (shariatga muvofiq) bir ishni yoki boshlangan bir ibodatni buzadigan narsalardir: masalan, iymonni va namozni, nikohni va hajni, zakotni, oldi-sotdini buzadigan narsalar. Chunonchi, Allohni va Kitobni soʻkish kufrdir, u iymonni buzadi. Namozda kulish tahoratni ham, namozni ham buzadi. Roʻzador bilib turib yeb-ichsa, roʻzasi buziladi. Farzlarni, vojiblarni va sunnatlarni bajargan, haromdan va makruhdan saqlangan kishiga ajr, yaʼni savob beriladi. Haromlarni, makruhlarni qilgan va farzlarni, vojiblarni bajarmagan kishiga gunoh yoziladi. Bir haromdan saqlanishning savobi bir farzni bajarish savobidan bir necha barobar koʻpdir. Bir farzning savobi bir makruhdan saqlanish savobidan koʻpdir. Makruhdan saqlanish savobi esa sunnat savobidan koʻpdir.
Ibodat nima?
Ibodat – bizni va butun mavjudotni yoʻqdan bor qilgan, har lahza borliqda tutib turgan, koʻringan va koʻrinmagan ofatlardan, balolardan asragan va har lahza turli neʼmatlar, yaxshiliklar berib parvarish qilayotgan Allohu taoloning amrlarini va taqiqlarini bajo keltirishdir. Insonning oʻziga son-sanoqsiz neʼmatlar yuborgan Allohu taologa kuchi yetganicha shukr qilishi – insoniylik vazifasidir. Bu – aql buyurgan bir vazifa, bir qarzdir. Lekin insonlar oʻzlarining nuqsonli aqllari, qisqa qarashlari bilan Allohu taologa nisbatan shukr, hurmat boʻla oladigan narsalarni topa olmaydilar. Shukr qilishga, hurmat koʻrsatishga yaraydigan vazifalar Allohu taolo tomonidan bildirilmasa, maqtash deb oʻylangan narsalar yomonlash boʻlib chiqishi mumkin.
Mana, insonlarning Allohu taologa nisbatan qalb, til va badan bilan bajarishlari va ishonishlari lozim boʻlgan shukr qarzi, bandalik vazifalari Allohu taolo tomonidan bildirilgan va Uning sevimli Paygʻambari tomonidan bizga yetkazilgan. Demak, aqli bor kishilar Allohu taologa shukr qilish, ibodat qilish uchun Muhammad alayhissalomga ergashishlari lozim. Muhammad alayhissalomga ergashgan kishi musulmondir. Allohu taologa shukr qilishga, yaʼni Muhammad alayhissalomga ergashishga «ibodat qilish» deyiladi.
Islomning boʻlimlari
Islom ikki boʻlimdan iborat: A. Qalb bilan eʼtiqod qilinishi, ishonilishi lozim boʻlgan shartlar. B. Badan va qalb bilan bajariladigan ibodatlar.
Qalb bilan eʼtiqod qilinishi, ishonilishi lozim boʻlgan shartlar
Iymon – Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) Allohu taoloning paygʻambari ekanliklarini va Uning tomonidan tanlangan, xabar beruvchi nabiy ekanliklarini toʻgʻri deb bilish, ishonib aytish; u zotning Allohu taolo tomonidan qisqacha bildirganlariga qisqacha, keng bildirganlariga batafsil ishonish va kuchi yetganicha kalimai shahodatni til bilan ham aytishdir. Quvvatli iymon shundaydir: kishi olovning kuydirishiga, ilonning zaharlab oʻldirishiga shubhasiz ishongani kabi, chin koʻngildan Allohu taoloni va Uning sifatlarini ulugʻ bilib, Uning rizosiga va jamoliga intilishi, gʻazabidan, jalolatidan qochishi va iymonni marmar ustiga oʻyib yozilgan yozuv kabi mustahkam qilib koʻngliga joylashtirishi lozim.
Albatta ishonishimiz lozim boʻlgan iymonning olti sharti bor.
Ular quyidagilardir:
1. Allohu taoloning borligiga va birligiga ishonish. 2. Uning farishtalariga ishonish.
3. Uning kitoblariga ishonish. 4. Uning paygʻambarlariga ishonish. 5. Oxirat kuniga ishonish. 6. Qadarga, yaʼni xayr va sharrning (yaxshilik va yomonlikning) Allohu taolodan ekaniga ishonish.
Badan va qalb bilan bajariladigan ibodatlar
Har bir musulmonning albatta ibodat sifatida bajarishi lozim boʻlgan vazifalari bor. Bu vazifalarga Islomning shartlari deyiladi va ular beshta: 1. Kalimai shahodat keltirish.
2. Har kuni besh marta, vaqti kirgach, namoz oʻqish. 3. Molning zakotini berish. 4. Ramazon oyida har kuni roʻza tutish.
5. Kuchi yetgan kishining umrida bir marta haj qilishi.
«Bilib qilingan oz ibodat bilmasdan qilingan koʻp ibodatdan yaxshiroqdir» Hadisi sharif
Seni sevgan oshiqlarning
Koʻzi oʻzgaga boqmas ekan,
Seni maqsad etganlar
Dunyo-oxiratni eslamas ekan.
Koʻnglin Senga berganlarning,
Ilmi Senga yetganlarning,
Koʻzi Seni koʻrganlarning
Tolelari soʻnmas ekan.
Oʻlmas ekan oshiq joni,
Hech chirimas ekan tani,
Ishq kimni qilsa foniy,
Unga zavol yetmas ekan.
Amringga bosh egganlarning,
Visolingga yetganlarning,
Bulbul kabi sayraganlarning
Tilin hech kim bilmas ekan.
Ishqing ila tanishganlar,
Sen uchun oʻzaro sevishganlar,
Xilvatingga erishganlar
Oʻlimdan hech qoʻrqmas ekan.
Aqling boʻlsa, ey birodar,
Haqni sevmoq boʻlsin ishing,
Ishq taʼmini totmaganning
Qalbi toza boʻlmas ekan.
