Sevimli Paygʻambarim

AHLI SUNNAT EʼTIQODI

Musulmon boʻlishning birinchi sharti – iymon keltirishdir. Toʻgʻri iymon esa Ahli sunnat eʼtiqodiga muvofiq ishonishga bogʻliqdir. Aqlli va balogʻatga yetgan erkak va ayolning birinchi vazifasi – Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) ishonganlari va bildirganlaridek iymon keltirishdir. Paygʻambarimiz yagona iymonni bildirdilar. Sahobai kiromning hammasi u zot bildirganlaridek ishondi, ularning eʼtiqodda (ishonchda) hech qanday ixtilofi boʻlmadi. Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin insonlar Islomni sahobai kiromdan eshitib va soʻrab oʻrgandilar. Ularning barchasi bir xil iymonni bildirdilar. Ahli sunnat olimlari kitoblarida yozgan iymon ilmlarini oʻrganish va ularga muvofiq ishonish lozimdir. Qiyomatda jahannam azobidan qutulish ular bildirganlariga ishonishga bogʻliq. Jahannamdan qutuladiganlar faqat ularning yoʻlidan borganlardir. Ularning yoʻlidan borganlarga (Sunniy) yoki (Ahli sunnat) deyiladi.

Bir hadisi sharifda: «Mening ummatim yetmish uch firqaga boʻlinadi. Ulardan faqat bir firqa jahannam azobidan qutuladi, qolganlari esa halok boʻladi, jahannamga kiradi», – deyildi. Bu yetmish uch firqaning har biri Islomga ergashganini daʼvo qiladi va jahannamdan qutulishi bildirilgan firqa oʻz firqasi ekanini aytadi. Moʻminun surasining ellik uchinchi va Rum surasining oʻttiz ikkinchi oyati karimalarida, maʼnosi: «Har bir firqa toʻgʻri yoʻlda ekanini oʻylab, quvonmoqda», – deyildi. Holbuki, bu turli firqalar orasida qutuluvchi boʻlgan firqaning alomatini, belgisini Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday bildiradilar: «Bu firqada boʻlganlar – mening va sahobalarimning borgan yoʻlida boʻlganlardir». Sahobai kiromdan bittasini boʻlsa ham sevmagan kishi Ahli sunnatdan ajralgan boʻladi. Ahli sunnat eʼtiqodida boʻlmagan kishi esa kofir yoki Ahli bidʼat, yaʼni adashgan boʻladi.

Iymonda, eʼtiqodda yagona mazhab bor.

Iymonda, eʼtiqodda haq boʻlgan yagona firqa, yaʼni yagona mazhab bor. Bu mazhab – Ahli sunnat val jamoat mazhabidir. Chunki Islom barcha insonlarga faqat bitta iymonni va bitta eʼtiqodni buyuradi.

Iymon keltiriladigan narsalarda ixtilof boʻlmaydi.

Bu iymonning asoslarini va qanday eʼtiqod qilish kerakligini Paygʻambarimiz alayhissalom shaxsan oʻzlari tabligʻ qildilar. Insonlarga ularni va har narsani yaratgan Allohu taoloni xabar bergan Paygʻambarimiz Allohu taologa, Uning yaratganlariga va Uning amr va nahiylariga iymon qanday boʻlishi kerakligini ham bildirdilar. Iymon keltiriladigan narsalarda sahobai kiromning hammasiga ergashish lozim. Chunki eʼtiqod qilinadigan narsalarda ular orasida hech qanday ixtilof yoʻq. Iymonning asl sharti – Allohu taologa va U sevganlarga muhabbat qilish, ular bilan doʻst boʻlish, Uning dushmanlariga esa dushman boʻlishdir. Bu haqda Muhammad Maʼsum hazratlari shunday deydilar: «Allohu taolo: „Yo Muso! Men uchun qanday amal qilding?“ – dedi. U kishi:

„Yo Rabbim! Sen uchun namoz oʻqidim, roʻza tutdim, zakot berdim va Seni zikr qildim“, – deganlarida, Allohu taolo: „Namoz – sen uchun burhon. Roʻza – seni jahannamdan saqlaydigan qalqon. Zakot mahshar kuni, hamma issiqdan yonayotganda, senga soya boʻladi. Zikr ham u kuni qorongʻilikda senga nur boʻladi. Men uchun nima qilding?“ – dedi. Hazrati Muso: „Yo Rabbim! Sen uchun boʻlgan amal qaysi?“ – deb soʻradilar. Allohu taolo: „Men sevganni Men uchun sevdingmi va Mening dushmanimni dushman bildingmi?“ – dedi.

«Mening ummatim yetmish uch firqaga boʻlinadi. Ulardan faqat bir firqa jahannam azobidan qutuladi, qolganlari esa halok boʻladi, jahannamga kiradi» Hadisi sharif

Hazrati Muso Allohu taolo sevgan amal Uning doʻstlarini sevish va dushmanlarini sevmaslik ekanini angladilar. Demak, suyuklining sevganlarini sevish va uning dushmanlariga dushman boʻlish – muhabbatning alomatidir. Mumtahana surasining 4-oyati – maʼnosi: „Ibrohim va uning safdoshlari kofirlarga: Biz sizlardan ham, butlaringizdan ham uzoqmiz; sizlar yagona Allohga iymon keltirmaguningizcha, oramizda dushmanlik davom etadi, – dedilar. Ularning bu goʻzal hollari sizlarga namuna boʻlishi lozim“ – shuni koʻrsatadiki, iymon egasi boʻlish uchun bu dushmanlik shartdir, Allohning dushmanlarini sevish esa iymonni yoʻq qiladi. Rasulullohning suhbatlariga yetishish bilan sharaflangan sahobai kirom bir-birlarini juda sevar edilar. Ular bir-birlariga emas, kofirlarga dushman edilar. Fath surasining 29-oyati, maʼnosi: „Kofirlarga dushman, bir-birlariga marhamatli edilar“, soʻzimizni isbotlaydi» (hazrati Muhammad Maʼsum, 29-maktub).

«Kimyoi saodat» kitobining beshinchi aslida shunday yozilgan: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Iymonning asosi va eng kuchli alomati – musulmonlarni sevish va musulmonlarga dushmanlik qilganlarni sevmaslikdir». Janobi Haqning Iso alayhissalomga ilohiy amrining maʼnosi shunday: «Yerlardagi va osmonlardagi barcha maxluqlarning ibodatlarini qilsang ham, doʻstlarimni sevmaguningcha va dushmanlarimga dushmanlik qilmaguningcha, hech foydasi boʻlmaydi». Har bir moʻmin Allohu taologa dushman boʻlganlarni sevmasligi, Islomga mahkam yopishganlarni sevishi lozim. Buni soʻzlarida va, iloji boʻlsa, harakatlarida koʻrsatishi kerak. Osiylar va fosiqlar bilan doʻstlashmasligi, fisqi koʻp boʻlganlardan juda uzoq turishi lozim. Zolimlardan, musulmonlarga aziyat berganlardan esa yanada koʻproq uzoq turishi kerak. Lekin faqat oʻziga zulm qilganlarni afv etish va ularning zulmiga sabr qilish lozim va bu juda yaxshidir.1 Toʻgʻri yoʻl Ahli sunnat olimlari bildirgan iymon ekanini Paygʻambarimiz xabar berdilar. Unday ekan, Ahli sunnatda birlashib, birodar boʻlishimiz, bir-birimizni sevishimiz kerak. Bidʼat firqalarini Ahli sunnatning amaldagi toʻrt haq mazhabi bilan aralashtirmaslik kerak. Toʻrt mazhab bir-birining toʻgʻri yoʻlda ekanini aytadi va bir-birini sevadi. Bidʼat firqalari esa musulmonlarni parchalamoqda. Bu toʻrt haq mazhabni birlashtirib boʻlmasligini Islom olimlari ittifoq bilan bildirganlar. Allohu taolo amalda mazhablarning birlashtirilishini emas, alohida boʻlishlarini istaydi. Shu bilan Islom dinini osonlashtiradi. «Ummatim olimlari orasidagi ixtilof – rahmatdir». Bu hadisi sharif bunday ixtilofning foydali ekanini xabar beradi.

Eʼtiqodda esa Allohu taolo birlikni buyuradi. Oli Imron surasining bir yuz uchinchi oyati karimasining maʼnosi: «Ey iymon keltirganlar! Allohning diniga mahkam yopishinglar. Bir-biringizdan ajralmanglar!» Abus Suʼud afandi hazratlari buni izohlab, shunday dedilar: «Ahli kitob parchalanganidek parchalanib, toʻgʻri iymondan ajralmanglar! Johiliyat zamonida bir-biringiz bilan urushganingizdek boʻlinmanglar!» Ibn Hajari Makkiy hazratlari shunday deydilar: «Bidʼat egasi – eʼtiqodi Ahli sunnat eʼtiqodidan ajralgan kishidir. Islom yoqtirmagan biror narsani paydo qilgan har bir kishi bidʼat egasi boʻladi». (Fatovoi hadisiya). Ahli sunnat eʼtiqodiga ishonganlar – Ahli sunnat, ishonmaganlar esa bidʼat ahli yoki kofir boʻladi.

Allohu taolo Ahli sunnat eʼtiqodiga muvofiq iymon keltirgan musulmonlardan rozidir. Shunday ishongan boʻlishning koʻp shartlari bor.

Ahli sunnat eʼtiqodidagi baʼzi muhim masalalar

1. Iymonning olti shartiga, yaʼni Allohu taoloning borligiga va birligiga, Uning sherigi va oʻxshashi yoʻqligiga, Uning farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat hayotiga, xayr va sharr, yaxshilik va yomonlik Allohu taolo tomonidan yaratilganiga ishonish kerak. (Bular «Amantu»da bildirilgan.) 2. Allohu taoloning oxirgi kitobi boʻlgan Qurʼoni karim Allohu taoloning kalomi ekaniga ishonish kerak. 3. Moʻmin oʻz iymonidan hech shubha qilmasligi kerak. 4. Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) iymon keltirib, u zot hayotlik chogʻlarida u zotni koʻrish sharafiga muyassar boʻlgan sahobai kiromning hammasini juda sevish kerak. U zotning toʻrt xalifasiga, yaqin qarindoshlari boʻlgan ahli baytiga va muhtarama zavjalarining hech biriga til tekkizmaslik kerak. 5. Sahobai kiromning hammasi jannatiydir. (Rofiziylar: «Beshtasidan boshqa sahobalarning hammasi kofir», – deydilar. Holbuki, Qurʼoni karimda ularning hammasi jannatiy, deyiladi.)2 6. Abu Bakr Siddiq – sahobai kiromning eng afzalidir.

7. Ibodatlarni iymonning bir qismi deb bilmaslik kerak. Allohu taoloning amr va nahiylariga ishonib, dangasalik tufayli ularni bajarmagan moʻminlarni kofir deb bilmaslik kerak. (Vahhobiylar: «Amal – iymonning bir qismi, namoz oʻqimagan va harom qilgan kishi kofir», – deydilar.) Haromlarga ahamiyat bermaganlarning, ularni yengil sanaganlarning, Islom dinini masxara qilganlarning iymoni ketadi. 8. Ahli qibla ekanliklarini aytgan, Allohu taologa va Uning Paygʻambari Muhammad alayhissalomga ishondim, degan holda notoʻgʻri eʼtiqodda boʻlganlarni takfir qilmaslik, ularning kofir ekanini aytmaslik kerak. Shuning uchun ahli qibla takfir qilinmaydi, ularga kofir deyilmaydi. (Lekin vahhobiylar oʻzlaridan boshqa hammaga kofir deydilar.) 9. Ochiq gunoh qilgani maʼlum boʻlmagan har bir imomning ortida namoz oʻqish kerak. Bu hukm juma va hayit namozlarini oʻqitadigan amirlarga, noiblarga ham taalluqlidir. 10. Musulmonlar boshlaridagi amirlariga, rahbarlariga qarshi isyon qilmasliklari kerak. Xuruj, yaʼni isyon qilish fitna chiqarish boʻladi va turli falokatlarga olib keladi. Ularning xayrli ish qilishlari uchun duo qilish va fisqdan, gunoh ishlardan voz kechishlari uchun shirin soʻz bilan nasihat qilish kerak. 11. Tahorat olayotganda oyoqlarni yuvish oʻrniga, hech qanday uzr va zarurat boʻlmasa ham, erkak uchun ham, ayol uchun ham mahsi ustidan hoʻl qoʻl bilan bir marta masʼh tortish joizdir. Yalangoyoqqa va oddiy paypoqqa masʼh tortilmaydi. 12. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) Meʼrojlari ham ruh, ham badan bilan boʻlganiga ishonish kerak. Chunki Meʼrojga u zot muborak ruhlari va badanlari bilan birga bordilar. «Meʼroj bir holdir, yaʼni tushda boʻlgan», – deydiganlar Ahli sunnatdan ajralgan boʻladi. 13. Iymon ortmaydi ham, kamaymaydi ham. (Uning yorqinligi ortadi va kamayadi.) 14. Qurʼoni karim maxluq (yaratilgan) emas.

«Iymonning asosi va eng kuchli alomati – musulmonlarni sevish va musulmonlarga dushmanlik qilganlarni sevmaslikdir» Imom Gʻazzoliy (rahmatullohi alayh)

15. Allohu taolo makondan munazzahdir. Yaʼni biror joyni Allohu taoloning makoni deb aytish va ishonish toʻgʻri emas. (Vahhobiylar: «Alloh osmonda yoki Arshda», – deydilar. Bu kufrdir.) 16. Qabr savoli va qabr azobi haqdir. Qabrda azob ruhga ham, badanga ham boʻladi. Qabr ziyorati joizdir. Istigʻosa, yaʼni paygʻambarlar va avliyoning qabrlariga borib, ularning hurmati uchun duo qilish va ulardan yordam soʻrash joizdir. (Vahhobiylar esa buni shirk deydilar. Shu sababli sunniylarga va shialarga mushrik, yaʼni kofir deydilar.) 17. Gʻaybni faqat Alloh biladi, xohlasa, paygʻambarlariga va avliyosiga ham bildiradi. 18. Avliyoning karomati haqdir. Karomat – Allohning suyukli bandalarida yuz beradigan favqulodda hollar boʻlib, Allohu taoloning odatidan tashqari, yaʼni fizika, kimyo va biologiya qonunlaridan tashqari ikrom va ehson qilgan narsalaridir va ular inkor qilib boʻlmaydigan darajada koʻpdir. 19. Oʻldirilgan kishi ham, oʻz joniga qasd qilgan kishi ham oʻz ajali bilan oʻlgan. 20. Paygʻambarlar gunoh qilmaydilar. 21. Bugungi kunda toʻrt haq mazhabdan birida boʻlish. 22. Paygʻambarlarning birinchisi – Odam alayhissalom, oxirgisi – Muhammad alayhissalomdir. (Vahhobiylar hazrati Odamning, hazrati Idrisning, hazrati Shisning paygʻambar boʻlganini inkor qiladilar. Birinchi paygʻambar hazrati Nuh, deydilar. Rahbarlarini rasul (paygʻambar) deb ataydigan baʼzi guruhlar ham: «Nabiy kelmaydi, lekin rasul keladi», – deydilar. Shu sababli «Men rasulman» deydigan zindiqlar ham paydo boʻldi.) 23. Shafoatga, sirotga, hisobga va mezonga ishonish. 24. Ruh oʻlmaydi. Kofir va musulmon oʻliklarning ruhlari eshitadi. 25. Qiyomat alomatlaridan boʻlgan Dajjolga, Dobbatul arzga, hazrati Mahdiyning kelishiga, hazrati Isoning osmondan tushishiga, quyoshning gʻarbdan chiqishiga va bildirilgan boshqa qiyomat alomatlariga ishonish.

Imomi Aʼzam hazratlari: «Qiyomat alomatlariga taʼvilsiz ishonish kerak», – deydilar. Bir hadisi sharifning maʼnosi: «Quyosh gʻarbdan chiqmaguncha, qiyomat qoyim boʻlmaydi. U vaqtda hamma iymon keltiradi, lekin iymon endi foyda bermaydi». (Buxoriy, Muslim)

26. Oxiratda Allohu taolo koʻrinadi.

27. Kofirlar jahannamda abadiy qoladilar va ularning azoblari yengillashmaydi, aksincha, tobora ortib boradi.

28. Qiyomat kuni paygʻambarlar va solih, yaxshi zotlar shafoat qiladilar. Qabrda ruhlar tirik kishilarning qilganlarini va soʻzlaganlarini eshitadilar.

29. Qurʼoni karim oʻqish, sadaqa berish va hatto barcha ibodatlarimizning savoblarini oʻlganlarning ruhlariga yuborish ularga foyda beradi, azoblarining yengillashishiga yoki koʻtarilishiga sabab boʻladi. Bularning hammasiga ishonish – Ahli sunnat eʼtiqodida boʻlishning alomatlaridandir. (Bu maʼlumotlar «Fiqhi akbar», «Nuxbatul laoliy», imomi Rabboniyning «Maktubot», «Riyozun nosihin» va «Faroidul favoid» kitoblaridan olindi.)

Amalda, yaʼni bajariladigan ibodatlarda haq boʻlgan toʻrt mazhab bor. Sayyid Ahmad Tahtoviy hazratlari «Durrul muxtor» kitobiga yozgan hoshiyasining zaboih boʻlimida shunday deydilar: «Bugun har bir musulmonning toʻrt mazhabdan birida boʻlishi vojibdir. Toʻrt mazhabdan birida boʻlmagan kishi Ahli sunnatdan ajraladi. Ahli sunnatdan ajralgan kishi esa adashgan yoki kofir boʻladi».

Ibn Hazm, Shavkoniy, Abduh, Rashid Rizo, Siddiq Hasan kabi mazhab dushmanlarining bir qismi taqlidni harom sanab, bir qismi esa talfiq qilib, koʻp musulmonlarni zalolatga sudradilar.

Eʼtiqoddagi va amaldagi mazhab imomlarimiz

Islomni sahobai kiromdan oʻrgangan tobeʼinlar va ulardan oʻrgangan tabaʼi tobeʼinlar orasidan din ilmlarida yuksalib, mutlaq mujtahidlik darajasiga yetgan buyuk imomlar yetishib chiqdi.3 Ular amalda mazhab sohiblari edilar va har birining ijtihodlaridan yuzaga kelgan hukmlarga oʻsha olimning mazhabi deyildi. Bu olimlarning koʻpining mazhabi kitoblarga yozilmagani uchun unutildi. Faqat toʻrt buyuk imomning ijtihodlari shogirdlari tomonidan kitoblarga yozilib, saqlab qolindi va musulmonlar orasida tarqaldi. Yer yuzidagi barcha musulmonlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan va Muhammad alayhissalomning yoʻlini oʻzgartirmasdan, buzmasdan oʻrganishimizga sabab boʻlgan – toʻrt buyuk zotdir. Ular – amaldagi mazhab imomlarimizdir. Birinchisi – imomi Aʼzam Abu Hanifa Nuʼmon ibn Sobit (roziyallohu anhu). U Islom olimlarining eng buyuklaridandir. U – Ahli sunnatning peshvosidir. Ikkinchisi – imom Molik ibn Anas, uchinchisi – imom Muhammad ibn Idris Shofeʼiy, toʻrtinchisi – imom Ahmad ibn Hanbal (rahmatullohi alayhim ajmaʼiyn). Bugun bu toʻrt imomdan biriga ham ergashmagan kishi katta xavf ostidadir. U toʻgʻri yoʻldan adashgandir.

Bu toʻrt imomning shogirdlaridan ikkitasi iymon ilmlarida juda yuksaldi. Shunday qilib, eʼtiqodda mazhab ikkita boʻldi. Qurʼoni karimga va hadisi shariflarga muvofiq iymon – shu ikkisi bildirgan iymondir. Firqai nojiya boʻlgan Ahli sunnatning iymon ilmlarini yer yuziga tarqatgan – shu ikkisidir. Biri – Abu Mansur Moturidiy, ikkinchisi – Abul Hasan Ali Ashʼariy (rahmatullohi alayhimo). Bu ikki imom bir xil iymonni bildirdilar. Ular orasidagi bir necha farq muhim emas. Haqiqatda ular bir xildir. Islom olimlari Qurʼoni karimda va hadisi shariflarda maqtaladi. Bir oyati karimada, maʼnosi: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar boʻlurmi?»4 – deyildi. Boshqa bir oyati karimada, maʼnosi: «Ey musulmonlar! Bilmaganlaringizni biladiganlardan soʻranglar!»5 – deyildi.

«Bugun har bir musulmonning toʻrt mazhabdan birida boʻlishi vojibdir. Toʻrt mazhabdan birida boʻlmagan kishi Ahli sunnatdan ajraladi. Ahli sunnatdan ajralgan kishi esa adashgan yoki kofir boʻladi» Sayyid Ahmad Tahtoviy (rahmatullohi alayh)

Hadisi shariflarda shunday deyildi:

«Insonlarga yaxshilik oʻrgatadigan musulmonlarga Allohu taolo rahmat qiladi, farishtalar va har bir jonzot esa ularga duo qiladi».

«Qiyomat kuni avval paygʻambarlar, soʻngra olimlar, soʻngra shahidlar shafoat qiladilar».

«Ey insonlar, bilinglarki, ilm olimdan eshitib oʻrganiladi». «Ilm oʻrganinglar. Ilm oʻrganish – ibodatdir. Ilm oʻrgatganga ham, oʻrganganga ham jihod savobi bor».

«Ilm oʻrgatish – sadaqa berish kabidir. Olimdan ilm oʻrganish – tahajjud namozi oʻqish kabidir».

«Ilm oʻrganish barcha nafl ibodatlardan koʻra savobliroqdir. Chunki uning oʻziga ham, u oʻrgatadigan kishilarga ham foydasi bor».

«Boshqalarga oʻrgatish uchun oʻrgangan kishiga siddiqlar savobi beriladi».

«Ilm – xazinadir. Uning kaliti – soʻrab oʻrganishdir».

«Ilm oʻrganinglar va oʻrgatinglar».

«Har narsaning manbai bor. Taqvoning manbai – oriflarning qalblaridir».

«Ilm oʻrgatish – gunohlarga kafforatdir».

Boshdan-oyoq odob, hayo,
Nuri – zulmatga ziyo,
Ul Xotamul anbiyo –
Sevimli Paygʻambarim.
Paygʻambarlik bulogʻi,
Marhamatning manbai,
Ojizlarning panohi –
Sevimli Paygʻambarim.
Yelkasida muhri nabiy,
Eng shafqatli ul Nabiy,
Shafoatning sababi –
Sevimli Paygʻambarim.
Mahshardagi talotoʻpni
Tugatguvchi yagonasi,
Narigi dunyo xabarchisi –
Sevimli Paygʻambarim.