PAYGʻAMBARIMIZNING BAʼZI ZAVOID SUNNATLARI
Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) qilgan ishlari uchga boʻlinadi. Birinchisi – musulmonlarning ham qilishi lozim boʻlgan narsalar. Bularga «sunnat» deyiladi. Ikkinchisi – faqat Paygʻambarimizga (sallallohu taolo alayhi vasallam) xos boʻlgan narsalar. Bularga «xasois» deyiladi. Ularni boshqalarning qilishi joiz emas. Uchinchisi – odatga bogʻliq narsalar. Ularni har bir musulmon yashayotgan joyining odatiga muvofiq qilishi lozim. Odatga muvofiq boʻlmagan holda qilinsa, fitna qoʻzgʻaladi. Fitna qoʻzgʻatish esa haromdir.1
Paygʻambarimiz (sallallohu taolo alayhi vasallam) oʻzlari ibodat sifatida qilgan narsalarni tark etgan kishini inkor qilmagan boʻlsalar, yaʼni unga xafa boʻlmagan boʻlsalar, bunday ibodatlarga «sunnati hudo» deyiladi. Agar ularni doimo qilib kelgan boʻlsalar, ularga «sunnati muakkada» deyiladi. Rasulullohning odat sifatida qilgan narsalariga «sunnati zoida» yoki «mustahab» deyiladi.2 Masalan, yaxshi ishlarni oʻngdan boshlash, oʻng qoʻl bilan qilish, shuningdek, bino qurishda, yeyishda, ichishda, oʻtirishda, turishda (yotishda), kiyimda, asboblarda u zotning qilgan va ishlatgan narsalari shundaydir. Keyin paydo boʻlgan narsalarga «bidʼat» deyiladi. Un elagi, qoshiq ishlatish kabi «odatdagi bidʼat» boʻlgan narsalarni, yaʼni keyin paydo boʻlgan odatlarni qilish zalolat (adashish) boʻlmaydi. Gunoh boʻlmaydi. Bundan maʼlum boʻladiki, stol atrofida ovqatlanish, sanchqi, qoshiq ishlatish, karavotda yotish, konferensiyalarda, maktablarda axloq va fan darslarida radio, televizor va magnitofon ishlatish, har turli transport vositalariga minish, koʻzoynak, hisoblash mashinasi kabi fan vositalaridan foydalanish joizdir. Chunki bular odatdagi bidʼatlardir. Odatdagi bidʼatlarni, yangiliklarni harom ishlarda ishlatish haromdir. Namozda, azonda va masjiddagi vaʼz va xutbada radio, ovoz kuchaytirgich, magnitofon ishlatish haqida «Se’âdet-i Ebediyye» va «İslâm Ahlâkı» kitoblarida keng maʼlumot bor. Ibodatda bidʼat qilish, hatto kichik bir oʻzgartirish kiritish juda katta gunoh boʻladi.3 Jihod, yaʼni hukumatning, qoʻshinning dushmanlar bilan jang qilishi ibodatdir. Lekin jangda har turli fan vositalarini ishlatish bidʼat boʻlmaydi. Aksincha, juda koʻp savob boʻladi. Chunki jangda har turli fan vositalarini ishlatish buyurilgan. Ibodatlarda buyurilgan narsalarni qilishga yordamchi boʻlgan yangiliklarni qilish lozim. Man qilingan narsalarni qilishga yordamchi boʻlgan yangiliklarni, oʻzgarishlarni kiritish bidʼat boʻladi. Masalan, azon aytish uchun minoraga chiqish lozim, chunki uni baland joyda aytish buyurilgan. Lekin azonni ovoz kuchaytirgich bilan aytish bidʼatdir, chunki uni asbob bilan aytish buyurilmagan. Insonning aytishi buyurilgan. Shuningdek, namoz vaqtlarini bildirish yoki boshqa ibodatlarni qilish uchun qoʻngʻiroq chalish, burgʻu chalish kabi musiqa asboblarini ishlatish ham Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) tomonidan man qilingan.4
«Odatga bogʻliq narsalarda ham Rasulullohga tobe boʻlish insonga dunyoda va oxiratda koʻp narsa qozondiradi va turli saodatlarga yoʻl ochadi» Maktuboti Rabboniy, II, 5-maktub
«Sunnati hudo» deb atalganni tark etish makruhdir. «Sunnati zoida» deb atalganni tark etish esa makruh emas.5
Paygʻambarimizning tozalikka, tartib va intizomga bergan ahamiyatlari
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) tozalikka, tartib va intizomga juda katta ahamiyat berar edilar. Har bir ishni oʻngdan boshlashni, oʻng qoʻllari bilan qilishni yaxshi koʻrar edilar.6 Faqat istinjoni chap qoʻllari bilan qilar edilar.
Iloji boricha har bir ishni toq sonda qilar edilar. U zot: «Kimning sochi boʻlsa, unga yaxshi qarasin!» – der edilar.
Paygʻambarimiz masjidda ekanlarida, u yerga sochi-soqoli toʻzgʻigan bir kishi kirdi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Bu kishining sochini tekislaydigan gul yogʻi ham topilmaydimi?» – deganlaridan keyin, unga darhol tashqariga chiqib, sochini, soqolini tuzatib kelishini qoʻllari bilan ishora qilib bildirdilar. Haligi kishi shunday qilib qaytgach, Paygʻambarimiz: «Sizlardan biringizning shunday kelishi yaxshiroqmi yoki sochi-soqoli shaytonnikidek toʻzgʻigan holda kelishimi?» – dedilar.
U zot safarda ham shishada yogʻ olib yurar edilar. Yogʻ surtganlarida boshlariga avval yupqa roʻmol oʻrab, bosh kiyimlarini roʻmol ustidan kiyar edilar. Shu tariqa yogʻ surtganlari tashqaridan bilinmas edi. Paygʻambarimiz har kuni soqollarini ikki marta tarar edilar.
Anas ibn Molik shunday deydi: «Rasul alayhissalom muborak sochlariga tez-tez gul yogʻi surtar, muborak soqollarini suv bilan hoʻllab tarar edilar».7 Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) muborak soqollarining boʻyidan va yonlaridan bir oz olar edilar. Juma namoziga chiqishdan oldin muborak moʻylovlarini qisqartirar, muborak tirnoqlarining oʻsganini olar edilar. Musulmonlarga ham moʻylovlarini qisqartirishni buyurar edilar.
Paygʻambarimiz oynaga qaraganlarida har safar Allohu taologa hamd aytar va: «Allohim! Suratimni goʻzal yaratganingdek, axloqimni ham goʻzal qil!» – deb duo qilar edilar.
Paygʻambarimiz har kechasi uxlashdan oldin muborak koʻzlariga uch marta surma tortar edilar. Surmani muborak oʻng koʻzlariga uch, muborak chap koʻzlariga ikki marta tortar edilar. U zot: «Surma tortinglar! Chunki u koʻzni ravshan qiladi, sochni (kiprikni) oʻstiradi», – der edilar.8
Islom olimlari erkak kishining davolanish uchun surma tortishi joiz, lekin ziynat uchun tortishi joiz emasligini bildirganlar. Jamol va ziynat soʻzlarini bir-biri bilan aralashtirmaslik kerak.
Jamol – xunuklikni ketkazish, viqor sohibi boʻlish va shukr qilish uchun neʼmatni koʻrsatish demakdir. Koʻz-koʻz qilish uchun, maqtanish uchun koʻrsatish jamol boʻlmaydi, kibr boʻladi. Rasululloh misvok ishlatishga juda katta ahamiyat berar edilar. Uni yonlaridan hech ayirmas edilar. Paygʻambarimiz: «Arok daraxtining choʻpi bilan misvok qilinglar!» – der edilar. Misvok ogʻizga xush hid beradi. Paygʻambarimiz: «U mening ham, mendan oldingi paygʻambarlarning ham sunnatidir!» – deganlar.
Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Agar ummatimga mashaqqat bermaganimda, ularga har namoz uchun misvok ishlatishni buyurgan boʻlar edim!»9 «Sizlarga misvok ishlatishni qattiq tavsiya qilaman!»
«Misvok – ogʻizning pokligi va Rabbimning roziligidir!» Sevimli Paygʻambarimiz uylariga kirganlarida birinchi ishlari muborak tishlarini misvok qilish boʻlar edi. Yonlarida misvok boʻlmasa uxlamas edilar, uygʻonganlarida ham muborak tishlarini misvok qilishdan boshlar edilar. Kechasi tahajjud namoziga turganlarida ham muborak tishlarini misvok qilar edilar.10 Hazrati Oisha onamiz (roziyallohu anho): «Paygʻambar alayhissalom biror kecha yoki kunduz uxlab uygʻonganlaridan keyin tahoratdan oldin misvok ishlatmay qolmaganlar!» – degan. Sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) oʻgʻillari Ibrohim vafot etgan edi. Dafn paytida qabrga qoʻyilgan gʻishtlardan biri qiyshiq turgan edi. Paygʻambarimiz aralashib, uni toʻgʻriladilar. Qiyshiq turgan gʻishtning vafot etgan kishiga hech qanday foydasi ham, zarari ham yoʻqligini, lekin tartibsizlikdan koʻngillari bezovta boʻlishini bildirdilar.
Paygʻambarimizning Xonai saodatlari
Sevimli Paygʻambarimiz Madinada masjidlarini qurdirganlarida, masjid yoniga xom gʻishtdan ikkita xona qurdirib, ustini xurmo toʻnkalari va shoxlari bilan yoptirgan edilar. Masjidi sharif qurilayotganda Oisha va Savda (roziyallohu anhumo) uchun bittadan xona qurildi. Hazrati Oisha onamiz xonasining eshigi masjidga boradigan yoʻlga qaragan edi. Hazrati Savda onamiz uchun qurilgan xonaning eshigi esa masjidning uchinchi darvozasi boʻlgan Oli Usmon darvozasiga qaragan edi. Paygʻambarimiz boshqa zavjalarga uylanganlaridan keyin xonalar soni ortib, toʻqqiztaga yetdi. Ular hazrati Oisha onamizning xonasi bilan qibla orasida qurildi. Xonalarning baʼzilari xom gʻishtdan, baʼzilari toshdan edi. Baʼzilari xurmo shoxlaridan (Bagʻdod uslubida) yasalib, ustlari loy bilan suvalgan, shiftlari ham xurmo shoxlaridan qilingan edi. Hasan ibn Abul Hasan (roziyallohu anhu) shunday deydi: «Men oʻsmirlik chogʻimda Rasulullohning uylariga kirib, qoʻlimni uzatib, shiftlariga yetkazgan edim. Rasululloh xonalarining yopinchigʻi sarv yoki archa toʻnkasi ustiga tortilgan qil toʻqimadan iborat edi».
Imomi Buxoriyning bildirishiga koʻra, «Rasulullohning uylari eshigida halqa boʻlmagan, u kamon uchi bilan qoqilar edi». Muhammad ibn Hilol va Ato Xurosoniy ham Paygʻambarimizning zavjalari xonalarini koʻrganlar va ularning xurmo shoxlaridan qilinganini, eshik oʻrnida qora qildan toʻqilgan palos pardalar osilganini bildirganlar. Oʻz koʻzi bilan koʻrgan Dovud ibn Qaysning aytishicha, xonalarning eshikdan yon devorlargacha boʻlgan kengligi har birida 6–7 ziroʼ11 (3–3,5 m) chamasi, ichki chuqurligi esa taxminan oʻn ziroʼ (4,8 m) edi. (Bir ziroʼ – 48 sm.)
«Misvok – ogʻizning pokligi va Rabbimning roziligidir!» Hadisi sharif
Xalifa Abdulmalikdan Paygʻambarimizning zavjalariga tegishli xonalarni sotib olib, masjidga qoʻshish haqida maktub keldi. U Madinada oʻqilgan kuni koʻp kishilar koʻz yoshlarini tiya olmadi, madinaliklar Paygʻambarimiz vafot etgan kundagidek yigʻlashdi.12
Saʼid ibn Musayyab ham: «Vallohi, ularning oʻz holida qoldirilishini qanchalik istar edim! Madinaliklardan yangi yetishib chiqqanlar va Madinaga tashqaridan kelganlar Rasul alayhissalomning hayotlarida nima bilan qanoat qilganlarini koʻrar edilar, odamlar ham mollarining koʻp boʻlishiga va u bilan maqtanishga ragʻbat qilmas edilar», – deb bu boradagi qaygʻusini izhor qilgan.
Paygʻambarimizning uy ichidagi holatlari
Hazrati Husayn hikoya qiladi: «Otamdan Paygʻambarimizning uy ichidagi mashgʻulotlari haqida soʻradim. Otam shunday hikoya qildi: Paygʻambarimiz uylariga kirganlaridan boshlab vaqtlarini uchga – Allohga ibodatga, oila ahlining ishlariga va oʻzlarining shaxsiy ishlariga ajratgan edilar. Oʻzlariga ajratgan vaqtni ham oʻzlari bilan odamlar oʻrtasida taqsimlagan edilar. Oʻsha vaqtda huzurlariga odamlardan faqat sara sahobalar kirar edi. U zot xalqqa diniy masalalarni ular orqali yetkazar, xalqqa tegishli biror narsani oʻzlarida saqlamas, yigʻmas edilar. Paygʻambarimizning ummatlariga ajratgan vaqtlarini fazilat egalariga, ularning dindagi afzallik darajalariga qarab taqsimlab, ularni shunga koʻra huzurlariga chaqirish odatlari bor edi. Ulardan baʼzisining bitta hojati, baʼzisining ikkita hojati, baʼzisining esa undan ham koʻp hojati boʻlar edi. Paygʻambarimiz ularning diniy hojatlari bilan mashgʻul boʻlar, savollariga kerakli javoblarni berar, soʻngra: „Bularni shu yerda boʻlganlar bu yerda boʻlmaganlarga yetkazsin! Oʻzi kelib hojatini menga ayta olmagan kishining hojatini sizlar menga yetkazinglar. Albatta, hojatini ayta olmaganning hojatini yetkazgan kishining oyoqlarini Alloh qiyomat kuni Sirot ustida sobit qiladi!“ – der edilar.
Paygʻambarimizning huzurlarida bundan boshqa narsa eslanmas, tilga olinmas edi. Zotan, oʻzlari ham hech kimdan bundan boshqasini qabul qilmas edilar. Paygʻambarimizning huzurlariga kirganlar ilm tolibi boʻlib kirar, eng katta olim boʻlib, ilm lazzatini tatib va boshqalarga ham unga yoʻl koʻrsatuvchi boʻlib chiqar edilar!»
Paygʻambarimizning uydan tashqaridagi holatlari
Hazrati Husayn otasi hazrati Alidan Paygʻambarimizning uydan tashqaridagi holatlari haqida soʻradi. U bularni shunday hikoya qildi:
Koinot sarvari tashqarida gapirmas edilar. Faqat gaplari musulmonlarga foydali boʻlsa, ularni bir-birlariga ilitsa, oralaridagi ayriliqni, sovuqlikni ketkazsa, gapirar edilar. Har bir qavmning yuksak xislatli kishisini ikrom qilar va uni oʻz qavmi ustiga noib qilib tayinlar edilar.13 Xalqni yomonlardan va yomonliklardan himoya qilar, oʻzlari ham bunday holatlarga tushishdan saqlanar edilar. Hech kimdan ochiq yuzlarini va goʻzal xulqlarini ayamas edilar.
Sahobalarini koʻrmasalar, ularni izlar, sahobalaridan oralarida boʻlib oʻtgan voqealarni soʻrar edilar. Yaxshilikni maqtar va mustahkamlar, yomonlikni esa qoralar va zaiflatar edilar. Har bir ishlari moʻtadil, ixtilofsiz edi. Musulmonlar gʻaflatga tushmasin deb tashvishlanib, ularni ogohlantirib turishdan toʻxtamas edilar. Har bir holatlari bir xil, oʻzgarmas edi. Paygʻambarimizda ibodat va toat uchun toʻliq isteʼdod bor edi. Na haqdan oshar, na uni ado etishda kamchilikka yoʻl qoʻyar edilar. U zotga yaqin boʻlganlar odamlarning eng yaxshilari edi.
U zotning nazdida sahobalarning eng afzali – nasihati eng keng qamrovlisi, martabasi eng ulugʻi esa muhtojlarga yordami va yaxshiligi eng goʻzal boʻlgani edi. Koinot sarvari Allohni zikr qilmasdan na oʻtirar, na turar edilar.
Majlisda oʻzlariga alohida joy belgilamas, shunday qilishni man etar edilar. Qayerda boʻlmasin, oʻtirgan bir jamoat yoniga borganlarida, toʻrga oʻtmas, majlisning oxiriga oʻtirar va musulmonlarga ham shunday qilishni buyurar edilar.
Oʻzlari bilan birga oʻtirgan har bir kishiga nasibasini berar, shunday ikrom qilar edilarki, har kim Rasulullohning nazdida oʻzidan qimmatliroq kishi yoʻq deb oʻylar edi. Oʻzlari bilan oʻtirgan yoki kelib hojatini aytgan kishining hamma narsasiga u qaytib ketgunicha chidar edilar.14
Biror kishi u zotdan biror hojat, istak soʻrasa, uni rad etmas: yo berar, yoki shirin va yumshoq soʻz bilan qaytarar edilar. Goʻzal axloqlari barcha insonlarni oʻz ichiga oladigan darajada keng edi. Ularga mehribon ota boʻlgan edilar. Haq masalasida hamma u zotning nazdida teng edi. Paygʻambarimizning majlisi ilm, hayo, sabr va omonat majlisi edi.
Majlislarida na ovozlar koʻtarilar, na biror kishi ayblanar, na qilingan kamchilik va xato oshkor etilar edi. Koinot sarvarining majlisida boʻlganlar bir-birlariga teng boʻlib, bir-birlaridan afzalliklari faqat taqvo jihatidan edi. Hammasi kamtarin edi. Kattalarni hurmat qilishar, kichiklarga shafqat va marhamat koʻrsatishar, hojatmandlarni boshqalardan ustun qoʻyib, hojatlarini chiqarishga harakat qilishar, gʻariblarni, begonalarni himoya qilib, ularga gʻamxoʻrlik qilishar edi. Paygʻambarimiz doimo ochiq yuzli, yumshoq tabiatli edilar. Shafqatlari, kechirimlari koʻp edi. Qattiq qalbli emas edilar. Hech kim bilan talashmas edilar. Hech baqirib-chaqirmas, yomon soʻz aytmas edilar. Hech kimni ayblamas edilar. Xasis emas edilar. Yoqtirmagan narsalariga koʻz yumar edilar. Umid qilganni umidsizlikka tushirmas, biror narsadan noroziliklarini oshkor qilmas edilar.
Paygʻambarimiz uch narsadan uzoq turar edilar:
- odamlar bilan talashishdan,
- koʻp gapirishdan,
«Men biror narsaga suyangan holda taom yemayman» Hadisi sharif
- foydasiz, boʻsh narsalar bilan mashgʻul boʻlishdan.
Odamlarni ham uch narsada oʻz hollariga qoʻyar edilar:
- hech kimni na yuziga, na orqasidan qoralamas, ayblamas edilar,
- hech kimning aybu nuqsonini surishtirmas edilar,
- hech kimga u haqda savobli va xayrli boʻlmagan soʻzni aytmas edilar.
Paygʻambarimiz gapirayotganlarida huzurlarida boʻlganlar boshlariga qush qoʻngandek jim va qimirlamay oʻtirishar, u zot soʻzlarini tugatib jim boʻlganlaridan keyin aytadiganlarini aytishar, lekin u zotning huzurlarida aslo bahslashmas va talashmas edi. Paygʻambarimizning huzurlarida biror kishi gapirayotganda, u gapini tugatguncha boshqalar jim turar edi. Paygʻambarimiz uchun eng oxirgi gapirganning soʻzi bilan eng birinchi gapirganning soʻzi orasida farq yoʻq edi. Majlislarida boʻlganlar biror narsaga kulsalar, u zot ham ular bilan birga kular, biror narsaga hayron boʻlsalar, u zot ham ular bilan birga hayron boʻlar edilar. Sahobalari ham oʻzlari kabi muomala qilsinlar deb, huzurlariga kelgan gʻariblarning, begonalarning soʻzlaridagi va savollaridagi qoʻpollik va dilozorlikka sabr qilar edilar. Paygʻambarimiz: «Bir hojatmandning hojatini soʻrayotganini koʻrsangiz, hojatiga yetishishi uchun unga yordam beringlar!» – der edilar.
Paygʻambarimiz haqiqatga mos kelmagan maqtovni qabul qilmas edilar. Haqqa tajovuz qilmaguncha hech kimning soʻzini boʻlmas edilar. Haqqa tajovuz qilganda esa yo uni man etib soʻzini boʻlar, yoki majlisdan turib ketar edilar. Koinot sarvarining sukut qilishlari toʻrt narsaga – hilmga, hazarga, taqdirga va tafakkurga asoslanar edi. Taqdirlari odamlarga teng qarash va ularni teng tinglashda darhol koʻzga tashlanar edi. Tafakkurlari dunyo va oxirat ishlarini oʻylashlarida koʻrinar edi.
Hilm va sabrni oʻzlarida jamlagan edilar. Dunyoga oid hech bir narsa u zotni gʻazablantirmas edi. Hazarga kelsak, bu xulqlari tufayli u zotda toʻrt xislat jamlangan edi:
- eng yaxshisini unga ergashish uchun olar edilar,
- xunuk narsalarni ulardan tiyilish uchun tark etar edilar,
- fikrlarini ummatlariga foydali boʻlgan narsalarga sarflar edilar,
- bor himmatlarini ummatlarining dunyo va oxirat saodatini taʼminlaydigan narsalarga qaratar edilar.
Koinot sarvarining biror narsaga «Yoʻq!» deganlari boʻlmagan. Qilishni istagan bir narsalari soʻralganda, «Mayli!» – der edilar, qilishni istamagan narsalari soʻralganda esa sukut qilar edilar va uni qilishni istamaganlari shu sukutlaridan anglashilar edi. Har kimning dunyo va oxirat saodati uchun harakat qilar edilar. Bir gʻazotda u zotdan kofirlarning yoʻq boʻlishi uchun duo qilishlari soʻralganda, shunday dedilar:
«Men laʼnat qilish uchun, odamlarning azob chekishi uchun yuborilmadim. Men har kimga yaxshilik qilish uchun, odamlarning osoyishtalikka erishishi uchun yuborildim».
Anbiyo surasining bir yuz yettinchi oyatida, maʼnosi: «Biz sizni olamlarga rahmat, yaxshilik qilib yubordik», – deyilgan. Shuning uchun u zot doimo har kimning yaxshiligi uchun harakat qilar edilar. Anas ibn Molikning xabar berishicha, Paygʻambarimiz biror kishi bilan uchrashganlarida u bilan musofaha qilar edilar15, u kishi qoʻlini tortmaguncha Paygʻambarimiz ham qoʻllarini tortmas, u kishi yuzini burmaguncha Paygʻambarimiz ham undan yuzlarini burmas edilar.
Hazrati Anas ibn Molik yana shunday hikoya qiladi: «Paygʻambarimizdan: „Yo Rasulalloh! Bir-birimizga egilaylikmi?“ – deb soʻradik. U zot: „Yoʻq!“ – dedilar. „Bir-birimiz bilan quchoqlashaylikmi?“ – deb soʻradik. U zot: „Yoʻq! Lekin musofaha qilinglar!“ – dedilar».16
Hazrati Baro ibn Ozib Paygʻambarimizning shunday deganlarini hikoya qildi: «Ikki musulmon uchrashib, musofaha qilsalar, ular bir-birlaridan ajralmaslaridan oldinoq magʻfirat qilinadilar!»
Koinot sarvari doimo oʻychan edilar. Sukutlari gapirishlaridan uzoqroq davom etar edi. Rasululloh keraksiz joyda gapirmas edilar. Soʻz boshlaganlarida ham, soʻzni tugatganlarida ham Allohning ismini zikr qilar edilar.
Gapirganlarida qisqa va mazmunli soʻzlar bilan gapirar edilar. Rasulullohning soʻzlari doimo haq va oʻrinli edi. Rasululloh gapirganlarida na ortiqcha, na kam soʻz ishlatar edilar. Hech kimning koʻnglini sindirmas, hech kimni kamsitmas edilar.
Paygʻambarimiz dunyo uchun, dunyo ishlari uchun gʻazablanmas edilar. Lekin biror haq poymol qilinmoqchi boʻlganda, u haqni olib bermagunlaricha hech narsa gʻazablarining oldini ola olmas edi.
Oʻz shaxslari uchun aslo gʻazablanmas va oʻch olmas edilar. Biror narsaga ishora qilmoqchi boʻlganlarida barmoq bilan emas, butun qoʻllari bilan ishora qilar edilar. Hayron boʻlganlarida qoʻllarining holatini teskari qilar, yaʼni kaftlari osmonga qaragan boʻlsa yerga, yerga qaragan boʻlsa osmonga qaratar edilar. Gapirganlarida qoʻl harakatlari qilar, muborak oʻng qoʻllarining kaftini chap qoʻllarining bosh barmogʻining ichki tomoniga urib turar edilar. Gʻazablanganlarida gʻazabdan darhol voz kechar va gʻazablarini bildirmas edilar. Xursand boʻlganlarida, koʻngillari ochilganda muborak koʻzlarini yumar edilar. Eng koʻp kulishlari – tabassum edi. Tabassum qilganlarida muborak tishlari marvarid donalaridek koʻrinar edi.17
Yaxshi ishlarda oʻng tomondan boshlashni sevardilar,
Tahoratga, libosga shoshardilar ul karam koni.
Oʻng yonlari uzra, yuzlari qiblaga qarab yotardilar,
Har nafasda gʻaybni sayr etardilar ul karam koni.
«Ikki musulmon uchrashib salomlashsalar va musofaha qilsalar, ular bir-birlaridan ajralmaslaridan oldinoq magʻfirat qilinadilar!» Hadisi sharif
Toʻshaklari saxtiyon edi, yostiqlari xurmo tolasidan,
Kechasi yotsalar, oz uxlardilar ul bedor karam koni.
Koʻzlari uxlasa ham, koʻngillari Doʻstlari ila uxlamasdi,
Azaldan Uning husniga hayron edilar ul karam koni.
Paygʻambarimizning yotishlari, uxlashlari
Paygʻambarimiz toʻshaklarida uxlamoqchi boʻlganlarida muborak oʻng yonlari bilan yotar, muborak oʻng qoʻllarini muborak oʻng yuzlari ostiga qoʻyar, soʻngra shunday duo qilar edilar: «Allohim! Oʻzimni Senga taslim qildim. Yuzimni Senga qaratdim. Ishimni Senga topshirdim. Orqamni Senga tayadim. Sening azobingdan qoʻrqaman, rahmatingni umid qilaman. Sening rahmatingdan boshqa sigʻinadigan joy yoʻq, Sening azobingdan boshqa saqlanadigan narsa yoʻq.
Faqat Sening rahmatingga sigʻiniladi va faqat Sening rahmating bilan najot topiladi. Sen nozil qilgan kitobingga va Sen yuborgan Paygʻambaringga iymon keltirdim.
Ey Rabbim! Yonimni Sening isming bilan yerga qoʻydim. Agar jonimni olib qolsang, unga rahmating bilan muomala qil! Agar uni qaytarsang, solih bandalaringni himoya qilganingdek, uni ham himoya qil!
Allohim! Sening isming bilan oʻlaman va Sening isming bilan tirilaman. Bizni yedirgan, ichirgan, har bir ehtiyojimizni qondirgan, bizga boshpana bergan, panoh bergan Allohim! Senga behisob hamd aytaman. Qancha kishilar borki, na ehtiyojlarini qondiradigan, na boshpana beradigan kimsasi bor! Allohim! Bandalaringni huzuringga toʻplaydigan kunda meni azobingdan himoya qil! Allohim! Avval – Sensan! Sendan oldin hech narsa yoʻqdir! Oxir – Sensan! Sendan keyin hech narsa yoʻqdir! Zohir – Sensan! Sendan yuqorida hech narsa yoʻqdir!»
Uygʻonganlarida shunday duo qilar edilar: «Sendan boshqa iloh yoʻq, faqat Sen borsan! Seni tasbeh va tanzih qilaman. Allohim! Gunohlarimni magʻfirat qilishingni va rahmatingni soʻrayman.
Bizni oʻlganimizdan keyin tiriltirgan Allohga hamd boʻlsin. Qiyomat kuni qaytishimiz ham Ungadir».18 Soʻngra: «Allohim! Ilmimni ziyoda qil! Menga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatganingdan keyin qalbimni toydirma! Ulugʻ dargohingdan menga rahmat ehson et! Chunki magʻfirati eng koʻp boʻlgan – Sensan!» – deb duo qilar edilar. Hazrati Baro ibn Ozib hikoya qiladi: Koinot sarvari menga shunday dedilar:
«Yotadigan joyingga borganingda, namoz uchun tahorat olgandek tahorat ol! Soʻngra oʻng yoning bilan yot va: „Allohim! Oʻzimni Senga taslim qildim. Yuzimni Senga qaratdim. Orqamni Senga tayadim. Sening azobingdan qoʻrqaman, rahmatingni umid qilaman. Sening rahmatingdan boshqa sigʻinadigan joy yoʻq, Sening azobingdan saqlanadigan joy yoʻq! Faqat Sening rahmatingga sigʻiniladi va faqat Sening rahmating bilan najot topiladi. Sen nozil qilgan kitobingga va Sen yuborgan Paygʻambaringga iymon keltirdim!“ – deb ayt! Oʻsha kechasi oʻlsang, Islom fitrati ustida oʻlasan. Kim buni aytib, oʻsha kechasi oʻlsa, u Islom fitrati ustida oʻladi!»
Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Sizlardan biringiz kechasi toʻshagidan turib, soʻngra yana yotish uchun qaytsa, uni uch marta qoqsin. Chunki u oʻzi turgandan keyin nima boʻlganini, toʻshak ustiga nima kelib joylashganini bilmaydi». Asʼhobi suffadan Abdulloh ibn Tahfa (roziyallohu anhu) shunday hikoya qiladi: «Men sahar vaqtida masjidda qornim ustida, yaʼni yuztuban yotib uxlayotganimda, kimdir meni oyogʻi bilan turtdi.
– „Bu kim?“ – deb soʻradilar.
– „Men Abdulloh ibn Tahfaman“, – deb javob berdim.
Ne koʻray! U Koinot sarvari ekanlar! Darhol oʻrnimdan turib oʻtirdim.
– „Bu – ulugʻ Alloh eng yoqtirmaydigan yotishdir!“ – dedilar».19 Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) tahoratsiz yerga qadam bosmas edilar.
Rasulullohning hojatxonaga borib, keyin tahorat olmaganlarini hech kim koʻrmagan.
Paygʻambarimizning yurishlari
Hazrati Hind ibn Abu Hola shunday hikoya qiladi: «Koinot sarvari yurganlarida oyoqlarini yerdan chaqqon koʻtarar, ikki yonga chayqalmas, qadamlarini keng tashlar, baland joydan tushayotgandek oldinga bir oz engashar, viqor va osoyishtalik bilan, bemalol yurar edilar.
Qaramoqchi boʻlgan tomonlariga butunlay oʻgirilib qarar edilar. Atrofga beparvo alanglab qaramas edilar.
Yerga qarashlari osmonga qarashlaridan uzoqroq edi.
Yerga qarashlari ham koʻz qiri bilan edi. Yoʻlda sahobalarining orqasidan yurar edilar.
Biror kishi bilan uchrashganlarida, avval oʻzlari salom berar edilar».
Hazrati Abu Hurayra shunday hikoya qiladi: «Yurishda Koinot sarvaridan tezroq kishini koʻrmadim. Yurganlarida yer goʻyo u zotning oyoqlari ostida oʻralib borar edi! Biz u zotga yetib olish uchun oʻzimizni nihoyatda qiynar edik. Koinot sarvari esa yurganlarida oʻzlarini hech qiynamas edilar».20
Paygʻambarimizning oʻtirishlari
Koʻpincha tiz choʻkib oʻtirar edilar. Qurfuso shaklida, yaʼni tizzalarini tik qilib, ularni qoʻllari bilan quchoqlab oʻtirganlari ham koʻrilgan.21 Hech qachon oyoqlarini majlislarida boʻlganlarga tomon uzatmas edilar. Odatda qiblaga qarab oʻtirar edilar. Huzurlariga kelgan mehmonlarning ostiga koʻpincha yelkalaridagi abolarini toʻshab, ularni uning ustiga oʻtqazar edilar. Baʼzan mehmonlariga oʻzlarining toʻshakchalarini ham berar edilar. Hanzala ibn Hizyam: «Paygʻambarimizning huzurlariga borganimda, u zotni chordona qurib oʻtirgan holda koʻrdim», – deb hikoya qilgan. Jobir ibn Samura ham Paygʻambarimizning bomdod namozini oʻqiganlaridan keyin quyosh chiqquncha namoz oʻqigan joylarida chordona qurib oʻtirganlarini bildirgan.
«Allohu taoloning axloqi bilan axloqlaninglar!» Hadisi sharif
Sharid ibn Suvayd shunday deydi: «Koinot sarvari mening yonimga kirib oʻtgan edilar. Oʻshanda men chap qoʻlimni orqamga qoʻyib, kaftimning yarmiga tayanib oʻtirgan edim. Shunda Koinot sarvari: „Sen gʻazabga uchraganlarning (yahudiylarning) oʻtirishidek oʻtiribsanmi?“ – dedilar». Abu Juhayfa hikoya qiladi: «Paygʻambarimiz: „Men biror narsaga suyangan holda taom yemayman“, – dedilar».22
Chordona qurardilar, yo tiz choʻkardilar, yo tiz koʻtarardilar,
Oshkoru nihon odobga toʻla edilar ul karam koni.
Uch barmoqlari ila yeb, ularni lazzat-la yalardilar,
Uch nafasda zilol suv ichardilar ul karam koni.
Asal, holva, qovoq, sirka, saridni sevardilar, ammo
Arpa nonidan toʻyguncha yemadilar ul karam koni.
Muborak qorinlariga goho ochlikdan tosh bogʻlardilar,
«Yuragim titramasin», – derdilar ul karam koni.
Saodat xonasida necha oylab oʻt yoqilmasdi,
Qanoat-la xurmo, anor yerdilar ul karam koni.
Paygʻambarimizning yeyishlari va ichishlari
Paygʻambarimiz shunday dedilar:
«Taomning barakasi – taomdan oldin tahorat olishda, taomdan keyin esa qoʻl yuvishdadir!»23
«Kim qoʻlidagi goʻsht, yogʻ hidini, yuqini yuvmay uxlab, boshiga biror narsa kelsa, oʻzidan boshqa hech kimni ayblamasin!» «Taomning barakasi – uning oʻrtasidadir! Sizlardan biringiz taom yeganda, tovoqning oʻrtasidan emas, chetidan yesin, chunki baraka uning oʻrtasiga tushadi!» Hazrati Oisha onamiz hikoya qiladi: «Koinot sarvari shunday dedilar: „Sizlardan biringiz taom yemoqchi boʻlganda, Bismillahir rohmanir rohim desin, ulugʻ Allohning ismini zikr qilsin. Taom yeyishni boshlashdan oldin buni aytishni unutsa, taomning avvali va oxiri uchun Bismillahir rohmanir rohim desin!“»24
Umayya ibn Maxshiyning xabar berishicha, bir kishi bismillah aytmasdan taom yer edi.
Paygʻambarimiz uning bismillah aytmaganini anglab: «Taomning avvali va oxiri uchun Bismillahir rohmanir rohim, deb ayt!» – dedilar. Haligi kishi «Bismillahir rohmanir rohim» degach, Paygʻambarimiz tabassum qildilar va: «Shayton sen bilan birga yeyishda davom etayotgan edi. Sen ulugʻ Allohning ismini zikr qilganingda, shayton qornidagi hamma narsani qusib tashladi!» – dedilar.
Hazrati Abdulloh ibn Umarning xabar berishicha, Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Sizlardan biringiz taom yeganda, oʻng qoʻli bilan yesin. Biror narsa ichganda ham, oʻng qoʻli bilan ichsin. Chunki shayton chap qoʻli bilan yeydi va chap qoʻli bilan ichadi!»25
Salama ibn Akvaʼ otasidan eshitib, shunday rivoyat qildi: Paygʻambarimiz Ashjaʼ qabilasidan Busr ibn Roʼiyul Iyr deb tanilgan bir kishining yonlarida chap qoʻli bilan ovqat yeyayotganini koʻrib, unga: «Oʻng qoʻling bilan ye!» – dedilar. Haligi kishi: «Bunga kuchim yetmaydi, oʻng qoʻlim bilan yeya olmayman!» – deb yolgʻon gapirdi. Shunda Paygʻambarimiz: «Kuching yetmasin! Uni oʻng qoʻli bilan yeyishdan faqat kibr va gʻurur toʻsib turibdi!» – dedilar. Shu kundan boshlab haligi kishi qoʻlini ogʻziga koʻtara olmaydigan boʻlib qoldi!26 Paygʻambarimiz: «Aziz va Jalil boʻlgan Allohu taolo yeyiladigan bir narsani yeb yoki ichiladigan bir narsani ichib, shuning uchun Oʻziga hamd aytgan bandasidan, albatta, rozi boʻladi», – der edilar.
Paygʻambarimiz tuproq ustida oʻtirar, ovqatlarini ham yerda yer edilar. U zot: «Men banda oʻtirganidek oʻtiraman, banda yegani kabi yeyman. Men faqat bir bandaman! Sunnatimdan yuz oʻgirgan kishi mendan emas!» – der edilar.27
Umar ibn Abu Salama shunday deydi: «Men Koinot sarvarining tarbiyasida boʻlgan bir bola edim. Ovqat yeganimda qoʻlim idishning ichida u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Koinot sarvari menga: „Oʻgʻlim! Bismillah ayt. Oʻng qoʻling bilan ye! Oʻz oldingdan ye!“ – dedilar.28 Shundan keyin doim shunday ovqatlanadigan boʻldim». Paygʻambarimiz hech bir taomni past sanamadilar, ayblamadilar. Hech bir neʼmatni yoqqani uchun maqtamas, yoqmagani uchun yomonlamas edilar. Bir taomni xohlasalar yer, xohlamasalar indamay qoʻya qolar edilar. Eng kichik neʼmatga ham hurmat koʻrsatar, hech bir neʼmatni ayblamas edilar. Rasululloh «buni tayyorlanglar, uni tayyorlanglar» demas edilar. Nima bor boʻlsa, shuni yer edilar. Hazrati Oisha onamiz hikoya qiladi: Paygʻambarimiz yonimga kelib: «Senda yeydigan biror narsa bormi?» – deb soʻrar edilar. «Yoʻq!» – der edim. Shunda u zot: «Unday boʻlsa, men roʻzadorman!» – der edilar.29 Hazrati Oisha onamiz hikoya qiladi: «Paygʻambarimiz Madinaga kelganlaridan to vafot etgunlariga qadar u zotning oilasi ketma-ket uch kecha bugʻdoy noniga toʻymadi.30 Koʻpincha yeganlari arpa noni bilan xurmodan iborat boʻlib, bular ham koʻp emas edi. Paygʻambarimizning qorinlarida bir kunda ikki xil taom birga jam boʻlmadi: muborak qorinlarini xurmo bilan toʻydirgan kunlari non bilan toʻydirmadilar, non bilan toʻydirgan kunlari esa xurmo bilan toʻydirmadilar. Meni yigʻlatgan narsa ham mana shu!»31
Rasululloh holva va asalni, non saridi, xurmo saridi va koʻkat taomlarini yaxshi koʻrar edilar. U zotga sut keltirib tutilganda: «Sutda ikki baraka bor», – der edilar.32
«Sizlardan biringiz ovqat yeganda oʻng qoʻli bilan yesin. Biror narsa ichganda ham oʻng qoʻli bilan ichsin, chunki shayton chap qoʻli bilan yeydi va chap qoʻli bilan ichadi!» Hadisi sharif
Abdulloh ibn Abbos hikoya qiladi: men, Xolid ibn Valid va Koinot sarvari birga xolam Maymuna bint Horisning uyiga bordik. Xolam: «Sizlarga sut beraymi?» – deb soʻradi.
Koinot sarvari: «Mayli!» – dedilar. Xolam borib, bir idishda sut keltirdi. Koinot sarvari uni olib ichdilar. Men Koinot sarvarining oʻng tomonlarida edim, Xolid ibn Valid esa chap tomonlarida edi. Rasululloh sutdan ortganini menga berib: «Sen ich. Istasang, Xolidni oʻzingdan afzal koʻrib, unga ber», – dedilar.
Men: «Sizdan ortganini ichishda hech qachon hech kimni oʻzimdan afzal koʻrmayman!» – dedim. Shunda Rasululloh shunday dedilar:
«Allohu taolo biror taom yedirgan kishi: Allohumma borik lana fiyhi va atʼimna xoyran minhu (Allohim! Bu taomda bizga baraka ato et! Bizga undan ham xayrlirogʻini yedir!) desin!
Allohu taolo sut ichirgan kishi esa: Allohumma borik lana fiyhi va zidna minhu (Allohim! Bu sutda bizga baraka ato et va undan bizga beradigan ehsoningni ziyoda qil!) desin! Chunki taomning ham, ichimlikning ham oʻrnini sutdan boshqa hech narsa bosa olmaydi».33
Madinalik musulmonlar xurmolarining ilk pishganini koʻrganlarida, uni Paygʻambarimizga olib kelishar edi. Rasululloh uni qoʻllariga olib, baraka duosini qilganlaridan keyin koʻzlari tushgan bolalarning eng kichigini chaqirib, unga berar edilar. U zot: «Bir uyda xurmo boʻlmasa, u uyning ahli och qolgan boʻladi», – der edilar. Paygʻambarimiz idishning tagida qolgan ovqatni yeyishni yaxshi koʻrar edilar. U zot: «Kim bir tovoqda, idishda ovqat yegandan keyin uni sidirib yesa, u idish uning uchun istigʻfor aytadi!» – der edilar. Paygʻambarimizning shunday deganlari ham rivoyat qilinadi: «Ey Abu Zarr! Goʻsht pishirganingda, shoʻrvasini koʻpaytir-da, qoʻshnilaringni ham koʻzda tut, undan ularga ham ulash».34
«Qoʻshnisi och boʻla turib, oʻzi qornini toʻydirgan kishi komil moʻmin emas!»
«Allohga ibodat qilinglar! Taom yediringlar! Salomni yoyinglar, shunda jannatlarga kirasizlar!»35
«Bir kishining taomi ikki kishiga yetadi. Uch kishining taomi toʻrt kishiga yetadi. Toʻrt kishining taomi sakkiz kishiga yetadi!»36
Hazrati Asmo bint Abu Bakr shunday hikoya qildi: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) pishgan ovqatni qaynashi va bugʻi bosilguncha yopib qoʻyishni tavsiya qilar va: «Bu – eng katta baraka!» – der edilar. Makka fathida Rasululloh amakilari Abu Tolibning qizi hazrati Ummu Honiyning uyiga bordilar. Undan: «Sizlarda yeydigan biror narsa bormi?» – deb soʻradilar. Hazrati Ummu Honiy: «Yoʻq! Faqat qurigan non uvoqlari bilan sirka bor, xolos! Lekin ularni sizga tutishga uyalaman!» – dedi. Paygʻambarimiz: «Ularni keltir. Suvga ushatib sol. Tuz ham keltir!» – dedilar. Ustidan sirka quyib, yeganlaridan keyin ulugʻ Allohga shukr qildilar va: «Ey Ummu Honiy! Sirka nonga qoʻshib yeyiladigan qanday yaxshi narsa! Sirkasi bor uy nonga qoʻshib yeydigan narsadan mahrum hisoblanmaydi!» – dedilar.37 U zot nonni hech narsasiz ham, xurmo, sirka, meva, shoʻrva bilan ham, zaytun yogʻiga botirib ham yer edilar. Tovuq, quyon, tuya, ohu, baliq goʻshti va basturma hamda pishloq ham yer edilar. Goʻshtning qoʻl qismini yaxshi koʻrar edilar. Uni qoʻllari bilan ushlab, tishlab yer edilar. (Pichoq bilan kesib yeyish ham joiz.) Koʻpincha sut ichar yoki xurmo yer edilar. Yeguliklardan qoʻy goʻshtini, goʻsht shoʻrvasini, qovoqni, shirinliklarni, asalni, xurmoni, sutni, qaymoqni, tarvuzni, qovunni, uzumni va bodringni yaxshi koʻrar edilar.38 Suvni shoshilmasdan, «Bismillah» bilan boshlab, uch hoʻplab ichar, oxirida «Alhamdulillah» deb, duo qilar edilar. Paygʻambarimiz Buyutus Suqyodan keltirilgan chuchuk suvdan ichar edilar. Buyutus Suqyo Madinadan ikki kunlik yoʻlda edi.39 «Ichimliklarning qaysi biri lazzatliroq?» – deb soʻralganda, Paygʻambarimiz: «Chuchuk va salqin suv!» – deb javob berdilar.40
Paygʻambarimiz: «Sizlardan biringiz biror narsa ichganda, idish ichiga nafas chiqarmasin», – der edilar. U zot yeyiladigan va ichiladigan narsalar ichiga nafas chiqarishni man qilganlari kabi, oltin va kumush idishlarda yeb-ichishni ham man qilar edilar. Paygʻambarimiz suv ichganlarida, bir qadah suvni ikki-uch marta nafas olib ichar va: «Bu foydaliroq va chanqoqni yaxshiroq qondiradi», – der edilar. Yana: «Sizlardan biringiz biror narsa ichganda, bir nafasda ichmasin», – der edilar. Va: «Tuyalarga oʻxshab bir nafasda ichmanglar! Ikki yoki uch nafasda ichinglar! Ichayotganingizda „Bismillah!“, ogʻzingizni idishdan uzganingizda esa „Alhamdulillah!“ denglar!» – der edilar.41
Hazrati Navfal ibn Muoviya hikoya qiladi: «Koinot sarvari biror narsa ichganlarida uch marta nafas olar edilar. Avvalida ulugʻ Allohning ismini zikr qilib, „Bismillahir rohmanir rohim“ der, oxirida esa „Alhamdulillah“ deb hamd aytar edilar».42
Abu Umoma Bohiliyning rivoyat qilishicha, Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Aziz va Jalil boʻlgan Rabbim menga Makka vodiysini oltinga aylantirishni taklif qilganda, men: „Yoʻq! Yo Rabbim! Bir kun toʻq boʻlay, bir kun och boʻlay. Och paytimda Senga yolvoray va Seni zikr qilay. Toʻq paytimda esa Senga hamd aytay, shukr qilay!“ – dedim».43
Yeb-ichish ilmini oʻrganish ibodat ilmini oʻrganishdan oldin turadi. Ovqatdan oldin va ovqatdan keyin qoʻl yuvish, oʻng qoʻl bilan yeyish va oʻng qoʻl bilan ichish Rasulullohning odatlari edi. Ovqatdan oldin qoʻl yuvilganda avval yoshlar, ovqatdan keyin esa avval keksalar yuvadi.44 Tovoqning chetidan yeyish, oʻz oldidan yeyish, oʻng oyoqni tiklab, chap oyoq ustiga oʻtirish – Rasulullohning sunnatidir. Juda issiq narsani yemaslik va hidlamaslik kerak.
«Qoʻshnisi och boʻla turib, oʻzi qornini toʻydirgan kishi komil moʻmin emas!» Hadisi sharif
Ovqat paytida umuman gapirmaslikni Paygʻambarimiz maʼqul koʻrmas edilar. Bu – otashparastlarning odatidir. Xushchaqchaq suhbatlashib oʻtirish kerak.
Ovqatni tuz bilan boshlash va tuz bilan tugatish – Rasulullohning sunnati va shifodir. Islomda eng avval paydo boʻlgan bidʼatlardan biri – toʻyguncha yeyishdir. Har kuni goʻsht yeyish qalbga ogʻirlik beradi. Farishtalar buni yoqtirmaydi. Goʻshtni juda kam yeyish esa axloqni buzadi. Sufra, yaʼni yoyiladigan dasturxon ustida ovqatlanish va uni yerga yozish yaxshidir. Sufra ilgari teridan boʻlar edi. Oʻsimlik taomi juda foydali. Koʻkat taomi boʻlmagan dasturxon aqlsiz cholga oʻxshatilgan.
Imom Jaʼfari Sodiq: «Moli va farzandlari koʻp boʻlishini istagan kishi koʻkat taomlarni koʻp yesin!» – dedi. Avval dasturxon atrofiga oʻtirib, taomni keyin keltirish kerak.
Paygʻambarimiz: «Men bandaman. Bandalar kabi yerga oʻtirib yeyman», – dedilar.45
Ochiqmasdan yemaslik, toʻymasdan oldin turish [koʻp yemaslik], ajablanadigan narsa boʻlmasa, kulmaslik kerak. Paygʻambarimiz: «Yaxshiliklarning boshi – ochlik. Yomonliklarning boshi – toʻqlik», – der edilar. Taomning lazzati ochlik qancha kuchli boʻlsa, shuncha ortadi. Toʻqlik unutuvchanlikka olib keladi. U qalbni koʻr qiladi, mast qiluvchi ichimliklar kabi qonni buzadi. Ochlik esa aqlni tozalaydi, qalbni nurlantiradi. Fosiqlar va yomon kishilar bilan birga yeb-ichmaslik kerak. Qaynoq taomni yopib sovutish kerak.
Rasululloh: «Oʻng qoʻl bilan yenglar. Oʻng qoʻl bilan ichinglar», – der edilar. Uch barmoq bilan yeyish sunnatdir. Paygʻambarimiz: «Yo Ali! Taomni uch barmogʻing bilan ye, chunki shayton ikki barmogʻi bilan yeydi», – dedilar. Paygʻambarimiz nonni oʻng qoʻllari bilan olar, tarvuzni esa keyin chap qoʻllari bilan yer edilar. Nonni bir qoʻl bilan emas, ikki qoʻl bilan sindirish kerak.46 Luqma kichik boʻlishi va yaxshi chaynalishi lozim. Oʻngga, chapga, tepaga qaramay, oʻz luqmasiga va oldiga qarash kerak. Ogʻizni juda katta ochmaslik kerak. Dasturxon ustida qoʻlni kiyimga, sochga artish yaramaydi. Yoʻtalganda va aksirganda boshni orqaga burish kerak. Chaqirilmagan dasturxonga oʻtirilmaydi. Dasturxonda hammadan koʻp yemaslik kerak. Qorin toʻyganda, bu toʻqlikni gunoh qilishda ishlatmaslik uchun duo qilish lozim. Uning qiyomatdagi hisobini oʻylash kerak. Ibodat qilishga quvvat olish niyati bilan yeyish kerak. Och boʻlsa ham, shoshilmasdan yeyish kerak. Avval kattalar boshlashi kerak. Uch martadan ortiq «yeng» deb, hech kimni siquvga olmaslik kerak. Rasululloh kam yer, koʻp yemaslikka qattiq eʼtibor berar edilar. U zot: «Inson qalbi daladagi ekinga oʻxshaydi. Taom esa yomgʻir kabidir. Ortiqcha suv ekinni quritganidek, ortiqcha oziq qalbni oʻldiradi. Koʻp yeyuvchini, koʻp ichuvchini Allohu taolo sevmaydi», – der edilar.
Rasululloh meʼdaning uchdan birini taomga, uchdan birini ichimlikka ajratishni tavsiya qilar edilar. Uchdan birining havo ulushi, yaʼni boʻsh qolishi eng quyi darajadir. Eng yaxshi daraja – kam yeyish va kam uxlashdir. Koʻp yeyish – kasalliklarning boshi, kam yeyish esa – davolarning boshi. Mehmon uy egasidan tuz bilan nondan boshqa narsa kutmasligi kerak. Uy egasi mehmonga luqma uzatishi, qoʻliga suv quyishi lozim. Mehmon yaxshi koʻrgan narsani uning ogʻziga tutishi kerak. Mehmon toza joyga tushirib yuborgan narsani olib, unga berishi kerak. Ifloslangan boʻlsa, mushukka va boshqa hayvonlarga qoldirishi kerak. Bunday uyning barakasi ortadi. Hatto nabiralariga ham yetadi. Yerga tushganlar yigʻib olinmasa, ularni shayton yeydi.
Idishda qolganini sidirib yeyish sunnatdir. Kompot, ayron kabi narsalarning qoldigʻiga suv quyib, chayqatib ichishning savobi koʻpdir. Tovoqda, stakanda qoldiq qoldirish joizdir. Rasululloh moʻminning qoldigʻini yeyishni yaxshi koʻrar edilar.
Ovqatdan keyin tishlarni misvok va tish kavlagich bilan tozalash – Rasulullohning sunnatidir. Bu – poklikdir. Poklik iymonni mustahkamlaydi. Ovqatdan keyin uy egasiga baraka, rahmat va magʻfirat tilab duo qilinadi. Soʻngra ketishga izn soʻraladi. Uy egasi ham taomga taklif qilinadi.
Ovqat paytida qoʻrqinchli va jirkanch narsalarni gapirmaslik kerak. Oʻlim, kasallik haqida soʻz ochmaslik kerak. Dasturxonga keltirilgan taomlarga tikilib qarab oʻtirmaslik kerak. Bir luqmani yutmasdan, ikkinchisini qoʻlga olmaslik kerak. Ovqat orasida biror ish uchun, hatto namoz uchun ham dasturxondan turmaslik kerak. Namozni oldinroq oʻqib olish kerak. Agar tayyorlangan taomlar sovib yoki buzilib qoladigan boʻlsa va namoz vaqti uni ovqatdan keyin oʻqishga imkon bersa, namozdan oldin yeyish kerak. Dasturxon yigʻishtirilgandan keyin turish kerak. Yoʻl ustida, tik turib, yurib ketayotib yemaslik kerak. Ogʻizda, qoʻlda goʻsht, taom hidi boʻla turib yotmaslik kerak. Bolalarning qoʻlini ham yuvish kerak. Toʻq holda yotmaslik kerak. Oziq-ovqatni kerakligicha oʻlchab olish, oʻlchovsiz, koʻp olmaslik kerak. Aks holda isrof boʻladi. Yeb-ichish idishlarining qopqogʻi boʻlishi kerak. Daryodan, hovuzdan engashib, ogʻiz bilan ichmaslik kerak. Obdasta, koʻzaning ogʻzidan ham ichmaslik kerak. Piyola, stakanning kemtik joyidan ichmaslik kerak. Yozda salqin ichimlik ichish kerak. Rasululloh salqin sharbat ichishni yaxshi koʻrar edilar. Zamzam suvini tik turib ichish mumkin. Yoʻlovchi har qanday suvni tik turib ichishi mumkin, deyilgan. Och qoringa suv ichmaslik kerak. Suvni shoshilmasdan, soʻrib ichish kerak. Rasululloh halim taomini yaxshi koʻrar edilar. Harisani, yaʼni halim pishirishni Paygʻambarimizga Jabroil alayhissalom oʻrgatdi. Harisa kishini juda baquvvat qiladi. Barcha paygʻambarlar arpa noni yeganlar. Rasululloh qovoq holvasini va yasmiq shoʻrvasini, ov goʻshtini va qoʻy goʻshtini yaxshi koʻrar edilar. Qoʻyning qoʻl, toʻsh va kurak goʻshtini yaxshi koʻrar edilar. Uloqning kurak goʻshtini esa juda yaxshi koʻrar edilar. Uloq goʻshti oson hazm boʻladi. U har kimga mos keladi.47
«Yaxshiliklarning boshi – ochlik. Yomonliklarning boshi – toʻqlik» Hadisi sharif
Erkak hayvonning goʻshti urgʻochisinikidan, qoramtir goʻsht oq goʻshtdan osonroq hazm boʻladi. Hazm boʻlishining osonligi va lazzati jihatidan qoʻy goʻshti va sigir suti yaxshiroqdir.
Ov goʻshtlarining eng yaxshisi – kiyik goʻshti. Quyon goʻshti halol. Paygʻambarimiz uni yeganlar. U siydik haydaydi, ortiqchasi uyqusizlik keltiradi. U har kimga mos keladi. Qush, joʻja goʻshti hamma uchun yaxshi. Uy parrandalaridan goʻshti eng yaxshisi – tovuq.
Paygʻambarimiz: «Sirka qanday yaxshi yegulik!» – dedilar. Sirka – eng foydali taom. Xurmo ham taomdir, yaʼni non bilan yeyiladi. Uzum ham taom, ham mevadir. Uzumni non bilan yeyish sunnatdir. Xurmoni toq yeyish sunnatdir. Mayiz, yongʻoq, bodom yeyish sunnatdir. Asalda shifo bor. Yetmish paygʻambar asalga baraka tilab duo qilgan. Rasululloh xurmoni juda yaxshi koʻrar edilar. Xurmoni qovun, tarvuz bilan birga yer edilar. Qovun, tarvuz buyraklarni tozalaydi, bosh ogʻrigʻini ketkazadi. Ichakdagi qurtlarni tushiradi. Koʻzlarga quvvat beradi. Palov yeganda salavot aytish kerak. Paygʻambarimiz baqlani poʻsti bilan yeyishni maqtadilar. U zot: «Habbatus savdo, yaʼni sedana – dardlarga davo», – dedilar. Yongʻoqni pishloq bilan yeyish shifodir. Ularni alohida yeyish zararlidir. Ularni biror narsa bilan birga yeyish kerak. Paygʻambarimiz uzum boshini chap qoʻllariga olib, uzumni oʻng qoʻllari bilan yer edilar.48 Behi qalbdagi siqilishni ketkazadi. Har bir qovun, tarvuz va anorda bir tomchi jannat suvi bor. Anorni yolgʻiz yeyish, uning bir tomchisini ham isrof qilmaslik kerak. Anor yurak oʻynogʻiga foydali. U meʼdani mustahkamlaydi. Donalari bilan birga siqib ichilsa, oʻt haydaydi, ich qotishini ketkazadi. Anjir qalbga rohat beradi. U bel-yelka ogʻrigʻini, hazm aʼzolarining sanchigʻini ketkazadi.
Yashil bodringni tuz bilan yeyish, yongʻoqni xurmo va asal bilan yeyish – Rasulullohning sunnatidir.49 Paygʻambarimiz baqlajonni maqtadilar va: «Uni zaytun yogʻi bilan pishiringlar», – dedilar.
Semizoʻtni ham maqtadilar. Karafs unutuvchanlikni ketkazadi. U siydik haydaydi. Qon va sut hosil qiladi. Jigarni tozalaydi. Harshaf, yaʼni artishok oʻt toshini eritadi, qonni tozalaydi, tomirlar qotishiga yaxshi taʼsir qiladi. Ter hidini ham ketkazadi. Bir yurtga kelgan kishining avval biroz xom piyoz yeyishi sogʻliqqa foydali. Piyoz mikroblarga qarshi turish kuchini oshiradi. Piyozdan keyin karafs yeyilsa, uning yoqimsiz hidini ketkazadi. Ruda oʻti taom bilan yeyilsa ham hidi ketadi, deyilgan. Rasulullohning eng oxirgi yegan taomlari ichida piyoz bor edi. U zot: «Piyoz va sarimsoqni pishirilgan holda yenglar», – der edilar. Ularning hididan farishtalar ozor chekadi. Turp siydik haydaydi. Hazmni osonlashtiradi.
Paygʻambarimizning muborak soqol va sochlari
Paygʻambarimizning muborak sochlari va soqol tolalari juda jingalak ham, butunlay tekis ham emas, yaratilishdan toʻlqinsimon edi. Muborak sochlari uzun edi. Avvaliga sochlarini peshonalariga tushirib yurar, keyinchalik ikki tomonga ajratadigan boʻldilar. Muborak sochlarini baʼzan oʻstirar, baʼzan esa kesib, qisqartirar edilar.
Rasulullohning muborak sochlari qanday boʻlgani haqida hazrati Anas ibn Molikdan soʻralganda, u shunday javob berdi: «Juda jingalak emas edi, butunlay tekis ham emas edi. Ikkisi oʻrtasida, oʻrtacha edi. Uzunligi esa quloqlari bilan yelkalari usti oʻrtasigacha yetar edi».50 Hazrati Ibn Abbos: «Faxri olam muborak sochlarini peshonalari ustiga tushirib yurar edilar. Keyinchalik muborak sochlarini ikki tomonga ajratadigan boʻldilar», – dedi.51 Olimlar shunday deyishgan: «Sochni ikki tomonga ajratish – Faxri koinotning sunnatidir, chunki keyinchalik u zot shunday qiladigan boʻlgan edilar. Peshona ustiga tushirish ham joiz, ikki tomonga ajratish ham joiz. Lekin ajratish afzalroq».
Hazrati Oishai Siddiqa onamiz: «Paygʻambarimizning muborak sochlari jummadan yuqoriroq, vafradan pastroq edi», – dedi.52 Yelka boshlariga yetadigan sochga «jumma» deyiladi. Quloq yumshogʻiga yetadigan sochga esa «vafra» deyiladi. Xullas, hazrati Oisha onamizning rivoyatiga koʻra, Rasulullohning muborak sochlari muborak quloqlarining yumshogʻidan pastroq tushar, lekin yelkalariga yetmas edi, yaʼni ikkisining oʻrtasida edi.
Qozi Iyoz hazratlari shunday dedilar: «Bu rivoyatlar shunday muvofiqlashtiriladi: muborak quloqlari tomonidagi sochlari muborak quloq yumshoqlariga yetadigan darajada edi. Orqa tomondagi sochlari esa muborak yelkalariga yetar edi». Yana shunday dedilar: «Baʼzi rivoyatlarda quloqlarigacha tushar edi, baʼzilarida muborak yelkalarigacha tushar edi, deyilishining sababi shuki, bir vaqtda unday, boshqa bir vaqtda bunday boʻlgan. Rivoyatlarning hammasi toʻgʻri. Paygʻambarimiz muborak sochlarini baʼzan oʻstirar edilar, shunda sochlari yelka boshlarigacha tushar edi. Baʼzan esa kestirar edilar, shunda muborak quloqlarining yumshogʻiga yoki oʻrtalariga yetar edi». Erkaklarning boshlarini qirtishlatishi yoki sochlarini oʻstirib, tarab, ikki tomonga ajratishi sunnatdir. Vaziyatga, odatga, zamonga qarab ish tutish kerak. Sochni burish, oʻrish makruhdir. Yuzni ayollarnikidek silliq qilish, ayollarga oʻxshash uchun soqolni qirdirish, iyakni qirtishlab, yonoqlar ustida soqol oʻstirish haromdir.
Hazrati Anas Rasulullohning muborak soqollarini shunday tasvirlaydi: «Paygʻambarimizning muborak soqollarida oq juda oz edi. Muborak boshlarida va muborak soqollarida oq tolalar oʻn yetti yoki oʻn sakkiztadan ortiq emas edi».
Bir kuni hazrati Abu Bakr Siddiq: «Oqarib qolibsiz, yo Rasulalloh», – deganda, Rasululloh shunday dedilar: «Meni Hud, Voqea, Mursalot, Nabaʼ (Amma yatasaalun) va Takvir (Izash-shamsu kuvvirat) suralari oqartirdi».53
Yaʼni bu suralarda jannat va jahannam hollari koʻp zikr qilingan. «Ummatimning holi ne kecharkin, deb gʻam-qaygʻudan sochim va soqolim oqardi», – dedilar. Amr ibn Shuʼayb: «Rasululloh muborak soqollarining enidan ham, boʻyidan ham olar edilar», – dedi. Termiziy hazratlari bildirgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz: «Moʻylovini qisqartirmagan kishi bizdan emas», – dedilar.54 Boshqa bir hadisi sharifda esa: «Soqollaringizni oʻstiringlar va moʻylovlaringizni yaxshilab qisqartiringlar», – deyildi.55 Ibn Abdulhakim: «Moʻylovni yaxshilab kesish, soqolni esa kesmaslik kerak. Moʻylovni yaxshilab kesishdan maqsad – uni qirtishlash emas», – dedi. Imom Navaviy hazratlari: «Moʻylov kesishda toʻgʻrisi shuki, uni labning cheti koʻringuncha kesish, tagidan kesmay, qisqartirish kerak», – dedilar.
«Piyoz va sarimsoqni pishirilgan holda yenglar» Hadisi sharif
Olimlar moʻylovning ustini qirqib, ikki chetidan uchlarini osiltirib qoʻyishni makruh sanadilar. Ibn Umar shunday hikoya qiladi: «Rasulullohga majusiylar (otashparastlar) jamoasi haqida gapirib berishdi. Shunda Rasululloh: „Ular moʻylovlarining uchlarini oʻstiradilar va soqollarini qirdiradilar. Unday boʻlsa, sizlar ularga xilof qilinglar“, – dedilar».56
Abu Umoma: «Yo Rasulalloh! Ahli kitob soqollarini qirqadilar va moʻylovlarini oʻstiradilar», – deganda, Rasululloh: «Sizlar moʻylovlaringizning uchini qirqinglar va soqollaringizni oʻstiringlar», – dedilar.
Olimlarning bildirishicha, moʻylovni qirqib, qoshlar qadar qisqartirish sunnatdir. Soqolni bir tutam uzunlikda qoʻyish va bir tutamdan ortigʻini kesish sunnatdir. Soqolni bir tutamdan qisqa qoldirish ham sunnatga muvofiq emas. Sunnatga ergashish niyati bilan qisqa soqol qoʻyish bidʼat, harom boʻladi. Soqol qoʻyish – sunnati zavoiddir. Amri maʼruf uchun, nafaqa topish uchun, fitna chiqishining oldini olish uchun soqolni butunlay qirdirish joiz va lozim boʻladi. Bular sunnatni tark qilishga uzr boʻladi. Lekin qisqa soqol qoʻyib, bidʼat qilishga uzr boʻlmaydi.
Paygʻambarimiz kiygan kiyimlar
U zot kiyish joiz boʻlgan kiyimlardan nima topsalar, shuni kiyar edilar. Qalin matodan ehrom shaklida tikilmagan narsalarga oʻranar, bellariga foʻta oʻrar, koʻylak va jubba ham kiyar edilar. Ular paxtadan, jundan yoki qildan toʻqilgan edi. Koʻpincha oq, baʼzan yashil kiyim kiyar edilar. Tikilgan kiyim kiygan vaqtlari ham boʻlar edi. Juma va hayitlarda, chet el elchilari kelganda va jang paytlarida qimmatbaho koʻylaklar, jubbalar kiyib chiqar edilar. Kiyimlarining rangi koʻpincha oq boʻlar edi. Yashil, qizil va qora boʻlgan vaqtlari ham boʻlar edi. Kiyimlari qoʻllarini bilaklarigacha, muborak oyoqlarini boldirning yarmigacha yopib turar edi. Imom Termiziy (rahimahullohu taolo) «Shamoili sharif» kitobida shunday deydi: «Rasululloh qamis, yaʼni koʻylak kiyishni yaxshi koʻrar edilar. Koʻylaklarining yenglari bilaklarigacha uzun edi. Koʻylaklarining yengida va yoqasida tugma yoʻq edi. Poyabzallari teridan boʻlib, bir tasmasi va ikki qiboli bor edi. Qibol – bir uchi oʻsha tasmaga, ikkinchi uchi poyabzalning old uchiga tikilgan qayish. U ikki barmoq orasidan oʻtadi. Kiyim va poyabzal kiyishda odatga ergashiladi. Odatdan chetga chiqish shuhratga sabab boʻladi. Shuhratdan saqlanish lozim. Makkaga kirgan vaqtlarida muborak boshlarida qora salla oʻralgan edi». Koʻpincha oq, baʼzan qora dokani boshlariga salla qilib oʻrab, uchini ikki yelkalari orasiga bir qarich chamasi osiltirib qoʻyar edilar. Sallalari juda katta ham, juda kichik ham boʻlmay, taxminan uch yarim metr uzunlikda edi. Sallalarini doʻppisiz oʻrar, baʼzan sallasiz qavilgan doʻppi kiyar edilar. Paygʻambarimizning paxta va zigʻir ipidan toʻqilgan yoʻl-yoʻl, chiziqli Yaman matosidan tikilgan Hibara deb ataladigan bir kiyimlari bor edi. Bu kiyimni kiyishni juda yaxshi koʻrar edilar. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) bir oq kiyimlari ham bor edi. U zot: «Kiyimlaringizning oqini kiyinglar! Tiriklaringiz oq kiyim kiysin. Oʻliklaringizni ham oq kafanga oʻranglar! Chunki u kiyimlaringizning eng xayrlisi va eng yaxshisidir!» – der edilar.57
«Shuhrat va koʻz-koʻz qilish uchun kiyim kiygan kishidan, uni yechmaguncha, Alloh yuz oʻgiradi! Qiyomat kuni unga xorlik kiyimini kiydiradi!» Hadisi sharif
Paygʻambarimizning yashil kiyim kiyganlari ham koʻrilgan. Hazrati Abu Rimsa Paygʻambarimizni ustlarida ostki va ustki ikki boʻlakdan iborat yashil kiyim boʻlgan holda koʻrganini aytadi.58 Paygʻambarimiz ola-chalpoq Hullani ham kiyar edilar. Hazrati Baro ibn Ozib: «Qizil (ola) Hulla deb ataladigan kiyimda, sochlari quloq yumshogʻiga yetgan kishilar orasida Rasululloh alayhissalomdan chiroylirogʻini koʻrmadim!» – dedi.59 Paygʻambarimizning juma va hayit kunlari kiyadigan bir qizil jubbalari bor edi. Paygʻambarimizning Yamanda tikilgan bir jubbalari ham bor edi. Paygʻambarimiz yenglarining uchi tor boʻlgan, Shomda tikilgan jubbani safarlarda kiyar edilar. Paygʻambarimiz Eron shohlari kiyadigan taylason matosidan tikilgan, yoqasiga atlas parchasi tikilgan, etagining old va orqadagi ikki ochiq joyida va yenglarida atlas hoshiyasi boʻlgan jubbani janglarda dushman bilan yuzma-yuz kelgan paytlarida kiyib yurar edilar.
Bu jubba hazrati Oisha vafot etguncha uning yonida turdi, undan keyin uni Asmo bint Abu Bakr oldi. Paygʻambarimiz kiygan bu jubba yuvilgan suv bilan kasallar yuvintirilar va shifo topar edi.60 Dumatul Jandal gʻazotida olingan oʻljalar orasidagi bir jubba sevimli Paygʻambarimizning ulushlariga tushdi. Uning arqogʻi ham, tanda ipi ham ibrishimdan toʻqilgan, matosi atlas edi, naqsh joylariga esa oltin zar bilan xurmo barglari tikilgan edi. Paygʻambarimiz bu jubbani kiyib, minbarga chiqib oʻtirdilar va hech narsa demay minbardan tushdilar. Sahobai kirom qoʻllarini unga tekkizishar, qarashar, chiroyiga hayron qolishar edi. Paygʻambarimiz: «Buning chiroyiga ajablanyapsizlarmi? Bu sizlarga juda yoqdimi?» – deb soʻradilar. Ular: «Biz bundan chiroyliroq kiyim koʻrmaganmiz!» – deyishdi. Paygʻambarimiz: «Vujudim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohga qasamki, Saʼd ibn Muozning jannatdagi roʻmollari siz koʻrayotgan narsadan chiroyliroq va yoqimliroqdir!» – dedilar.
Paygʻambarimiz: «Shuhrat va koʻz-koʻz qilish uchun kiyim kiygan kishidan, uni yechmaguncha, Alloh yuz oʻgiradi! Qiyomat kuni unga xorlik kiyimini kiydiradi!» – dedilar.
Yana Paygʻambarimiz: «Shuhrat va koʻz-koʻz qilish uchun kiyim kiygan kishiga qiyomat kuni Alloh xuddi shunday kiyim kiydiradi. Soʻngra uni olov bilan alangalatadi!» – dedilar.
Hazrati Sahl ibn Saʼd shunday deydi: «Bir ayol Rasululloh alayhissalomga oʻzi toʻqigan jiyaklik bir burda61 keltirdi va: „Yo Rasulalloh! Buni oʻz qoʻlim bilan toʻqidim. Oliy zotingizga hadya qilib keltirdim“, – dedi. Rasululloh hadyasini qabul qildilar. Bu burdaga oʻranib, oldimizga chiqdilar. Jamoatdan biri unga qoʻlini tekkizib: „Yo Rasulalloh! Bu burdadan chiroylirogʻi boʻlmaydi! Uni menga berasizmi?“ – dedi. Rasululloh: „Mayli!“ – dedilar. Masjidda biz bilan suhbatlashib, nasihat qilganlaridan keyin uylariga qaytdilar va burdani oʻratib, haligi kishiga yubordilar. Jamoat haligi kishini: „Sen hech ham yaxshi ish qilmading! Rasululloh kiyib turgan va oʻzlariga kerak boʻlgan narsani u zotdan soʻrading! Rasululloh alayhissalom hech bir soʻrovchini rad qilmasliklarini, quruq qaytarmasliklarini sen ham bilasan-ku!“ – deb koyishdi. Haligi kishi: „Vallohi, men uni kiyish uchun soʻramadim. Oʻlgan kunim kafanim boʻlsin deb soʻradim!“ – dedi. Haqiqatan ham, oʻsha burda u vafot etgan kuni uning kafani boʻldi».62 Paygʻambarimizning qora jun kiyim kiygan vaqtlari ham boʻlgan. Hazrati Oisha onamiz: «Rasululloh alayhissalom uchun qora jundan bir kiyim tikilgan edi. Uni kiyib terlaganlarida, junning hidini sezdilar. Darhol uni ustlaridan yechib qoʻydilar, chunki u zot faqat xushboʻy hidni yoqtirar edilar», – dedi. Paygʻambarimiz ustdan kiyiladigan toʻnning etagini faqat boldirning yarmigacha yoki biroz pastroq – toʻpiqlargacha tushirishga ruxsat berar, toʻpiqlardan pastroq, yaʼni yerda sudraladigan qilib tushirishni man qilar edilar. Kibrlanib, toʻnlarini yerda sudrab yuradigan erkaklarga qiyomat kuni ulugʻ Alloh rahmat nazari bilan qaramasligini aytar edilar.
Bir kuni Paygʻambarimiz hazrati Jobir ibn Sulaymga shunday dedilar: «Toʻningning etagini boldiringning yarmigacha tushir! Buni qila olmasang, toʻpiqlaringgacha tushir! Yerda sudraladigan qilib tushirishdan saqlan! Chunki bu – gʻurur alomatidir. Allohu taolo esa gʻururlanishni sevmaydi!» Shuning uchun Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) toʻnini boldirining yarmigacha tushirib kiyar edi.63
«Yaman tomonidan rahmat shamoli esayotganini sezyapman» Hadisi sharif
Paygʻambarimizning bir qavat paxta ipidan toʻqilgan boʻzdan tikilgan koʻylaklari bor edi. Hazrati Oisha onamiz hikoya qiladi: hazrati Abu Jahm Paygʻambarimizga usti naqshli bir joynamoz hadya qilgan edi. Bir kuni Paygʻambarimiz bu joynamoz ustida namoz oʻqiyotganlarida, muborak koʻzlari naqshga tushdi. Salom bergach, u zot: «Buni Abu Jahmga olib boringlar. U hozirgina namozimda xayolimni chalgʻitdi. Menga naqshsiz, oddiysini keltirsin», – dedilar.
Madina tuprogʻi nam va shoʻr boʻlgani uchun Paygʻambarimiz vafot etganlarida bu joynamoz u zotning muborak qabrlari tagiga toʻshaldi.
Vaysul Qaraniy hazratlariga yuborgan Xirqai shariflari
Uvays ibn Omir Qarniy (roziyallohu anhu) tobeʼinlarning ulugʻlaridandir. U Yamandagi Qarn qishlogʻidan. Musulmon boʻlgach, butun umri davomida sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) ishqlari bilan yonib-oʻrtandi, bir lahza ham Rabbini unutmadi. Bandalikda shunday darajaga yetdiki, uning har bir holi, har bir harakati va har bir soʻzi insonlarga ibrat va nasihat boʻldi. U hech kimdan ranjimadi va hech kimni ranjitmadi. Uning eng muhim sifatlari – Paygʻambarimizga boʻlgan ishqi, ibodatni jonu dili bilan kanda qilmasligi va onasiga boʻlgan hurmatidir. Onasiga koʻp xizmat qilib, uning xayrli duosini oldi. Uning sevimli Paygʻambarimizga boʻlgan bu muhabbati va Islomga sadoqati Paygʻambarimizning uni madh etishlariga sabab boʻldi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) vaqt-vaqti bilan muborak yuzlarini Yaman tomonga burib: «Yaman tomonidan rahmat shamoli esayotganini sezyapman», – der edilar. Yana shunday dedilar: «Qiyomatda Allohu taolo Uvays suratida yetmish ming farishta yaratadi va ular Uvaysni oʻz oralarida Arasotga olib boradilar. U jannatga kiradi va Allohu taolo xohlaganlaridan (bildirganlaridan) boshqa biror maxluq ularning qaysi biri Uvays ekanini bilmaydi». «Ummatimdan bir kishi borki, u qiyomatda Robiʼa va Muzar qabilalari qoʻylarining junlari sonicha kishiga shafoat qiladi». Sahobai kirom: «Yo Rasulalloh, u kim?» – deyishdi. U zot: «Allohning bandalaridan biri», – dedilar. Ular: «Biz hammamiz bandamiz; uning ismi nima?» – deyishdi. U zot: «Uvays», – dedilar. Ular: «Qayerlik?» – deb soʻrashdi. Rasululloh: «Qarnlik», – dedilar. «U sizni koʻrganmi?» – deb soʻrashganda, u zot: «Bosh koʻzi bilan koʻrmagan», – dedilar.
Ular: «Ajabo, sizga shunchalik oshiq boʻlsinu, xizmatingizga, huzuringizga shoshilib kelmasa», – deyishdi. Rasululloh: «Ikki sababdan. Birinchisi – u oʻz hollariga magʻlub. Ikkinchisi esa – mening dinimga sadoqatli boʻlgani uchun. Uning keksa onasi bor, u iymon keltirgan. Koʻzlari koʻrmaydi, qoʻl-oyoqlari harakatlanmaydi. Uvays kunduzlari tuya choʻponligi qilib, olgan haqini oʻzining va onasining nafaqasiga sarflaydi», – dedilar. «Biz uni koʻramizmi?» – deyishdi. Hazrati Abu Bakrga u zot: «Sen uni oʻz zamoningda koʻrmaysan», – dedilar. Hazrati Umar bilan hazrati Aliga esa: «Sizlar uni koʻrasizlar. Uning badani tuklidir. Chap biqinida va kaftining ichida bir kumush tanga kattaligida oqlik bor. Bu pes kasalligining oqligi emas. Uning oldiga borganingizda, mening salomimni yetkazinglar va ummatimga duo qilishini aytinglar», – dedilar.
Vaysul Qaraniy (Uvays Qarniy) hazratlari onalari vafot etgandan keyin Qarn qishlogʻidan chiqib, Kufa shahriga ketdilar. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) vafotlari yaqinlashganda: «Xirqangizni kimga beraylik?» – deyishdi. U zot: «Uvays Qarniyga beringlar», – dedilar. Rasululloh vafot etganlaridan keyin hazrati Umar bilan hazrati Ali Kufaga kelishganda, hazrati Umar: «Ey Najd ahli, orangizda Qarndan biror kishi bormi?» – dedi. Ular: «Ha», – deyishdi. U ulardan hazrati Uvays haqida soʻradi. Ular: «Bilamiz. U siz izlaydigan darajadan ancha past bir kimsa. Devona, aqlsiz, odamlardan qochib yuradigan bir holatda», – deyishdi.
«Yo Rabbim! Bu Xirqai sharif hurmatiga, sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) hurmatiga Muhammad ummatining hammasini afv et» Hazrati Uvays (roziyallohu anhu)
Xirqai sharif
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Vaysul Qaraniy (rahmatullohi alayh) hazratlariga hadya qilgan muborak xirqalarini muborak Ramazon oyida Istanbulning Fotih tumanidagi Xirqai sharif masjidida ziyorat qilish mumkin.
Hazrati Umar (roziyallohu anhu): «Men uni izlayapman; u qayerda?» – dedi. Ular: «U Arna vodiysida tuyalarimizni boqadi, biz ham buning evaziga unga kechki ovqat beramiz. Sochi-soqoli toʻzgʻigan, shaharlarga kelmaydi, hech kim bilan suhbatlashmaydi, odamlar yegan narsani yemaydi. Qaygʻuni ham, shodlikni ham bilmaydi: odamlar kulganda u yigʻlaydi, odamlar yigʻlaganda u kuladi», – deyishdi. Hazrati Umar: «Men xuddi shuni izlayapman», – dedi. Ular uning qayerdaligini aytib berishdi. Hazrati Umar bilan hazrati Ali uning oldiga borishdi. Uni namoz oʻqiyotgan holda koʻrishdi. Allohu taolo uning tuyalarini boqish uchun bir farishtani vazifalantirgan edi. Uvays namozini tugatib, salom bergach, hazrati Umar oʻrnidan turib, salom berdi. U salomga alik oldi. Hazrati Umar: «Isming nima?» – deb soʻradi. U: «Abdulloh, yaʼni Allohning bandasi», – dedi. Hazrati Umar: «Hammamiz Allohning bandalarimiz; asl isming nima?» – deb soʻraganda, u: «Uvays», – dedi. Hazrati Umar: «Oʻng qoʻlingni koʻrsat», – dedi. U koʻrsatgach, hazrati Umar shunday dedi:
«Paygʻambarimiz sizga salom aytdilar. Muborak xirqalarini sizga yuborib: „Olib kiysin, ummatimga ham duo qilsin“, – deb vasiyat qildilar».
Uvays: «Yo Umar! Men zaif, ojiz va gunohkor bir bandaman.
Diqqat qiling, bu vasiyat boshqa birovga tegishli boʻlmasin?» – deganda, hazrati Umar: «Yoʻq, yo Uvays, biz izlagan kishi – sensan. Paygʻambarimiz sening qiyofangni va sifatlaringni aniq bildirdilar», – deb javob berdi.
Shundan keyin hazrati Uvays Xirqai sharifni hurmat bilan oldi, oʻpdi, hidladi, yuz-koʻziga surtdi. Uzoq yigʻladi va: «Sizlar shu yerda kutib turinglar», – deb, ularning yonidan ketdi. Biroz narida sajdaga bosh qoʻydi. Koʻz yoshlari ichida Allohu taologa yolvorib, Muhammad ummatining afv etilishi uchun duo qila boshladi. Hoʻngrab yigʻlab, yolvorib, shunday duo qildi: «Yo Rabbim! Sevimli Paygʻambarimiz, garchi munosib boʻlmasam ham, Sening bu faqir, ojiz bandangga hazrati Umar va hazrati Ali orqali Xirqai shariflarini yuboribdilar. Gunohkor ummatimga duo qilsin, debdilar. Yo Rabbim! Bu Xirqai sharif hurmatiga, sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) hurmatiga Muhammad ummatining hammasini afv et… Afv et, Allohim, afv et… Allohim…» Koʻplab gunohkor musulmonlarning afv etilgani bildirilgach, Xirqai sharifni hurmat bilan kiydi.
Vaysul Qaraniyga hadya qilingan bu Xirqai sharif Van atrofidagi Irison beklarigacha yetib kelgan va 1618 yilda usmonli podshohlaridan sulton Usmonxon II huzuriga keltirilib, hadya qilingan. Sulton Abdulmajidxon bu Xirqai sharif uchun Fotihda «Xirqai sharif masjidi» deb ataladigan masjid qurdirgan. Sevimli, sharafli Paygʻambarimizning muborak tanalarining gul hidini hamon oʻsha tarovatda saqlab kelayotgan va asal koʻpigidek krem rangidagi bu muborak Xirqai sharif har yili muborak Ramazon oyida oyna ortida xalqqa ziyorat qildiriladi.
Hazrati Kaʼb ibn Zuhayrga bergan Xirqai saodatlari
Shoirlar oilasining farzandi boʻlgan hazrati Kaʼb ibn Zuhayr (roziyallohu anhu) ham shoir edi. Ilgari u Paygʻambarimizga va Islomga qarshi sheʼrlar aytar edi. Buni Paygʻambarimizga xabar qilishdi va u zot uni qayerda koʻrilsa, oʻsha yerda oʻldirishni buyurdilar.
«Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa ibodatga loyiq iloh yoʻq. Muhammad alayhissalom – Uning bandasi va rasulidir» Kaʼb ibn Zuhayr (roziyallohu anhu)
Undan oldinroq musulmon boʻlgan birodari hazrati Bujayr (roziyallohu anhu) unga maktub orqali bu qarorni xabar qildi va agar musulmon boʻlsa, rahmat dengizi boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz uni afv etishlarini yozdi. Maktubni oʻqigan hazrati Kaʼb chuqur oʻyga toldi. Butlarga sigʻinishning maʼnosizligini, Islomning ulugʻligini va Paygʻambarimizning buyukliklarini anglay boshladi, koʻngli yorisha boshladi. Nihoyat, musulmon boʻlishga qaror qilib, nurli Madina yoʻliga tushdi. Paygʻambarimizni (sallallohu alayhi vasallam) madh etgan, oʻzining tavba qilib, musulmon boʻlganini bildirgan uzun bir sheʼr yozdi. Madinaga yetib kelgach, Juhayna qabilasidan boʻlgan bir doʻsti bilan Paygʻambarimizning huzurlariga bordi. Paygʻambarimiz sahobalari bilan suhbatlashib oʻtirgan edilar. Hazrati Kaʼb oʻzini tanitmasdan oldin: «Yo Rasulalloh! Kaʼb ibn Zuhayr qilganlariga pushaymon boʻlib, musulmon boʻlib, omonlik soʻrab kelibdi. Uni huzuringizga keltirsam, unga omonlik berib, musulmon boʻlishini qabul qilasizmi?» – dedi. Paygʻambarimiz: «Ha», – dedilar. Shunda hazrati Kaʼb: «Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa ibodatga loyiq iloh yoʻq. Muhammad alayhissalom – Uning bandasi va rasulidir», – dedi. Paygʻambarimiz: «Sen kimsan?» – deb soʻradilar. U: «Men – Kaʼb ibn Zuhayrman, yo Rasulalloh», – dedi. Ansorlardan biri: «Yo Rasulalloh, izn bering, sizga dushmanlik qilgan bu kimsaning boshini tanidan judo qilay», – deganda, Paygʻambarimiz: «Uni qoʻy. U avvalgi holidan pushaymon boʻlib, Haqqa qaytib keldi», – dedilar. Shundan keyin Kaʼb ibn Zuhayr (roziyallohu anhu) oʻzining musulmon boʻlganini, sevimli Paygʻambarimizning va sahobai kiromning ulugʻligi va qadrini bayon qilgan mashhur qasidasini oʻqidi. «Bonat Suʼod / Sevgili uzoqlashdi» soʻzlari bilan boshlanib, shunday davom etadigan bu qasida Paygʻambarimizga juda yoqdi:
Har bir inson, shubhasiz, bir kun tobut ustida koʻtarilur…
Uzr soʻrab keldim, yo Rasulalloh, oliy huzuringizga…
U zotning afvi – eng koʻp umid qilingan narsa…
U zotning huzurida uzr qabul boʻlur…
Menga rahm qiling, yo Rasulalloh…
Meni afv eting, yo Rasulalloh…
Shubhasiz, Rasululloh – Haq taoloning
Yomonliklarni yoʻq qiluvchi, qinidan chiqqan oʻtkir qilichlaridan bir qilichdirlar…
U zot – hidoyat sochuvchi, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi bir nurdirlar…
U zot uni afv etdilar. Kaʼb esa mana bu baytga yetganda:
Innar-Rasula la nurun yustazou bihi,
Muhammadun min suyufillahi maslulu.
Rasululloh bir nurdirlar, u zot ila xalq ziyo topur,
Haq taoloning qinidan chiqqan qilichlaridan bir qilichdirlar,
ikki jahon sarvari, Faxri olam Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi vasallam) muborak yelkalaridan «Xirqai saodat» deb ataladigan xirqalarini yechib, hazrati Kaʼb ibn Zuhayrning yelkalariga yopdilar.64
Hazrati Muoviya xalifaligi davrida Kaʼb ibn Zuhayrga: «Rasulullohning xirqalarini bizga sot!» – deb xabar yubordi. Unga oʻn ming dirham yubordi. Kaʼb ibn Zuhayr: «Rasulullohning xirqalarini kiyish masalasida men hech kimni oʻzimdan afzal koʻra olmayman!» – deb, hazrati Muoviyaning istagini rad etdi. Hazrati Kaʼb ibn Zuhayr vafot etgach, hazrati Muoviya uni Kaʼbning oʻgʻillaridan yigirma ming dirhamga sotib oldi. Paygʻambarimizning hazrati Kaʼb ibn Zuhayrga bergan bu muborak xirqalari xalifadan xalifaga meros boʻlib oʻtdi.
Umaviylar saltanati qulagandan keyin uni Abbosiylarning birinchi xalifasi Abul Abbos Saffoh ibn Abdulloh ibn Muhammad uch yuz dinorga sotib oldi. Hayitlarda uni xalifalar kiyar edi. Abbosiylar Misrga kelishganda uni oʻzlari bilan olib kelishdi. Yavuz sulton Salimxon hazratlari Misrni olib, xalifa boʻlganlarida, bu muborak xirqa Misrdagi boshqa «Muborak omonatlar» bilan birga Istanbulga keltirildi. Uni Istanbulda, Topqopi saroyining «Xirqai saodat xonasi»da hamma ziyorat qilishi mumkin.
Bu muborak xirqa 124 santimetr uzunlikda, keng yengli, qora jun matodan tikilgan. Xirqaning ichi krem rangli jun mato bilan qoplangan. U bir necha tugunchaga oʻralgan holda sulton Murodxon III yasatgan, ustidan ochiladigan qopqoqli oltin sandiq ichida saqlanadi. Xirqai saodatning bu sandigʻi sanʼat jihatidan gʻaroyib asar boʻlib, buning ustiga zumradlar bilan ham bezatilgan. Sandiq ustida shunday yozilgan:
«La ilaha illalloh, va mo arsalnaka illa rahmatan lil olamiyn. La ilaha illallohul malikul haqqul mubiyn, Muhammadur Rasululloh, as-sodiqul vaʼdil amiyn».
Paygʻambarimizning toʻshaklari
Paygʻambarimiz ustida yotib uxlaydigan toʻshakning (oʻrinning) usti teridan edi. Ichiga xurmo tolasi toʻldirilgan edi. Uning ustida oʻzlari ham, zavjalari ham yotar edilar. Paygʻambarimiz muborak boshlari ostiga qoʻyadigan yostiqning ham usti teridan boʻlib, ichiga xurmo tolasi toʻldirilgan edi. Paygʻambarimiz dunyoga va dunyodagi narsalarga ahamiyat bermas edilar.
Abdulloh ibn Masʼud hikoya qiladi: Koinot sarvari bir boʻyra ustida yotib uxlagan edilar va boʻyra u zotning muborak biqinlarida iz qoldirgan edi. Uygʻonganlarida, muborak biqinlarini uqaladim va: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Bizga aytganingizda edi, boʻyra ustiga siz uchun undan saqlaydigan biror narsa yozar edik!» – dedim. Soʻngra: «Sizga yumshoq bir toʻshak olsak-chi?» – dedim.
Koinot sarvari: «Dunyoga oid narsalar menga nimaga kerak? Mening dunyo bilan misolim, holim – bir daraxt soyasida biroz dam olgach, uni qoldirib, yoʻlida davom etgan bir otliqning misoli, holi kabidir!» – dedilar.65 Hazrati Oisha onamiz hikoya qiladi: Yonimga ansorlardan bir ayol keldi. Rasul alayhissalomning toʻshaklarini koʻrib, borib, ichiga jun toʻldirilgan bir toʻshak yubordi.
Rasul alayhissalom yonimga kelib: «Bu nima?» – deb soʻradilar. Men: «Yo Rasulalloh! Ansorlardan falonchi ayol yonimga kelgan edi. Toʻshagingizni koʻrib, borib, sizga buni yuboribdi», – dedim. U zot: «Buni hoziroq unga qaytarib ber!» – dedilar. Lekin men qaytarmadim. Uning uyimda boʻlishi menga yoqqan edi. Rasul alayhissalom bu soʻzlarini uch marta takrorladilar. Oxirida: «Vallohi, ey Oisha! Agar istasam edi, Alloh oltin va kumush togʻlarini yonimda yurgizib qoʻyar edi!» – dedilar.66 Paygʻambar alayhissalomning koʻrpachalari ham ikki abodan iborat edi.
«Rasululloh oltin va temir uzuklarni yechtirar, kumush uzuklarga moneʼlik qilmas edilar» Amr ibn Shuʼayb (roziyallohu anhu)
Bir kecha yonimga kelganlarida, men bu aboni ikki qavat qilib buklab, toraytirib qoʻygan edim. U zot uning ustida uxladilar. Soʻngra: «Ey Oisha! Bu kechagi toʻshagim nega har doimgidek emas edi?» – deb soʻradilar. Men: «Yo Rasulalloh! Uni siz uchun buklab, toraytirdim», – dedim. U zot: «Sen uni avvalgi holiga qaytar!» – dedilar.67
Hazrati Oisha yana shunday hikoya qiladi: «Qurayshliklar uchun Makkada karavot ustida uxlashdan yoqimliroq narsa yoʻq edi. Rasul alayhissalom Madinaga kelib, Abu Ayyubning uyiga tushganlarida, undan: „Ey Abu Ayyub! Sizlarda karavot yoʻqmi?“ – deb soʻradilar. Abu Ayyub: „Vallohi, yoʻq“, – dedi. Ansorlardan Saʼd ibn Zurora (roziyallohu anhu) buni eshitgach, Rasulullohga oyoqlari tik daraxtidan yasalgan, usti zigʻir tolasidan toʻqilgan boʻyra bilan qoplangan bir karavot yubordi. Rasululloh oʻz uylariga koʻchgunlaricha shuning ustida uxladilar, vafot etgunlaricha ham shuning ustida uxladilar. Rasul alayhissalomni yuvib, kafanlashganda, u zotni shu karavot ustiga qoʻyishdi va janoza namozlari ham u zot shu karavot ustida turgan holda oʻqildi. Odamlar oʻliklarini koʻtarib borish uchun uni bizdan soʻrab olishar va u bilan tabarruk qilishar edi. Hazrati Abu Bakrning va hazrati Umarning janozalari ham uning ustida koʻtarildi».
Hazrati Oisha shunday deydi: «Rasul alayhissalomning bir boʻyralari bor edi, kechasi uning ustida namoz oʻqir, kunduzi esa uni yozib, ustida odamlar bilan oʻtirar edilar».68
Paygʻambarimizning uzuklari
Erkaklarga faqat kumush uzuk halol ekani, oltin, temir va jezdan uzuk taqish esa harom ekanini Paygʻambarimiz bildirdilar. Oʻzlari ham vafot etgunlaricha faqat kumush uzuk taqdilar.
Rasululloh uzuklarini muborak oʻng qoʻllariga taqar edilar. Chap qoʻllariga taqqanlari ham koʻrilgan. Oʻng qoʻlga ham, chap qoʻlga ham taqish joiz. Uzuk jimjiloqqa yoki uning yonidagi barmoqqa taqiladi. Hayitlarda har kimning uzuk taqishi mustahabdir. Koʻz-koʻz qilish, maqtanish uchun taqish haromdir.
Habashiston Najoshiysi Asʼhamaning Paygʻambarimizga yuborgan hadyalari orasida koʻzi Habash toshidan boʻlgan bir oltin uzuk ham bor edi. Sevimli Paygʻambarimiz Abul Osning qizi, oʻz nabiralari hazrati Umomani chaqirib: «Qizim! Buni sen taq!» – dedilar.69
Bir kuni hazrati Nuʼmon ibn Bashir Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga keldi. Barmogʻida oltin uzuk bor edi. Paygʻambarimiz: «Jannatga kirmasingdan oldin nega jannat ziynatini ishlatding?» – dedilar. U temir uzuk taqa boshladi. Buni koʻrib, Paygʻambarimiz: «Nega jahannam ashyosini taqib yuribsan?» – dedilar. U buni ham yechib, bronzadan uzuk taqdi. Buni koʻrib, Paygʻambarimiz: «Nega sendan but hidini sezyapman?» – dedilar. U: «Yo Rasulalloh! Qanday uzuk taqay?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Kumush uzuk taqishing mumkin. Uning ogʻirligi bir misqoldan (4,8 g) oshmasin va uni oʻng qoʻlingga taq!» – dedilar.
Hazrati Amr ibn Shuʼayb shunday deydi: «Rasululloh oltin va temir uzuklarni yechtirar, kumush uzuklarga moneʼlik qilmas edilar».
Sevimli Paygʻambarimiz Eron shohiga, Rum qaysariga va Habashiston Najoshiysiga maktub yozdirmoqchi boʻlganlarida, u zotga: «Yo Rasulalloh! Ular muhr bosilmagan maktubni oʻqimaydilar!» – deyishdi. Shunda Paygʻambarimiz kumushdan bir uzuk yasattirdilar, uning koʻziga uch qator qilib «Muhammadur Rasululloh» deb naqsh qilingan edi.
Muhr uzukdagi yozuv yuqoridan pastga qarab uch qator boʻlib turar edi: «Alloh» – bir qator, «Rasul» – bir qator va «Muhammad» – bir qator. Paygʻambarimizning kumush uzuklaridagi tosh Habash toshi edi.70 Bu kumush uzukning koʻzi ham kumushdan boʻlgani rivoyat qilinadi.
Hazrati Amr ibn Saʼid Paygʻambarimizning huzurlariga kelgan edi. Sevimli Paygʻambarimiz uning barmogʻidagi uzukni koʻrib: «Qoʻlingdagi bu uzuk nima?» – deb soʻradilar. Hazrati Amr ibn Saʼid: «Yo Rasulalloh! Bu – bir halqa. Uni oʻzim yasadim», – dedi. Paygʻambarimiz: «Uning naqshi nima?» – deb soʻradilar. Amr ibn Saʼid (roziyallohu anhu): «Muhammadur Rasululloh», – dedi. Paygʻambarimiz: «Ber-chi, bir koʻray», – dedilar. Uni olib, shaxsiy muhr sifatida ishlatdilar va boshqalarga uzuklariga «Muhammadur Rasululloh» soʻzlarini naqsh qilishni man qildilar.71 Sevimli Paygʻambarimiz muborak barmoqlarida shu muhr uzuk boʻlgan holda vafot etdilar.
Paygʻambarimiz uzuklarining koʻzli tomonini muborak kaftlari ichiga qaratib taqar edilar. Hojatxonaga kiradigan boʻlsalar, uzuklarini muborak barmoqlaridan yechib qoʻyar edilar. Sevimli Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin u zotning muhr uzuklarini hazrati Abu Bakr, undan keyin hazrati Umar, hazrati Umardan keyin esa hazrati Usmon taqdi. Hazrati Usmon xalifaligi paytida bir kuni Aris qudugʻi boshida oʻtirganida, uni quduqqa tushirib yubordi. Quduqning butun suvi tortib olingan, uch kun izlangan boʻlsa ham, bu muborak uzuk topilmadi.72 Uzuk toshiga yozuv yozish odati Paygʻambarimizdan keyin ham davom etdi.
Hazrati Abu Bakrning uzugida «Niʼmal qodiru Alloh» (Allohu taoloning qudrati har narsaga naqadar goʻzal yetadi), hazrati Umarnikida «Kafo bil mavti voʼizan yo Umar» (Nasihat sifatida oʻlim kifoya) deb yozilgan edi.
Hazrati Usmonning uzugida «La nasbiranna» (Albatta, sabr qilamiz), hazrati Alinikida «Al-mulku lillah» (Mulk faqat Allohu taolonikidir) deb yozilgan edi.
«Yahudiylarga oʻxshamaslik uchun namozlarni kavush bilan oʻqinglar» Hadisi sharif
Hazrati Hasanning uzugida «Al-izzatu lillah» (Azamat, ulugʻlik Allohu taolonikidir) deb yozilgan edi.
Hazrati Muoviyaning uzugida «Robbigʻfir liy» (Rabbim, afv et), hazrati Ibn Abu Laylonikida «Ad-dunyo gʻarurun» (Dunyo aldovchidir, yolgʻonchidir) deb yozilgan edi.
Imomi Aʼzam Abu Hanifa hazratlarining uzugida «Qulil xoyro va illa faskut» (Yo yaxshi soʻz ayt, yo jim tur!) deb yozilgan edi.
Imom Abu Yusuf hazratlarining uzugida «Man amila biraʼyihi nadima» (Oʻz fikri bilan ish tutgan pushaymon boʻladi), imom Muhammad Shayboniy hazratlarinikida «Man sobara zafira» (Sabr qilgan gʻalaba qozonadi) deb yozilgan edi.
Imom Shofeʼiy hazratlarining uzugida «Al-barokatu fil qanoʼa» (Baraka – qanoatda) deb yozilgan edi. Ular uzuklarini muhr sifatida ishlatar edilar.
Paygʻambarimizning Naqshi qadami shariflari
Naqshi qadami sharif – sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak oyoq izlaridir. Paygʻambarimizning moʻjizalaridan biri shu edi: u zot yumshoq narsaga, masalan, qumga bosganlarida oyoq izlari qolmas, toshga, qattiq narsaga bosganlarida esa izlari qolar edi. Muborak oyoqlari bosib, iz qoldirgan baʼzi toshlar va marmarlar yodgorlik sifatida asrlar davomida saqlangan, qoʻldan qoʻlga omonat qilib topshirilgan va ular bilan tabarruk qilingan.
Ayniqsa musulmon davlat arboblari, podshohlar bu qimmatli yodgorliklarni muhim joylarda maxsus muhofaza ostiga olib saqlaganlar, oʻzlari ziyorat qilganlar va boshqalarga ham ziyorat qildirganlar. Naqshi qadami shariflardan maʼlum va saqlanib kelayotganlarining eng mashhurlari quyidagilardir: 1. Hindistonda Firuz shoh Tugʻluqning oʻgʻli Fathxonning maqbarasidagi Naqshi qadami sharif. 2. Qohirada Qoyitboy maqbarasidagi ikki muborak oyoq izi. 3. Qohirada Osorun Nabiy masjididagi ikki muborak oyoq izi. 4. Istanbulda Xolid ibn Zayd Abu Ayyub Ansoriy (Ayyub Sulton) maqbarasidagi muborak oʻng oyoq izi. Bu Naqshi qadami Paygʻambariy Mahmudxon I amri bilan 1734 yilda saroydan maqbaraga keltirilgan.
5. Abdulhamidxon I maqbarasida, Yangi masjid tomonidagi devorda javon ichida saqlanayotgan ikki oyoq izi.
6. Lalelida sulton Mustafoxon III maqbarasida devorda maxsus yasalgan javon ichida saqlanayotgan tosh ustidagi ikki muborak oyoq izi. 7. Istanbulda, Topqopi saroyining Muqaddas omonatlar boʻlimidagi oyoq izlari. Topqopi saroyining Xirqai saodat boʻlimida toʻrttasi tosh, ikkitasi gʻisht turidan boʻlgan oltita Naqshi qadami sharif bor. Ulardan biri – Paygʻambarimiz Meʼrojga koʻtarilayotganlarida bosgan qoya ustida qolgan muborak oyoq izi boʻlib, u Xirqai saodat xonasida javon ichida saqlanmoqda. Rasululloh Meʼrojga koʻtarilayotganlarida bosgan bu muborak qoya ustiga Qubbatus Saxro nomi bilan mashhur bino qurilgan. Naqshi qadami shariflar hozirgi joylariga koʻchirilishidan oldin asrlar davomida turli joylarda saqlangan. Eng oxirida bugungi joylariga qoʻyilgan. Haqiqiy Naqshi qadami shariflar esa tabarruk uchun ziyorat qilinadi.
Qadami sharif va sulton Ahmadxon I
Oʻn uch yoshida taxtga chiqqan va yigirma sakkiz yoshida vafot etgan usmonli podshoh sulton Ahmadxon I Islomga va Rasulullohga chin dildan bogʻlangan edi. U Baxtiy va Ahmadiy taxalluslari bilan sheʼrlar ham yozgan. Sulton Ahmadxon I Naqshi qadami sharif shaklida qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bir jigʻa yasattirgan, oʻrtasiga esa zangori sir ustiga oltin bilan oʻzining mana bu misralarini yozdirgan edi:
Ne boʻlgay, tojimdek boshimda doim koʻtarsam
Rasullar shohi – ul hazratning pok qadamini.
Paygʻambarlik gulzorining guli – ul qadam sohibi;
Ey Ahmad, turma, yuzingni surt ul Gulning qadamiga.
Sultan I. Ahmed (Bahtî)
Sulton Ahmadxon I juma va hayit kunlarida, boshqa muborak kunlarda ham bu jigʻani boshiga taqar edi. Ayintoblik Mehmed Munib afandi sulton Abdulhamidxon I maqbarasidagi Naqshi qadami sharifning topilishi va maqbaraga qoʻyilishini hikoya qilgan Âsâr-ul-Hikem fî Nakş-il Kadem nomli bir asar yozgan. Sulton Ahmadxon bu qitʼani oʻz xati bilan yozib, shayxi Aziz Mahmud Hudoiy afandiga yuborgan. Bundan tashqari, sulton Ahmad bu sheʼrni bir taxta ustiga yozdirib, saltanat taxti oldiga osdirgan. Sheʼr yozilgan bu lavha hozir ham Sulton Ahmad masjidida osigʻliq turibdi.
Paygʻambarimizning Naʼlayni shariflari
Paygʻambarimiz zamonida kiyiladigan kavushlar bugungilaridan farq qilar edi. Ularning tagi teridan, usti ochiq, tasmali poyabzal shaklida edi. Rasululloh va sahobai kirom koʻchada kiyib yuradigan kavushlari bilan namoz oʻqir edilar. Ularning kavushlari toza edi, Masjidi Nabaviyning yeriga esa qum toʻshalgan edi. Iflos kavush bilan u yerga kirilmas edi.
Hadisi sharifda: «Yahudiylarga oʻxshamaslik uchun namozlarni kavush bilan oʻqinglar», – deyildi.
Naʼlayni saodatning hatto rasmi ham barakaga sabab boʻlishiga ishonilar, uni uylarga, ish joylariga osishar edi. Xirqai saodat boʻlimida Naʼlayni saodat bilan birga ularning metall va yogʻochdan yasalgan nusxalari ham saqlanadi.
Paygʻambarimiz yonlarida olib yuradigan yetti narsa
Sevimli Paygʻambarimiz yonlarida taroq, oyna, misvok, gul yogʻi, surma va qaychi boʻlgan holda safarga chiqar, safarda ham, uyda ham ularni oʻzlaridan ayirmas edilar. Hazrati Oisha: «Gʻazotlar uchun Rasul alayhissalomning gul yogʻini, tarogʻini, oynasini, ikki qaychisini, surmadonini va misvogini tayyorlab qoʻyar edim», – dedi. Yana hazrati Oisha onamiz shunday dedi: «Safarda ham, uyda ham Rasul alayhissalom yonlarida yetti narsani olib yurar edilar:
1. gul yogʻi shishasi, 2. taroq, 3. oyna, 4. surmadon, 5. misvok, 6. ikki qaychi, 7. soch ajratadigan suyak».73
Paygʻambarimizning asolari va tayoqlari
Paygʻambarimiz juma kunlari xutba oʻqiganlarida asoga yoki yoyga, safarda esa yoyga tayanar edilar. Sevimli Paygʻambarimiz asoga tayanish paygʻambarlar axloqidan ekanini aytar, oʻzlari ham asoga tayanar va tayanishni tavsiya qilar edilar. Muoviya ibn Abu Sufyonning (roziyallohu anhumo) xalifaligi davrida Paygʻambarimizning asolari Saʼdul Qarazda edi. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon hijratning ellikinchi yilida hajga kelgan edi. U sevimli Paygʻambarimizning masjidlaridagi minbarni soʻktirib, Shomga koʻchirmoqchi boʻldi. Saʼdul Qarazda boʻlgan asoni ham soʻrattirdi. Hazrati Jobir ibn Abdulloh bilan hazrati Abu Hurayra uning oldiga borib: «Ey moʻminlar amiri! Rasul alayhissalomning minbarini qoʻyilgan joyidan soʻkib olib ketish ham, asolarini Shomga koʻchirish ham toʻgʻri boʻlmaydi!» – deyishdi. Shundan keyin hazrati Muoviya bu niyatidan qaytib, uzr soʻradi.
Paygʻambarimiz hazrati Abdulloh ibn Unaysni masjiddan uylariga olib borib, unga bir aso berdilar va: «Bu asoni yoningda saqla, ey Abdulloh ibn Unays!» – dedilar. Abdulloh ibn Unays (roziyallohu anhu) bu aso bilan odamlar oldiga chiqqanda, undan: «Bu qanday aso?» – deb soʻrashdi. U: «Buni menga Rasul alayhissalom berdilar va yonimda saqlashimni buyurdilar», – dedi. Ular hazrati Abdulloh ibn Unaysga: «Rasul alayhissalomning oldilariga qaytib borib, buni senga nima uchun berganlarini soʻrasang-chi!» – deyishdi.
Paygʻambarimizning Naʼlayni shariflari shakli
Naʼlayni sharif
Naʼlayni Rasululloh koʻklarga yuksalur,
Butun maxluqot uning soyasida boʻlur.
Turda Musoga: «Yechgin naʼlingni», – deyilganda,
Arsh ustida u zotga: «Siz yechmang», – deyilur.
Eng sharafli Rasulning naʼlayni shaklidir bu,
Yulduzlar ham u zot bosgan tuproq boʻlmoq istar.
Uning orzusidadir yetti qavat koʻk ahli,
Sultonlarning tojlari unga havas etar.
Tengi topilmas Mustafoning naʼlaynining,
Koʻzga nur, qalbga huzur – bari undan kelar.
Nihoyatda aziz tut naʼlayn suratini,
Butun boshlar unga oyoq boʻlmoqni tilar.
Har yonni balo va musibatlar qamraganda,
Naʼlayni sharif menga omon qalʼa boʻlur.
Bu mustahkam qalʼada omondirman, xotirjam,
Uning goʻzal shaklidan panoh tilasam, u asrar.
Koʻngil naʼlayni sharif shakliga xizmat ila
Ikki dunyoda uning soyasida yashamoq istar.
Ibn Masʼud naʼlaynga xizmat ila saodat topdi,
Mening saodatim esa uning timsoli ila boʻlur.
Yusuf Nabhoniy
Shundan keyin Abdulloh ibn Unays Paygʻambarimizning oldilariga qaytib borib: «Yo Rasulalloh! Bu asoni menga nima uchun berdingiz?» – deb soʻradi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Bu – qiyomat kuni oʻrtamizdagi bir belgi! U vaqtda jannatda asoga tayanadigan kishilar juda oz boʻladi! Sen jannatda bunga tayanasan!» – dedilar. Abdulloh ibn Unays uni qilichi bilan birga olib yurdi, oʻzidan hech ajratmadi. Oʻlim toʻshagiga yotganda, oilasiga uni kafanining ichiga solishlarini va oʻzi bilan birga koʻmishlarini vasiyat qildi. Asoni uning badani bilan kafani orasiga qoʻyishdi va vasiyati bajo keltirildi. Paygʻambarimizning bir arshin (68 sm) yoki undan biroz uzunroq bir mihjanlari bor edi. Mihjan – uchi egri tayoq. Paygʻambarimiz Hajarul asvadga uzoqdan u bilan ishora qilib istilom qilar edilar. Paygʻambarimiz tuyaga minganlarida uni oldilariga osib qoʻyar edilar. Paygʻambarimizning Urjun deb ataladigan (quruq xurmo shoxidan yasalgan) bir mihsarralari ham bor edi. Daraxt shoxidan yasalgan tayoqqa mihsarra deyiladi. Paygʻambarimiz Baqiʼul Gʻarqadga borganlarida uni oʻzlari bilan olar, unga tayanar, oʻtirganlarida uni qoʻllarida aylantirar edilar. Paygʻambarimizning qoʻllarida shu mihsarra boʻlgan holda xutba oʻqigan vaqtlari ham boʻlar edi. Paygʻambarimizning togʻ daraxtlaridan kesib yasalgan, Mamshuq deb ataladigan bir qaziblari (choʻp tayoqlari) ham bor edi. Hazrati Usmon Paygʻambarimizning qaziblarini qoʻlida tutib, minbarda xutba oʻqiyotganida, Jahjoh ibn Saʼid yoki Jahjoh ibn Qays kelib, hazrati Usmonning qoʻlidan qazibni oldi-da, tizzasiga tirab bukdi, sindirdi. Odamlar Jahjohga baqirishdi. Bu ilohiy gʻayratga tegdi va Allohu taolo Jahjohning qoʻliga yoki tizzasiga akila (qichima) kasalligini berdi. Hazrati Usmon shahid boʻlgandan keyin bir yil oʻtmay, Jahjoh qashinib-qashinib oʻldi.
«Tengi topilmas Mustafoning naʼlaynining, koʻzga nur, qalbga huzur – bari undan kelar» Yusuf Nabhoniy (rahmatullohi alayh)
Paygʻambarimizning qilichlari
Paygʻambarimizning toʻqqizta qilichlari bor edi.
Otalaridan qolgan va Maʼsur deb atalgan qilich Paygʻambarimiz Madinaga hijrat qilganlarida yonlarida edi.74 Abd: bu qilichni Paygʻambarimizga hazrati Saʼd ibn Uboda hadya qilgan edi, u zot Badr jangiga borganlarida uni oʻzlari bilan olib bordilar.
Zulfiqor: Quraysh mushriklaridan Munabbih ibn Hajjojning yoki Os ibn Munabbihning qilichi boʻlib, Badr jangida oʻlja sifatida qolgan edi. Paygʻambarimiz Zulfiqorni hazrati Aliga hadya qildilar. Uning dastasining boshi, bogʻichining halqalari va zanjirlari kumushdan edi.75
Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin hazrati Abbos hazrati Abu Bakrga murojaat qilib, Zulfiqorni hazrati Alidan soʻrab olmoqchi boʻlganda, hazrati Abu Bakr: «Men bu qilichni hamisha uning qoʻlida koʻrdim. Uni undan tortib olishni xush koʻrmayman!» – dedi. Hazrati Abbos ham uni hazrati Alida qoldirdi.
Paygʻambarimizning nayzalari
Paygʻambarimizga Banu Qaynuqoʼ yahudiylaridan uchta nayza oʻlja boʻlib qolgan edi. Paygʻambarimizning nayzalaridan birining ismi Musviy, ikkinchisiniki Musno edi. Paygʻambarimizning Bayzo deb ataladigan bir katta harbasi va Anaza deb ataladigan, nayzadan kichikroq bir harbasi ham bor edi. Habashiston Najoshiysi hazrati Asʼhama sevimli Paygʻambarimizga Nabʼa deb ataladigan uchta anaza (nayza) va bir harba yuborgan edi. Paygʻambarimiz ulardan birini oʻzlariga olib qoldilar, ikkinchisini hazrati Aliga, uchinchisini hazrati Umarga berdilar.
Ramazon va Qurbon hayitlarida Bilol Habashiy (roziyallohu anhu) Paygʻambarimizning nayzalarini namozgohgacha u zotning oldilarida koʻtarib borar va u yerda Paygʻambarimizning oldilariga qadab qoʻyar edi. Sevimli Paygʻambarimiz hayit namozini unga qarab oʻqitar edilar. Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin hazrati Bilol Habashiy hayitlarda bu nayzani hazrati Abu Bakrning oldida koʻtarib borib, namozgohda uning oldiga qadab qoʻyar edi. Hazrati Abu Bakrdan keyin hazrati Umar, undan keyin hazrati Usmon davrida bu vazifani muazzin hazrati Saʼdul Qaraz xuddi shunday ado etdi. Madina noiblari zamonida ham shunday qilish davom etdi.
Paygʻambarimizning yoylari
Sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) oltita yoylari bor edi. Ulardan Ravho, Bayzo va Safro deb atalgan uchtasi Banu Qaynuqoʼ yahudiylaridan oʻlja boʻlib qolgan edi. Safro yoyi nabʼ daraxtidan yasalgan edi.76 Katum nomli yoy ham nabʼ daraxtidan yasalgan boʻlib, Uhud jangida singan edi. Singan yoyni hazrati Qatoda ibn Nuʼmon yodgorlik sifatida oldi. Bundan tashqari, Paygʻambarimizning Sadad va Zavro nomli yoylari ham bor edi.77
«Alidan boshqa yigit, Zulfiqordan boshqa qilich yoʻq!» Hadisi sharif
Paygʻambarimizning qalqonlari
Paygʻambarimizning uchta qalqonlari bor edi. Zaluq deb atalgan qalqon ustida qoʻchqor boshi surati bor edi. Bu qalqon Paygʻambarimizga hadya qilingan edi. Lekin suratli boʻlgani uchun u Paygʻambarimizga yoqmadi. Tong otganda, Alloh oʻsha suratni qalqondan ketkazib, yoʻq qilgan edi.78
Paygʻambarimizning sovutlari
Rasulullohning yettita sovutlari bor edi. Bu sovutlar quyidagilar:
Zotul fuzul: uni Paygʻambarimizga hazrati Saʼd ibn Uboda Badr jangiga chiqayotganlarida hadya qilgan edi.79
Saʼdiya va Fizza: bu ikki sovut ham Paygʻambarimizga Banu Qaynuqoʼ yahudiylaridan oʻlja boʻlib qolgan edi. Saʼdiya nomli sovut Dovud alayhissalomning Jolut bilan jang qilish uchun kiygan tarixiy sovutlari edi. Uhud jangida Paygʻambarimiz Fuzul bilan Fizzani ustma-ust kiydilar.80 Paygʻambarimiz vafot etganlarida Zotul fuzul nomli sovut oila aʼzolarining ehtiyoji uchun olingan oʻttiz soʼ arpa evaziga Banu Zafardan Abush Shahm ismli bir yahudiyga garovga qoʻyilgan edi.81
U zotning boshqa sovutlari – Zotul vishoh, Zotul havoshiy, Batro va Xirniq.82
Hunayn jangida Paygʻambarimiz Zotul fuzul bilan Saʼdiyani kiydilar.83
Paygʻambarimizning dubulgʻalari
Rasulullohning dubulgʻalaridan birinchisi – Muvashshah. Bu dubulgʻa Banu Qaynuqoʼ yahudiylaridan oʻlja boʻlib qolgan edi. Zus subugʻ yoki Zus susub, yoki Mashbugʻ nomli dubulgʻa Paygʻambarimizning Uhud jangida boshlariga kiygan dubulgʻalari edi. Mushriklarning qilich zarbalaridan va otgan toshlaridan u sinib, ikki halqasi sevimli Paygʻambarimizning muborak yonoqlariga qadaldi.
Paygʻambarimiz Makkani fath qilish uchun kirganlarida ham boshlarida dubulgʻa bor edi.
Otlandi lashkar, koʻtarib bayroq va alam,
Mehtar84 chalib, nogʻora va doira ham.
Paygʻambarimizning bayroq va sanjoqlari
Paygʻambarimiz gʻazotlarda ikki xil bayroq (sanjoq) ishlatar edilar. Royalari qora, livolari esa kichikroq va oq edi. Muhammad ibn Qosimning ozod qilgan quli Yunus ibn Ubayd shunday hikoya qiladi: «Muhammad ibn Qosim meni Rasululloh alayhissalomning bayroqlari haqida soʻrash uchun Baro ibn Ozibning oldiga yubordi. Baro ibn Ozib: „U qora, toʻrt burchakli, namiradan (qora-oq yoʻl-yoʻl jun matodan) edi“, – dedi». Bu bayroq hazrati Oishaning usti tuya egari naqshlari bilan bezatilgan, jundan toʻqilgan bel foʻtasi boʻlib, qora edi. Uni Uqob deb atar edilar. Sevimli Paygʻambarimizning bayroqlari hazrati Alida turar edi. Xaybar jangida Paygʻambarimiz: «Bayroqni shunday bir yigitga beramanki, u Allohni va Uning Rasulini sevadi, Alloh va Uning Rasuli ham uni sevadi!» – dedilar va hazrati Alini chaqirib, bayroqni unga berdilar.85 Allohu taolo Xaybar fathini hazrati Aliga nasib qildi.
Rasulullohning Livoul hamd deb ataladigan bayroqlari ustida «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» deb yozilgan edi. Xarror sariyyasida Paygʻambarimiz hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos uchun bir oq sanjoq (bayroq, livo) bogʻladilar. Hazrati Alini Yamanga yuborganlarida, nayza boshiga bir sallani bogʻlab: «Livo mana shunday boʻladi!» – dedilar. Livoni faqat qoʻshin qoʻmondoni tutar va koʻtarib yurar edi. Paygʻambarimizning oq sanjoqlarini Abvo (Vaddon) gʻazotida hazrati Hamza, Buvot gʻazotida Saʼd ibn Abu Vaqqos, Kurz ibn Jobir Fihriyni taʼqib qilganda hazrati Ali, Zul Ushayra gʻazotida hazrati Hamza koʻtardi.
Badr jangiga chiqayotganlarida Paygʻambarimiz oq sanjoqlarini (livolarini) Musʼab ibn Umayrga berdilar, hazrati Ali esa Paygʻambarimizning oldilarida u zotning qora sanjoqlarini (royalarini) – Uqobni koʻtarib bordi.86 Paygʻambarimizning oq sanjoqlarini (livolarini) Banu Qaynuqoʼ gʻazotida hazrati Hamza; Qarqaratul Kudr gʻazotida, Uhud jangida va Kichik Badr gʻazotida hazrati Ali; Xandaq jangida esa Zayd ibn Horisa koʻtardi. Paygʻambarimiz Makkani ham oq sanjoqlari bilan fath qildilar. Tabuk gʻazotida Paygʻambarimiz katta sanjoqlarini hazrati Abu Bakrga, kichik sanjoqlarini esa Zubayr ibn Avvomga koʻtartirdilar.
Paygʻambarimizning otlari
Sevimli Paygʻambarimizning birinchi otlari – Madinada Banu Fazoradan boʻlgan bir badaviydan oʻn uqiya87 kumushga sotib olgan, sahro ahli Doris, Paygʻambarimiz esa Sakb deb atagan ot. Paygʻambarimiz Uhud jangida shunga mingan edilar.88 Sakbning labida oqlik bor edi. Uch oyogʻi ola, oʻng oyoqlaridan biri esa olasiz edi. Sakb juda yoʻrgʻa edi, yaʼni yurganda suvdek oqar edi. Murtajiz nomli otlarini Paygʻambarimiz Banu Murradan boʻlgan bir badaviydan sotib olgan edilar. Murtajiz chiroyli, kelishgan ot edi va goʻyo sheʼr oʻqigandek ohangdor kishnar edi.89 Lizoz nomli otni Paygʻambarimizga Iskandariya podshohi Muqavqis hadya qilgan edi. Lizoz juda tez chopar edi.90
Zarib nomli otni Paygʻambarimizga Farva ibn Umayr Juzomiy hadya qilgan edi. Zarib juda kuchli va chidamli ot edi.
Lahif (yoki Luhayf). Bu otni Paygʻambarimizga Robiʼa ibn Abu Baro Kalbiy hadya qilgan edi. Lahifning dumi uzun edi. Dumi yerni supurar edi. Yaʼsub Paygʻambarimizning otlarining eng yaxshisi edi.
«Bayroqni shunday bir yigitga beramanki, u Allohni va Uning Rasulini sevadi, Alloh va Uning Rasuli ham uni sevadi!» Hadisi sharif
Murovih – poyga oti boʻlib, uni Ubayd ibn Yosir Paygʻambarimizga Tabukda hadya qilgan edi. Murovih shamoldek tez chopar edi.
Mirvoh nomli otni hijratning oʻninchi yilida Madinaga kelgan Banu Raho vakillari Paygʻambarimizga hadya qilishgan edi. Mirvoh Paygʻambarimizning oldilarida minib yurgizib koʻrsatilganda, bu Paygʻambarimizga juda yoqqan edi. Vard – bu otni Paygʻambarimizga Tamim Doriy hadya qilgan edi. Vardning rangi toʻriq edi. Paygʻambarimiz uni hazrati Umarga hadya qildilar. Hazrati Umar Vardni minib, Allohu taoloning yoʻlida jang qildi, uni gʻazotdan gʻazotga choptirdi. Paygʻambarimiz otlaridan uchtasini poygaga solar edilar. Zaribning chavandozi hazrati Sahl ibn Saʼd, Lizozniki esa hazrati Abu Usayd Soidiy edi. Lizoz eng oldinda, Zarib uning ortida, Sakb esa Zaribning ortida borar edi.
Paygʻambarimizning eshak va xachirlari
Rasulullohning eshaklari ham, xachirlari ham bor edi. Iskandariya podshohi Muqavqis Paygʻambarimizga bir kulrang xachir bilan bir kulrang eshak hadya qilgan edi. Xachirni Duldul, eshakni esa Yaʼfur yoki Ufayr deb atashar edi.91 Islomda birinchi koʻrilgan oq xachir Duldul boʻldi. Paygʻambarimizning Xaybar jangida mingan xachirlari shu kulrang xachir, Hunayn jangida minganlari esa boshqa kulrang xachir edi. Paygʻambarimiz xachirlarini niqtab, Havozin qabilasi ustiga yurmoqchi boʻldilar; hazrati Abbos xachirning jilovidan, hazrati Abu Sufyon ibn Horis esa uzangisidan ushlab, uning tezligini pasaytirishga va Paygʻambarimizning dushman orasiga kirib ketishlariga toʻsqinlik qilishga urinishdi. Xaybar jangida Yaʼfurning ustiga palon urib, boshiga xurmo tolasidan eshilgan arqondan noʻxta kiydirib, Paygʻambarimizning unga ham minganlari rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz Vido hajidan qaytganlarida Yaʼfur oʻlgan edi, Duldul esa Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin hazrati Aliga qoldi. Unga hazrati Ali shahid boʻlgunicha oʻzi, soʻngra hazrati Hasan, soʻngra hazrati Husayn, undan keyin hazrati Muhammad ibn Hanafiya mindi. Duldul hazrati Muoviya davrigacha yashadi.
Paygʻambarimizning tuyalari
Qasvo: Paygʻambarimizning Jadʼo va Azbo nomlari bilan ham atalgan bu tuyalari Banu Qushayr ibn Kaʼb ibn Robiʼa ibn Omirning yoki Huraysh ibn Kaʼbning hayvonlaridan boʻlib, hazrati Abu Bakr uni toʻrt yuz dirhamga sotib olib, xuddi shu narxda sevimli Paygʻambarimizga berdi. Paygʻambarimiz Madinaga Qasvoga minib hijrat qildilar. Hudaybiya umrasiga unga minib bordilar. Makkani ham unga minib fath qildilar. Paygʻambarimiz Qasvoni poygaga solar edilar va hech bir tuya undan oʻzib keta olmas edi. Lekin bir badaviy ikki yoshli bir tuya bilan poygaga tushib, undan oʻzib ketdi. Vido hajida Paygʻambarimiz Arafot xutbasini Qasvo ustida irod qildilar. Hazrati Abu Bakr xalifaligi davrida Qasvo Jannatul Baqiʼ qabristoniga qoʻyib yuborildi. U yerda oʻz holicha oʻtlab yurib, oʻldi.92
«Allohim! Suratimni goʻzal yaratganingdek, axloqimni ham goʻzal qil» Hadisi sharif
Abu Jahldan oʻlja olingan tuya: Badr jangida Abu Jahlning mashhur tuyasi oʻlja boʻlib, sevimli Paygʻambarimizning ulushlariga tushdi. Hudaybiya umrasigacha Paygʻambarimiz bu tuyaga minib gʻazotlarga ham chiqar edilar. Umra uchun unga qurbonlik belgisini qoʻydilar. Mushriklar uning oʻrniga yuzta tuya berib, uni olmoqchi boʻlishdi. Paygʻambarimiz: «Agar uni qurbonlik deb ajratib belgilamaganimizda, istagingizni bajo keltirar edim», – dedilar. Sogʻin tuyalar: Paygʻambarimizning Zuljadr va Jamma yaylovlarida oʻtlab yuradigan, Hanno, Samro, Urays, Saʼdiya, Bagʻum, Yasira va Dabbo deb atalgan yettita sogʻin tuyalari bor edi; Paygʻambarimizning oila aʼzolari ularning har kecha keltiriladigan ikki mesh toʻla suti bilan kun kechirar edilar.93 Lekin Paygʻambarimiz vafot etganlarida ulardan hech biri qolmagan edi.
Paygʻambarimiz vaqf qilgan mulklar
Islomda birinchi vaqf – Uhudda shahid boʻlgan Muxayriqning yettita bogʻ va polizi edi. U bularni Paygʻambarimizga topshirilishini vasiyat qilgan, Paygʻambarimiz esa qabul qilib olib, vaqf qilgan edilar. Ular quyidagi nomlar bilan atalar edi: 1. Misab, 2. Sofiya, 3. Dalol, 4. Husno, 5. Burqa, 6. Aʼvof, 7. Mashraba.94 Musulmon boʻlishidan oldin yahudiy olimlari va boylaridan boʻlgan Muxayriq Uhud jangida qavmdoshlarini toʻplab, ularga oʻz fikrini shunday bildirdi: «Sizlar ham juda yaxshi bilasizlarki, Muhammad – oxir zamon nabiysidirlar. Tavrotda u zotning sifatlari ochiq-oydin yozilgan. Endi bizga yarashadigani – u zotga ergashish, ogʻir kunlarida yonlarida boʻlishdir». Yahudiylar: «Haqsan, lekin bugun shanba. Bugun ish bilan mashgʻul boʻlinmaydi!» – deyishdi. Qaysarlik qilishning foydasi yoʻqligini koʻrib, u qilichini taqib, musulmon boʻlganini eʼlon qildi. Yaqinlariga: «Agar oʻldirilsam, butun mollarim Muhammadnikidir. Uni xohlaganlaricha ishlatishda erkindirlar», – deb vasiyat qildi. Borib, Islom qoʻshiniga qoʻshildi. Va shahodat sharbatini ichdi, roziyallohu anhu.
Nihoyat, jang tugadi, yaralar bogʻlandi. Muxayriqning yaqinlari vasiyatga sodiq qolib, uning mulkini Habibullohga topshirishdi. Paygʻambarimiz bu salqin suvli, moʻl mevali yerlarni vaqf qilib, faqir-miskinlarning foydalanishiga ochib berdilar. Mana, Islom madaniyatida birinchi vaqf anʼanasi shunday boshlandi. Paygʻambarimiz uni: «Muxayriq – yahudiy naslidan boʻlgan xayrli bir kishi», – deb maqtadilar.
Paygʻambarimizning Madinadagi vaqflari, umuman, Muxayriqning mollaridan edi.
Ibn Humayd shunday deydi: «Xalifa Umar ibn Abdulaziz Muxayriqning vaqf xurmozorlaridan xurmo keltirishlarini istadi. Uni bir tovoqda keltirdilar. Umar ibn Abdulaziz: „Abu Bakr ibn Hazm menga bu xurmo Rasul alayhissalomning davridan qolgan xurmo daraxtidan ekanini va Rasul alayhissalom undan yeganlarini yozdi“, – deganda, men: „Ey moʻminlar amiri! Buni oramizda taqsimlang!“ – dedim. U taqsimladi. Har birimizga toʻqqiztadan xurmo tegdi».
Umar ibn Abdulaziz: «Men Madina noibi boʻlib oʻsha xurmozorga kirganimda, oʻsha xurmo daraxtining xurmosidan yegan edim va uningdek mazali, shirin xurmoni koʻrmagan edim!» – dedi.
Amr ibn Muhojir shunday deydi: «Rasul alayhissalomning buyumlari Umar ibn Abdulazizning yonida bir xonada saqlanar edi, u har kuni ularga qarab turar edi. Qurayshliklardan kelib, yonida toʻplanganlarni ham bu xonaga kiritar, soʻngra bu buyumlarga yuzlanib: „Mana, Alloh sizlarni u bilan sharaflantirgan zotning merosi!“ – der edi». Ular quyidagilardir: 1. xurmo barglari bilan oʻrilgan bir karavot,
2. usti teridan boʻlib, ichiga xurmo tolasi toʻldirilgan bir yostiq, 3. kattagina bir tovoq, 4. bir suv qadahi,
5. bir kiyim, 6. bir qoʻl tegirmoni,
7. bir oʻqdon, 8. bir baxmal koʻrpa.
(Bu koʻrpa Rasulullohning muborak badanlaridan singgan xush hidlar tufayli mushkdan ham xushboʻy edi. Umar ibn Abdulaziz (roziyallohu anhu) kasal boʻlganda, oʻsha koʻrpa yuvilgan suv bilan yuvinar va shifo topar edi.)
Ishq dengizi toʻlqin urgan zamon,
Ul tengsiz dur («Durri yatim») boʻldi ayon.
Uning shaʼnida dedi Xoliqi pok:
«Lavloka lama xalaqtul aflok».
Ul Quyosh tugʻilganda, nuri yoyildi,
Butun koinot u nur ila toʻldi.
Kim borsa uning izidan har dam,
Yaxshilik topar har ishida ham.
Mamlakatlar garchi amrida edi,
Uch koʻylakka ham ega emas edi.
Uyida mol-dunyo kam edi,
Vafotida sovuti garovda edi.
Koʻp zamon koʻrganlari oldida
Bu dunyo ne qadar qimmatga arzir?
Ehsoni koʻp edi har bir kishiga,
«Yoʻq» degan soʻz yoʻq edi tilida.
Baʼzan shu qadar koʻp berar edi,
Dushmanlari ham bosh egar edi.
Har nokasga ham shafqati moʻl edi,
Har yetimga mehribon ota edi.
Har ishida koʻp hikmat bor edi,
Hech kimsaga minnat qilmas edi.
Kasalni doim ziyorat qilar edi,
Dardliga shifo baxsh etar edi.
«Yo Rasulalloh! Sizni madh etmoqqa yoʻq madorim, barchamiz yaratildik sizning hurmatingizga. Xullas, ey vafo iqlimining Shohi, sizga jonim ham fido, har narsa fido!» Hüseyin Hilmi bin Sa’îd (rahmatullohi alayh)
Tahajjudni hech tark etmas edi,
Alloh qoʻrquvidan uxlamas edi.
Paygʻambar har bir kishini hamisha
Oʻzi bilan barobar tutar edi.
Bandalik bilan faxrlanar edi,
Xulqi – ilohiy xulq edi.
Kim bu yoʻlga havas qilsa agar,
Goʻzal sifatlar ila bezanar.
Bir maktabga doim qatnar edi,
Uning muallimi Alloh edi.
Uni bayon etmoq uchun Rahmon
Qurʼonda goʻzal qildi bayon.
Mahshargacha paygʻambarlar shohiga
Boʻlsin beadad salavotlar!
Uning Oliga, sahobalariga ham
Salotu salom boʻlsin ojizona!
Oltin tarnov / Kaʼba
Masjidi Nabaviyning tashqi koʻrinishi / Madinai munavvara
HILYAI SAODAT Sahobaga nasihatdan soʻngra Faxri olam dedi: mendan soʻngra Pok hilyamni kim koʻrsa agar, Yuzimni koʻrgan kabi boʻlar. Koʻrganda koʻnglida muhabbat tugʻilsa, Yaʼni goʻzalligimga oshiq boʻlsa, Meni koʻrmoqlikni etsa orzu, Qalbi muhabbatim ila toʻlsa u, Jahannam unga boʻlgay harom, Rabbim jannatni etgay ikrom. Haq uni hashrda yalangʻoch qilmas, Haqning magʻfiratidan u ayrilmas. Deyildi: Rasulning hilyasini Kimning qoʻli sevib yozsa uni, Haq uni qoʻrquvdan etgay omon, Balo ila toʻlsa ham bu jahon. Dunyoda taniga kasal kelmas, Butun badani hech ogʻriq koʻrmas. Gunoh qilgan boʻlsa hamki bu odam, Jahannam uning jismiga harom. Oxiratda azobdan qutulur, Dunyoda har ishi oson boʻlur. Jalil Rabbi uni hashr etgay yana Dunyoda Rasulni koʻrganlar ila. Nabiy hilyasin bayon etmak dushvor, Boshlaymiz, qancha imkonimiz bor. Zul-Jalolga sigʻinib, iltijo ila, Vasf etamiz uni ojizona. Bu soʻzda ittifoq etdi ummatlar: Faxri olam oq-qizil edi, derlar. Muborak yuzi sof oq edi, Gul singari qizgʻimtir edi. Yuzidagi ter – inju-dur edi, U goʻzal gavharni ziynatlar edi.
Terlaganda ul surur bulogʻi
Mavj urardi goʻyo nur dengizi.
Koʻzlari doim surmali koʻrinardi,
Goʻzal koʻzlari qalblarni tortardi.
Koʻzining oqi gʻoyat oq edi,
Rabbi uni oyat ila madh etdi.
Qorachigʻi kichik emas edi,
Yaqin ham, uzoq ham unga bir edi.
Keng, goʻzal va latif edi koʻzi,
Nur sochardi doim muborak yuzi.
Mustafoning koʻrish quvvati
Kechasi ham kunduzdek edi qaviy.
Bir tomonga boqmoq istasa agar,
Pok jismi ham u tomonga burilar.
Boshiga tobe edi jasadi,
Buni abadiy tark etmadi.
Garchi jism edi Rasuli akram,
«Ruhi mujassam» desam, yarashur ham.
Goʻzal ham sevimli edi Rasul,
Haqqa gʻoyat suyukli edi Rasul.
Molik ila Abu Hola shunday dedi:
Hiloldek ochiq qoshli edi.
Ikki qoshi orasi har zamon
Kumush kabi koʻrinardi ayon.
Muborak yuzi biroz dumaloq edi,
Terisi tiniq ham yaltiroq edi.
Uning qora qoshining mehrobi
Butun jahonning edi qiblagohi.
Yondan qaralsa, muborak burni
Oʻrtasi biroz baland koʻrinardi.
Juda goʻzal, qirra va latif edi,
Koʻrgan kishi toʻla taʼrif etolmas edi.
Tishlarining orasi siyrak edi,
Goʻyo inju qatori yangligʻ porlar edi.
Old tishlari qachonki boʻlsa zuhur,
Har tomonni qoplar edi bir nur.
Kulsa agar ikki jahon sarvari,
Jonli-jonsiz har narsaning paygʻambari,
Koʻrinardi old tishlari gʻoyat pok,
Doʻl donalaridek latif, tobnok.
Ibn Abbos deydi: Allohning Habibi
Kulishdan tortinar, uyalar edi.
Hayosidan ul – dinning sanadi –
Hech qahqaha urib kulmadi, derlar.
Nozik, hayoli edi janob Rasul,
Qarashga ham doim tortinardi ul.
Yuzi oʻxshardi toʻlin oyga,
Zoti oyna edi ulugʻ Mavloga.
Nurli edi doim ul goʻzal chehra,
Porlashidan boqib boʻlmasdi sira.
Koʻngillarni oldi ul goʻzal Nabiy,
Oshiq boʻldi unga yuz ming sahobiy.
Tushida bir bor koʻrganlar hatto
Dedilar: bunday zavq yoʻq dunyoda.
Goʻzal yonoqlari ham, bilsinlar,
Ortiq etli emas edi, desinlar.
Janobi Xoliq sevib uni yaratdi,
Yuzin oq, peshonasin ochiq ayladi.
Boʻynining nuri har lahza, har on
Sochlari orasida boʻlur edi tobon.
Muborak soqolidan, yaxshi bil,
Oqargan edi faqat oʻn yetti qil.
Na jingalak edi, na uzun ul,
Har aʼzosi yangligʻ mavzun edi ul.
Ofoqlar Rasulining pok gardani
Gʻoyat oq, gʻoyat tiniq edi, bil buni.
Sahobadan koʻp odob ahli
Dedilar: qorni koʻksi ila teng edi.
Agar ochilsa muborak koʻksi,
Fayz95 sochar edi ilm xazinasi.
Ishqqa boʻlgach ul mahalli tashrif,
Boshqa boʻlurmi ul sadri sharif?
Muborak koʻksi keng edi,
Unga ilmi ladun ingan edi.
Oq va tiniq edi ul sadri kabir,
Koʻrganlar oʻylardi: badri munir.
Azaliy Zot ishqining olovi
Oʻtlarga solgan edi ul goʻzalni.
Buni, albatta, bilur piru javon:
Kurak suyagi yassi edi Faxri jahon.
Yelkasining oʻrtasi etli edi,
Karam sohibi, davlatli edi.
Kumush tanida latofat bor edi,
Yirikroq paygʻambarlik muhri bor edi.
Yelkasida edi paygʻambarlik muhri,
Oʻng tomonga yaqin edi, bil, oʻzi.
Taʼrif etganlar bizga bildirdi:
Sharafli muhr bir katta xol edi.
Rangi sariqqa yaqin qora edi,
Kaptar tuxumidek bor edi.
Atrofida goʻyo xatlar bor edi –
Bir-biriga tutash mayin tuklar edi.
Ul oliy nasabni vasf etganlar
Dedilar: yirik suyakli edi Nabiy.
Har suyagi yirik, mardona edi,
Surati, siyrati shohona edi.
Muborak aʼzolarining har biri
Mutanosib, ham qaviy edi bari.
Har bir aʼzosi edi shunday goʻzal,
Qurʼonning oyatlari kabi mukammal.
Qoʻllarining kafti ul sultonning,
Oyoqlari tagi ham uning
Keng va pok edi, nozik, margʻub,
Yangi gul kabi latif va mahbub.
Gʻoyat mavzun edi, der ahli nazar,
Ul karomatli muborak qoʻllar.
Birovga salom bersa agar,
Doim tabassum etardi Paygʻambar.
Bir-ikki kun oʻtsa ham oradan,
Hatto oy ham oʻtib ketsa bundan,
Xush hididan ajralib turardi
Ul kishi odamlar orasidan.
Billur kabi edi tuksiz badani,
Qanday madh etay ul pok tanani?
Doʻstni tomosha etish uchun ul sharif
Koʻz boʻlgan edi butun jismi latif.
Kamolda edi nozik badani,
Xalloq koʻrsatgan edi hikmatini.
Koʻksida, qornida yoʻq edi aslo
Biror tuk – goʻyo kumush lavha.
Koʻksi oʻrtasidan pastga yolgʻiz
Bir qator tuk tizilgan edi, shaksiz.
Bu qora xat ul muborak badanda
Oy holasi yangligʻ goʻzal edi onda.
Umr boʻyi muborak aʼzolari
Yoshlikdagidek qoldi, soʻlmadi.
Yoshi Nabaviy ortgan sari
Gʻuncha kabi yangilanardi bari.
Ham yana, Koinotning Sultoni
Semiz edi, deb gumon qilma oni.
Na zaif edi, na ortiq etli edi,
Moʻtadil, ham gʻoyat quvvatli edi.
Ahli dil dedi: na ortiq, na kam –
Bir-biridan aʼzolari teng edi ham.
Ul badan saroyin Ustod qurdi,
Adlu dod ila asosin urdi.
Eʼtidolda edi pok badani,
Nurga gʻarq boʻlgan edi butun tani.
Oʻrta boʻyli edi ul Sidra makon,
U ila tartib topdi butun jahon.
Qomatining moʻjizasin koʻrganlar
Hazratini madh etib, shunday derlar:
Koʻrmadik bunday gul yuzli goʻzal,
Boʻyi ham, xulqi ham, yuzi ham goʻzal.
Oʻrta boʻyli boʻlsa ham ul Nabiy,
Uzun bir kimsa ila yursa agar,
Ul er qancha uzun boʻlmasin, har dam
Balandroq koʻrinar edi Paygʻambar ham.
Uzun boʻylidan ul gavhar
Baland edi bir kaft barobar.
Bir yoʻlga ketsa izzat ila,
Gʻoyat tez yurar edi yoʻlida.
Sharif vasfida yana aytaylik:
Yurganda oldinga egilar edi.
Yaʼni bir qiyalikdan tushgandek,
Doim oldinga biroz egilardi.
Shonu shavkatli edi ul Jalil,
Iftixor etar edi ruhi Xalil.
Haq kimni istasa, ul zotning, begumon,
Har aʼzosi boʻlur aʼlo, har zamon.
Yoʻlda ketayotib, agar bir kimsa
Toʻsatdan Rasulullohni koʻrsa,
Qalbiga tushar edi uning haybat
Rasulullohning ulugʻligidan, albat.
Va agar bir kishi Nabiy ila doim
Suhbat etib, soʻylasa kalom,
Soʻzlaridagi lazzat ila ul
Qul boʻlur edi, qabul etsa Rasul.
Azaliy Xalloq uni qilgan edi
Husni xulq ila bemisl, bebadal.
Yo Rasulalloh, sizni madh etmoqqa yoʻq madorim,
Barchamiz yaratildik sizning hurmatingizga.
Xullas, ey vafo iqlimining Shohi,
Sizga jonim ham fido, har narsa fido!
Hüseyin Hilmi Işık
(qaddasallohu taolo sirrahul aziz)
Makkai mukarramaning qadimgi bir koʻrinishi
AHLI SUNNAT QASIDASI
Ahli sunnat eʼtiqodi – senga avval kerak boʻlgan,
Yetmish uch firqa bor, ammo jahannamlik – qolgan.
Musulmonlar – barcha sunniy; hammasining peshvosi – Nuʼmon.
Jannat ila xushxabar oldi iymonda bularga ergashgan.
Eʼtiqodni mustahkam qil; soʻngra Islomga bogʻlan!
Islomning besh shartin ado et; haromlardan saqlan hamon!
Agar bir gunoh qilsang, tavba et, oʻtkazma zamon!
Kim Islomga ergashmasa, bir kun boʻlur, albat, pushaymon.
Dinsizga aldanmagin, halok boʻlursan sen ham, har on!
Shirin soʻzga ishonsang, soʻngra holing boʻlur yomon!
Ikki yuzlilar koʻpaydi: tashi – farishta, ichi – ilon,
Tuzoqqa tushirish uchun doʻst koʻrinar, ham-da jondan.
Har kim oʻzin haqli sanar: «Yomon, – der, – menga ergashmagan».
Islomdir ul tarozu, haqlini ajratgan, begumon!
Bilki, Islomga ergashmagan – toʻgʻri yoʻldan ozgan inson.
Bu soʻzga, albatta, ishonur tarixni yaxshi anglagan.
Nega tabibga chopar biror joyi ogʻrigan?
Chunki oʻlimni sevmas hech kim; har narsadan shirinroq – jon.
Abadiy yashash orzusi menda yoʻq, deya bormi aytgan?
Oʻlim – yoʻq boʻlish emasdir; qabr hayotiga ishon!
Jannat abadiy, jahannam ham; buni xabar berdi Qurʼon,
Abadiy darddan saqlanmoq kerak, boʻlsa hamki bir gumon.
Bunga ishonmagan ham bor; koʻrshapalak qochar ziyodan.
Qargʻa axlatdan lazzat olur; bulbuldir gulni izlagan.
Islomni, albatta, seva olmas nafsga, kayfga berilgan.
Bu ikkisi bir boʻlurmi? Yaxshi ajralur yomondan!
Musulmonlar Haqni tanir, har maxluqqa qilur ehson,
Iymonsizlar – ilon kabi; lazzat olur jon kuydirishdan.
Omon, yo Rabbim, al-omon! Qanday mushkul oxir zamon,
Din ilmi unutildi; juda ozaydi namoz oʻqigan.
