PAYGʻAMBARIMIZNING SAHOBALARI
Paygʻambarimizning hamrohlari: ayol yoki erkak, bola yoki katta bir musulmon Rasulullohni juda oz boʻlsa ham bir marta koʻrsa yoki koʻzi ojiz boʻlib, u zot bilan bir marta gaplashsa va iymon bilan vafot etsa, unga Sohib yoki Sahobiy deyiladi. Ularning bir nechtasiga Asʼhobi kirom, Sahobai kirom yoki Sahb deyiladi (roziyallohu anhum ajmaʼiyn). Paygʻambarimizni kofir holida koʻrib, Rasulullohning vafotlaridan keyin iymonga kelgan yoki musulmon holida koʻrib, keyin murtad boʻlgan (musulmonlikdan chiqqan) kishi sahobiy emas. Sahobiy boʻlgandan keyin murtad boʻlib, Rasulullohning vafotlaridan keyin yana iymonga kelgan kishi sahobiy boʻladi. Paygʻambarimiz jinlarga ham paygʻambar boʻlganlari uchun jin ham sahobiy boʻladi.
Paygʻambarlardan va farishtalarning afzallaridan keyin barcha maxluqotning eng afzali – sahobai kiromdir. Ularning har birining ismini «hazrati» yoki «roziyallohu anhu» deb, hurmat va ehtirom bilan aytish lozim. Muhammad alayhissalomning paygʻambar ekanliklariga ishongan har bir kishiga, yaʼni qaysi irqdan, qaysi yurtdan boʻlishidan qatʼi nazar, har bir musulmonga Muhammad alayhissalomning ummati deyiladi. Sahobai kiromning har biri bu ummatning hammasidan afzaldir. Sahobai kiromning (roziyallohu anhum) fazilati va afzalligi haqidagi oyati karimalarda shunday deyiladi, maʼnosi: «Sizlar ummatlarning eng xayrlisisiz».1 «Muhojirlar va ansorlardan eng avval iymon keltirganlardan va ularga yaxshilikda ergashganlardan (ularning yoʻlidan borganlardan) Allohu taolo rozidir. Ular ham Allohu taolodan rozidirlar. Allohu taolo ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarni tayyorlab qoʻydi. Ular u yerda abadiy qoladilar. Bu – juda buyuk najotdir».2 «Muhammad (alayhissalom) – Allohu taoloning Paygʻambaridir. U bilan birga boʻlganlarning (yaʼni sahobai kiromning) hammasi kofirlarga qarshi shiddatlidirlar, bir-birlariga esa mehribondirlar. Ularni koʻp vaqt rukuʼda va sajdada koʻrasiz. Ular bu ibodatlari bilan, insonlarga koʻrsatgan shafqatlari va muhabbatlari bilan Janobi Haqning roziligini va ehsonini istaydilar. Koʻp sajda qilganlari yuzlaridan bilinib turadi (yuzlarida sajda qilishning alomat va belgilari bor). Mana, Tavrotda ularning holi shunday. Injildagi sifatlari esa shundaydir: ular niholini yorib chiqarib, kuchaygan, yoʻgʻonlashgan, tanasi ustida tik qad rostlagan bir ekinga oʻxshaydilar, bu esa dehqonlarni quvontiradi. (Mana, sahobai kirom ham shunday edilar. Ular avval oz va zaif boʻlib, keyin koʻpayib, kuchaydilar.) Bu oʻxshatish kofirlarni, inkor etuvchilarni ham gʻazab va nafratga soldi. Allohu taolo iymon keltirib, solih amallar qilganlarga magʻfirat va ulugʻ mukofot vaʼda qildi».3
Sahobai kirom haqidagi baʼzi hadisi shariflar:
«Sahobalarimni soʻkmanglar! Sahobalarimdan keyin kelganlardan biri togʻdek oltin sadaqa qilsa ham, sahobalarimdan birining bir hovuch arpa berib erishgan savobiga yoki uning yarmiga ham yeta olmaydi!»4
«Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) – Allohu taoloning Rasulidir. U bilan birga boʻlganlar (sahobai kirom) kofirlarga qarshi juda shiddatli, bir-birlariga esa juda marhamatlidirlar (juda shafqatlidirlar)» Fath: 29
«Sahobalarim osmondagi yulduzlar kabidir. Qaysi biriga ergashsangiz, hidoyatga erishasiz».5
«Sahobalarimga dushmanlik qilishdan saqlaninglar! Allohdan qoʻrqinglar! Ularni sevgan meni sevgani uchun sevadi. Ularga dushmanlik qilgan menga dushmanlik qilgan boʻladi. Ularni ranjitgan meni ranjitgan boʻladi. Meni ranjitgan esa, albatta, Allohu taoloni ranjitadi».
«Ummatimning eng yaxshilari – men boʻlgan zamonda yashaganlardir. Ulardan keyin eng yaxshilari – ulardan keyin kelganlardir. Ulardan keyin eng yaxshilari – yana ulardan keyin kelganlardir».
«Meni koʻrgan va meni koʻrganlarni koʻrgan musulmonni jahannam olovi kuydirmaydi».6
Yuqoridagi oyati karimalar va hadisi shariflar sahobai kiromning afzalligi va fazilatini ochiq-oydin koʻrsatib turibdi.
Sahobai kirom – diniy hukmlar masalasida eng moʻtabar manbadir. Chunki ular Qurʼoni karimni Paygʻambarimizdan oʻrganib, oʻzlaridan keyingilarga oʻrgatganlar va tushuntirganlar. Paygʻambarimizning qilgan va aytgan narsalari haqidagi maʼlumotlar ularning bevosita koʻrib, eshitib naql qilgan narsalariga asoslanadi.
Ularning hammasi birdek naql qilgan mana shu hukmlar hadisi shariflarning asosini tashkil qilgan. Islomda ijmoʼi ummat, yaʼni olimlarning yakdil fikri, faqat sahobalar zamonida toʻliq va mukammal tarzda amalga oshgan. Bundan tashqari, sahobalarning har biri dinda soʻzi hujjat va dalil boʻlgan mujtahid olimlardandir. Ular keyin kelgan mujtahidlardan afzaldirlar. Ahli sunnat olimlari sahobai kiromning afzallik tartibini uchga ajratganlar: 1. Muhojirlar: Makka shahri fath qilinishidan oldin Makkadan yoki boshqa joylardan vatanlarini, yaqinlarini tark etib, Madina shahriga hijrat qilganlardir. Ular Rasulullohning huzurlariga iymon bilan kelganlar yoki kelgach iymon keltirganlar. Hazrati Amr ibn Os ham shulardandir (roziyallohu anhum ajmaʼiyn).
2. Ansorlar: Madina shahrida yoki bu shaharga yaqin joylarda yashagan va Avs hamda Xazraj nomli ikki qabiladan boʻlgan musulmonlarga ansorlar deyiladi. Chunki ular Paygʻambarimizga va makkaliklarga har turli yordam va fidokorlik koʻrsatishga soʻz berganlar va soʻzlarida turganlar (roziyallohu anhum ajmaʼiyn).
3. Boshqa sahobai kirom: muhojir ham, ansor ham boʻlmagan, lekin boshqa joylardan kelib, Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) suhbatlari bilan sharaflangan musulmonlardir. Makka shahri fath qilinganda yoki boshqa joylarda iymonga kelganlar shulardandir. Ularga faqat sahobiy deyiladi (roziyallohu anhum ajmaʼiyn). Sahobai kiromning eng afzallari – Rasulullohning toʻrt xalifalaridir. Ular xilofat tartibiga koʻra: hazrati Abu Bakr, hazrati Umar, hazrati Usmon va hazrati Ali. Ulardan keyin eng afzallari – Asharai mubashsharadan, yaʼni jannat bilan xushxabar berilgan oʻn kishidan qolgan oltitasi (Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Saʼid ibn Zayd, Abu Ubayda ibn Jarroh) va hazrati Hasan bilan hazrati Husayndir (roziyallohu anhum ajmaʼiyn).
Ulardan keyin afzal boʻlganlar – ilk musulmon boʻlgan qirq kishi. Soʻngra – Badr jangida qatnashgan uch yuz oʻn uch sahobiy. Soʻngra – Uhud jangida qatnashgan yetti yuz qahramon. Ulardan keyin afzal boʻlganlar – hijratning oltinchi yilida daraxt ostida Rasulullohga: «Oʻlish bor, qaytish yoʻq!» – deb soʻz bergan bir ming toʻrt yuz kishi. Bu ahdlashuvga «Bayʼati Rizvon» deyiladi.7
Sahobai kiromning soni: Makka fathida oʻn ikki ming, Tabuk gʻazotida oʻttiz ming, Vido hajida toʻqson ming sahobiy bor edi, Rasululloh vafot etganlarida esa yer yuzida bir yuz yigirma toʻrt mingga yaqin sahobiy bor edi. Bu haqda boshqa rivoyatlar ham bor.8
Sahobai kiromdan eng oxirgi vafot etganlar: Abdulloh ibn Avfo milodiy 705 (hijriy 86) yilda Kufada vafot etdi. Abdulloh ibn Yasr milodiy 706 (hijriy 88) yilda Shomda, Sahl ibn Saʼd milodiy 709 (hijriy 91) yilda 100 yoshida Madinada, Anas ibn Molik milodiy 711 (hijriy 93) yilda Basrada, Abut Tufayl Omir ibn Vosila milodiy 718 (hijriy 100) yilda Makkada vafot etdi (roziyallohu anhum ajmaʼiyn). Paygʻambarimizning vafotlaridan keyin, toʻrt xalifa davrida ham sahobai kirom Islom dinini yoyish, jihod qilish borasida soʻzlariga sodiq qoldilar. Soʻzlaridan aslo qaytmadilar. Hammalari ittifoq holda yer-yurtlarini tark etib, Arabistondan chiqib, har tomonga tarqaldilar. Ketganlarning koʻpi qaytmay, borgan joylarida umrining oxirigacha jihod qildi va Islom dinini yoydi. Shu tariqa oz vaqtda koʻp yurtlar fath qilindi. Fath qilingan joylarda Islom tez yoyildi. Sahobai kiromning hammasi odildir. Islomni bildirishda ularning hammasi sherikdir. Qurʼoni karimni ular jamladilar. Hadisi shariflarni Paygʻambarimizdan ular naql qildilar. Ularning hammasini sevish – Ahli sunnat eʼtiqodida boʻlishning eng muhim, ajralmas shartidir. (Sahobai kiromning Islom diniga qilgan xizmatlarini, ibratli hayotlarini, fazilatlarini, hammasining ismlari va tarjimai hollarini yozgan koʻp asarlar taʼlif qilinib, nashr etilgan. Hakikat Kitabevi tomonidan nashr qilingan «Eshâb-ı kirâm» va «Menâkıb-ı Çihâr Yâr-i Güzîn» kitoblari juda qimmatlidir.)
«Sahobalarim osmondagi yulduzlar kabidir. Qaysi biriga ergashsangiz, hidoyatga erishasiz» Hadisi sharif
Olamlar Rabbining mahbubi – Muhammaddir,
Jismi pok, ismi Ahmad, olamlarga rahmatdir.
Xulqi azim sohibi, «Lavloka…» xitobining egasi,
Ilm, odob, fayz, nur va muhabbat manbaidir.
Haq bilan banda aro haqiqiy vosita – ul zot,
Soʻzi – ruhlarga shifo, ismi – koʻngil zangiga.
Noumid qalb bemoriga haqiqiy tabib – ul zot,
Yolgʻiz oʻzlari emas, ummatlari ham farishtalardan yuksakdir.
Bu eng sara bandasiga Haq yordamchilar berdi,
Eng sevgan bandalarini ul zotga sahoba qildi.
Rasululloh: «Ularning yoʻli – mening yoʻlim», – dedilar,
Asrlarning yaxshisi shu asr ekanin koʻrsatdilar.
Muhammad Mustafoni jonlaridan ortiq sevdilar,
Mol-mulk, mansablarini ul zot yoʻlida tark etdilar.
Islomni yoymoq uchun sevib-sevib jon berdilar,
Yo Rabbim, bu ne goʻzal hol, yo Rabbim, bu ne izzatdir!
Ul zotning bir suhbatida nafslari pok boʻldi,
Qalblariga maʼrifat, fayz, nur, tajalliy toʻldi.
Avliyo hollarini ular bir onda topdilar
Va doim ul zotga ergashdilar – bu ne buyuk sharafdir!
Ularning hammasi odil, hech kimga zulm etmaslar,
Nafslari uchun aslo xilofat istamaslar.
Shu sabab urushmaslar, bir-birini ranjitmaslar,
Eng yuksak maqomdalar va hammasi mujtahiddir.
