Paygʻambarimizning farzandlari
Paygʻambarimizning uch oʻgʻil va toʻrt qiz – yetti farzandlari boʻlgan. Hazrati Fotimadan boshqa hammasi Rasulullohdan oldin vafot etgan. Sevimli Paygʻambarimizning nasllari hazrati Fotima onamiz orqali davom etgan. Nabiralari hazrati Husaynning nasliga sayyid, hazrati Hasanning nasliga sharif deyiladi. Sayyidlarga va shariflarga hurmat – Paygʻambarimizga hurmatdir. Sayyidlarni va shariflarni sevish soʻnggi nafasda iymon bilan ketishga sabab boʻladi.
Qosim (roziyallohu anhu): Rasulullohning uch oʻgʻillarining birinchisidir. Shuning uchun Rasululloh «Abul Qosim» deb ataldilar. U paygʻambarlikdan oldin Makkada tugʻilgan. Onasi – Xadichai Kubro. Oʻn yetti oylik boʻlganida vafot etdi.1
Zaynab (roziyallohu anho): Rasulullohning toʻrt qizlarining birinchisidir. Paygʻambarimiz oʻttiz yoshda ekanliklarida tugʻildi. Paygʻambarlikdan oldin onasi Xadichaning opa-singlisining oʻgʻli Abul Os ibn Robiʼga turmushga chiqdi.2 Abul Os avval iymon keltirmadi. Badr jangida asir tushib, xotinini Madinaga yuborish sharti bilan ozod qilindi. U Zaynabni oʻz birodari bilan yubordi, lekin kofirlar Zaynabni yoʻldan qaytarishdi. Rasul alayhissalom Zayd ibn Horisani Makkaga yuborib, Zaynabni kechasi yashirincha Madinaga olib keltirdilar. Abul Os Hudaybiya safaridan keyin iymonga keldi. Zaynab yana unga qaytarildi. U hijratning sakkizinchi yilida, oʻttiz bir yoshida vafot etdi. Ikki farzandi qoldi. Biri Ali boʻlib, u balogʻatga yetay deb qolgan yoshda vafot etdi. Ikkinchisi – Umoma. Zaynab Fotimaga (roziyallohu anho) vasiyat qilib, bolalarini imom Aliga topshirgan edi. Oʻgʻli Ali Makka fathida Rasulullohning tuyalarida, u zotning orqalarida oʻtirgan edi. Umomaga keyinchalik hazrati Ali uylandi.3
Ruqayya (roziyallohu anho): Paygʻambarimizning ikkinchi qizlaridir. Paygʻambarimiz oʻttiz uch yoshda ekanliklarida tugʻildi. Onasi – Xadichai Kubro. Juda goʻzal edi. U hazrati Usmonning zavjasidir. Avval u Abu Lahabning oʻgʻli Utbaga unashtirilgan edi. Abu Lahab va uning xotini Rasulullohga ozor berish uchun oʻgʻlini bu unashtiruvdan voz kechtirishdi. «Tabbat yado» surasi nozil boʻlgach, Utba toʻydan oldin uni taloq qildi. Vahiy kelib, u hazrati Usmonga nikohlab berildi. Ular birga ikki marta Habashistonga, soʻngra Madinai munavvaraga hijrat qildilar. Hazrati Ruqayya yigirma ikki yoshida, Badr jangidan oldin betob boʻlib qoldi. Hazrati Usmonga Badrga bormay, zavjasiga qarash buyurildi. U Badr jangi gʻalabasining xushxabari Madinai munavvaraga yetib kelgan kuni vafot etdi va oʻsha kuni dafn qilindi.4
Ummu Kulsum (roziyallohu anho): Rasulullohning uchinchi qizlaridir. Abu Lahabning ikkinchi oʻgʻli Utaybaga unashtirilgan edi. «Tabbat yado» surasi nozil boʻlgach, Utayba hali toʻylari boʻlmasdan uni taloq qildi va Rasulullohga dilozor soʻzlar aytdi. Shunda Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Rabbim! Uning ustiga yirtqichlaringdan birini musallat qil!» – deb duoi bad qildilar. Shom yoʻlida uni bir sher parcha-parcha qildi. Ruqayya vafot etganidan keyin vahiy kelib, Ummu Kulsum ham hazrati Usmonga nikohlab berildi. U hijratning toʻqqizinchi yilida vafot etdi. Janoza namozini Rasululloh oʻqitdilar, dafn qilinayotganda u zot qabri yonida turdilar va muborak koʻzlaridan yosh oqar edi.5
Fotima (roziyallohu anho): Rasulullohning toʻrtinchi qizlari, hazrati Alining zavjasi va hazrati Umarning qaynonasidir. Nikoh oʻqilganda oʻn besh yoshda edi.6 Uning mahri toʻrt yuz misqol kumush boʻlgani «Mavohibi laduniya» kitobida, Saviq gʻazoti bobida yozilgan. Bu 57,14 misqol oltinga toʻgʻri keladi. (Bugungi kun uchun bu – 38 oltin lira.) Ali (roziyallohu anhu) oʻshanda yigirma besh yoshda edi. Fotima ahli baytdandir. U oq yuzli, juda goʻzal edi. Hijratdan oʻn uch yil oldin Makkada tugʻildi, hijratning oʻn birinchi yilida yigirma toʻrt yoshida vafot etdi. Uning Hasan, Husayn va Muhsin ismli uch oʻgʻli hamda Ummu Kulsum va Zaynab ismli ikki qizi boʻldi.7
Rasulullohning nasllari Fotimadan davom etdi. Zaynab Abdulloh ibn Jaʼfari Tayyorga turmushga chiqdi, ularning Ali va Ummu Kulsum ismli farzandlari boʻldi. Ularga Sharifi Jaʼfariy deyiladi.
«Ahli baytim Nuh alayhissalomning kemasi kabidir. Ularga tobe boʻlgan najot topadi. Qolganlar halok boʻladi» Hadisi sharif
1. Jannatul Baqiʼ – Madinai munavvara
2. Ahli bayt
3. Banotun Nabiy (Paygʻambarimizning qizlari)
4. Shuhadoul Baqiʼ (Jannatul Baqiʼ shahidlari)
5. Azvojun Nabiy (Paygʻambarimizning zavjalari)
6. Imom Molik
Jannatul Baqiʼdagi maqbaralarning buzilishidan oldingi holati
Abdulloh (roziyallohu anhu): Rasulullohning Xadichai Kubrodan boʻlgan oxirgi farzandlaridir. Paygʻambarlikdan keyin tugʻilib, emizikli chogʻida vafot etdi. Unga Tayyib va Tohir ham deyiladi. Abdulloh vafot etganda, Os ibn Voil: «Muhammad abtar boʻldi», – dedi, yaʼni uning nasli kesildi, demoqchi boʻldi. Allohu taolo kofir Osga «Inno aʼtayno» surasi bilan javob berdi.8
Ibrohim (roziyallohu anhu): Rasulullohning oʻgʻillarining uchinchisi va barcha farzandlarining oxirgisidir. Hiraqlning Misrdagi noibi Muqavqis hadya qilib yuborgan hazrati Moriyaning oʻgʻlidir. Hijratning sakkizinchi yilida tugʻilib, bir yarim yoshida vafot etdi. Betob boʻlganida Rasululloh uni quchoqlariga olar, muborak koʻzlaridan yosh oqar edi. Ibrohim vafot etganda, u zot: «Yo Ibrohim! Oʻlimingdan juda qaygʻurdik. Koʻzlarimiz yigʻlayapti, qalbimiz oʻrtanyapti. Lekin Rabbimizni ranjitadigan biror soʻz aytmaymiz», – dedilar.9 U Jannatul Baqiʼga dafn qilindi. Oʻsha kuni quyosh tutildi. Odamlar: «Uning vafoti sababli quyosh tutildi», – deyishdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) buni eshitib: «Oy va quyosh Allohu taoloning borligini va birligini koʻrsatuvchi ikki maxluqidir. Ular hech kimning oʻlishi yoki yashashi sababli tutilmaydi. Ularning tutilganini koʻrganingizda, Allohu taoloni yod etinglar!» – dedilar.
Ilohim! Fotima avlodi hurmatiga,
Soʻnggi soʻzim kalimai tavhid boʻlsin!
Bu duomni rad etsang ham, qabul etsang ham, –
Yopishdim Nabiy ahli baytining etagiga.
Ahli bayti Rasul (Oli Rasul – Oli Abo)
Allohu taolo Qurʼoni karimda ahli baytga shunday marhamat qilmoqda, maʼnosi: «Allohu taolo sizlardan rijsni, yaʼni har qanday nuqson va kirlarni ketkazishni va sizlarni mukammal poklik bilan poklashni istaydi».10
Sahobai kirom: «Yo Rasulalloh! Ahli bayt kimlar?» – deb soʻrashdi. Shu payt imom Ali keldi. Paygʻambarimiz uni muborak abolari ostiga oldilar. Soʻngra navbat bilan Fotimai Zahro, imom Hasan va imom Husayn kelishdi. U zot ularning har birini bir yonlariga olib: «Mana bular – mening ahli baytimdir», – dedilar. Bu yuksak zotlarga «Oli Abo va Oli Rasul» ham deyiladi.11
Ahli bayti Nabaviyni sevish oxiratga iymon bilan ketishga, soʻnggi nafasda najot topishga sabab boʻladi. Ahli baytni sevish har bir moʻminga farzdir. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: «Ahli baytim Nuh alayhissalomning kemasi kabidir. Ularga tobe boʻlgan najot topadi. Qolganlar halok boʻladi».12
Ahli bayti Nabaviyning fazilatlari va kamolotlari juda koʻpdir. Ularni sanab tugatib boʻlmaydi. Ularni bayon qilishga, madh etishga insonning kuchi yetmaydi. Ularning qadr-qimmati va ulugʻligi faqat oyati karimalar orqali anglanadi.
Ali bilan Hasan, Husayn andadir,
Sevgisi – koʻngilda, muhabbati – jonda.
Ertaga mahshar kuni, ulugʻ devonda
Yo Muhammad, jonim orzular sizni.
Arafot togʻidir bizning togʻimiz,
Anda qabul boʻlur bizning duomiz,
Madinada yotur Paygʻambarimiz,
Yo Muhammad, jonim orzular sizni.
Imom Shofeʼiy buni eng goʻzal tarzda shunday bildirgan: «Ey ahli bayti Rasul! Sizlarni sevishni Allohu taolo Qurʼoni karimda buyuradi. Namozlarida sizlarga duo qilmaganlarning namozlari qabul boʻlmasligi sizlarning qadringizni va yuksak darajangizni koʻrsatadi. Sharafingiz naqadar ulugʻki, Allohu taolo Qurʼoni karimda sizlarga salom bermoqda!» Hazrati Anas shunday deydi: «Rasulullohdan: „Ahli baytdan kimni eng koʻp sevasiz?“ – deb soʻrashdi. U zot: „Hasan bilan Husaynni“, – dedilar».13
Hazrati Abu Hurayra shunday deydi: «Rasulullohning huzurlarida edim. Hasan keldi. Rasululloh: „Yo Rabbim! Men uni sevaman. Sen ham uni sev va uni sevganlarni ham sev“, – dedilar, boshqa bir safar esa: „Hasan bilan Husayn – dunyoda mening xushboʻy gullarimdir“, – dedilar». Paygʻambarimiz yana shunday dedilar: «Mendan keyin sizlarga ikki narsani qoldiryapman. Ularga yopishsangiz, yoʻldan adashmaysiz. Birinchisi ikkinchisidan ulugʻroqdir. Biri – Allohu taoloning kitobi Qurʼoni karim boʻlib, u osmondan yergacha choʻzilgan mustahkam arqondir. Ikkinchisi – ahli baytimdir. Bu ikkisi bir-biridan ajralmaydi. Ularga ergashmagan kishi mening yoʻlimdan ajraladi».14
Hazrati Hasan va hazrati Husayn (roziyallohu anhumo) betob boʻlib qolishgan edi. Paygʻambarimiz hazrati Ali va hazrati Fotimaga: «Bu jigarbandlaringiz uchun nazr qilinglar!» – dedilar. Hazrati Ali, Fotima onamiz va ularning Fidda ismli joriyalari uch kundan roʻza tutishni nazr qilishdi. Oʻsha ikki jannat guli shifo topdi. Lekin uylarida yeyiladigan hech narsa yoʻq edi. Hazrati Ali bir yahudiydan uch soʼ15 arpa qarz oldi. Uchalasi ham nazr qilgan roʻzalariga niyat qilishdi. Hazrati Fotima arpaning bir oʻlchovini tegirmonda tortib, besh dona non yopdi. Ular besh kishi edilar. Iftor vaqti boʻldi. Fotima besh nondan birini hazrati Alining oldiga, birini hazrati Hasanning oldiga, birini hazrati Husaynning oldiga, birini joriya Fiddaning oldiga, birini esa oʻz oldiga qoʻydi. Ular iftor qilmoqchi edilar. Shu payt bir miskin kelib: «Ey Rasulullohning ahli bayti! Men miskin musulmonlardan bir miskinman. Menga yeyishga biror narsa beringlar! Allohu taolo sizlarni jannat neʼmatlari bilan mukofotlasin», – dedi. Ular qoʻllaridagi nonlarni unga sadaqa qilib berdilar, oʻzlari esa suv bilan iftor qildilar. Ertasi kuni yana roʻza tutdilar. Xizmatchi yana bir oʻlchov arpani tortib, yana besh dona non yopdi. Iftor vaqtida nonlarni oldilariga olib, iftor qilmoqchi boʻlib turganlarida, bir yetim keldi. Beshovlon ham nonlarini unga berib, yetimni sevintirdilar, oʻzlari esa suv bilan iftor qilib, uxladilar. Uchinchi kuni yana roʻza tutdilar. Qolgan oxirgi bir oʻlchov arpadan ham besh dona non yopib, oldilariga qoʻydilar. Iftor qiladigan paytda bir asir kelib: «Uch kundan beri ochman. Meni bogʻlab qoʻydilar, ovqat ham bermadilar. Allohu taolo haqqi, menga rahm qilinglar!» – dedi. Beshovlon ham nonlarini unga berib, yana suv bilan iftor qildilar. Shundan keyin nozil boʻlgan oyati karimalarda Allohu taolo shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Ular nazrlarini ado etdilar. Uzoq va davomli boʻlgan qiyomat kunidan qoʻrqqanlari uchun oʻzlari juda istagan va koʻngillari tusagan taomlarni miskinga, yetimga va asirga berdilar va: „Biz sizlarni Allohu taoloning roziligi uchun taomlantirdik. Sizlardan evaziga na bir tashakkur, na biror narsa kutmadik, hech narsa istamaymiz“, – dedilar».16 «Shuning uchun Janobi Haq ularga sharobi tahur (pokiza ichimlik) ichirdi…»17 Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Paygʻambarimizning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Sizlarning yaxshilaringiz – mendan keyin ahli baytimga yaxshilik qilganlardir».
«Sirot koʻprigidan oyoqlari toymay oʻtadiganlar – ahli baytimni va sahobalarimni juda sevganlardir» Hadisi sharif
Hazrati Ali Paygʻambarimizning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ahli baytimga yaxshilik qilganlarga qiyomat kuni shafoat qilaman». «Sirot koʻprigidan oyoqlari toymay oʻtadiganlar – ahli baytimni va sahobalarimni juda sevganlardir».
Imomi Rabboniy hazratlari keltirgan bir hadisi sharifda: «Alini sevgan, albatta, meni sevgan boʻladi. Unga dushmanlik qilgan, albatta, menga dushmanlik qilgan boʻladi. Uni ranjitgan, albatta, meni ranjitgan boʻladi. Meni ranjitgan esa Allohu taoloni ranjitgan boʻladi», – deyildi.
Rasululloh shunday dedilar: «Allohu taolo menga toʻrt kishini sevishni buyurdi. Ularni Oʻzi ham sevishini bildirdi». «Ular kimlar? Ularning ismlarini bizga aytasizmi?» – deyilganda,
u zot: «Ali ulardandir, Ali ulardandir, Ali ulardandir; va Abu Zarr, Miqdod va Salmon», – dedilar.
«Oilam sababli meni ranjitganlarga qattiq azob bordir».
Bir hadisi shariflarida yana: «Fotima mening bir boʻlagimdir (yaʼni mendan bir parchadir). Uni ranjitgan meni ranjitadi», – dedilar. Hazrati Abu Hurayra shunday deydi: «Paygʻambarimiz hazrati Aliga: „Fotima menga sendan sevimliroqdir. Sen esa menga undan azizroqsan (yaʼni qimmatliroqsan)!“ – dedilar».18
Yana shunday dedilar: «Sizlarga Islom dinini keltirganim uchun biror evaz soʻramayman. Faqat menga yaqin boʻlgan ahli baytimni sevishingizni istayman».
Islom olimlari ahli baytni sevishni soʻnggi nafasda iymon bilan ketishning sharti deb bilganlar. Ularda Rasulullohning zarralari bor. Ahli baytni qadrlash, ularga hurmat koʻrsatish har bir musulmonning vazifasidir. Buyuk Islom olimi imomi Rabboniy (rahmatullohi alayh) shunday dedi: «Otam zohir va botin, yaʼni qalb ilmlarida juda katta olim edi. Doimo ahli baytni sevishni tavsiya qilar va bunga undar edi. Bu muhabbat insonning soʻnggi nafasda iymon bilan ketishiga koʻp yordam beradi, der edi. Vafot etayotganida bosh uchida edim. Soʻnggi damlarida hushi susayganda, u kishiga bu nasihatlarni eslatdim va u muhabbat qanday taʼsir qilganini soʻradim. Oʻsha holatda ham: „Ahli bayt muhabbatining dengizida suzyapman“, – dedi. Darhol Allohu taologa hamdu sano aytdim. Ahli bayt muhabbati – Ahli sunnatning sarmoyasidir. Oxirat foydalarining hammasini shu sarmoya keltiradi».
Hazrati Fotima va uning qiyomatgacha boʻladigan farzandlari – ahli baytdir. Ular gunohkor boʻlsalar ham, ularni sevish lozimdir. Ularni sevish, ularga qalb, badan va mol bilan yordam berish, hurmat va rioya qilish iymon bilan oʻlishga sabab boʻladi. (Suriyaning Hama shahrida sayyidlar uchun mahkama bor edi. Bu muborak suloladan tugʻilgan bolalar ikki guvoh bilan qozi huzurida roʻyxatga olinar edi. Bu mahkamani inglizlarning sodiq doʻsti Mustafo Rashid posho bekor qildi.) Ahli sunnat imomlari iymon va fiqh bilimlarining, tasavvuf maʼrifatlarining, hatto tafsir va hadis bilimlarining koʻpini ahli bayt imomlaridan oʻrgandilar. Ularning tarbiyasi bilan yetishib chiqdilar. Ularning tavajjuhi bilan yuksaldilar. Ulardan xushxabarlar oldilar. Musulmonlar Rasulullohning ahli baytini (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) hammadan koʻp sevadilar va ahli baytni sevganlarni ham sevadilar. Ahli baytni sevganlarga, ahli baytning yoʻlidan borgan toʻgʻri musulmonlarga (Ahli sunnat) deyiladi. Ahli sunnatning hammasi har bir namozida ahli baytga xayrli duo qiladi.
Rasulni koʻrgan moʻminga «sahobiy» nomi berildi,
Hammasini bildirish uchun «sahobai kirom» deyildi.
Paygʻambarni sevgan har qalb bir onda nurga toʻlardi,
Unga sahoba boʻlganlar Qurʼonda madh etildi.
Hammasi Rasululloh uchun molini, jonini berdi,
Sulhda ilm yoyar edi, jangda sherdek oʻkirardi.
Hadisi sharifda sahoba yulduzlarga oʻxshatildi,
Qay biriga ergashgan yetar nurli yoʻllarga.
Sahobalar juda sevishar, bir-birini maqtar edi,
Keyin kelgan musulmonlar hammasi shunday der edi.
Qurʼonni va hadislarni bizga ular bildirdi,
Qalblarining pokligi zehnlarga ishonch berdi.
Soʻkilsa bulardan biri, yaralanur Islom dini,
Sahobiyni yomonlagan inkor etar Qurʼoni karimni.
Haqiqiy musulmon boʻlsang, hurmat koʻrsat har biriga,
Avval salot, salom ayt Rasulning ahli baytiga!
