Sevimli Paygʻambarim

KOINOT SULTONI PAYGʻAMBARIMIZ

Muhammad alayhissalom – Allohu taoloning habibi (suyuklisi); u zot yaratilgan barcha insonlar va boshqa maxluqotning har jihatdan eng afzali, eng goʻzali va eng sharaflisidirlar. U zot – Allohu taolo madh etgan, barcha insonlarga va jinlarga paygʻambar qilib tanlab yuborgan oxirgi va eng afzal Paygʻambardirlar.

U zot olamlarga rahmat qilib yuborilganlar, hamma narsa u zotning hurmatlari uchun yaratilgan. Muborak ismlari – Muhammad, bu ism «takror-takror madh etilgan, koʻp maqtalgan» degan maʼnoni bildiradi. Ahmad, Mahmud, Mustafo kabi boshqa muborak ismlari ham bor. Otalarining ismi Abdullohdir. Paygʻambarimiz hijratdan 53 (quyosh yili hisobida 51) yil oldin, Rabiul avval oyining oʻn ikkinchi kuni, dushanba kechasi, tongga yaqin Makkai mukarramada dunyoga keldilar. Tarixchilar bu kun milodiy 571 yilning 20 apreliga toʻgʻri kelishini yozadilar.

Dunyoga kelishlaridan bir necha oy oldin otalari Abdulloh, olti yoshga kirganlarida esa onalari Omina vafot etdi. Shu sababli Paygʻambarimizga «Durri yatim» (koinot sadafidagi yagona, yirik va eng qimmatli dur) laqabi ham berilgan. Sakkiz yoshgacha u zot bobolari Abdulmuttalibning, u vafot etgach esa amakilari Abu Tolibning qaramogʻida yashadilar. Yigirma besh yoshlarida Xadichai Kubro onamizga uylandilar. Bu zavjalaridan tugʻilgan toʻngʻich oʻgʻillarining ismi Qosim edi. Arablarda kishini toʻngʻich oʻgʻlining ismi bilan atash – kunya berish odati bor edi. Shu sababli Paygʻambarimizni «Abul Qosim», yaʼni «Qosimning otasi» deb atadilar.

Qirq yoshlarida Allohu taolo u zotga barcha insonlarga va jinlarga paygʻambar ekanliklarini bildirdi. Uch yildan keyin u zot hammani iymonga daʼvat qila boshladilar. Ellik ikki yoshlarida Meʼroj boʻldi.1 Milodiy 622 yilda, 53 (quyosh yili hisobida 51) yoshlarida u zot Makkadan Madinaga hijrat qildilar. U zot yigirma yetti marta jang qildilar: toʻqqiztasida oddiy jangchi sifatida hujumga kirdilar, qolganlarida qoʻshinning bosh qoʻmondoni boʻldilar. U zot hijriy 11 yilda (milodiy 632 yil), Rabiul avval oyining oʻn ikkinchi kuni, dushanba kuni peshindan oldin, 63 (quyosh yili hisobida 61) yoshlarida, Madinai munavvarada vafot etdilar.

Allohu taolo barcha paygʻambarlariga ismlari bilan xitob qilgan boʻlsa-da, u zotga «Habibim» (Suyuklim) deb iltifot qildi. Janobi Haq bir oyati karimada, maʼnosi2: «Biz sizni olamlarga rahmat qilib yubordik»3, bir hadisi qudsiyda esa: «Siz boʻlmaganingizda, siz boʻlmaganingizda, Men maxluqotni yaratmas edim!»4 – deb marhamat qildi. Sayyid Abdulhakim Arvosiy hazratlari aytganlaridek: «Har bir paygʻambar oʻz zamonida, oʻz yurtida oʻz qavmining hammasidan har jihatdan afzaldir. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom esa dunyo yaratilgan kundan to qiyomat qoyim boʻlguncha har zamonda, har yurtda oʻtgan va keladigan barcha mavjudotning har jihatdan eng fazilatlisi, eng afzalidirlar. Hech kim hech bir jihatdan u zotdan afzal emas. Janobi Haq u zotni shunday yaratgan.»

Muborak nurning yaratilishi

Allohu taolo hamma narsadan oldin, yaʼni hech bir narsani yaratmasdan oldin, sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak nurini yaratdi. Tafsir va hadis olimlarimizning koʻpchiligi shunday bildirganlar: «Janobi Haq Oʻz nuridan latif va ulugʻ bir gavhar yaratdi. Bu gavhardan butun koinotni tartib bilan vujudga keltirdi. Bu gavharga „Nuri Muhammadiy“ deyiladi. Barcha ruhlar va jismlarning ibtidosi va manbai – shu gavhardir.»

«Siz boʻlmaganingizda, siz boʻlmaganingizda, Men maxluqotni yaratmas edim!» Hadisi qudsiy

Bir kuni sahobai kiromdan Jobir ibn Abdulloh: «Yo Rasulalloh! Allohu taolo hamma narsadan oldin nimani yaratdi?» – deb soʻradi. Rasululloh shunday javob berdilar: «Hamma narsadan oldin U Oʻz nuridan sening Paygʻambaringning, yaʼni mening nurimni yaratdi. U paytda Lavh ham, Qalam ham, jannat ham, jahannam ham, farishta ham, samovot (osmonlar) ham, arz (yer yuzi) ham, quyosh ham, oy ham, insonlar ham, jinlar ham yoʻq edi».

Odam alayhissalomning qalblari va muborak badanlari yaratilgach, Nuri Muhammadiy u kishining ikki qoshlari orasiga qoʻyildi. U kishiga ruh berilganda, Odam alayhissalom peshonalarida Choʻlpon yulduzidek porlab turgan bir nur borligini sezdilar.

Odam alayhissalom yaratilganda, Janobi Haq u kishiga Abu Muhammad, yaʼni Muhammadning otasi deb xitob qilganini ilhom orqali angladilar. Odam alayhissalom: «Ey Rabbim! Nega menga Abu Muhammad kunyasini berding?» – deb soʻraganlarida, Allohu taolo u kishiga: «Ey Odam! Boshingni koʻtar!» – dedi. Odam alayhissalom boshlarini koʻtarib qaraganlarida, Arshi aʼloda5 nurdan yozilgan sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) ismini – Ahmad ismini koʻrdilar. Shunda u kishi: «Ey Rabbim! Bu kim?» – deb soʻradilar. Allohu taolo: «Bu – sening zurriyotingdan bir paygʻambar. Uning ismi osmonlarda – Ahmad, yerda – Muhammad. Agar u boʻlmaganida, Men seni yaratmas edim. Yerlarni ham, osmonlarni ham yaratmas edim», – dedi.6

Nurning pok peshonalardan pok peshonalarga oʻtishi

Odam alayhissalom yaratilganlarida, u kishining peshonalariga sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak nuri qoʻyildi. Bu nur u kishining peshonalarida porlay boshladi. «Tafsiri Mazhariy»da bildirilganidek, u Odam alayhissalomdan boshlab pok otalar va pok onalar orqali oʻtib, Paygʻambarimizgacha yetib keldi. Allohu taolo buni oyati karimada7 shunday bildirdi, maʼnosi:

«Siz, yaʼni sizning nuringiz, doimo sajda qiluvchilardan sajda qiluvchilarga oʻtkazilib, sizga yetib keldi».8

Bir hadisi sharifda shunday deyilgan: «Allohu taolo insonlarni yaratdi. Meni insonlarning eng yaxshi qismidan vujudga keltirdi. Soʻngra bu qismlarning eng yaxshisini (Arabistonda) tanladi. Meni ulardan vujudga keltirdi. Soʻngra uylar, oilalarning eng yaxshisini tanlab, meni ulardan dunyoga keltirdi. Demak, mening ruhim ham, jasadim ham – maxluqlarning eng yaxshisi. Mening naslim, ajdodim – insonlarning eng yaxshilaridir».

Yana bir hadisi sharifda shunday deyilgan: «Allohu taolo hamma narsani yoʻqdan bor qildi. Hamma narsa ichidan insonlarni sevdi, ularni qadrli qildi; insonlar ichidan tanlaganlarini Arabistonga joyladi. Arabistondagi tanlanganlar orasidan meni tanladi. Meni har zamonning tanlangan, eng yaxshi insonlari orasiga joyladi. Demak, Arabistonda menga bogʻliq boʻlganlarni sevganlar ularni men uchun sevadilar. Ularga dushmanlik qilganlar menga dushmanlik qilgan boʻladilar».

Haq taolo Odamni yaratganda,
Odam ila ziynatladi olamni.
Farishtalar Odamga qildi sajda,
Karamli Rabb unga koʻp lutf etdi.
Mustafo nurin qoʻydi peshonasiga,
«Bil, bu – Habibimning nuri», – dedi.
Oʻsha nur uning peshonasida qaror topdi,
Ne-ne zamonlar u bilan birga qoldi.
Soʻng, bilgin, Havvo peshonasiga oʻtdi,
Unda ham necha oy, necha yil turdi.
Shis tugʻildi – unga oʻtdi bu nur,
Peshonasida jilva qildi nur.
Yetdi Ibrohim, Ismoilga ham,
Soʻz uzayar, qolganin aytsam.
Shunday zanjir halqasidek ulanib,
To Mustafoga yetguncha davom etdi.
Kelganda ul olamlarga rahmat,
Nur borib, unda topdi qaror.
Agar istasangiz oʻtdan najot,
Ishq ila, dard ila ayting salavot!

«Siz, yaʼni sizning nuringiz, doimo sajda qiluvchilardan sajda qiluvchilarga oʻtkazilib, sizga yetib keldi» Shuaro: 219

Yaratilgan birinchi inson Odam alayhissalom Muhammad alayhissalomning zarrasini olib yurganlari uchun, u kishining peshonalarida Paygʻambarning nuri porlab turardi. Bu zarra avval hazrati Havvoga, undan keyin Shis alayhissalomga oʻtdi va shu tariqa pok erkaklardan pok ayollarga, pok ayollardan pok erkaklarga oʻtib bordi. Muhammad alayhissalomning nuri ham zarra bilan birga pok peshonalardan pok peshonalarga oʻtdi. Farishtalar qachon Odam alayhissalomning yuzlariga qarasalar, peshonalarida Muhammad alayhissalomning nurini koʻrar va uning uchun istigʻfor aytishar edi.

Odam alayhissalom vafot etishlari oldidan oʻgʻillari Shis alayhissalomga shunday dedilar: «Bolam! Peshonangda porlab turgan bu nur – oxirgi Paygʻambar Muhammad alayhissalomning nuridir. Uni moʻmina, iffatli, pok ayollarga topshir va oʻgʻlingga ham shunday vasiyat qil!»

Muhammad alayhissalomgacha barcha otalar oʻgʻillariga shunday vasiyat qildilar. Ularning har biri bu vasiyatni bajo keltirdi va eng asil, eng odobli qizlarga uylandi. Nur erkaklar va ayollarning pok peshonalaridan oʻtib, oʻzining asl egasiga borib yetdi. Rasulullohning bobolaridan birining ikki oʻgʻli boʻlsa yoki bir qabila ikki shoxobchaga boʻlinsa, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning nuri hamisha eng sharafli va xayrli tarafda boʻlardi. Har asrda u zotning bobolari boʻlgan kishi yuzidagi nurdan tanilardi. U zotning nurini olib yuruvchi tanlangan bir nasl bor edi; har asrda shu nasldan boʻlgan kishining yuzi juda goʻzal va nihoyatda nurli boʻlardi. U bu nur tufayli aka-ukalari orasida ajralib turar, mansub boʻlgan qabilasi boshqa qabilalardan afzalroq, sharafliroq boʻlardi.9

Paygʻambarimiz bir hadisi shariflarida shunday dedilar: «Mening bobolarimdan hech biri zino qilmagan. Allohu taolo meni pok, yaxshi otalardan va pok onalardan dunyoga keltirdi. Bobolarimdan birining ikki oʻgʻli boʻlsa, men ularning eng xayrlisida, eng yaxshisida boʻlardim». Odam alayhissalomdan beri nasldan naslga oʻtib kelgan bu nur Toruhga, undan oʻgʻli Ibrohim alayhissalomga, soʻngra oʻgʻillari Ismoil alayhissalomga oʻtdi. U kishining ham peshonalarida quyoshdek porlagan nur avlodlaridan Adnonga, undan Maʼadga, undan Nizorga oʻtdi. Nizor tugʻilganda, otasi Maʼad oʻgʻlining peshonasidagi nurni koʻrib sevindi. U katta ziyofat berib: «Bunday oʻgʻil uchun bu ziyofat – arzimas narsa», – degani uchun oʻgʻlining ismi Nizor, yaʼni «arzimas narsa» boʻlib qoldi. Shundan keyin nur halqama-halqa oʻtib, oʻzining asl egasi – paygʻambarlarning oxirgisi (Xotamul anbiyo), sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga borib yetdi.

Paygʻambarimiz bir hadisi sharifda shunday dedilar: «Men Abdulloh, Abdulmuttalib, Hoshim (Amr), Abdu Manof (Mugʻiyra), Qusay (Zayd), Kilob, Murra, Kaʼb, Luay, Gʻolib, Fihr, Molik, Nazr, Kinona, Xuzayma, Mudrika (Omir), Ilyos, Muzar, Nizor, Maʼad, Adnon oʻgʻli Muhammadman. Men mansub boʻlgan jamoa qachon ikkiga boʻlingan boʻlsa, Allohu taolo meni albatta ularning eng xayrli tarafiga joyladi…»10

Yana bir hadisi sharifda u zot shunday dedilar: «Allohu taolo Ibrohim avlodidan Ismoilni tanladi. Ismoil avlodidan Banu Kinonani tanladi. Banu Kinonadan Qurayshni tanladi. Qurayshdan Banu Hoshimni tanladi. Banu Hoshimdan Banu Abdulmuttalibni tanladi. Banu Abdulmuttalibdan esa meni tanladi».11

Paygʻambarimizning Adnongacha boʻlgan sharafli nasabi shunday:

Muhammad alayhissalom Abdulloh Abdulmuttalib (Shayba) Hoshim (Amr) Abdu Manof (Mugʻiyra) Qusay (Zayd) Kilob Murra Kaʼb Luay Gʻolib Fihr Molik Nazr Kinona Xuzayma Mudrika (Omir) Ilyos Muzar Nizor Maʼad Adnon

Bobolari hazrati Abdulmuttalib

Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Quraysh qabilasining Banu Hoshim shoxobchasidandirlar. Otalari – Abdulloh. Abdullohning otasi Shayba edi. Paygʻambarimizning bobolari Shayba Madinada tugʻilgan. Otasi Hoshim vafot etganda, Shayba hali goʻdak edi. Bir kuni u Madinada, togʻalarining uyi oldida doʻstlari bilan oʻq otishni mashq qilayotgan edi. Ularni tomosha qilib turgan kattalar Shaybaning peshonasida porlayotgan nurdan uning sharafli bir kishining oʻgʻli ekanini taxmin qilib, hayratda qoldilar.

Oʻq otish navbati Shaybaga kelganda, u kamonini tortib, oʻqini nishonga uzdi. Oʻq naq nishonga tekkach, u hayajon bilan: «Men Hoshimning oʻgʻliman. Albatta, oʻqim nishonini topadi!» – deb yubordi. Uning bu soʻzlaridan makkalik Hoshimning oʻgʻli ekanini angladilar. Oʻsha paytda Hoshim allaqachon olamdan oʻtgan edi.

Banu Abdu Manofdan biri Makkaga qaytganda, Hoshimning birodari Muttalibga: «Madinada yashayotgan jiyaningiz Shayba juda aqlli bola. Peshonasida hammani hayratga soluvchi bir nur porlayapti. Shunday qimmatli bolani yoningizdan uzoqda tutishingiz toʻgʻrimi?» – dedi. Shundan keyin Muttalib darhol Madinaga bordi va jiyani Shaybani Makkaga olib keldi. Makka koʻchalarida «Bu bola kim?» – deb soʻraganlarga u: «Bu – mening qulim», – deb javob berardi. Shundan keyin Shaybaning ismi «Muttalibning quli» maʼnosidagi Abdulmuttalib boʻlib qoldi.12

«Bolam! Peshonangda porlab turgan bu nur – oxirgi Paygʻambar Muhammad alayhissalomning nuridir. Uni moʻmina, iffatli, pok ayollarga topshir va oʻgʻlingga ham shunday vasiyat qil!» Odam alayhissalom

Abdulmuttalib amakisi Muttalib vafot etguncha uning yonida yashadi. Abdulmuttalibning muborak badanidan mushk hidi kelib turardi. Uning peshonasida Allohu taoloning habibi Muhammad alayhissalomning nuri porlab, atrofiga xayr-baraka sochardi. Qachonki Makkada yomgʻir yogʻmay, qahatchilik boshlansa, makkaliklar Abdulmuttalibning qoʻlidan tutib, uni Sabir togʻiga olib chiqar va duo qilishini soʻrab yolvorar edilar. U hech kimning koʻnglini ranjitmas, Allohu taolodan yomgʻir ehson qilishini soʻrab duo qilardi. Janobi Haq ham Abdulmuttalibning peshonasida porlagan sevimli Paygʻambarimiz nurining barakoti ila uning duosini qabul qilar va moʻl-koʻl yomgʻir yogʻdirardi. Shu tariqa Abdulmuttalibning qadr-qimmati va obroʻsi kundan-kunga oshib bordi. Makkaliklar uni oʻzlariga boshliq qilib sayladilar. Unga qarshi chiqadigan odam topilmas, amriga boʻysunganlar esa tinchlik va osoyishtalik topardilar. Oʻsha davr hukmdorlari ham Abdulmuttalibning fazilati va ulugʻligini eʼtirof etardilar. Faqat Eron shohi (Kisro) uni koʻra olmas, ochiq ham, yashirin ham unga dushmanlik qilardi. Abdulmuttalib hanif, yaʼni musulmon edi.13 U tavhid yoʻlida edi, Allohning borligiga va birligiga ishonardi, Undan boshqa hech bir oʻyi yoʻq edi va hanif boʻlgan ajdodi Ibrohim alayhissalomning dinida edi. Shuning uchun u hech qachon butlarga sigʻinmadi, hatto ularning yoniga ham yoʻlamadi.

U Kaʼba atrofida Allohu taologa duo qilar, Unga ibodat qilardi.

Zamzam

Bir kuni tushida bir kishi unga: «Ey Abdulmuttalib! Tur, Tayyibani qaz!» – dedi-da, gʻoyib boʻldi. Ertasi kuni u yana: «Tur, Barrani qaz!» – dedi. Uchinchi kuni oʻsha kishi: «Tur, Maznunani qaz!» – deb buyurdi. Tushlar uzilmadi. Toʻrtinchi kuni oʻsha kishi yana: «Ey Abdulmuttalib! Tur, Zamzam qudugʻini qaz!» – deganda, Abdulmuttalib: «Zamzam nima? Quduq qayerda?» – deb soʻradi. U kishi shunday dedi: «Zamzam – hech qachon kamaymaydigan va tubiga yetib boʻlmaydigan suvdir. U dunyoning toʻrt tarafidan kelgan hojilarning barchasiga yetadi. U Jabroil alayhissalom qanoti bilan urgan joydan chiqqan. U – Allohu taolo Ismoil alayhissalom uchun yaratgan suvdir. U tashnalarni qondiradi. Ochlarni toʻydiradi, bemorlarga shifo boʻladi. Uning joyini aytayin. Qurbonlik soʻyganlarida, qoldiqlarini bir yerga toʻkadilar. Sen oʻsha yerda boʻlganingda, tumshugʻi qizil bir qargʻa keladi.

U tumshugʻi bilan yerni titadi. Qargʻa titgan joyda sen chumoli inini ham koʻrasan. Ana shu joy – Zamzamning joyidir».14

Ertalab Abdulmuttalib oʻgʻli Horisni yoniga olib, Kaʼbaga bordi va hayajon bilan kuta boshladi. Bir ozdan keyin tushda aytilganidek, tumshugʻi qizil qargʻa kelib, u yerdagi bir chuqurga qoʻndi va tumshugʻi bilan yerni choʻqiy boshladi. Uning ostidan chumoli ini chiqdi. Abdulmuttalib bilan oʻgʻli Horis darhol u yerni qaza boshladilar. Bir muddat qazigach, quduqning ogʻzi koʻrindi. Buni koʻrgan Abdulmuttalib: «Allohu akbar, Allohu akbar!» – deb takbir ayta boshladi.

Boshidan beri quduq qazilishini diqqat bilan kuzatib turgan qurayshliklar unga oʻgirilib: «Ey Abdulmuttalib! Bu – otamiz Ismoilning qudugʻi. Unda bizning ham haqqimiz bor. Sen bizni bu ishga sherik qilishing kerak!» – dedilar. Abdulmuttalib esa darhol qarshi chiqib: «Yoʻq! Bu ish – faqat menga ehson qilingan vazifa», – deb javob berdi. Shunda qurayshliklar: «Sen yolgʻizsan. Bittagina oʻgʻlingdan boshqa hech kiming yoʻq. Bizga bunday qarshi tura olmaysan!» – dedilar.

Zamzam qudugʻi

Zamzam qudugʻi

Masjidul Harom ichida, Hajarul asvad burchagining roʻparasida edi. Uning tosh halqasi bor edi. Osti marmar bilan qoplangan va devorlar tomon qiya edi. Abdulhamidxon I quduqni suv sizmaydigan qilib qurdirgan edi. Tarixning qimmatli yodgorligi boʻlgan bu goʻzal sanʼat asari 1963 yilda buzib tashlandi. Quduqning ogʻzi va atrofidagi bir necha metr joy yerdan bir necha metr pastga tushirildi. Soʻngra uning usti butunlay yopilib, marmar yotqizildi. Hozir bu quduq koʻrinmaydi.

Shunda uning yuragi ezildi, chunki uni yolgʻizligi bilan kamsitayotgan edilar. U qoʻllarini osmonga koʻtarib: «Yo Rabbim! Menga oʻnta oʻgʻil ehson qil. Agar bu duoimni qabul qilsang, ulardan birini Kaʼba oldida qurbon qilaman», – deb yolvordi.15

Abdulmuttalib qazish ishi xavfli tus olayotganini, oqibatda shiddatli toʻqnashuvlar boʻlishi mumkinligini oʻyladi. Shuning uchun qazishni toʻxtatib, kelishuv yoʻlini tanladi.

U bu masalani bir hakam hal qilishini istadi. Nihoyat, Shomda yashaydigan bir kohin bunga chora topadi, degan qarorga keldilar. Qurayshning koʻzga koʻringan kishilaridan bir guruh bilan yoʻlga chiqdilar. Yoʻlda tashnalik va jaziramadan holdan toygan karvon joyidan qoʻzgʻala olmay qoldi. Ular endi bir tomchi suv uchun jon berishga tayyor edilar. Yagona orzulari shu boʻlsa-da, kuydiruvchi sahro oʻrtasida suv topish imkonsiz edi.

Hamma umidini uzgan bir paytda Abdulmuttalib ularga: «Kelinglar, kelinglar! Yigʻilinglar! Sizlarga ham, hayvonlaringizga ham yetadigan suv topdim!» – deb qichqirdi. Muhammad alayhissalomning muborak nurini peshonasida olib yurgan Abdulmuttalib suv izlab yurganida tuyasining oyogʻi bir katta toshga ilingan, tosh joyidan qoʻzgʻalgach, ostidan suv otilib chiqqan edi. Hamma yugurib keldi.

Ular qonib-qonib suv ichib, goʻyo qayta hayot topgandek boʻldilar.

Abdulmuttalibning bu ulugʻligi oldida xijolat tortgan qurayshliklar: «Ey Abdulmuttalib! Endi senga aytadigan gapimiz qolmadi. Zamzam qudugʻini qazishga eng loyiq kishi sensan. Bu xususda sen bilan endi talashmaymiz. Hakamga borishga ham hojat qolmadi, ortga qaytamiz», – dedilar. Soʻng Makka yoʻlini tutdilar. Peshonasida porlagan nur hurmatiga Abdulmuttalib Zamzam qudugʻini qazib, suvini chiqarish sharafiga muyassar boʻldi.16

«Zamzam toʻydiruvchi va bemorga shifo beruvchidir» Hadisi sharif

Qurbonlik oʻgʻil

Abdulmuttalib Zamzam qudugʻini qazigandan keyin uning shon-shuhrati yanada oshdi. Oradan yillar oʻtdi. Janobi Haq uning qalb tubidan chiqqan duosini qabul qilib, Abdulmuttalibga Horisdan tashqari oʻnta oʻgʻil va oltita qiz ehson etdi. Oʻgʻillarining ismlari Qusam, Abu Lahab, Abdulkaʼba, Hajl, Zubayr, Abu Tolib, Abdulloh, Gʻaydoq, Ziror va Muqavvim edi (Hamza bilan Abbos hali tugʻilmagan edi). Qizlari esa Safiyya, Otika, Ummu Hakim Bayzo, Barra, Umayma va Arvo edi. Abdulmuttalib farzandlari orasida eng koʻp Abdullohni yaxshi koʻrardi, chunki oʻz peshonasidagi nur Abdullohning peshonasida porlay boshlagan edi.

Bir kuni Abdulmuttalibga tushida: «Ey Abdulmuttalib! Nazringni bajo keltir!» – deyildi.

Ertalab Abdulmuttalib bir qoʻchqorni qurbon qildi. Kechasi tushida unga: «Undan kattarogʻini qurbon qil!» – deb buyurildi. Ertalab u bir sigirni qurbon qildi. Tushida unga yana undan kattarogʻini qurbon qilish buyurilganda, u: «Undan kattarogʻi nima?» – deb soʻradi. Shunda unga: «Senga oʻnta oʻgʻil ehson qilinsa, oʻgʻillaringdan birini qurbon qilishni nazr qilgan eding. Nazringni bajo keltir!» – deyildi.

Ertasi kuni Abdulmuttalib farzandlarini yigʻib, yillar oldin qilgan duosi haqida gapirib berdi. Soʻngra oʻgʻillariga ulardan birini qurbon qilishi lozimligini bildirdi. Oʻgʻillaridan hech qanday qarshilik koʻrmadi. Aksincha, ular: «Otajon! Nazringizni bajo keltiring! Xohlaganingizni qilishga ixtiyoringiz bor!» – deb rozilik bildirdilar. Abdulmuttalib qurbon boʻladigan oʻgʻli kimligini bilish uchun qurʼa tashladi. Qurʼa eng sevimli oʻgʻliga – peshonasida Allohu taoloning habibi Muhammad alayhissalomning nurini olib yurgan Abdullohga chiqdi. Abdulmuttalib bir lahza dovdirab qoldi, koʻzlari yoshga toʻldi. U Allohu taologa bergan soʻzini bajarishi kerak edi. Bir qoʻliga pichoqni, bir qoʻliga jigarbandi Abdullohni olib, Rabbiga bergan soʻzini bajarish uchun Kaʼbaga keldi. Koʻzlari yoshli ota Abdullohni qurbon qilish uchun barcha tayyorgarlikni tugatdi. Oʻsha paytda Qurayshning koʻzga koʻringan kishilari hayrat toʻla nigoh bilan boʻlayotgan voqeani kuzatib turardilar.

Ular orasidan Abdullohning togʻasi: «Ey Abdulmuttalib! Toʻxta! Sening bu oʻgʻlingni soʻyishingga biz aslo rozi emasmiz. Agar shunday ish qilsang, bu qurayshliklar orasida odat boʻlib qoladi. Har kim oʻgʻlini qurbonlikka nazr qilib soʻyishga kirishadi. Bunday ishga yoʻl ochuvchi boʻlma! Rabbingni boshqa yoʻl bilan rozi qil!» – dedi. Soʻngra: «Bir kohindan soʻra, u senga yoʻl koʻrsatsin», – deb taklif qildi.

Bu soʻzdan keyin Abdulmuttalib Xaybarda yashaydigan Qutba (yoki Sajoq) ismli kohinning oldiga borib, ahvolni aytib berdi. Kohin: «Sizlarda bir odamning xunbahosi qancha?» – deb soʻradi. «Oʻnta tuya», – degan javobni olgach, u: «Oʻnta tuya bilan oʻgʻlingiz oʻrtasida qurʼa tashlang. Qurʼa oʻgʻlingizga chiqsa, yana oʻnta tuya qoʻshing va qurʼa tuyalarga chiqquncha shu tariqa qoʻshib-qoʻshib qurʼa tashlashni davom ettiring», – dedi.

Abdulmuttalib darhol Makkaga qaytdi va kohin aytganidek qildi. U har gal tuyalar sonini oʻntadan oshirib, koʻp marta qurʼa tashladi. Qurʼa har gal Abdullohga chiqaverdi. Ammo tuyalar soni yuztaga yetganda, qurʼa tuyalarga chiqdi. Ishonchli boʻlsin deb, u yana ikki marta qurʼa tashladi. Ikkala safar ham qurʼa tuyalarga chiqdi. Abdulmuttalib «Allohu akbar! Allohu akbar!» deb takbir ayta-ayta tuyalarni qurbon qildi. Ularning goʻshtidan na oʻzi, na oʻgʻillaridan birortasi oldi. Goʻshtning hammasini faqirlarga tarqatdi.17

Odam alayhissalomdan beri boʻlgan qurbonlik voqealaridan biri Ismoil alayhissalomning qurbon qilinishi voqeasidir. Paygʻambarimizning nasabi Ismoil alayhissalomga borib taqalgani uchun u zot: «Men ikki qurbonlikning oʻgʻliman», – dedilar.18

Otalari hazrati Abdulloh

Ikki jahon sarvari Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning nurini peshonasida olib yurgan Abdulloh tugʻilganda, ahli kitob bir-birlariga: «Oxir zamon Paygʻambarining otasi Makkada dunyoga keldi», – deb xabar berdilar. Bani Isroilning qoʻlida jundan toʻqilgan bir jubba bor edi; u Yahyo alayhissalomniki boʻlib, Yahyo alayhissalom shahid boʻlganlarida uni kiyib turgan edilar va u kishining muborak qonlari shu jubbaga tomgan edi. Ularning kitoblarida: «Bu qon qachon yangilanib tomchilay boshlasa, oxir zamon Paygʻambarining otasi dunyoga keladi», – deb yozilgan edi. Mana shu alomatni koʻrgan ahli kitob Abdullohning tugʻilganini angladilar. Ular hasad qilib, necha bor uni oʻldirishga urindilar, lekin Allohu taolo Abdullohni peshonasidagi nurning barakoti bilan asradi.

Abdulloh balogʻatga yetganda, goʻzal axloqi bilan ham, kelishgan qaddi-qomati bilan ham odamlar orasida ajralib turdi. Ayniqsa, oʻn sakkiz yoshga kirganda, uning goʻzalligi tillarda doston boʻldi. Peshonasidagi nur quyoshdek porlar, uni koʻrgan qizlarning koʻngli beixtiyor unga moyil boʻlardi. Uning goʻzalligi va shuhrati Misrgacha yetib bordi.

Uzoq-yaqindan har kim unga qizini berish uchun bir-biri bilan musobaqalashdi. Koʻplab hukmdorlar Abdulmuttalibning oldiga kelib, qizlarini oʻgʻliga olishni taklif qildilar. Buning uchun har qanday fidokorlikka tayyor ekanliklarini ham bildirdilar. Shuningdek, ikki yuzga yaqin qiz Makkagacha kelib, Abdullohga turmushga chiqmoqchi ekanliklarini bildirdilar. Ammo Abdulmuttalib ularning har biriga munosib soʻzlar bilan rad javobini berardi.

Chunki Abdulmuttalib oʻgʻliga Ibrohim alayhissalomdan beri ergashib kelayotgan ota-bobolari diniga sodiq, eng odobli, eng asil va eng goʻzal, hanif, yaʼni musulmon bir qiz izlayotgan edi.

Kitoblarida bildirilgan oxir zamon Paygʻambari oʻz qavmlaridan chiqmasligini anglagan Bani Isroil hasad tufayli Abdullohni oʻldirishga qasamyod qildilar. Shu maqsadda Makkaga yetmishta qurolli kishi yubordilar. Ular qulay fursatni kuta boshladilar. Nihoyat, bir kuni Abdulloh shahar tashqarisiga chiqqanda, hech kim koʻrmayapti, deb oʻylagan bir paytda qilichlarini yalangʻochlab, unga tashlandilar. Oʻsha kuni ilohiy hikmat19 taqozosi bilan Abdullohning qarindoshlaridan Vahb ibn Abdu Manof ham bir necha hamrohi bilan ovga chiqqan edi. Ular ayni shu paytda Abdullohga tashlangan Bani Isroilni koʻrib qoldilar. Qarindoshlik gʻayrati bilan Abdullohni qutqarish uchun yordam berishga qaror qildilar. Ammo qarshidagilar juda koʻp edi. Bu toʻqnashuvda magʻlub boʻlishlari aniq edi. Oxiri ular nasihat yoʻlini tanladilar. Ularga yaqinlashganlarida, bu dunyoda hech kimga oʻxshamaydigan, qora otlarga mingan, qoʻllarida qilich tutgan koʻplab kishilarning gʻaybdan yashindek paydo boʻlganini, takbir sadolari bilan Bani Isroilga hujum qilganini, ularning hammasini qilichdan oʻtkazib, gʻoyib boʻlganini koʻrdilar. Vahb bu holdan lol qoldi va Abdullohning qanday muhofaza qilinayotganini, Allohu taolo huzurida qanchalik qadrli ekanini angladi.

Uyiga kelgach, u boʻlib oʻtgan voqeani xotiniga aytib berdi. Ikkisi ham qizlarining tengi Abdulloh ekaniga ishonch hosil qilib, Ominani unga berishga qaror qildilar.

«Men ikki qurbonlikning oʻgʻliman» Hadisi sharif

Abdulmuttalib ham Banu Zuhra qabilasining kattasi Vahbning qizi Ominaning husnu jamoli, iffati, hayosi va dindorligi haqida eshitgan edi. Nasab jihatidan ham ular qarindosh edilar, naslari bir necha avlod yuqorida birlashardi. U oʻgʻli Abdullohga bu qizni soʻrash uchun Vahbning uyiga bordi. Abdulmuttalib Vahbning qizini oʻgʻli Abdullohga soʻraganda, Vahb: «Ey amakimning oʻgʻli! Biz bu taklifni sizdan oldin oldik», – dedi-da, ilgari oʻzi guvoh boʻlgan voqeani aytib berdi, soʻng shuni ham qoʻshimcha qildi: «Ominaning onasi bir tush koʻrdi. Aytishicha, uyimizga bir nur kiribdi va uning yogʻdusi yerni ham, osmonlarni ham tutib ketibdi. Men ham bu kecha tushimda bobomiz Ibrohim alayhissalomni koʻrdim. U kishi menga: „Abdulmuttalibning oʻgʻli Abdulloh bilan qizing Ominaning nikohini men oʻqidim. Sen ham buni qabul qil!“ – dedilar. Bugun ertalabdan beri shu tushning taʼsiri ostidaman. Ular qachon kelisharkin, deb oʻylanib oʻtirgan edim». Bu soʻzlarni eshitgan Abdulmuttalibning tilidan: «Allohu akbar! Allohu akbar!» – degan soʻzlar toʻkildi.

Nihoyat, u oʻn sakkiz yoshli oʻgʻli Abdullohni Vahbning oʻn toʻrt yoshli qizi Ominaga uylantirdi. Omina bilan Abdullohning nikohi haqida boshqa rivoyatlar ham bor.20

Muborak nurning onalariga oʻtishi

Sarvari olamning (sallallohu alayhi vasallam) muborak nuri onalariga oʻtganda, boʻrilar va qushlar bir-birlariga shunday xushxabar berdilar:

«Koinot sarvarining dunyoni sharaflantiradigan paytlari yaqinlashdi; u zot – yer yuzining amini21, zamonaning quyoshi». Oʻsha kecha Kaʼbadagi barcha butlar yuztuban yiqildi. Shaytonlar ojiz qolib, ishlarini qila olmay qoldilar. Farishtalar Iblisning taxtini sindirib, dengizga uloqtirdilar, Iblisning oʻzini esa qirq kun jazolab, azobladilar. Soʻngra u qochib, Abu Qubays togʻiga chiqdi va achchiq faryod qildi. Iblisning bu faryodini eshitgan barcha lashkarlari uning atrofiga yigʻildi. U ularga: «Holingizga voy! Muhammad alayhissalomning tugʻilishi yaqinlashdi. Bundan keyin Lot va Uzzoga sigʻinilmaydi. Tavhid nuri butun olamni qamrab oladi», – dedi. Oʻsha kecha barcha sehrgarlar va kohinlar ishlarida ojiz qoldilar. Kohinlik barham topdi. Ularning sehrlari taʼsirsiz qoldi. Oʻsha kecha yer yuzidagilar osmondan: «Oxir zamon Paygʻambarining minglab yaxshiliklar va ehsonlar bilan keladigan vaqti yaqinlashdi», – degan bir ovoz eshitdilar.

Oʻsha paytda Makkai mukarramada qahatchilik edi. Necha yillardan beri yomgʻir yogʻmagan edi. Daraxtlarda bironta yashil barg yoʻq, hosildan nom-nishon qolmagan edi. Odamlar qiyin ahvolga tushib, nima qilishlarini bilmay qolgan edilar. Sevimli Paygʻambarimizning muborak nuri hazrati Abdullohdan hazrati Ominaga oʻtgandan keyin shunday yomgʻir yogʻdi, shunday moʻl hosil boʻldiki, hatto oʻsha yilga «toʻkinchilik yili» deb nom berdilar. Hazrati Omina u zotga homilador boʻlgan toʻqqiz oy davomida hech qanday ogʻriq va mashaqqat chekmadi.

Omina onamizning homiladorligiga ikki oy boʻlganda, eri Abdulloh tijorat uchun Shomga ketgan edi. Qaytayotganda u betob boʻlib qoldi. U oʻn sakkiz yoki yigirma besh yoshida Madina yaqinidagi Dorun Nobigʻada, togʻalari – Banu Najjorning oldida vafot etdi.22 Bu xabar Makkaga yetib kelganda, butun shahar qaygʻuga botdi.23

«Paygʻambarimizning otalari Abdulloh oʻgʻillari dunyoga kelmaslaridan oldin vafot etganda, farishtalar: „Ey Rabbimiz! Rasuling yetim qoldi“, – dedilar» Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo)

Sahobai kiromdan Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) shunday rivoyat qildi: «Paygʻambarimizning otalari Abdulloh oʻgʻillari dunyoga kelmaslaridan oldin vafot etganda, farishtalar: „Ey Rabbimiz! Rasuling yetim qoldi“, – dedilar. Allohu taolo: „Men uning himoyachisi va yordamchisiman“, – dedi».

Omina xonim erining vafotidan qattiq qaygʻurdi. Bir sheʼrida u erining oʻlimidan chekkan hasratini shunday ifoda etdi:

Kutilmagan bir onda uni ajali olib ketdi,
Holbuki u shunday saxiy, shunday mehribon edi.

Fil voqeasi

Fil voqeasi

Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) dunyoga kelishlariga ikki oycha vaqt qolgan edi. Ayni shu paytda Fil voqeasi yuz berdi. Odamlarning har tarafdan toʻp-toʻp boʻlib kelib, Kaʼbani ziyorat qilishiga toʻsqinlik qilmoqchi boʻlgan Abraha – Habashiston podshohligining Yamandagi noibi – Vizantiya imperatorining yordami bilan Sanʼoda «Qulays» deb atalgan katta bir cherkov qurdirdi. U odamlar shu cherkovni ziyorat qilishlarini istadi. Ammo arablar qadimdan Kaʼbani ziyorat qilib kelganlari uchun bu cherkovga hech qanday eʼtibor bermadilar. Unga haqorat nazari bilan qaradilar. Hatto ulardan biri cherkovni bulgʻadi.

Bundan gʻazablangan Abraha Kaʼbani buzishga qaror qildi. Shu maqsadda katta qoʻshin tayyorlab, Makkaga yurish qildi. Abrahaning qoʻshini Makkaga yaqinlashganda, askarlar qurayshliklarning mollarini talon-taroj qila boshladilar. Ular Abdulmuttalibga tegishli ikki yuz tuyani ham qoʻlga oldilar. Abdulmuttalib Abrahaning oldiga borib, tuyalarini qaytarib berishini soʻradi. Abraha: «Men sizlarning muqaddas Kaʼbangizni buzgani keldim. Sen uni himoya qilishni istamay, tuyalaringni soʻrayapsanmi?» – dedi.

Abdulmuttalib: «Men tuyalarning egasiman. Kaʼbaning ham, albatta, Egasi bor. Uni U himoya qiladi», – dedi. «Uni mendan himoya qiladigan hech kim yoʻq!» – dedi Abraha va tuyalarni Abdulmuttalibga qaytarib berib, uni joʻnatib yubordi. Soʻngra qoʻshiniga Kaʼba tomon yurishni buyurdi. Abrahaning qoʻshinida «Mahmuda» degan bir fil bor edi; uni qoʻshinning oldida yurgizar edilar, chunki shunday qilsak gʻalaba qozonamiz, deb ishonardilar. Abrahaning yoʻl koʻrsatuvchilaridan Nuqayl ibn Labib ulkan filning qulogʻiga egilib: «Ey Mahmuda, buzgani ketayotgan uying – Allohu taoloning uyidir. Hoziroq choʻk! Aslo oldinga yurma! Yoʻqsa halok boʻlasan!» – dedi. Abraha filni Kaʼba tomon burganda, u yerga choʻkdi va qimirlamadi. Yaman tomonga bursalar esa, darhol chopib ketardi.

Shunday qilib, Makkaga yaqinlashib hujum qilishga kuchi yetmagan Abraha qoʻshinining ustiga Allohu taolo abobil, yaʼni togʻ qaldirgʻochi deb ataladigan bir gala qush yubordi. Bu qushlarning har biri noʻxat yoki yasmiq kattaligidagi uchtadan tosh koʻtarib kelayotgan edi: bittasi tumshugʻida, ikkitasi oyoqlarida. Ular bularni Abraha qoʻshinining ustiga tashladilar. Toshlar askarlarning boshidan kirib, ularni tikkasiga teshib oʻtardi. Tosh tekkan har bir askar darhol oʻlardi. Oyati karimada bildirilganidek, qoʻshin yeyilgan ekin bargidek boʻlib qoldi. Buni koʻrgan Abraha sarosimaga tushib, qochmoqchi boʻldi. Lekin qocha olmadi. Toshlarning asl nishoni u edi, toshlar unga ham tegdi. U qochgan sari eti parcha-parcha boʻlib toʻkildi va oʻldi. Bu voqea Qurʼoni karimning Fil surasida shunday bildirilgan, maʼnosi: «(Ey Rasulim! Kaʼbani buzmoqchi boʻlgan) fil egalariga (fillar bilan qurollangan Abraha qoʻshiniga) Rabbingiz qanday muomala qilganini koʻrmadingizmi? U ularning (Kaʼbai muazzamani vayron qilish shaklidagi) hiylalarini barbod qilmadimi? Ularning ustiga toʻp-toʻp qushlar yubordi. U qushlarning har biri ularning ustiga loydan yasalib, olovda pishirilgan tosh otar edi. Nihoyat, Allohu taolo ularni kuya yegan ekin bargidek yoʻq qilib yubordi. (Qurtlar kemirib, maydalab tashlagan ekin barglari holiga keltirib qoʻydi.)»24

«Men tuyalarning egasiman. Kaʼbaning ham, albatta, Egasi bor. Uni U himoya qiladi» Shaybatul Hamd

Arabiston va uning atrofidagi madaniyat markazlari