Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING AHLI BAYTI

Sevimli Paygʻambarimizning barcha oila aʼzolariga ahli bayt deyiladi. U zotning muborak zavjalari, qizlari hazrati Fotima bilan hazrati Ali, ularning muborak farzandlari boʻlmish hazrati Hasan va hazrati Husayn hamda ularning bolalari va nabiralarining hammasi, shuningdek, Paygʻambarimizning pok nasllari bogʻliq boʻlgan Banu Hoshim – ahli baytdir. Rasulullohning ahli baytlari uch qismdir: birinchisi – nasab, nasl jihatidan qarindosh boʻlganlar; ammalari ham shular jumlasidandir. Ikkinchisi – u zotning pok zavjalari. Uchinchisi – zavjalarining sochlarini tarash, taomlarini pishirish, xonalarni supurish, kir yuvish va uy ishlarini qilish uchun doimo uylarida boʻladigan xizmatchi ayollar. Tashqi ishlarni bajaradigan, masjidda azon aytadigan Bilol, Salmon va Suhayb ham Xonai saodatdan yeb-ichar edilar. Bir kuni Rasululloh amakilari Abbosning uyiga borib, uni va farzandlarini yonlariga oʻtqazib, ularning ustini ehromlari bilan yopib: «Yo Rabbim! Bu – mening amakim, otamning birodari. Bular esa – mening ahli baytim. Ularni shu yopinchigʻim bilan yopganimdek, Sen ham ularni jahannam olovidan yop, saqla!» – dedilar.

Paygʻambarimizning uylanish sabablari

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) birinchi marta yigirma besh yoshlarida hazrati Xadicha (roziyallohu anho) bilan turmush qurdilar. Hazrati Xadicha qirq yoshda va tul ayol edi. Lekin uning moli, jamoli, aqli, ilmi, sharafi, nasabi, iffati va odobi juda yuksak edi. Ular yigirma besh yil birga yashadilar. Hazrati Xadicha hayot ekanida Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) boshqa hech kimga uylanmadilar.

Hazrati Xadicha onamiz (roziyallohu anho) vafot etganidan keyin Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ikkinchi marta, ellik besh yoshlarida, hazrati Abu Bakrning qizi hazrati Oisha onamizga (roziyallohu anho) uylandilar. U zot Allohu taoloning amri bilan u bilan nikohlangan edilar. Oxiratga rihlat qilgunlaricha u bilan sakkiz yil yashadilar. Oisha onamiz juda oqila, zukko, olima, adiba, afifa va soliha edi. Xotirasi juda kuchli boʻlgani uchun sahobai kirom koʻp narsalarni undan soʻrab oʻrganar edilar.

Boshqa nikohlarini esa u zot diniy, siyosiy sabablarga koʻra yoki marhamat va ehson yuzasidan qilganlar. Bu ayollarning hammasi tul boʻlib, koʻpi yoshi ulugʻ edi. Masalan, Makkadagi kofirlarning musulmonlarga yetkazgan ozor va zararlari chidab boʻlmas darajaga yetganda, sahobai kiromning bir qismi Habashistonga hijrat qilgan edi. Habashiston podshohi Najoshiy nasroniy edi. U musulmonlardan turli narsalarni soʻrab, olgan yetuk javoblaridan hayratga tushib, iymonga keldi. Musulmonlarga koʻp yaxshiliklar qildi. Iymon keltirgan boʻlib koʻringan Ubaydulloh ibn Jahsh esa kambagʻallikdan qutulish uchun ruhoniylarga aldanib, murtad boʻlgan, dinini dunyoga almashtirgan edi.1 Rasulullohning ammalarining oʻgʻli boʻlgan bu malʼun xotini Ummu Habibani ham dindan chiqib, boy boʻlishga majburladi va undadi. Lekin ayol kambagʻallikka ham, oʻlimga ham rozi boʻlishini, ammo Muhammad alayhissalomning dinidan chiqmasligini aytgach, uni taloq qildi. Uning xor-zor boʻlib, muhtojlikdan oʻlishini kutayotgan edi. Biroq koʻp oʻtmay oʻzi oʻldi. Ummu Habiba Makkadagi Qurayshning oʻsha paytdagi bosh qoʻmondoni Abu Sufyonning qizi edi. Rasululloh oʻsha paytlarda Quraysh qoʻshinlari bilan juda shiddatli janglarda edilar, Abu Sufyon esa Islomni yoʻq qilish uchun bor kuchi bilan kurashmoqda edi. Rasululloh Ummu Habiba onamizning (roziyallohu anho) dinining kuchliligini va boshiga tushgan juda achchiq holni eshitdilar. Najoshiyga maktub yozib: «Oʻsha yerdagi Ummu Habibaga uylanaman. Nikohimni oʻqi! Soʻngra uni bu yerga yubor», – deb talab qildilar. Najoshiy bundan oldin musulmon boʻlgan edi. U maktubga juda katta hurmat koʻrsatib, oʻsha yerdagi musulmonlarni saroyiga taklif qildi va ziyofat berdi. Hijratning yettinchi yilida nikoh oʻqilib, koʻp hadya va ehsonlar qilindi. Shu tariqa Ummu Habiba iymonining mukofotiga erishib, oʻsha yerda boy boʻlib, rohat topdi. Uning sharofati bilan boshqa musulmonlar ham rohat topdilar. Jannatda ayollar erlarining yonida boʻlishlari uchun u jannatning eng yuksak darajasi haqida shunday xushxabar oldiki, dunyoning butun lazzat va neʼmatlari bu xushxabar oldida juda kichik boʻlib qoladi. Bu nikoh Abu Sufyonning keyinchalik musulmon boʻlish sharafiga erishishini tayyorlagan sabablardan biri boʻldi. Koʻrinib turibdiki, bu nikoh Rasulullohning aqllari, zehnlari, daholari, ehsonlari va marhamatlari qay darajada ekanini ham koʻrsatmoqda.2

Ikkinchi misol: hazrati Umarning qizi Hafsa onamiz (roziyallohu anho) tul qolgan edi. Hijratning uchinchi yilida hazrati Umar hazrati Abu Bakrga va hazrati Usmonga: «Qizimni olasanmi?» – deganda, ular: «Oʻylab koʻray», – deyishgan edi. Bir kuni Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) har uchalasi va boshqalar yonlarida boʻlganda: «Yo Umar! Seni xafa koʻryapman, sababi nima?» – deb soʻradilar. Shishadagi siyohning rangi oson koʻringanidek, Rasululloh ham har kimning oʻyini bir qarashda anglar edilar. Lozim koʻrsalar, soʻrar edilar. U zotga, hatto har kimga toʻgʻri soʻzlashimiz farz boʻlgani uchun hazrati Umar ham: «Yo Rasulalloh! Qizimni Abu Bakrga va Usmonga taklif qildim, olmadilar», – deb javob berdi. Rasululloh eng koʻp sevgan bu uch sahobalarining xafa boʻlishlarini hech istamaganlari uchun, ularni sevintirish maqsadida darhol shunday dedilar: «Yo Umar! Qizingni Abu Bakrdan va Usmondan ham yaxshiroq bir kishiga berishimni istaysanmi?» Hazrati Umar hayron boʻldi. Chunki hazrati Abu Bakrdan va hazrati Usmondan yaxshiroq kishi yoʻqligini bilardi. U: «Ha, yo Rasulalloh!» – dedi. U zot: «Yo Umar, qizingni menga ber!» – dedilar. Shu tariqa hazrati Hafsa hazrati Abu Bakrning, hazrati Usmonning va barcha moʻminlarning onasi boʻldi, ular esa uning xizmatchilari boʻlishdi; hazrati Abu Bakr, hazrati Umar va hazrati Usmon bir-birlariga yanada yaqinroq va yanada azizroq boʻlishdi.3

Uchinchi misol: hijratning beshinchi yoki oltinchi yilida Banu Mustaliq qabilasidan olingan yuzlab asir orasida qabila boshligʻi Horisning qizi Juvayriya ham bor edi. Rasululloh uni sotib olib, ozod qildilar va unga uylandilar. Shunda sahobai kiromning (alayhimur rizvon) hammasi: «Biz Rasulullohning oilasini, onamizning qarindoshlarini joriya, xizmatchi qilib ishlatishdan hayo qilamiz», – deyishdi. Hammalari oʻz asirlarini ozod qilishdi. Bu nikoh yuzlab asirning ozod boʻlishiga sabab boʻldi. Hazrati Juvayriya onamiz (roziyallohu anho) bu holni doimo aytib, faxrlanar edi. Hazrati Oisha: «Juvayriyadan xayrliroq, barakaliroq ayolni koʻrmadim», – der edi.4 Bir hadisi sharifda shunday deyildi: «Barcha zavjalarim bilan nikohlarim va qizlarimni turmushga berishim – hammasi Jabroilning (alayhissalom) Allohu taolodan keltirgan izni bilan boʻlgandir».

Rasulullohning koʻp uylanishlarining muhim bir sababi Islom dinini bildirish edi. Hijob oyati nozil boʻlmasdan oldin, yaʼni ayollarga oʻranish buyurilmasdan oldin, ayollar ham Rasulullohning huzurlariga kelib, bilmaganlarini soʻrab oʻrganishar edi. Rasululloh biror kishining uyiga borsalar, ayollar ham kelib oʻtirishar, tinglashar, foydalanishar edi. Hijob oyati nozil boʻlib, ayollarning begona erkaklar bilan oʻtirishlari, gaplashishlari man qilingach, u zot begona ayollarni qabul qilmadilar. Ularga bilmaganlarini muborak zavjalari hazrati Oishadan soʻrab oʻrganishlarini buyurdilar. Kelib soʻrovchilarning koʻpligidan hazrati Oisha hammasiga javob berishga ulgurmas edi. Bu muhim xizmatni osonlashtirish va Oisha onamizning yukini yengillatish uchun u zot lozim boʻlgan miqdorda ayolga uylandilar. Ayollarga oid yuzlab nozik bilimlarni musulmon ayollariga muborak zavjalari orqali bildirdilar. Agar bitta zavjalari boʻlganida, barcha ayollarning undan soʻrashi qiyin, hatto imkonsiz boʻlar edi. Allohu taoloning dinini toʻliq bildirish uchun u zot koʻp uylanish yukini ham yelkalariga oldilar.

Paygʻambarimizning muborak zavjalari

Xadichai Kubro (roziyallohu anho): U Qurayshning asilzoda, moʻtabar oilasidandir. Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusayning qizidir. Rasulullohning birinchi zavjalaridir. Otasi – Xuvaylid, onasi – Fotima. U qirq yoshda va tul boʻlganida Rasulullohga turmushga chiqdi. Rasululloh oʻshanda yigirma besh yoshda edilar. Undan u zotning toʻrt qizi va ikki oʻgʻli boʻldi. Tul boʻlgan paytida u tijorat qilar edi. Uning xizmatchilari, kotiblari va qullari bor edi. Juda boy, olima va oqila edi. U iymonga kelgan birinchi ozod ayoldir. Jabroil alayhissalom Rasulullohga birinchi marta koʻringanda, u zot qoʻrqqan edilar. Bu holni Xadichaga aytdilar. Eng avval Xadicha (roziyallohu anho) iymon keltirdi. Kofirlar butlarga sigʻinishar, Rasulullohga ishonishmas, u zotni masxara qilishar edi. Juda koʻp ozor berishardi. Xadicha (roziyallohu anho) Rasulullohga tasalli va gʻayrat berar edi. Butun mol-mulkini u zotning yoʻllarida fido qildi. Rasulullohga yigirma besh yil sadoqat bilan xizmat qildi. Biror marta ham u zotning koʻngillariga ozor bermadi.

U hijratdan uch yil oldin, Abu Tolibning oʻlimidan uch kun keyin, oltmish besh yoshida Makkai mukarramada vafot etdi.

Rasululloh vafotlarigacha uni doimo maqtar edilar. Hatto bir kuni uyda uni maqtayotganlarida Oisha onamiz chiday olmay: «Janobi Haq sizga undan ham yaxshirogʻini berdi», – dedi. Shunda u zot: «Yoʻq! Undan yaxshirogʻi berilmadi. Hamma meni yolgʻonchi degan kunlarda u menga ishondi. Hamma menga ozor berayotganda, u menga yor boʻldi. Gʻam-tashvishlarimni ketkazdi», – dedilar.

Hazrati Xadicha bilan qizi Fotimai Zahro – bir hadisi sharifda dunyodagi barcha ayollarning eng afzallari ekani bildirilgan toʻrt ayolning ikkitasidir. Uchinchisi – Firʼavnning xotini hazrati Osiyo, toʻrtinchisi – hazrati Maryam (roziyallohu taolo anhunna).

«Barcha zavjalarim bilan nikohlarim va qizlarimni turmushga berishim – hammasi Jabroilning (alayhissalom) Allohu taolodan keltirgan izni bilan boʻlgandir» Hadisi sharif

Oisha (roziyallohu anho): Rasulullohning ikkinchi pok zavjalaridir. Abu Bakr Siddiqning qizidir. Onasi – Ummu Rumon. Hijratdan sakkiz yil oldin tugʻilgan. Farzandi boʻlmagan. Xadichai Kubroning vafotidan bir yil keyin va hijratdan ikki yil oldin nikohlandi. Uch yildan keyin Madinada Hujrai saodatga keltirilish sharafiga musharraf boʻldi. Aqli, zehni, iffati va taqvosi hayron qolarli darajada edi. Rasululloh uni juda sevar va koʻp maqtar edilar. Nikohi Allohu taoloning amri bilan boʻldi. Oyati karima bilan madh etilgan. Sahobai kirom mushkullarini hal qilish uchun unga murojaat qilar edilar. Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) vafot etganlarida u oʻn sakkiz yoshda edi. Ijtihodi hazrati Alinikiga mos kelmagani uchun Tuya voqeasida hazrati Ali bilan jang qilgan sahobai kirom bilan birga boʻldi. Hazrati Ali shahid qilinganda juda qaygʻurdi. Hurufiylar unga koʻp tuhmat qilmoqdalar. «Hazrati Alini sevmas edi», – deydilar. Holbuki, «Alini sevish iymondandir» hadisi sharifini hazrati Oishaning oʻzi xabar bergan. Shu tariqa uni sevganini va hamma uni sevishi lozimligini bildirdi. Hijratning ellik yettinchi yilida, oltmish besh yoshida Madinada vafot etdi. Qabri Baqiʼ qabristonidadir.

Savda bint Zamʼa (roziyallohu anho): Rasulullohning uchinchi zavjalaridir. Eri bilan birga iymonga kelib, Habashistonga hijrat qilgan edi. Makkaga qaytgach, eri vafot etdi. Rasululloh avval hazrati Oishani, soʻngra Savdani nikohladilar. Savdani Makkada, hazrati Oishani esa Madinada uylariga oldilar. U juda mehribon va iffatli xonim edi. Hazrati Umar zamonida vafot etdi.5

Hafsa (roziyallohu anho): Hazrati Umarning (roziyallohu anhu) qizidir. Birinchi eri Xunays edi. Ular birga Habashistonga va Madinaga hijrat qildilar. Yosh paytida tul qolgach, otasi uni hazrati Abu Bakrga, soʻngra Usmonga taklif qildi. Ikkalasi ham uzr soʻradi. Hazrati Umar xafa boʻldi. Hijratning uchinchi yilida Hafsa Rasulullohning nikohlari bilan sharaflandi. Rasululloh bir muddatdan keyin Hafsani taloq qildilar. Soʻngra Jabroil alayhissalomning ishorasi bilan uni yana nikohlariga oldilar. U koʻp roʻza tutar, koʻp namoz oʻqir edi. Hijratning 41-yilida, oltmish yoshida vafot etdi.

Zaynab bint Xuzayma (roziyallohu anho): Koʻp ibodat qilar, koʻp sadaqa berar edi. Avval Abdulloh ibn Jahshning xotini edi. Abdulloh Rasulullohning ammalari Umaymaning oʻgʻli edi. U Uhud jangida shahid boʻldi. Zaynab Rasulullohning nikohlari bilan sharaflangan boʻlsa-da, sakkiz oydan keyin vafot etdi.6

Ummu Salama (roziyallohu anho): Ismi Hind edi. Eri Abu Salama bilan Habashistonga birinchilardan boʻlib hijrat qildilar. Abu Salama Rasulullohning ammalari Barraning oʻgʻli Ubaydulloh ibn Jahshning birodari boʻlib, Madinada, hijratning toʻrtinchi yilida Uhud jangida olgan jarohatidan vafot etdi. Ummu Salama Abu Bakr va Umarning nikoh takliflarini qabul qilmadi. Rasulullohning nikohlari bilan sharaflandi. Ellik toʻqqizinchi yilda Madinada sakson toʻrt yoshida vafot etdi. Rasulullohning zavjalaridan eng oxirgi vafot etgani shu edi.7

«Yoʻq! Undan (Xadichadan) yaxshirogʻi berilmadi. Hamma meni yolgʻonchi degan kunlarda u menga ishondi. Hamma menga ozor berayotganda, u menga yor boʻldi. Gʻam-tashvishlarimni ketkazdi» Hadisi sharif

Juvayriya (roziyallohu anho): Banu Mustaliq qabilasining boshligʻi Horisning qizi edi. Hijratning beshinchi yilida boʻlgan Muraysiʼ jangida asir olingan edi. Amakivachchasi boʻlgan eri jangda oʻldirildi. U yigirma yoshda, juda hasno, yaʼni goʻzal edi. Juvayriya sotuvga chiqarilganda, bir rivoyatga koʻra, otasi uni sotib olish uchun Madinaga bir poda tuya olib keldi. Ikki aʼlo tuyani qiymay, ularni shahar tashqarisida yashirib qoʻydi. Rasul alayhissalom: «Falon joyda yashirgan ikki tuyangni ham olib kel», – dedilar. Horis hayron boʻlib, ikki oʻgʻli va yana koʻp kishilar bilan birga iymon keltirdi. Rasul alayhissalom tuyalarni olib, qizini qaytarib berdilar. Qizi ham iymonga keldi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Juvayriyani otasidan soʻrab, unga uylandilar. U hijratning ellik oltinchi yilida vafot etdi.

Zaynab bint Jahsh (roziyallohu anho): Rasulullohning ammalari Umaymaning qizi, Abdulloh ibn Jahshning opa-singlisi edi. Otasining ismi Burra edi. Iymon keltirmagani uchun uni Jahsh deb atashdi. Zaynab birinchi iymon keltirganlardandir.

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uni avval asrab olgan oʻgʻillari Zayd ibn Horisaga nikohlab berdilar. Zayd Zaynabning haqqiga rioya qila olmagani uchun hijratning uchinchi yilida ular ajrashdilar. Rasul alayhissalom unga uylanmoqchi boʻldilar. Zaynab buni eshitgach, sevinganidan ikki rakat namoz oʻqib: «Yo Rabbim! Rasuling meni soʻrayaptilar. Agar mening u zotga zavja boʻlish sharafiga erishishimni taqdir qilgan boʻlsang, meni u zotga Oʻzing ber», – deb duo qildi. Duosi qabul boʻlib, Ahzob surasining maʼnosi «Zayd undan hojatini ado qilgach (yaʼni Zaynabni taloq qilgach), Biz uni sizga zavja qildik» boʻlgan oʻttiz yettinchi oyati nozil boʻldi. Zaynabning nikohini Allohu taolo qilgani uchun Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) alohida nikoh oʻqitmadilar. Zaynab (roziyallohu anho) bu bilan doimo faxrlanar va: «Har bir ayolni otasi turmushga beradi. Meni esa Allohu taolo nikohladi», – der edi. Oʻshanda u oʻttiz sakkiz yoshda edi. Hijratning yigirmanchi yilida, ellik uch yoshida vafot etdi.8 Xayri va ehsoni koʻp boʻlib, sadaqa berishni juda yaxshi koʻrar edi. Qoʻl ishlarida ham mohir edi. Oʻzi tikkan narsalarni va qoʻliga tushgan har bir narsani qarindoshlariga va faqirlarga berar edi. Hatto xalifa Umar Rasulullohning pok zavjalarining har biriga oʻn ikki ming dirham berar edi. Zaynab bint Jahsh uni olishi bilanoq hammasini sadaqa qilib tarqatar edi. Hazrati Oisha uni buning uchun koʻp madh va sano qildi. «Zavjalarim orasida menga eng avval qovushadigani – qoʻli ochiq boʻlganidir»9 hadisi sharifi uning eng avval vafot etishini xabar qilgan edi. Chunki eng koʻp sadaqa beradigan shu edi.

Fransuzlardan boʻlgan odobsiz va tuhmatchi shoir Volter Rasulullohning hazrati Zaynabni zavjalikka qabul qilishlari haqida tarixlarga, voqea va xabarlarga mutlaqo zid, uydirma va pastkash tuhmatlar bilan sheʼr toʻqib, bir teatr asari yozgan. Adabiyot va fikr ahliga yarashmaydigan bu xunuk, jirkanch yozuvi uni cherkovdan quvgan katta dushmani – papaga yoqib, papa unga erkalovchi maktub yozgan. Musulmonlarning xalifasi sulton Abdulhamidxon II bu pyesaning sahnada qoʻyilishini eshitgach, Fransiya va Angliya hukumatlariga ultimatum berib, darhol uning oldini olgan va butun insoniyatni yuzni qizartiradigan pastkashliklardan qutqargan.

Hazrati Safiyya (roziyallohu anho): Xaybar yahudiylarining boshligʻi Huyay ibn Axtabning qizi edi. Xaybarda bir yahudiyga unashtirilgan edi. Soʻngra juda boy boʻlgan Kinona ibn Haqiq bilan turmush qurgan edi. Hijratning yettinchi yilida Xaybar fath qilinganda, Safiyya ham asir olindi. U Rasulullohning ulushlariga tushdi va u zot uni ozod qildilar. U iymon keltirdi va Rasulullohning nikohlari bilan sharaflandi. Hijratning ellikinchi yilida Madinada vafot etdi.10

Ummu Habiba (roziyallohu anho): Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayyaning qizi, hazrati Muoviyaning opa-singlisi edi. Onasining ismi Hind edi. Eri Ubaydulloh ibn Jahsh bilan birga musulmon boʻlib, Habashistonga hijrat qilgan edi. Qizi Habiba Habashistonda tugʻilgani uchun oʻzi ham Ummu Habiba (Habibaning onasi) kunyasi bilan mashhur boʻldi. Eri u yerda ruhoniylarga aldanib, murtad boʻldi va oʻldi. Ummu Habiba yolgʻiz, gʻarib va faqir boʻlib qoldi. U: «Rasulullohning dinidan ajralmayman», – dedi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uni sevintirish uchun unga uylanmoqchi boʻldilar. Hijratning yettinchi yilida Najoshiyga maktub yozdilar. Najoshiy Paygʻambarimizning bu amriga binoan uni Rasuli akramga nikohlab, Madinaga yubordi. Ummu Habiba hijratning qirq toʻrtinchi yilida Madinada vafot etdi.

Hazrati Maymuna (roziyallohu anho): Ismi Barra edi, Rasululloh uni Maymuna deb oʻzgartirdilar. Maymunaning eri vafot etgan edi. Xaybar fathidan keyin umra uchun Makkaga borilib, Madinaga qaytilayotganda, u Rasulullohning nikohlari bilan sharaflandi. Hijratning ellik uchinchi yilida Makkada betob boʻlib qoldi. U: «Meni Makkadan olib chiqinglar! Chunki Rasululloh mening Makkadan tashqarida vafot etishimni xabar berganlar», – dedi. Uni olib chiqqanlarida, Rasululloh bilan nikohi oʻqilgan joyda (Sarif deb ataladigan yerda) vafot etdi.11

Hazrati Moriya (roziyallohu anho): Paygʻambarimizning joriyalari boʻlgan paytida iymon keltirdi va u zotning nikohlari bilan sharaflandi. Moriyani Misr va Iskandariya hukmdori Muqavqis hadya qilib yuborgani uchun uning nasabi (silsilasi) va tugʻilgan yili aniq maʼlum emas. Rasuli akramning hazrati Moriya onamizdan Ibrohim ismli bir oʻgʻillari boʻlgan. Hazrati Moriya juda sokin, kamgap va oʻz holida yashaydigan ayol edi. U hazrati Umar xalifaligining soʻnggi yillarida, milodiy 637 (hijriy 16) yilda vafot etdi. Baqiʼ qabristoniga dafn qilindi.12

Hazrati Rayhona (roziyallohu anho): Paygʻambarimizning joriyalari boʻlgan paytida musulmon boʻldi. Madinada yashagan yahudiylarning Banu Qurayza qabilasidan edi. Nasabi (silsilasi) Rayhona bint Shamʼun ibn Yazid yoki Rayhona bint Zayd ibn Amr ibn Xanafa ibn Shamʼun ibn Yaziddir. Tugʻilgan yili aniq maʼlum emas. U Paygʻambarimizdan oldin, milodiy 631 (hijriy 10) yilda Madinada vafot etdi. Baqiʼ qabristoniga dafn qilindi.13

«Sayyidlarni va shariflarni sevish soʻnggi nafasda iymon bilan ketishga sabab boʻladi» Abu Mujohid Anvar ibn Nozif (rahmatullohi alayh)