Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING MOʻJIZALARI

Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning Allohu taoloning paygʻambari ekanliklarini koʻrsatuvchi guvohlar sanab adogʻiga yetib boʻlmaydigan darajada koʻpdir. Allohu taolo: «Siz boʻlmaganingizda, Men olamni yaratmas edim!» – deb marhamat qildi.1 Butun mavjudot Allohu taoloning borligini va birligini koʻrsatganidek, Muhammad alayhissalomning paygʻambar ekanliklarini va afzalliklarini ham koʻrsatib turibdi. Ummatlarining avliyolarida yuzaga chiqadigan karomatlarning barchasi u zotning moʻjizalaridir. Chunki karomatlar u zotga tobe boʻlganlarda, u zotning izlaridan borganlarda yuzaga chiqadi. Hatto barcha paygʻambarlar u zotning ummatlaridan boʻlishni istaganlari uchun, toʻgʻrirogʻi, ularning hammasi u zotning nuridan yaratilganlari uchun, ularning moʻjizalari ham Muhammad alayhissalomning moʻjizalaridan hisoblanadi. Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning moʻjizalari zamon jihatidan uchga boʻlinadi:

Birinchisi – u zotning muborak ruhlari yaratilganidan boshlab, paygʻambarliklari bildirilgan biʼsat zamonigacha boʻlganlari. Ikkinchisi – biʼsatdan vafotlarigacha boʻlgan davr ichidagilari.

Uchinchisi – vafotlaridan qiyomatgacha boʻlgan va boʻladigan narsalar. Bularning birinchilariga irhos deyiladi. Ularning har biri, oʻz navbatida, koʻz bilan koʻrilgan va koʻrilmay aql bilan anglangan moʻjizalar sifatida yana ikkiga boʻlinadi. Barcha moʻjizalar shu qadar koʻpki, ularni chegaralash, sanab chiqish mumkin boʻlmagan. Ikkinchi qismdagi moʻjizalarning uch mingga yaqin ekani bildirilgan. Ulardan eng mashhurlarining bir nechtasi quyida keltiriladi. 1. Muhammad alayhissalom moʻjizalarining eng ulugʻi – Qurʼoni karimdir. Bugungacha kelgan barcha shoirlar, adiblar Qurʼoni karimning nazmi va maʼnosi oldida ojiz va hayron qolganlar. Ular biror oyati karimaning ham oʻxshashini ayta olmaganlar. Uning iʼjozi va soʻz sanʼati inson soʻziga oʻxshamaydi. Yaʼni undan bir soʻz olib tashlansa yoki unga bir soʻz qoʻshilsa, lafzidagi ham, maʼnosidagi ham goʻzallik buziladi. Uning bir soʻzi oʻrniga qoʻyish uchun boshqa soʻz izlaganlar unday soʻzni topa olmaganlar. Nazmi arab shoirlarining sheʼrlariga oʻxshamaydi. U oʻtmishda boʻlgan va kelajakda boʻladigan necha-necha yashirin narsalardan xabar beradi. Uni eshitganlar ham, oʻqiganlar ham lazzatiga toʻymaydilar. Charchasalar ham, zerikmaydilar. Uni oʻqish va eshitish gʻam-tashvishlarni ketkazishi son-sanoqsiz tajribalar bilan maʼlum boʻlgan. Uni eshitib, qalblariga dahshat va qoʻrquv tushganlar, hatto shu sababdan jon berganlar ham koʻrilgan. Necha-necha ashaddiy Islom dushmanlari Qurʼoni karimni tinglab, qalblari yumshagan va iymonga kelganlar. Islom dushmanlaridan va muattila, malohida, qaromita deb ataladigan, musulmon nomini koʻtarib yurgan zindiqlardan Qurʼoni karimni oʻzgartirishga, buzishga yoki uning oʻxshashini aytishga uringanlar boʻlgan boʻlsa-da, ularning hech biri murodiga yeta olmagan. Tavrot va Injil esa insonlar tomonidan har doim oʻzgartirilgan va hozir ham oʻzgartirilmoqda. Hech bir ilm va tajriba bilan topib boʻlmaydigan goʻzal narsalar, yaxshi axloq, insonlarga afzallik beradigan fazilatlar, dunyo va oxirat saodatiga yetkazadigan yaxshiliklar, mavjudotning boshi va oxiri haqidagi bilimlar, insonlar uchun foydali va zararli boʻlgan narsalarning barchasi Qurʼoni karimda ochiq yoki yashirin holda bildirilgan. Yashirin boʻlganlarini uning ahli tushuna oladi. Barcha samo kitoblarida – Tavrotda, Zaburda va Injilda boʻlgan ilmlarning va sirlarning hammasi Qurʼoni karimda bildirilgan. Qurʼoni karimdagi ilmlarning barchasini faqat Allohu taolo biladi. Ularning koʻpini U sevimli Paygʻambariga (sallallohu taolo alayhi vasallam) bildirdi. Ali va Husayn (roziyallohu taolo anhumo) bu ilmlarning koʻpini bilishlarini xabar berganlar. Qurʼoni karimni oʻqish juda ulugʻ neʼmatdir. Allohu taolo bu neʼmatni Oʻz Habibining ummatiga ehson qildi. Farishtalar bu neʼmatdan mahrumdirlar. Shuning uchun ular Qurʼoni karim oʻqiladigan joyga toʻplanib, uni tinglaydilar. Barcha tafsirlar Qurʼoni karimdagi ilmlarning juda oz qisminigina bildiradi. Qiyomat kuni Muhammad alayhissalom minbarga chiqib, Qurʼoni karim oʻqiganlarida, tinglovchilar uning barcha ilmlarini anglab yetadilar. 2. Muhammad alayhissalomning mashhur moʻjizalarining eng ulugʻlaridan biri – oyni ikkiga boʻlishlaridir. Bu moʻjiza boshqa hech bir paygʻambarga nasib boʻlmagan. Muhammad alayhissalom ellik ikki yoshda ekanliklarida Makkada quraysh kofirlarining sardorlari u zotning huzurlariga kelib: «Paygʻambar boʻlsang, oyni ikkiga boʻl!» – deyishdi. Muhammad alayhissalom hammaning, ayniqsa, tanishlarining, qarindoshlarining iymon keltirishini juda istar edilar. U zot qoʻllarini koʻtarib, duo qildilar. Allohu taolo duoni qabul qilib, oyni ikkiga boʻldi. Uning yarmi bir togʻning, ikkinchi yarmi boshqa bir togʻning ustida koʻrindi. Kofirlar: «Muhammad bizga sehr qildi», – deyishdi va iymon keltirmadilar.

«Muhammad alayhissalomning ming moʻjizasi koʻrindi, doʻstu dushman – hamma buni aytdi. Shuncha moʻjizaning eng qimmatlisi – u zotning odobli ekanliklari va goʻzal xulqlari edi» Riyozun nosihin

Sheʼr:
Oyga qarab it hurar,
Oyning bunda ne aybi bor?
Itlar doim hurar,
Ahmoq bundan ne anglar?
Bayt:
Ogʻiz taʼmining qochishi – bemorlik nishonasi:
Eng shirin sharbat ham bemorga achchiq tuyular.

3. Muhammad alayhissalom baʼzi gʻazotlarida suvsiz qolinganda, muborak qoʻllarini bir idishdagi suvga solar edilar; barmoqlari orasidan suv oqib, idish toʻxtovsiz toshib turar edi. Bu suvdan goh sakson, goh uch yuz, goh bir ming besh yuz, Tabuk gʻazotida esa yetmish ming kishining hammasi hayvonlari bilan birga ichdilar va foydalandilar. Muborak qoʻllarini suvdan chiqarganlarida, suvning oqishi toʻxtar edi. 4. Bir kuni u zot amakilari Abbosning uyiga borib, uni va farzandlarini yonlariga oʻtqazdilar. Ularning ustini ehromlari bilan yopib: «Yo Rabbim! Men bu amakimni va ahli baytimni yopganimdek, Sen ham ularni jahannam olovidan saqla!» – dedilar. Devorlardan uch marta «Omin» degan ovoz eshitildi.2 5. Bir kuni u zot oʻzlaridan moʻjiza soʻraganlarga javoban uzoqdagi bir daraxtni chaqirdilar. Daraxt ildizlarini sudrab kelib, salom berdi va: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – dedi. Soʻngra borib, yana oʻz joyida qad koʻtardi. 6. Xaybar jangida u zotning oldilariga zaharlangan qoʻy kabobini qoʻyganlarida: «Yo Rasulalloh! Meni yemang, men zaharliman!» – degan ovoz eshitildi.

7. Bir kuni u zot qoʻlida buti boʻlgan bir kishiga: «Buting men bilan gaplashsa, iymon keltirasanmi?» – dedilar. Haligi odam: «Men unga ellik yildan beri ibodat qilaman. U menga biror soʻz ham aytmadi. Senga qanday aytsin?» – dedi. Muhammad alayhissalom: «Ey but! Men kimman?» – deganlarida, «Siz Allohning paygʻambarisiz» degan ovoz eshitildi. But egasi darhol iymon keltirdi.

8. Madinada, Masjidi Nabaviyda tik turgan bir xurmo toʻnkasi bor edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) xutba oʻqiyotganlarida shu ustunga suyanar edilar. Bu ustunga Hannona deyilar edi. Minbar yasalgach, u zot Hannona yoniga bormay qoʻydilar. Uning yigʻlagan ovozini butun jamoat eshitdi. Paygʻambarimiz minbardan tushib, Hannonani quchoqladilar. Ovoz tindi. Rasululloh: «Agar uni quchoqlamaganimda, u mendan ayrilganidan qiyomatgacha yigʻlar edi», – dedilar.

Bunday moʻjizalar koʻp koʻrilgan va xabar qilingan. 9. U zot qoʻllariga olgan mayda toshlarning va ushlagan taom boʻlaklarining ari gʻuvillashiga oʻxshash ovoz bilan Allohu taologa tasbeh aytgani koʻp koʻrilgan.

10. Bir kuni bir kofir kelib: «Sening paygʻambar ekaningni men qayerdan bilay?» – dedi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Mana bu xurmo daraxtidagi shingilni chaqirsam va u kelsa, iymon keltirasanmi?» – dedilar. Kofir: «Ha, iymon keltiraman», – dedi. Rasululloh xurmo shingilini chaqirdilar, u sakrab-sakrab keldi. Rasululloh: «Joyingga qayt!» – dedilar. Shingil daraxtdagi joyiga chiqib osildi. Buni koʻrgan kofir iymon keltirdi. 11. Makkada bir necha boʻri bir suruvdan qoʻylarni ilib ketdi. Choʻpon tashlanib, qoʻylarni boʻrilarning ogʻzidan tortib olganda, boʻrilardan biri: «Allohu taolo yuborgan rizqimizni qoʻlimizdan tortib olayotganingda, Allohu taolodan qoʻrqmadingmi?» – dedi. Choʻpon: «Juda hayron qoldim, boʻri ham gapiradimi?» – deganda, boʻri: «Bundan ham ajoyibroq narsadan xabar beraymi? Madinada Allohu taoloning Paygʻambari Muhammad (sallallohu taolo alayhi vasallam) moʻjizalar koʻrsatmoqdalar», – dedi. Choʻpon kelib, buni Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) aytib berdi va musulmon boʻldi.

12. Paygʻambarimiz Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) bir oʻtloqda ketayotganlarida, uch marta: «Yo Rasulalloh!» – degan ovozni eshitdilar. U zot oʻsha tomonga qarab, bogʻlab qoʻyilgan bir kiyikni koʻrdilar. Uning yonida bir odam uxlab yotar edi. Kiyikdan nima istaganini soʻraganlarida, kiyik: «Bu ovchi meni tutib oldi. Roʻparadagi tepalikda ikkita bolam bor. Meni qoʻyib yuboring! Borib, ularni toʻydirib kelay», – dedi. Rasul alayhissalom: «Soʻzingda turib, qaytib kelasanmi?» – dedilar. Kiyik: «Alloh haqqi, soʻz beraman. Kelmasam, Allohning azobi mening boshimga tushsin!» – dedi. Rasululloh kiyikni qoʻyib yubordilar. Bir ozdan keyin u qaytib keldi. Haligi odam uygʻonib: «Yo Rasulalloh! Biror buyrugʻingiz bormi?» – dedi. Paygʻambarimiz: «Bu kiyikni ozod qil!» – dedilar. Haligi odam kiyikning arqonini yechib, uni qoʻyib yubordi. Kiyik: «Ashhadu an la ilaha illalloh va annaka Rasululloh», – dedi-da, ketdi.

13. Bir kuni u zot bir qishloq odamini iymonga daʼvat qildilar. U: «Musulmon qoʻshnimning vafot etgan qizini tiriltirsangiz, iymon keltiraman», – dedi. Ular qizning qabriga bordilar, Rasululloh qizni ismi bilan chaqirdilar. Avval qabr ichidan ovoz eshitildi, soʻngra qiz tashqariga chiqdi. Rasululloh undan: «Dunyoga qaytishni istaysanmi?» – deb soʻradilar. Qiz: «Yo Rasulalloh! Dunyoga qaytishni istamayman. Bu yerda otamning uyidagidan ham rohatdaman. Musulmonning oxirati dunyosidan yaxshiroqdir», – dedi. Buni koʻrgan qishloqi darhol iymon keltirdi. 14. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu taolo anhu) bir qoʻy pishirdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) sahobalari bilan uni yedilar. U zot: «Suyaklarini sindirmanglar!» – dedilar. Soʻngra suyaklarni yigʻib, muborak qoʻllarini ularning ustiga qoʻyib, duo qildilar. Allohu taolo qoʻyni tiriltirdi. 15. Rasulullohning huzurlariga katta boʻlsa ham, hech gapirmaydigan bir bolani olib kelishdi. U zot: «Men kimman?» – deb soʻradilar. Bola: «Siz Rasulullohsiz», – deb javob berdi. Shundan keyin u umrining oxirigacha gapirib yurdi.

«Yo Rabbim! Men bu amakimni (Abbosni) va ahli baytimni yopganimdek, Sen ham ularni jahannam olovidan saqla!» Hadisi sharif

16. Bir kishi ilon tuxumini bosib olib, ikki koʻzi ham koʻrmay qoldi. Uni Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga olib kelishdi. U zot muborak tupuklaridan uning koʻzlariga surtganlarida, u koʻra boshladi. Hatto sakson yoshida ham ignaga ip oʻtkazar edi.

17. Muhammad ibn Hotib shunday hikoya qiladi: «Men kichkina edim. Ustimga qaynoq suv toʻkildi, badanim kuydi. Otam meni Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) huzurlariga olib bordi. U zot muborak qoʻllari bilan tupuklarini kuygan joylarimga surtib, duo qildilar. Kuygan joylar darhol tuzaldi».

18. Bir ayol kal oʻgʻlini olib keldi. Rasululloh muborak qoʻllari bilan uning boshini siladilar. Bola shifo topdi, sochlari oʻsa boshladi.

19. Termiziy va Nasoiyning «Sunan» kitoblarida shunday deyiladi: ikki koʻzi koʻr bir kishi kelib: «Yo Rasulalloh! Duo qiling, koʻzlarim ochilsin!» – dedi. Paygʻambarimiz unga rahm qilib, nuqsonsiz tahorat olishini, soʻngra ushbu duoni oʻqishini aytdilar: «Yo Rabbim! Senga yolvoraman. Sevimli Paygʻambaring Muhammad alayhissalomni oʻrtaga qoʻyib, Sendan soʻrayman. Ey men juda sevgan Paygʻambarim hazrati Muhammad! Sizni vasila qilib, Rabbimga yolvoraman. Sizning hurmatingiz uchun duomni qabul qilishini soʻrayman. Yo Rabbim! Bu ulugʻ Paygʻambarni menga shafoatchi qil! U zotning hurmatlari haqqi duomni qabul et!» Haligi kishi tahorat olib, duo qilganda, koʻzlari ochildi. Musulmonlar bu duoni doimo oʻqib kelganlar va tilaklariga yetganlar. 20. Rasululloh Abu Tolib bilan bir sahroda ketayotgan edilar. Abu Tolib juda chanqaganini aytdi. Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) ulovdan yerga tushib: «Chanqadingizmi?» – dedilar va muborak oyoqlarining tovoni bilan yerga urdilar. Yerdan suv otilib chiqdi. U zot: «Amakijon, bu suvdan iching!» – dedilar. 21. Hudaybiya safarida ular suvi oz boʻlgan bir quduq yoniga tushishdi. Askarlar suvsizlikdan shikoyat qilishdi. Rasululloh bir chelak suv soʻradilar. Oʻsha suvdan tahorat olib, ichiga tupurib, uni quduqqa toʻktirdilar. Soʻngra bir oʻq olib, quduqqa tashladilar. Koʻp oʻtmay quduq ogʻzigacha suvga toʻlganini koʻrishdi.

22. Bir gʻazotda qoʻshin suvsizlikdan shikoyat qildi. Rasul alayhissalom suv izlash uchun ikki askarni yubordilar. Ular tuya ustida ikki meshda toʻla suv olib ketayotgan bir ayolni koʻrib, uni olib keldilar. Rasul alayhissalom ayoldan bir oz suv soʻradilar. Uni bir idishga quydirdilar. Butun qoʻshin navbatma-navbat kelib, idishlarini, meshlarini toʻldirdi. Ayolga bir oz xurmo berishdi va uning meshlarini ham suvga toʻldirishdi.

Rasululloh unga: «Sening suvingdan kamaytirmadik. Bizga suvni Allohu taolo berdi», – dedilar.

23. Madinada u zot minbarda xutba oʻqiyotganlarida, bir kishi: «Yo Rasulalloh (sallallohu taolo alayhi vasallam)! Suvsizlikdan bolalarimiz, hayvonlarimiz, ekinzorlarimiz halok boʻlmoqda. Bizga madad bering!» – dedi. U zot qoʻllarini koʻtarib, duo qildilar. Osmonda birorta ham bulut yoʻq edi, lekin u zot muborak qoʻllarini yuzlariga surtmaslaridan oldin bulutlar toʻplandi. Darhol yomgʻir yogʻa boshladi. Yomgʻir bir necha kun davom etdi. U zot yana minbarda xutba oʻqiyotganlarida, oʻsha kishi: «Yo Rasulalloh! Yomgʻirdan halok boʻladigan boʻldik», – deganda, Rasul alayhissalom tabassum qildilar va: «Yo Rabbim! Rahmatingni boshqa bandalaringga ham ehson et!» – dedilar. Bulutlar tarqalib, quyosh koʻrindi. 24. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu taolo anhu) shunday hikoya qiladi: qarzlarim koʻp edi. Buni Rasulullohga (sallallohu taolo alayhi vasallam) aytdim. U zot bogʻimga kelib, xurmo uyumining atrofini uch marta aylanib chiqdilar. Soʻngra: «Qarz egalaringni chaqir, kelsinlar!» – dedilar. Ularning har biriga haqqi berildi, uyumdan esa hech narsa kamaymadi. 25. Bir ayol hadya qilib asal yubordi. Rasul alayhissalom asalni qabul qilib, boʻsh idishni qaytarib yubordilar. Allohu taoloning qudrati bilan idish asalga toʻla holda qaytib keldi. Ayol kelib: «Yo Rasulalloh! Gunohim nima? Hadyamni nega qabul qilmadingiz?» – dedi. U zot: «Hadyangni qabul qildik. Koʻrgan asaling – Allohu taoloning hadyang uchun bergan barakasidir», – dedilar. Ayol sevinib, asalni uyiga olib ketdi. Bola-chaqasi bilan uni oylab yeyishdi, asal hech kamaymadi. Bir kuni yanglishib asalni boshqa idishga solishdi. Undan yeb, tez tugatishdi. Buni Rasulullohga xabar qilishganda, u zot: «Men yuborgan idishda qolganida, dunyo turguncha yer edilar, hech kamaymas edi», – dedilar.

26. Abu Hurayra shunday hikoya qiladi: Rasulullohga bir necha xurmo olib keldim va ularga baraka berilishi uchun duo qilishlarini soʻradim. U zot ularning barakali boʻlishi uchun duo qildilar va menga: «Bularni olib, idishingga sol. Undan olmoqchi boʻlganingda, qoʻling bilan ichidan ol, uni toʻkib, yerdan olma!» – dedilar. Xurmolar solingan xaltamni kechayu kunduz yonimdan ayirmay, Usmonning (roziyallohu anhu) zamonigacha undan yedim. Yonimdagilarga ham yedirdim, hovuch-hovuch sadaqa ham berdim. Usmon (roziyallohu anhu) shahid boʻlgan kuni xaltam yoʻqoldi. 27. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Sulaymon alayhissalom kabi barcha hayvonlarning tilini tushunar edilar. Kelib, egasidan yoki boshqalardan shikoyat qilgan hayvonlar koʻp koʻrilgan. Rasululloh buni sahobai kiromga xabar qilar edilar. Hunayn jangida u zot mingan «Duldul» nomli oq xachirga: «Choʻk!» – dedilar. Duldul darhol choʻkkach, u zot yerdan bir hovuch qum olib, kofirlarning ustiga sochdilar.

28. Bir kuni u zot zavjalari Hafsaga (roziyallohu anho): «Abu Bakr bilan sening otang ummatimning idorasini qoʻllariga oladilar», – dedilar. Bu soʻz bilan u zot Abu Bakrning va Hafsaning otasi Umarning (roziyallohu anhumo) xalifa boʻlishlari haqida xushxabar berdilar.

«Ey Hafsa! Abu Bakr bilan sening otang ummatimning idorasini qoʻllariga oladilar» Hadisi sharif

29. U zot Abu Hurayrani (roziyallohu taolo anhu) Madinada zakot sifatida kelgan xurmolarni qoʻriqlashga tayinlagan edilar. Abu Hurayra xurmo oʻgʻirlayotgan bir kishini tutib oldi va unga: «Seni Rasulullohning huzurlariga olib boraman», – dedi. Oʻgʻri: «Men kambagʻalman, bola-chaqam koʻp», – deb yolvora boshlagach, Abu Hurayra uni qoʻyib yubordi. Ertasi kuni Rasululloh Abu Hurayrani chaqirib: «Kecha kechasi qoʻyib yuborgan odaming nima qilgan edi?» – deb soʻradilar. Abu Hurayra aytib bergach, u zot: «U seni aldabdi. U yana keladi», – dedilar. Ertasi kechasi u haqiqatan ham yana keldi va tutildi. U yana yolvorib: «Alloh haqqi, meni qoʻyib yubor», – dedi va yana qutuldi. Uchinchi kechasi yana kelib tutilganda, yolvorishlari foyda bermadi. Shunda u: «Meni qoʻyib yuborsang, senga bir necha narsani oʻrgataman, juda foydasi tegadi», – dedi. Abu Hurayra rozi boʻldi. U: «Kechasi yotayotganingda Oyatal kursiyni oʻqisang, Allohu taolo seni himoya qiladi, yoningga shayton yaqinlashmaydi», – dedi-da, ketdi. Ertasi kuni Rasululloh Abu Hurayradan yana soʻrab, javob olgach: «Bu safar u toʻgʻrisini aytibdi. Holbuki, oʻzi juda yolgʻonchidir. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi?» – dedilar. Abu Hurayra: «Yoʻq, bilmayman», – deganda, u zot: «U shayton edi», – dedilar.

30. U zot Vizantiya imperatorining qoʻshinlari bilan jang qilish uchun Muta degan joyga qoʻshin yuborganlarida, sahobalardan uch amirning (Zayd ibn Horisa, Jaʼfar ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Ravoha) birin-ketin shahid boʻlganini, oʻzlari Madinada minbar ustida boʻlsalar ham, Allohu taoloning koʻrsatishi bilan koʻrib, yonlaridagilarga xabar qildilar. 31. Muoz ibn Jabalni (roziyallohu taolo anhu) Yamanga noib qilib yuborayotganlarida, u zot uni Madinaning tashqarisigacha kuzatib borib, unga koʻp nasihatlar qildilar va: «Sen bilan qiyomatgacha endi uchrasha olmaymiz», – dedilar. Muoz Yamanda ekanida Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Madinada vafot etdilar.

32. Vafotlari oldidan u zot qizlari Fotimaga: «Qarindoshlarim orasida menga birinchi boʻlib qovushadigan – sen boʻlasan», – dedilar. Olti oydan keyin Fotima (roziyallohu anho) vafot etdi. Paygʻambarimizning qarindoshlaridan undan oldin hech kim vafot etmadi.

33. U zot Qays ibn Shammosga (roziyallohu anhu): «Goʻzal yashaysan va shahid boʻlib oʻlasan», – dedilar. Abu Bakr (roziyallohu taolo anhu) xalifalik qilgan paytda Qays Yamomada Musaylamatul Kazzob bilan boʻlgan jangda shahid boʻldi. U zot hazrati Umarul Foruqning, hazrati Usmonning va hazrati Alining (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) shahid boʻlishlarini ham xabar berdilar. 34. U zot Eron shohi Kisroning va Vizantiya imperatori Qaysarning yurtlari musulmonlar qoʻliga oʻtishini va ularning xazinalari Alloh yoʻlida tarqatilishi haqida xushxabar berdilar. 35. U zot ummatlaridan koʻp kishining dengiz orqali gʻazotga borishini va sahobalardan Ummu Harom ismli ayolning oʻsha gʻazotda boʻlishini xabar berdilar. Hazrati Usmon xalifalik qilgan paytda musulmonlar kemalarda Kipr oroliga borib, jang qildilar. Bu ayol ham ular bilan birga edi. U oʻsha yerda shahid boʻldi.3

36. Bir kuni Rasul alayhissalom bir baland joyda oʻtirgan edilar. Yonlaridagilarga oʻgirilib: «Men koʻrayotgan narsani sizlar ham koʻryapsizlarmi? Qasam ichamanki, uylaringiz orasida, koʻchalarda chiqadigan fitnalarni koʻrib turibman», – dedilar. Usmon (roziyallohu anhu) shahid qilingan kunlarda va keyinchalik Yazid zamonida Madinada katta fitnalar chiqdi, koʻchalarda juda koʻp kishining qoni toʻkildi.

37. Bir kuni u zot oʻz zavjalaridan birining xalifaga qarshi isyon qilishini xabar berdilar. Oisha (roziyallohu taolo anho) bu soʻzga kulganda, u zot: «Yo Humayro4! Bu soʻzimni unutma! Oʻsha ayol sen boʻlmagin!» – dedilar. Soʻngra Aliga (roziyallohu anhu) oʻgirilib: «Uning ishi sening qoʻlingga tushsa, unga yumshoq muomala qil!» – dedilar. Oʻttiz yildan keyin Oisha (roziyallohu anho) Ali (roziyallohu anhu) bilan jang qildi va unga asir tushdi. Ali (roziyallohu anhu) uni ikrom va ehtirom bilan Basradan Madinaga yubordi.

38. U zot hazrati Muoviyaga: «Bir kuni ummatim ustidan hokim boʻlsang, yaxshilik qilganlarni mukofotla, yomonlik qilganlarni esa avf et!» – dedilar. Hazrati Muoviya hazrati Umar va hazrati Usmon zamonlarida Shomda yigirma yil noiblik qildi, soʻngra yigirma yil xalifalik qildi. 39. Bir kuni u zot: «Muoviya hech qachon magʻlub boʻlmaydi», – dedilar. Ali (roziyallohu taolo anhu) Siffin jangida bu hadisni eshitgach: «Agar buni oldinroq eshitganimda, Muoviya (roziyallohu taolo anhu) bilan jang qilmas edim», – dedi. 40. U zot Ammor ibn Yosirga (roziyallohu taolo anhu): «Seni bogʻiy, osiy boʻlgan kimsalar oʻldiradi», – dedilar. Ammor Ali (roziyallohu anhu) bilan birga Muoviyaga (roziyallohu anhu) qarshi jang qilayotganda shahid boʻldi. 41. U zot qizlari Fotimaning oʻgʻli Hasan (roziyallohu taolo anhumo) haqida: «Bu oʻgʻlim juda xayrlidir. Allohu taolo uni musulmonlarning ikki katta qoʻshini oʻrtasida sulh tuzilishiga sabab qiladi», – dedilar. Hasan katta bir qoʻshin bilan Muoviyaga (roziyallohu anhu) qarshi jang qilmoqchi boʻlganda, fitnaning oldini olish, musulmonlarning qoni toʻkilmasligi uchun oʻzining haqqi boʻlgan xalifalikni Muoviyaga (roziyallohu anhu) topshirdi. 42. Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu taolo anhumo) Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) qon oldirganlarida chiqqan qonlarini ichdi. Buni koʻrgan Paygʻambarimiz: «Odamlardan boshingga nimalar kelishini bilasanmi? Sendan ham odamlarga koʻp narsa keladi. Jahannam olovi seni kuydirmaydi», – dedilar. Abdulloh ibn Zubayr Makkada oʻzini xalifa deb eʼlon qilganda, Abdulmalik ibn Marvon Shomdan Makkaga Hajjojni katta qoʻshin bilan yubordi. Ular Abdullohni tutib, oʻldirishdi. 43. U zot Abdulloh ibn Abbosning onasiga qarab: «Sening bir oʻgʻling boʻladi. Tugʻilganda uni menga olib kel!» – dedilar. Bolani olib kelishganda, u zot uning qulogʻiga azon va iqomat aytib, muborak ogʻizlarining suvidan uning ogʻziga surtdilar. Unga Abdulloh deb ism qoʻyib, onasining quchogʻiga berdilar va: «Xalifalarning otasini olib ket!» – dedilar. Bolaning otasi hazrati Abbos buni eshitib, kelib soʻraganda, u zot: «Ha, shunday dedim. Bu bola – xalifalarning otasidir. Ular orasida Saffoh, Mahdiy va Iso alayhissalom bilan namoz oʻqiydigan bir kishi boʻladi», – dedilar. Abbosiylar davlatining taxtiga koʻp xalifalar chiqdi. Ularning barchasi Abdulloh ibn Abbosning naslidan edi.

«Yo Muoviya! Bir kuni ummatim ustidan hokim boʻlsang, yaxshilik qilganlarni mukofotla, yomonlik qilganlarni esa avf et!» Hadisi sharif

44. Bir kuni u zot: «Ummatim orasida rofiziy deb ataladigan koʻp kimsalar paydo boʻladi. Ular Islom dinidan chiqadilar», – dedilar.

45. U zot sahobalaridan koʻp kishiga xayrli duolar qildilar, bu duolarning barchasi qabul boʻlib, ular duolarning foydasini koʻrishdi. Ali (roziyallohu taolo anhu) shunday hikoya qiladi: Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) meni Yamanga qozi (hakam) qilib yubormoqchi boʻldilar. Men: «Yo Rasulalloh (sallallohu taolo alayhi vasallam)! Men qozilik qilishni bilmayman», – dedim. U zot muborak qoʻllarini koʻksimga qoʻyib: «Yo Rabbim! Uning qalbiga toʻgʻri narsalarni bildir. Unga doimo toʻgʻri soʻzlashni nasib et!» – dedilar. Shundan keyin menga shikoyat bilan kelganlardan qaysi biri haq ekanini darhol anglar, haq asosida hukm qilar edim.

46. Rasululloh jannat bilan xushxabar bergan oʻn kishiga Asharai mubashshara deyiladi. Uhud jangida u zot ulardan biri – Saʼd ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) uchun: «Yo Rabbim! Uning oʻqlarini nishonga yetkaz va duolarini qabul et!» – dedilar. Shundan keyin Saʼdning har bir duosi qabul boʻldi va otgan har bir oʻqi dushmanga tegdi.

47. U zot amakivachchalari Abdulloh ibn Abbosning peshonasiga muborak qoʻllarini qoʻyib: «Yo Rabbim! Uni dinda chuqur olim qil, hikmat sohibi et! Unga Qurʼoni karimning ilmlarini ehson et!» – dedilar. Shundan keyin Abdulloh ibn Abbos barcha ilmlarda, ayniqsa, tafsir, hadis va fiqh ilmlarida zamonasining yagonasi boʻldi. Sahobalar va tobeʼinlar hamma narsani undan oʻrganar edilar. U «Tarjimonul Qurʼon», «Bahrul ilm» va «Raisul mufassirin» nomlari bilan mashhur boʻldi, Islom yurtlari uning shogirdlari bilan toʻldi.5

48. U zot xizmatchilaridan Anas ibn Molik uchun: «Yo Rabbim! Uning molini va bolalarini koʻp, umrini uzun qil, gunohlarini avf et!» – deb duo qildilar. Vaqt oʻtgan sari uning mol-mulki koʻpaydi. Daraxtlari, bogʻlari har yili meva berdi. Juda koʻp farzandi boʻldi. U bir yuz oʻn yil yashadi. Umrining oxirida u: «Yo Rabbim! Habibingning men uchun qilgan duolaridan uchtasini qabul qilding, ehson etding! Toʻrtinchisi boʻlgan gunohlarimning kechirilishi qanday boʻlarkin?» – deganda: «Toʻrtinchisini ham qabul qildim. Koʻnglingni xotirjam qil!» – degan ovozni eshitdi.

«Yo Rabbim! Uni (Abdulloh ibn Abbosni) dinda chuqur olim qil, hikmat sohibi et! Unga Qurʼoni karimning ilmlarini ehson et!» Hadisi sharif

49. U zot Molik ibn Robiʼa (roziyallohu taolo anhu) uchun: «Farzandlaring barakali boʻlsin!» – deb duo qildilar. Molikning sakson oʻgʻli boʻldi.

50. Nobigʻa ismli mashhur shoir sheʼrlaridan bir nechtasini oʻqiganda, Paygʻambarimiz arablar orasida mashhur boʻlgan «Allohu taolo tishlaringni toʻkmasin!» degan duoni aytdilar. Nobigʻa yuz yoshga yetgan edi, tishlari esa oppoq va tiniq boʻlib, marvaridek tizilib turar edi. 51. U zot Urva ibn Jaʼd (roziyallohu taolo anhu) uchun: «Yo Rabbim! Uning tijoratiga baraka ber!» – dedilar. Urva shunday hikoya qiladi: «Shundan keyin qilgan tijoratlarimning barchasi foydali boʻldi. Biror marta ham zarar koʻrmadim». 52. Bir kuni u zotning qizlari Fotima (roziyallohu taolo anho) huzurlariga keldi. Ochlikdan uning rangi sargʻayib ketgan edi. U zot qoʻllarini uning koʻksiga qoʻyib: «Ey ochlarni toʻydiruvchi Rabbim! Muhammadning qizi Fotimani och qoldirma!» – dedilar. Fotimaning yuziga darhol qon yugurdi, u jonlandi. Umrining oxirigacha u boshqa hech qachon ochlik his qilmadi.

53. U zot Asharai mubashsharadan Abdurrahmon ibn Avf uchun baraka tilab duo qildilar. Uning moli shu qadar koʻpaydiki, tillarda doston boʻldi.

54. U zot: «Har bir paygʻambarning duosi qabul boʻladi. Har bir paygʻambar dunyoda oʻz ummati uchun duo qildi. Men esa qiyomat kuni ummatimga shafoat qilishimga izn berilishi uchun duo qilyapman. Inshoalloh, duom qabul boʻladi. Mushrik boʻlmaganlarning barchasiga shafoat qilaman», – dedilar.

55. U zot Makkada baʼzi qishloqlarga borib, ularning iymon keltirishlari uchun koʻp urindilar. Ular qabul qilishmadi. Shunda u zot ularning Yusuf paygʻambar (alayhissalotu vassalom) zamonida Misrda boʻlgan qahatchilik kabi mashaqqat chekishlari uchun duo qildilar. Oʻsha yili u yerlarda shunday qahatchilik boʻldiki, odamlar hatto oʻlimtik yedilar. 56. Amakilari Abu Lahabning oʻgʻli Utayba Rasulullohning (alayhissalotu vassalom) kuyovlari boʻlgani holda, Rasulullohga iymon keltirmadi va u Sarvarni (sallallohu alayhi vasallam) juda koʻp xafa qildi. U zotning muborak qizlari Ummu Kulsum xonimni taloq qildi, xunuk gaplar gapirdi. Paygʻambarimiz bundan juda xafa boʻlib: «Yo Rabbim! Uning ustiga itlaringdan birini musallat qil!» – dedilar. Utayba tijorat uchun Shomga ketayotganda, bir kechasi hamrohlari orasida uxlab yotgan edi. Bir sher kelib, hamrohlarini hidlab, ularga tegmadi. Navbat Utaybaga yetganda, sher uni ilib, parcha-parcha qilib tashladi. 57. Bir kishi chap qoʻli bilan ovqat yer edi. Paygʻambarimiz: «Oʻng qoʻling bilan ye!» – dedilar. U: «Oʻng qoʻlim harakat qilmaydi», – deb yolgʻon gapirdi. Paygʻambarimiz: «Unday boʻlsa, oʻng qoʻling bundan buyon harakat qilmasin!» – dedilar.6 Oʻlguncha u oʻng qoʻlini ogʻziga olib bora olmadi.

58. U zot Eron shohi Xusrav Parvizga iymon keltirishi uchun maktub yubordilar. Pastkash Xusrav maktubni yirtib tashladi va uni olib borgan elchini shahid qildi. Rasul alayhissalom buni eshitib, juda xafa boʻldilar va: «Yo Rabbim! U mening maktubimni parchalaganidek, Sen ham uning mulkini parchala!» – dedilar. Rasulullohning hayotlik chogʻlaridayoq Xusravni oʻz oʻgʻli Sheruya xanjar bilan parchalab oʻldirdi. Umar (roziyallohu taolo anhu) xalifalik qilgan paytda esa musulmonlar Eron yurtini butunlay fath qildilar va Xusravning na nasli, na mulki qoldi.

59. Rasul alayhissalom bozorda amri maʼruf va nahyi munkar qilib, nasihat berayotganlarida, Marvonning otasi Hakam ibn Abul Os ismli bir pastkash Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) orqalaridan yurib, koʻzlarini ochib-yumib, yuzini burishtirib, shu tariqa u zotni masxara qilar edi. Rasul alayhissalom orqalariga oʻgirilib, uning bu xunuk holini koʻrganlarida: «Oʻzingni qanday koʻrsatgan boʻlsang, shundayligicha qol!» – dedilar. Oʻlguncha uning yuz-koʻzi uchib-tortishib turdi. 60. Allohu taolo Oʻz Habibini balolardan himoya qilar edi. Abu Jahl Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) eng katta dushmani edi. U katta bir toshni u zotning muborak boshlariga urish uchun koʻtarganda, Rasulullohning ikki yelkalarida bittadan ilon koʻrdi, tosh qoʻlidan tushib ketdi va u qochdi.

61. Paygʻambarimiz Kaʼbai muazzama yonida namoz oʻqiyotganlarida, pastkash Abu Jahl yana: «Ayni vaqti», – deb, pichoq bilan u zotning ustlariga yurmoqchi boʻldi, lekin birdan orqasiga qaytib qochdi. Sheriklari keyin undan: «Nega qoʻrqding?» – deb soʻrashganda, u: «Muhammad (sallallohu taolo alayhi vasallam) bilan mening oramda olov toʻla bir xandaq koʻrdim. Koʻp odamlar meni kutib turgan edi. Bir qadam tashlasam, meni tutib, olovga tashlar edilar», – dedi. Musulmonlar buni eshitib, Rasulullohdan (sallallohu taolo alayhi vasallam) soʻraganlarida, u zot: «Allohu taoloning farishtalari uni tutib, parcha-parcha qilar edilar», – dedilar.

62. Hijratning toʻrtinchi yilida, Banu Nazir qabilasi yonida Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) yahudiylarning qalʼa devorlari ostida sahobalari bilan gaplashib turganlarida, bir yahudiy yuqoridan katta bir tegirmon toshini u zotning ustlariga tashlamoqchi boʻldi. Toshga qoʻlini uzatganda, ikki qoʻli ham shol boʻlib qoldi. 63. Hijratning toʻqqizinchi yilida uzoq joylardan odamlar toʻp-toʻp boʻlib kelib, iymon keltirar edilar. Omir va Arbad ismli ikki kofir keluvchilar orasiga qoʻshildi. Omir Rasulullohga (sallallohu taolo alayhi vasallam) iymonga kelishganini aytayotganda, Arbad orqaga oʻtib, qilichini qinidan sugʻurmoqchi boʻldi. Biroq qoʻli ishlamay qoldi. Omir roʻparadan: «Nega turibsan?» – degandek ishora qilganda, Rasul alayhissalom: «Allohu taolo meni ikkalangizning zararingizdan saqladi», – dedilar. Ular u yerdan ketgach, Omir Arbaddan: «Nega soʻzingda turmading?» – deb soʻradi. U: «Nima qilay? Necha marta qilichni sugʻurmoqchi boʻldim, har safar seni ikkalamizning oʻrtamizda koʻrdim», – dedi. Bir necha kundan keyin havo ochiq turgan paytda toʻsatdan osmonni bulut qopladi. Arbadga yashin tushib, u tuyasi bilan birga oʻldi.

64. Bir kuni Rasul alayhissalom tahorat olib, mahsilaridan birini kiyib, ikkinchisiga qoʻl uzatayotganlarida, bir qush mahsini ilib olib, havoda silkitdi. Ichidan bir ilon tushdi. Soʻngra qush mahsini yerga tashladi. Shu kundan boshlab poyabzalni kiyishdan oldin avval uni silkitish sunnat boʻldi. 65. Rasul alayhissalom gʻazotlarda va sahrolarda oʻzlarini himoya qilish uchun sahobalaridan soqchilar ajratgan edilar. Moida surasining maʼnosi «Alloh sizni insonlarning zararidan saqlaydi» boʻlgan oltmish yettinchi oyati karima nozil boʻlgach, u zot bundan voz kechdilar. Dushmanlar orasida yolgʻiz yurar, yolgʻiz yotar, hech qoʻrqmas edilar.

«Ey shonli Paygʻambar! Alloh sizni insonlarning zararidan saqlaydi» Moida: 67

66. Hazrati Anas shunday hikoya qiladi: Rasulullohning muborak yuzlarini artadigan bir roʻmolchalari bor edi. U zot u bilan yuzlarini artar, kir boʻlganda esa uni olovga tashlar edilar. Kirlar yonar, roʻmolcha esa yonmas, top-toza boʻlib chiqar edi. 67. U zot bir quduqning suvini chelakdan ichdilar, qolganini quduqqa toʻkdilar. Shundan keyin quduqdan doimo mushk hidi kelib turar edi. 68. Utba ibn Farqadning (roziyallohu anhu) badanida eshakemi (urtikariya) degan kasallik paydo boʻldi. Rasul alayhissalom uni yechintirib, oʻzlarining muborak qoʻllariga tupurib, qoʻllari bilan uning badanini siladilar. Bemor shifo topdi. Uning badanidan mushkdek xush hid kelib turar edi. Bu hol uzoq vaqt davom etdi. 69. Rasul alayhissalom namoz oʻqiyotganlarida shayton kelib, u zotning namozlarini buzmoqchi boʻlganda, u zot uni muborak qoʻllari bilan tutib oldilar. Boshqa kelmasligi va namozni buzdirmasligi haqida undan soʻz olib, qoʻyib yubordilar.

70. Madinadagi munofiqlarning boshligʻi boʻlgan Abdulloh ibn Ubay ibn Salul oʻlimi yaqinlashganda Rasulullohni chaqirdi. «Ustingizdagi koʻylakni menga kafan qiling», – deb yolvordi. Har soʻralgan narsani berish odatlari boʻlgani uchun, u zot unga koʻylaklarini ehson qildilar. Hatto janoza namozini ham oʻqidilar. Madinada boʻlgan ming munofiq Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) bu ehsonlaridan hayratga tushib, hammasi iymonga keldi. 71. Quraysh kofirlaridan Valid ibn Mugʻiyra, Os ibn Voil, Horis ibn Qays, Asvad ibn Yagʻus va Asvad ibn Muttalib Rasulullohga (sallallohu taolo alayhi vasallam) jafo va ozor berishda boshqalardan haddan oshib ketgan edilar. Jabroil alayhissalom kelib, Hijr surasining maʼnosi «Sizni masxara qiluvchilarga jazolarini beramiz…» boʻlgan toʻqson beshinchi oyatini keltirdi va Validning oyogʻiga, ikkinchisining tovoniga, uchinchisining burniga, toʻrtinchisining boshiga, beshinchisining koʻzlariga ishora qildi. Validning oyogʻiga bir oʻq sanchildi. U juda kibrli boʻlgani uchun engashib, oʻqni sugʻurib tashlash unga ogʻir keldi. Oʻqning temiri tovon payiga sanchilib, u ishias kasalligiga duchor boʻldi. Osning tovoniga tikan kirdi va tovoni meshdek shishib ketdi. Horisning burnidan toʻxtovsiz qon oqdi. Asvad bir daraxt ostida xushchaqchaq oʻtirganda, boshini daraxtga urib oldi, ikkinchi Asvad esa koʻr boʻldi va ularning hammasi halok boʻldi.

72. Madinada Banu Najjor qabilasidan husnu jamol sohibasi boʻlgan bir ayol bor edi. Bir jin unga oshiq boʻlib, doimo uning yoniga kelar edi. Rasul alayhissalom Madinaga kelganlaridan keyin, bir kuni bu jin ayolning uyi oldidagi devor ustida oʻtirganda, ayol uni tanib: «Nega mening yonimga kelmay qoʻyding?» – dedi. Jin: «Allohu taoloning Paygʻambari (sallallohu taolo alayhi vasallam) zinoni va barcha haromlarni man qildilar», – dedi.

73. Biʼri Maʼuna deb atalgan jangda kofirlar bergan soʻzlarini buzib, yetmish sahobadan bir-ikkitasidan boshqa hammasini shahid qildilar. Ular orasida Abu Bakr (roziyallohu anhu) qullikdan ozod qilgan va ilk iymon keltirganlardan boʻlgan Omir ibn Fuhayra (roziyallohu taolo anhu) ham bor edi. Omir ibn Fuhayrani nayza bilan sanchishganda, farishtalar uni kofirlarning koʻz oʻngida osmonga koʻtardilar. Buni Rasulullohga (sallallohu taolo alayhi vasallam) xabar qilishganda, u zot: «Uni jannat farishtalari dafn qildilar va uning ruhi jannatga koʻtarildi», – dedilar.

74. Saʼd ibn Muoz (roziyallohu taolo anhu) Xandaq jangida yaralandi va bir muddatdan keyin vafot etdi. Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) uning janoza namozida yetmish ming farishta boʻlganini xabar berdilar. Qabri qazilayotganda, atrofga mushk hidi tarqaldi. 75. Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) zavjalaridan Ummu Salama (roziyallohu taolo anho) ozod qilgan Safina ismli sahoba Rasulullohning xizmatlaridan hech ayrilmas edi. Vizantiyaliklarga qarshi qilingan gʻazotda u qoʻshindan ajralib qolib, kofirlarga asir tushdi. Qochib kelayotganda, roʻparasidan dahshatli bir sher chiqdi. Safina: «Men Rasulullohning xizmatchisiman», – deb, boshidan kechirganlarini sherga aytib berdi. Sher unga yuz-koʻzini surtib, yonida yurib bordi. Dushmandan biror zarar yetmasin deb, undan ajralmadi. Islom qoʻshini koʻringach, ortiga qaytib ketdi. 76. Jahjoh Gʻiforiy ismli bir kishi xalifa Usmonga (roziyallohu taolo anhu) qarshi isyon qildi. U Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) doimo qoʻllarida olib yuradigan asolarini tizzasiga urib sindirdi. Bir yildan keyin tizzasida sherpanja (kuydirgi) degan kasallik paydo boʻlib, oʻlimiga sabab boʻldi.

77. Muoviya (roziyallohu taolo anhu) Shomdan hajga kelib, Rasulullohning (sallallohu taolo alayhi vasallam) Madinadagi muborak minbarlarini baraka uchun Shomga olib ketmoqchi boʻldi. Minbarni joyidan qoʻzgʻatishganda, quyosh tutildi. Hamma yoq qorongʻilashib, yulduzlar koʻrindi. Muoviya bu istagidan voz kechdi. 78. Uhud jangida Abu Qatodaning bir koʻzi chiqib, yonogʻi ustiga tushdi. Uni Rasulullohning huzurlariga olib kelishdi. U zot muborak qoʻllari bilan koʻzni joyiga qoʻyib: «Yo Rabbim! Uning koʻzini goʻzal qil!» – dedilar. Bu koʻzi ikkinchisidan goʻzalroq boʻldi va undan ham kuchliroq koʻrar edi. Abu Qatodaning nabiralaridan biri xalifa Umar ibn Abdulazizning huzuriga kelganda, xalifa: «Sen kimsan?» – deb soʻradi. U bir bayt oʻqib, Rasululloh muborak qoʻllari bilan koʻzini joyiga qoʻygan zotning nabirasi ekanini bildirdi. Xalifa bu baytlarni eshitgach, unga koʻp ikrom va ehson koʻrsatdi. 79. Iyos ibn Salama shunday hikoya qiladi: Xaybar jangida Rasululloh meni yuborib, Alini (roziyallohu anhu) chaqirtirdilar. Alining koʻzlari ogʻriyotgan edi. Men uni qoʻlidan tutib, qiyinchilik bilan olib keldim. U zot muborak barmoqlariga tupurib, Alining koʻzlariga surtdilar. Bayroqni uning qoʻliga berib, Xaybar darvozasida jang qilishga yubordilar. Anchadan beri ochib boʻlmayotgan darvozani Ali (roziyallohu anhu) joyidan sugʻurib oldi va sahobai kirom qalʼaga kirdilar. 80. Bir kuni Rasululloh qizlari hazrati Fotimaning uyiga kirib, hollarini soʻradilar. Hazrati Fotima: «Otajon! Uch kundan beri bolalarim bilan hech narsa yeb-ichmadik. Ochlikka sabr qilyapmiz. Meniki muhim emas. Lekin Hasan bilan Husaynning ahvoli meni juda xafa qilyapti», – deb javob berdi. Shunda Sarvari olam: «Ey Fotima! Jon qizim! Sen uch kundan beri ochsan. Men esa toʻrt kundan beri ochman», – dedilar. U zot muborak nabiralari hazrati Hasan va Husaynning och qolganlaridan juda xafa boʻldilar… 81. Hazrati Ali ishlab, pul topib, muborak bolalariga biror narsa olish va ularni toʻydirish uchun yoʻlga chiqdi. Madinadan tashqariga chiqqanda, bir quduq boshida tuyalarini sugʻormoqchi boʻlib turgan bir qishloqini koʻrdi. Hazrati Ali uning yoniga borib: «Ey arab! Tuyalaringni haq evaziga sugʻorish uchun biror kishiga ehtiyojing bormi?» – dedi. Qishloqi: «Ha. Men ham shunday bir kishini izlab yurgan edim. Xohlasang, kel, tuyalarimni sugʻor! Tortgan har bir chelaging uchun uch dona xurmo beraman», – dedi. Hazrati Ali rozi boʻlib, suv torta boshladi. Toʻqqiz chelak suv chiqargan ediki, chelakning arqoni birdan uzilib ketdi va chelak quduq ichida qoldi. Buni koʻrgan qishloqi gʻazab bilan joyidan turib, badbaxtlik qilib, hazrati Alining yuziga qoʻli bilan urib yubordi. Soʻngra sakkiz chelak suv evaziga yigirma toʻrt dona xurmo berdi. Bundan juda xafa boʻlgan hazrati Ali qoʻllarini quduqqa uzatdi. Ichidagi chelakni olib, quduq boshiga qoʻydi va u yerdan ketdi. Qishloqi hayratdan qotib qoldi! Uning qoʻli shuncha chuqur quduqning tubiga qanday yetdi?! Yoki bu zot kelishi xabar qilingan dinning ahlidanmikan? Shu oʻylar ichida hayratga tushgan qishloqi: «Uning Paygʻambari – haq paygʻambar. Iymon keltirdim!» – dedi. Bir oz oldin koʻrsatgan jurʼatiga, qilgan katta jinoyatiga pushaymon boʻldi. «Bunday kishiga koʻtarilgan qoʻllar kesilishi, suyaklari sindirilishi kerak!» – deb, bir qoʻliga qilichini olib, bilagiga shiddat bilan tushirdi… Istagiga yetdi. Juda qattiq ogʻriq sezdi, lekin endi qalbi xotirjam edi. Kesilgan qoʻlini ikkinchi qoʻliga olib, toʻgʻri Masjidi Nabaviyga keldi. Sahobai kiromdan ularning Paygʻambari qayerdaligini soʻradi. U zotning qizlarinikiga ketganlarini aytishdi. Hazrati Fotimaning uyini surishtirib topib, oʻsha yerga bordi. Shu paytda Paygʻambarimiz nabiralari hazrati Hasan va hazrati Husaynni muborak tizzalariga oʻtqazib, hazrati Ali keltirgan xurmolarni yedirayotgan edilar. Qishloqi qilgan xatosining kattaligini oʻylagan sari aqldan ozgudek boʻlar, koʻzlaridan buloqdek yosh oqar edi. Shu holda hazrati Fotimaning uyiga kelib, eshikni qoqdi. Ichkaridan Olamlar sarvari quyoshdek nur sochib, tashqariga chiqdilar. Qishloqi Paygʻambarimizni koʻrishi bilanoq: «Iymon keltirdim, siz Allohning Rasulisiz! Qilganimga pushaymon boʻldim, meni kechiring, yo Rasulalloh!» – deb yolvordi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Qoʻlingni nega kesding?» – deb soʻraganlarida, u: «Sizga iymon keltirgan muborak yuzga urgan bu qoʻlni koʻtarib yurishdan hayo qilganim uchun!… Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh!» – dedi. Marhamat daryosi boʻlmish sevimli Paygʻambarimiz qishloqining qoʻlidan uzilgan qoʻlni olib, «Bismillahir rohmanir rohim», – deb, qoni oqayotgan bilagiga tutashtirdilar. Allohu taoloning izni bilan, Paygʻambarimizning bir moʻjizasi sifatida qoʻl avvalgi holiga qaytdi. Allohu taolo har narsaga qodirdir, har narsaga kuchi yetadi.

«Yo Rabbim! Bu – mening amakim, otamning birodari. Bular esa – mening ahli baytim. Ularni shu yopinchigʻim bilan yopganimdek, Sen ham ularni jahannam olovidan yop, saqla!» Hadisi sharif