Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING SHAFOATLARI

Rasuli akram qiyomat kuni ummatlariga shafoat qiladilar, ularni mashaqqat va gʻam-gʻussadan qutqaradilar. Bir hadisi shariflarida shunday dedilar: «Ummatimning yarmi jannatga kirishi bilan shafoat orasida ixtiyor menga berildi. Men shafoatni tanladim, chunki u kengroq qamrovlidir. Uni faqat taqvoga erishganlar uchun deb oʻylamanglar, u xatoga tushgan gunohkorlar uchun hamdir…»1

Hazrati Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Mening shafoatim – qalbi tilini tasdiqlagan holda, ixlos bilan „La ilaha illalloh“ deb kalimai shahodat keltirgan kishigadir».2

Baʼzi hadisi shariflarda ham shunday dedilar:

«Ummatimdan ahli baytimni sevganlarga shafoat qilaman». «Ummatimdan katta gunoh qilganlarga shafoat qilaman». «Sahobalarimga til tekkazganlardan boshqa hammaga shafoat qila olaman». «Ummatimdan nafsiga zulm qilganlarga, nafslariga aldanganlarga shafoat qilaman». «Qiyomat kuni eng avval men shafoat qilaman».3

«Shafoatimga ishonmagan kishi unga erisha olmaydi».4

Qiyomat kuni Surga puflashning dahshatidan etlar junjikadi, koʻzlar qayerga qarashini bilmay qoladi, moʻminlar ham, kofirlar ham mahshar joyiga haydaladilar. Bu – qiyomat kunining shiddatini yanada oshiradigan bir azobdir. Bu paytda Arshni sakkiz farishta koʻtarib olib boradi. Ulardan bir farishta bir qadamida dunyoning yigirma ming yillik yoʻlini bosib oʻtadi. Farishtalar va bulutlar Arshi aʼlo qaror topguncha aqllar anglay olmaydigan tasbehlar bilan tasbeh aytadilar. Shu tarzda Arshi aʼlo Allohu taolo u uchun yaratgan oq yer ustida qaror topadi. Bu paytda hech bir narsa toqat qila olmaydigan Allohu taoloning azobidan boshlar quyi egiladi. Butun maxluqot oʻz mashaqqati ichida mahbus va hayron boʻlib, shafqat izlaydi. Mahsharda odamlarning holi nihoyatda yomonlashadi. Mashaqqat va zahmatlari ortadi. Odamlarning har biri dunyoda mahkam saqlagan molini boʻyniga osib olgan boʻladi. Tuya zakotini bermaganlarning boʻyniga tuya yuklanadi. U shunday boʻkiradi va shunday ogʻirlashadiki, katta togʻlar kabi boʻladi. Sigir, qoʻy zakotini bermaganlar ham shunday boʻladi. Ularning faryodlari goʻyo momaqaldiroq gumburlashidek boʻladi.5 Ekin zakotini, yaʼni ushrini bermaganlarning boʻyniga ekin qoplari yuklanadi. Dunyoda qaysi navdagi ekinning zakotini bermagan boʻlsa, oʻsha navdan qoplar yuklangan boʻladi: bugʻdoy boʻlsa – bugʻdoy, arpa boʻlsa – arpa. Uning ogʻirligi ostida: «Vo vaylo, vo saburo!» – deb baqiradi. («Vayl» – azob kalimasi. Inson azobga toqat qila olmagan paytda shunday deb baqiradi. «Sabur» esa halokat paytida ishlatiladi.) Oltin, kumush, (qogʻoz) pul va boshqa savdo mollaridan zakot bermaganlarga dahshatli bir ilon musallat qilinadi. Ular baqirib: «Bu nima?» – deyishganda, farishtalar: «Bular – dunyoda zakotini bermagan mollaringizdir», – deb javob beradilar. Mana shu dahshatli hol Oli Imron surasining bir yuz saksoninchi oyati karimasida bildirilgan, maʼnosi: «Dunyoda baxillik qilgan narsalari qiyomat kuni boʻyinlariga oʻraladi».

«Shafoatimga ishonmagan kishi unga erisha olmaydi» Hadisi sharif

Boshqa bir guruhning avrat joylaridan yiring va zardob oqadi. Ularning badboʻy hididan atrofdagilar juda bezovta boʻladi. Bular – zino qilganlar va harom ishlaganlardir. Yana bir guruh daraxt shoxlariga osilgan boʻladi. Bular – dunyoda livota qilganlardir.

Yana bir guruhning tillari ogʻizlaridan chiqib, koʻkslariga osilib tushgan, juda xunuk holatda boʻladilar. Odamlar ularga qarashni istamaydi. Bular – yolgʻon va tuhmat gapirganlardir.

Yana bir guruhning qorinlari baland togʻlar qadar shishib ketgan boʻladi. Bular – dunyoda zaruratsiz va muomala yoʻlini tutmasdan foizli mol va pul olib-berganlardir. Bunday harom ishlaganlarning gunohlari eng sharmandali holda oshkor qilinadi. Paygʻambarlarga va olimlarga qoʻrquv keladi. Avliyo va shahidlar Allohu taoloning toqat qilib boʻlmaydigan azobidan faryod qiladilar. Ular shu holatda turganlarida, quyosh nuridan ancha kuchliroq bir nur ularni oʻz ichiga oladi. Zotan quyoshning haroratiga toqat qila olmagan kishilar buni koʻrgach, batamom sarosimaga tushadilar. Ming yil shu holatda turadilar. Allohu taolo tomonidan ularga hech narsa aytilmaydi. Shunda odamlar birinchi paygʻambar – Odam alayhissalomning huzurlariga borib, yolvorishadi: «Yo Odam alayhissalom! Siz aziz va sharafli paygʻambarsiz. Allohu taolo sizni yaratdi, farishtalarga sizga sajda qildirdi va sizga Oʻz ruhidan pufladi. Hisob boshlanishi uchun bizga shafoat qiling, toki Allohu taolo nimani iroda qilsa, shu bilan hukm qilinaylik va U qayerga buyursa, hamma oʻsha yoqqa ketsin. Har narsaning hokimi va moliki boʻlgan Allohu taolo maxluqlariga xohlaganini qilsin».

Odam alayhissalom shunday deydilar: «Men Allohu taolo man qilgan daraxtning mevasidan yedim. Shuning uchun hozir Allohu taolodan uyalaman. Lekin sizlar Nuhga boringlar». Shundan soʻng ular ming yil oʻzaro maslahatlashib turishadi. Soʻngra Nuh alayhissalomning huzurlariga borib: «Hech chidab boʻlmaydigan holatdamiz. Ishimiz tezroq koʻrilishi uchun shafoat qiling. Mana shu mahshar jazosidan qutulaylik», – deb yolvorishadi. Nuh alayhissalom ularga shunday javob beradilar: «Men Allohu taologa duo qildim va oʻsha duo sababli yer yuzida qancha inson boʻlsa, hammasi gʻarq boʻldi. Shuning uchun Allohu taolodan uyalaman. Lekin sizlar Xalilulloh boʻlgan Ibrohim alayhissalomning huzurlariga boringlar. Allohu taolo Haj surasining oxirgi oyatida shunday marhamat qilgan, maʼnosi: „Otangiz Ibrohimning (alayhissalom) diniga ergashinglar. Paygʻambar sizlarga guvoh boʻlishi, sizlar esa odamlarga guvoh boʻlishingiz uchun Allohu taolo bundan oldingi kitoblarda ham, Qurʼoni karimda ham sizlarni musulmonlar deb atagan“. Balki u kishi sizlarga shafoat qiladilar».

Ular yana avvalgidek ming yil oʻzaro gaplashib turishadi. Soʻngra Ibrohim alayhissalomning huzurlariga kelib: «Ey musulmonlarning otasi! Siz Allohu taolo Oʻziga xalil qilgan zotsiz. Bizga shafoat qiling! Allohu taolo maxluqot orasida Oʻz hukmini chiqarsin», – deyishadi. Ibrohim alayhissalom ularga: «Men dunyoda uch marta kinoya soʻz aytdim. Ularni aytib, din yoʻlida kurashdim. Endi bu maqomda Allohu taolodan shafoatga izn soʻrashdan uyalaman. Sizlar Muso alayhissalomning huzurlariga boringlar, chunki Allohu taolo u kishi bilan soʻzlashdi va u kishiga maʼnaviy yaqinlik koʻrsatdi. U kishi sizlar uchun shafoat qiladilar», – deydilar. Shundan soʻng ular yana ming yil turib, bir-birlari bilan maslahatlashishadi. Lekin bu paytda ularning holi nihoyatda ogʻirlashadi. Mahshar joyi juda torayib ketadi. Soʻngra Muso alayhissalomning huzurlariga kelib: «Yo Imronning oʻgʻli! Siz Allohu taolo oʻzingiz bilan soʻzlashgan va sizga Tavrotni nozil qilgan paygʻambarsiz. Hisob boshlanishi uchun bizga shafoat qiling! Chunki bu yerda turishimiz juda uzoq choʻzildi. Tiqilinchdan oyoqlar bir-birining ustiga toʻplandi», – deyishadi. Muso alayhissalom ularga shunday deydilar: «Men Allohu taologa Firʼavn qavmining yillar davomida yoqtirmaydigan narsalar bilan jazolanishi uchun duo qildim. Soʻngra keyin keladiganlarga ibrat boʻlishlarini soʻradim. Endi shafoat qilishdan uyalaman. Lekin Janobi Haq rahmat va magʻfirat sohibidir. Sizlar Iso alayhissalomning huzurlariga boringlar, chunki yaqiyn jihatidan rasullarning eng sahihi, maʼrifat va zuhd jihatidan eng afzali va hikmat jihatidan eng yuksagi – u kishidir. U kishi sizlarga shafoat qiladilar». Mahshar mashaqqatidan qutulish uchun soʻngra Iso alayhissalomning huzurlariga kelib, shunday deyishadi: «Siz Allohu taoloning ruhi va kalimasisiz. Allohu taolo siz haqingizda Oli Imron surasining qirq beshinchi oyatida shunday marhamat qilgan, maʼnosi: „Dunyoda ham, oxiratda ham vajih, yaʼni nihoyatda qadrli (sharafli va obroʻli)“. Rabbingiz huzurida bizga shafoat qiling!»

Iso alayhissalom shunday deydilar: «Mening qavmim meni va onamni Allohdan boshqa ilohlar qilib oldi. Bu holda men qanday shafoat qilay? Ular menga ibodat ham qildilar; menga oʻgʻil, Allohu taologa ota dedilar. Lekin sizlar biringizning hamyoni boʻlib, uning ichida ozuqasi yoʻqligini va ogʻzi muhrlanmaganini koʻrdingizmi? Oʻsha muhrni buzmasdan u ozuqaga yetib boʻladimi? Paygʻambarlarning eng afzali va oxirgisi Muhammadga (sallallohu alayhi vasallam) boringlar. Chunki u zot daʼvat va shafoatlarini ummatlari uchun hozirlab qoʻyganlar. Qavmlari u zotga koʻp marta aziyat berdilar. Muborak peshonalarini yordilar. Muborak tishlarini sindirdilar. U zotga jinnilik tuhmatini qildilar. Holbuki u ulugʻ Paygʻambar faxr jihatidan ularning eng yaxshisi va sharaf jihatidan eng yuksagi edilar. Ularning chidab boʻlmaydigan aziyat va jafolariga qarshi u zot Yusuf alayhissalomning birodarlariga aytgan soʻzlari keltirilgan oyati karima bilan javob berardilar, uning maʼnosi: „Bugun men sizlardan qilgan ishlaringiz uchun hisob soʻramayman (xatolaringizni yuzingizga solmayman). Sizlarni Arhamur rohimin boʻlgan Janobi Alloh magʻfirat qiladi“».6 Iso alayhissalom Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) fazilatlarini aytib bergach, ularning hammasi imkon qadar tezroq u zotga yetishishni istaydi. Ular darhol Muhammad alayhissalomning minbarlari yoniga kelib: «Siz – Habibullohsiz! Habib esa vositalarning eng foydalisidir. Bizga shafoat qiling! Chunki biz paygʻambarlarning birinchisi – Odam alayhissalomning huzurlariga bordik. U kishi bizni Nuh alayhissalomga yubordilar. Biz Nuh alayhissalomning huzurlariga bordik. U kishi bizni Ibrohim alayhissalomga yubordilar. Ibrohim alayhissalomning huzurlariga bordik; u kishi bizni Muso alayhissalomga yubordilar. Muso alayhissalomning huzurlariga bordik; u kishi bizni Iso alayhissalomga yubordilar. Iso alayhissalomning huzurlariga bordik; u kishi bizni sizning huzuringizga yubordilar. Yo Rasulalloh (sallallohu alayhi vasallam)! Sizdan keyin boradigan joy yoʻq», – deyishadi.

«Dunyoda baxillik qilgan narsalari qiyomat kuni boʻyinlariga oʻraladi» Oli Imron: 180

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday deydilar: «Allohu taolo izn bersa va rozi boʻlsa, shafoat qilaman».

U zot Surodiqotul jalol deb ataladigan joyga, yaʼni jalol pardasiga boradilar. Allohu taolodan shafoat uchun izn soʻraydilar. U zotga izn beriladi. Pardalar koʻtariladi. Arshi aʼloga kiradilar. Sajdaga yiqiladilar. Ming yil sajdada turadilar. Shundan keyin Janobi Haqqa olam yaratilgandan beri hech kim aytmagan bir hamd bilan hamd aytadilar. Baʼzi oriflar: «Allohu taolo olamlarni yaratganda, Oʻzini shunday hamdlar bilan madh etgan», – deganlar. Allohu taolo shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Yo Muhammad, boshingizni sajdadan koʻtaring! Soʻzlang – tinglanadi. (Nima desangiz, tinglanadi. Nima soʻrasangiz, beriladi.) Shafoat qiling – qabul qilinadi». Shundan soʻng Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Rabbim! Bandalaring orasidan yaxshilarni yomonlardan ajrat, chunki ularning kutishi juda uzoqqa choʻzildi. Ularning har biri gunohlari tufayli Arasot maydonida rasvo va sharmanda boʻldi», – deydilar.

Janobi Haq jannatni keltirishni buyuradi. Jannat har xil ziynat bilan bezatilib, Arasot maydoniga keltiriladi. Uning xushboʻy hidi besh yuz yillik yoʻldan seziladi. Bundan qalblar yayraydi, ruhlar tiriladi. (Lekin kofirlar, murtadlar, musulmonlar ustidan kulganlar, yoshlarni aldab, iymonlarini oʻgʻirlaganlar va) amallari xabis, yomon boʻlganlar jannatning hidini sezmaydilar.

Farishtalar jahannamni zanjirlar bilan bogʻlab, mahshar maydoniga keltiradilar. Jahannam boʻkiradi va guvillaydi, oʻt sochadi va butun osmonni qop-qora qiladigan quyuq tutun chiqaradi. Uning boʻkirishi, gumburlashi va issigʻi chidab boʻlmas darajada boʻladi. Har kimning tizzalari boʻshashib, turgan joyiga choʻkib qoladi. Hatto paygʻambarlar va rasullar ham oʻzlarini tuta olmaydilar. Hazrati Ibrohim, hazrati Muso, hazrati Iso Arshi aʼloga yopishadilar. Ibrohim alayhissalom qurbon qilmoqchi boʻlgan Ismoil alayhissalomni unutadilar. Muso alayhissalom birodarlari Horun alayhissalomni, Iso alayhissalom onalari hazrati Maryamni unutadilar. Ularning har biri: «Yo Rabbim! Bugun oʻzimdan boshqa hech narsa soʻramayman», – deydilar.

Muhammad alayhissalom esa: «Yo Rabbim! Ummatimga salomatlik va najot ber!» – deydilar. U yerda bunga toqat qila oladigan hech kim yoʻq. Chunki Allohu taolo buni xabar berib, Josiya surasining yigirma sakkizinchi oyatida shunday marhamat qilgan, maʼnosi: «Har bir ummatni Janobi Haqning qoʻrquvidan tiz choʻkkan holda koʻrasiz. Ularning har biri dunyoda qilgan amallarining kitobiga chaqiriladi».

Allohu taolo Mulk surasining sakkizinchi oyatida shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Gʻazabi va shiddatining koʻpligidan olov ikkiga boʻlinib ketgudek boʻladi».

Shundan soʻng Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) oʻrtaga chiqib, jahannamni toʻxtatadilar. Shunday deydilar: «Haqir va xor holda orqaga qayt! Senga ahling guruh-guruh boʻlib kelguncha kut». Jahannam ham: «Yo Muhammad! Menga yoʻl bering! Chunki siz menga haromsiz», – deydi. Arshdan nido keladi: «Ey jahannam! Muhammad alayhissalomning soʻzlarini tingla va u zotga itoat et!» Soʻngra Rasululloh jahannamni tortib, Arshi aʼloning chap tomonidagi bir joyga joylashtiradilar. Mahshardagilar Paygʻambarimizning bu marhamatli muomalalarini va shafoatlarini bir-birlariga xushxabar sifatida yetkazishadi. Qoʻrquvlari biroz kamayadi. Anbiyo surasining bir yuz yettinchi oyati karimasining maʼnosi – «Biz sizni olamlarga rahmat qilib yubordik» – roʻyobga chiqadi.7

Xullas, Rasululloh besh joyda shafoat qiladilar.8

Birinchisi – Maqomi Mahmud deb ataladigan shafoatlari bilan barcha insonlarni mahsharda kutish azobidan qutqaradilar.9

Ikkinchisi – shafoatlari bilan juda koʻp kishilarni hisobsiz jannatga kiritadilar. Uchinchisi – gunohi koʻp boʻlgan moʻminlarni jahannamdan chiqaradilar. Toʻrtinchisi – savobi va gunohi teng boʻlib, «Aʼrof» deb ataladigan joyda kutayotganlarning jannatga kirishlari uchun shafoat qiladilar. Beshinchisi – jannatdagilarning darajalari koʻtarilishi uchun shafoat qiladilar.

Shafoatlari bilan hisobdan qutqargan yetmish ming kishining har birining shafoati bilan yana yetmish mingtadan kishi hisobsiz jannatga kiradi.

SHAFOAT, Yo RASULALLOH!
Juda muhtojman, sizga keldim,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Aybim nima – oʻzim bildim,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Gunohkorman, yuzim qaro,
Balki tushgayman oʻt aro,
Sizdan boʻlgay faqat chora,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Muhabbatingiz har narsadan avlo,
Ilmingiz hammadan aʼlo,
Sizni madh etguvchi – Mavlo,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Sizni qanday maqtasin inson?
Faqat sizdan boʻlgay ehson,
Madad aylang, bering omon!
Shafoat, yo Rasulalloh!
Sizsiz menga dunyo – zindon,
Ishim buzuq, holim yomon,
Faqat sizdan boʻlgay darmon,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Nur sochdingiz bu jahonga,
Salotu salom boʻlsin sizga,
Oʻlik-tirik musulmonga
Shafoat, yo Rasulalloh!
Albatta, koʻpdir isyonim,
Ham ojizman, bor nuqsonim,
Lekin toʻgʻridir iymonim,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Jahannam qaynab toshsa gar,
Ne kelur boshga – kim bilar,
Jihod qilgan birodarga
Shafoat, yo Rasulalloh!
Koʻzlarimdan koʻtarilsin parda,
Siz davosiz har bir dardga,
Moʻmin boʻlgan har bir fardga
Shafoat, yo Rasulalloh!
Shoningizga «Lavloka» deyildi,
Yana «Aʼtaynoka» deyildi,
Siz – shohi «Arsalnoka»,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Dinimizni yoyganlarga,
Sunnatingizga ergashganlarga,
Yoʻlingizga bosh qoʻyganlarga
Shafoat, yo Rasulalloh!
Ummatingizning haqiriga,
Shokiriga, zokiriga,
Boyiga va faqiriga
Shafoat, yo Rasulalloh!
Muhammed Hâdimî (rahmatullohi alayh)

«Har bir ummatni Janobi Haqning qoʻrquvidan tiz choʻkkan holda koʻrasiz. Ularning har biri dunyoda qilgan amallarining kitobiga chaqiriladi» Josiya: 28