Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING ISTIGʻFORLARI1

Paygʻambarimiz yaratilganlarning eng afzali boʻlganlari kabi, Allohu taoloni haqqi bilan tanigan va Undan eng koʻp qoʻrqadigan zot ham edilar. Janobi Haq u zotni gunoh qilishdan muhofaza qilgan boʻlsa ham, u zot tinmay ibodat qilardilar, Allohu taologa duo va istigʻfor qilardilar. Kechaning avvalida (xuftondan keyin) uxlardilar, oxirida esa ibodat qilardilar. Ibn Abbos shunday hikoya qiladi: «Bir kecha moʻminlarning onasi hazrati Maymunaning uyida mehmon boʻldim. Rasululloh yarim kechagacha yoki undan biroz oldin yo keyinroq vaqtgacha uxladilar. Soʻngra uygʻonib oʻtirdilar, qoʻllari bilan yuzlaridan uyqu izlarini ketkazdilar. Turib, osilib turgan suv obdastasini olib, tahorat oldilar. Oli Imron surasining oxiridan oʻnta oyati karima oʻqib, namozga turdilar. Men ham turib, Rasululloh olganlari kabi tahorat oldim va namozda u Sarvarning yonlarida turdim. Rasululloh ikki rakat namoz oʻqidilar. Soʻngra yana ikki rakat oʻqidilar. Uning ortidan yana ikki rakat oʻqidilar. Soʻngra vitr namoziga turdilar. Shundan keyin bomdod azoni aytilguncha yotdilar. Soʻngra turib, yana ikki rakat namoz oʻqidilar va masjidga chiqib, bomdod namozining farzini oʻqidilar».2 Hazrati Oisha onamiz shunday hikoya qiladi: «Rasululloh bir kecha uxlagan edilar. Uygʻonganlarida: „Ey Oisha, izn bersang, bu kecha Rabbimga ibodat bilan mashgʻul boʻlay“, – dedilar. Soʻngra turdilar. Qurʼoni karim oʻqib, yigʻladilar. Hatto koʻz yoshlaridan ikki tizzalari hoʻl boʻldi. Oʻqishda davom etdilar, oʻqigan sayin muborak koʻz yoshlari badanlarining tekkan har bir joyini hoʻl qildi. Bu hol tonggacha davom etdi.

Ertalab Bilol Habashiy kelib, bu holni koʻrgach: „Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Allohu taolo sizning oʻtgan va keladigan xatolaringizni kechirmadimi?“ – dedi. Rasululloh: „Ey Bilol! Nega men shukr qiluvchi banda boʻlmayin? Axir Allohu taolo bu kecha3 Oli Imron surasining 190-oyati karimasini nozil qildi, uning maʼnosi: «Osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning ketma-ket kelishida aql egalari uchun, albatta, koʻp oyatlar, ishoralar bor»“, – dedilar». «Muslim»da keltirilgan hadisi sharifda ham u zot: «Qalbimga shunday narsalar keladiki, ular tufayli har kuni va har kecha yetmish marta Allohu taologa istigʻfor qilaman» va «Qalbimda (ilohiy nurlarning kelishiga toʻsiq boʻladigan) parda hosil boʻladi. Shuning uchun har kuni 70 marta istigʻfor qilaman», shuningdek: «Allohu taologa har kuni yuz marta istigʻfor qilaman», – dedilar.4

Paygʻambarimizning Allohu taolodan qoʻrqishlari shu darajada kuchli ediki, qahqaha bilan kulganlari hech qachon koʻrilmagan. Imom Termiziyning Abu Zarrdan marfuʼ5 holda rivoyat qilgan hadisi sharifida shunday deyiladi: «Shubhasiz, sizlar koʻrmaganni men koʻraman, sizlar eshitmaganni men eshitaman. Osmonda farishtalar sajda qilmagan toʻrt barmoqlik boʻsh joy yoʻq. Vallohi, mening bilganimni bilsangizlar edi, oz kulib, koʻp yigʻlardingizlar. Yoʻllarga chiqib, ovozingiz boricha Allohu taologa yolvorardingizlar».6

Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh shunday dedilar: «Hech kimni amali jannatga olib bormaydi». «Sizni ham olib bormaydimi, yo Rasulalloh?» – deb soʻralganda: «Ha, meni ham amalim jannatga olib bormaydi. Lekin Allohu taoloning fazli va rahmati meni oʻrab oladi», – dedilar.

Ibn Umar shunday hikoya qiladi: «Rasululloh bilan birga bir majlisda boʻlganimizda, u zotning yuz marta: „Yo Rabbim! Meni kechir va tavbamni qabul qil. Sen tavbalarni qabul qiluvchi va Rahimsan“, – deganlarini sanardik».7

Anas ibn Molik naql qildi: «Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) doimo: „Allohumma yo muqallibal qulub, sabbit qalbiy alo dinak“, – derdilar».8 Termiziy Abu Saʼid Xudriydan rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Toʻshagiga yotayotganda uch marta: „Astagʻfirullohal azim, allaziy la ilaha illa huval hayyul qayyum va atubu ilayh“, – degan kishining gunohlari dengiz koʻpiklari yoki Tamim yurtining qumlari yoki daraxt barglarining soni yoki dunyo kunlari qadar koʻp boʻlsa ham, Allohu taolo uning gunohlarini kechiradi».

Buxoriy va Muslimning naql qilishlaricha, Rasululloh shunday istigʻfor qilardilar: «Allohummagʻfir liy xatiyʼatiy va jahliy va isrofiy fiy amriy va ma anta aʼlamu bihi minniy». (Allohim! Sen bilgan va mening (bilib yoki) bilmasdan haddimdan oshib qilgan, sodir etgan xatolarimni kechir!)

Abu Muso Ashʼariydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) shunday ham istigʻfor qilardilar:

«Allohummagʻfir liy hazliy va jiddiy va xataiy va amdiy va kullu zolika indiy. Allohummagʻfir liy ma qaddamtu va ma axxortu va ma asrortu va ma aʼlantu va ma anta aʼlamu bihi minniy, antal muqaddimu va antal muaxxiru va anta alo kulli shayʼin qodir».9 (Allohim! Hazilda ham, jiddiylikda ham, unutib ham, bilib ham qilishim mumkin boʻlgan barcha kamchiliklarimni magʻfirat qil. Allohim! Oldin va keyin qilganlarimni, yashirin va oshkora qilganlarimni – Sen bilgan har turli kamchiliklarimni kechir. Oldinga suruvchi ham – Sen, ortga suruvchi ham – Sen. Har narsaga qodir boʻlgan ham – Sen.)

Rasululloh kunduz roʻzador boʻlardilar,
Kechalari namozda qoim boʻlardilar.
Agar ummat boʻlsang ul Mujtaboga,
Sunnatga, makruhga doim diqqat et.

«Qalbimda (ilohiy nurlarning kelishiga toʻsiq boʻladigan) parda hosil boʻladi. Shuning uchun har kuni 70 marta istigʻfor qilaman» Hadisi sharif