Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING FAZILATLARI

Muhammad alayhissalomning fazilatlarini bildirgan yuzlab kitoblar bor. Fazilat – «afzallik» deganidir. U zotning afzalliklaridan baʼzilari quyida bildirilgan: 1. Maxluqotlar ichida eng avval Muhammad alayhissalomning nuri va ruhlari yaratilgan. 2. Allohu taolo u zotning ismlarini Arshga, jannatlarga va yetti qavat osmonlarga yozgan. 3. Hindistonda oʻsadigan bir gulning barglarida «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» deb yozilgan. 4. Basra shahriga yaqin bir daryoda tutilgan baliqning oʻng tomonida «Alloh», chap tomonida «Muhammad» deb yozilgani koʻrilgan. Bunga oʻxshash voqealar koʻp. 1975 yilda Londonda bosilgan A History of Fishes kitobining ikki yuzinchi sahifasida dumida Qurʼoni karim harflari bilan «Shonulloh» deb yozilgan baliqning rasmi bor. Berilgan maʼlumotda dumning ikkinchi tomonida ham «La ilaha illalloh» deb yozilgani bildirilgan. Buning misollari juda koʻp. 5. Muhammad alayhissalomning ismlarini aytishdan boshqa vazifasi boʻlmagan farishtalar bor. 6. Farishtalarga hazrati Odamga sajda qilish buyurilishi u kishining peshonalarida Muhammad alayhissalomning nuri boʻlgani uchun edi. 7. Allohu taolo barcha paygʻambarlarga Muhammad alayhissalomning kelishlarini bildirdi, shuningdek, ummatlariga, agar u zotning zamonlariga yetsalar, u zotga iymon keltirishlarini buyurishni bildirdi. 8. Dunyoga kelishlari oldidan juda katta alomatlar koʻrilgan. Ular tarix va mavlid kitoblarida yozilgan. 9. Dunyoga kelganlarida, kindiklari kesilgan va sunnat qilingan holda koʻrilganlar. 10. Dunyoga kelganlaridan keyin shaytonlar osmonga chiqa olmaydigan, farishtalardan xabar oʻgʻirlay olmaydigan boʻlib qoldi. 11. Dunyoga kelganlarida, yer yuzidagi barcha butlar, sigʻiniladigan haykallar yuztuban yiqildi. 12. Beshiklarini farishtalar tebratardi. 13. Beshikda ekanlarida osmondagi oy bilan gaplashardilar. Muborak barmoqlari bilan ishora qilgan tomonga oy ogʻardi. 14. Beshikda ekanlarida gapira boshladilar. 15. Bolaliklarida ochiq joylarda yurganlarida, boshlari uzra bir bulut ham birga harakat qilib, soya solardi. Bu hol paygʻambarliklari boshlanguncha davom etdi. 16. Har bir paygʻambarning oʻng qoʻli ustida paygʻambarlik muhri bor edi. Muhammad alayhissalomning muhrlari esa muborak orqalarining oʻrtasida, chap kurakka yaqin, qalblari roʻparasida edi. Jabroil alayhissalom u zotning qalblarini yuvib, koʻkslarini yopganda, jannatdan keltirgan muhr bilan orqalariga muhr bosgan edi.

17. Oldilarini qanday koʻrsalar, orqalarini ham shunday koʻrardilar.

18. Yorugʻda qanday koʻrsalar, qorongʻida ham shunday koʻrardilar. 19. Tupuklari achchiq suvlarni chuchuk qildi, bemorlarga shifo berdi, chaqaloqlarga sutdek ozuqa boʻldi. 20. Koʻzlari uxlaganda, qalblari uygʻoq boʻlardi. (Barcha paygʻambarlar ham shunday edilar.) 21. Umrlarida biror marta ham esnamadilar. 22. Muborak terlari guldek xushboʻy edi. Bir faqir kishi qizini uzatayotganda, u zotdan yordam soʻragan edi. Oʻsha paytda beradigan narsalari yoʻq edi. Kichik bir shishaga terlaridan solib berdilar. Haligi qiz uni yuziga, boshiga surtganda, uyi mushkdek xushboʻy hidga toʻlardi. Uning uyi «xushboʻy uy» nomi bilan mashhur boʻldi. 23. Oʻrta boʻyli boʻlsalar ham, uzun boʻyli kishilar yonida ulardan baland koʻrinardilar. 24. Quyosh va oy yorugʻida yurganlarida, soyalari yerga tushmasdi. 25. Badanlariga va kiyimlariga pashsha, chivin va boshqa hasharotlar qoʻnmasdi. 26. Ichki kiyimlari qancha kiysalar ham, hech kirlamasdi. 27. Har gal yurganlarida, orqalaridan farishtalar kelardi. Shuning uchun sahobalarini oldinga oʻtkazib yurardilar va: «Orqamni farishtalarga qoldiringlar», – derdilar.1 28. Tosh ustiga bossalar, toshda oyoqlarining izi qolardi. Qum ustida yurganlarida esa hech iz qoldirmasdilar. Hojat chiqarganlarida, yer yorilib, peshob va shunga oʻxshash narsalar tuproq ichida qolardi. (Barcha paygʻambarlar ham shunday edilar.) 29. Insonlar va farishtalar ichida eng koʻp ilm u zotga berildi. Ummiy boʻlsalar ham, yaʼni hech kimdan biror narsa oʻrganmagan boʻlsalar ham, Allohu taolo u zotga hamma narsani bildirdi. Odam alayhissalomga hamma narsaning ismi bildirilgani kabi, u zotga hamma narsaning ismi va ilmi bildirildi. 30. Ummatlarining ismlari, jismlari va ular orasida boʻladigan narsalarning hammasi u zotga bildirildi. 31. Aqllari barcha insonlarning aqlidan koʻproqdir. 32. Insonlarda boʻlishi mumkin boʻlgan barcha yaxshi xulqlarning hammasi u zotga ehson qilindi. Ulugʻ shoir Umar ibn Forizga: «Rasulullohni nega madh etmadingiz?» – deyishganda, u: «U zotni madh etishga kuchim yetmasligini angladim. U zotni madh etadigan soʻz topa olmadim», – degan.

«Ummatimdan birortasining jahannamda qolishiga rozi boʻlmayman» Hadisi sharif

33. Kalimai shahodatda, azonda, iqomatda, namozdagi tashahhudda, koʻp duolarda, baʼzi ibodatlarda va xutbalarda, nasihat qilishda, mashaqqatli paytlarda, qabrda, mahsharda, jannatda va har bir maxluqning tilida Allohu taolo u zotning ismlarini Oʻz ismi yoniga qoʻygan. 34. Afzalliklarining eng ulugʻi – Habibulloh ekanliklaridir. Allohu taolo u zotni Oʻziga suyukli, doʻst qilgan. U zotni hammadan, har bir farishtadan ham koʻproq sevgan. «Ibrohimni Xalil qilgan esam, sizni Oʻzimga Habib qildim», – degan.

35. Ushbu oyati karimada, maʼnosi: «Siz rozi boʻlguningizcha („Yetar“ deguningizcha) Men sizga har tilagan narsangizni beraman»,2 Allohu taolo Oʻz Paygʻambariga barcha ilmlarni, barcha afzalliklarni, Islom ahkomlarini, dushmanlariga qarshi yordam va gʻalabani, ummatlariga fathlar va zafarlarni, qiyomatda esa turli shafoatlar va tajalliylarni ehson qilishini vaʼda qiladi. Bu oyati karima nozil boʻlganda, u zot Jabroil alayhissalomga qarab: «Ummatimdan birortasining jahannamda qolishiga rozi boʻlmayman», – dedilar. 36. Allohu taolo Qurʼoni karimda har bir paygʻambarga oʻz ismi bilan, Muhammad alayhissalomga esa «Ey Rasulim! Ey Paygʻambarim!» deb xitob qilgan. 37. Arab tilining har bir lahjasida nihoyatda ochiq, oson tushuniladigan tarzda gapirardilar. Turli joylardan kelib soʻraganlarga oʻz lahjalarida javob berardilar. Eshitganlar hayron qolardi. U zot: «Allohu taolo meni juda goʻzal tarbiya qildi», – derdilar.3

38. Oz soʻz bilan koʻp narsani anglatardilar. Yuz mingdan ortiq hadisi shariflari u zotning «Javomiʼul kalim» ekanliklarini koʻrsatadi.

Baʼzi olimlar shunday deganlar: «Muhammad alayhissalom Islom dinining toʻrt asosini toʻrt hadis bilan bildirganlar:

- „Amallar niyatga qarab baholanadi“.4

- „Halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir“.5

- „Daʼvogarning guvoh keltirishi va daʼvo qilinuvchining qasam ichishi lozim“.6 va

- „Bir kishi oʻzi uchun istagan narsani din birodari uchun ham istamaguncha, iymoni komil boʻlmaydi“.7 Bu toʻrt hadisning birinchisi – ibodat, ikkinchisi – muomalot, uchinchisi – xusumot, yaʼni adolat ishlari va siyosat, toʻrtinchisi esa odob va axloq ilmlarining asosidir».8

39. Muhammad alayhissalom masun va maʼsum (gunohsiz) edilar. Bilib ham, bilmasdan ham, katta ham, kichik ham – qirq yoshdan oldin ham, keyin ham – birorta gunoh qilmaganlar. Birorta xunuk harakatlari koʻrilmagan. 40. Musulmonlarga namozda oʻtirganda «Assalomu alayka ayyuhannabiyyu va rahmatullohi» deb oʻqib, Muhammad alayhissalomga salom berish buyurildi. Namozda boshqa biror paygʻambarga yoki farishtalarga salom berish joiz boʻlmadi. 41. Hadisi qudsiyda: «Siz boʻlmaganingizda, Men hech narsani yaratmas edim!» – deyildi.9

42. Boshqa paygʻambarlar kofirlarning tuhmatlariga oʻzlari javob berganlar. Muhammad alayhissalomga qilingan tuhmatlarga esa Allohu taolo Oʻzi javob berib, u zotni himoya qilgan. 43. Muhammad alayhissalom ummatlarining soni boshqa paygʻambarlar ummatlarining jami sonidan koʻproqdir. Bu ummat ulardan afzalroq va sharafliroqdir. Jannatga kiradiganlarning uchdan ikki qismi shu ummatdan boʻlishi hadisi shariflarda bildirilgan. 44. Rasulullohga beriladigan savoblar boshqa paygʻambarlarga beriladigan savoblardan bir necha barobar ortiqdir.

Maqbul bir ibodat yoki xayrli bir ish qilgan kishiga berilgan savob miqdorida uning ustoziga ham beriladi. Ustozining ustoziga toʻrt barobar, uning ustoziga sakkiz barobar, uning ham ustoziga oʻn olti barobar qilib, Rasulullohgacha har bir ustozga shogirdinikidan ikki barobar savob beriladi. Masalan, yigirmanchi ustoziga 524 288 savob beriladi. Muhammad alayhissalomga ummatlarining har bir kishisining har bir ishi uchun savob beriladi.

Muhammad alayhissalomga har bir ish uchun beriladigan savoblarning soni shu hisob boʻyicha oʻylab koʻrilsa, ularning barchasining miqdorini Allohu taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Salafi solihinning keyin kelganlardan afzalroq, ulugʻroq ekanlari bildirilgan. Savoblar soni jihatidan bu afzallik ochiq-oydindir. 45. U zotni ismlari bilan chaqirish, huzurlarida baland ovoz bilan gapirish, uzoqdan u zotga qichqirib murojaat qilish, yoʻlda oldilaridan oʻtish harom qilingan. Boshqa paygʻambarlarning ummatlari oʻz paygʻambarlarini ismlari bilan chaqirardilar. 46. Jabroil alayhissalomni farishta shaklida ikki marta koʻrganlar. Boshqa birorta paygʻambar uni asl shaklida koʻrmagan. 47. U zotning huzurlariga Jabroil alayhissalom yigirma toʻrt ming marta kelgan. Boshqa paygʻambarlardan eng koʻp Muso alayhissalomga kelgan – toʻrt yuz marta.

«Ahli baytimga dushmanlik qilgan kishi munofiqdir» Hadisi sharif

48. Isrofil alayhissalom ham Muhammad alayhissalomning huzurlariga koʻp marta kelgan. Boshqa paygʻambarlarga (alayhimussalavotu vattaslimot) faqat Jabroil alayhissalom kelgan. 49. Allohu taologa Muhammad alayhissalomning haqqi uchun qasam berib soʻrash joizdir, boshqa paygʻambarlar va farishtalarning haqqi uchun esa joiz emas. 50. Muhammad alayhissalomdan keyin u zotning zavjalarini boshqalarning nikohlab olishi harom qilingan va shu jihatdan ularning moʻminlarning onalari ekanliklari bildirilgan.

Boshqa paygʻambarlarning (alayhimussalavotu vattaslimot) zavjalari ularga yo zararli, yo foydasiz boʻlganlar. Muhammad alayhissalomning muborak zavjalari (roziyallohu taolo anhunna) esa dunyo va oxirat ishlarida u zotga yordamchi boʻlganlar, faqirlikka sabr qilganlar, shukr qilganlar va Islomni yoyishda juda koʻp xizmat qilganlar. 51. Nasab va sabab jihatidan, yaʼni qon va nikoh jihatidan boʻlgan qarindoshlikning qiyomatda foydasi yoʻq. Rasulullohning qarindoshlari bundan mustasno. 52. Rasulullohning ismlarini olish dunyoda ham, oxiratda ham foydalidir. U zotning ismlarini koʻtarib yurgan haqiqiy moʻminlar jahannamga kirmaydilar. 53. U zotning har bir soʻzlari, har bir ishlari toʻgʻridir. Har bir ijtihodlari Allohu taolo tomonidan tasdiqlanadi. 54. U zotni sevish har kimga farzdir. U zot: «Allohu taoloni sevgan kishi meni ham sevadi», – deganlar. U zotni sevishning belgisi – u zotning dinlariga, yoʻllariga, sunnatlariga va axloqlariga ergashishdir. Qurʼoni karimda u zotga: «Menga ergashsangizlar, Allohu taolo sizlarni sevadi», – deb aytish buyurilgan.

55. U zotning ahli baytlarini sevish vojibdir. U zot: «Ahli baytimga dushmanlik qilgan kishi munofiqdir», – deganlar. Ahli bayt – u zotning zakot olishlari harom boʻlgan qarindoshlaridir. Ular – u zotning zavjalari va bobolari Hoshim naslidan boʻlgan moʻminlar, yaʼni Ali, Uqayl, Jaʼfari Tayyor va Abbosning naslidan boʻlganlardir.

56. U zotning barcha sahobalarini sevish vojibdir. U zot: «Mendan keyin sahobalarimga dushmanlik qilmanglar! Ularni sevish – meni sevishdir. Ularga dushman boʻlish – menga dushman boʻlishdir. Ularni ranjitgan kishi meni ranjitgan boʻladi. Meni ranjitgan esa Allohu taoloni ranjitadi. Allohu taolo Oʻzini ranjitganga azob beradi», – dedilar.

57. Allohu taolo Muhammad alayhissalom uchun osmonda ikki va yerda ikki yordamchi yaratgan. Ular – Jabroil, Mikoil, Abu Bakr va Umar (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn).10 58. Erkak boʻlsin, ayol boʻlsin, ulgʻayib vafot etgan har bir kishidan qabrida Muhammad alayhissalom haqida soʻraladi. «Rabbing kim?» deyilgani kabi: «Paygʻambaring kim?» – deb ham soʻraladi. 59. Muhammad alayhissalomning hadisi shariflarini oʻqish – ibodatdir. Oʻqigan kishiga savob beriladi.

Hadisi sharif oʻqish uchun tahorat olish, toza kiyim kiyish, xushboʻy narsa surtish, hadisi sharif kitobini baland joyga qoʻyish, oʻqiyotgan kishining tashqaridan kelganlar uchun oʻrnidan turmasligi va tinglovchilarning oʻzaro gaplashmasligi mustahabdir. Hadisi shariflarni doim oʻqiydiganlarning yuzlari nurli, yorugʻ va goʻzal boʻladi. Qurʼoni karim oʻqiyotganda ham bu odoblarga rioya qilish lozim. 60. Muborak ruhlarini olish uchun Azroil alayhissalom inson shaklida keldi. Ichkariga kirish uchun izn soʻradi. 61. Qabrlarida biz bilmaydigan bir hayot bilan tirikdirlar. Qabrda Qurʼoni karim oʻqiydilar, namoz oʻqiydilar. (Barcha paygʻambarlar ham shundaydirlar.) 62. Dunyoning har bir joyida Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) salavot oʻqigan musulmonlarni eshitgan farishtalar u zotning qabrlariga kelib, xabar beradilar. Qabrlarini har kuni minglab farishtalar ziyorat qiladi. 63. Qabrlari ichidagi tuproq har bir joydan ham, Kaʼbadan ham, jannatlardan ham afzaldir. 64. Ummatlarining amallari va ibodatlari har kuni ertalab va kechqurun u zotga koʻrsatiladi. Ularni qilganlarni ham koʻradilar, gunoh qilganlarning kechirilishi uchun duo qiladilar. 65. Qabrlarini ziyorat qilish ayollarga ham mustahabdir. Boshqa qabrlarni esa ular faqat odam kam boʻlgan paytlarda va musulmon ayolga yarashadigan kiyimda ziyorat qilishlari joizdir. 66. Tirikliklarida boʻlganidek, vafotlaridan keyin ham dunyoning har bir joyida, har doim u zotga tavassul qilganlarning, yaʼni u zotning hurmatlari va haqlari uchun soʻraganlarning duosini Allohu taolo qabul qiladi.

Qishloqlik bir kishi u zotning qabrlari yoniga kelib: «Yo Rabbim! Sen qul ozod qilishni buyurding. Bu – Sening Paygʻambaring, men esa – Sening qullaringdan biriman. Paygʻambaringning hurmati uchun meni jahannam olovidan ozod qil!» – dedi. Shunda: «Ey qulim! Nega faqat oʻzingning ozod boʻlishingni soʻrading? Barcha qullarimning ozod boʻlishini nega soʻramading? Qani, bor! Seni jahannamdan ozod qildim», – degan ovoz eshitildi.

Avliyoning mashhurlaridan Hotim Asam Rasulullohning qabrlari yonida turib: «Yo Rabbim! Paygʻambaringning qabrini ziyorat qildim. Meni quruq qoʻl bilan qaytarma!» – dedi. Shunda: «Ey qulim! Habibimning qabrini ziyorat qilishingni qabul qildim. Seni va sen bilan birga ziyorat qilganlarni magʻfirat qildim», – degan ovoz eshitildi.

Imom Ahmad Qastaloniy (rahmatullohi alayh) shunday deydi: «Bir necha yil bir kasallikdan azob chekdim. Tabiblar unga chora topa olmadilar. Makkada bir kecha Rasulullohga koʻp yolvordim. Oʻsha kechasi tushimda bir kishini koʻrdim. Uning qoʻlidagi qogʻozda: „Bu yerda Rasulullohning izni bilan Ahmad Qastaloniyning kasalligi uchun dori yozilgan“, – degan yozuvni oʻqidim. Uygʻonganimda, kasalligimdan asar ham qolmagan edi». Qastaloniy yana shunday deydi: «Bir bechora qizcha tutqanoq kasaliga chalingan edi. Tuzalishi uchun Rasulullohga koʻp yolvordim. Tushimda bir kishi qizchani kasal qilgan jinni yonimga olib keldi-da: „Buni senga Rasululloh yubordilar“, – dedi. Men jinga achchiqlandim, unga baqirdim. U qizchani ranjitmaslikka menga qasam ichdi va men uygʻondim. Koʻp oʻtmay qizchaning tutqanoq kasalidan qutulganini eshitdim».

67. Qiyomat kuni qabrdan eng avval Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) turadilar. Ustlarida jannat libosi boʻladi. Buroq ustida mahshar joyiga boradilar, qoʻllarida «Livoul hamd» deb ataladigan bayroq boʻladi. Paygʻambarlar va barcha insonlar shu bayroq ostida turadilar. Ming yil kutishdan hammalari juda qiynaladilar. Odamlar navbat bilan Odam, Nuh, Ibrohim, Muso va Iso paygʻambarlarga (alayhimussalom) borib, hisob boshlanishi uchun shafoat qilishlarini soʻraydilar. Ularning har biri uzrini aytib, Allohu taolodan uyalishlarini va qoʻrqishlarini bildiradilar va shafoat qilishdan tortinadilar. Soʻngra Rasulullohga borib yolvorganlarida, u zot sajdaga borib, duo qiladilar va shafoatlari qabul boʻladi. Avval u zotning ummatlarining hisobi koʻriladi, Sirotdan eng avval ular oʻtadilar, jannatga eng avval ular kiradilar. Borgan har bir joylarini nurlantiradilar.

Hazrati Fotima (roziyallohu anho) Sirotdan oʻtayotganda: «Hamma koʻzlarini yumsin! Muhammad alayhissalomning qizlari kelmoqda», – deyiladi.

68. Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) jannatdagi maqomlarining nomi – Vasila. Bu – jannatning eng yuksak darajasi. Jannatdagi har bir kishiga bir shoxi uzatilgan Sidratul muntaho daraxtining ildizi oʻsha yerdadir. Jannatdagilarga neʼmatlar shu shoxlardan keladi.

69. Odam alayhissalom zamonida namoz uchun aytilgan azonda Muhammad alayhissalomning ismlari ham aytilardi.

70. Tavrotda, Injilda va Zaburda Muhammad alayhissalom, u zotning toʻrt xalifalari, sahobalari va ummatlaridan baʼzilari goʻzal sifatlar bilan bildirilgan va madh etilgan. Allohu taolo Oʻzining Mahmud ismidan «Muhammad» kalimasini chiqarib, Habibiga ism qilib qoʻygan. Allohu taolo Oʻz ismlaridan Rauf va Rahim ismlarini Habibiga ham bergan. 71. Uch yoshlarida, qirq yoshlarida paygʻambarliklari bildirilganda va ellik ikki yoshlarida Meʼrojga olib chiqilayotganlarida farishtalar u zotning koʻkslarini yordilar. Jannatdan keltirgan togʻora ichida jannat suvi bilan qalblarini yuvdilar. 72. Savr (hoʻkiz, buqa) burji yonidagi «Surayyo» deb ataladigan yulduzlar turkumidagi yetti yulduzni koʻzlari bilan koʻrib, sonini bildirgan edilar. Bu yulduzlar turkumiga Parvin va Hulkar ham deyiladi. 73. Hijoma qonidan ichganlar boʻldi. Biri uni ichganda, u zot: «Jahannam olovi uni kuydirmaydi», – dedilar. 74. Buyuk moʻjizalaridan biri – Meʼrojga olib chiqilishlaridir. Buroq deb ataladigan jannat hayvoni bilan Makkadan Quddusga olib borildilar. U yerdan osmonlarga va Arshga olib chiqildilar. U zotga ajoyib narsalar koʻrsatildi. Allohu taoloni bosh koʻzi bilan, lekin anglab boʻlmaydigan tarzda koʻrdilar. (Lekin bu koʻrish modda olamidan tashqarida, yaʼni oxirat olamida boʻldi.) Bir lahzada yana uylariga qaytarildilar. Meʼroj moʻjizasi boshqa birorta paygʻambarga berilmagan.

75. Umrlarida bir marta u zotga salavot va salom aytish ummatlariga farz boʻldi. Allohu taolo ham, farishtalar ham u zotga salavot va salom yoʻllaydi.

«Qul boʻlgan holda paygʻambarlik istayman» Hadisi sharif

76. Kechasi ham, uygʻoqliklarida ham, uyquda ham, yolgʻiz paytlarida ham, koʻpchilik orasida ham, safarda ham, uyda ham, jangda ham, kulayotganlarida ham, yigʻlayotganlarida ham muborak qalblari hamisha Allohu taolo bilan edi. Baʼzi paytlarda esa faqat Allohu taolo bilan edi.

Dunyodagi vazifalarini ado eta olishlari va muborak qalblarini bashariyat olamiga qaratishlari uchun zavjalari Oisha (roziyallohu anho) huzuriga kelib: «Ey Oisha! Men bilan biroz gaplash (oʻzimga kelay)», – derdilar, soʻngra sahobalariga nasihat qilish va ularni irshod etish uchun borardilar. Bomdod namozining sunnatini uylarida oʻqib, Oisha (roziyallohu anho) bilan biroz gaplashgandan keyin, sahobalariga farzni oʻqitish uchun masjidga borardilar. Bu hol Paygʻambarga xos xususiyatlardandir. Oisha (roziyallohu anho) bilan gaplashmasdan tashqariga chiqsalar edi, ilohiy tajalliylar va nurlar tufayli yuzlariga hech kim qaray olmas edi. 77. Martabani, saltanatni istamaganlar, paygʻambarlikni va faqirlikni istaganlar. Bir kuni ertalab Jabroil alayhissalom bilan gaplashayotganlarida, bu kecha uylarida yeyishga bir luqma ham yoʻqligini aytdilar. Shu onda Isrofil alayhissalom kelib: «Allohu taolo aytganingizni eshitdi va meni yubordi. Xohlasangiz, qoʻlingiz tekkan har bir tosh oltin, kumush yoki zumrad boʻlsin. Xohlasangiz, podshoh boʻlib paygʻambarlik qiling», – dedi. Rasululloh uch marta: «Qul boʻlgan holda paygʻambarlik istayman», – dedilar.

78. Boshqa paygʻambarlar (alayhimussalavotu vattaslimot) muayyan bir zamonda, muayyan bir yurtda paygʻambarlik qilganlar. Muhammad alayhissalom esa yer yuzidagi barcha insonlarga va jinlarga qiyomatgacha paygʻambar qilib yuborilganlar. U zotning farishtalarning ham, hayvonlarning ham, oʻsimliklarning ham, jonsiz narsalarning ham, qisqasi, barcha maxluqotning Paygʻambari ekanliklarini bildirgan olimlar ham bor.

79. Rahmatlari, foydalari barcha mavjudotga yoyilgan. Moʻminlarga foydalari ochiq-oydin. Boshqa paygʻambarlar (alayhimussalavotu vattaslimot) zamonidagi kofirlarga dunyodayoq azoblar berilar, ular yoʻq qilinar edi. U zotga iymon keltirmaganlarga esa dunyoda azob berilmadi. Bir kuni u zot Jabroil alayhissalomga: «Allohu taolo mening olamlarga rahmat ekanimni bildirdi. Mening rahmatimdan senga ham nasiba tegdimi?» – dedilar. Jabroil: «Allohning ulugʻligi, dahshati qarshisida oqibatim qanday boʻlishidan doim qoʻrquvda edim. Amin ekanimni bildirgan oyatlarni (Takvir surasining 20 va 21-oyatlarini) keltirganimda, bu maqtov bilan dahshatli qoʻrquvdan qutuldim, xotirjam boʻldim. Bundan katta rahmat boʻladimi?» – dedi. 80. Allohu taolo Muhammad alayhissalomning rozi boʻlishlarini istagan. (35-fazilatda bildirganimizdek, Allohu taolo u zot rozi boʻlgunlaricha istagan narsalarini beradi. Bu haqda Zuho surasida bildirilgan.)

81. «Mavohibi laduniya» kitobida «Ummatimning zalolat ustida birlashmasliklarini Rabbimdan soʻradim. Qabul qildi» degan hadisi sharifning mashhur ekani aytiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda shunday dedilar: «Allohu taolo sizlarni uch narsadan saqladi. Birinchisi – sizlarni zalolat ustida birlashishdan saqladi. Ikkinchisi – yuqumli kasallikdan vafot etgan kishi shahidlik savobiga erishadi. Uchinchisi – ikki solih musulmon bir musulmon haqida: „U yaxshi kishi“, – deb guvohlik bersa, oʻsha musulmon jannatga kiradi».

Bir hadisi sharifda: «Sahobalarimning ixtilofi sizlar uchun rahmatdir» va «Ummatimning ixtilofi (amalda mazhablarga boʻlinishi) rahmatdir», – dedilar. U zotning ummatlari haqni, toʻgʻrini topish uchun harakat qilayotganda, ixtilofga tushadilar. Bu harakatlari esa rahmatga sabab boʻladi. Bu hadisi sharifni ikki toifa kishi inkor qilgan: biri – mojin, ikkinchisi – mulhid. Mojin – dinni dunyo kasbiga vosita qiladigan hiylagardir. Mulhid esa oyati karimalarga dunyo manfaatlariga qarab maʼno berib, kofir boʻlgan adashgandir. Yahyo ibn Saʼid shunday deydi: Islom olimlari yengillashtiruvchilardir. Bir ishga biri «halol», boshqasi «harom» degan. Solih kishilar uchun halol deganlariga fasod zamonida harom deganlar. Yuqoridagi hadisi shariflar koʻrsatadiki, ijmoi ummat, yaʼni mujtahid deb ataladigan olimlarning yakdil fikri, adillai sharʼiyyadandir. Yaʼni u din ilmlarining toʻrt manbaidan biridir va toʻrt mazhab haqdir. Mazhablar – musulmonlarga Allohu taoloning rahmatidir. 82. Rasulullohning muborak qizlari va zavjalari (roziyallohu taolo anhunna) – dunyo ayollarining eng afzallaridir. U zotning barcha sahobalari ham paygʻambarlardan keyin barcha insonlarning eng afzallaridir. U zotning shaharlari boʻlgan Makkai mukarrama va soʻngra Madinai munavvara – yer yuzining eng qimmatli joylaridir. Masjidi shariflarida oʻqilgan bir rakat namozga ming rakat savobi yoziladi. Boshqa ibodatlar uchun ham shunday.

U zotning qabrlari bilan minbarlari orasi – jannat bogʻidir. U zot shunday dedilar:

«Vafotimdan keyin meni ziyorat qilgan kishi meni tirikligimda ziyorat qilgan kabidir. Haramayndan birida vafot etgan moʻmin qiyomat kuni omonlikda tiriltiriladi». Makka va Madina shaharlariga Haramayn deyiladi. 83. Har kimning nasli oʻgʻli orqali davom etadi. Muhammad alayhissalomning nasllari esa qizlari Fotimadan davom etadi. Bu hadisi sharifda ham bildirilgan. 84. Har bir insonning jinlardan bir hamrohi bor. Bu shayton kofirdir. U vasvasa berib, insonning iymonini olishga, unga gunoh qildirishga urinadi. Rasul alayhissalom oʻzlarining hamrohi boʻlgan jinni iymonga keltirganlar.

85. Rasululloh (sallallohu taolo alayhi vasallam) vafot etadigan paytlarida Jabroil alayhissalom kelib, u zotga Allohu taolodan salom keltirdi va Allohu taolo u zotning hollarini soʻraganini aytdi. Vafot etishlarini bildirdi, u zotning oʻzlari va ummatlari uchun koʻp xushxabarlar berdi.

Oyogʻingiz tuprogʻiga jahonni olmasman, yo Rasulalloh!
Bir soch tolangizga yetti osmonni alishmasman, yo Rasulalloh!
Siddiqning talabi – birgina sahvingizdir, yo Rasulalloh!
Irfonning murodi – poyingizga tuproqdir, yo Rasulalloh!