PAYGʻAMBARIMIZNING YUKSAK AXLOQLARI1
Allohu taolo sevimli Paygʻambariga (sallallohu alayhi vasallam) bergan yaxshiliklari va ehsonlarini sanab, u zotning muborak koʻngillarini erkalab: «Siz goʻzal xulqli qilib yaratildingiz», – deydi.2
Oyati karimada shunday deyildi, maʼnosi: «Shubhasiz, siz xulqi azim ustidasiz (siz ulugʻ axloq sohibisiz)». Xulqi azim – Allohu taolo bilan oʻrtasida sir, yashirin narsalar boʻlish, odamlar orasida esa goʻzal xulqli boʻlish deganidir. Hazrati Ikrima shunday deydi: «Abdulloh ibn Abbosdan eshitdim: bu oyati karimadagi „xulqi azim“, yaʼni goʻzal xulqlar – Qurʼoni karim bayon qilgan axloqdir».
Koʻp kishilarning Islom diniga kirishiga Rasulullohning goʻzal axloqlari sabab boʻldi.
Soʻzlari nihoyatda shirin boʻlib, koʻngillarni olar, ruhlarni jazb etardi. Aqllari shu qadar koʻp ediki, Arab yarim orolidagi qoʻpol, oʻjar odamlar orasiga kelib, ularni juda goʻzal idora qildilar, jafolariga sabr qildilar va ularni yumshoqlikka va itoatga keltirdilar. Ularning koʻpchiligi dinini tashlab musulmon boʻldi, hatto Islom dini yoʻlida otalariga va oʻgʻillariga qarshi jang qildi.
U zotning yoʻlida mollarini, yurtlarini fido qilib, qonlarini toʻkishdi. Holbuki ular bunday narsalarga odatlanmagan edi. U zotning goʻzal xulqlari, yumshoqliklari, afvlari, sabrlari, ehson va ikromlari shu qadar koʻp ediki, hammani hayratda qoldirardi. Koʻrganlar va eshitganlar sevib-sevib musulmon boʻlardi. Birorta harakatlarida, birorta ishlarida, birorta soʻzlarida hech qachon hech bir xunuklik, hech bir nuqson koʻrilmagan. Oʻzlari uchun hech kimdan ranjimagan boʻlsalar ham, din dushmanlariga, dinga til va qoʻl uzatganlarga nisbatan qattiq va shiddatli edilar.
Muhammad alayhissalomning minglab moʻjizalari koʻrindi, buni doʻstu dushman – hamma aytdi. Bu moʻjizalarning eng qimmatlisi u zotning odobli va goʻzal xulqli boʻlishlari edi. Hazrati Abu Saʼid Xudriy shunday dedi: «Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) hayvonga yem berardilar. Tuyani bogʻlardilar. Uylarini supurardilar. Qoʻyni sogʻardilar. Kavushlarining soʻkilgan joyini tikardilar, ichki kiyimlarini yamardilar.3 Xizmatkorlari bilan birga ovqatlanardilar. Xizmatkorlari qoʻl tegirmonini aylantirib charchasa, unga yordam berardilar. Bozordan u-bu narsalarni olib, xaltaga solib, uylariga olib kelardilar. Faqir bilan ham, boy bilan ham, katta bilan ham, kichik bilan ham uchrashganlarida, birinchi boʻlib salom berardilar. Ular bilan musofaha qilish uchun muborak qoʻllarini birinchi boʻlib uzatardilar. Qulni ham, xojani ham, bekni ham, qorani ham, oqni ham bir xil koʻrardilar. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, chaqirilgan joyga borardilar. Oldilariga qoʻyilgan narsani, oz boʻlsa ham, arzimas sanamasdilar.
Kechqurundan ertaga va ertadan kechqurunga ovqat qoldirmasdilar. Goʻzal xulqli edilar. Yaxshilik qilishni yaxshi koʻrardilar, hamma bilan yaxshi chiqishardilar. Ochiq yuzli, shirin soʻzli edilar, gapirayotganlarida kulmasdilar. Gʻamgin koʻrinardilar, lekin qovoqlarini solmasdilar. Kamtar koʻngilli edilar, lekin past tabiatli emas edilar. Haybatli boʻlib, hurmat va qoʻrquv uygʻotardilar, lekin qoʻpol emas edilar. Nozik va saxiy edilar, lekin isrof qilmas, foydasiz joyga biror narsa bermas, hammaga rahm qilardilar. Muborak boshlari hamisha oldinga egik edi. Hech kimdan hech narsa kutmasdilar. Saodat va huzur istagan kishi u zotga oʻxshashi kerak». Anas ibn Molik shunday dedi: «Rasulullohga oʻn yil xizmat qildim. Menga biror marta ham „Uf!“ demadilar. Hech qachon: „Buni nega bunday qilding?“ yoki „Nega buni qilmading?“ – demadilar».4 Abu Hurayra shunday dedi: «Bir gʻazotda u zotdan kofirlarning yoʻq boʻlishi uchun duo qilishlarini soʻradik. U zot: „Men laʼnat qilish uchun ham, odamlar azob cheksin deb ham yuborilmadim. Men hammaga yaxshilik qilish uchun va odamlar huzurga erishsin deb yuborildim“, – dedilar».5 Allohu taolo Anbiyo surasining 107-oyati karimasida shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Biz sizni olamlarga rahmat, yaxshilik uchun yubordik».
Abu Saʼid Xudriy shunday dedi: «Rasulullohning hayolari bokira musulmon qizlarining hayosidan ham koʻproq edi».6
Anas ibn Molik shunday deydi: «Rasululloh bir kishi bilan musofaha qilsalar, oʻsha kishi qoʻlini tortib olmaguncha, muborak qoʻllarini undan ayirmasdilar.7 Oʻsha kishi yuzini burmaguncha, muborak yuzlarini undan burmasdilar. Biror kishining yonida oʻtirganlarida, ikki tizzalari ustida oʻtirardilar, unga hurmat yuzasidan muborak oyoqlarini tikka qilib oʻtirmasdilar».
Jobir ibn Samura shunday deydi: «Rasululloh kam gapirardilar. Zarur boʻlganda yoki biror narsa soʻralgandagina gapirardilar». Bundan har bir musulmon behuda, foydasiz gaplarni gapirmay, jim turishi lozimligi anglashiladi. Muborak soʻzlarida tartil va tarsil bor edi, yaʼni nihoyatda ochiq va tartibli gapirardilar, soʻzlari oson tushunilardi. Anas ibn Molik shunday dedi: «Rasul alayhissalom bemorlarni ziyorat qilardilar, janoza ortidan yurardilar va chaqirilgan joyga borardilar. Eshakka ham minardilar. Men Rasul alayhissalomni Xaybar jangida koʻrdim. Jilovi arqondan boʻlgan eshak ustida edilar. Rasul alayhissalom bomdod namozidan chiqqanlarida, Madinaning bolalari va ishchilari suvga toʻla idishlarini u zotning oldilariga keltirishar, muborak barmoqlarini ularga botirishlarini soʻrashardi. Qish boʻlib, suv sovuq boʻlsa ham, u zot ularning iltimoslarini rad qilmas, koʻngillarini xush qilardilar».8
Anas ibn Molik yana shunday deydi: «Bir kichkina qiz Rasul alayhissalomning qoʻllaridan tutib, u zotni biror ish uchun olib borsa, u zot u bilan birga borardilar va uning mushkulini hal qilardilar».
«Shubhasiz, siz xulqi azim ustidasiz (siz ulugʻ axloq sohibisiz)» Qalam: 4
Jobir shunday dedi: «Rasul alayhissalomdan biror narsa soʻralganda, „yoʻq“ deganlarini hech kim eshitmagan».
Paygʻambarimiz hayo sohibi boʻlish jihatidan ham barcha yaratilganlardan afzal edilar. Nomunosib narsalar oldida koʻzlari goʻyo yumuq edi. Hech kimga u yoqtirmaydigan soʻz bilan xitob qilmasdilar.
Hazrati Oisha onamiz shunday hikoya qildi: «Rasulullohga biror kishining yoqimsiz bir ish qilgani xabar qilinsa, ismini aytmasdan, umumiy maʼnoda: „Nega bunday qilmoqdalar?“ – derdilar. Shu tarzda ismini aytmasdan oʻsha kishini qilgan yoki aytgan yomon ishidan qaytarardilar».9
Anas ibn Molik hikoya qildi: «Bir kuni Paygʻambarimizning huzurlariga yuziga sariq rangli bir narsa surtilgan bir kishi kirdi. Paygʻambarimiz unga hech narsa demadilar. Uning koʻnglini ogʻritadigan biror soʻz ham aytmadilar. U chiqib ketgach: „Aytganingizda, yuzidagini yuvib tashlagan boʻlardi!“ – dedilar».10
Rasululloh qavmlarni birlashtiruvchi edilar. Ularni bir-biridan nafratlantirmasdilar. Har bir qavmning ulugʻiga ikrom koʻrsatib, uni toʻrga oʻtqazardilar.
Hech kimni oʻzlarining muborak jamollaridan mahrum qilmasdilar. Sahobalarini izlardilar, kelmaganlarini soʻrardilar. Yonlarida oʻtirganlarga nasihat qilardilar, ularga oʻz nasibalarini berardilar.
U zotning muomalalaridan hech kimning koʻngliga «birovni boshqasidan koʻproq sevar ekanlar» degan fikr kelmasdi. Yonlariga shikoyat qilib kelgan kishiga sabr-toqat koʻrsatib, uni tinglardilar.
Kelgan kishi oʻzi ketmaguncha, uni tashlab ketmasdilar. Barcha odamlarga goʻzal xulq va axloqlarini eng yaxshi tarzda namoyon qilardilar. U zotning huzurlarida haq va adolat jihatidan hamma teng edi. Hech kimning hech kimdan ustunligi, farqi yoʻq edi. Hazrati Oisha onamiz shunday dedi: «Men Rasulullohdek goʻzal axloqli biror kishini hech qachon koʻrmadim. Sahobalaridan yoki ahli baytidan kim u zotni chaqirsa, albatta: „Labbay!“ – deb javob berardilar».11
Rasululloh sahobalarini eng goʻzal ismlar bilan chaqirardilar. Hech kimning soʻzini boʻlmasdilar. Gaplashayotgan kishi soʻzini tugatmaguncha yoki ketish uchun oʻrnidan turmaguncha, uning soʻzini boʻlmasdilar. U zotning goʻzal muomalalari, shafqat va marhamatlari haqida Allohu taolo Tavba surasining 128-oyati karimasida shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Sizlarning mashaqqat chekishingiz unga ogʻir keladi, uni xafa qiladi. U sizlarga juda gʻamxoʻrdir; moʻminlarga juda marhamatli, ularga juda koʻp yaxshilik tilaydi».
Yana Anbiyo surasining 107-oyati karimasida shunday marhamat qildi, maʼnosi: «(Ey Habibim!) Biz sizni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik».
Paygʻambarimiz ummatlariga ogʻir kelmasin, degan andisha bilan baʼzi narsalarni yengillashtirardilar. U zot shunday dedilar: «Ummatimga qiyinchilik tugʻdirmaganimda, ularga har tahoratda misvok ishlatishni buyurgan boʻlardim».12 Soʻzida turish jihatidan ham odamlar orasida Paygʻambarimizdan afzalroq biror kishi kelmagan. Abdulloh ibn Abul Hamso hikoya qildi: «Paygʻambarimiz bilan, hali u zotga paygʻambarlik bildirilmasdan oldin, oldi-sotdi qilgan edim. U zotning hisobiga bir qoldiq qolgan edi. Men u zotga falon vaqtda falon joyda uchrashishga soʻz berdim-u, unutib qoʻydim. Uch kundan keyin bergan soʻzimni eslab, darhol oʻsha joyga yugurdim. U zotning uch kundan beri oʻsha yerda kutib turganlarini koʻrib, hayratdan qotib qoldim. U zot menga: „Yigit, meni charchatding! Men seni bu yerda roppa-rosa uch kundan beri kutyapman“, – dedilar». Paygʻambarimizdagi tavozeʼ xislati hech bir kishida, hatto hech bir paygʻambarda (alayhimussalom) boʻlmaydigan darajada buyuk va tengsiz edi.
Kibr tuygʻusi u zotda hech qachon paydo boʻlmagan. Paygʻambarimiz podshoh paygʻambar boʻlish bilan qul paygʻambar boʻlish orasida ixtiyorlari oʻzlariga qoʻyilganda, qul paygʻambar boʻlishni tanladilar.13 Shunda Isrofil alayhissalom Paygʻambarimizga: «Shubhasiz, Allohu taolo siz tavozeʼ koʻrsatib voz kechgan oʻsha xislatni ham sizga berdi. Chunki qiyomatda Odam bolalarining eng ulugʻi – siz. Qabrdan birinchi turadigan inson – siz. Birinchi shafoat qiladigan ham – siz», – dedi.
Paygʻambarimiz hazrati Oisha onamizga shunday dedilar:
«Menga Makkaning toshini va tuprogʻini oltinga aylantirish taklif qilindi. Men: „Yoʻq, yo Rabbim! Bir kun och qolay, bir kun toʻq boʻlay. Och qolgan kunim Senga yolvorib duo qilaman. Toʻq boʻlgan kunim Senga hamdu sano aytaman“, – dedim».14
Bir kuni Jabroil alayhissalom Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, shunday dedi:
«Allohu taolo sizga salom yoʻlladi. Agar xohlasalar, mana bu togʻlarni u zot uchun oltinga aylantiray. Qayerga borsalar ham, u oltin togʻlar u zot bilan birga boʻladi».
Sevimli Paygʻambarimiz shunday javob berdilar: «Ey Jabroil! Dunyo – uyi yoʻqning uyidir. Yana u – moli yoʻq kishining molidir. Uni aqli yoʻq kishi yigʻadi».15 Shunda Jabroil alayhissalom: «Yo Muhammad! Allohu taolo sizni qavli sobit bilan mustahkam qildi», – dedi.
Hazrati Oisha onamiz shunday dedi: «Baʼzan roppa-rosa bir oy oʻtardi, biz uyimizda (ovqat pishirish uchun) oʻt yoqmasdik. Faqat xurmo bilan suv boʻlardi».
Ibn Abbos shunday dedi: «Rasululloh va u zotning ahli baytlari koʻp kechalari kechki ovqat yemasdan yotardilar. Kechqurun yeyishga biror narsa topa olmasdilar». Oisha onamiz shunday dedi: «Rasulullohning muborak qorinlari hech qachon taomga toʻymagan. Bu haqda hech kimga shikoyat ham qilmaganlar. Muhtojlik u zot uchun boylikdan yaxshiroq edi. Butun kecha ochlikdan toʻlgʻanib chiqsalar ham, bu hol u zotni kunduzgi roʻzalaridan toʻxtatmasdi.16
«Menga Makkaning toshini va tuprogʻini oltinga aylantirish taklif qilindi. Men: „Yoʻq, yo Rabbim! Bir kun och qolay, bir kun toʻq boʻlay. Och qolgan kunim Senga yolvorib duo qilaman. Toʻq boʻlgan kunim Senga hamdu sano aytaman“, – dedim» Hadisi sharif
Agar xohlasalar, Rabbilaridan yer yuzining barcha xazinalarini, rizqlarini va farovon hayotni soʻragan boʻlardilar. Qasam ichamanki, u zotning bu hollarini koʻrganimda, jonim achib, yigʻlardim. Qoʻlim bilan muborak qorinlarini silab:
„Jonim sizga fido boʻlsin! Sizga quvvat beradigan bu dunyodan baʼzi manfaatlar olsangiz, boʻlmaydimi?“ – derdim.
U zot esa: „Ey Oisha! Men dunyoni nima qilaman? Ulul azm paygʻambarlardan boʻlgan birodarlarim bundan ham ogʻirrogʻiga sabr qildilar. Lekin ular oʻsha hollarida yashashni davom ettirdilar. Rabbilariga qovushdilar. Shu sababli Rabbilari ularning Oʻziga qaytishlarini juda goʻzal qildi, savoblarini oshirdi. Men farovon hayot kechirishdan hayo qilaman, chunki bunday hayot meni ulardan ortda qoldiradi. Men uchun eng goʻzal va eng sevimli narsa – birodarlarimga, doʻstlarimga qovushish va ularga qoʻshilishdir“, – derdilar».
Hazrati Oisha onamiz shunday dedi: «Rasululloh bu soʻzlaridan bir oycha vaqt oʻtgach, vafot etdilar». Paygʻambarimiz saxiyliklari bilan ham tillarda doston edilar. Bu goʻzal xulqda ham hech kim Paygʻambarimizga yeta olmagan.
Ibn Abbos shunday dedi: «Rasululloh yaxshilik qilish jihatidan odamlarning eng saxiysi edilar. Ramazoni sharifda va Jabroil alayhissalom bilan uchrashgan paytlarida tong shamolidan ham saxiyroq boʻlardilar». Anas ibn Molik shunday deydi: «Men Rasul alayhissalom bilan birga ketayotgan edim. Egnilarida burdi Najroniy, yaʼni Yaman matosidan tikilgan ustki kiyim bor edi. Orqadan qishloqlik bir kishi kelib, u zotni yoqalaridan shunday qattiq tortdiki, hatto kiyimning yoqasi muborak boʻyinlarini tirnab, iz qoldi. Rasul alayhissalom bu kishining bu qiligʻiga kulib qoʻydilar va unga biror narsa berishni buyurdilar». Rasul alayhissalomning qoʻshnisi boʻlgan bir kampir bor edi. U qizini Rasul alayhissalomning huzurlariga yubordi va: «Namoz oʻqish uchun yopinadigan kiyimim yoʻq. Menga namozda yopinadigan bir kiyim yuboring», – deb yolvordi. Rasul alayhissalomning oʻsha paytda boshqa kiyimlari yoʻq edi. Muborak egnilaridagi koʻylaklarini yechib, oʻsha ayolga yubordilar. Namoz vaqti kirgach, kiyimsiz masjidga chiqa olmadilar. Sahobai kirom bu holni eshitgach: «Rasul alayhissalom shunchalik saxiylik qilmoqdalarki, koʻylaksiz qolib, masjidga jamoatga kela olmayaptilar. Biz ham bor narsamizni faqirlarga tarqataylik», – deyishdi. Allohu taolo darhol Isro surasining 29-oyati karimasini nozil qildi. Avval Habibiga shunday marhamat qildi, maʼnosi:
«Qoʻllaringizni boʻyningizga bogʻlamang, ularni butunlay ochib ham yubormang (xasislik qilmang, hech narsa bermay ham qoʻymang)», – deb, soʻngra: «Molingizni oʻzingizga qolmaydigan qilib (qiyinchilikka tushib, namozni qoldirib xafa boʻladigan darajada ham) tarqatib yubormang! (Sadaqada oʻrtacha boʻling.)» – dedi.
Oʻsha kuni namozdan keyin hazrati Ali Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Bugun bola-chaqamni boqish uchun sakkiz dirham kumush qarz olgan edim. Uning yarmini sizga beray. Oʻzingizga bir koʻylak (kiyim) oling», – dedi. Rasul alayhissalom bozorga chiqib, ikki dirhamga bir koʻylak sotib oldilar. Qolgan ikki dirhamga yegulik olgani ketayotganlarida, oʻtirgan bir koʻzi ojizni koʻrdilar. U: «Alloh roziligi uchun va jannat liboslariga erishish uchun kim menga bir koʻylak beradi?» – derdi. Rasul alayhissalom sotib olgan koʻylakni unga berdilar. Koʻzi ojiz koʻylakni qoʻliga olgach, mushkdek xushboʻy hidni sezdi. U bu xushboʻy hid Rasul alayhissalomning muborak qoʻllaridan kelganini angladi, chunki Rasul alayhissalom bir marta kiygan har bir narsa, eskirib titilib ketsa ham, har bir parchasi mushkdek xushboʻy hidli boʻlardi.
Koʻzi ojiz duo qilib: «Yo Rabbim! Shu koʻylak hurmati uchun koʻzlarimni och!» – dedi. Uning ikki koʻzi ham darhol ochildi. Rasul alayhissalom u yerdan ketdilar. Bir dirhamga bir koʻylak sotib oldilar. Qolgan bir dirhamga yegulik olgani ketayotganlarida, bir xizmatchi qizning yigʻlayotganini koʻrib: «Qizim, nega bunday yigʻlayapsan?» – deb soʻradilar. Qiz: «Men bir yahudiyning xizmatchisiman. U menga bir dirham berdi-da, yarim dirhamga bir shisha, qolgan yarmiga yogʻ sotib olishimni buyurdi. Men ularni sotib olib, ketayotgan edim. Ular qoʻlimdan tushib ketdi. Shisha ham, yogʻ ham zoye boʻldi, endi nima qilishimni bilmay qoldim», – dedi. Rasul alayhissalom oxirgi dirhamlarini qizga berdilar. U zot: «Bunga shisha bilan yogʻ olib, uyingga elt», – dedilar. Lekin bechora qiz: «Uyga kechikkanim uchun yahudiy meni uradi, deb qoʻrqaman», – dedi. Rasul alayhissalom: «Qoʻrqma! Men sen bilan birga boraman va unga senga hech narsa qilmasligini aytaman», – dedilar. Uyga kelib, eshikni taqillatishdi. Yahudiy eshikni ochib, Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) koʻrgach, hayron boʻlib qoldi. Rasululloh yahudiyga boʻlib oʻtgan voqeani aytib berdilar va qizga hech narsa qilmasligi uchun shafoat qildilar. Yahudiy Rasulullohning oyoqlariga yiqilib: «Minglab insonlarning bosh toji boʻlgan, minglab arslonlar amrini bajarishga kutib turgan ey ulugʻ Paygʻambar! Bir xizmatchi qiz uchun mendek bir miskinning eshigini sharafladingiz. Yo Rasulalloh! Sizning hurmatingiz uchun bu qizni ozod qildim. Menga iymonni, Islomni oʻrgating. Huzuringizda musulmon boʻlay», – dedi. Rasul alayhissalom unga Islomni oʻrgatdilar. U musulmon boʻldi. Uyiga kirib, oilasiga boʻlgan voqeani aytib berdi. Ularning hammasi musulmon boʻldi. Bularning barchasi Rasulullohning goʻzal xulqlari barakoti bilan boʻldi.
Har bir musulmon Rasulullohning bu hollarini oʻziga namuna qilib olishi kerak. Allohu taoloning axloqi bilan axloqlanish har bir musulmonga lozimdir. Chunki Rasululloh: «Allohu taoloning axloqi bilan xulqlaninglar!» – dedilar. Masalan, Allohu taoloning sifatlaridan biri – «Sattor». Yaʼni U – gunohlarni yopuvchidir.
Musulmon ham din birodarining aybini, kamchiligini yopishi kerak. Allohu taolo bandalarining gunohlarini kechiruvchidir. Shuning uchun musulmonlar ham bir-birlarining kamchiliklarini, ayblarini kechirishlari kerak. Allohu taolo – Karim va Rahim. Yaʼni Uning lutfi, ehsoni moʻl va marhamati koʻpdir. Musulmon saxiy va marhamatli boʻlishi kerak. Butun goʻzal axloq ham shundaydir.
«Ha! Sizlarning hamma narsani qilishingizni bilaman. Lekin ish qilayotganlardan ajralib oʻtirishni istamayman. Allohu taolo sheriklaridan ajralib oʻtirgan kishini yaxshi koʻrmaydi» Hadisi sharif
Rasul alayhissalomning goʻzal xulqlari juda koʻp. Har bir musulmon ularni oʻrganishi va ular kabi axloqlanishi lozim. Shundagina dunyoda ham, oxiratda ham falokatlardan, mashaqqatlardan qutulish va u ikki jahon sarvarining shafoatiga erishish nasib boʻladi.
U zotning goʻzal axloqlaridan baʼzilari:
1. Rasulullohdagi (sallallohu taolo alayhi vasallam) ilm, irfon, fahm, yaqiyn, iqon, aql, zako, saxovat, tavozeʼ, hilm, shafqat, sabr, gʻayrat, hamiyat, sadoqat, omonatdorlik, shijoat, mahobat (haybat), mardlik, notiqlik, fasohat, fatonat, malohat (goʻzallik), varaʼ, iffat, karam, insof, hayo, zuhd va taqvo barcha paygʻambarlardagidan koʻproq edi.
2. Doʻstlaridan ham, dushmanlaridan ham koʻrgan zararlarni, aziyatlarni afv qilardilar. Ularning hech biriga javob qaytarmasdilar. Uhud jangida kofirlar muborak yonoqlarini qonatib, tishlarini sindirganlarida, buni qilganlar uchun: «Yo Rabbim! Ularni afv et! Johilliklari uchun kechir», – deb duo qilgan edilar.
3. Shafqatlari koʻp edi. Hayvonlarga suv berardilar. Suv idishini qoʻllari bilan tutib, ular toʻyguncha kutib turardilar. Mingan otlarining yuzini va koʻzlarini artardilar.
4. Har bir chaqirgan kishiga «Labbayk» («Labbay») deb javob berardilar. Hech kimning yonida oyoqlarini uzatmasdilar. Tiz choʻkib oʻtirardilar. 5. Oʻzlarini hech kimdan ustun tutmasdilar. Bir safarda bir qoʻy kabobi tayyorlanadigan boʻlganda, biri: «Men soʻyaman», – dedi. Boshqasi: «Men terisini shilaman», – dedi. Yana biri: «Men pishiraman», – dedi. Rasululloh: «Men esa oʻtin teraman», – deganlarida, ular: «Yo Rasulalloh! Siz dam oling! Biz oʻzimiz teramiz», – deyishdi. U zot: «Ha! Sizlarning hamma narsani qilishingizni bilaman. Lekin ish qilayotganlardan ajralib oʻtirishni istamayman. Allohu taolo sheriklaridan ajralib oʻtirgan kishini yaxshi koʻrmaydi», – dedilar va turib, oʻtin terishga ketdilar. 6. Sahobalari (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) oʻtirgan joyga kelganlarida, toʻrga oʻtmasdilar. Koʻrgan boʻsh joylariga oʻtirardilar. Bir kuni qoʻllarida hassa bilan koʻchaga chiqqanlarida, koʻrganlar oʻrinlaridan turishdi. U zot: «Boshqalar bir-birlariga hurmat yuzasidan oʻrindan turganlari kabi, men uchun oʻrinlaringizdan turmanglar! Men ham sizlar kabi bir insonman. Hamma qatori yeyman. Charchasam, oʻtiraman», – dedilar.
7. Yeyishda, kiyinishda va har narsada xizmatkorlarini oʻzlaridan ajratmasdilar. Ularning ishlariga yordam berardilar. Biror kishini urganlari, soʻkkanlari hech qachon koʻrilmagan.
Hamisha u zotning xizmatlarida boʻlgan Anas ibn Molik shunday deydi: «Rasulullohga oʻn yil xizmat qildim. U zotning menga qilgan xizmatlari mening u zotga qilganimdan koʻp edi. Menga ranjiganlarini, qattiq gapirganlarini hech qachon koʻrmadim».17
8. Soʻkilgan, yirtilgan kiyimlarini oʻzlari ham yamardilar, qoʻylarini oʻzlari ham sogʻardilar, hayvonlariga oʻzlari ham yem berardilar. Bozordan sotib olgan narsalarini uyga oʻzlari olib borardilar. Safarda hayvonlariga yem berardilar, baʼzan ularni timor ham qilardilar. Bularni baʼzan yolgʻiz oʻzlari qilardilar, baʼzan xizmatkorlariga yordamlashardilar. 9. Baʼzi kishilarning xizmatkorlari kelib, u zotni chaqirishganda, Madinaning odatiga koʻra, ular bilan qoʻl ushlashib yurardilar.
10. Bemorlarni ziyorat qilardilar, janozalarda hozir boʻlardilar. Koʻngil olish uchun kofirlar va munofiqlarning bemorlarini ham ziyorat qilardilar. 11. Bomdod namozini oʻqitib boʻlgach, jamoatga qarab oʻtirib: «Bemor boʻlgan birodarimiz bormi? Ziyoratiga boraylik!» – derdilar. Bemor boʻlmasa: «Janozasi boʻlgan kishi bormi? Yordamga boraylik!» – derdilar. Janoza boʻlsa, uni yuvishda, kafanlashda yordam berardilar, janoza namozini oʻqitardilar va qabrigacha borardilar. Janoza boʻlmasa: «Tush koʻrgan kishi boʻlsa, aytsin! Eshitaylik, taʼbir qilaylik!» – derdilar.
12. Sahobalaridan birini uch kun koʻrmasalar, uni soʻrab-surishtirardilar. Safarga ketgan boʻlsa, unga xayrli duo qilardilar, shaharda boʻlsa, ziyoratiga borardilar. 13. Yoʻlda uchratgan musulmonga birinchi boʻlib oʻzlari salom berardilar. 14. Tuyaga, otga, xachirga va eshakka minardilar, baʼzan orqalariga boshqa birovni ham mingashtirardilar.
15. Mehmonlariga, sahobalariga xizmat qilardilar va: «Bir qavmning sarvari, eng afzali – ularga xizmat qilganidir», – derdilar.
16. Qahqaha bilan kulganlari hech qachon koʻrilmagan. Ovozsiz tabassum qilardilar. Baʼzan kulganlarida muborak old tishlari koʻrinardi.
17. Hamisha oʻychan, gʻamgin koʻrinar, kam gapirardilar. Gapni tabassum bilan boshlardilar. 18. Keraksiz va foydasiz biror narsa gapirmasdilar. Zarur boʻlganda, qisqa, foydali va maʼnosi ochiq qilib gapirardilar. Yaxshi tushunilishi uchun baʼzan uch marta takrorlardilar.
19. Begonalar bilan ham, tanishlar bilan ham, bolalar bilan ham, keksa ayollar bilan ham va mahram ayollari bilan ham hazil-mutoyiba qilardilar. Lekin bu u zotning Allohu taoloni bir lahza ham unutishlariga sabab boʻlmasdi.
20. Haybatlaridan hech kim yuzlariga qaray olmasdi. Bir kishi kelib, muborak yuzlariga qaragach, titray boshladi. U zot: «Tortinma! Men podshoh emasman, zolim emasman. Quritilgan goʻsht yeydigan bir bechora ayolning oʻgʻliman», – dedilar. Haligi kishining qoʻrquvi ketib, dardini ayta boshladi.
21. Qorovullari, darbonlari yoʻq edi. Har kim bemalol yonlariga kelib, dardini ayta olardi. 22. Hayolari koʻp edi. Gaplashayotgan kishining yuziga qarashdan uyalardilar.
«Bir qavmning sarvari, eng afzali – ularga xizmat qilganidir» Hadisi sharif
23. Hech kimning aybini yuziga solmasdilar. Hech kimdan shikoyat qilmas, hech kimning orqasidan gapirmasdilar. Biror kishining soʻzini yoki ishini yoqtirmaganlarida: «Baʼzi kishilar nega bunday qilisharkin?» – derdilar.
24. Allohu taoloning suyuklisi, rasuli va maqbuli boʻla turib: «Orangizda Allohu taoloni eng yaxshi taniydiganingiz va Undan eng koʻp qoʻrqadiganingiz – menman», – derdilar. «Men koʻrganni koʻrganingizda, oz kulib, koʻp yigʻlardingiz», – derdilar.18 Osmonda bulut koʻringanda: «Yo Rabbim! Bu bulut bilan bizga azob yuborma!» – derdilar. Shamol esganda: «Yo Rabbim! Bizga xayrli shamol yubor!» – deb duo qilardilar. Momaqaldiroq gumburlaganda: «Yo Rabbim! Bizni gʻazabing bilan oʻldirma, azobing bilan halok qilma va bundan oldin bizga ofiyat ehson et!» – derdilar.
Namozga turganlarida, yigʻlayotgan kishining ichini tortganidek, koʻkslaridan ovoz eshitilardi. Qurʼoni karim oʻqiganlarida ham shunday boʻlardi. 25. Qalblarining quvvati, shijoatlari hayron qolarli darajada koʻp edi. Hunayn jangida musulmonlar tarqalib ketib, u zot uch-toʻrt kishi bilan qolgan edilar. Bir necha marta kofirlarning hujumiga yolgʻiz oʻzlari qarshi turdilar va aslo orqaga chekinmadilar. Ularga qarshi turib, qochirdilar.
26. Nihoyatda saxiy edilar. Yuzlab tuya va qoʻylarni hadya qilar, oʻzlariga hech narsa qoldirmasdilar. Necha-necha toshbagʻir kofirlar bu ehsonlarini koʻrib, iymonga kelganlar.
27. U zotdan biror narsa soʻralganda, «yoʻq» deganlari hech qachon eshitilmagan. Bor boʻlsa, berardilar, yoʻq boʻlsa, sukut qilardilar.
28. Allohu taolo: «Soʻrang, beray», – degan boʻlsa ham, dunyo boyligini soʻramadilar. Elangan bugʻdoy unidan pishirilgan nonni hech qachon yemadilar. Hamisha elanmagan arpa unidan pishirilgan non yeyardilar. Toʻyguncha yeganlari koʻrilmagan. Uyda ikki-uch oy ovqat pishirilmay, non yopilmay, faqat xurmo yegan oylari ham boʻlgan. Ikki-uch kun hech narsa yemagan paytlari ham boʻlardi.
29. Vafot etganlarida, temir sovutlari oʻttiz kilogramm arpa uchun bir yahudiyda garovda qolgani maʼlum boʻldi. 30. Biror taomni yoqtirmaganlari eshitilmagan. Yoqtirganini yeyardilar, yoqtirmaganini yemasdilar va hech narsa demasdilar. Kuniga bir marta ovqatlanardilar. Baʼzan ertalab, baʼzan kechqurun yeyardilar. Uyga kelganlarida: «Yegulik bormi?» – deb soʻrardilar, yoʻq deyilsa, roʻza tutardilar. Taomni dasturxon, patnis, stol kabi narsa ustiga qoʻymay, yerga qoʻyar, tiz choʻkib, hech narsaga suyanmay yeyardilar. Taomga basmala aytib boshlardilar. Oʻng qoʻllari bilan yeyardilar. 31. Zavjalariga va bir necha xizmatkorlariga baʼzan bir yillik arpa va xurmo ajratib qoʻyar, undan faqirlarga sadaqa ham berardilar.
32. Boshqa paygʻambarlar kabi, sadaqa ham, zakot moli ham olmasdilar. Hadyani qabul qilardilar. Koʻpincha uning evazini ortigʻi bilan qaytarardilar.
33. Toʻshaklari ichi xurmo tolalari bilan toʻldirilgan oshlangan teridan edi. Ichi jun bilan toʻldirilgan bir toʻshak keltirishganda, uni qabul qilmadilar va: «Yo Oisha! Allohu taologa qasamki, agar istasam, Allohu taolo har yerda yonimda oltin va kumush uyumlarini muhayyo qilib qoʻyar edi», – dedilar. Baʼzan boʻyra, taxta, toʻshak, jundan bosilgan kigiz yoki quruq tuproq ustida yotardilar.
34. Xuftondan keyin yarim kechagacha uxlab, soʻngra bomdod namozigacha ibodat qilardilar. Oʻng yonlari bilan yotib, oʻng qoʻllarini yonoqlari ostiga qoʻyar, baʼzi suralarni oʻqib uxlardilar. 35. Tafaʼul qilardilar. Yaʼni birinchi koʻrgan, toʻsatdan koʻrgan narsalarini yaxshilikka yoʻyardilar. Hech narsani shumlik belgisi sanamasdilar.
36. Gʻamgin paytlarida soqollarini ushlab, oʻyga tolardilar.
37. Xafa boʻlganlarida, darhol namozga kirishardilar. Namozning lazzati va safosi bilan gʻamni ketkazardilar. 38. Gʻiybat qiluvchining, yaʼni boshqalarning orqasidan gapiruvchining soʻzini aslo tinglamasdilar.
39. Yurganlarida yon tarafga yoki orqaga qarash kerak boʻlsa, butun badanlari bilan burilib qarardilar. Faqat boshlarini burib qaramasdilar. 40. Paygʻambarimizning Allohu taolodan qoʻrqishlari, Unga itoat va ibodat qilishlari shu qadar koʻp ediki, u zotning bu hollariga hech kim toqat qila olmasdi. Muborak oyoqlari shishguncha namoz oʻqirdilar. «Yo Rasulalloh! Sizning oʻtgan va keladigan barcha xatolaringiz kechirilgan boʻlsa ham, nega oʻzingizni bunchalik qiynaysiz?» – deyilganda: «Men Allohu taoloning eng koʻp shukr qiladigan bandasi boʻlmayinmi?» – deb javob berdilar.
Jon bulbuli bir gulni tinmay istar,
Oʻylama hech, agʻyor ila janjal istar deb.
Toʻxtamay tevaragida pargor kabi aylanib,
Birdan xilvatga talpinmoqni istar.
Angladim: ul goʻzal gul gʻayrga sirin ochmagan,
Gʻuncha kabi, bulbulni doimo istar.
Agʻyordan yashirgan ul dilbar yonogʻini,
Ular esa behuda quruq savdo istar.
Zotiy! Visol yoʻlida Majnun kabi yurar,
Oʻzini eritib, Layloni istar.
«Men Allohu taoloning eng koʻp shukr qiladigan bandasi boʻlmayinmi?» Hadisi sharif
