HILYAI SAODAT
Habibi akram Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) tashqi koʻrinishlariga «Hilyai saodat» deyiladi. Islom olimlari Muhammad alayhissalomning koʻrinib turadigan barcha aʼzolarini, shakllarini, sifatlarini, goʻzal xulqlarini va eng nozik jihatlarigacha butun hayotlarini sanad va hujjatlari bilan ochiq-ravshan yozib qoldirganlar. Bu maʼlumotlar bevosita Paygʻambarimizning oʻz bayonlari boʻlgan hadisi shariflardan va sahobalari xabar bergan rivoyatlardan jamlangan. Ularni oʻz ichiga olgan asarlarga siyrat kitoblari deyiladi. Minglab siyrat kitoblari orasida Paygʻambarimizning hilyai saodatlarini bayon qilgan eng mashhur kitoblar – imom Termiziyning «Ash-Shamoilur-Rasul», Qozi Iyozning «Shifoi sharif», imom Bayhaqiy va Abu Nuaym Isfahoniyning «Daloilun-nubuvva» nomli kitoblari va imom Qastaloniy hazratlarining «Mavohibi laduniya» nomli asaridir. Hadisi shariflarda va sahobai kirom xabar bergan rivoyatlarda sevimli Paygʻambarimizning hilyai saodatlari shunday tasvirlanadi: «Faxri koinotning muborak yuzlari, butun sharafli aʼzolari va muborak ovozlari barcha insonlarning yuzlari, aʼzolari va ovozlaridan goʻzal edi.
Muborak yuzlari biroz dumaloq edi, xursand paytlarida oydek nurlanardi.1 Sevinganlari muborak peshonalaridan bilinib turardi.
Rasululloh kunduzi qanday koʻrsalar, kechasi ham shunday koʻrardilar. Oldilaridagi narsalarni qanday koʻrsalar, orqalaridagilarni ham shunday koʻrardilar. Yonga yoki orqaga qaramoqchi boʻlganlarida, butun badanlari bilan burilib qarardilar. Yerga osmondan koʻra koʻproq qarardilar. Muborak koʻzlari katta, kipriklari uzun edi. Muborak koʻzlarida biroz qizillik bor edi, koʻz qorachiqlari nihoyatda qora edi, kechalari koʻzlariga surma tortardilar. Faxri olamning (sallallohu alayhi vasallam) peshonalari ochiq edi.
Muborak qoshlari ingichka, ikki qoshlari orasi ochiq edi. Ikki qoshlari orasidagi tomir gʻazablanganlarida boʻrtib chiqardi. Muborak burunlari nihoyatda chiroyli, oʻrta qismi biroz balandroq edi. Muborak boshlari katta edi. Muborak ogʻizlari kichik emas edi. Muborak tishlari oppoq, old tishlari siyrak edi. Gapirganlarida goʻyo tishlari orasidan nur chiqardi. Allohu taoloning bandalari orasida u zotdan koʻra fasohatliroq va shirin soʻzliroq biror kishi koʻrilmagan.
Faxri olam yetgach qirq yoshiga,
Qoʻyildi risolat toji boshiga.
Dam-badam ovoz kelardi: «Yo Amin,
Sizni qildim rahmatan lil-olamin».
«Oʻzim borgan har bir cherkovning yepiskopidan Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) sifatlarini va hilyalarini (shakl-shamoillarini) soʻradim va barchasini birma-bir xotiramga joyladim. Madinaga qaytgach, barchasini Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) aytib berdim. Bu u zotga maʼqul boʻldi» Mugʻiyra ibn Shuʼba (roziyallohu anhu)
Qurʼoni karim nozil boʻldi oyat-oyat bayyinot,
Zohir boʻldi turli-turli moʻjizot.
Garchi boshdan-oyoq nur edi ul pok zot,
Lek har aʼzosida bor edi moʻjizot.
Avvalo shulki, ul zotning muborak jismi
Yerga solmas edi soyasi-yu rasmi.
Boshdan-oyoq nur edi tanasi ul zotning,
Ayondir: nurning boʻlmas soyasi.
Ham muborak boshlari uzra har zamon
Bir parcha bulut boʻlardi soyabon.
Qayerga borsalar, u ham birga borardi,
Boshlari uzra doimo turardi.
Ul muborak koʻzlaridagi moʻjiza
Qanday ekanin ham aytayin sizga.
Oldilarida nechuk koʻrardilar ayon,
Ortidagini ham koʻrardilar har on.
Eshiting, ul muborak burnining
Moʻjizasi nechukdir, bir koʻring.
Vahiy bilan tushganda Jabroili Amin,
Koʻkdan ajralgan soatning oʻzida
Jabroilning hidin sezardilar ul,
Vahiy-la tushganin bilardilar ul.
Lablarin qimirlatsalar ul oy yuzli zot,
Koʻkda quyosh doirasi ham qimirlardi.
Muborak soʻzlari juda oson tushunilardi, koʻngillarni olar va ruhlarni oʻziga tortardi. Gapirganlarida soʻzlari durdek tizilardi. Biror kishi sanamoqchi boʻlsa, soʻzlarini sanash mumkin edi. Baʼzan yaxshi tushunilishi uchun uch marta takrorlardilar. (Jannatda Muhammad alayhissalom gapirganlaridek gapiriladi.) Muborak ovozlari hech kimning ovozi yetmaydigan joyga yetardi. Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) ochiq yuzli edilar. Tabassum qilib kulardilar va shunda muborak old tishlari koʻrinardi.
Kulganlarida nurlari devorlarga aks etardi. Yigʻlashlari ham kulishlari kabi yengil edi. Qahqaha bilan kulmas, ovoz chiqarib yigʻlamas edilar, lekin xafa boʻlganlarida muborak koʻzlaridan yosh oqar, muborak koʻkslaridan ovoz eshitilardi. Ummatlarining gunohlarini oʻylaganlarida, Allohu taolodan qoʻrqqanlaridan, Qurʼoni karimni eshitganlarida va baʼzan namoz oʻqiyotganlarida ham yigʻlardilar. Faxri olamning muborak barmoqlari yirik, muborak bilaklari goʻshtdor edi. Muborak kaftlari keng edi. Butun vujudlarining hidi mushkdan ham xushboʻy edi. Muborak badanlari ham yumshoq, ham baquvvat edi. Anas ibn Molik shunday deydi: «Rasulullohga oʻn yil xizmat qildim. Muborak qoʻllari ipakdan ham yumshoq edi».
Muborak tanalari mushkdan ham, gullardan ham xushboʻyroq edi. Muborak qoʻllari, oyoqlari va barmoqlari uzun edi. Muborak oyoqlarining barmoqlari yirik, oyoq kaftlari uncha botiq boʻlmay, yumshoq edi. Muborak qorinlari keng boʻlib, koʻkslari bilan bir tekisda edi. Yelka suyaklarining boshlari yirik, muborak koʻkslari keng edi. Rasulullohning qalbi shariflari ilohiy nazargoh edi. Rasuli akram juda uzun boʻyli boʻlmaganlari kabi, past boʻyli ham emas edilar. Yonlariga uzun boʻyli bir kishi kelsa, undan uzunroq koʻrinardilar. Oʻtirganlarida muborak yelkalari oʻtirganlarning hammasinikidan baland boʻlardi.
Muborak soch va soqollarining tolalari na juda jingalak, na juda tekis edi, yaratilishdan toʻlqinsimon edi. Muborak sochlari uzun edi; avvaliga kokil qoʻyardilar, keyinroq sochlarini ikkiga ajratadigan boʻldilar. Muborak sochlarini baʼzan oʻstirardilar, baʼzan kesib, qisqartirardilar. Soch va soqollarini boʻyamasdilar. Vafot etganlarida soch va soqollaridagi oq tolalar soni yigirmatadan kam edi. Muborak moʻylovlarini qisqa qilib qirqardilar. Moʻylovlarining uzunligi va shakli muborak qoshlari kabi edi. Xizmatlarida maxsus sartaroshlari bor edi.
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) misvok va taroqlarini yonlaridan ayirmasdilar. Muborak soch va soqollarini taraganlarida oynaga qarardilar. Faxri koinot oldilariga qarab, ildam yurardilar va biror joydan oʻtganlari xushboʻy hidlaridan bilinib turardi. Rasululloh arab edilar. Yaʼni yuzlarining rangi qizilga moyil oq boʻlib, nihoyatda goʻzal, nurli va yoqimli edilar». Paygʻambarimizni qora degan kishi kofir boʻladi. «Arab» soʻzining lugʻaviy maʼnosi – «goʻzal». Masalan, «lisoni arab» – «goʻzal til» deganidir. Istilohiy maʼnosi esa, yaʼni geografiya boʻyicha arab – Arabiston deb ataladigan yarim orolda tugʻilib oʻsgan, u yerning iqlimi, havosi, suvi va ozigʻi bilan ulgʻaygan va oʻsha yerdagilarning qonidan boʻlgan kishi deganidir. Anatoliyadagi turk qonidan kelganlarga turk, Bolgariyada tugʻilib oʻsganlarga bolgar, Germaniyadagilarga nemis deganlari kabi, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ham Arab yarim orolida tugʻilganlari uchun arabdirlar. Arablar oq, bugʻdoyrang yuzli boʻladilar. Ayniqsa, Paygʻambarimizning sulolalari oq yuzli va juda goʻzal edi. Zotan ajdodlari Ibrohim alayhissalom ham oq yuzli boʻlib, Basra shahri aholisidan Toruh ismli oq yuzli bir moʻminning oʻgʻli edilar. Kofir boʻlgan Ozar Ibrohim alayhissalomning otasi emas, balki amakisi va oʻgay otasi edi.
«Rasulullohga oʻn yil xizmat qildim. Muborak qoʻllari ipakdan ham yumshoq edi. Muborak tanalari mushkdan ham, gullardan ham xushboʻyroq edi» Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)
Sevimli Paygʻambarimizning otalari Abdullohning goʻzalligi Misrgacha tarqalgan edi va peshonasidagi nur tufayli ikki yuzga yaqin qiz unga turmushga chiqish uchun Makkaga kelgan edi. Lekin Muhammad alayhissalomning nuri Ominaga nasib boʻldi. U zotning amakilari Abbos va Abbosning oʻgʻli Abdulloh ham oq yuzli edi. Paygʻambarimizning qiyomatgacha boʻladigan avlodlari ham goʻzal va oq yuzlidir. Rasulullohning sahobalari ham oq yuzli va goʻzal edi. Usmon (roziyallohu anhu) oq yuzli, sariq sochli edi. Rasulullohning Vizantiya imperatori Hiraql hukumatiga yuborgan elchilari Dihya Kalbiy juda goʻzal edi va u koʻchalarda yurganda, Vizantiya qizlari uning yuzini koʻrish uchun koʻchalarga chiqishardi. Jabroil alayhissalom koʻpincha Dihyaning (roziyallohu anhu) qiyofasida kelardi. Misr, Shom, Afrika, Sitsiliya va Ispaniyaning mahalliy aholisi arab emas. Lekin arablar Islomni dunyoga yoyish uchun Arab yarim orolidan chiqib, bu yerlarga kelganlari sababli, bugun ular bu yerlarda ham bor. Shuningdek, ular Anatoliyada, Hindistonda va boshqa mamlakatlarda ham bor. Lekin bugun bu mamlakatlarning hech birining aholisini arab deb atash toʻgʻri boʻlmaydi.
Misr aholisi qorachadir. Habashiston aholisi qora tanli, ularga habash deyiladi. Zangibar aholisiga zanji deyiladi, ular ham qora tanli. Paygʻambarimizning qarindoshlarini, nabiralarini sevish va hurmat qilish – ibodatdir. Ularni har bir musulmon sevadi. Anatoliyaga mehmon boʻlib kelgan qora tanli fallohlar, habashlar, zanjilar hurmat va izzat-ikrom koʻrish uchun oʻzlarini arab deb tanishtirganlar, Anatoliyaning sof koʻngilli musulmonlari esa ularning soʻzlariga ishonib, ularni sevganlar. Chunki bu muhabbatda qora va oqning farqi yoʻq. Qora tanli bir musulmon oq tanli bir kofirdan bir necha barobar afzal, qimmatli va sevimlidir. Insonning qora tanli boʻlishi iymonning sharafini kamaytirmaydi. Hazrati Bilol Habashiy va Rasululloh juda yaxshi koʻrgan Usoma qora tanli edilar. Yomonliklari va pastliklari hammaga maʼlum boʻlgan kofirlar Abu Lahab va Abu Jahl oq tanli edi. Allohu taolo insonning rangiga emas, iymonining quvvatiga va taqvosiga qiymat beradi. Lekin qoralarning oʻzlarini arab deb tanishtirishlari Islom dushmanlari – yahudiylarning ishiga yaradi. Bir tomondan, ular qora tanli odamlarni past va jirkanch qilib koʻrsatdilar. Ularni qul qilib ishlatdilar.
Ikkinchi tomondan, qora mushuklarni, itlarni «Arab, arab» deb chaqirib, gazeta va jurnallarda bosgan qora rasmlar va karikaturalarni arab deb atab, yoshlarga arabni qora qilib koʻrsatishga, shu yoʻl bilan musulmon bolalarini Paygʻambarimizdan (sallallohu alayhi vasallam) sovutishga urindilar.
Goʻzal xulqlarning barchasi sevimli Paygʻambarimizda jamlangan edi. U zotning goʻzal xulqlari vahbiy, yaʼni Allohu taolo tomonidan berilgan boʻlib, kasbiy, yaʼni keyinchalik harakat qilib erishilgan emas edi. U zot hech qachon biror musulmonning ismini aytib laʼnat qilmaganlar va muborak qoʻllari bilan hech kimni urmaganlar. Alloh uchun intiqom olganlar, oʻzlari uchun esa hech kimdan intiqom olmaganlar. Qarindoshlariga, sahobalariga va xizmatkorlariga tavozeʼ bilan yaxshi muomala qilardilar. Uyda juda yumshoq va ochiq yuzli edilar. Bemorlarni ziyorat qilardilar, janozalarda hozir boʻlardilar. Sahobalarining ishlariga yordam berardilar, bolalarini quchoqlariga olardilar. Lekin qalblari bular bilan band boʻlmasdi. Muborak ruhlari farishtalar olamida edi. Rasulullohni toʻsatdan koʻrgan kishini qoʻrquv bosardi. Agar oʻzlari yumshoq muomala qilmaganlarida, paygʻambarlik holatlari tufayli hech kim yonlarida oʻtira olmas, soʻzlarini eshitishga toqat qila olmas edi. Holbuki oʻzlari hayolari tufayli muborak koʻzlari bilan hech kimning yuziga tikilib qaramasdilar.
Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) insonlarning eng saxiysi edilar. U zotdan biror narsa soʻralganda, «yoʻq» deganlarini hech kim koʻrmagan. Soʻralgan narsa boʻlsa, berardilar, boʻlmasa, javob bermasdilar.
U zotning shunchalik koʻp yaxshiliklari, shunchalik koʻp ehsonlari bor ediki, Vizantiya imperatorlari ham, Eron shohlari ham, boshqa biror hukmdor ham u zotchalik ehson qila olmasdi. Lekin oʻzlari tang holatda yashashni yaxshi koʻrardilar; shunday bir hayot kechirardilarki, yeyish-ichish xayollariga ham kelmasdi. Hech qachon: «Ovqat keltiringlar, yeylik» yoki «Falon ovqatni pishiringlar», – demasdilar. Ovqat keltirilsa, yeyardilar, qanday meva berishsa ham, qabul qilardilar. Baʼzan oylab oz yeyardilar, ochlikni yaxshi koʻrardilar. Baʼzan koʻp ham yeyardilar. Ovqatdan keyin suv ichmasdilar. Suvni oʻtirib ichardilar.2 Boshqalar bilan ovqatlanganlarida, hammadan keyin qoʻl tortardilar.3 Har kimning hadyasini qabul qilardilar. Hadya keltirgan kishiga hadyasidan bir necha barobar ortigʻini qaytarardilar.
Turli liboslar kiyish odatlari edi. Chet davlatlarning elchilari kelganda, bezanib, qimmatbaho va nafis liboslar kiyib, goʻzal yuzlarini koʻrsatardilar. Toshi aqiqdan boʻlgan kumush uzuk taqardilar va uni muhr sifatida ishlatardilar. Uzuklarida «Muhammadur Rasululloh» deb yozilgan edi. Toʻshaklari teridan boʻlib, ichi xurmo daraxtining tolalari bilan toʻldirilgan edi. Baʼzan shu toʻshak ustida, baʼzan yerga toʻshalgan teri ustida, baʼzan esa boʻyra yoki quruq tuproq ustida yotardilar. Muborak kaftlarini oʻng yonoqlari ostiga qoʻyib, oʻng yonlari bilan yotardilar.4 Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) zakot molini olmasdilar, xom piyoz va sarimsoq kabi narsalarni yemasdilar va sheʼr aytmasdilar. Paygʻambarimizning muborak koʻzlari uxlardi, qalbi shariflari esa uxlamasdi. Och yotib, toʻq turardilar. Hech esnamasdilar. Muborak vujudlari nurli edi, soyasi yerga tushmasdi. Liboslariga pashsha qoʻnmasdi, chivin va boshqa hasharotlar muborak qonlarini soʻrmasdi.
Allohu taolo u zotning Rasululloh ekanliklarini bildirgandan keyin, shaytonlar osmonlarga chiqib xabar ololmaydigan, kohinlar ham oldindan xabar bera olmaydigan boʻlib qoldilar. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) hozir ham biz bilmaydigan bir hayot bilan tirikdirlar. Jasadi shariflari aslo chirimaydi. Qabrlarida bir farishta turib, ummatlari aytgan salavotlarni u zotga yetkazib turadi. Minbarlari bilan qabri shariflari orasidagi joyga Ravzai mutahhara deyiladi. Bu joy – jannat bogʻlaridan biridir. Qabri shariflarini ziyorat qilish – toatlarning eng ulugʻi va ibodatlarning eng qimmatlisidir. Sahobai kiromning ulugʻlari Paygʻambarimizning goʻzalliklarini shunday taʼrifladilar. Abu Hurayra shunday dedi: «Men Rasulullohdan goʻzalroq biror kishini koʻrmadim. Goʻyo quyosh butun yogʻdusi bilan u zotning yuzlarida porlardi. Kulganlarida tishlari devorlarga yorugʻlik sochardi».
«Ummatim ichida meni eng koʻp sevganlar – mendan keyin keladigan, meni koʻrish uchun ahlini va molini fido qiladigan kishilardir» Hadisi sharif
Ibn Abu Hola shunday dedi: «Paygʻambarimizning muborak yuzlari oʻn toʻrtinchi kechaning oyidek porlardi». Hazrati Ali shunday dedi: «U zotni toʻsatdan koʻrgan kishini haybatlaridan qoʻrquv bosardi. U zot bilan suhbatlashib tanigan kishi esa darhol u zotga mehr qoʻyib, sevib qolardi».
Jobir ibn Samura shunday dedi: «Rasululloh muborak qoʻllari bilan yuzimni siladilar. Qoʻllarida goʻyo attorlarning, yaʼni xushboʻy narsalar sotadigan kishilarning xaltasidan yangi chiqarilgandek yoqimli hid va salqinlik sezdim. Rasululloh musofaha uchun biror kishining qoʻliga qoʻllarini tekkizsalar, kun boʻyi oʻsha kishining qoʻlidan bu xushboʻy hid ketmasdi».5
Hazrati Oisha onamiz shunday dedi: «Rasululloh biror bolaning boshini silasalar, boshqa bolalar orasida oʻsha bola xushboʻy hididan darhol bilinib turardi».6
Bir kuni Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uylarida uxlab yotgan edilar. Anas ibn Molikning onasi Ummu Sulaym keldi. Uyqu paytida Rasulullohning muborak yuzlarida ter tomchilari paydo boʻlgan edi. Ummu Sulaym Paygʻambarimizning muborak terlarini yigʻishga kirishdi. U zot uygʻonib, buning sababini soʻraganlarida, Paygʻambarimizning sut xolalari boʻlgan Ummu Sulaym: «Uni atirlarimizga qoʻshamiz. Teringiz – xushboʻy narsalarning eng goʻzali, eng yoqimli hidlisidir», – dedi.7
Abu Hurayra shunday dedi: «Yurishda Rasulullohdan tezroq yuradigan kishini koʻrmadim. Goʻyo yer u zotning oldilarida yigʻilib borardi. U zot bilan birga yurganimizda, bor kuchimizni sarflab, oʻzimizni zoʻrlardik».
Paygʻambarimiz nihoyatda goʻzal gapirardilar. Soʻzni qayerdan boshlab, qayerda tugatish kerakligini eng mukammal tarzda bilardilar. Soʻzlari aytilish jihatidan tiniq, nihoyatda fasih va taʼsirli edi. Soʻz va kalimalarida maʼnoning toʻgʻriligi hamisha oʻzini koʻrsatib turardi. Ifoda qudratlari nihoyatda yuksak boʻlgani uchun gapirganlarida aslo charchamasdilar va qiynalmasdilar.
Paygʻambarimizning goʻzalliklari
«Ulamoi rosixin» deb ataladigan, zohir va botin ilmlarda ustoz va Paygʻambarimizning vorislari boʻlgan ulugʻ Islom olimlari u zotni butun goʻzalliklari bilan koʻrib, u zotga oshiq boʻlganlar. Ularning boshida Abu Bakr Siddiq turadi. U Rasulullohdagi (sallallohu alayhi vasallam) paygʻambarlik nurini koʻrib, u zotning afzalliklari, goʻzalliklari va yuksakliklarini idrok etib, oshiq boʻldi va bu yoʻlda shu darajada ilgarilab ketdiki, boshqa hech kim unga oʻxshay olmadi. Hazrati Abu Bakr har lahzada, qayerga qaramasin, Rasulullohni koʻrardi. Bir gal holini shunday arz qilgan edi: «Yo Rasulalloh! Qayerga qarasam, sizni koʻraman». Yana bir gal: «Butun yaxshiliklarimni sizning bir sahvingizga (yanglishingizga) almashtirardim», – degan edi. Rasulullohning goʻzalliklarini eng yaxshi koʻrib, anglab, bayon qilganlardan biri moʻminlarning onasi hazrati Oisha onamiz edi. Hazrati Oisha olima, mujtahid, oqila, ziyrak va adiba edi. Nihoyatda fasih va taʼsirli gapirardi. Qurʼoni karimning maʼnolarini, halol va haromlarni, arab sheʼriyatini va hisob ilmini juda yaxshi bilardi. Rasulullohni madh etgan sheʼrlari bor. Quyidagi ikki baytni hazrati Oisha onamiz aytgan:
«Rasululloh biror bolaning boshini silasalar, boshqa bolalar orasida oʻsha bola xushboʻy hididan darhol bilinib turardi» Hazrati Oisha (roziyallohu anho)
Va lav samiʼu ahlu Misra avsofa xaddihi,
Lamo bazalu fi savmi Yusufa min naqdin.
Lavaimi Zaliyho lav raayna jabinahu,
Laosarna bil qatʼil qulubi alal aydi.
Tarjimasi:
Misrdagilar ul zot yonoqlarining husnini eshitsalar edi,
Yusuf alayhissalom savdosida hech pul bermas edilar.
(Butun mollarini ul yonoqlarni koʻrish uchun saqlardilar.)
Zulayhoni ayblagan ayollar ul zotning porloq peshonasini koʻrsalar edi,
Qoʻllarining oʻrniga qalblarini kesardilar (va ogʻrigʻini ham sezmasdilar).
Hazrati Oisha onamiz shunday hikoya qiladi: «Bir kuni Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) muborak kavushlarining tasmalarini yechayotgan edilar, men esa ip yigirayotgan edim. Muborak yuzlariga qaradim. Porloq peshonalaridan ter tomardi. Har bir ter tomchisi atrofga nur sochib, koʻzlarimni qamashtirardi. Hayratdan qotib qoldim. U zot menga qarab: „Senga nima boʻldi, nega bunday xayolga choʻmib qolding?“ – dedilar. Men: „Yo Rasulalloh! Muborak yuzingizdagi nurlarning porlashiga va muborak peshonangizdagi ter donalari sochayotgan yogʻdularga qarab, oʻzimni yoʻqotib qoʻydim“, – dedim. Rasululloh turib, yonimga keldilar. Ikki koʻzimning orasidan oʻpib: „Yo Oisha! Allohu taolo senga yaxshiliklar bersin! Sen meni sevintirganingdek, men seni sevintira olmadim“, – dedilar». Yaʼni: «Sening meni sevintirishing mening seni sevintirishimdan koʻproqdir», – dedilar. U zot hazrati Oishaning ikki muborak koʻzi orasidan oʻpdilar, chunki u Rasulullohni sevib, u zotning jamollarini anglab koʻrardi. Shu sababli u qadrlandi va taqdirlandi.
Misraʼ:
Ofarin koʻzlarimga, sizning goʻzalligingizni koʻra oladi!
Bayt:
Naqadar yaxshi u koʻzlar – goʻzalga boqmoqda!
Naqadar baxtli u qalb – ul zot uchun yonmoqda!
Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) muborak badanlarida jamlangan, botiniy goʻzalliklarni koʻrsatadigan zohiriy goʻzalliklar hech bir kishining badanida jamlanmagan.
Imom Qurtubiy hazratlari shunday rivoyat qilganlar: «Rasuli akramning goʻzalliklari butunlay koʻrinmagan. Agar haqiqiy goʻzalliklari koʻringanida, sahobai kirom u zotga qarashga toqat qila olmas edi. Agar haqiqiy goʻzalliklarini koʻrsatganlarida, hech kim qarashga chiday olmas edi».
Yusuf alayhissalom odamlarga zohiriy, Rasululloh esa botiniy goʻzalliklari bilan koʻrindilar. Yusuf alayhissalomning jamoli koʻrilganda, qoʻllar kesildi. Rasulullohning kamollari bilan esa zunnorlar kesildi, butlar sindirildi va kufr bulutlari tarqaldi. Sahobai kirom Paygʻambarimizdan: «Yo Rasulalloh! Siz goʻzalroqmisiz yoki Yusuf alayhissalom goʻzalroqmidilar?» – deb soʻrashdi. Paygʻambarimiz javoban: «Birodarim Yusuf mendan sobih (goʻzal), men esa undan malihman (yoqimliman). Uning koʻrinadigan goʻzalligi mening koʻrinadigan goʻzalligimdan koʻproq», – dedilar.
Bir hadisi shariflarida Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Allohu taolo yuborgan har bir paygʻambar goʻzal yuzli, goʻzal ovozli boʻlgan. Sizlarning Paygʻambaringiz esa ularning eng goʻzal yuzlisi va eng goʻzal ovozlisidir».
Bir kishi Rasulullohning huzurlariga kelib: «Ey Allohu taoloning Rasuli! Qiyomat qachon qoyim boʻladi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Qiyomat uchun nima tayyorlading?» – dedilar. Haligi kishi: «Toʻgʻrisi, men qiyomatga koʻp namoz oʻqib, roʻza tutib, sadaqa berib tayyorgarlik koʻrmadim. Lekin men Allohu taoloni va Uning Rasulini sevaman», – dedi. Shunda Paygʻambarimiz: «Kishi sevgani bilan birgadir», – dedilar.8
Rasulullohni sevish barcha musulmonlarga farzi ayndir.
U Sarvarning muhabbati bir koʻngilga joylashsa, Islom boʻyicha yashash, iymon va Islomning taʼmiga, toʻyib boʻlmas lazzatiga erishish juda oson boʻladi. Bu muhabbat ikki jahon sarvariga toʻliq ergashishga sabab boʻladi. Bu muhabbat bilan inson Allohu taolo Oʻz Habibiga ato qilgan cheksiz va taʼriflab boʻlmaydigan neʼmatlar va barakotlarga erishish sharafiga musharraf boʻladi. Kattayu kichik har bir musulmonni toʻgʻridan-toʻgʻri Rasulullohning muhabbatiga olib boradigan Ahli sunnat olimlari va ularning kitoblari – bu barakotlarning sanadlaridir.
Rasul alayhissalomning muborak ismlarini zikr qilgan yoki eshitgan moʻmin goʻyo Rasulullohning sharafli majlislarida turgandek sukunat, odob hamda qalbi va badani bilan taʼzimda boʻlishi vojibdir.
Rasulullohning muborak soʻzlari va ishlaridan bildirilgan biror narsaga u zotning shonlarini yuksaltiradigan biror narsa bilan javob berish u zotga taʼzim va hurmatdandir. Odamlar orasida past va tuban martaba uchun ishlatiladigan soʻzlar bilan Rasulullohni vasf qilmaslik ham u zotga taʼzimdandir.
Masalan, Rasulullohga faqir deyilmaydi. Choʻpon deyilmaydi. «Rasululloh falon narsani yaxshi koʻrardilar», deyilganda: «Men esa uni yaxshi koʻrmayman», – demaslik u zotga taʼzimdandir. Shuningdek, Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam): «Men biror narsaga yonboshlab, suyanib ovqat yemayman»,9 – deganlariga: «Men esa suyanib yeyman», – deb, keyin yonboshlab yeb, u zotga qarshi chiqmaslik kerak. Bularga rioya qilish Rasulullohga boʻlgan taʼzimga kiradi. Bularga ahamiyat bermaslik niyati bilan ataylab rioya qilmaslik kufr eshiklarini ochadi.
Qurʼoni karim va hadisi sharif kitoblarining ustiga boshqa biror kitob yoki biror uy buyumini qoʻymaslik ham Allohu taologa va Uning Rasuliga taʼzimdandir. Ular ustidagi changni artish, ichida Allohu taoloning ismi sharifi yoki Rasulullohning muborak ismlari yozilgan qogʻozni tashlamaslik Allohu taologa va Uning Rasuliga taʼzimdir. Bunday qogʻozlar yirtilmaydi. Islom harflari bilan yozilgan qogʻozlarga yanada koʻproq hurmat koʻrsatish lozim. Agar ichida Allohu taoloning ismi sharifi va oyati karimalar boʻlgan kitoblar va qogʻozlar eskirgani sababli yirtilsa, ularni toza matoga oʻrab, tuproqqa koʻmish, yoki suv bilan yuvib, yozuvlarini oʻchirish, yoki yoqish kerak. Yoqilsa, kuli koʻmiladi. Yoqish yuvib yozuvlarni ketkazishdan yaxshiroqdir, chunki yuvishda ishlatilgan suv oyoq ostida qolishi mumkin.
Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) haramlari boʻlgan Madinai munavvarani ulugʻlash va hurmat qilish, u yerda taqiqlangan narsalardan (yoki gunoh qilishdan) saqlanish va Madinai munavvara ahliga ikrom koʻrsatish ham Rasulullohga taʼzimdan hisoblanadi.
Vujudim mulkining sultoni – siz,
Shaksiz, jonimning jononi – siz,
Sezoiy endi borini mahv etdi,
Bor boʻlgan yagona ehson – siz.
Hasan Sezâî
«Birodarim Yusuf mendan sobih (goʻzal), men esa undan malihman (yoqimliman). Uning koʻrinadigan goʻzalligi mening koʻrinadigan goʻzalligimdan koʻproq» Hadisi sharif
