PAYGʻAMBARIMIZNING MUBORAK ISMLARI
Sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) eng koʻp aytiladigan ismlari – «Muhammad». Bu ism «juda koʻp maqtalgan, nihoyatda maʼqul koʻrilgan» degan maʼnoni anglatadi. Bu ism Qurʼoni karimda toʻrt marta keladi: Oli Imron surasi, 3:144; Ahzob surasi, 33:40; Fath surasi, 48:29 va Muhammad surasi, 47:2. Iso alayhissalom ham, Saff surasining 6-oyati karimasida bildirilganidek, oʻz ummatlariga shunday xabar berganlar, maʼnosi: «Ey Bani Isroil! Men sizlarga yuborilgan Allohning paygʻambariman. Men Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan bir paygʻambar haqida xushxabar beruvchi boʻlib keldim, u paygʻambarning ismi – Ahmad». Ahmad – «eng koʻp maqtalgan, sevilgan» deganidir.
«Muhammad» va «Ahmad» ismlaridan tashqari, sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Qurʼoni karimda Mahmud, Rasul, Nabiy, Shohid, Bashir, Nazir, Mubashshir, Munzir, Doʼiy ilalloh, Siroji munir, Rauf, Rahim, Musaddiq, Muzakkir, Muddassir, Abdulloh, Karim, Haq, Munir, Nur, Xotamun nabiyyin, Rahmat, Neʼmat, Hodiy, Toha, Yosin… deb zikr qilinganlar. U zotning muborak ismlarining bir qismi Qurʼoni karimda, bir qismi hadisi shariflarda, bir qismi esa avvalgi paygʻambarlarga yuborilgan muqaddas kitoblarda zikr qilingan. Baʼzi hadisi shariflarda Paygʻambarimizning ismlari Mohiy, Oqib, Muqaffiy, Nabiyyur rahma, Nabiyyut tavba, Nabiyyul malohim, Qattol, Mutavakkil, Fotih, Xotam, Mustafo, Ummiy, Qusam (har bir xayrni oʻzida jamlagan) deb keladi. Bir hadisi sharifda Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Menga xos beshta ism bor: men – Muhammadman, men – Ahmadman, men – Mohiyman: Allohu taolo men orqali kufrni yoʻq qiladi. Men – Hoshirman: qiyomat kuni odamlar mening izimdan hashr qilinadilar. Men – Oqibman: mendan keyin paygʻambar yoʻq».1
Sevimli Paygʻambarimizga hazrati Xadichadan tugʻilgan va yoshligida vafot etgan oʻgʻillari Qosim sababli «Abul Qosim» kunyasi berilgan. Shuningdek, paygʻambarliklaridan oldin ham u zotdagi rostgoʻylik, ishonchlilik, omonatdorlik kabi sanab adogʻiga yetib boʻlmaydigan yuksak fazilatlari uchun Quraysh qabilasi orasida u zotni «Al-Amin» deb chaqirganlar. Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) Qurʼoni karimda kelgan ismlaridan biri – Qurʼoni karimning qalbi boʻlgan Yosin surasidagi «Yosin» kalimasidir. Ulamoi rosixinning ulugʻlaridan boʻlgan Sayyid Abdulhakim Arvosiy hazratlari shunday dedilar: «Yosin – „ey Mening yaqiyn dengizimning suzuvchisi boʻlgan Habibim“, yaʼni „ey Mening muhabbat dengizimning gʻavvosi boʻlgan Habibim“ demakdir». Bu dengizning nomini eshitganlar, uni uzoqdan koʻrganlar, unga yaqin kelganlar, ichiga kirib, nasibalaricha chuqurga tushganlarning barchasi umrlarining har bosqichida Rasulullohning ishqi bilan yonib-kuyib yashaganlar, bu ishqlarini oʻtli faryodlar, ichdan toʻkilgan koʻz yoshlari va kuydiruvchi misralar bilan izhor qilganlar. Ular orasida eng ulugʻ va mashhurlaridan biri, bu muhabbat dengizidan katta nasiba olgan zot – Mavlono Xolid Bagʻdodiy hazratlaridir. U kishi Rasulullohga boʻlgan muhabbatlari va ishqlarini izhor qilgan qasidalaridan birida shunday yozadilar:
«Ey Bani Isroil! Men sizlarga yuborilgan Allohning paygʻambariman. Men Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan bir paygʻambar haqida xushxabar beruvchi boʻlib keldim, u paygʻambarning ismi – Ahmad» Saff: 6
Ey Sarvari olam, sizga oshiq boʻlib yonarman!
Qayerda boʻlsam ham, ul goʻzal jamolingiz istarman.
Qoba qavsayn taxtining sultoni – siz, men esam bir hech,
«Mehmoningizman» deyishni ham beadablik sanarman.
Jahonda har narsa sizning sharafingizga yaratildi,
Rahmatingiz menga ham yogʻsa, oʻsha on bahorim boʻlur.
Har kim Kaʼbani tavof etgani Hijozga kelur,
Men esa sizga yetishmoq shavqida togʻlardan osharman.
Tushimda boshimga saodat tojini kiydirdilar,
Oyogʻingiz tuprogʻi yuzimga sepilgandek sezarman.
Doʻstini madh etgan oshiqlarning bulbuli, ey Jomiy!
Devoningdagi shu satrlar mening tarjimonim boʻlur:
«Tili osilgan, tashna qolgan, qoʻtir bir it kabi
Sizning ehson dengizingizdan bir tomchi orzu qilarman».
Paygʻambarimizni madh etib yozilgan ayrim sheʼrlar va madhiyalarni bir chetga qoʻyganda ham, u zot haqida juda koʻp asarlar yozilgan. Ularni yozganlar orasida shuhrati va sanʼati butun dunyoni va asrlarni qamrab olganlar ham Rasulullohni madh etishdan ojiz ekanliklarini bayon qilganlar. U zotni koʻrib, goʻzalliklariga oshiq boʻlganlar tillari yetgancha u zotni tasvirlashga uringanlar va bu goʻzallikni bildirishga inson kuchi yetmaydi, deganlar.
Islom olimlarining kitoblarida oʻsha oshiqlar xabar bergan yuzlab narsalar yozilgan. Ularni oʻqiganlar Allohu taolo Oʻzining sevimli Paygʻambarini tasavvur qilib boʻlmaydigan bir mukammallikda va qarab toʻyib boʻlmaydigan bir goʻzallikda yaratganini darhol anglaydilar. Odamlar u zotni koʻrmasdan ham u zotga koʻngil beradilar. Habibullohga oshiq boʻlganlar har nafasda oʻpkalariga kirgan havoning salqinligida u zotga boʻlgan muhabbatning taʼmini tuyadilar. Oyga har qaraganlarida u zotning muborak koʻzlaridan kelgan nurlarning aksini izlab, zavq oladilar. U zotning goʻzallik dengizidan bir tomchiga erishganlarning har bir zarrasi shunday deydi:
Goʻzal yonogʻingizni tanigan gulga hech boqmas,
Sizning muhabbatingizda erigan darmon axtarmas!
Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan bir hadisi sharifda shunday deyilgan: «Men unga farzandidan ham, otasidan ham va barcha odamlardan ham sevimliroq boʻlmagunimcha, sizlardan hech biringiz iymon keltirgan boʻlmaydi».2 Bir kuni hazrati Umar Paygʻambarimizga: «Yo Rasulalloh! Allohu taologa qasam ichamanki, jonimdan boshqa hamma narsadan siz menga sevimliroqsiz», – dedi. Shunda Rasululloh: «Men unga oʻz jonidan ham sevimliroq boʻlmagunimcha, sizlardan hech biringiz aslo iymon keltirgan boʻlmaydi», – dedilar. Shundan keyin hazrati Umar: «Yo Rasulalloh! Sizga Qurʼoni karimni nozil qilgan Allohu taologa qasam ichamanki, siz menga oʻz jonimdan ham sevimliroqsiz», – dedi. Shunda Paygʻambarimiz: «Ey Umar, endi (komil) boʻldi», – dedilar.
Fazo asri, kompyuterlar,
Necha zamonaviy vositalar –
Barchasining manbai Qurʼonda,
Siz – rahmat, yo Rasulalloh.
Tajribaga ahamiyat berdingiz,
Ilm-fanni oʻrganishga,
Olgʻa yoʻl koʻrsatdingiz,
Siz – nur, yo Rasulalloh.
Sizni sevgan – bizga yordir,
Sizsiz bizga dunyo tordir,
Har narsa siz uchun bordir,
Siz – neʼmat, yo Rasulalloh.
Sizdan oldi fikrlarni,
Ilm-fanni va sanʼatni,
Foydalandi Sharqu Gʻarb ham,
Siz – peshvo, yo Rasulalloh.
Nima desangiz, rost chiqdi
Oʻn besh asr avvalidan,
Muhammadul Amin – siz,
Siz – odil, yo Rasulalloh.
Yaxshilikda, adolatda,
Saxovatda, asolatda,
Marhamatda, fazilatda
Siz – namuna, yo Rasulalloh.
«Men unga oʻz jonidan ham sevimliroq boʻlmagunimcha, sizlardan hech biringiz aslo iymon keltirgan boʻlmaydi» Hadisi sharif
Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) masjidi shariflari ustidagi «Qubbai Xazro / Yashil gumbaz» deb ataladigan gumbazning tashqaridan koʻrinishi
