PAYGʻAMBARIMIZ BILAN TAVASSUL
Paygʻambarimiz bilan har doim – u zot yaratilishlaridan oldin ham, yaratilganlaridan keyin ham, dunyodagi hayotlarida ham, vafotlaridan keyin barzax (qabr) olamida ham – tavassul1 qilingan; qiyomat kuni tirilgandan keyin Arasot maydonida va jannatda ham qilinadi. Vasila – Allohu taolo Oʻz huzurida yaqinlikka va hojatlarning ravo boʻlishiga sabab qilgan har bir narsadir. Rasuli akram bilan tavassul, yaʼni Rasulullohni Allohu taolo huzurida vasila qilish, u zotning yordamlarini va shafoatlarini soʻrash joizdir. Bular salafi solihin (sahoba, tobeʼin va tabaʼi tobeʼin), ulamo va boshqa musulmonlar qilgan ishlardandir. Musulmonlardan hech kim buni yomon koʻrmagan. Shu paytgacha buzuq eʼtiqodli kimsalardan boshqa buni qabul qilmaydigan hech kimga duch kelinmagan. Insonlarning otasi Odam alayhissalom yerga tushirilganlarida Paygʻambarimizni vasila qilganlar. Buni sevimli Paygʻambarimiz bir hadisi shariflarida shunday hikoya qilganlar: «Odam (alayhissalom) xatolari sababli jannatdan chiqarilganlarida: „Yo Rabbim! Meni Muhammadning hurmati uchun kechir“, – dedilar. Allohu taolo: „Yo Odam! Muhammadni qayerdan bilding? Axir Men uni hali yaratganim yoʻq“, – dedi. Odam (alayhissalom): „Yo Rabbim! Meni yaratib, menga ruh berganingda, koʻzimni ochib qaraganimda, Arshning chetida «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» deb yozilganini koʻrdim. Ismini Oʻz isming bilan birga sevganing – oʻshadir“, – dedilar. Allohu taolo: „Toʻgʻri aytding, ey Odam! Maxluqotimdan eng koʻp sevganim – oʻshadir. Uning hurmati uchun afv soʻraganing sababli seni kechirdim“, – dedi».2 Bir rivoyatga koʻra esa Allohu taolo: «U – sening zurriyotingdan keladigan bir Paygʻambardir. Agar uni yaratmaganimda, seni ham, avlodingni ham yaratmas edim. Uni shafoatchi qilib koʻrsatganing uchun seni kechirdim, afv etdim», – dedi.3
Bunga oid minglab misollar bor. Ulardan bir nechtasi quyida keltiriladi. Ikki koʻzi koʻr bir kishi koʻzlarining ochilishi uchun Rasulullohdan duo soʻradi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Istasang, duo qilaman. Lekin sabr qilib chidasang, sen uchun yaxshiroq boʻladi», – dedilar. U: «Sabr qilishga kuchim qolmadi. Duo qilishingizni yolvorib soʻrayman», – dedi. Shunda u zot: «Unday boʻlsa, tahorat olib, ushbu duoni oʻqi!» – dedilar:
«Allohumma inniy asʼaluka va atavajjahu ilayka bi Nabiyyika Muhammadin Nabiyyir rohmah. Yo Muhammad, inniy atavajjahu bika ila Robbiy fi hojatiy hazihi, lituqzo liy. Allohumma shaffiʼhu fiyya».
Bu kishi shu duoni oʻqiganida, Allohu taolo duosini qabul qilib, koʻzlari ochilganini hadis olimlaridan imom Nasoiy rivoyat qiladi. Rasulullohning vasila qilinishlari haqida hazrati Usmon ibn Hanif ushbu voqeani hikoya qiladi: «Usmon ibn Affon xalifa ekanida, katta bir qiyinchiligi boʻlgan bir kishi xalifaning oldiga chiqishga uyalgani uchun menga dardini aytgan edi. Men unga: „Darhol tahorat ol! Masjidi saodatga bor! Yuqorida bildirilgan duoni qil va tilagingni ayt“, – dedim. Bechora duo qilgandan keyin xalifa turgan joyga boribdi va uni xalifaning huzuriga kiritibdilar. Xalifa uni joynamozi ustiga oʻtqazib, dardini tinglabdi va tilagini qabul qilibdi. Bechora ishining birdan bitganini koʻrib, sevinib mening oldimga keldi. „Allohu taolo sizdan rozi boʻlsin! Agar siz xalifaga aytmaganingizda, bu qiyinchilikdan qutula olmas edim“, – dedi. U meni xalifa bilan gaplashgan deb oʻylagan ekan».
«(Ey Odam!) U – sening zurriyotingdan keladigan bir Paygʻambardir. Agar uni yaratmaganimda, seni ham, avlodingni ham yaratmas edim. Uni shafoatchi qilib koʻrsatganing uchun seni kechirdim, afv etdim» Hadisi qudsiy
Hazrati Umar xalifa ekanida bir marta qahatchilik boʻldi. Sahobai kiromdan Bilol ibn Horis Rasulullohning turbalariga borib: «Yo Rasulalloh! Ummatingiz ochlikdan oʻlay deb turibdi. Yomgʻir yogʻishi uchun vasila boʻlishingizni yolvorib soʻrayman», – dedi. Rasululloh oʻsha kecha uning tushida koʻrinib: «Xalifaning oldiga bor! Mendan salom ayt! Yomgʻir duosiga chiqsin!» – dedilar. Hazrati Umar yomgʻir duosiga chiqqanda, yomgʻir yogʻa boshladi. Allohu taolo sevgan bandalarining xotiri uchun duolarni qabul qiladi. Allohu taolo Muhammad alayhissalomni juda sevishini bildirgan. Shuning uchun bir kishi: «Allohumma inniy asʼaluka bi johi Nabiyyikal Mustafo», – deb duo qilsa, duosi rad qilinmaydi. Shunga qaramay, mayda-chuyda dunyo ishlari uchun Rasulullohni vasila qilish odobga toʻgʻri kelmaydi. Burhoniddin Ibrohim Molikiy shunday dedi: «Juda och qolgan bir faqir Hujrai saodatga borib: „Yo Rasulalloh! Qornim och“, – dedi. Bir ozdan keyin bir kishi kelib, faqirni uyiga olib ketdi va qornini toʻydirdi. Faqir qilgan duosi qabul boʻlganini aytganida, u kishi: „Birodarim! Bola-chaqangdan ayrilib, uzoq yoʻllardan mashaqqatlar chekib, Rasulullohni ziyorat qilish uchun kelding. Bir luqma non uchun Rasulullohning huzurlariga chiqish yarashadimi? U yuksak huzurda jannatni va abadiy neʼmatlarni soʻrashing kerak edi! Bu yerda soʻralgan narsalarni Allohu taolo rad etmaydi“, – dedi. Rasulullohni ziyorat qilish sharafiga erishganlar qiyomat kunida u zotning shafoat qilishlari uchun duo qilishlari kerak». Bir kuni imom Abu Bakr Muqriy imom Tabaroniy va Abu Shayx bilan Masjidi saodatda oʻtirgan edilar. Bir necha kundan beri hech narsa yemaganlari uchun juda ochiqqan edilar. Imom Abu Bakr endi chiday olmay: «Yo Rasulalloh, ochman!» – degandan keyin bir burchakka chekildi. Sayyidlardan bir kishi ikki xizmatkori bilan kelib: «Birodarlarim! Bobom Rasulullohdan ochlikdan yordam soʻrabsizlar. U zot sizlarni toʻydirishimni buyurdilar», – dedi. Keltirganlarini birgalikda yedilar. Ortganini ularga qoldirib ketdi. Islom olimlaridan Abu Abdulloh ibn Nuʼmon Marrakushiy Tilimsoniy (683 / milodiy 1284) «Misbohuz-zulom» nomli qimmatli kitobida Rasulullohni vasila qilib, murodlariga yetgan yuzlab musulmonlarni va ularning duolarini batafsil yozadi. Rasulullohni vasila qilib, murodlariga yetganlardan biri Muhammad ibn Munkadirdir. U shunday hikoya qiladi: «Bir kishi otamga sakson oltin qoldirib, jihodga ketgan edi. „Bularni saqla! Juda muhtoj boʻlganga ham yordam berishing mumkin“, – degan edi. Madinada qahatchilik boʻldi. Otam oltinlarning hammasini ochlikdan qiynalganlarga tarqatdi. Oltinlarning egasi kelib, ularni soʻradi. Otam: „Bir kechadan keyin kel“, – dedi. Hujrai saodatga borib, tonggacha Rasulullohga yolvordi. Yarim kechada bir kishi kelib: „Qoʻlingni choʻz!“ – dedi. Bir hamyon oltin berib, soʻngra gʻoyib boʻldi. Otam uyda oltinlarni sanab, saksonta ekanini koʻrgach, sevinib, darhol egasiga berdi».
Abu Abdulloh Tilimsoniy hazratlari bu kitoblarida boshlaridan oʻtgan bir voqeani ham shunday hikoya qiladilar:
«637 (milodiy 1239) yilda Sadar qalʼasidan sara bir jamoat bilan birga yoʻlga chiqdik. Yonimizda bizga yoʻl koʻrsatadigan bir kishi bor edi. Bir muddat yurgandan keyin suvimiz tugadi. Suv izlay boshladik. Men ham shu orada hojatimni chiqarish uchun ketdim. Shu payt meni qattiq uyqu bosdi. „Baribir ketayotganlarida meni uygʻotadilar“, – deb boshimni yerga qoʻydim.
Uygʻonganimda oʻzimni sahro oʻrtasida yolgʻiz-yolgʻiz koʻrdim. Hamrohlarim meni unutib ketgan ekanlar. Yolgʻizlikdan katta qoʻrquvga tushdim. Sahroda oʻngga-chapga yura boshladim. Qayerdaligimni, qayerga borishimni bilmas edim. Hamma tomon tekis qum edi. Bir ozdan keyin qorongʻi tushdi. Biz safar qilgan karvonning izi ham yoʻq edi. Men tun qorongʻisida yolgʻiz-yolgʻiz edim. Qoʻrquvim yanada kuchaydi. Hayajon bilan tezroq yura boshladim. Bir muddat yurgandan keyin juda chanqab, charchab, holdan toyib yerga yiqildim. Endi hayotimdan umidimni uzib, oʻlimim yaqinlashganini seza boshlagan edim. Taʼriflab boʻlmaydigan azob ichida edim, iztirob va alamim soʻnggi chegarasiga yetgan edi. Birdan yodimga tushdi. Tun qorongʻisida butun kuchimni toʻplab, samimiyat va ixlos bilan soʻnggi bir marta: „Yo Rasulalloh! Madad! Sizdan Allohu taoloning izni bilan yordam berishingizni soʻrayman!“ – deb ingladim. Soʻzimni tugatishim bilan bir kishining menga ovoz berganini eshitdim. Ovoz kelgan tomonga qaraganimda, tun qorongʻisida atrofiga nur sochayotgan, oppoq kiyimlar kiygan, shu paytgacha hech koʻrmagan bir kishining meni chaqirayotganini koʻrdim. U menga yaqinlashib, qoʻlimdan tutdi. Shu onda butun charchogʻim va chanqogʻim yoʻqoldi. Goʻyo qayta tugʻilgandek boʻldim. Unga koʻnglim birdan ilib qoldi. Qoʻl ushlashib bir muddat yurdik. Hayotimning eng shirin onlaridan birini yashayotganimni his qildim. Bir qum tepachasidan oshgach, birga safar qilgan karvonimizning chiroqlarini koʻrib, hamrohlarimning ovozlarini eshitdim. Ularning yoniga tomon yaqinlashdik. Men mingan ulov eng orqada ularga ergashib kelayotgan edi. U birdan kelib, oldimda toʻxtadi. Ulovimni oldimda koʻrib, sevinchdan qichqirib yubordim. Men qichqirganimda, men bilan kelgan zot qoʻlini qoʻlimdan tortib oldi. Soʻngra qoʻlimdan tutib, meni ulovimga mindirdi. Keyin esa: „Bizdan biror narsa soʻragan va yordam talab qilgan kishini biz quruq qaytarmaymiz“, – deb, ortiga qaytib ketdi. Shunda u zotning Rasululloh ekanlarini angladim. U zot ortlariga qaytib ketayotganlarida, atrofga sochgan nurlari tun qorongʻisida osmonga tomon koʻtarilayotgani koʻrinib turardi. U zot koʻzimdan gʻoyib boʻlgach, birdan oʻzimga keldim. „Qanday qilib men Rasulullohning qoʻllarini, oyoqlarini oʻpmadim!“ – deb talpindim, lekin ish ishdan oʻtgan, fursat qoʻldan ketgan edi». Abul Xayr Aqtaʼ Madinada besh kun och qolgan edi. Hujrai saodatning yoniga kelib, Rasulullohga salom berdi. Och ekanini bildirdi. Bir chetga chekinib uxladi. Tushida Rasulullohning kelayotganlarini koʻrdi. U zotning oʻng tomonlarida Abu Bakr Siddiq, chap tomonlarida Umarul Foruq va oldilarida Aliyyul Murtazo bor edi.
Hazrati Ali kelib: «Yo Abul Xayr! Tur, nega yotibsan? Rasululloh kelmoqdalar!» – dedi. U darhol turdi. Rasululloh kelib, unga katta bir non berdilar. Abul Xayr shunday deydi: «Juda och boʻlganim uchun darhol yeya boshladim. Yarmini yeb boʻlganimda uygʻonib ketdim. Qolgan yarmini qoʻlimda topdim».
«Biror narsadan zarar koʻrgan kishi nuqsonsiz tahorat olib, ikki rakat namoz oʻqisin! Soʻngra: „Yo Rabbim! Sendan soʻrayman. Olamlarga rahmat boʻlgan Paygʻambaring Muhammad alayhissalomni vasila qilib, Senga yolvoraman. Yo Muhammad! Tilagimni qabul qilishi uchun Rabbimga sizni vasila qilaman. Yo Rabbim! Uni menga shafoatchi qil!“ – desin» Hadisi sharif
«Misbohuz-zulom» kitobida yana shunday hikoya qilinadi: Ahmad ibn Muhammad Sufiy shunday deydi: «Hijoz sahrolarida bor-yoʻgʻimdan ayrildim. Madinaga keldim. Hujrai saodat yonida Rasulullohga salom berdim. Bir chetda oʻtirib uxladim. Rasululloh koʻrinib: „Keldingmi, Ahmad? Kaftingni och!“ – dedilar. Kaftimni oltin bilan toʻldirdilar. Uygʻondim. Qoʻllarim oltinga toʻla edi». Imom Samhudiy ham «Madina tarixi» nomli kitobida boshidan oʻtgan bir voqeani shunday hikoya qiladi: «Eshigimning kalitini tushirib yubordim. Topa olmadim. Hujrai saodat oldiga kelib: „Yo Rasulalloh! Kalitimni tushirib yubordim. Uyimga kira olmayapman“, – dedim. Shu payt bir bola keldi. Qoʻlidagi kalitni koʻrsatib: „Men buni topib oldim. Siznikimi?“ – dedi».
Kilislik Mustafo Ishqiy afandi «Mevârid-i Mecîdiyye» nomli tarix kitobida shunday deydi: «Makkada yigirma yil yashadim. Oltmish oltin yigʻib, 1247 (milodiy 1831) yilda bola-chaqam bilan Madinaga keldim. Pullar yoʻlda tugadi. Bir tanishimnikida mehmon boʻlib, Hujrai saodatga keldim. Rasulullohdan yordam soʻradim. Uch kundan keyin biz turgan uyga bir bek kelib, men uchun bir uy ijaraga olganini aytdi. Narsalarimni oʻsha yerga tashitdi. Bir yillik ijara haqini toʻladi. Bir necha oydan keyin men kasal boʻlib, bir oy yotdim. Uyda yeyishga ham, sotishga ham hech narsa qolmadi. Xotinimning yordami bilan tomga chiqib, Rasulullohning turbalariga qarab, qiyinchiligimni aytib, yordam tilamoqchi boʻldim. Qoʻllarimni koʻtarganimda, dunyolik soʻrashdan uyaldim. Hech narsa deya olmadim. Xonamga tushdim. Ertasi kuni bir kishi kelib: „Falon afandi bu oltinlarni sizga hadya qilib yubordi“, – dedi. Hamyonni oldim. Tirikchiligimiz izga tushgan boʻlsa ham, kasaldan qutula olmadim. Birovning yordamida Hujrai saodat oldiga kelib, Rasulullohdan shifo soʻradim. Masjiddan chiqib, hech kimdan yordam soʻramay, uyimga piyoda ketdim. Uyga kirayotganimda kasalligimdan asar ham qolmagan edi. Koʻz tegmasligi uchun bir necha kun koʻchaga hassaga tayanib chiqdim. Lekin pul tugagan edi. Bola-chaqamni qorongʻida qoldirib, Masjidi Nabaviyga keldim. Xufton namozidan keyin qiyinchiligimni Rasulullohga aytdim. Yoʻlda men tanimaydigan bir kishi yonimga kelib, qoʻlimga bir hamyon tutqazdi. Uning ichida har biri toʻqqiz qurushlik qirq toʻqqiz oltin bor edi. Sham va kerakli narsalarni olib, uyga keldim».
«Şakâyık-i Nu’mâniyye» kitobining tarjimasi ikkinchi jildida shunday deyiladi: Usmonli davlatining birinchi shayxulislomi va oʻz zamonasining mujaddidi boʻlgan buyuk Islom olimi Mavlono Shamsiddin Muhammad ibn Hamza Fanoriyning koʻzlariga parda tushib, koʻrmay qoldi. Bir kecha Rasululloh unga: «Toho surasini tafsir qil!» – deganlarida, u: «Yuksak huzuringizda Qurʼoni karimni tafsir qilishga kuchim yetmaganidek, koʻzlarim ham koʻrmaydi», – debdi. Paygʻambarlarning tabibi boʻlgan Rasululloh muborak xirqalaridan bir parcha paxta chiqarib, uni muborak tupuklari bilan hoʻllab, uning koʻzlari ustiga qoʻyibdilar. Mullo Fanoriy uygʻonib, paxtani koʻzlari ustida topib, uni olganida koʻra boshlabdi. Allohu taologa hamd va shukr aytibdi. Paxta tolalarini saqlab, vafot etganida koʻzlari ustiga qoʻyilishini vasiyat qilibdi. 834 (milodiy 1431) yilda Bursada vafot etganida vasiyatini bajo keltirdilar.
Abbosiy xalifalaridan Abu Jaʼfar Mansur Masjidi Nabaviy ichida imom Molik bilan gaplashayotgan edi. Imom Molik: «Ey Mansur! Bu yer – Masjidi saodatdir! Past ovoz bilan gapir! Haq taolo Hujurot surasida, maʼnosi: „Ovozlaringizni Rasulullohning ovozidan baland koʻtarmanglar!“4 – deb, bir jamoatni koyidi. „Rasulullohning huzurida ovozlarini past qiladiganlar…“5 degan oyati karima bilan esa past ovozda gapiradiganlarni maqtadi. Rasulullohga vafotlaridan keyin hurmat koʻrsatish tirik ekanlarida hurmat koʻrsatish kabidir», – dedilar. Mansur boshini egib: «Yo Abu Abdulloh! Qiblaga qarab turayinmi yoki Qabri saodatga qarabmi?» – deb soʻradi. Imom Molik hazratlari: «Rasulullohdan yuzingni oʻgirma! Qiyomat kunining shafoatchisi boʻlgan u ulugʻ Paygʻambar (sallallohu taolo alayhi vasallam) qiyomat kuni sening va otang Odam alayhissalomning najot topishiga vasila boʻladilar. Sen Qabri saodatga yuzlanib, Rasulullohning muborak ruhlariga panoh tilab, shafoat soʻrashing kerak. Niso surasining 64-oyati karimasida shunday deyiladi, maʼnosi:
«Nafslariga zulm qilganlar (oʻzlariga yomonlik qilganlar) sizning oldingizga kelib, Allohu taolodan magʻfirat soʻrasalar va Rasulim ham ular uchun magʻfirat soʻrasa, Allohu taoloni tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli topadilar». Bu oyati karima Rasulullohni vasila qilganlarning tavbalari qabul qilinishiga vaʼda bermoqda», – dedilar. Shundan keyin Mansur oʻrnidan turib, Hujrai saodat oldida turdi va: «Yo Rabbim! Bu oyati karimada Sen Rasulingni vasila qilganlarning tavbasini qabul qilishingni vaʼda qilding. Men ham ulugʻ Paygʻambaringning yuksak huzuriga kelib, Sendan magʻfirat soʻrayman. U zot tirik ekanlarida magʻfirat soʻragan va Sen magʻfirat qilgan bandalaring kabi meni ham magʻfirat qil! Yo Rabbim! Nabiyyur rahma (rahmat paygʻambari) boʻlgan ulugʻ Paygʻambaringni vasila qilib, Senga yolvoraman. Ey paygʻambarlarning eng ulugʻi boʻlgan Muhammad alayhissalom! Sizga tavassul qilib, Rabbimga yolvordim. Yo Rabbim! U ulugʻ Paygʻambarni menga shafoatchi qil!» – deb yolvora boshladi. U orqasini qiblaga, yuzini Muvajahai saodat panjarasiga qaratib, tik turgan holda duo qildi. Minbari Nabaviy uning chap tomonida qolgan edi. Imom Molikning xalifa Mansurga bergan nasihati Hujrai saodat oldida duo qilayotganlarning juda hushyor boʻlishlari lozimligini koʻrsatadi. U maqomga loyiq odob va hurmatni koʻrsata olmaydigan kishilarning Madinai munavvarada uzoq qolishlari toʻgʻri boʻlmaydi, deyilgan. Anatoliya qishloqilaridan biri Madinai munavvarada uzoq yillar yashab, uylanib, Hujrai saodatda maʼlum bir xizmatga kirgan edi. Bir kuni u isitmali kasallikka chalindi va uning ayron ichgisi keldi. «Agar qishlogʻimda boʻlganimda edi, qatiqdan ayron qildirib ichardim», – degan fikr koʻnglidan oʻtdi. Oʻsha kecha Rasululloh Shayxul Haram afandining tushida koʻrinib, u kishining xizmatini boshqa birovga berishni buyurdilar. Shayxul Haram: «Yo Rasulalloh! U xizmatni ummatingizdan falon kishi ado etmoqda», – deganida, u zot: «Oʻsha kishiga ayt! Qishlogʻiga qaytib, ayron ichsin!…» – dedilar. Ertasi kuni bu amr yetkazilganda, qishloqi: «Bosh ustiga!» – deb, oʻz yurtiga ketdi.
«Nafslariga zulm qilganlar sizning oldingizga kelib, Allohu taolodan magʻfirat soʻrasalar va Rasulim ham ular uchun magʻfirat soʻrasa, Allohu taoloni tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli topadilar» Niso: 64
Koʻngildan oʻtgan birgina fikr shunchalik zarar yetkazgan boʻlsa, Alloh asrasin, hazil boʻlsa ham aytilgan oʻrinsiz bir soʻzning yoki odobga toʻgʻri kelmaydigan bir harakatning qanchalik katta zarari boʻlishini bundan anglash kerak.
Sizni sevgan moʻminning qalbidagi iymonisiz,
Gʻami hech boʻlmas, dardining darmonisiz,
Shafoatingizni kutar, koʻnglining farmonisiz,
Madad kutgan yetar, albatta, yo Rasulalloh.
Rasulullohga salavoti sharif aytishning ahamiyati va fazilati
Paygʻambarimizning ismlari aytilganda, eshitilganda va yozilganda, hurmat va ehtirom ifodasi sifatida u zotga salavoti sharif aytish eng muhim vazifalarimizdandir. Qurʼoni karimda Ahzob surasining 56-oyati karimasida shunday deyilgan, maʼnosi:
«Albatta, Allohu taolo va Uning farishtalari Paygʻambarga salot aytadilar (u zotning shaʼni va sharafini yuksaltirish uchun). Ey iymon keltirganlar! Sizlar ham u zotga salot va salom aytinglar va u zotga chin koʻngildan taslim boʻlinglar».
Tafsir olimlari bu oyati karimada zikr qilingan «salot» soʻzi Allohu taolodan – rahmat, farishtalardan – istigʻfor, moʻminlardan – duo maʼnolarida kelishini bildirganlar. Barcha Islom olimlari bir ovozdan bildirdilarki, umrda bir marta salavot aytish farzdir. Ismlari har aytilganda, eshitilganda, oʻqilganda, yozilganda bir marta aytish vojib, takrorlanganda esa mustahabdir.
Allohu taolodan biror narsa soʻragan kishi avval Allohu taologa hamd va sano aytgandan keyin Rasulullohga salot aytishi kerak. Bunday duo qabul boʻlishga juda loyiqdir. Ikki salot bilan (duoning boshida va oxirida) qilingan duo rad etilmaydi. Hazrati Abu Talha hikoya qiladi: «Rasulullohning huzurlariga kirgan edim. U zotda ilgari hech koʻrmagan bir sevinch va mamnunlikni koʻrdim. Sababini soʻraganimda, u zot: „Qanday sevinmayin? Hozirgina Jabroil (alayhissalom) xushxabar keltirdi. Allohu taolo shunday dedi: «Ummatingizdan biri sizga bir salavot aytsa, Allohu taolo uning evaziga unga oʻn salavot qiladi»“, – dedilar».6
Bu haqdagi hadisi shariflardan baʼzilari shunday:
«Yonida ismim zikr qilinib, menga salot va salom aytmagan kishining burni yerga ishqalansin. Ramazon oyi kirib, gunohlarini magʻfirat qildirmay Ramazon oyi chiqib ketgan kishining ham burni yerga ishqalansin. Ota-onasining keksaligiga yetib, ularning roziligini qozona olmagani uchun jannatga kira olmagan kishining ham burni yerga ishqalansin».
«Yonida ismim zikr qilinib, menga salot va salom aytmagan kishi – baxillarning eng baxilidir». Hazrati Abu Humayd Soidiy rivoyat qiladi: «Sahobai kiromdan baʼzilari Rasulullohdan: „Yo Rasulalloh! Sizga qanday salot va salom aytaylik?“ – deb soʻrashdi. Rasululloh: „«Allohumma solli ala Muhammadin va azvojihi va zurriyyatihi kama sollayta ala Ibrohima va barik ala Muhammadin va azvojihi va zurriyyatihi kama barakta ala Ibrohima innaka hamidum majid», – denglar“, – dedilar».7
Baʼzi salavotlar shunday:
«Alayhissalom».
«Sallallohu alayhi vasallam».
«Alayhissalotu vassalomu vattahiyya».
«Allohumma solli ala sayyidina Muhammad».
«Allohumma solli ala Muhammadin va ala olihi va sohbihi ajmaʼiyn».
«Alayhi va ala jamiyʼi minas salavoti atammuha va minat tahiyyati aymanuha».
«Allohumma solli ala Muhammadin va ala oli Muhammad, kama sollayta ala Ibrohima va ala oli Ibrohim…»
Bir kishi shunday hikoya qildi: doʻstlarimdan biri yuborgan bir maktubida Rasulullohning muborak ismlari oʻtgan har bir joyga «sallallohu alayhi vasallam tasliman kasiran kasiro» deb yozibdi. Buni koʻrib, sababini soʻraganimda, u shunday dedi: «Yoshligimda hadis kitoblarini koʻchirib yozdim. Rasulullohning muborak ismlarini yozganimda salavotni yozmas edim. Tushimda Olamlar sarvarini koʻrib, huzurlariga bordim. U zot muborak yuzlarini mendan oʻgirdilar. Boshqa tomonlariga oʻtdim, yana oʻgirdilar. Roʻparalariga borib: „Yo Rasulalloh! Nega mendan yuzingizni oʻgirasiz?“ – deb arz qildim. U zot: „Chunki sen kitobingda mening ismimni yozganingda, menga salot yozmading!“ – dedilar. Oʻshandan beri u zotning ismi shariflarini hamisha salot bilan birga yozaman».
Hadisi shariflarda shunday deyiladi:
«Kim menga bir marta salot aytsa, Allohu taolo unga oʻn marta salot (rahmat) qiladi, uning oʻnta gunohini magʻfirat qiladi va darajasini oʻn barobar koʻtaradi».
«Qiyomat kuni menga eng yaqin boʻlgan, shafoatimga eng loyiq boʻlgan kishi menga eng koʻp salot va salom aytgan kishidir». Haq taolo hazrati Musoga: «Ey Muso, tilingga soʻzingdan, qalbingga fikringdan, badaningga ruhingdan, koʻzingga nuringdan ham yaqinroq boʻlishimni istaysanmi?» – dedi. Hazrati Muso: «Ha, yo Rabbim!» – deganlarida, Allohu taolo: «Unday boʻlsa, Muhammadga (sallallohu alayhi vasallam) koʻp salavot ayt», – dedi. Soʻngra: «Ey Muso, qiyomat kuni chanqoqlik azobini chekmaslikni istaysanmi?» – dedi. Hazrati Muso: «Ha, yo Rabbim!» – deganlarida, Allohu taolo: «Unday boʻlsa, Muhammadga (sallallohu alayhi vasallam) koʻp salavot ayt», – dedi.8
Paygʻambarimiz shunday dedilar:
«Qiyomatda har bir maqomda menga eng yaqin boʻlganingiz – dunyoda menga koʻp salavot aytganingizdir. Juma kuni va juma kechasi menga yuz salavot aytgan kishining Allohu taolo yuzta hojatini ravo qiladi. Ularning yetmishtasi oxiratga, oʻttiztasi dunyoga oid ishlardir. Soʻngra Allohu taolo bir farishta orqali bu salavotlarni mening qabrimga yetkazadi. Ular sizlarga kelgan hadya kabi boʻladi. U farishta menga yuborgan kishining ismini, nasabini va qabilasini bildiradi. Uni yonimdagi oq bir sahifaga oʻtkazadi. Mening vafot etganimdan keyin bilishim tirikligimda bilishim kabidir».9
«Kim menga bir marta salot aytsa, Allohu taolo unga oʻn marta salot (rahmat) qiladi, uning oʻnta gunohini magʻfirat qiladi va darajasini oʻn barobar koʻtaradi» Hadisi sharif
«Payshanba kuni boʻlganda, Allohu taolo qoʻllarida kumush daftarlar va oltin qalamlar boʻlgan farishtalarni yuboradi. Ular payshanba kuni va juma kechasi Paygʻambarga koʻp salavot aytganlarni yozib boradilar». «Ikki musulmon uchrashib musofaha qilsalar va Paygʻambarga salavot aytsalar, ajralishlaridan oldin avvalgi va keyingi gunohlari magʻfirat qilinadi». «Sizlardan biringiz masjidga kirganda, Paygʻambarga salom bersin va: „Yo Rabbim! Meni shaytondan saqla!“ – desin»10
Bir rivoyatda: «Masjiddan chiqayotganda „Allohumma inniy asʼaluka min fazlika“ deb oʻqisin».
Duoning avvalida Allohu taologa sano (hamd) va Rasulullohga salavot boʻlmasa, duo parda ortida qoladi. Avvalida hamd va salavot boʻlgan duo qabul boʻladi. Rasulullohga va u zotning Ollariga (oila aʼzolariga) salavot oʻqilmaguncha, duo bilan osmon orasida parda turadi. Salavot oʻqilganda, bu parda yirtiladi va duo osmonga koʻtariladi. Oʻqilmasa, duo orqaga qaytadi.
Biror majlisda Allohu taolo zikr qilinmasa va Rasulullohga salavot aytilmasa, u yerdagilarning ustida qamchi turadi: U xohlasa, ularga azob beradi, xohlasa, kechiradi.
«Qulogʻi shangʻillagan kishi meni eslasin va menga salavot oʻqisin».
«Biror ishni niyat qilgan kishi bu haqda maslahatlashsin. Shunda Allohu taolo unga oʻsha ishida rushd ehson qiladi. Bir kishi biror soʻz aytmoqchi boʻlib, uni unutib qoʻysa, menga salavot oʻqisin. Chunki uning menga aytgan salavotida soʻzining oʻrnini bosadigan narsa bor. Umid qilinadiki, shundan keyin u oʻsha soʻzni eslaydi».11
«Xayrli bir ish Allohning ismi va menga salavot bilan boshlanmasa, u ishda xayr yoʻq, uning butun barakasi ketkazilgan boʻladi».12 Islom ulugʻlaridan Abu Hafs Kogʻidiy vafot etgach, bir kishi uni tushida koʻrib: «Allohu taolo senga qanday muomala qildi?» – deb soʻradi. U: «Menga rahmat va magʻfirat qilib, meni jannatga kiritdi», – dedi. Haligi kishi: «Nima sababdan?» – deb soʻradi. U shunday javob berdi: «Meni farishtalar orasida toʻxtatishdi. Ular gunohlarimni va Rasulullohga aytgan salavotlarimni hisoblashdi va salavotlarimni koʻp topishdi. Shunda Allohu taolo ularga: „Ey farishtalarim! Ishingiz tamom. Boshqa hisob soʻramanglar. Uni Mening jannatimga olib boringlar!“ – dedi».
Salafdan biri shunday hikoya qiladi: «Birga hadis oʻrgangan bir doʻstim vafot etdi. Men uni tushimda egniga yashil jannat liboslarini kiygan holda koʻrdim. Sababini soʻraganimda, u shunday dedi: „Har bir hadisda Rasulullohning ismlarini koʻrganimda, yoniga sallallohu alayhi vasallam deb yozardim. Haq taolo buning mukofotini shu bilan berdi“».
Yana salafdan biri shunday hikoya qiladi: «Kotiblik bilan shugʻullanadigan bir qoʻshnim vafot etdi. Men uni tushimda koʻrib, Allohu taolo u bilan qanday muomala qilganini soʻradim. U Allohu taolo uni kechirganini aytdi. Nima sababdan, deb soʻraganimda, u: „Rasulullohning ismlarini har gal yozganimda, yoniga sallallohu alayhi vasallam soʻzlarini ham qoʻshib yozganim uchun“, – dedi». Abu Sulaymon Doroniy hikoya qiladi: «Hadis yozayotganimda, u zotning sharafli ismlarini yozgan sayin, sallallohu alayh deb yozardim-u, va sallam soʻzlarini yozmasdim. Tushimda u zotni koʻrdim. U zot menga shunday dedilar: „Yo Abu Sulaymon! Hadisda ismimni yozganingda, salavot bilan birga va sallamni ham yoz. U toʻrt harfdir. Har bir harfiga oʻn savob bor. Yozmasang, qirq savobni tashlab ketayotgan boʻlasan“».
Boshqa bir kishida ham shunday odat bor edi. Rasululloh unga tushida: «Senga nima boʻldiki, menga salavotni toʻliq yozmaysan?» – dedilar.
Abu Bakr Siddiq shunday dedi: «Unutishdan qoʻrqqan kishi Rasulullohga koʻp salavot oʻqisin».
Solihlarning ulugʻlaridan Muhammad ibn Saʼid ibn Mutarrif hikoya qiladi: «Har kecha yotayotganimda muayyan miqdorda salavot oʻqirdim. Bir kecha tushimda Rasulullohni koʻrdim. U zot huzurimga kirdilar. Xonam nurga toʻldi. Soʻngra u zot menga qarab kelib: „Keltir, menga koʻp salavot oʻqiydigan bu ogʻzingni oʻpay“, – dedilar. Men esa ogʻzimni tutishdan uyalib, yonogʻimni tutdim. U zot uni muborak lablari bilan oʻpdilar. Sevinib uygʻondim. Xonam mushk hidiga toʻlgan edi. Sakkiz kun yonogʻimdan oʻsha xushboʻy hid ketmadi». Salafning ulugʻlaridan Xallod ibn Kasir vafot etgach, boshining ostidan: «Bu – Xallod ibn Kasirning jahannamdan ozod boʻlish yorligʻidir», – deb yozilgan bir qogʻoz topdilar. Shunda yaqinlaridan: «Uning qanday amallari bor edi?» – deb soʻrashdi. Ular: «Har juma kuni salavot aytardi», – deyishdi. Shayx Ayniyning «Zaynul-majolis» kitobida shunday yozilgan: Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Qiyomat kuni uch guruh kishi Arsh ostida boʻladi, u yerda uning soyasidan boshqa soya boʻlmaydi», – dedilar. «Ular kimlar?» – deb soʻralganda, u zot: «Ummatimni mashaqqatdan qutqarganlar, sunnatimni tiriltirganlar va menga koʻp salavot aytganlar», – dedilar.
Shayx Abu Muso Zaririy hikoya qiladi: «Dengizda bizni kuchli boʻron tutdi. Hamma oʻlimdan qoʻrqib yigʻlardi. Shu holatda meni uyqu bosdi. Tushimda Rasuli akramni koʻrdim. U zot menga kemadagilarga aytishimni buyurdilar: ming marta „Allohumma solli alo sayyidino Muhammadin va alo oli sayyidino Muhammad, solatan tunjino biho min jamiʼil ahvoli val ofot, va taqziy lano biho jamiʼal hojot, va tutahhiruno biho min jamiʼis sayyiot, va tarfaʼuno biho indaka aʼlad darajot, va tuballigʻuno biho aqsal gʻoyoti min jamiʼil xayroti fil hayoti va baʼdal mamot“ deb oʻqisinlar. Biz hali uch yuz marta ham oʻqib ulgurmagan edik, boʻron tindi va biz qutuldik». Bu salavotni har bir muhim ishda, har bir balo-ofatda va zilzilada oʻqish tavsiya qilingan.
Kecha-kunduz tilimda muborak ruhingizga salotu salom, ey Faxrul anam!
Moʻtabar kitoblarda salavotning qanday boʻlishi haqida qirqdan ortiq hadis bor.
Ulardan biri shunday:
«Qulogʻi shangʻillagan kishi meni eslasin va menga salavot oʻqisin» Hadisi sharif
Allohumma solli alo Muhammadin va alo oli Muhammad, kamo sollayta alo Ibrohima va alo oli Ibrohim, va borik alo Muhammadin va alo oli Muhammad, kamo borakta alo Ibrohima va alo oli Ibrohim, innaka hamidun majid.
Allohumma solli va sallim va borik varham alo sayyidino Muhammadin huva sayyidul arabi val ajam.
Va imomil Makkatil mukarramati val Madinatil munavvarati val haram. Allamal insona ma lam yaʼlam.
Asluhu nurun va nasluhu Odam.
Baʼsuhu muaxxarun va xalquhu muqaddam.
Ismuhush sharifu maktubun alal Lavhil mahfuzi biyoqutil qalam.
Va jismuhush sharifu madfunun fil Madinatil munavvarati val haram.
Yo layta aktahilu turoballaziy tahtal qadam.
Fa tubo summa tubo liman daʼo va tabiʼahu va liman aslama sohibash shafoati lil olamin.
Qoilan yo Robbiy! Sallim ummatiy, ummatiy, vo ummatoh yo zal lutfi val karam.
Fa yunodil munodiy min qibalir Rohman, qobiltu shafoataka yo Nabiyyal muhtaram.
Udxulul jannata la xavfun alaykum va la huznun va la alam.
Summa roziyallohu taolo an Abiy Bakrin va Umara va Usmona va Aliyyin zil karam.
Va sallallohu alo sayyidino Muhammadin val hamdu laka yo Robbal olamiyn.
Bihurmati Sayyidil mursalin.
Muborak sochlariga tegsa bodi sabo,
Mushku anbar hidiga toʻlardi havo.
Dur tishlari shuʼlasidan kechasi
Igna tushsa, topilardi, ey xoja.
Nurli koʻkslari shuʼlasida qorongʻi kechalarda yoʻlda yurardi yigit ham, qariya ham.
Haqning ul mahbubi ishorat qilgach
Barmoqlari ila oyga – oy ikkiga boʻlindi.
Terlasalar, gul boʻlardi har tomchi ter,
Xush terardilar u terdan gullarni.
Ul jahon shohi ekdilar xurmo niholin,
Ekilgan soatda meva berdi shu on.
Moʻjizotin mahshargacha aytsang mudom,
Necha mahshar oʻtsa ham, yetmas tamom.
Agar istasangiz oʻtdan najot,
Ishq ila, dard ila ayting salavot!
Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Nura Arshilloh!
