Sevimli Paygʻambarim

IKKINCHI QISM QABR HAYOTI

Paygʻambarimizning qabrlarida tirik ekanlari

Paygʻambarlar biz bilmaydigan bir hayot bilan qabrlarida tirikdirlar. Avliyolar va shahidlar ham tirikdirlar. Ularning tirikligi soʻzdagina emas. Ular haqiqatan, toʻliq tirikdirlar. Oli Imron surasining 169-oyati karimasida shunday deyildi, maʼnosi: «Allohu taolo yoʻlida oʻldirilganlarni oʻlik deb oʻylamanglar! Ular Rabbilari huzurida tirikdirlar. Rizqlantirilmoqdalar».

Bu oyati karima shahidlarning tirik ekanini bildirmoqda. Paygʻambarlar esa, albatta, shahidlardan ancha oldinda va yuqoridadirlar. Islom olimlariga koʻra, har bir paygʻambar shahid boʻlib vafot etgan. Rasululloh oxirgi xastaliklarida: «Xaybarda yegan taomimning alamini doim sezib yurardim», – dedilar.1 Bu hadisi sharif Rasulullohning shahid boʻlib vafot etganlarini bildirmoqda. Shu sababli Paygʻambarimizning ham barcha shahidlar kabi qabrlarida tirik ekanlari bundan ham anglashiladi.

«Buxoriy» va «Muslim»da keltirilgan hadisi sharifda: «Meʼroj kechasida Musoning (alayhissalom) qabri yonidan oʻtkazildim. Qabrlarida tik turib namoz oʻqiyotgan edilar», – deyildi.2

Boshqa bir hadisi sharifda: «Allohu taolo tuproqqa paygʻambarlarni chiritishni harom qilgan», – deyildi.3 Buning toʻgʻri ekanini olimlar bir ovozdan bildirmoqdalar. «Buxoriy» va «Muslim»da: «Allohu taolo Meʼroj kechasida barcha paygʻambarlarni Paygʻambarimizning huzurlariga yubordi. U zot ularga imom boʻlib, ikki rakat namoz oʻqidilar», – deb yozilgan.

Namoz rukuʼ va sajda qilish bilan boʻladi. Bu xabar ularning tirik holda, jasadlari, badanlari bilan namoz oʻqiganlarini koʻrsatmoqda. Muso alayhissalomning qabrlarida namoz oʻqishlari ham buni koʻrsatadi. «Mishkot» kitobining oxirgi jildida, Meʼroj bobining birinchi fasli oxirida Muslimdan olib, Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Allohu taolo menga koʻrsatdi. Muso (alayhissalom) tik turib namoz oʻqiyotgan edilar, ozgʻin edilar. Sochlari parishon ham, osilib turgan ham emas edi. Shanua qabilasidan boʻlgan bir yigitga oʻxshar edilar. Iso (alayhissalom) Urva ibn Masʼud Saqafiyga oʻxshar edilar», – deyildi.4 Shanua – Yamandagi ikki qabilaning nomidir. Bu hadisi shariflar paygʻambarlarning Rabbilari huzurida tirik ekanlarini koʻrsatmoqda. Ularning jasadlari (badanlari) ruhlari kabi latif boʻlgan. Kasif va qattiq emas. Ular modda olamida ham, ruh olamida ham koʻrina oladilar. Shuning uchun paygʻambarlar ruhlari va badanlari bilan koʻrina oladilar. Hadisi sharifda Muso va Iso alayhimassalomning namoz oʻqiganlari bildirilmoqda. Namoz oʻqish – turli harakatlarni qilishdir. Bu harakatlar badan bilan boʻladi, ruh bilan boʻlmaydi. Paygʻambarimizning Muso alayhissalom haqida: «Uni oʻrta boʻyli, oriq, xipcha, sochlari yigʻiq holda koʻrdim», – deganlari u zotning Muso alayhissalomning ruhlarini emas, badanlarini koʻrganlarini koʻrsatadi.

«Allohu taolo yoʻlida oʻldirilganlarni oʻlik deb oʻylamanglar! Ular Rabbilari huzurida tirikdirlar. Rizqlantirilmoqdalar» Oli Imron: 169

Imom Bayhaqiy shunday dedi: «Paygʻambarlar qabrga qoʻyilganlaridan keyin ruhlari badanlariga qaytariladi. Biz ularni koʻra olmaymiz. Ular farishtalar kabi koʻrinmas boʻladilar. Ularni faqat Allohu taolo karomat qilib ehson etgan tanlangan kishilargina koʻra oladilar». Imom Suyutiy ham shunday bildirgan. Koʻp kishilar salomlarga Qabri saodatdan javob berilganini koʻp marta eshitganlar. Boshqa qabrlardan ham salomlarga javob berilgani koʻp eshitilgan.

Hadisi sharifda ham: «Menga salom berilganda, Allohu taolo ruhimni qaytaradi va men unga javob beraman», – deyildi.5

Imom Suyutiy hazratlari shunday dedilar: «Rasululloh Jamoli ilohiyni koʻrishga gʻarq boʻlganlar. Badanlaridagi tuygʻularni unutganlar. Bir musulmon salom berganda, u zotning muborak ruhlari bu holdan ajralib, badan tuygʻularini oladi. Dunyoda ham bunday boʻlganlar oz emas. Biror dunyo ishi yoki oxirat ishi haqida haddan ortiq oʻylanganda, inson yonida gapirilayotgan gapni eshitmaydi. Jamoli ilohiyga gʻarq boʻlgan kishi biror ovozni eshita oladimi?»

Qozi Iyoz hazratlari «Shifo» kitobida Sulaymon ibn Suhaym rivoyatini keltiradilar: «Bir kecha tushimda Faxri koinotni koʻrdim va: „Yo Rasulalloh! Kelib sizga salom beradigan kishilarning salomini bilasizmi?“ – dedim. U zot: „Ha, bilaman va ularning salomini olib, javob beraman“, – dedilar». Paygʻambarlarning qabrlarida tirik ekanlarini bildiruvchi hadisi shariflar shu qadar koʻpki, ular bir-birini quvvatlaydi. Masalan: «Qabrim yonida men uchun aytilgan salavotni eshitaman. Uzoq joylarda aytilganlari menga bildiriladi», – deyilgan. Bu hadisi sharifni Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Bu va bunga oʻxshash hadisi shariflar olti buyuk hadis imomining kitoblarida bor. Ibn Abu Dunyoning hazrati Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilgan hadisi sharifida: «Bir kishi bir tanishining qabri yonidan oʻtib, salom bersa, mayit uni taniydi va javob beradi. Tanimagan mayitga salom bersa, mayit sevinadi va javob beradi», – deyildi.

Agar Rasululloh dunyoning har bir joyida bir vaqtda salot va salom aytayotganlarning har biriga alohida-alohida qanday javob beradilar, deb soʻralsa, bu xuddi peshin paytida quyoshning bir lahzada minglab shaharlarga nur sochishi kabidir, deb javob beriladi. Ibrohim ibn Bishor hazratlari shunday dedilar: «Haj qilganimdan keyin Qabri saodatni ziyorat qilish uchun Madinaga bordim. Hujrai saodat oldida salom berdim va „Va alaykassalom“ degan javobni eshitdim».

Bir hadisi sharifda: «Men vafot etganimdan keyin ham tirikligimdagidek anglayman», – deyildi. Boshqa bir hadisi sharifda: «Paygʻambarlar qabrlarida tirik boʻlib, namoz oʻqiydilar», – deyildi.6

Avliyolarning ulugʻlaridan Sayyid Ahmad Rifoiy hazratlari va koʻp valiylar Rasulullohga bergan salomlarining javobini eshitganlari hamda Ahmad Rifoiyning Rasulullohning muborak qoʻllarini oʻpish sharafiga musharraf boʻlganlari juda ishonchli kitoblarda yozilgan. Imom Suyutiy oʻz kitobida shunday deydi: «Yuksak darajadagi valiylar paygʻambarlarni vafot etmagandek koʻradilar. Paygʻambarimizning Muso alayhissalomni qabrlarida tirik holda koʻrishlari moʻjiza edi. Avliyolarning ham shunday koʻrishlari – karomatdir. Karomatga ishonmaslik jaholatdan kelib chiqadi».

Ibn Hibbon, Ibn Moja va Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Juma kunlari menga koʻp salavot aytinglar! Ular menga bildiriladi», – deyildi. «Vafot etganingizdan keyin ham bildiriladimi?» – deb soʻralganda, u zot: «Tuproq paygʻambarlarning badanini chiritmaydi. Bir moʻmin menga salavot aytsa, bir farishta menga xabar berib: „Ummatingizdan falonchining oʻgʻli falonchi sizga salom aytdi va duo qildi“, – deydi», – dedilar.

Rasululloh tirik ekanlarida sahobalari uchun Allohu taoloning bir rahmati, buyuk neʼmati boʻlganlaridek, vafotlaridan keyin ham butun ummatlari uchun buyuk neʼmatdirlar. Yaxshiliklarga sababdirlar. Bakr ibn Abdulloh Muzaniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasuli akram shunday dedilar: «Hayotim sizlar uchun xayrlidir. Sizlar menga soʻzlaysizlar, men ham sizlarga soʻzlayman. Vafot etganimdan keyin vafotim ham sizlar uchun xayrli boʻladi. Amallaringiz menga koʻrsatiladi. Yaxshi ishlaringizni koʻrganimda, Allohu taologa hamd aytaman. Yomon ishlaringizni koʻrganimda, sizlar uchun afv va magʻfirat soʻrayman».7

Hazrati Qusam ibn Abbos Rasulullohni dafn qilish xizmati bilan sharaflangan edi. Qabrdagi xizmat tugagach, u yerdan eng oxirida oʻzi chiqdi. U shunday dedi: «Rasulullohning muborak yuzlarini eng oxirida koʻrgan – menman. Qabrlarida muborak lablari qimirlab turardi. Ustlariga egilib, quloq soldim. U zot: „Yo Rabbim! Ummatim!… Yo Rabbim! Ummatim!…“ – der edilar».8

Paygʻambarimizni koʻrish

Rasulullohni tushda va uygʻoq holda koʻrish mumkinmi? Mumkin boʻlsa, koʻringan u zotning oʻzlarimi yoki oʻxshashlarimi? Olimlarimiz bunga turli javoblar berdilar. U zotning qabrlarida tirik ekanlarini bir ovozdan bildirganlaridan keyin, ularning koʻpchiligi u zotning oʻzlari koʻrinishlarini bayon qilganlar. Bunday ekani hadisi shariflardan ham anglashiladi. Bir hadisi sharifda: «Meni tushida koʻrgan kishi uygʻoq holda koʻrgandekdir», – deyildi.9 Shuning uchun imom Navaviy hazratlari: «U zotni tushda koʻrish – aynan oʻzlarini koʻrishdir», – dedilar. Hadisi sharifda: «Meni tushida koʻrgan kishi toʻgʻri koʻribdi. Chunki shayton mening suratimga kira olmaydi», – deyildi.10

«Meni tushida koʻrgan kishi uygʻoq holda koʻrgandekdir» Hadisi sharif

Ibrohim Laqoniy hazratlari shunday deydilar: «Hadis olimlari Rasulullohning tushda boʻlgani kabi uygʻoq holda ham koʻrinishlari mumkinligini bir ovozdan bildirganlar». Har ikki holga ham koʻp misollar keltirish mumkin. Ulardan bir nechtasini bildiraylik:

Muʼiniddin Chishtiy hazratlari borgan har bir shaharida qabristonlarni ziyorat qilar, u yerda bir muddat qolar edilar. Borgan joylarida tanilib, mashhur boʻlgach, u yerda turmas, hech kimga xabar bermay, yashirincha chiqib ketar edilar. Bu safarlaridan biri Makkaga boʻldi. Makkai mukarramaga borib, Kaʼbai muazzamani ziyorat qildilar. Makkada bir muddat qolib, u yerdan Madinai munavvaraga bordilar. Paygʻambarimizning muborak qabrlarini ziyorat qilgan bir kunlari turbadan: «Muʼiniddinni chaqiringlar!» – degan ovoz eshitildi. Bu amrga koʻra turbador: «Muʼiniddin!» – deb chaqirdi. Bir necha joydan: «Labbay!» – degan ovozlar eshitildi. Soʻngra: «Qaysi Muʼiniddinni istayapsan? Bu yerda ismi Muʼiniddin boʻlgan koʻp kishi bor», – deyishdi. Shunda turbador orqasiga qaytib, Ravzai mutahharaning eshigi oldida tik turdi. Ikki marta: «Muʼiniddin Chishtiyni chaqir!» – deb nido qilgan ovozni eshitdi. Turbador bu amrga koʻra jamoatga qarab: «Muʼiniddin Chishtiyni chaqirmoqdalar!» – deb baqirdi.

Muʼiniddin Chishtiy hazratlari bu soʻzni eshitgach, butunlay boshqa bir holga tushdilar. Yigʻlab, koʻz yoshlar toʻkib va salavot aytib, sevimli Paygʻambarimizning turbalariga yaqinlashdilar va odob bilan tik turdilar. Shu payt: «Ey Qutbul mashoyix! Ichkariga kir!» – degan ovozni eshitdilar.

Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Sen mening dinimga xizmat qiluvchisan. Sen Hindistonga borishing kerak. Hindistonga bor. U yerda Ajmir degan bir shahar bor. U yerda mening avlodimdan (nabiralarimdan) Sayyid Husayn ismli bir kishi bor. U yerga jihod va gʻazot niyati bilan borgan edi. U hozir shahid boʻldi. Ajmir kofirlar qoʻliga tushay deb turibdi. Sening u yerga borishing sababi va barakoti bilan Islom yoyiladi, kofirlar esa xor boʻlib, kuchsiz va taʼsirsiz qoladilar». Soʻngra unga bir anor berdilar va: «Bu anorga diqqat bilan qara, qayerga borishingni koʻrib, anglab olasan», – dedilar. Muʼiniddin Chishtiy hazratlari Paygʻambarimiz bergan anorni olib, buyurilganidek qaradilar va sharq bilan gʻarb orasini toʻliq koʻrdilar. Ahmad Rifoiy hazratlari hajga borgan edilar. Qaytishda Madinai munavvarada Rasuli akramning muborak turbalarini ziyorat qilayotgan paytlarida shu maʼnodagi sheʼrni aytdilar:

Uzoqda edik, tuprogʻingizni oʻpmoq uchun, ey sarvarim,
Oʻzim kela olmay, vakil qilib ruhimni yuborardim.
Endi sizni ziyorat neʼmati boʻldi nasib,
Bering muborak qoʻlingizni, labim oʻpsin, ey Habib!

Sheʼr tugagach, sevimli Paygʻambarimizning qabrlaridan muborak qoʻllari koʻrindi. Sayyid Ahmad Rifoiy ham nihoyatda taʼzim va hurmat bilan Paygʻambarimizning muborak qoʻllarini oʻpdilar. U yerda boʻlgan hamma bu voqeani hayrat bilan koʻrdi. Paygʻambarimizning muborak qoʻllarini oʻpganlaridan keyin Ahmad Rifoiy Ravzai mutahhara eshiklarining ostonasiga yotib oldilar. Yigʻlab, u yerdagi jamoatning hammasiga: «Ustimdan bosib oʻtinglar!» – deb yolvordilar. Olimlar boshqa eshiklardan chiqishga majbur boʻldilar. Bu karomat juda mashhur boʻlib, tildan tilga oʻtib, bizning kunlarimizgacha yetib kelgan. Ibn Obidin hazratlarining dinga ergashishdagi hollari mashhur boʻlib, karomatlari va manqabalari koʻpdir.

Besh vaqt namozda tahiyyotni oʻqiyotganlarida Rasulullohni bosh koʻzlari bilan koʻrar edilar. Koʻra olmagan vaqtlarida oʻsha namozni qaytadan oʻqir edilar. Islom olimlarining eng ulugʻlaridan, ikkinchi ming yillikning mujaddidi imomi Rabboniy Ahmad Foruqiy Sirhindiy hazratlari shunday dedilar: «Ramazoni sharifning oxirgi kunlarida nihoyatda goʻzal bir hol zohir boʻldi. Toʻshagimda choʻzilib yotgan edim. Koʻzlarimni yumgan edim. Toʻshagimning ustiga boshqa bir kishining kelib oʻtirganini sezdim. Qarasam, ne koʻz bilan koʻray: avvalgilarning va keyingilarning sayyidi, sarvari ekanlar. Darhol oʻzimni yigʻishtirib oldim. Sevimli Paygʻambarimiz: „Sen uchun ijozat yozgani keldim. Hech kimga bunday ijozat yozmaganman“, – dedilar. Qarasam, u ijozatnomaning matnida bu dunyoga oid buyuk lutflar, orqasida esa u dunyoga oid juda koʻp inoyatlar yozilgan edi».

Abdulqodir Jiloniy hazratlari «Gʻuniya» kitobida Ibrohim Tamimiy hazratlaridan naql qilib, shunday hikoya qiladilar: Xizr alayhissalom menga shunday dedi: «Agar tushda Rasulullohni koʻrishni istasang, shom namozini oʻqiganingdan keyin xuftongacha hech kim bilan gaplashmay, oʻrningdan turib, shom namozidan keyingi avvobin namozini oʻqiysan. Har ikki rakatda bir salom berasan.

Har rakatda bir marta „Hamd“, yaʼni Fotiha surasini va yetti marta Ixlos surasini oʻqiysan. Xufton namozini ham jamoat bilan oʻqiganingdan keyin uyingga kelib, vitrni oʻqiysan. Uxlagani yotadigan vaqtingda ham ikki rakat namoz oʻqib, har rakatda „Hamd“ va Ixlos surasini yetti marta oʻqiysan. Namozdan keyin sajdaga bosh qoʻyib, yetti marta Allohu taologa istigʻfor aytasan, yetti marta: „Subhanallohi val hamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar va la havla va la quvvata illa billahil aliyyil aziym“, – deysan. Soʻngra boshingni sajdadan koʻtarib oʻtirib, qoʻllaringni koʻtarib: „Yo Hayyu, yo Qayyumu, yo Zal jaloli val ikrom, yo Ilahal avvaliyna val oxiriyn, va yo Rohmanad dunyo val oxirati va Rohimahumo, yo Robbiy, yo Robbiy, yo Robbiy, yo Alloh, yo Alloh, yo Alloh“, – deysan.

Soʻngra oʻrningdan turib, oʻsha duoni oʻqiysan. Soʻngra sajdaga bosh qoʻyib, oʻsha duoni oʻqiysan. Soʻngra boshingni sajdadan koʻtarib, qiblaga yuzlanib, istagan holingda yotib uxlaysan. Uyqu bosguncha Paygʻambarimizga salavoti sharif aytasan», – dedi.

Men: «Bu duoni kimdan oʻrgangan boʻlsangiz, menga bildirishingizni istayman», – dedim. Hazrati Xizr: «Menga ishonmaysanmi?» – dedi. «Muhammad alayhissalomni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasam ichamanki, sizga ishonaman», – dedim.

Xizr alayhissalom: «Men Rasululloh bu duoni oʻrgatgan va vasiyat qilgan majlisda boʻlganman. Bu duoni u zot oʻrgatgan kishidan oʻrgandim», – dedi. Men ham Xizr alayhissalom aytganidek qildim. Toʻshagimda Paygʻambarimizga salavoti sharif ayta boshladim. Paygʻambarimizni koʻraman, degan sevinchdan uyqum qochdi va tonggacha uxlay olmadim.

«Hadis olimlari Rasulullohning tushda boʻlgani kabi uygʻoq holda ham koʻrinishlari mumkinligini bir ovozdan bildirganlar» Ibrohim Laqoniy (rahmatullohi alayh)

Bomdod namozini oʻqib, quyosh koʻtarilguncha oʻtirdim. Zuho, yaʼni choshgoh namozini oʻqidim. Oʻzimga oʻzim: «Agar oqshomga yetsam, kecha kechasi qilganimdek qilaman», – dedim. Shu payt uxlab qolibman. Tushimda farishtalar kelib, meni jannatga olib bordilar. U yerda yoqut, zumrad va marvariddan qurilgan qasrlar va saroylarni, asal, sut va jannat sharbatlaridan boʻlgan anhorlarni koʻrdim. Meni jannatga olib borgan farishtalardan: «Bu qasr kimga atalgan?» – deb soʻradim. Farishtalar: «Sen qilgan amalni qilganlar uchun», – dedilar. Jannat taomlaridan yedirmagunlaricha va jannat suvlaridan ichirmagunlaricha meni jannatdan chiqarmadilar. Soʻngra meni jannatdan chiqarib, turgan joyimga olib keldilar.

Soʻngra Rasululloh yonlaridagi yetmish paygʻambar va har bir safining orasi sharq bilan gʻarb orasidek boʻlgan yetmish saf farishta bilan mening oldimga kelib, salom berdilar va qoʻlimdan tutdilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh! Xizr alayhissalom ushbu hadisni sizdan eshitganini bildirdi», – dedim. Paygʻambarimiz: «Xizr toʻgʻri aytibdi, aytgani haqdir. Xizr yer yuzidagilarning eng olimidir. Abdollarning boshligʻidir. Yer yuzidagi Allohning askarlaridandir», – dedilar.

Men yana: «Yo Rasulalloh! Bu amalni qilgan kishiga mening ushbu koʻrganimdan boshqa mukofot bormi?» – dedim. U zot: «Sening koʻrganingdan, senga ehson qilinganidan afzalroq qanday mukofot boʻlishi mumkin? Sen jannatdagi joyingni va maqomingni koʻrding. Jannatning mevalaridan yeding, sharbatlaridan ichding. Men bilan birga farishtalarni va paygʻambarlarni koʻrding. Huri iynni koʻrding», – dedilar.

«Yo Rasulalloh! Men qilgan amalni qilib, tushida men koʻrganni koʻrmagan kishiga ham menga ehson qilingan narsa beriladimi?» – dedim. U zot: «Meni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, u kishining qilgan katta gunohlari kechiriladi. Allohu taoloning u kishiga boʻlgan gʻazabi koʻtariladi. Meni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, bu amalni qilgan kishi, tushida sen koʻrganni koʻrmasa ham, senga berilgani unga ham beriladi. Osmondan bir ovoz: „Allohu taolo bu amalni qilgan kishini va sharqdan gʻarbgacha boʻlgan ummati Muhammadni magʻfirat qildi“, – deb nido qiladi», – dedilar.

«Yo Rasulalloh! Men sizning jamolingizni va jannatni koʻrganimdek, u kishining ham bulardan nasibasi bormi?» – dedim. U zot: «Ha, hammasi beriladi», – dedilar.

«Yo Rasulalloh! Erkak va ayol, barcha moʻminlarga bu duoni oʻrgatish va savoblarini bildirish munosib boʻladimi?» – deganimda, u zot: «Meni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, bu amalni Allohu taolo saodatli qilib yaratgan kishilardan boshqasi qilmaydi», – dedilar. Tushida Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomni haqiqiy suratlarida koʻrgan kishi, shubhasiz, u zotni koʻrgan boʻladi. Chunki shayton u zotning suratlariga kira olmaydi. Lekin shayton boshqa suratga kirib koʻrinishi mumkin. Rasulullohni tanimaydigan kishi uchun buni ajratish oson boʻlmaydi. Baʼzi olimlar: «Paygʻambarimizni boshqa suratda koʻrish ham u zotni koʻrish boʻladi. Lekin bu – oʻsha kishining dindagi nuqsonining alomatidir. Paygʻambarimizni tushida haqiqiy suratlarida koʻrgan va moʻmin holda vafot etgan har bir kishi jannatga kiradi», – dedilar.

Abu Hurayra Paygʻambarimizning ushbu hadisi shariflarini rivoyat qildi: «Bir kishi juma kechasida ikki rakat namoz oʻqisa, har rakatda Fotiha va Oyatal kursiyni bir martadan, Ixlos surasini oʻn besh marta oʻqisa, namozdan keyin ming marta: „Allohumma solli ala Muhammadinin nabiyyil ummiyy“, – desa, keyingi juma kelmasdan meni tushida koʻradi. U kishining oʻtgan va kelajakdagi barcha gunohlari magʻfirat qilinadi. Jannat meni koʻrganlar uchundir».

Paygʻambarimizning Qabri shariflarini ziyorat qilish

Faxri koinot shunday dedilar: «Kim vafotimdan keyin meni ziyorat qilsa, meni hayotligimda ziyorat qilgandekdir». «Mir’ât-i Medîne» kitobida keltirilgan bir hadisi sharifda u zot: «Qabrimni ziyorat qilgan kishiga shafoatim vojib boʻldi», – dedilar. Bu hadisi sharifni Ibn Xuzayma, Bazzor, Doraqutniy va Tabaroniy rivoyat qilganlar. Bazzor hazratlari rivoyat qilgan boshqa bir hadisi sharifda: «Qabrimni ziyorat qilgan kishiga shafoatim halol boʻldi», – deyildi. «Muslimi sharif»da va Abu Bakr ibn Makkoriyning «Moʻjam» kitobida keltirilgan hadisi sharifda: «Bir kishi meni ziyorat qilish uchun kelsa va boshqa biror narsaga niyati boʻlmasa, qiyomat kuni unga shafoat qilishimga haqli boʻladi», – deyildi. Bu hadisi sharif Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) oʻzlarini ziyorat qilish uchun Madinai munavvaraga kelganlarga shafoat qilishlarini xabar bermoqda.

Zinhor odobni tark etma – Xudo mahbubining koʻyidir bu,
Ilohiy nazargohdir, Mustafoning maqomidir bu!
Falakdagi yangi oy – Bobus salomning koʻksi chok oshigʻidir,
Uning qandili – Javzo, nuru ziyoning matlaʼidir bu.
Kibriyo Habibining orom olgan joyidir, fazilatda
Janobi Kibriyoning Arshidan ham afzaldir bu.
Bu tuproqning partavidan yoʻqlik zulmati zoyil boʻldi,
Borliq koʻrlikdan qutuldi: ikki koʻzga toʻtiyodir bu.
Odobga rioya sharti ila kir, Nobiy, bu dargohga,
Qudsiylarning tavofgohi, anbiyoning boʻsagohidir bu!
Nâbî

Doraqutniy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi sharifda: «Haj qilib, meni ziyorat qilmagan kishi meni ranjitgan boʻladi», – deyildi. Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) ziyorat qilinishni istaganlari ummatlari bu yoʻl bilan ham savob qozonishlari uchundir. Shuning uchun fiqh olimlarimiz haj vazifasini ado etganlaridan keyin Madinai munavvaraga kelib, Masjidi sharifda namoz oʻqir edilar. Soʻngra Ravzai mutahharani, Minbari munirni va Arshi aʼlodan afzal boʻlgan Qabri sharifni, soʻngra u zot oʻtirgan, yurgan, suyangan joylarni, vahiy kelganda suyangan ustunlarini hamda masjid qurilayotganda va taʼmirlanayotganda ishlagan, mollarini va pullarini berish sharafiga musharraf boʻlgan sahobai kirom va tobeʼinlar oʻtgan joylarni ziyorat qilar, ularni koʻrib barakot topar edilar. Ulardan keyin kelgan olimlar va solihlar ham hajdan keyin Madinaga kelar, fiqh olimlarimiz kabi qilar edilar. Kechagidek bugun ham hojilar bunga sodiq qolib, Madinai munavvarada ziyoratlar qilmoqdalar.

«Bir kishi meni ziyorat qilish uchun kelsa va boshqa biror narsaga niyati boʻlmasa, qiyomat kuni unga shafoat qilishimga haqli boʻladi» Hadisi sharif

Islom olimlarining quyoshi Abu Hanifa hazratlari shunday dedilar: «Mustahablarning eng afzallaridan boʻlgan Qabri saodatni ziyorat qilish vojib darajasiga yaqin bir ibodatdir». Rasulullohning Qabri shariflarini ziyorat qilishga borgan kishi koʻp salavoti sharif aytishi lozim. Aytilgan bu salot va salomlarning Paygʻambarimizga yetishi hadisi sharifda bildirilgan. Sevimli Paygʻambarimizni ziyorat qilish odobi shunday bildirildi:

Madinai munavvara shahri uzoqdan koʻringanda, salot va salom aytiladi. Soʻngra: «Allohumma haza haramu nabiyyika, fajʼalhu viqoyatan li minan nori va amonan minal azobi va suil hisob», – deyiladi. Imkoni boʻlsa, shaharga yoki masjidga kirishdan oldin gʻusl qilinadi. Xushboʻylik (atir) suriladi. Yangi, toza kiyim kiyiladi. Chunki bular taʼzim va hurmatni ifoda etadi. Madinai munavvaraga kamtarlik, viqor va sukunat holida kiriladi. «Bismillahi va ala millati Rasulillah», – degandan keyin Isro surasining 80-oyatini oʻqish kerak. Uning ketidan: «Allohumma solli ala Muhammadin va ala oli Muhammad. Vagʻfir li zunubiy vaftah li abvaba rohmatika va fazlik», – deb Masjidi Nabaviyga kiriladi. Soʻngra Rasulullohning minbarlari yonida, minbarning ustuni oʻng yelkaga toʻgʻri keladigan qilib turib, ikki rakat tahiyyatul masjid namozini oʻqish kerak. Sevimli Paygʻambarimiz shu yerda namoz oʻqir edilar. Bu yer – Paygʻambarimizning qabrlari bilan minbarlari orasidir. Hadisi sharifda: «Qabrim bilan minbarim orasi jannat bogʻlaridan bir bogʻdir. Minbarim hovuzim ustidadir», – deyilgan.11 Soʻngra Allohu taolo Rasulullohning muborak qabrlarini ziyorat qilishni oʻziga nasib etgani uchun Unga sajda qilish kerak.

Duodan keyin turib, Paygʻambarimizning Qabri shariflariga, Hujrai saodatga kelish, orqasini qiblaga qilib, Rasulullohning muborak yuzlari roʻparasida ikki metrcha uzoqlikda odob bilan turish kerak. Bundan yaqinroq borilmaydi. Xushuʼ va xuzuʼ holida boʻlish, Allohu taolo Qurʼoni karimda buyurganidek, Rasulullohning huzurida u zot tirik ekanlar va yuksak huzurlarida turgandek odob bilan boʻlish kerak. Sokinlik va viqorni tark etmaslik kerak. Qoʻlini Qabri sharifning devorlariga qoʻymay, uzoqda odob bilan turish hurmatga muvofiqroqdir. Namozdagidek turish kerak. Rasulullohning muborak, latif suratlarini xayoliga keltirib, u zot uni bilib turganlarini, soʻzini, salomini va duolarini eshitayotganlarini, javob berayotganlarini, «Omin» deyayotganlarini oʻylash kerak. Zero Rasululloh: «Kim menga qabrim yonida salot aytsa, uni eshitaman», – dedilar. Yana hadisi sharifda Rasulullohning Qabri shariflarida bir farishta vakil qilib qoldirilgani, u farishta ummatlaridan salom berganlarning salomini u zotga yetkazishi bildirildi. Soʻngra: «Assalomu alayka yo sayyidiy, yo Rasulalloh! Assalomu alayka yo Nabiyyalloh! Assalomu alayka yo Safiyyalloh! Assalomu alayka yo Habiballoh! Assalomu alayka yo Nabiyyar rohmah! Assalomu alayka yo Shafiʼal ummah! Assalomu alayka yo Sayyidal mursaliyn! Assalomu alayka yo Xotaman nabiyyiyn!» – deyiladi.

«Allohu taolo sizga eng yuksak mukofot va ajr ato etsin. Guvohlik beramanki, siz paygʻambarlik vazifangizni ado etdingiz. Omonatni topshirdingiz. Ummatingizga nasihat qildingiz. Sizga yaqin (oʻlim) kelguncha Allohu taolo yoʻlida jihod qildingiz. Allohu taolo sizga qiyomat kunigacha salot va salom yoʻllasin. Yo Rasulalloh! Biz sizning huzuringizga juda uzoq joylardan keldik. Qabri sharifingizni ziyorat qilish, haqqingizni ado etish, siz qilgan ishlarni oʻz joyida koʻrish, sizni ziyorat qilib barakot topish, Allohu taolo huzurida bizga shafoatchi boʻlishingizni soʻrash uchun keldik. Chunki xatolarimiz belimizni bukdi. Gunohlarimiz yelkamizga ogʻir keldi. Yo Rasulalloh! Siz ham shafoat qiluvchi, ham shafoati qabul qilinuvchisiz. Maqomi Mahmud sizga vaʼda qilingan. Allohu taolo ham Qurʼoni karimda (Niso surasining 64-oyatida, maʼnosi): „Biz har bir paygʻambarni faqat Allohu taoloning amri bilan (yuborilgan qavmi tomonidan) unga itoat qilinishi uchun yubordik. Ular nafslariga zulm qilganlaridan (oʻzlariga yomonlik qilganlaridan) keyin sizning oldingizga kelib, Allohu taolodan magʻfirat soʻrasalar va Rasulim ham ular uchun istigʻfor aytsa, Allohu taoloni, albatta, tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli topadilar“, – demoqda. Biz huzuringizga keldik. Lekin biz nafslarimizga zulm qildik. Gunohlarimizning magʻfirat qilinishini soʻraymiz. Yo Rasulalloh! Allohu taolo huzurida bizga shafoat qiling. Yo Rasulalloh! Allohu taolodan ruhimizni sunnatingiz ustida olishini, ertaga qiyomat kunida siz bilan birga mahshar maydoniga kelganlar orasiga qoʻshishini, hovuzingizga kelib, u yerda hovuzingizdan ichishni nasib etishini soʻrang. Yo Rasulalloh! Shafoatingizni soʻraymiz», – deb duo qilish kerak. Soʻngra maʼnosi «… Ey Rabbimiz! Bizni va iymon bilan bizdan oldin oʻtgan birodarlarimizni magʻfirat qil! Iymon keltirganlarga qarshi qalblarimizda biror kek qoldirma! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen shafqat va marhamat sohibisan!…» boʻlgan Hashr surasining 10-oyatini oʻqish kerak.

Soʻngra salom yuborganlarning salomini yetkazib: «Assalomu alayka yo Rasulalloh! Falon kishi Allohu taolo huzurida unga shafoatchi boʻlishingizni soʻramoqda. Unga va barcha musulmonlarga shafoat qiling», – deyish va xohlaganicha salavot aytish kerak.

Soʻngra yarim metr oʻngga, hazrati Abu Bakr Siddiqning muborak boshi roʻparasiga kelib: «Assalomu alayka yo xalifata Rasulillah! Assalomu alayka yo rafiqahu fil gʻor! Assalomu alayka yo aminahu alal asror! Allohu taolo bu ummatning imomi sifatida sizga eng yuksak mukofot va ajrni lutf etsin. Siz Rasulullohga eng goʻzal tarzda xalifa boʻldingiz. U zotning yuksak sunnatlariga eng yaxshi tarzda ergashdingiz. Murtadlar (dindan qaytganlar) va toʻgʻri yoʻldan adashganlar bilan jang qildingiz. Doimo haqni soʻzladingiz. Vafot etguningizcha haq yoʻlda boʻlganlarga yordamchi boʻldingiz. Allohu taoloning salomi, rahmati va barakoti sizga boʻlsin! Allohim! Rahmating bilan ruhimizni uning muhabbati ustida ol. Uni ziyorat qilganimizni behuda qilma!» – deb duo qilish kerak.

«Qabrim bilan minbarim orasi jannat bogʻlaridan bir bogʻdir. Minbarim hovuzim ustidadir» Hadisi sharif

Soʻngra yana yarim metr oʻngga, hazrati Umarning qabri roʻparasiga kelib: «Assalomu alayka yo Amiral moʻminiyn! Assalomu alayka yo Muzhiral Islom! Assalomu alayka yo Muksiral asnam! Allohu taolo sizga eng yuksak ajr va mukofot bersin. Tirikligingizda ham, vafotingizda ham Islomga va musulmonlarga yordam berdingiz. Yetimlarga kafil boʻldingiz. Qarindoshlarga yaxshilik qildingiz. Musulmonlarga ular rozi boʻlgan, oʻzi ham hidoyatda boʻlgan va insonlarni ham toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan bir rahbar boʻldingiz. Ularning ishlarini tartibga soldingiz. Faqirlarini boy qildingiz, yaralarini bogʻladingiz. Allohu taoloning salomi, rahmati va barakoti sizga boʻlsin!» – deyish kerak.

Soʻngra hazrati Abu Bakr va hazrati Umarga xitob qilib: «Assalomu alaykumo yo zajiyʼay Rasulillahi va rafiqayhi va vazirayhi va mushiyrayhi val muʼovinayni lahu alal qiyomi fid diyni val qoimayni baʼdahu bi masolihil muslimiyn! Allohu taolo sizlarga eng goʻzal ajr bersin. Rasulullohning bizga shafoat qilishlarini, saʼyimizni qabul qilishini, bizni Islom dini ustida vafot ettirib, yana Islom dini ustida tiriltirishini, qiyomat kunida Rasulullohga yaqin boʻlganlar orasida hashr qilishini Allohu taolodan soʻrashingiz uchun sizlarni Rasulullohning huzurlarida vasila qilamiz», – deyish kerak.

Soʻngra oʻziga, ota-onasiga, duo soʻraganlarga va barcha musulmonlarga duo qilish kerak. Shundan keyin Rasulullohning muborak yuzlari roʻparasida turib: «Ey Allohim! Sen (maʼnosi): „Biz har bir paygʻambarni faqat Allohu taoloning amri bilan (yuborilgan qavmi tomonidan) unga itoat qilinishi uchun yubordik. Ular nafslariga zulm qilganlaridan (oʻzlariga yomonlik qilganlaridan) keyin sizning oldingizga kelib, Allohu taolodan magʻfirat soʻrasalar va Rasulim ham ular uchun istigʻfor aytsa, Allohu taoloni, albatta, tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli topadilar“12, – demoqdasan. Yo Rabbim! Sening yuksak kalomingga ergashib, amringga itoat qilib, sevimli Paygʻambaringning Sening huzuringda bizga shafoat qilishlarini soʻraymiz», – deb duo qilganidan keyin avval oʻqigan duosini, yaʼni Hashr surasining 10-oyatini (maʼnosi) oʻqiydi:

«… Ey Rabbimiz! Bizni va iymon bilan bizdan oldin oʻtgan birodarlarimizni magʻfirat qil! Iymon keltirganlarga qarshi qalblarimizda biror kek qoldirma! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen koʻp shafqat va marhamat sohibisan!» Soʻngra «Robbanagʻfir lana va li abaina va li ummahatina va li ixvaninallaziyna sabaquna bil iymon», «Robbana atina…» va «Subhona robbika…» oyatlarini oʻqib, Hujrai saodat ziyoratini tamomlaydi. Soʻngra Rasulullohning qabrlari bilan minbarlari orasida joylashgan Ravzai mutahharaga keladi. Bu yer toʻrtburchak shaklidagi bir joydir. Bu yerda xohlaganicha namoz oʻqiydi. Duo qiladi. Tasbehlar aytadi. Allohu taologa hamdu sanolar aytadi. Soʻngra minbar yoniga keladi. Rasulullohning barakoti oʻziga yetishi niyati bilan Paygʻambarimiz xutba oʻqiganlarida muborak qoʻllarini qoʻygan joyga qoʻlini qoʻyadi. Bu yerda ikki rakat namoz oʻqiydi. Allohu taolodan tilaklarini soʻraydi. Allohu taoloning gʻazabidan Uning rahmatiga panoh tilaydi. Soʻngra ilgari Hannona ustuni turgan joyga qoʻyilgan ustun yoniga keladi. Hannona – shunday ustundir: Rasululloh uni tark etib, xutba oʻqish uchun minbarga oʻtganlarida u ingragan, Rasululloh tushib, uni quchoqlaganlaridan keyin tinchlangan. Soʻngra hazrati Abu Luboba oʻzini bogʻlab, tavba qilgan ustun yoniga keladi. Bu yerda ikki rakat namoz oʻqib, Allohu taologa tavba va istigʻfor qiladi. Xohlagan duolarini qiladi.

Bu yerda qolgan muddat ichida kechalarini Qurʼoni karim oʻqish, Allohu taoloni zikr qilish, minbar bilan qabr yonida maxfiy va oshkora duo qilish va robita qilish bilan oʻtkazishi kerak. Rasulullohni ziyorat qilgandan keyin Baqiʼ qabristoniga borib, u yerni ham ziyorat qilish mustahabdir. Soʻngra boshqa qabrlarni, ayniqsa, Sayyidush shuhado (shahidlarning sarvari) hazrati Hamzaning qabrini ziyorat qilish kerak. Yana Baqiʼda hazrati Abbosni va u yerda boʻlgan Hasan ibn Alini, Zaynulobidinni, uning oʻgʻli Muhammad Boqirni va uning oʻgʻli Jaʼfari Sodiqni, amirul moʻminin hazrati Usmonni, Rasulullohning oʻgʻillari Ibrohimni, Rasulullohning u yerda dafn qilingan pok zavjalarini, ammalari Safiyyani va sahoba va tobeʼinlardan boʻlgan yana koʻp ulugʻlarni (roziyallohu anhum ajmaʼiyn) ziyorat qilish kerak. Baqiʼdagi Fotima masjidida namoz oʻqish kerak. Payshanba kuni Uhud shahidlarini ziyorat qilish mustahabdir. U yerda: «Salamun alaykum bima sabartum. Faniʼma uqbad dor. Salamun alaykum yo ahla doril qavmil moʻminiyn, va inna inshoallohu an qariybin bikum lohiqun», – deyish kerak. Soʻngra Oyatal kursiy va Ixlos surasini oʻqish kerak. Hujrai saodatni ziyorat qilganlar juda hushyor boʻlishlari lozim. Koʻngillarida dunyo oʻylari boʻlmasligi kerak. Muhammad alayhissalomning muborak nurini va darajalarining yuksakligini oʻylash kerak. Dunyo ishlari, katta kishilar bilan koʻrishib foyda olish va oldi-sotdi oʻylari ichida qilingan duolarni Allohu taolo qabul qilmaydi va ular tilaklariga yeta olmaydilar. Hujrai saodatni ziyorat qilish sharafli bir ibodatdir. Bunga ishonmaganlarning musulmonlikdan chiqishlaridan qoʻrqiladi. Chunki ular Allohu taologa, Uning Rasuliga va barcha musulmonlarga qarshi chiqqan boʻladilar. Molikiy olimlaridan bir nechtasi Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) ziyorat qilish vojibdir, degan boʻlsalar ham, uning mustahab ekani bir ovozdan bildirilgan.

«Ey Rabbimiz! Bizni va iymon bilan bizdan oldin oʻtgan birodarlarimizni magʻfirat qil! Iymon keltirganlarga qarshi qalblarimizda biror kek qoldirma! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen koʻp shafqat va marhamat sohibisan!» Hashr: 10

AS-SUBHU BADO
Assubhu bado min talʼatihi.
Vallaylu dajo min vafratihi.
Foqar rusula fazlan va ula.
Ahdas subula li dalolatihi.
Tong nurini u zotning chehrasidan oldi.
Tun esa qorongʻiligini u zotning qora sochlaridan oldi.
U zot fazilati va ulugʻligi bilan barcha rasullardan afzal boʻldilar.
Hidoyat topganlar yoʻlini u zotning koʻrsatmalari bilan topdilar.
Kanzul karami mavlan niʼami.
Hodil umami li shariʼatihi.
Azkannasabi aʼlal hasabi.
Kullul arabi fi xidmatihi.
U zot – saxovat xazinasi, oʻsha xazinadan ehson qiluvchi edilar.
Ummatlarni dinlariga va hidoyatga yetkazdilar.
Nasablari juda pok, sharaflari juda yuksakdir.
Barcha arablar u zotning xizmatlaridadir.
Saʼatish shajaru nataqal hajaru.
Shuqqal qamaru bi ishoratihi.
Jibrilu ato laylata asro.
Var Robbu daʼo li hazratihi.
Daraxtlar u zotning huzurlariga yugurdi, toshlar tilga kirib soʻzladi.
U zotning (moʻjizali) ishoralari bilan oy ikkiga boʻlindi.
Isro kechasida Jabroil (alayhissalom) u zotning huzurlariga keldi.
Rabbi esa u zotni Oʻz huzuriga daʼvat qildi.
Nalash sharafa vallohu afo.
Amma salafa min ummatihi.
Fa Muhammaduna huva sayyiduna.
Fal izzu lana bi ijobatihi.
U zot buyuk martabalarga erishdilar.
Alloh (jalla jaloluhu) ham u zotning ummatlarini afv etdi.
Bizning Muhammadimiz (sallallohu alayhi vasallam) – u zot bizning sarvarimizdir.
U zotni qabul qilganimiz uchun sharaf biznikidir.
Abdulloh ibn Ravoha (roziyallohu anhu)