DINDAN QAYTISH HARAKATLARI
Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) yigirma uch yillik paygʻambarliklari davrida Arab yarim orolining hammasi va boshqa joylardan ham juda koʻp insonlar toʻp-toʻp boʻlib kelib, musulmon boʻldilar. Ular Allohu taologa iymon keltirib, har bir soʻzida va har bir ishida Uning yuborgan Paygʻambariga ergashdilar. Rasululloh vafot etganlarida yer yuzida bir yuz yigirma toʻrt mingdan ortiq (bir rivoyatda bir yuz ellik mingga yaqin) sahoba bor edi. Vido hajidan keyin arablar orasida baʼzi kimsalar paygʻambarlik daʼvosiga tushdilar. Ularning birinchisi Banu Ans qabilasidan Asvad Ansiy edi. Uning asl ismi Abhala ibn Kaʼb edi. U turli hiylalar bilan Yaman aholisidan koʻp kishilarni aldadi. Najron aholisi ham unga ergashdi. U Sanʼoni egallab, fitna doirasini kengaytirdi. Rasululloh bemor boʻlishlariga qaramay, Asvad Ansiyga oʻxshagan yolgʻonchilarning qilgan vayronagarchiliklariga jiddiy eʼtibor berdilar. Bu yolgʻonchining oʻldirilgani Paygʻambarimizga vahiy orqali bildirildi. Rasululloh bu voqeani ertasi kuni: «Kecha kechasi yolgʻonchi Asvad Ansiy birodarlarimizdan biri tomonidan oʻldirildi», – deb sahobalariga xushxabar berdilar.
Paygʻambarimizning vafotlaridan keyin munofiqlar, yahudiylar va nasroniylarning qutqusi bilan jamoa-jamoa boʻlib irtidod (dindan qaytish) harakatlari boshlandi. Bu harakatlar katta miqyosga yetdi. Rasululloh vafot etganlaridan keyin sahobai kirom (alayhimur rizvon) bir ovozdan Abu Bakr Siddiqni (roziyallohu anhu) xalifa qilib sayladilar. Musulmon koʻrinishlariga qaramay, hali Islomga koʻngli isimagan badaviy arablarning bir qismi Paygʻambarimizning vafotlarini fursat bilib, farz ibodatlarni, ayniqsa, zakot berishni rad etdilar. Sahobai kiromdan (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) ularning oldiga vazifa bilan kelganlarni shahid qildilar. Musulmon boʻlaturib, Islom dinini tark etdilar. Murtad boʻldilar. Yamandagi va boshqa joylardagi vazifadorlar qaytib kela boshladilar, qora xabarlar keltira boshladilar. Irtidod xavfi birdan kuchaydi. Hamma yoqni dahshat qamradi. Murtadlarning soniga nisbatan musulmonlar juda oz edi. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) murtadlar bilan jang qilishni boʻyniga oldi. Madinaga hujum qilishga tayyorlanayotgan dushman ustiga kechasi shiddatli hamla qilib, tonggacha jang qildi. Ularning hammasini tarqatib yubordi. Uzoqdagi murtadlar bilan jang qilgani borish uchun tuyasiga mindi.
Hazrati Oisha shunday dedi: «Arablar irtidod qilgan oʻsha kunlarda otam qilichini qinidan sugʻurib, tuyasiga minganida, hazrati Ali uning yoniga bordi, tuyasining jilovidan tutdi va: „Ey Rasulning xalifasi! Qayerga ketyapsiz? Sizga Rasulullohning Uhud jangida aytgan soʻzlarini aytaman. Oʻsha kuni u zot sizga: «Qilichingni qiniga sol! Oʻliming bilan bizni kuydirma!» – degan edilar. Allohga qasamki, agar sizga bir narsa boʻlsa, sizdan keyin musulmonlar tartib topmaydi“, – dedi». Sahobai kiromning hammasi (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) hazrati Alining soʻzini tasdiqladi. Hazrati xalifa Madinai munavvaraga qaytdi. Murtadlar ustiga qoʻshin boʻlinmalarini yubordi. Xalifa avval Madinaga yaqin toʻrt qabila ustiga yurib, ularni itoatga keltirdi. Soʻngra oʻn bir qabilaga qarshi boʻlinmalar yubordi. Ulardan Ikrima qoʻmondonligidagi askar Yamomada Musaylamaning qirq ming kishilik askariga bas kela olmadi.
«Ey sevimli Paygʻambarim! Ularga ayting: „Agar Allohni sevsangiz va Allohning ham sizlarni sevishini istasangiz, menga ergashinglar! Alloh menga ergashganlarni sevadi“» Oli Imron: 31
Xalifa yordamga Xolid ibn Validni yubordi. Xolid Tulayha ibn Xuvaylid, Sajoh bint Horis va Molik ibn Nuvayrani tor-mor qilib, Madinaga qaytdi. Yamomada ham katta gʻalaba qozondi. Yigirma ming murtadni oʻldirdi. Ikki mingga yaqin musulmon shahid boʻldi. Amr ibn Os ham Xuzoa qabilasini iymonga keltirdi. Alo ibn Hazramiy Bahraynda ogʻir janglar olib borib, murtadlarni tarqatib yubordi. Huzayfa, Arfaja va Ikrima Ummon va Bahraynda birlashib, murtadlarni yengdilar. Oʻn ming murtadni oʻldirdilar. Xalifa Xolid ibn Validni Iroq tomonga yubordi. U Hiradan yuz ming oltin jizya oldi. Hurmuz qoʻmondonligidagi Eron qoʻshinini yengdi. Basrada oʻttiz ming kishilik qoʻshinni tor-mor qildi. Yordamga kelgan dushman qoʻshinidan yetmish ming kofir oʻldirildi. Soʻngra turli janglar bilan katta shaharlarni oldi. Xalifa Madinada qoʻshin toʻplab, Abu Ubaydani Shom tomonga, Amr ibn Osni esa Falastinga yubordi. Soʻngra Yazid ibn Abu Sufyonni Shomga yordamga yubordi. Soʻngra yana askar toʻplab, hazrati Muoviyani birodari Yazidga yordamga yubordi. Xolid ibn Validni ham Iroqdan Shomga yubordi. Xolid askarning bir qismini Musannoning yonida qoldirib, koʻp janglar va gʻalabalar bilan Suriyaga keldi. Islom askarlari birlashib, Ajnodaynda katta Rum qoʻshinini yengdilar. Soʻngra Yarmukda qirq olti ming Islom askari Hiraqlning ikki yuz qirq ming askari bilan uzoq va juda ogʻir janglar olib borib, gʻolib keldi. Yuz mingdan ortiq Rum askari oʻldirildi. Uch ming musulmon shahid boʻldi. Bu jangda musulmon ayollari ham jang qildilar. Bosh qoʻmondon Xolid ibn Validning va qoʻshin boʻlinmasi qoʻmondoni Ikrimaning hayratlanarli qahramonliklari koʻrindi. Bu gʻalabalarning hammasi xalifaning jasorati, donoligi, goʻzal boshqaruvi va barakoti bilan boʻldi. Paygʻambarimizning vafotlari bilan butun Arab yarim orolini yongʻindek qamrab olgan isyon va irtidod harakatlari hazrati Abu Bakrning yuksak azmi, mustahkam irodasi va qoʻshinda qilgan oʻrinli islohotlari bilan bir yilga yaqin qisqa vaqt ichida bostirildi. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) Usoma qoʻshinining Suriyaga yuborilishida va voqealarning oldini olishda katta xizmatlar qildi. Abdulloh ibn Suhayl soʻzlari bilan koʻp kishilarning irtidodiga yoʻl qoʻymadi. Abu Dujona ham voqealarni bostirishda juda katta xizmat qildi. Nuʼmon ibn Muqarrin va Xolid ibn Saʼid murtadlar bilan boʻlgan janglarda qatnashib, katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Shu tariqa irtidod fitnasining kattalashishiga yoʻl qoʻyilmay, katta bir falokatning oldi olindi va Islom birligini larzaga solishga qaratilgan katta bir fitna olovi oʻchirildi.
Lekin maqsadlariga ochiqdan-ochiq yeta olmasliklarini anglagan va irtidodga uringan baʼzi kimsalar keyingi davrlardagi fitna harakatlarida ham ishtirok etdilar. Musulmonlar orasida yuzaga kelgan diniy va siyosiy ajralishlarga sabab boʻldilar.
Islom tarixida dinni rad etish, dindan qaytish maʼnolarida «irtidod» (dindan qaytish) va «murtad» (dindan qaytgan kishi) atamalari ushbu voqealardan keyin ishlatila boshladi. Murtadlarga qarshi kurashda hazrati Abu Bakrning hissasi katta boʻldi. Agar shunday dono bir kishi boʻlmaganida, xavf butun Arabistonga yoyilgan boʻlardi. Shuning uchun hazrati Oisha: «Rasulullohning ruhlari qabz qilingach, arablar irtidod qildilar. Nifoq bosh koʻtardi. Otamning ustiga tushgan yuk togʻlar ustiga tushganida edi, ularni albatta un-talqon qilib yuborgan boʻlardi!» – degan.1
Hazrati Abu Hurayra ham: «Agar Abu Bakr boʻlmaganida, Muhammad alayhissalomning vafotlaridan keyin ummati Muhammad halok boʻlardi!» – degan.2 Va: «Oʻzidan boshqa iloh boʻlmagan Allohga qasamki, agar Abu Bakr xalifalikni oʻz zimmasiga olmaganida, buyuk Allohga ibodat qiladigan kishi qolmas edi!» – deb, bu soʻzini uch marta takrorlagan.
Abu Rajo Utoridiy shunday hikoya qiladi: «Madinaga kirganimda odamlarning yigʻilganini va bir kishining: „Sizga qurbon boʻlay! Allohga qasamki, siz boʻlmaganingizda, biz albatta halok boʻlardik!“ – deb boshqa bir kishining boshidan oʻpayotganini koʻrdim. „Bu oʻpayotgan va oʻpilayotgan kim?“ – deb soʻradim. „Murtadlarga qarshi gʻazot qilgani uchun Umar Abu Bakrning boshidan oʻpmoqda!“ – deyishdi».3
Hazrati Oisha oʻsha kunlarni shunday hikoya qiladi: Rasulullohning vafotlaridan keyin arab qabilalarining koʻpchiligi irtidod qildi. Musulmonlar qorongʻi kechada yomgʻir ostida qolgandek esankirab qoldilar. Hatto oʻsha paytda makkaliklarning koʻpchiligi Islomdan qaytishga tayyorlandi. Hazrati Suhayl ibn Amr Kaʼbaning eshigi oldida turib, makkaliklarga murojaat qildi. Ularga taʼsirli nutq soʻzlab, shubhalarini ketkazdi va dindan qaytishlarining oldini oldi. U ularga shunday dedi: «Ey makkaliklar! Sizlar musulmon boʻlganlarning oxirgisi boʻldingiz. Zinhor irtidod qilganlarning, musulmonlikdan qaytganlarning birinchisi boʻlmanglar! Allohga qasamki, buyuk Alloh, Rasul alayhissalom aytganlaridek, bu ishni albatta oxiriga yetkazadi! Men u zotning xuddi men turgan shu joyda yolgʻiz oʻzlari turib: „Men bilan birga «La ilaha illalloh» denglar, toki sizlarga qarab arablar dinga kirsin, arab boʻlmaganlar esa sizlarga jizya toʻlasin! Allohga qasamki, Kisro va Qaysarning xazinalari Alloh yoʻlida sarflanadi!“ – deganlarini eshitganman.
Bir vaqtlar masxara qilganlarning endi zakot va sadaqa yigʻuvchi boʻlganlarini koʻrdingiz. Allohga qasamki, qolgani ham roʻyobga chiqadi! Allohga qasamki, men yaxshi bilamanki, quyosh chiqib, botib turguncha bu din davom etadi! Orangizdagi oʻsha kishilar sizlarni aldamasin! Men bilgan bu ishni ular ham biladilar. Lekin Banu Hoshimga boʻlgan hasadlari ularning qalblarini muhrlab qoʻygan. Ey odamlar! Men Quraysh ichida quruqlikda ham, dengizda ham eng koʻp ulovga ega boʻlgan kishiman. Amiringizga itoat qilinglar va zakotlaringizni unga toʻlanglar. Agar Islom ishi oxirigacha davom etmasa, men zakotlaringizni oʻzingizga qaytarib berishga kafilman!» – dedi-da, yigʻladi. Shundan keyin xalq tinchlandi.4
Suhayl ibn Amr taʼsirli nutqi bilan makkaliklarni irtidoddan qaytargach, Makka noibi Attob ibn Asid xalq oldiga chiqa oldi.
«Agar Abu Bakr boʻlmaganida, Muhammad alayhissalomning vafotlaridan keyin ummati Muhammad halok boʻlardi!» Abu Hurayra (roziyallohu anhu)
Hujrai saodat / Masjidi Nabaviy
Sevimli Paygʻambarimiz (alayhissalotu vassalom) va sahobalaridan musulmonlarning ikki koʻz qorachigʻi boʻlgan
hazrati Abu Bakr va hazrati Umarning (roziyallohu anhumo) muborak qabrlarining
old, yaʼni qibla tomonidan koʻrinishi.
Suhayl ibn Amr Badr jangida asirlar orasida edi. Hazrati Umar uni oʻldirmoqchi edi. Oʻshanda Paygʻambarimiz hazrati Umarga: «Nega uni oʻldirmoqchisan? Qoʻy, balki Alloh uni sen ham yoqtiradigan bir maqomga yetkazar. Uning xalqqa nutq soʻzlashi ham umid qilinadi!» – degan edilar. Mana, hadisi sharif bilan xabar berilgan xushxabar Suhayl ibn Amrning (roziyallohu anhu) koʻngilga yoqadigan maqomda soʻzlagan shu nutqi ekani anglashildi.5 Hazrati Umar ham Suhaylning nutqini eshitganda, Paygʻambarimizning hazrati Suhayl haqida aytgan soʻzlarini esladi va Paygʻambarimizga gʻoyibona: «Guvohlik beramanki, siz, albatta, Rasulullohsiz!» – deyishdan oʻzini tuta olmadi.6
Sizning ishqingiz har dardga davodir, yo Rasulalloh,
Huzuringizda hojatlar ravodir, yo Rasulalloh.
Nuringizni koʻrgan koʻzlar na oy koʻzlar, na yulduzlar,
Nuringizdan kecha-kunduz ziyodir, yo Rasulalloh.
Teringizdan gullar ochilur, soʻzingizdan shahdu shakar,
Siz ila xasta koʻngillarga shifodir, yo Rasulalloh.
Shohlarga habibsiz, dardu ohlarga tabibsiz,
Shafoatingiz gunohkorga safodir, yo Rasulalloh.
Oyu quyosh, yetti yulduz maqtar sizni bari birdek,
Sizning soʻzingizdan oʻzga soʻz xatodir, yo Rasulalloh.
Hasad qilur sizga Iblis, ne ahmoqdir qilgan talbis,
Sizni sevgani uchun Idris aʼlodir, yo Rasulalloh.
Chalinur navbatingiz doim, bu besh vaqt sunnatingiz qoim,
Xonangizga kelsa har kim, unga daʼvatdir, yo Rasulalloh.
Mugʻaylonlar harir kiydi, sahrolar anbarga toʻldi,
Sizning jafolaringiz dardi vafodir, yo Rasulalloh.
Sotildi Yusufi Kanʼon arzimas narsaga pinhon,
Sizni koʻrmoq menga ming jon bahodir, yo Rasulalloh.
Muborak turbangiz yerda, toʻla nur ila parvarda,
Valek ruhingiz falaklarda ayondir, yo Rasulalloh.
Dovud egnida xilʼatingiz, Xalil xonida neʼmatingiz,
Muso qoʻlida ibratingiz – asodir, yo Rasulalloh.
Maqomingiz – Kaʼba, Zamzam, hamisha qoimu muhkam,
Xizr ummatingizga har dam saqqodir, yo Rasulalloh.
Shayyod Hamza ul shohdan tilar ohdan qutulmoqni,
Sizni madh etmoq Allohdan atodir, yo Rasulalloh.
Şeyyâd Hamza
«Guvohlik beramanki, siz, albatta, Rasulullohsiz!» Hazrati Umar (roziyallohu anhu)
Jannatul Baqiʼ
Madinai munavvaradagi Jannatul Baqiʼ – minglab sahobai kiromning (roziyallohu anhum) maqbaralari joylashgan qabriston edi.
Bu yerdagi oʻsha goʻzal maqbaralarning va qabrlarning hammasi buzdirib yuborildi va bu yer, afsuski, dalaga aylantirildi.
SEKIN-SEKIN!
Azroil boshingga kelgan zamon,
Sinar oyoq bilan qoʻl sekin-sekin.
Mavloim nasib etsin din ila iymon,
Oqar koʻzlaringdan sel sekin-sekin.
Baland uchgan koʻngil tolar bir kuni,
Oʻlchov tarozisi qurilar bir kuni,
Har kimning qilgani soʻralar bir kuni,
Aylanurmi, yo Rabbim, til sekin-sekin?
Doim nafsingga ergashding, tavba etmading,
Har topganingni yeding, shukr etmading.
Nihoyat, bu qora tuproqqa yetding,
Tortilar dunyodan qoʻl sekin-sekin.
Qabring ustiga tikarlar toshni,
Bir hovuch tuproqqa qoʻyarsan boshni.
Ota oʻgʻlin koʻrmas, qardosh – qardoshni,
Ketar, ortga qaytmas yoʻl sekin-sekin.
Kofurli, iliq suvni qoʻyarlar,
Ul nozli badanni tamom yecharlar.
Oʻlganingni qoʻni-qoʻshni tuyarlar,
Qaytar ortga doʻstlar sekin-sekin.
