Sevimli Paygʻambarim

PAYGʻAMBARIMIZNING VAFOTLARI

Hijratning oʻn birinchi yili edi. Oʻtgan Ramazon oyida Jabroil alayhissalom kelganda, sevimli Paygʻambarimizga Qurʼoni karimni boshidan oxirigacha ikki marta oʻqidi. Holbuki, avvalgi yillarda Qurʼoni karimni bir marta oʻqir edi. Jabroil alayhissalom eng soʻnggi boʻlib Nasr surasini yetkazdi, uning maʼnosi: «Allohu taoloning yordami va gʻalaba kuni kelib, odamlarning Allohu taoloning diniga (Islomga) toʻp-toʻp boʻlib kirayotganlarini koʻrganingizda, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Undan afv soʻrang! Chunki U tavbalarni doimo qabul qilguvchidir»1. Uni tinglagach, Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Jabroil! Ichimdan oʻlimim yaqinlashayotganini sezyapman», – dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom ushbu oyati karimalarni oʻqidi, maʼnosi: «Oxirat siz uchun dunyodan yaxshiroqdir. Rabbingiz sizga, „Rozi boʻldim“, deguningizcha, har bir istaganingizni beradi»2.

Hijratning oʻn birinchi yili, Safar oyining yigirma yettinchi kuni Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) muborak boshlari ogʻriy boshladi. U zot muhtaram zavjalari hazrati Oishaning (roziyallohu anho) hujrasiga tashrif buyurdilar. Abdurrahmon ibn Abu Bakrni chaqirib, oʻzlaridan keyin Abu Bakr Siddiqning xalifa saylanishi uchun vasiyat yozdirishlarini bildirdilar va siyohdon bilan qalam keltirishni buyurdilar. Hazrati Abu Bakrning oʻgʻli Abdurrahmon amrlarini bajarish uchun ketayotganda: «Keyin keltirarsan, hozircha tursin!» – dedilar va masjidi sharifga tashrif buyurdilar. Sevimli Paygʻambarimiz oʻsha kuni Madinada boʻlgan barcha sahobai kiromga peshin namozida masjidda toʻplanishlari uchun xabar yubordilar. Sarvari olam namozga imomlik qilganlaridan keyin minbarga chiqib, bir xutba irod qildilar. Sahobalariga nasihat qilib, ulardan halollik soʻradilar. Soʻngra Abu Bakr Siddiqning sahobalar orasidagi afzalligini, qadrini va undan juda xushnud ekanliklarini bildirdilar. Bu shunday bir xutba ediki, tinglagan barcha qalblar titrab ketdi, koʻzlardan yoshlar quyildi. Soʻngra: «Ey odamlar! Meni oʻz Paygʻambaringiz sifatida qanday topdingiz?» – deganlarida, sahobai kirom: «Yo Rasulalloh! Allohu taolo sizga biz tomondan moʻl-koʻl yaxshiliklar ato etsin. Siz biz uchun juda shafqatli ota, nasihat qiluvchi mehribon birodar kabi edingiz. Allohu taolo sizga lutf etgan paygʻambarlik vazifasini ado etdingiz. Vahiy qilinganlarni bizga yetkazdingiz. Rabbingizning yoʻliga, Islomga hikmat bilan, goʻzal nasihat bilan daʼvat qildingiz, chaqirdingiz. Allohu taolo sizga eng goʻzal va eng yuksak mukofotlar bersin», – deyishdi.

Shundan keyin Paygʻambarimiz: «Ey moʻminlar! Alloh haqqi, kimning menda haqqi boʻlsa, tursin, kelsin, qiyomatdan oldin shu yerda olsin», – dedilar.

Lekin haqqini olish uchun turib kelgan kishi boʻlmadi. Rasululloh ikkinchi va uchinchi marta ham Allohu taoloning nomini zikr qilib: «Haqqi boʻlgan kishi kelsin, olsin», – dedilar. Shunda sahobai kiromdan piri foniy boʻlgan hazrati Ukkosha oʻrnidan turdi. Rasulullohning huzurlariga bordi. Soʻngra: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Tabuk gʻazotida siz bilan birga edim. Tabukdan qaytayotganimizda mening tuyam bilan sizning tuyangiz yonma-yon kelib qolgan edi. Men tuyamdan tushdim. Sizga yaqinlashdim. Maqsadim muborak badaningizni oʻpish edi, oʻshanda siz qamchi bilan yelkamga urgan edingiz. Nega urganingizni bilmayman», – dedi.

«Oxirat siz uchun dunyodan yaxshiroqdir. Rabbingiz sizga, „Rozi boʻldim“, deguningizcha, har bir istaganingizni beradi» Zuho: 4–5

Paygʻambarimiz: «Yo Ukkosha! Allohu taolo seni Rasulining ataylab urishidan saqlasin», – dedilar va: «Yo Bilol! Qizim Fotimaning uyiga bor. Oʻsha qamchini menga keltir», – deb buyurdilar. Hazrati Bilol masjiddan chiqdi. U qoʻlini boshiga qoʻyib: «Rasululloh oʻzlaridan qasos oldirmoqchilar!» – deb, qattiq hayratda qolgan edi. Uyga yetib borgach, eshikni taqillatib: «Ey Rasulullohning qizi! Menga Rasulullohning qamchilarini bering!» – deganda, hazrati Fotima onamiz: «Yo Bilol! Hozir na haj vaqti, na gʻazot! Otam qamchini nima qiladilar?» – deb soʻradi. Hazrati Bilol: «Ey Fotima! Xabaringiz yoʻqmi? Rasulullohdan u bilan qasos olinadi!» – dedi.

Fotima onamiz hazrati Bilolga qatʼiy tayinladi: «Yo Bilol! Rasulullohdan qasos bilan haqqini olishga kimning koʻngli rozi boʻladi? Modomiki soʻradilar, beray. Lekin Hasan va Husaynga ayt, haqqini kim oladigan boʻlsa, qasosni oʻzlariga qildirsinlar. U kishi haqqini ulardan olsin. Zinhor Rasulullohdan qasos oldirmasinlar». Hazrati Bilol masjidga kelib, qamchini Rasulullohga berdi, u zot esa uni hazrati Ukkoshaga berdilar. Buni koʻrgan hazrati Abu Bakr va hazrati Umar: «Ey Ukkosha! Mana, biz sening oldingda tayyor turibmiz, haqqingni bizdan ol. Iltimos, Rasulullohdan olma!» – deb yolvorishdi. Shunda Paygʻambarimiz hazrati Abu Bakrga: «Ey Abu Bakr! Sen qoʻy, chetga chiq. Ey Umar! Qani, sen ham chetga chiq. Allohu taolo sizlarning yuksak darajalaringizni biladi», – dedilar. Soʻngra hazrati Ali turib: «Ey Ukkosha! Rasulullohga urishingga koʻnglim rozi boʻlmayapti, mana yelkam va qornim, kel, haqqingni mendan ol, istasang, yuz marta ur. Lekin Rasulullohga tegma!» – deganda, Paygʻambarimiz: «Ey Ali! Sen ham oʻtir. Allohu taolo sening ham yuksak martabangni, holingni biladi», – dedilar. Bu safar hazrati Hasan bilan Husayn turib: «Ey Ukkosha! Siz ham bilasizki, biz Rasulullohning nabiralarimiz. Shuning uchun bizga qasos – Rasulullohga qasos demakdir. Haqqingizni bizdan oling, iltimos, Rasulullohga urmang!» – deganlarida, Paygʻambarimiz ularga: «Sizlar ham oʻtiringlar, ey ikki koʻzimning quvonchlari», – dedilar. Soʻngra: «Ey Ukkosha! Kel, ur!» – dedilar.

Ukkosha: «Yo Rasulalloh! Siz menga urganingizda, badanim ochiq edi», – deganda, sevimli Paygʻambarimiz muborak yelkalarini ochdilar. Shu payt sahobai kirom orasidan hoʻngrab yigʻlagan ovozlar eshitildi: «Yo Ukkosha! Rasulullohning muborak yelkalariga urasanmi?» – deyishdi. Hamma qaygʻu ichida kutib turardi. Hazrati Ukkosha Rasulullohning muborak yelkalaridagi paygʻambarlik muhrini koʻrgach, birdan: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Haqqini olish uchun sizning oʻsha muborak yelkangizga urishga, sizdan qasos olishga kimning kuchi yetadi, bunga kim jurʼat eta oladi?» – deb, Koinot sultonining muborak muhri nubuvvatini oʻpib oldi. Shunda Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) unga: «Yoʻq, yo urasan, yoki kechirasan», – dedilar. Hazrati Ukkosha: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Kechirdim. Allohu taolo ham qiyomat kuni meni kechirarmikin?» – dedi. Paygʻambarimiz: «Kim mening jannatdagi hamrohimni koʻrishni istasa, mana shu piri foniyga (qariyaga) qarasin», – dedilar. Rasulullohning bu muborak soʻzlarini eshitgan sahobai kirom uning ikki koʻzi orasidan oʻpa boshlashdi. Hammalari: «Senga qanday baxt, senga qanday baxt! Ey Ukkosha! Rasululloh bilan birga boʻlganing hurmatiga jannatda yuksak darajalarga erishding», – deyishardi.3

Usoma ibn Zaydning qoʻmondon etib tayinlanishi

Safar oyining soʻnggi kunlari edi. Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) shimoldagi Vizantiya imperiyasi musulmonlar uchun katta xavfga aylanmasdan oldin, ularni yana Islomga daʼvat qilish, qabul qilmasalar, ular bilan jang qilib, Islom davlatining amriga boʻysundirishni istardilar. Shu sababli rumliklar bilan jang qilish uchun qahramon sahobalariga tayyorlanishni buyurdilar. Sahobai kirom tayyorgarlik koʻrish uchun tarqaldilar. Rasuli akram hazrati Usoma ibn Zaydni chaqirib: «Ey Usoma! Shomga, Balqo chegarasiga, Falastindagi Dorumga, otang shahid qilingan joygacha Allohu taoloning ismi va barakasi bilan bor. U yerlarni otlarga toptat. Seni bu qoʻshinga bosh qoʻmondon etib tayinladim. Ubno ahli ustiga toʻsatdan borib, ularga chaqmoqdek hujum qil. Boradigan joyingga xabar yetib bormaydigan qilib tez bor. Yoningga yoʻl boshlovchilarni olib, josus va kuzatuvchilarni oldingdan yubor. Allohu taolo zafar ato etsa, ular orasida oz tur», – dedilar. Jurfda qarorgoh qurishni buyurib, muborak qoʻllari bilan bayroqni bogʻladilar va unga topshirdilar.4

Masjidda minbarga chiqib: «Ey sahobalarim! Usomaning otasi Zayd qoʻmondonlikka qanday loyiq boʻlgan va mening nazdimda odamlarning eng sevimlisi boʻlgan boʻlsa, undan keyin oʻgʻli Usoma ham qoʻmondonlikka shunday loyiqdir. Usoma mening nazdimda odamlarning eng sevimlilaridandir», – dedilar.

Hazrati Usomaning qoʻmondonligi ostida jangga boradiganlar orasida hazrati Abu Bakr, hazrati Umar, hazrati Abu Ubayda ibn Jarroh, hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos kabi sahobalarning peshqadamlari ham bor edi.

Lekin ertasi kuni Koinot sultoni toʻsatdan betob boʻlib qolganlari uchun qoʻshinning ketishi Paygʻambarimizning oxiratga rihlat qilishlaridan keyinga qoldi. Sevimli Paygʻambarimiz qattiq bezgak (humma) kasaliga chalindilar. Isitmalari tobora ortib, kasallik kuchaymoqda edi.

Ogʻriqlari kamaygan bir kechada, yarim tunda oʻrinlaridan turdilar. Kiyinib, bir yoqqa bormoqchi boʻldilar. Buni koʻrgan hazrati Oisha onamiz: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Qayerga ketyapsiz?» – deb soʻradi. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam): «Baqiʼ qabristonida dafn qilinganlar uchun istigʻfor aytishga amr oldim. Oʻsha yerga ketyapman», – deb javob berdilar.

Yonlariga Abu Muvayhib bilan Abu Rofeʼni olib bordilar. Qabristonda uzoq-uzoq duo qilib, ularning afv va magʻfirati uchun Allohu taologa iltijo qildilar. Paygʻambarimizning bu tinimsiz iltijolarini koʻrgan yonlaridagi sahobalar: «Qani endi, biz ham hozir shu yerda dafn qilingan boʻlsak-u, Rasulullohning bu duolariga sazovor boʻlish sharafiga erishsak!» – deyishdi. Sevimli Paygʻambarimiz Abu Muvayhibga oʻgirilib: «Ey Abu Muvayhib! Menga dunyo xazinalari bilan oxirat neʼmatlari orasida tanlash ixtiyori berildi. Menga: „Xohlasangiz, dunyoda boqiy qoling, soʻngra jannatga kiring, xohlasangiz, Likoulloh (Allohu taologa yetishish) hosil boʻlib, jannatga kiring“, – deyildi. Men Likoullohni, soʻngra jannatni tanladim», – dedilar.

«Ey moʻminlar! Alloh haqqi, kimning menda haqqi boʻlsa, tursin, kelsin, qiyomatdan oldin shu yerda olsin» Hadisi sharif

Bir kuni Uhudda yotgan shahidlar uchun magʻfirat soʻrash maqsadida yoʻlga chiqdilar. Ular uchun Allohu taologa uzoq-uzoq iltijo qilib, duo qildilar. Soʻngra masjidga kelib, sahobai kiromga: «Men Kavsar hovuziga sizlardan oldin yetib boradigan, sizlarni kutib oladigan boʻlaman. Bizning uchrashadigan joyimiz oʻshadir… Men sizlar uchun, mendan keyin mushriklikka qaytasizlar, deb qoʻrqmayman. Lekin dunyoga berilib, u uchun bir-biringizni qizgʻanasizlar, bir-biringizni oʻldirasizlar va natijada sizlardan oldingilar yoʻq boʻlib ketganidek, sizlar ham yoʻq boʻlib ketasizlar, deb qoʻrqaman…» – dedilar. Soʻngra saodatxonalariga tashrif buyurdilar. Kasalliklari ogʻirlashdi. Muborak zavjalari sevimli Paygʻambarimizning hazrati Oisha onamizning uyida qolishlarini istab, oʻz haqlaridan uning foydasiga kechganlarini bildirishdi. Pok zavjalarining bu fidokorligidan mamnun boʻlib, ularning hammasiga duo qildilar va bundan keyingi kunlarini hazrati Oisha onamizning uyida oʻtkaza boshladilar. Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) isitmalari juda oshib ketdi. Isitmaning shiddatidan toʻshaklarida u yondan bu yonga agʻdarilishga majbur boʻlardilar. Shunday holda ekanlarida sahobai kirom u zotni ziyorat qilgani borar, Paygʻambarimiz chekayotgan qattiq mashaqqatdan gʻoyat qaygʻurardilar. Abu Saʼid Xudriy shunday hikoya qildi: «Rasulullohning muborak huzurlariga borgan edim. Ustlarida baxmal yopinchiq bor edi. Isitmaning harorati yopinchiqdan tashqariga urib chiqar, issiqdan qoʻlimizni yopinchiqqa tegiza olmas edik. Hayratimizni va qaygʻumizni koʻrgan Rasululloh shunday dedilar:

„Eng shiddatli balo paygʻambarlarga boʻladi. Shunga qaramay, paygʻambarning balolarga sevinishi sizlarning berilgan ehsonlarga sevinishingizdan koʻproqdir“».

Ummu Bishr bint Baro shunday hikoya qildi: «Rasulullohni ziyorat qilgani borgan edim. Muborak badanlari olovdek yonardi. „Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Men hech qachon bunday ogʻir kasallikni koʻrmaganman!…“ – dedim. U zot shunday dedilar: „Ey Ummu Bishr! Isitmaning shiddatli boʻlishi savobimning koʻp boʻlishi uchundir. Bu kasallik Xaybarda totib koʻrgan zaharli goʻshtimning asoratidir. Oʻsha goʻshtning achchigʻini hamisha sezib yurardim. Oʻsha kuni yegan zaharim endi abharimni, yaʼni aorta tomirimni uzmoqda“».5

Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Abdulloh ibn Masʼudga ham shunday dedilar: «Kasallikka chalingan har bir musulmonning xato va gunohlarini Allohu taolo, daraxtning barglari toʻkilganidek, toʻkib yuboradi!»6 Kasallik kundan-kunga kuchaymoqda edi. Sahobai kirom bundan juda qaygʻurar, uylarida tinch oʻtira olmas edilar. Masjidda toʻplanishdi. Paygʻambarimizning ahvollarini soʻrash uchun hazrati Alini huzurga yuborishdi. Olamlar sarvari ishora bilan: «Sahobalarim nima deyishyapti?» – deb soʻradilar. U: «„Rasululloh oramizdan ketsalar-a!…“ – deb juda qaygʻurib, tashvish chekishmoqda», – dedi. Sahobalariga marhamatlari behad boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz kasalliklarining shiddatiga chidab oʻrinlaridan turdilar, hazrati Ali va hazrati Fazl ibn Abbosga suyanib, masjidga keldilar. Minbarga chiqib, Allohu taologa hamdu sanodan keyin sahobai kiromga shunday dedilar:

«Ey sahobalarim! Mening oʻlimimni oʻylab, tashvishlanayotgan ekansizlar. Biror paygʻambar ummati orasida abadiy qolganmiki, men ham orangizda abadiy qolsam? Bilib qoʻyinglar, men Rabbimga qovushaman. Sizlarga nasihatim shuki, muhojirlarning ulugʻlariga hurmat koʻrsatinglar! Ey muhojirlar! Sizlarga vasiyatim esa shuki, ansorlarga yaxshilik qilinglar! Ular sizlarga yaxshilik qildilar. Sizlarni uylarida boshpana berib saqladilar. Oʻzlari tirikchilikda qiynalib turgan boʻlsalar ham, sizlarni oʻzlaridan ustun qoʻydilar. Mollariga sizlarni sherik qildilar. Kim ansorlar ustidan hokim boʻlsa, ularga gʻamxoʻrlik qilsin, xato qilganlari boʻlsa, ularni kechirsin», – dedilar. Soʻngra juda goʻzal, taʼsirli nasihatlar qilib: «Allohu taolo bir bandasini dunyoda qolish bilan Rabbiga qovushish oʻrtasida ixtiyor egasi qilib qoʻydi. U banda Rabbiga qovushishni istadi», – dedilar. Hazrati Abu Bakr Rasulullohning bu soʻzlari bilan oʻz vafotlariga ishora qilayotganlarini anglab: «Jonimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh!» – deb yigʻlay boshladi. Marhamat daryosi boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam): «Yigʻlama, yo Abu Bakr!» – deb, unga sabr qilish va chidash lozimligini buyurdilar. Muborak koʻzlaridan yosh oqardi. «Ey sahobalarim! Islom dini yoʻlida sidq va ixlos bilan molini fido qilgan Abu Bakrdan juda roziman. Agar oxirat yoʻlida doʻst tutish ixtiyorimda boʻlganida, uni tanlagan boʻlardim», – dedilar va: «Masjidga ochiladigan eshiklarning Abu Bakrnikidan boshqa hammasini yopinglar!» – deb buyurdilar.

Soʻngra minbardan tushib, hazrati Oisha onamizning hujrasiga qaytdilar. Sahobai kirom yigʻlay boshladilar. Shunda Paygʻambarimiz hazrati Ali bilan Fazl ibn Abbosning qoʻltigʻiga suyanib, yana masjidga tashrif buyurdilar. Minbarning pastki zinasida turib, sahobai kiromga shunday dedilar: «Ey muhojirlar va ey ansorlar! Vaqti belgilangan bir narsaga yetishish uchun shoshilishdan foyda yoʻq. Allohu taolo hech bir bandasi uchun shoshilmaydi. Kimki Allohu taoloning qazo va qadarini oʻzgartirishga, Uning irodasidan ustun chiqishga urinsa, Alloh uni qahr etib, parishon qiladi.

Allohu taologa hiyla ishlatmoqchi, Uni aldamoqchi boʻlganning ishlari buziladi, oʻzi aldanib qoladi. Bilib qoʻyinglar, men sizlarga juda mehribon va rahmdilman. Sizlar ham menga qovushasizlar. Qovushadigan joyingiz – Kavsar hovuzining boshidir. Jannatga kirishni, menga qovushishni istagan kishi behuda gapirmasin. Ey musulmonlar! Kofir boʻlish, gunoh qilish neʼmatning oʻzgarishiga, rizqning kamayishiga sabab boʻladi. Insonlar Allohu taoloning amrlariga itoat qilsalar, hukumat boshliqlari, amirlari, noiblari ularga marhamat va shafqat koʻrsatadilar. Agar fisqu fujurga, haddan oshishga berilsalar, gunoh ishlasalar, marhamatli boshliqlarga yetisha olmaydilar. Mening hayotim sizlar uchun xayrli boʻlganidek, oʻlimim ham xayr va rahmatdir. Agar biror kishini nohaq urgan yoki unga yomon soʻz aytgan boʻlsam, menga ham xuddi shunday qilib haqqini olishiga, birortangizdan nohaq biror narsa olgan boʻlsam, uni qaytarib soʻrashiga roziman va halollashishga tayyorman. Chunki dunyo jazosi oxirat jazosidan ancha yengildir. Unga chidash osonroqdir». Ilgari hazrati Abu Bakrdan mamnun ekanlarini izhor qilganlaridek, bu xutbada hazrati Umardan ham mamnun ekanlarini bildirib: «Umar men bilandir, men ham u bilanman. Mendan keyin haq Umar bilan birga boʻladi», – dedilar.

«Eng shiddatli balo paygʻambarlarga boʻladi. Shunga qaramay, paygʻambarning balolarga sevinishi sizlarning berilgan ehsonlarga sevinishingizdan koʻproqdir» Hadisi sharif

Rasululloh bu xutbadan keyin minbardan tushdilar. Namozdan soʻng yana minbarga chiqib, vasiyat va nasihat qilganlaridan keyin: «Sizlarni Allohu taologa topshirdim», – dedilar va sahobalaridan ajralib, hujralariga kirdilar. Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) ogʻriqlari juda qattiq boʻlgan kunlarning birida sahobai kirom bilan halollashish, oxiratga banda haqlari bilan ketmaslik uchun hazrati Bilol Habashiyni chaqirtirdilar. Unga: «Xalqqa ovoza qil! Masjidga yigʻilsinlar. Ularga oxirgi vasiyatimni aytmoqchiman!…» – dedilar.

Hazrati Bilol sahobalarni masjidga yigʻdi. Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Ali bilan Fazlga suyanib, masjidga tashrif buyurdilar. Minbarga oʻtirib, Allohu taologa hamd va sano aytganlaridan keyin: «Ey sahobalarim! Bilib qoʻyinglar, orangizdan ajralishim yaqinlashdi. Kimning menda haqqi boʻlsa, mendan soʻrasin. Men uchun aziz boʻlgan kishi mendan haqqini soʻrasin yoki halol qilsin, toki Rabbimga va Uning rahmatiga bu haqlarni ado etgan holda qovushay», – dedilar. Soʻngra minbardan tushib, peshin namozini oʻqitdilar. Namozdan keyin yana minbarga chiqib, namozdan oldin aytganlarini takrorladilar. Paygʻambarimiz xastaliklari davomida har azon aytilganda Masjidi sharifga chiqar va sahobai kiromga imom boʻlib, jamoat bilan namoz oʻqir edilar.7 Sevimli Paygʻambarimizning vafotlariga uch kun qolganda xastaliklari ogʻirlashdi. Masjidga chiqib, jamoatga namoz oʻqita olmadilar. Jamoat bilan oʻqiy olmagan birinchi namozlari xufton namozi edi.

Hazrati Bilol har doimgidek oʻsha vaqtda eshik oldiga kelib: «As-salot, yo Rasulalloh!» – dedi. Sevimli Paygʻambarimizning holsizlikdan masjidga borishga madorlari yoʻq edi. U zot: «Abu Bakrga aytinglar! Sahobalarimga namoz oʻqitsin», – dedilar. Hazrati Oisha onamiz: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Otam yumshoq koʻngilli va juda taʼsirchan odam. Sizning oʻrningizda turib, u yerda sizni koʻrmasa, yigʻidan oʻqiy olmaydi. Imomlikka Umarning oʻtishini buyurmaysizmi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz yana: «Abu Bakrga aytinglar! Sahobalarimga imom boʻlib namoz oʻqitsin», – dedilar. Hazrati Bilol Abu Bakr Siddiqqa vaziyatni bildirdi. Hazrati Abu Bakr mehrobda Rasulullohni koʻrmagach, yuragidan oʻq yegandek boʻldi, es-hushidan ayrilayozdi. Yigʻladi!… Yigʻladi!… Sahobai kirom ham yigʻlay boshlashdi. Habibulloh masjiddan kelayotgan bu faryodning sababini soʻraganlarida, hazrati Fotima onamiz: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sahobalaringiz sizdan ayrilishga chiday olmay yigʻlashmoqda!…» – deb ahvolni arz qildi.8 Marhamat daryosi boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) bundan juda mutaassir boʻldilar. Sahobalariga tasalli berish uchun xastaliklari shunchalik ogʻir boʻlishiga qaramay, zoʻrgʻa oʻrinlaridan turdilar. Hazrati Ali bilan hazrati Abbosga suyanib, masjidga keldilar. Namozdan keyin: «Ey sahobalarim! Sizlar Allohu taoloning himoyasidasizlar va men sizlarni Allohu taologa omonat qildim! Taqvodor boʻlinglar. Allohu taolodan qoʻrqinglar. Allohu taoloning amrini mahkam tutinglar va itoat qilinglar. Men endi bu dunyodan ajralmoqdaman», – dedilar.

Sevimli Paygʻambarimizning vafotlariga uch kun qolgan edi. Jabroil alayhissalom Rasulullohni ziyorat qilgani kelib: «Yo Rasulalloh! Allohu taolo sizga salom yoʻlladi. Ahvolingizni bilib tursa ham, qanday ekaningizni, oʻzingizni qanday his qilayotganingizni soʻramoqda», – dedi. Olamlar sarvari esa: «Gʻamginman!» – dedilar. Jabroil alayhissalom yakshanba kuni ham kelib, oʻsha soʻzlarni aytdi. Paygʻambarimiz yana avvalgi javobni berdilar. Jabroil alayhissalom bundan tashqari Yamanda oʻzini paygʻambar deb eʼlon qilgan Asvad Ansiyning oʻldirilganini xabar berdi. Rasuli akram buni sahobalariga bildirdilar. Xastaliklaridan oldin u zotga bir necha oltin kelgan edi; ularning bir qismini faqirlarga, bir qismini hazrati Oishaga bergan edilar. Yakshanba kuni Rasulullohning xastaliklari ogʻirlashdi. Huzurlariga kelgan qoʻshin qoʻmondoni hazrati Usomaga hech narsa demadilar. Lekin muborak qoʻllarini koʻtarib, uning ustiga surtdilar. Unga duo qilganlari anglashildi. Xastaliklarining oʻn uchinchi va oxirgi kuni… U kun, sevimli Paygʻambarimiz dunyoni sharaflantirgan kunlari kabi, Rabiul avval oyining oʻn ikkinchisi, dushanba kuni edi. Koinot sultoni muborak vujudlarida bir yengillik his qildilar… Sahobai kirom hazrati Abu Bakr Siddiqning ortida bomdod namozini oʻqimoqchi boʻlib turganlarida Olamlar sarvari Masjidi sharifga tashrif buyurdilar. Ummatlarining saf-saf boʻlib ibodat qilayotganini koʻrdilar. Sevinib tabassum qildilar. Sahobai kirom ham Rasulullohni masjidda koʻrib, xastaliklari oʻtib ketibdi, deb sevindilar. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) sevimli Paygʻambarimizning tashrif buyurganlarini anglab, orqaga chekinmoqchi boʻldi. Paygʻambarimiz unga «Joyingda tur!» maʼnosida ishora qildilar. Oʻzlari ham hazrati Abu Bakrga iqtido qilib, uning ortida namoz oʻqidilar.9 Shu tariqa Rasulullohning amrlari bilan hazrati Abu Bakr sahobai kiromga oʻn yetti vaqt namoz oʻqitdi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) namozdan keyin hazrati Oishaning hujrasiga tashrif buyurib, yotdilar. U zot: «Allohu taoloning huzuriga dunyo moli qoldirmasdan borishni istayman. Yoningda qolgan oltinlarni ham faqirlarga tarqatgin!» – dedilar. Soʻngra isitmalari koʻtarildi. Bir muddatdan keyin yana koʻzlarini ochib, hazrati Oishadan oltinlarni tarqatgan-tarqatmaganini soʻradilar. U tarqatishini aytdi. Ularni darhol tarqatishni takror-takror buyurdilar. Oltinlar darhol tarqatilib, bu u zotga bildirilganda: «Endi xotirjam boʻldim», – dedilar. Toʻshaklarida bir muddat orom olganlaridan keyin huzurlariga hazrati Alini chaqirdilar. Muborak boshlarini uning quchogʻiga qoʻydilar. Muborak peshonalari terlagan, muborak ranglari oʻzgargan edi. Hazrati Fotima onamiz muborak otasining bu holini koʻrib, qarab turishga chiday olmadi va oʻgʻillari hazrati Hasan bilan hazrati Husaynning yoniga bordi. Ularning qoʻllaridan tutib, yigʻlay boshladi: «Ey otajonim! Qizingizga kim qaraydi? Hasan bilan Husaynni kimga omonat qilasiz? Voy otajonim! Jonim sizga fido boʻlsin! Sizdan keyin mening holim ne kechadi? Muborak yuzingizdan keyin koʻzlarim kimga boqadi?» Rasululloh qizlarining koʻngillarni kuydiradigan bu soʻzlarini eshitib, muborak koʻzlarini ochdilar, uni yonlariga chaqirdilar va: «Yo Rabbim! Unga sabr ato et», – deb duo qildilar. Soʻngra: «Ey Fotima! Ey koʻzimning nuri! Otang jon bermoqda!» – deganlarida, uning oʻrtanib yigʻlashi yanada kuchaydi. Hazrati Ali: «Ey Fotima! Iltimos, jim boʻl, Rasulullohni bundan ortiq xafa qilma!» – deganda, sevimli Paygʻambarimiz: «Uni ranjitma, yo Ali! Qoʻy, otasi uchun koʻz yoshi toʻksin!…» – dedilar. Soʻngra muborak koʻzlarini yumib, oʻzlaridan ketgandek boʻldilar. Shundan keyin hazrati Hasan muborak bobosining huzuriga kelib, yigʻlab: «Ey muborak bobojonim! Sizdan ayrilishga kim chiday oladi? Koʻnglimiz dardini kimga aytamiz? Sizdan keyin onamga, otamga va ukamga kim shafqat qiladi? Zavjalaringiz va sahobalaringiz oʻsha goʻzal axloqingizni qayerdan topishadi?…» – deganda, Paygʻambarimizning muborak zavjalarida chidab turishga hol qolmadi va ularning hammasi birgalikda ovoz chiqarmay yigʻlay boshladilar. Tashqarida juda mutaassir holda kutib turgan sahobai kirom Paygʻambarimizning xastaliklari juda ogʻirlashganini eshitib, yuraklari dogʻ boʻldi. Ular yigʻlay boshladilar. Oxirgi bir marta boʻlsa ham sevimli Paygʻambarlarining muborak jamollarini koʻrish uchun eshik oldida: «Iltimos, eshikni ochinglar! Rasul alayhissalomning muborak yuzlarini yana bir bor koʻraylik!…» – deb yolvorardilar. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Allohu taoloning habibi, suyuklisi sahobalarining bu yolvorishlarini eshitganlarida rahmlari keldi va: «Eshikni ochinglar!» – dedilar. Sahobalarning kattalari ichkariga kirdilar. Sevimli Paygʻambarimiz ularga sabr qilishni tavsiya qilganlaridan keyin: «Ey sahobalarim! Sizlar insonlarning eng afzali, eng sharaflilarisiz. Sizlardan keyin kim kelsa ham, sizlar ularning hammasidan oldin jannatga kirasizlar. Dinni qoim tutishda matonatli boʻlinglar va Qurʼoni azimni imom (rahbar) qilib olinglar.

«Ey sahobalarim! Sizlar Allohu taoloning himoyasidasizlar va men sizlarni Allohu taologa omonat qildim! Taqvodor boʻlinglar» Hadisi sharif

Dinning hukmlaridan gʻofil boʻlmanglar», – dedilar. Soʻngra: «Yo Rabbim! Tabligʻ qildimmi?» – deb, muborak koʻzlarini yumdilar. Muborak yuzlari terladi. Hazrati Ali sahobalarga ishora bilan chiqishlarini aytdi. Ular chiqib ketganlaridan keyin hazrati Oisha onamiz huzurlariga kelib, nasihat soʻradi. Paygʻambarimiz: «Ey Oisha! Uyingning burchagida oʻtirib, oʻzingni muhofaza qil!» – deganlaridan keyin muborak koʻzlaridan yosh oqa boshladi. Koinot sultoni yigʻlar edilar… Hozir boʻlganlarning koʻngillari yaralandi, jigarlari pora-pora boʻldi. Hazrati Ummu Salama onamiz: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Nega yigʻlayapsiz?» – deb soʻraganda, u zot: «Ummatimga rahm qilinishi uchun yigʻlayapman», – dedilar.

Quyosh tikkaga koʻtarilib borardi. Vaqt yaqinlashgan edi… Sevimli Paygʻambarimizning muborak boshlari hazrati Oisha onamizning koʻksiga suyangan edi. Olamlar sarvari endi soʻnggi daqiqalarini yashamoqda edilar, muborak lablaridan ushbu soʻzlar toʻkilardi: «Zinhor! Zinhor! Qoʻl ostingizdagi qullaringizga yaxshi muomala qilinglar! Ularga kiyim kiydiringlar, qorinlarini toʻydiringlar. Ular bilan yumshoq gaplashinglar. Namozni, namozni davom ettiringlar. Ayollaringiz va qullaringiz haqida Allohu taolodan qoʻrqinglar!… Ey Allohim! Meni magʻfirat qil! Menga rahmatingni ehson et!… Meni Rafiqi aʼlo jamoasiga qovushtir!…» Hazrati Fotima onamizning koʻz yoshlari seldek oqar, nolasi jigarlarni dogʻlar edi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) uni yonlariga oʻtqazib: «Qizim, biroz sabr qil, yigʻlama, chunki Hamalai Arsh (farishtalar) sening yigʻingga qoʻshilib yigʻlaydilar», – dedilar. Hazrati Fotima onamizning koʻz yoshini artdilar. Unga tasalli berib, Allohu taolodan unga sabr tiladilar va: «Ey qizim, mening ruhim qabz qilinadi. „Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun“, – degin. Ey Fotima! Kelgan har bir musibatning evazi beriladi», – dedilar. Bir muddat muborak koʻzlarini yumib turgach: «Bundan keyin otangga gʻam-gʻussa yoʻq. Chunki u foniy olamdan, mashaqqat yurtidan qutulmoqda», – dedilar. Soʻngra hazrati Aliga: «Yo Ali! Zimmamda falon yahudiyning shuncha moli bor. Askar tayyorlash uchun olgan edim. Uni toʻlashni aslo unutma. Albatta, sen meni bu qarzdan qutqarasan va Kavsar hovuzi boshida men bilan uchrashadiganlarning birinchisi – sensan. Mendan keyin senga koʻp zarar yetadi, sabr qilgin. Odamlar dunyoni istaganlarida, sen oxiratni tanla», – dedilar.

Hazrati Usoma yana keldi. Rasululloh: «Allohu taolo senga yordamchi boʻlsin! Qani, jangga bor!» – dedilar. U ham chiqib, qoʻshiniga bordi va darhol yoʻlga chiqish amrini berdi.10

Olamlar sarvari endi soʻnggi nafaslarini olmoqda edilar… Vaqt juda yaqinlashgan edi… Allohu taolo Azroil alayhissalomga: «Habibimning huzuriga eng goʻzal suratda bor! Agar izn bersa, ruhini juda yumshoq va yengil ol. Izn bermasa, qaytib kel!» – deb vahiy qildi. Azroil alayhissalom eng goʻzal suratda, inson qiyofasida sevimli Paygʻambarimizning saodatxonalari eshigi oldiga keldi va: «Assalomu alaykum, ey paygʻambarlik xonadonining sohibi! Ichkariga kirishga izn berasizmi? Allohu taolo sizga rahmat qilsin!» – dedi.

Hazrati Oisha onamiz sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) yonboshlarida oʻtirgan hazrati Fotimaga: «Bu kelganga sen javob ber», – dedi. U eshik oldiga borib, juda gʻamgin ovoz bilan: «Ey Allohu taoloning bandasi! Rasululloh hozir oʻz hollari bilan mashgʻullar», – dedi. Azroil alayhissalom yana izn soʻradi. Unga yana oʻsha javob berildi. Uchinchi marta salomini takrorlab, albatta kirishi kerakligini baland ovoz bilan aytganda, Paygʻambarimiz buni eshitdilar va: «Yo Fotima! Eshikda kim bor?» – dedilar.

Hazrati Fotima: «Yo Rasulalloh! Eshikda bir kishi kirish uchun izn soʻramoqda. Bir necha marta javob berdim. Lekin uchinchi marta ovoz berganida badanim titrab ketdi», – dedi. Shunda Rasululloh: «Ey Fotima! Eshikdagi kim ekanini bilasanmi? U – lazzatlarni buzuvchi, jamoalarni tarqatib yuboruvchi, ayollarni beva, bolalarni yetim qoldiruvchi, uylarni vayron, qabrlarni obod qiluvchi oʻlim farishtasi Azroildir. Ey Azroil, kir!» – dedilar. Shunda hazrati Fotima onamiz taʼriflab boʻlmaydigan iztirobga tushdi va muborak ogʻzidan: «Voh, Madina, vayron boʻlding!» – degan soʻzlar chiqdi. Paygʻambarimiz hazrati Fotimaning qoʻlini tutib, muborak koʻkslariga qoʻydilar va muborak koʻzlarini yumdilar. Hozir boʻlganlar u zotning muborak ruhlari qabz qilindi, deb oʻylashdi. Hazrati Fotima onamiz chiday olmay, otasining muborak quloqlariga tomon egildi va koʻngillarni yaralaydigan ovoz bilan: «Ey otajonim!…» – deb chaqirdi. Hech javob boʻlmagach, bu safar: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Iltimos, muborak koʻzlaringizni bir ochib, menga biror narsa deng…» – dedi. Olamlar sarvari muborak koʻzlarini ochib, qizlarining koʻz yoshlarini artdilar va uning qulogʻiga vafot etishlarini aytdilar. Shunda hazrati Fotima yigʻlay boshladi. Bu safar u zot uning qulogʻiga: «Ahli baytimdan mening yonimga eng avval keladigan – sensan», – dedilar. U bu xushxabardan sevinib, tasalli topdi.

«Ey Allohim! Meni magʻfirat qil! Menga rahmatingni ehson et!… Meni Rafiqi aʼlo jamoasiga qovushtir!…» Hadisi sharif

Hazrati Fotima onamiz: «Ey otajonim! Bugun ayriliq kuni! Sizga yana qachon qovushaman?» – deb soʻradi. Rasululloh: «Ey qizim! Meni qiyomat kuni hovuz boʻyida topasan. Ummatimdan hovuzga kelganlarga men suv beraman», – dedilar. Hazrati Fotima: «Agar sizni u yerda topa olmasam, nima qilaman?» – deb soʻraganda, Paygʻambarimiz: «Mezon oldida topasan. U yerda men ummatimga shafoat qilaman», – dedilar.

Hazrati Fotima onamiz: «U yerda ham topa olmasamchi, yo Rasulalloh?» – deganda, Paygʻambarimiz: «Sirot oldida topasan. Men u yerda Rabbimga: „Yo Rabbim! Ummatimni oʻtdan saqla!“ – deb yolvoraman», – dedilar.

Shundan keyin hazrati Ali gʻamgin ovoz bilan: «Yo Rasulalloh! Siz ruhingizni taslim qilganingizdan keyin sizni kim yuvadi, nimaga kafanlaymiz? Janoza namozingizni kim oʻqitadi, qabrga kim qoʻyadi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz shunday dedilar:

«Ey Ali, meni sen yuv, Fazl ibn Abbos senga suv quyib tursin. Jabroil sizlarning uchinchingiz boʻladi. Gʻusl (yuvish) ishimni tugatganingizdan keyin meni kafanlaysizlar. Jabroil jannatdan xushboʻy hid keltiradi. Soʻngra meni masjidga olib boringlar va chiqinglar: avval Jabroil, soʻngra Mikoil, soʻngra Isrofil, soʻngra farishtalar guruh-guruh boʻlib janoza namozimni oʻqiydilar. Undan keyin sizlar kiringlar, saf-saf boʻlinglar. Hech kim mendan oldinga oʻtmasin».11 Soʻngra kutib turgan Azroil alayhissalomdan: «Ey Azroil! Ziyorat uchun keldingmi yoki ruhimni qabz qilish uchunmi?…» – deb soʻraganlarida, Azroil alayhissalom: «Ham mehmon, ham vazifador boʻlib keldim. Allohu taolo menga huzuringizga faqat izn bilan kirishimni buyurdi. Muborak ruhingizni faqat izningiz bilan olaman. Yo Rasulalloh! Izn bersangiz, amringizga boʻysunib, ruhingizni qabz qilaman. Aks holda qaytib, Rabbimning huzuriga ketaman», – dedi. Paygʻambarimiz: «Ey Azroil! Jabroilni qayerda qoldirding?…» – dedilar. Azroil: «Jabroilni dunyo osmonida qoldirdim. Farishtalar unga sizning vafotingiz sababli taʼziya bildirmoqdalar», – dedi. Ular shunday gaplashib turganlarida Jabroil alayhissalom keldi. Rasululloh: «Ey birodarim Jabroil! Endi dunyodan koʻchish vaqti keldi. Allohu taoloning huzurida men uchun nima bor? Menga shu haqda xushxabar ber, omonatni egasiga koʻngil xotirjamligi bilan topshiray», – dedilar. Jabroil alayhissalom: «Ey Allohu taoloning suyuklisi! Men osmon eshigini ochiq qoldirdim. Farishtalar saf-saf boʻlib, sizning ruhingizni muhabbat bilan kutmoqdalar», – dedi. Paygʻambarimiz: «Hamd Allohu taologagina xosdir. Sen menga xushxabar ber! Rabbimning huzurida men uchun nima bor?…» – dedilar. Jabroil alayhissalom: «Yo Rasulalloh! Sizning tashrifingiz sharafiga jannat eshiklari ochildi, jannat anhorlari oqdi, jannat daraxtlari shoxlarini egdi, hurlar bezandi», – dedi.

Paygʻambarimiz yana: «Hamd Allohu taologagina xosdir. Menga boshqa bir xushxabar ber, yo Jabroil!…» – dedilar. Jabroil alayhissalom: «Yo Rasulalloh! Qiyomat kuni birinchi shafoat qiladigan va shafoati birinchi qabul qilinadigan – sizsiz», – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz yana: «Hamd Allohu taologagina xosdir. Yo Jabroil! Menga yana bir xushxabar ber», – deganlarida, Jabroil alayhissalom: «Yo Rasulalloh! Siz nimani soʻrayapsiz?…» – dedi. Shunda Paygʻambarimiz: «Mening butun tashvishim, qaygʻum va gʻamim – mendan keyin ortimda qoldiradigan ummatimdir», – dedilar. Hazrati Jabroil: «Ey Allohu taoloning Habibi! Allohu taolo qiyomat kuni siz rozi boʻlguningizcha ummatingizni magʻfirat qiladi. Barcha paygʻambarlardan oldin sizni, barcha ummatlardan oldin sizning ummatingizni jannatga kiritadi», – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz Jabroil alayhissalomga: «Allohu taoloning huzurida uchta murodim bor: birinchisi – meni ummatimning gunohkorlariga shafoatchi qilishi. Ikkinchisi – dunyoda qilgan gunohlari uchun ularga azob bermasligi. Uchinchisi – payshanba va dushanba kunlari ummatimning amallari menga koʻrsatilishidir. (Agar amallari yaxshi boʻlsa, duo qilaman, Allohu taolo qabul qiladi. Yomon boʻlsa, shafoat qilib, amal daftaridan oʻchirilishini soʻrayman.)», – dedilar. Jabroil alayhissalom Allohu taolodan bu uch tilakning hammasi qabul qilingani haqidagi xabarni yetkazdi. Shundan keyin sevimli Paygʻambarimiz xotirjam boʻldilar.

Allohu taolo: «Ey Habibim! Ummatingizga bunchalik muhabbat va shafqat koʻrsatishni muborak qalbingizga kim soldi?…» – deb vahiy qildi. Paygʻambarimiz: «Meni yaratib, tarbiya qilgan Rabbim taolo», – deb javob berdilar. Janobi Haq: «Ummatingizga boʻlgan Mening rahmatim, marhamatim siznikidan ming barobar ortiqdir. Ularni Menga qoʻyib bering», – dedi. Soʻngra sevimli Paygʻambarimiz: «Endi xotirjam boʻldim. Ey Azroil! Senga buyurilgan vazifani bajar!» – dedilar. Azroil alayhissalom vazifasini ado etish uchun – oʻzi kimning hurmatiga yaratilgan boʻlsa, oʻsha – Koinot sultonining huzurlariga yaqinlashdi. Sevimli Paygʻambarimiz yonlaridagi suv idishiga muborak ikki qoʻllarini botirib, hoʻl qoʻllarini muborak yuzlariga surtdilar va: «La ilaha illalloh! Ey Allohim! Rafiqi aʼlo!…» – dedilar. Azroil alayhissalom Olamlar sarvarining muborak ruhlarini ola boshladi. Rasulullohning muborak ranglari goh qizarar, goh sargʻayar edi. U zot Azroil alayhissalomga: «Ummatimning jonini ham shunday shiddat va zoʻrlik bilan olasanmi?…» – deganlarida, u: «Yo Rasulalloh! Hech kimning jonini bunchalik yengil olmaganman», – deb javob berdi. Soʻnggi onlarida ham ummatlarini unutmagan sevimli Paygʻambarimiz: «Ey Azroil! Ummatimga qiladigan shiddatingni menga qil, chunki ular zaifdirlar, chiday olmaydilar…» – dedilar. Soʻngra: «La ilaha illalloh! Rafiqi aʼlo!…» – dedilar va muborak ruhlari olinib, aʼloi illiyinga yetkazildi…

Shafoat, yo Rasulalloh!
Daxiylak, yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Sayyidal avvaliyna val oxiriyn!

Jabroil alayhissalom Paygʻambarimiz bilan: «Assalomu alaykum, ey Allohu taoloning Rasuli! Mening maqsudim, matlubim siz edingiz. Endi yer yuziga boshqa kelmayman!…» – deb vidolashdi.

Rasuli akramning muborak ruhlari oliy olamga ketgach, hazrati Fotima onamiz va Paygʻambarimizning pok zavjalari (azvoji tohirot) (roziyallohu anhunna) ovoz chiqarmay yigʻlay boshladilar.12 Shu payt egasi koʻrinmaydigan bir ovoz:

«Ey Fotima! Eshikdagi kim ekanini bilasanmi? U – lazzatlarni buzuvchi, jamoalarni tarqatib yuboruvchi, ayollarni beva, bolalarni yetim qoldiruvchi, uylarni vayron, qabrlarni obod qiluvchi oʻlim farishtasi Azroildir» Hadisi sharif

«Assalomu alaykum, ey ahli bayt! Va rahmatullohi va barakotuhu», – deb salom berdi va Oli Imron surasining 185-oyati karimasini oʻqidi, uning maʼnosi: «Bilinglarki, har bir jon oʻlimni totuvchidir. Qiyomat kuni esa ajrlaringiz sizlarga toʻla-toʻkis beriladi». Soʻngra ularga tasalli berib: «Allohu taoloning ehsonlariga, ikromlariga ishoninglar. Unga tayanib, Undan umid qilinglar. Faryod chekmanglar! Asl musibatga uchragan – savobdan mahrum qolgandir!» – deb taʼziya bildirdi.

Bu soʻzlarni u yerdagilarning hammasi eshitib, salomiga alik oldilar. Bularni aytgan Xizr alayhissalom edi.13 Rasuli akramda oʻlim alomatlari koʻringach, Ummu Ayman oʻgʻli Usomaga xabar yubordi. Usoma, hazrati Umar va Abu Ubayda bu achchiq xabarni olgach, qoʻshindan ajralib, Masjidi Nabaviyga keldilar. Oishai Siddiqa va boshqa ayollar yigʻlay boshlaganda, Masjidi sharifdagi sahobai kirom esankirab qoldilar. Nima boʻlganini anglay olmadilar. Boshlariga gurzi tushgandek boʻldilar. Hazrati Ali oʻlikdek harakatsiz qotib qoldi. Hazrati Usmonning tili tutildi. Hazrati Abu Bakr oʻsha paytda uyida edi. U yugurib kelib, darhol Hujrai saodatga kirdi. Faxri olamning yuzlarini ochib, vafot etganlarini koʻrdi. Muborak yuzlari va butun aʼzolari latif, pok boʻlib, nurdek porlab turardi. «Hayotingiz kabi vafotingiz ham naqadar goʻzal, yo Rasulalloh!» – deb, u zotni oʻpdi. Uzoq yigʻladi. Muborak yuzlarini yopdi. Uydagilarga tasalli berdi. Soʻngra Masjidi sharifga keldi. Minbarga chiqib, sahobai kiromga xutba oʻqidi. Allohu taologa hamd va sano aytdi, Rasuli akramga (sallallohu alayhi vasallam) salavot aytgach: «Kim Muhammad alayhissalomga iymon keltirgan boʻlsa, bilsinki, Muhammad alayhissalom vafot etdilar. Kim Allohu taologa ibodat qilayotgan boʻlsa, bilsinki, U – Hayy (tirik) va Boqiydir (oʻlmas, abadiydir)», – dedi. Soʻngra Oli Imron surasining 144-oyati karimasini oʻqidi, uning maʼnosi: «Muhammad (alayhissalom) – rasuldir, undan oldin ham rasullar oʻtgan. U ham vafot etadi. Agar u vafot etsa yoki oʻldirilsa, diningizdan qaytasizlarmi? Kim dinidan chiqsa, Allohu taologa zarar bera olmaydi. Faqat oʻziga zarar beradi. Dinidan qaytmaganlarga Allohu taolo savoblar beradi». Sahobai kiromga nasihat qilib, vaziyatni tartibga soldi.14 Shu tariqa ularning hammasi Rasulullohning vafot etganlariga ishonishdi. Gʻam va qaygʻu sahobai kiromning yuraklariga zaharli xanjardek sanchildi. Koʻzlar yigʻlar, koʻz yoshlari daryo boʻlib oqar, hasrat olovi har kimning jigarini dogʻlar edi. Sahobai kirom (alayhimur rizvon) birinchi ish sifatida barcha ishlarni boshqarishi uchun hazrati Abu Bakrni xalifa qilib sayladilar. Unga bayʼat qilib, tobe boʻldilar va uning amriga koʻra ishlarni yurita boshladilar.15 Rasuli akram hijratning oʻn birinchi yilida (milodiy 632), Rabiul avval oyining 12-kuni, dushanba kuni peshindan oldin oxiratga rihlat qildilar. Oʻshanda u zot oy yili hisobida 63 (quyosh yili hisobida 61) yoshda edilar.16

Paygʻambarimizni hazrati Ali, hazrati Abbos, hazrati Fazl ibn Abbos va hazrati Usoma ibn Zayd yuvdilar.17

«Allohu taoloning ehsonlariga, ikromlariga ishoninglar. Unga tayanib, Undan umid qilinglar. Faryod chekmanglar! Asl musibatga uchragan – savobdan mahrum qolgandir!» Xizr alayhissalom

Mehrobi sharif – Ravzai mutahhara / Masjidi Nabaviy

Paygʻambarimizning (alayhissalotu vassalom) Masjidi sharifidagi
«Ravzai mutahhara / Jannat bogʻi» deb ataladigan qism.
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) imom boʻlib namoz oʻqitgan
mehrob koʻrinib turibdi.
Bu suratda koʻrinmasa ham, chap tarafda u zotning muborak qabrlari
(Hujrai saodat) joylashgan.

Minbari sharif – Ravzai mutahhara / Masjidi Nabaviy

Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) juma xutbasini oʻqigan minbar koʻrinib turibdi. U zamondagi minbari sharif uch zinali va bir metr balandlikda edi. U 654 (milodiy 1256) yildagi yongʻinda butunlay yonib ketdi. Turli yillarda turli minbarlar yasaldi. Bugungi oʻn ikki zinali, yetti metr balandlikdagi marmar minbarni sulton Murodxon III hijriy 998 (milodiy 1590) yilda Istanbuldan yuborgan.

Yuvish paytida muborak badanlaridan shunday mushk hidi taraldiki, shu paytgacha hech kim bunday hidni hidlamagan edi. Soʻngra muborak koʻylaklari egnilarida qolgan holda uch marta yuvilib, uch qavat yangi oq kafanga oʻraldilar. Bir soʻri ustida koʻtarilib, masjidga olib kelindilar. Sevimli Paygʻambarimiz ilgari xabar berganlaridek, hamma masjiddan tashqariga chiqdi. Farishtalar guruh-guruh boʻlib kelib, u zotning janoza namozlarini oʻqidilar. Farishtalar oʻqib boʻlgach, egasi koʻrinmaydigan bir ovoz: «Kiringlar! Paygʻambaringizning janoza namozini oʻqinglar!» – dedi. Shundan keyin sahobai kirom ichkariga kirdilar. Ular ham guruh-guruh boʻlib kelib, imomsiz holda sevimli Paygʻambarimizning janoza namozlarini oʻqidilar. Buni chorshanba kuni kechgacha arang tugata oldilar. Sahobai kirom sevimli Paygʻambarimizning muborak qabrlari qazilishi masalasida hazrati Abu Bakr eslatgan ushbu hadisi sharifga ergashdilar: «Paygʻambarlar ruhlarini taslim qilgan joylarida dafn qilinadilar». Paygʻambarimiz hazrati Abu Talha Ansoriy lahd shaklida qazigan muborak qabrga seshanbani chorshanbaga bogʻlaydigan kechaning (chorshanba kechasining) yarmiga yaqin dafn qilindilar. Hazrati Abbosning oʻgʻli Qusam qabrdagi xizmatni tugatib, undan eng oxirida chiqqan edi. U shunday dedi: «Rasulullohning muborak yuzlarini eng oxirida koʻrgan – menman. Muborak lablari qimirlab turardi. Ustlariga egilib, quloq soldim. U zot: „Yo Rabbim! Ummatim!… Yo Rabbim! Ummatim!…“ – deb yolvorayotgan edilar».18 Sevimli Paygʻambarimiz oxiratga rihlat qilgan kunlari hazrati Abdulloh ibn Zayd: «Yo Rabbim! Men bu koʻzni Habibingning muborak nurli yuziga boqish uchun istar edim. U koʻrinmas boʻlgach, endi uni nima qilay! Yo Rabbim, koʻzimni ol!» – deb duo qildi va koʻzlari koʻrmay qoldi…

Rasululloh vafot etganlarida, u zotning muhtaram ammalari Safiyya bint Abdulmuttalib (roziyallohu anho) ushbu marsiyani aytdi:

Yo Rasulalloh! Siz bizning umidimiz edingiz,
Bizga doim yaxshilik qilguvchimiz edingiz.
Hech qachon nohaqlik qilganlardan emasdingiz,
Shafqat egasi, yoʻl koʻrsatguvchi edingiz.
Yana soʻz-la aytib boʻlmas ilm daryosi edingiz.
Bugun yigʻlaganlarning faryodi – siz uchun.
Sizning yoʻlingizga butun ajdodim fido boʻlsin!
Molim, jonim, butun borligʻim fido boʻlsin.
Oh! Hozir oramizda tirik boʻlsaydingiz,
Qancha shod boʻlardik, bizda qolsaydingiz.
Haq taoloning hukmi shu, «Sabr!» deymiz,
Ne qilishni bilmay, doim figʻon qilamiz.
Allohning salomi sizga boʻlsin, yo Rasulalloh!
Adn jannatiga kirib, unda qoling, yo Rasulalloh!