Sevimli Paygʻambarim

VIDO XUTBASI

Hamd Allohu taologagina xosdir. Unga hamd aytamiz, Undan magʻfirat soʻraymiz va Unga tavba qilamiz. Nafslarimizning yomonliklaridan va amallarimizning gunohlaridan Allohu taologa panoh tilaymiz. Allohu taolo toʻgʻri yoʻlga solgan kishini adashtiradigan, U adashtirganni esa toʻgʻri yoʻlga soladigan hech kim yoʻq. Guvohlik beramanki, Allohu taolodan boshqa iloh yoʻq. U yagonadir. Uning tengi ham, sherigi ham yoʻq. Yana guvohlik beramanki, Muhammad (alayhissalom) Uning bandasi va rasulidir.

Ey Allohning bandalari! Sizlarga Allohu taolodan qoʻrqishingizni va Unga itoat qilishingizni vasiyat qilaman.

Ey odamlar! Soʻzimni yaxshilab tinglanglar! Bilmayman, balki bu yildan keyin sizlar bilan bu yerda hech qachon qayta uchrasha olmasman. Ey odamlar! Bu kuningiz qanday muqaddas kun boʻlsa, bu oyingiz qanday muqaddas oy boʻlsa, bu shahringiz (Makka) qanday muborak shahar boʻlsa, jonlaringiz, mollaringiz va nomuslaringiz ham shunday muqaddasdir. Ular har qanday tajovuzdan himoya qilingandir.

Sahobalarim! Ertaga Rabbingizga yoʻliqasizlar va bugungi har bir holu harakatingizdan albatta soʻralasizlar. Zinhor mendan keyin eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning boʻyningizni chopmanglar!

Bu vasiyatimni shu yerda boʻlganlar boʻlmaganlarga yetkazsin!

Ehtimol, yetkazilgan kishi bu yerda boʻlib eshitgandan koʻra yaxshiroq tushunib, uni saqlab qolar. Sahobalarim! Kimning yonida bir omonat boʻlsa, uni egasiga qaytarsin!

Foizning har turi bekor qilindi. U oyogʻim ostidadir. Lekin qarzingizning aslini qaytarishingiz lozim. Na zulm qilinglar, na zulmga uchranglar. Allohu taoloning amri bilan sudxoʻrlik endi man qilindi. Johiliyat davridan qolgan bu xunuk odatning har turi oyogʻim ostidadir. Men bekor qilgan birinchi foiz – Abdulmuttalibning oʻgʻli (amakim) Abbosning foizidir. Sahobalarim! Johiliyat davrida yuritilgan qon daʼvolari ham butunlay bekor qilindi. Men bekor qilgan birinchi qon daʼvosi – Abdulmuttalibning nevarasi (amakivachcham) Robiʼaning qon daʼvosidir.

Ey odamlar! Jang qila olish uchun harom oylarning oʻrinlarini almashtirish, shubhasiz, kufrda juda haddan oshishdir. Kofirlar u bilan zalolatga tushiriladi. Ular (bir oyni) bir yil halol deb qabul qiladilar, boshqa yil uni harom deb eʼlon qiladilar. Buni Janobi Haq halol va harom qilgan oylarning soniga moslash uchun qiladilar. Ular Allohu taolo harom qilganni halol, halol qilganni harom qiladilar.

Ey sahobalarim! Biz hajni ayni oʻz vaqtida qilyapmiz. Oylarning tartibi Allohu taolo ularni yaratgan vaqtdagidek. Hech shubhasiz, zamon Allohu taolo uni yaratgan kundagi shakli va nizomiga qaytdi.

«Ey Allohim! Bu Baytning sharafini, ulugʻligini, haybatini va eʼtiborini ziyoda qil. Uni haj va umra bilan ulugʻlaganlarning ham sharafini, haybatini, izzatini va yaxshiligini ziyoda qil» Hadisi sharif

Ey odamlar! Bugun shayton sizlarning mana shu yerlaringizda qaytadan taʼsir va hokimiyatini oʻrnatish kuchini abadiy yoʻqotdi. Lekin sizlar men bekor qilgan bu narsalardan tashqari, arzimas deb bilgan ishlaringizda unga ergashsangizlar, bu uni xursand qiladi. Diningizni saqlash uchun bulardan ham saqlaninglar!

Ey odamlar! Sizlarga ayollarning haqlariga rioya qilishingizni va bu borada Allohu taolodan qoʻrqishingizni tavsiya qilaman. Sizlar ayollarni Allohu taoloning omonati sifatida oldingiz; ularning nomus va iffatlarini Allohu taolo nomidan soʻz berib, oʻzingizga halol qildingiz. Sizlarning ayollar ustida haqqingiz bor, ularning ham sizlarning ustingizda haqlari bor. Sizlarning ayollar ustidagi haqqingiz – ularning oilaviy mahramiyatingizni sizlar yoqtirmagan hech kimga poymol qildirmasliklaridir. Agar ular sizlar rozi boʻlmagan biror kishini oila oʻchogʻingizga kiritsalar, ularni yengilgina urib, bundan tiyishingiz mumkin. Ayollarning sizlar ustidagi haqlari esa ularning har turli yegulik va kiyimlarini sharʼiy yoʻl bilan taʼminlashingizdir. Ey moʻminlar! Sizlarga shunday bir omonat qoldiryapmanki, unga mahkam yopishsangizlar, yoʻlingizdan hech adashmaysizlar. U omonat – Allohu taoloning kitobi Qurʼoni karimdir. (Boshqa rivoyatlarda «Sunnatim» va «Ahli baytim» deb ham bildirilgan.)

Ey moʻminlar! Soʻzimni yaxshilab tinglanglar va yaxshilab saqlanglar! Musulmon musulmonning birodaridir va shu tariqa barcha musulmonlar birodardirlar. Din birodaringizga tegishli biror haqqa tajovuz qilish boshqa kishiga halol emas, magar oʻzi koʻngil xushligi bilan bergan boʻlsa. Sahobalarim! Nafsingizga (oʻzingizga) zulm qilmanglar. Oʻzingizning ham ustingizda haqqingiz bor. Ey odamlar! Allohu taolo har bir haq egasiga haqqini (Qurʼoni karimda) berdi. Vorisga vasiyat qilishga hojat yoʻq. Bola kimning toʻshagida tugʻilgan boʻlsa, oʻshanikidir. Zino qilgan uchun esa mahrumlik bor. Otasidan boshqasiga nasab daʼvo qilgan nasabsiz yoki xojasidan boshqasiga mansub boʻlishga uringan nonkoʻr Allohu taoloning gʻazabiga, farishtalarning va barcha musulmonlarning laʼnatiga uchrasin! Janobi Haq bunday kishilarning na tavbasini, na adolatli guvohligini qabul qiladi. Ey odamlar! Rabbingiz birdir. Otangiz ham birdir; hammangiz Odamning bolalarisiz. Odam esa tuproqdandir. Allohning nazdida eng qadrlingiz – taqvosi eng koʻp boʻlganingizdir. Arabning arab boʻlmaganlardan hech qanday ustunligi yoʻq. Ustunlik faqat taqvo bilandir. Bir mayib, qora qul ustingizga amir etib tayinlansa va sizlarni Allohning kitobi bilan boshqarsa, unga quloq solinglar va itoat qilinglar. Aybdor oʻz aybidan boshqa narsa bilan ayblanmaydi. Ota oʻgʻlining aybi uchun, oʻgʻil ham otasining aybi uchun ayblanmaydi.

Ey odamlar! Diqqat qilinglar! Mana bu toʻrt narsani aslo qilmanglar:

1. Allohga hech narsani sherik qilmanglar.

2. Alloh harom qilgan jonni nohaq oʻldirmanglar.

3. Zino qilmanglar.

4. Oʻgʻrilik qilmanglar.

Odamlar «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» demagunlaricha (yaʼni musulmon boʻlmagunlaricha) ular bilan jihod qilishga buyurildim. Ular buni aytganlarida, qonlarini va mollarini saqlab qolgan boʻladilar. Ularning hisobi esa Allohu taologadir. Ey odamlar! Ertaga sizlardan men haqimda soʻrashadi, nima deysizlar?… Sahobai kirom: «Allohu taoloning dinini yetkazdingiz, vazifangizni ado etdingiz, bizga vasiyat va nasihat qildingiz, deb guvohlik beramiz», – deyishdi. Shunda Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) muborak shahodat barmoqlarini koʻtarib, jamoat tomon tushirdilar va: «Guvoh boʻl, yo Rabbim! Guvoh boʻl, yo Rabbim! Guvoh boʻl, yo Rabbim!» – dedilar.

Sevimli Paygʻambarimiz Vido xutbasini oʻqigan kunlari Moida surasining 3-oyati karimasi nozil boʻldi, uning maʼnosi: «Bugun diningizni sizlar uchun komil qildim, ustingizdagi neʼmatimni tamomladim va sizlarga din sifatida Islomni berishdan rozi boʻldim…» Paygʻambarimiz bu oyati karimani sahobai kiromga oʻqiganlarida, hazrati Abu Bakr yigʻlay boshladi. Sahobai kirom uning yigʻlash sababini soʻraganlarida, u: «Bu oyati karima Rasulullohning vafotlari yaqin ekaniga dalolat qilmoqda. Shuning uchun yigʻlayapman», – dedi.1

Xutbadan keyin u zot Jabalur Rahmada vuqufda turdilar. Shom namozini Arafotda oʻqimay, xufton namozi bilan birga Muzdalifada oʻqidilar. Oʻsha kechani Muzdalifada oʻtkazdilar. Ertasi tongda Mashʼarul Haromda vuqufda turdilar. Hayitning birinchi kuni Muzdalifadan Minoga yoʻl oldilar. Yoʻlda Muhassir deb ataladigan, Asʼhobi fil2 toʻxtagan vodiyda toʻxtamay oʻtib ketdilar. Minoga keldilar; bu yerda qurbonlik tuyalaridan 63 tasini oʻzlari soʻyib, pichoqni hazrati Aliga berdilar. Qolganini hazrati Ali soʻydi. Hayitning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kunlari jamralarga tosh otib, Zulhijjaning oʻn toʻrtinchi kuni bomdod namozidan oldin Baytullohga keldilar va vido tavofini qildilar. Rasululloh Makkada 10 kun turib, Vido haji va vido tavofini ado etib, Madinaga qaytdilar. Masjidi Nabaviyda ikki rakat namoz oʻqib, saodatxonalariga tashrif buyurdilar. Vido hajidan keyin sahobai kirom kelgan joylariga borib, Rasululloh bildirgan va buyurgan narsalarni u yerlarda soʻzlab berdilar.

Hijratning oʻninchi yilida boʻlgan boshqa voqealar

Hijratning oʻninchi yilida yuz bergan yana bir hodisa – paygʻambarlik daʼvo qilgan yolgʻonchilarning chiqishidir. Ulardan biri Yamanda chiqqan Asvad Ansiydir. Sevimli Paygʻambarimizning amrlariga koʻra Asvad Ansiy Yamandagi musulmonlar tomonidan oʻz uyida oʻldirildi. (Ikkinchisi – Musaylamatul Kazzob. Paygʻambarimizning vafotlaridan keyin hazrati Abu Bakr Musaylama ustiga Xolid ibn Valid qoʻmondonligida qoʻshin yubordi. Musaylamani Vahshiy (roziyallohu anhu) oʻldirdi.)3

«Bugun diningizni sizlar uchun komil qildim, ustingizdagi neʼmatimni tamomladim va sizlarga din sifatida Islomni berishdan rozi boʻldim» Moida: 3

Ey jahon podshohi, ey dengizu quruqlik Sultoni!
Ey farishtalardan afzal, soʻnggi va tengsiz Paygʻambar!
«Li maʼallohi vaqtun» holingizdan berar xabar,
Tanga hayot, tilga taʼm, koʻngilga sulton – siz.
Ahmad, Muhammad, Mahmud – hamisha maqtar sizni Alloh;
Sizning ismingiz ila bitar «La ilaha illalloh».
Bundagi nozik sirni anglamas, bilmas gumroh!
Oʻz ismi ila birga ismingizni yozgan Rahmon.
Sizni sevgan qullar sulton boʻlur, shohim!
Oʻltiring koʻngil taxtimga, ey tengsiz podshohim!
Juda sevaman sizni, boʻlsa hamki koʻp gunohim!
Ishondimki, sevganlar ulush olur ikromingizdan.
Qanday sevmayin, axir, badanimda jonimsiz,
Hurmatingizga bor boʻldim, hayotimning sababisiz.
Tomirimda qonimsiz, menga mendan yaqinsiz,
Oshiqlarga maʼshuqsiz va barcha jonlarga jonon.
Har dardga davo – siz, har ruhga shifo – siz,
Koʻzga surma, boshga toj, qalblarga jilo – siz.
Habibulloh – siz, malai aʼlodan afzal – siz,
Boshqa eshikni qoqmas sizni bir oz tanigan.
Avliyolarning murshidi, olimlarning rahbari;
Tashrifi shod aylagan yetti qavat koʻkni, yerni.
Insonlarga, jinlarga Haqning soʻnggi Paygʻambari!
Tuproq ostida qolsin eshigingizda qul boʻlmagan!