Sevimli Paygʻambarim

VIDO HAJI

Hijratning oʻninchi yilida Paygʻambarimiz hajga tayyorlanib, Madinadagi musulmonlarga ham hajga tayyorlanishni buyurdilar. Madinadan tashqarida boʻlganlarga ham xabar yubordilar. Shundan keyin minglab musulmonlar Madinada toʻplandilar. Rasululloh qurbonlik uchun yuzta tuya sotib oldilar. Yoʻlga chiqishdan oldin gʻusl qildilar. Muborak sochlarini tarab, xushboʻyliklar surtib, izor va ridolarini kiydilar. Tayyorgarlik tugagach, sevimli Paygʻambarimiz Zulqaʼda oyining 25-kuni peshin namozidan keyin oʻttiz mingdan ortiq kishilik karvon bilan Madinadan yoʻlga chiqdilar. Shajara yoʻlidan Zulhulayfaga keldilar. Bu yerda sahobalarning soni qirq mingdan oshdi. Tunni oʻsha yerda oʻtkazdilar. Sevimli Paygʻambarimiz oʻzlari bilan olib borayotgan yuz tuyadan birini keltirtirdilar. Qurbonlik belgisi boʻlishi uchun oʻrkachining oʻng tomonini tilib qonatdilar, boʻyniga ikkita kavush osdilar va sahobalarga ham shunday qilishni buyurdilar. Ikki rakat ehrom namozini oʻqidilar. Allohu taologa hamdu sanodan keyin Sarvari koinot: «Ey Allohim! Buni men uchun ichida riyo, koʻz-koʻz qilish va shuhrat boʻlmagan mabrur va maqbul haj qil!» – deb duo qildilar. Ehromga kirib, Jabroil alayhissalomning xabar berishi bilan baland ovozda talbiya ayta boshladilar. Bunga sahobai kirom ham qoʻshilgach, yeru osmon talbiya sadolari bilan yangray boshladi: «Labbayk! Allohumma labbayk! Labbayk! La sharika laka labbayk! Innal hamda van-neʼmata laka val-mulk, la sharika lak!…»

Ular Baydo yoʻlidan borib, Malal tomon yuzlandilar. Ortlaridan sahobalar seldek oqib kelardilar. Yoʻlda qoʻshiluvchilar tobora koʻpaymoqda edi. Yetmishga yaqin paygʻambar, ular orasida Muso alayhissalom ham, namoz oʻqigan Ravho vodiysiga kelganlarida, Rasululloh: «Bu vodiy jannat vodiylaridandir», – dedilar. Bu yerda namoz oʻqidilar. U yerdan Munsarafga yoʻl olib, bomdod namozini Asosada oʻqidilar. Lahyi Jamalga kelganlarida betob boʻlib, hijoma qildirdilar va Suqyoda qoʻndilar. Muhtaram onalari hazrati Omina vafot etgan Abvoga kelganlarida, uning qabrini ziyorat qilib yigʻladilar. Yonlaridagilarni ham yigʻlatdilar. Soʻngra Talaatul Yaman, Juhfa, Gʻadiri Xum, Qudayd va Usfon vodiysiga yetib bordilar. Bu yerda Paygʻambarimiz hazrati Abu Bakrga: «Hud va Solih alayhimassalom bellariga aba oʻrab, ustlariga ola-bula mato kiyib, jilovlari xurmo tolasidan oʻrilgan yosh, qizil tuyalarga mingan holda haj uchun talbiya aytib, bu yerdan oʻtgan edilar», – dedilar.1 Gʻanim, Marruz Zahron va Sarifdan oʻtib, Zu Tuvoga keldilar. Tunni shu yerda oʻtkazib, bomdod namozini oʻqiganlaridan keyin Hajundan oʻtib, Kado dovonidan Makkaga kirdilar. 10 kun davom etgan yoʻldan keyin Zulhijjaning 4-kuni Makkaga yetib bordilar. Yamandan va boshqa yurtlardan haj qilish uchun kelganlar ham qoʻshilib, musulmonlarning soni 90 mingdan oshdi. (Bir rivoyatda – yuz oʻn toʻrt ming, boshqa bir rivoyatda esa yuz yigirma ming atrofida edi.)

«Ey Allohim! Buni men uchun ichida riyo, koʻz-koʻz qilish va shuhrat boʻlmagan mabrur va maqbul haj qil!» Hadisi sharif

Baytullohni koʻrganlarida Rasululloh shunday duo qildilar:

«Ey Allohim! Bu Baytning sharafini, ulugʻligini, haybatini va eʼtiborini ziyoda qil. Uni haj va umra bilan ulugʻlaganlarning ham sharafini, haybatini, izzatini va yaxshiligini ziyoda qil».

Soʻngra haj manosiklarini boshladilar. Haj davomida Makka bilan Mino orasidagi Abtahda tikilgan chodirda turdilar. Sevimli Paygʻambarimiz Zulhijjaning 8-kuni (Tarviya kuni) Minoga, 9-kuni (Arafa kuni) Arafotga bordilar. Arafot vodiysining oʻrtasidagi Urana vodiysiga kelib toʻxtadilar. Peshindan keyin Qasvo nomli tuyalari ustida Vido xutbasini oʻqib, sahobai kirom (roziyallohu anhum) bilan vidolashdilar.2

SIZGA KELDIM!
Ey gunohkorlar panohi, sizga panoh izlab keldim!
Koʻp qabohatlar qildim, sizga yolvorgani keldim!
Qorongʻi joylarga ozdim, botqoqlarga botib qoldim,
Toʻgʻri yoʻlni yorituvchi nur manbaiga keldim.
Chiqadigan bir jonim qoldi, ey barcha jonlarning joni!
Aytmoq joizmi, jonimni fido qilgani keldim?
Dardlilarga tabibsiz, men esa koʻngil bemori,
Qalbim yarasiga davo deb eshigingizni qoqqani keldim.
Saxiylar eshigiga bir narsa eltmoq xatodir,
Bosib sharaf bergan tuprogʻingizni oʻpgani keldim.
Gunohlarim togʻdek koʻp, yuzim qora, qatrondek!
Bu yukdan va qarolikdan butunlay qutulgani keldim.
Tozalar, albatta, hammasin ehson daryongizdan bir tomchi,
Garchi yuzim kabi qora amal daftarim bilan keldim.
Eshigingizga yuz sura olsam, ey jonimdan aziz jonon!
Suv bilan bitmagan ishlar hosil boʻlar u tuproqdan!