HAJNING FARZ BOʻLISHI
Islomning besh shartidan biri boʻlgan haj ham hijratning toʻqqizinchi yilida farz qilindi. Nozil boʻlgan oyati karimada shunday deyildi, maʼnosi: «Unda (Kaʼbada) ochiq-oydin alomatlar, Ibrohimning maqomi bor. Kim unga kirsa, tajovuzdan omonda boʻladi. Unga yoʻl topishga imkoni boʻlganlarning (kuchi yetganlarning) u Baytni haj (va ziyorat) qilishi Allohu taoloning insonlar ustidagi bir haqqi, farzidir. Kim bu farzni inkor etsa, shubhasiz, Allohu taolo butun olamlardan behojatdir (hech narsaga muhtoj emasdir)».1 Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) Allohu taoloning bu amrini sahobalariga bildirdilar. Oʻzlari ham Zulqaʼda oxirida haj qilmoqchi boʻldilar. Lekin mushriklarning yalangʻoch holda tavof qilishlari haqida xabar kelgach, ular bilan bunday holda birga boʻlishni munosib koʻrmadilar. Haj manosiklarini oʻrgatish uchun hazrati Abu Bakrni haj amiri etib tayinladilar.
Hazrati Abu Bakr va hazrati Alining hajga yuborilishi
Oʻsha yili sahobai kirom hazrati Abu Bakrning amirligida uch yuz kishilik bir karvon bilan Makkaga ketdilar. Shu paytda «Baroat» surasining ilk oyati karimalari nozil boʻldi. Ularda ahdnomalar haqidagi baʼzi hukmlar bildirildi. Sevimli Paygʻambarimiz bu hukmlarni eʼlon qilish uchun hazrati Alini ham Makkaga yubordilar.2
U paytda arablar orasida keng tarqalgan bir odatga koʻra, bir ahdlashuv tuzilsa yoki tuzilgan ahdnoma buzilsa, buni shu ishni oʻzi qilgan kishi yoki u tayinlagan bir qarindoshi eʼlon qilardi. Paygʻambarimiz bu ish uchun hazrati Alini haj karvonining ortidan Makkaga yubordilar. Hazrati Ali karvonga yetib oldi va ular birga Makkaga kirdilar.3 Hazrati Abu Bakr bir xutba oʻqib, haj ibodatini tushuntirdi. Sahobai kirom (alayhimur rizvon) oʻrgatilgan asoslarga koʻra haj qildilar. Haj ibodati ado etilayotganda hazrati Ali ham Minoda «Jamaratul Aqaba» deb ataladigan joyda bir xutba oʻqidi. Xutbasini u shunday boshladi:
«Ey odamlar! Meni sizlarga Rasululloh yubordilar». Soʻngra u Baroat surasining birinchi oyati karimasini oʻqidi. Bundan keyin: «Men sizlarga toʻrt narsani bildirishga buyurildim», – dedi. Bu toʻrt narsa quyidagilar edi:
1. Moʻminlardan boshqa hech kim jannatga kira olmaydi.
2. Bu yildan keyin hech bir mushrik Kaʼbaga yaqinlasha olmaydi.
3. Hech kim Kaʼbani yalangʻoch tavof qilmaydi. (U paytda mushriklar Kaʼbani yalangʻoch holda tavof qilardilar.)
4. Kimning Rasululloh bilan ahdnomasi boʻlsa, u muddati tugaguncha kuchda qoladi. Boshqalarga toʻrt oy muhlat berildi. Bundan keyin hech bir mushrik uchun ahd ham, himoya ham yoʻq.
«Unda (Kaʼbada) ochiq-oydin alomatlar, Ibrohimning maqomi bor. Kim unga kirsa, tajovuzdan omonda boʻladi. Unga yoʻl topishga imkoni boʻlganlarning (kuchi yetganlarning) u Baytni haj (va ziyorat) qilishi Allohu taoloning insonlar ustidagi bir haqqi, farzidir» Oli Imron: 97
Oʻsha kundan keyin hech bir mushrik Kaʼbaga kelmadi va hech kim Kaʼbani yalangʻoch tavof qilmadi. Bu masalalar bildirilgandan keyin mushriklarning koʻpchiligi musulmon boʻldi. Haj farzi ado etilgach, hazrati Abu Bakr va hazrati Ali yonlaridagi sahobai kirom bilan Madinaga qaytdilar.4
Xolid ibn Validning Yaman sariyyasi
Sevimli Paygʻambarimiz hijratning oʻninchi yilida, Rabiul avval oyida Xolid ibn Validni toʻrt yuz mujohid bilan Yaman atrofida yashovchi Banu Horis ibn Kaʼbni Islomga daʼvat qilish uchun yubordilar. Rasulullohning amrlariga koʻra hazrati Xolid ibn Valid bu qabilani uch kun ketma-ket Islomga daʼvat qildi. Ular ham daʼvatga ijobat qilib, musulmon boʻldilar.
Quyosh chashmasidan har dam fayz ziloli oqar,
Agar qabringizni yangilagan meʼmorga kerak boʻlsa suv.
Doʻzax qoʻrquvi gʻam oʻtini soldi yongan koʻnglimga,
Umidim shulki, ehsoningiz buluti sepsin ul oʻtga suv.
Naʼtingiz barakasidan gavhar boʻldi Fuzuliy soʻzlari,
Abri naysondan shohvor durga aylangan kabi suv.
Gʻaflat uyqusidan uygʻonganlar mahshar kuni
Hasrat yoshidan uygʻoq koʻzlaridan toʻkkanda suv,
Umidim shulki, mahshar kuni mahrum qolmasam,
Visol chashmangiz bersa menga – diydoringizga tashnaga – suv.
Fuzûlî
Hijratning oʻninchi yilida boʻlgan voqealar
Hijratning oʻninchi yilida Islom butun Arab yarim oroliga tarqaldi. Toʻqqizinchi yildagidek, bu yil ham Arabistonning har tomonidan odamlar toʻp-toʻp boʻlib Madinaga kelar, musulmon boʻlish sharafiga va abadiy saodatga erishish uchun bir-birlari bilan musobaqalashardilar. Endi Arabistonda musulmonlarga qarshi tura oladigan hech bir kuch qolmagan, Islom hamma yoqqa hokim boʻlgan edi. Faqat baʼzi yahudiy va nasroniy qabilalari musulmon boʻlmagan edi.
Yana shu yili Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) najronlik nasroniylarga maktub yuborib, ularni Islomga daʼvat qildilar. Ular ham oʻn toʻrt kishini tanlab, Rasulullohning hollarini oʻrganish uchun Madinaga yubordilar. Hayʼat bir muddatdan keyin sulh ahdnomasini tuzdi. Ulardan baʼzilari keyinchalik oʻz ixtiyorlari bilan musulmon boʻldilar. Oʻsha yili Yaman noibi Bozon vafot etdi. Uning vafot xabari kelgach, Rasululloh uning yurtini taqsimlab, bir qismini oʻgʻli Shahrga, bir qismini Abu Muso Ashʼariyga, bir qismini Yaʼlo ibn Umayyaga va bir qismini Muoz ibn Jabalga berdilar.
Paygʻambarimiz bu yili Islom tarqalgan barcha yurtlarga noiblar yubordilar. Hazrati Ali ham uch yuz kishi bilan Yamandagi Mudlij qabilasini Islomga daʼvat qilish uchun yuborildi. Avvaliga ular qarshi chiqib, Islom askarlariga oʻq otdilar. Darhol javob qaytarildi. Yigirma kishi oʻldirildi. Koʻpchiligi tarqalib ketdi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) sahobalarning dushmanni taʼqib qilishiga yoʻl qoʻymadi. Ularga nasihat qilib, yana Islomga daʼvat qildi. Ular qabul qilib, iymonga keldilar. Hazrati Ali va sahobalar darhol shoshilib Madina tomon qaytdilar va Rasulullohga Makkada yetib oldilar. Bu yili ham toʻqqizinchi yildagidek elchilar kelishda davom etdi. Ulardan biri Gʻomid, biri Banu Hanifa elchisi edi. Ular Rasulullohning majlislariga kelib, musulmon boʻldilar.
Najoshiyning opa-singlisining oʻgʻli Fayruz kelib, musulmon boʻldi. Abdulqaysdan ham bir hayʼat kelib, musulmon boʻldi.
Oʻsha yili Rasulullohning oʻgʻillari Ibrohim bir yarim yoshida vafot etdi. Rasululloh bu jigarbandlaridan ayrilganlarida muborak koʻzlari yoshga toʻldi. Hazrati Ibrohim Baqiʼ qabristonida Usmon ibn Mazʼunning yoniga dafn qilindi. Qabri ustiga ilk bor suv sepilgan kishi ham u boʻldi.5
Bechoradir ummatingiz, isyonlariga boqmang,
Rad qoʻlini urib, hasrat ila doʻzaxga yoqmang.
Rahm aylang, omon, hijron oʻtiga yoqmang,
Xullasi, gunohkor qulingiz Gʻolibni tashlamang.
Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim,
Haq qoʻllagan sultonimizsiz, sarvarim.
Şeyh Galib
«Mazlumning duoibadidan saqlaninglar. Mazlumning duosi bilan Haq taolo hazratlari orasida parda yoʻqdir» Hadisi sharif
Islomning Arab yarim orolida tarqalishi
