Sevimli Paygʻambarim

TABUK GʻAZOTI

Tabuk – Madinai munavvara bilan Shom shahri oʻrtasidagi mashhur bir joy. Baʼzilar uni bir buloqning nomi, deyishgan. Bu safar Paygʻambarimizning soʻnggi gʻazotlari boʻlgani uchun uni Tabuk gʻazoti deb atashdi. Uni «Foziha» deb ham atashadi, chunki munofiqlar bu gʻazotda sharmanda boʻldilar. Uni «Jayshul usra» deb ham atashadi. Bu safarda musulmonlar juda koʻp mashaqqat chekdilar. Buning ustiga masofa uzoq, havo juda issiq edi. Dushman askari koʻp va kuchli edi. Qahatchilik zamoni edi. Bir tuyaga oʻn kishi navbatma-navbat minardi. Askarlarning koʻpchiligi bir oy davomida xurmodan boshqa hech narsa yemadi. Baʼzan qovurilgan arpa yerdilar. Baʼzan uni ham topa olmasdilar. Tabuk gʻazotiga hijriy toʻqqizinchi yil Rajab oyida, payshanba kuni yoʻlga chiqildi.

Islom Arab yarim orolida tez tarqalayotgan oʻsha toʻqqizinchi yilda Vizantiya imperatori Hiraql «Islom davlati»ni qizgʻanar va uning oʻsishiga toʻsqinlik qilmoqchi edi. Nasroniy arablar unga: «Paygʻambarlik daʼvosi bilan chiqqan haligi kishi vafot etdi. Musulmonlar hozir qahatchilik va yoʻqchilik ichida. Agar ularni oʻz diningga kiritmoqchi boʻlsang, hozir ayni payti», – deb maktub yozdilar. Bu maktubdan keyin Hiraql qirq ming kishilik qoʻshinni Qubod qoʻmondonligida musulmonlar bilan jang qilish uchun yoʻlga chiqardi. Faxri koinot bu holdan xabar topgach, sahobalarini toʻplab, jangga tayyorgarlik koʻrishni buyurdilar. Oʻsha yili qurgʻoqchilik boʻlgani uchun sahobalar moddiy jihatdan katta tanqislikda edilar. Faqat tijorat qiluvchilarning ahvoli bir oz yaxshiroq edi. Islom askari juda koʻp edi. Oziq-ovqat va jang anjomlari esa oz edi. Qiyinchilik chekilishi muqarrar edi. Paygʻambarimiz sahobalarining jangga qatnashadigan askarlarni jihozlash uchun moddiy yordam berishlarini ham istadilar. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) bu istaklari sahobalarni harakatga keltirdi. Har kim qoʻlida bor narsasini olib kelar, moli va joni bilan jihodga tayyorlanishga harakat qilardi.

Paygʻambarimizning gʻordagi yoʻldoshlari hazrati Abu Bakr butun molini olib kelgan edi. Rasuli akram: «Oilangga nima qoldirding, yo Abu Bakr?» – deb soʻraganlarida, u: «Allohu taoloni va Uning Rasulini qoldirdim», – deb javob berdi. Hazrati Umar molining yarmini yordam uchun olib kelgan edi. Paygʻambarimiz undan ham: «Oilangga nima qoldirding, yo Umar?» – deb soʻraganlarida, u: «Olib kelganimcha qoldirdim», – deb javob berdi. Paygʻambarimiz esa: «Ikkovingiz orasidagi farq soʻzlaringiz orasidagi farq kabidir», – dedilar. Shunda hazrati Umar: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Abu Bakr! Yaxshilik yoʻlidagi barcha musobaqalarda siz mendan oʻzib ketasiz. Endi hech bir narsada sizdan oʻzib keta olmasligimni yaxshi angladim», – deb, uni taqdirladi.1 Sahobai kirom kuchlari yetganicha yordam berishga harakat qilardilar. Lekin munofiqlar: «Sizlar koʻz-koʻz qilish uchun beryapsizlar», – deb, ularni masxara qilardilar. Paygʻambarimiz: «Kim bugun bir sadaqa bersa, qiyomat kuni Allohu taolo huzurida sadaqasi uning foydasiga guvohlik beradi», – dedilar. Paygʻambarimizning bu muborak soʻzlaridan keyin moʻminlar yanada koʻproq yordam bera boshladilar. Hazrati Usmon ibn Affon qoʻshinning yarmini jihozladi.2 Usmoni Zinnurayn (roziyallohu anhu) bu qoʻshinga jihozlari bilan birga toʻqqiz yuz ellik tuya va ellik ot berdi, ularning chavandozlarini ham anjom bilan taʼminladi, ustiga-ustak yana oʻn ming dinor yoki yetti yuz rukya oltin yubordi.3 Shu tariqa u musulmonlar orasida eng koʻp yordam bergan kishi boʻldi. Hazrati Usmon qoʻshinning ehtiyojlarini shu darajada taʼminlagan ediki, hatto suv meshlarini taʼmirlashda ishlatiladigan juvaldizni ham qoʻyishni unutmagan edi. Bu yordamidan keyin Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam): «Bugundan keyin Usmonga gunoh yozilmaydi», – dedilar.4 Moddiy ahvoli juda nochor boʻlgan sahobalardan biri esa jihodga yordam savobiga erishish uchun oʻsha kecha tonggacha bir xurmozorda suv tortib, ishlab topgan xurmosini Paygʻambarimizga olib keldi va: «Yo Rasulalloh! Rabbimning rizosini topish uchun qoʻlimda bor narsani keltirdim. Qabul qiling», – dedi.

«Yo Umar! Ikkovingizning (Abu Bakr bilan) orangizdagi farq soʻzlaringiz orasidagi farq kabidir» Hadisi sharif

Musulmon erkaklar qoʻllaridan kelgancha yordam berishga harakat qilar ekanlar, ayollar ham bu yoʻlda oʻz zimmalariga tushgan vazifani munosib ado etardilar. Tabuk gʻazotiga tayyorlanayotgan paytlarida musulmonlar juda qiyin ahvolda edilar. Qahatchilik shu darajada shiddatli ediki, qoʻlida hech narsasi qolmagan sahobai kiromdan juda koʻp kishilar Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Piyoda qoldik! Yeyishga ham hech narsamiz yoʻq! Bu gʻazotda sizdan ajralmay, jihod savobiga erishishni istaymiz», – derdilar. Sevimli Paygʻambarimiz ularga mindiradigan hech narsa qolmaganini qaygʻu bilan bildirardilar. Bir gal Solim ibn Umayr, Abdulloh ibn Mugʻaffal, Abu Laylo Moziniy, Ulba ibn Zayd, Amr ibn Humom, Haramiy ibn Abdulloh va Irboz ibn Soriya sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, xuddi shu iltimosni qildilar. Paygʻambarimiz ularga katta qaygʻu bilan: «Sizlarni mindiradigan biror narsa topa olmayapman», – deganlarida, ular Paygʻambarimizdan ajralib qolish va jihodga qatnasha olmaslik qaygʻusidan yigʻlay boshladilar. Shunda Allohu taolo ushbu oyati karimani yubordi, maʼnosi: «(Ey Rasulim!) Ular (jihodga qatnashish uchun) sizning oldingizga kelganlarida, siz ularga: „Sizlarni mindiradigan narsa topishga qodir emasman“, – dedingiz. Bu yoʻlda sarflaydigan narsalari boʻlmagani uchun (jangga qatnasha olmaganlaridan) ular qaygʻudan koʻz yoshlarini toʻkib qaytdilar. Ularga hech qanday masʼuliyat (gunoh) yoʻqdir».5 Oxir-oqibat hazrati Abbos va hazrati Usmon ularni ham gʻazotga tayyorladilar. Tayyorgarlik tugagach, Paygʻambarimiz qoʻshinni Saniyatul Vidoda toʻpladilar. Gʻazotga qatnashmaganlar yoʻq darajada oz edi. Qoʻshinni toʻplab, yoʻlga chiqishga qaror qilgach, Rasuli akram Madinada Muhammad ibn Maslamani oʻrinbosar qilib qoldirdilar.6 Safarga chiqish oldidan Paygʻambarimiz: «Yoningizga ortiqcha oyoq kiyim olinglar. Zaxira oyoq kiyimingiz boʻlsa, qiynalmaysizlar», – dedilar.

Qoʻshin yoʻlga chiqqanda munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay musulmonlarni qoʻrqitish uchun boʻlmagʻur gaplar gapirdi. Hatto: «Qasamki, men uni va sahobalarini ikkitadan arqonga bogʻlangan holda koʻrayotgandekman…» – derdi. Lekin sahobai kirom bu soʻzlarga hech eʼtibor bermas, jihodga qatnashish ishqlari tobora ortib borardi. Buni koʻrgan munofiqlar ichlaridan yonardilar. Rasululloh Saniyatul Vidodan Tabukka yoʻlga chiqishlaridan oldin qoʻshinning bayroqlarini (tugʻ va alamlarini) ochtirdilar. Katta bayroqni hazrati Abu Bakrga, bir bayroqni hazrati Zubayr ibn Avvomga berdilar. Avs qabilasining bayrogʻini Usayd ibn Huzayrga, Xazraj qabilasining bayrogʻini Abu Dujonaga berdilar.7 Paygʻambarimiz qoʻmondonligidagi sahobai kiromning soni oʻttiz ming kishi boʻlib, ulardan oʻn mingtasi otliq edi. Oʻng qanot qoʻmondonligiga hazrati Talha ibn Ubaydulloh, chap qanotga esa hazrati Abdurrahmon ibn Avf tayinlandi.8 Shonli sahobalar juda issiq havoda, Paygʻambarlarining qoʻmondonligi ostida yoʻlga chiqdilar. Boshlarida Allohu taoloning Habibi bor ekan, yegulik va ichimliklarining yoʻqligi ularni yoʻllaridan qaytara olmas, boradigan yoʻllarining uzoqligi ham, dushman askarlarining koʻpligi ham ularning koʻzini qoʻrqita olmasdi. Bunday holda har qayerga borish mumkin edi. Sevimli Paygʻambarimiz va qahramon sahobalar har bir manzilda bir muddat dam olgach, yana yoʻllarini davom ettirardilar. Ularning sakkizinchi manzili Solih alayhissalomning qavmi halok qilingan Hijr edi. Bu qavm paygʻambarining amriga quloq solmagani uchun Allohu taolo ularni shiddatli bir sayha, yaʼni ovoz bilan halok qilgan edi. Koinot sultoni sahobalariga: «Bu kecha qarama-qarshi tomondan kuchli boʻron esadi. Yonida sherigi boʻlmasa, hech kim oʻrnidan turmasin. Har kim tuyasining tizzasini bogʻlab qoʻysin. Bu yer azob tushgan joydir. Hech kim bu suvdan ichmasin va tahorat olmasin!…» – dedilar. Hamma bu amrga boʻysundi. Kechasi chiqqan kuchli boʻron hamma yoqni ostin-ustun qila boshladi. Shu payt tuyasini bogʻlashni unutgan bir kishi uni qidirish uchun yolgʻiz oʻrnidan turganda, boʻron uni uchirib ketib, Tay togʻining etagiga tashladi. Yana bir kishi esa qattiq qistalgan edi. U hojatini chiqarish uchun borgan joyida xunnoq (koʻkyoʻtal) degan kasallikka chalindi. Paygʻambarimizning duolari bilan yana sogʻayib ketdi.

Oʻsha tongda suv idishlarida bir tomchi ham suv qolmagan edi. Tashnalikdan hamma oʻlar holatga kelgan edi. Munofiqlar buni fursat bilib: «Muhammad haqiqatan paygʻambar boʻlganida, duo qilib yomgʻir yogʻdirardi», – deb fitna chiqarishga urindilar.

Ahvol Olamlar sarvariga arz qilinganda, u zot muborak qoʻllarini koʻtarib, Allohu taologa yomgʻir ehson etishini soʻrab iltijo qildilar. Issiq va bulutsiz havoda darhol yomgʻir bulutlari paydo boʻldi. Kuchli yomgʻir boshlandi. Hamma idishlarini toʻldirib, tahorat oldi va hayvonlarini sugʻordi. Yomgʻir toʻxtab, bulutlar tarqalgach, yomgʻir faqat qoʻshin ustigagina yoqqani koʻrindi.

«Kim bugun bir sadaqa bersa, qiyomat kuni Allohu taolo huzurida sadaqasi uning foydasiga guvohlik beradi» Hadisi sharif

Tabuk gʻazoti

Sevimli Paygʻambarimiz va sahobalar takbir aytdilar. Allohu taologa hamd aytdilar. Munofiqlarga esa: «Endi hech qanday uzringiz qolmadi. Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltiringlar va solih musulmon boʻlinglar!…» – dedilar. Lekin hayosiz munofiqlar: «Nima boʻlibdi?… Bir bulut oʻtib ketayotib yogʻdi-da, ketdi!…» – deb javob qaytarishdi. Ochlik ham soʻnggi chegarasiga yetgan edi: bir xurmoni ikki kishi boʻlishib yeydigan holga tushishgan edi. Qattiq issiqqa, chekilgan ochlik va tashnalikka qaramay, Tabukka yaqinlashildi. Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam): «Inshoalloh, ertaga choshgoh vaqtida Tabuk bulogʻiga yetib borasizlar. Men kelgunimcha u suvga qoʻl uzatmanglar», – dedilar. Ertasi kuni u yerga yetib bordilar. Buloqning suvi juda oz edi. Sevimli Paygʻambarimiz u suvdan bir idishga oldirdilar, unga muborak qoʻllarini solib, duo qildilar. Soʻngra uni buloqqa qaytarib toʻkdilar. Suv bir zumda koʻpirib koʻpaydi. Oʻttiz ming kishilik Islom qoʻshini ichsa ham, u hech kamaymadi. Keyinchalik Faxri koinotning bir moʻjizasi boʻlgan bu suv bilan atrofning hammasi sugʻorildi. U oʻlka yam-yashil dashtga aylanib, barakalarga toʻlib-toshdi. Rasuli akram shonli sahobalari bilan Tabukka kelganlarida, vizantiyaliklar va Omila, Lahm, Juzom kabi nasroniy boʻlib ketgan arab qabilalaridan iborat Rum qoʻshinlarini qarshilarida topmadilar. Mutada uch ming mujohidga qarshi yuz ming kishilik Rum qoʻshini magʻlub boʻlgan edi. Endi esa ularning qarshisida oʻttiz ming mujohid bor edi va ularning qoʻmondoni Koinot sarvari edilar. Rumliklar sevimli Paygʻambarimizning qahramon sahobalarini toʻplab kelganlarini eshitgach, har biri qochadigan joy qidirgan edi.

Rasululloh sahobalari bilan maslahatlashib, Tabukdan nariga oʻtmadilar. Shu paytda oʻsha mintaqada yashovchi baʼzi qabilalar va davlatlar Islom qoʻshinining kelganini eshitgan edilar. Qoʻrqqanlaridan Paygʻambarimizga bittadan hayʼat yuborib, jizya toʻlash sharti bilan omonlik tiladilar. Paygʻambarimiz marhamat koʻrsatib, ularning takliflarini qabul qildilar; har biri bilan alohida-alohida ahdnoma moddalari yozilib, ularga omonlikda ekanlari aytildi.

Sarvari koinot (alayhi afzalus salavot) yigirma kunga yaqin dushmanni kutdilar. Tabukda sahobalari bilan koʻplab suhbatlar qurib, ularning koʻngillarini nur daryosida yuvdilar. Muborak qalblaridan otilib chiqqan fayz va barakalarni ularning qalblariga oqizdilar. Tengsiz suhbatlaridan birida: «Sizlarga odamlarning eng yaxshisi va eng sharaflisini xabar beraymi?» – dedilar. Sahobai kirom: «Ha, xabar bering, yo Rasulalloh!» – deyishdi.

Shunda u zot: «Odamlarning yaxshisi – otining yoki tuyasining ustida yoxud ikki oyogʻida soʻnggi nafasigacha Allohu taolo yoʻlida mehnat qilgan kishidir. Odamlarning yomoni esa Allohu taoloning Kitobini oʻqib, undan hech foydalana olmagan, haddidan oshgan kishidir», – dedilar.

Shahidlik haqida soʻragan bir kishiga esa: «Borligʻim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, shahidlar qiyomat kuni qilichlarini boʻyinlariga osib keladilar. Nurdan boʻlgan minbarlar ustida oʻtiradilar», – dedilar.9

Bu gʻazotda Paygʻambarimizning koʻplab moʻjizalari koʻrildi. Jumladan, Tabukdan Madinaga qaytish uchun tayyorgarlik koʻrilayotgan bir paytda ochlikka chidab boʻlmaydigan holga kelgan sahobalar ahvollarini Paygʻambarimizga arz qildilar. Rasululloh ularning ortib qolgan yeguliklarini bir teri dasturxon ustiga toʻplatdilar. Ular kichkina bir qozonni zoʻrgʻa toʻldirdi. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) tahoratlarini yangilab, ikki rakat namoz oʻqidilar. Muborak qoʻllarini ochib, yeguliklar barakali boʻlishi uchun duo qildilar. Soʻngra sahobalariga idishlarini keltirishni buyurdilar. Idishlar shunday toʻldirildiki, katta qoʻshinda bironta ham boʻsh idish qolmadi. Bundan tashqari, barcha mujohidlar toʻygunlaricha yeganlariga qaramay, dasturxondagi yeguliklar hech kamaymagani koʻrindi.

«Inshoalloh, ertaga choshgoh vaqtida Tabuk bulogʻiga yetib borasizlar. Men kelgunimcha u suvga qoʻl uzatmanglar» Hadisi sharif

Xolid ibn Validning Dumatul Jandal sariyyasi

Hazrati Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) Tabukda ekanlarida Xolid ibn Validni (roziyallohu anhu) Dumatul Jandalga yubordilar. U yerning podshohi Ukaydir ibn Abdulmalik nasroniy edi. Islom askarlari qalʼa atrofiga yaqinlashib, pistirmada yotdilar. Shu payt Ukaydir qalʼa darvozasi oldiga bir togʻ sigiri kelganini eshitib, uni ovlash uchun otiga minib, ketidan tushdi. Ukaydir, birodari Hasson va odamlari ovda yurganlarida, mujohidlar ularni qurshab oldilar. Hasson qilichiga qoʻl uzatganda oʻldirildi. Ukaydir asir olindi. Boshqalari qochib, qalʼaga panoh topdilar. Hazrati Xolid Ukaydirga shunday dedi: «Senga omonlik berib, Rasulullohning huzurlariga olib boraman. Lekin shu shart bilanki, qalʼaga kirib, ikki ming tuya, sakkiz yuz ot, sakkiz yuz qalqon, toʻrt yuz nayza topshirasan. Podshohlik yana senda qoladi». Ukaydir rozi boʻldi. Mujohidlar qalʼaga kirib, oʻljani olishdi va Madinaga kelishdi. Oliy huzurga qabul qilingan Ukaydir va birodari Hasor iymon keltirib, musulmon boʻldilar.

Tuzoq

Mujohidlar Tabukdan chiqib, Madina yoʻlini tutgan edilar. Munofiqlar sevimli Paygʻambarimizga tuzoq qurib, u zotni oʻldirishga oʻzaro kelishdilar. Bir kecha Islom askarlari borayotgan yoʻldagi tor bir dovonda pistirma qoʻyib kuta boshlashdi. Paygʻambarimiz tuyalarining jilovini hazrati Ammor ibn Yosir tortib borar, orqalaridan hazrati Huzayfa ibn Yamon kelardi. Munofiqlarning kelishib, suiqasd uyushtirganlarini Jabroil alayhissalom xabar berdi. Paygʻambarimiz dovonga yaqinlashganlarida qoʻshinga: «Sizlar vodiy ichidan boringlar; u yer sizlar uchun ham osonroq, ham kengroq», – dedilar. Oʻzlari tor dovon tomon borayotganlarida, qoʻshin vodiy ichiga qarab yoʻl olmoqda edi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) dovonga yaqinlashganlarida, bu munofiqlar guruhi yuzlarini niqoblab hujumga oʻtdilar. Hazrati Huzayfa: «Ey Allohu taoloning dushmanlari!» – deb, qoʻlidagi tayoq bilan munofiqlarni va ularning hayvonlarini ura boshladi. Bu baqiriq-chaqiriqdan qoʻrqqan oʻn ikki munofiq darhol askarlar orasiga aralashib ketdilar. Rasululloh ularning ismlarini hazrati Huzayfaga bildirdilar va boshqalarga aytmaslikni tayinladilar.

Hodisani eshitib huzurga kelgan hazrati Usayd ibn Huzayr Paygʻambarimizga: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Ularni menga ayting, boshlarini sizga keltiray!» – deb juda yolvordi. Lekin Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) izn bermadilar.10

Masjidi Ziror

Nihoyat, sevimli Paygʻambarimiz va qahramon sahobalari vizantiyaliklarning koʻzini qoʻrqitib, qarshiliklarini sindirib, nurli Madinaga yaqinlashgan edilar. Koinot sultoni Madinaga juda yaqin boʻlgan Zu Avan degan joyda sahobalariga toʻxtab dam olishni buyurdilar. Sahobalar dam olayotganda bir necha munofiq sevimli Paygʻambarimizning oldilariga kelib, Masjidi Zirorga tashrif buyurishlarini iltimos qildilar. Masjidi Ziror Quboda edi. Uni munofiqlar Rasululloh Madinaga hijrat qilganlarida Quboda qurdirgan birinchi masjidlarining roʻparasida qurgan edilar. Sevimli Paygʻambarimiz sahobalari bilan Tabukka ketayotganlarida, munofiqlar huzurga kelib: «Yo Rasulalloh! Yangi masjid qurdik, tashrif buyurib, bizga imom boʻlib namoz oʻqitib bermaysizmi?» – deb daʼvat qilgan edilar. Lekin Olamlar sarvari safarda edilar, shuning uchun nasib etsa, Tabukdan qaytishda kirib oʻtishlari mumkinligini aytgan edilar.

Munofiqlarning maqsadi musulmonlar jamoatini boʻlish, uni oʻz maqsadlariga vosita qilish, fitna chiqarib, musulmonlarni bir-biriga qarshi qayrash edi. Hatto ular Vizantiya askarlarini Madinaga daʼvat qilib, bu masjidda gʻamlab qoʻygan qurollari bilan ularga yordam bermoqchi edilar. Paygʻambarimizni u yerda namoz oʻqishga koʻndirish bilan Masjidi Ziror muqaddas joy ekan, degan taassurot paydo boʻlardi. Shu tariqa musulmonlar u yerda namoz oʻqish uchun bir-birlari bilan musobaqalashar va, munofiqlar oʻylaganidek, ularning tuzogʻiga tushardilar!… Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) munofiqlarning bu daʼvatini qabul qilib, borishga qaror qilgan edilar. Allohu taolo Tavba surasining 107–108-oyati karimalarini yuborib, ishning asl mohiyatini bildirdi. Shundan keyin Olamlar sarvari Molik ibn Duxshum bilan Osim ibn Adiyga: «Ahli zolim boʻlgan mana shu masjidga kiringlar. Uni buzinglar, yoqinglar!» – dedilar. Ular shom bilan xufton orasida borib, binoga oʻt qoʻydilar. Soʻngra uni buzib, yer bilan yakson qildilar. Munofiqlardan biror sado chiqmadi.11 Paygʻambarimiz va shonli sahobalari kelayotganlarini eshitgan madinaliklar darhol toʻplanib, katta hayajon bilan ularni kutib olishga chiqdilar…

Abdulloh ibn Ubayning oʻlimi

Sevimli Paygʻambarimiz Tabuk gʻazotidan qaytganlaridan ikki oy keyin, Shavvol oyida munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay oʻldi. Shundan keyin munofiqlarning birligi buzildi, ular tarqalib ketishdi.12 Shu tariqa Arabistonda nafaqat munofiqlarning, balki mushriklar va yahudiylarning ham boshi ezildi, ularning Islomga qarshi turish va unga toʻsqinlik qilish harakatlari soʻndirildi.

Hijratning toʻqqizinchi yilida boʻlgan boshqa voqealar

Rasululloh Tabukka kelganlarida, avval Ayla, soʻngra Jarbo hokimlari kelib, xiroj toʻladilar. Rasululloh ahdnoma yozdirib, ularning qoʻllariga berdilar. Bu gʻazotda u zot Hiraqlga maktub yuborib, uni yana Islomga daʼvat qildilar. Lekin unga hidoyat nasib boʻlmadi.

«Borligʻim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, shahidlar qiyomat kuni qilichlarini boʻyinlariga osib keladilar. Nurdan boʻlgan minbarlar ustida oʻtiradilar» Hadisi sharif

Bu yili Rasulullohning qizlari Ummu Kulsum vafot etdi. Uning janoza namozini Rasululloh oʻqidilar, dafn qilinayotganda esa qabri boshida muborak koʻzlaridan yosh oqdi.

Sanatul vufud (Elchilar yili)

Tabuk gʻazotidan qaytgach, Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) turli davlatlarga elchilar yuborib, ularni Islomga daʼvat qildilar. Ummon va Bahrayn aholisi musulmon boʻlish sharafiga erishdilar.

Endi Islom katta tezlik bilan tarqalmoqda edi. Atrofdagi qabilalarga, davlatlarga dinning asoslarini oʻrgatish uchun muallimlar, ularni boshqarish uchun noiblar yuborilmoqda edi. Hijratning toʻqqizinchi yilida Madinaga musulmon boʻlgan hayʼatlar oqib kela boshladi. Turli qabilalardan kelgan hayʼatlar Olamlar sarvariga tobe ekanliklarini bildirib, saodatga erishdilar. Keluvchilarning koʻpligidan bu yilga Sanatul vufud (Elchilar yili) deb nom berildi. Qachon bir elchi kelsa, Rasululloh qimmatbaho kiyimlarini kiyardilar. Sahobalariga ham chiroyli kiyimlar kiydirardilar. Kelganlarni toza va goʻzal joyda mehmon qilardilar. Ziyofat berib, ularni koʻp hadyalar bilan kuzatardilar. Ular ham mamnun boʻlib, hamdu sano aytib qaytishardi. Elchi yuborgan qabilalardan biri Banu Murra qabilasi edi. Ular oʻn uch kishini elchi qilib yubordilar. Bular qabilalarining musulmon boʻlganini bildirishdi. Yurtlarida hech yomgʻir yogʻmaganini, oʻt-oʻlan unmaganini va qattiq qahatchilik chekayotganlarini aytishdi. Bu qiyinchilikdan qutulish uchun Rasulullohdan (sallallohu alayhi vasallam) duo soʻrashdi. U zot: «Yo Rabbim! Ularni yomgʻir bilan suvga qondir», – deb duo qildilar. Banu Murra qabilasining elchilari yurtlariga qaytganlarida, qavmlarining butunlay yengil tortganini koʻrishdi. Chunki Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ular uchun duo qilgan kuni u yerda moʻl yomgʻir yoqqan edi. Bu ayni duo qilingan vaqtga toʻgʻri kelgan edi.

Banu Asad qabilasidan oʻn kishi kelib, musulmon boʻlganlarini minnat qilishdi. Ular: «Biz qahatchilik yilida uzoq joydan keldik. Ustimizga qoʻshin kelmasdan, oʻz xohishimiz bilan musulmon boʻldik», – deyishdi. Ular haqida Hujurot surasining oʻn yettinchi oyati nozil boʻldi. Banu Bikor hayʼatining boshidagi Muoviya ibn Savr ibn Uboda ibn Bikor yuz yoshlar atrofida edi. U bilan birga oʻgʻli Bushayr, Mujammaʼ ibn Abdulloh va Abdu Amr ibn Asam bor edi. U Rasulullohdan muborak qoʻllarini oʻgʻlining aʼzolariga surtishlarini soʻradi va: «Chunki u menga juda koʻp hurmat va yaxshilik qildi», – dedi. Rasululloh muborak qoʻllari bilan Bushayrning yuzini siladilar va ularga koʻplab echki ehson qildilar. Abdu Amrning ismini ham Abdurrahmonga oʻzgartirdilar. Banu Najib hayʼati oʻn kishi edi. Ular mollarining va hayvonlarining zakotini ham oʻzlari bilan olib kelgan edilar. Rasululloh ularning kelganlaridan juda sevindilar. Ularni yaxshi bir manzilga joylashtirishni buyurdilar. Najib elchisi farz va sunnat haqida shunchalik koʻp savol berdiki, Rasulullohning unga muhabbatlari yanada ortdi. Unga hurmat va izzatni oshirdilar. Boshqa elchilardan farqli muomala qildilar. Yuklar yonida qolgan yigitni ham chaqirtirib, uning Allohu taolodan boshqa hamma narsadan yuz oʻgirganini koʻrgach, unga ham xayrli duo qildilar. Boshqalar qatori unga ham ehson qildilar. U jamoa murodlariga yetib, sevinch bilan qabilalariga qaytishdi. Banu Kinonadan bir jamoa kelib, musulmon boʻldi. Ularning boshligʻi Vosila ibn Asqaʼ edi. U kelganda Rasululloh Tabuk gʻazotiga tayyorlanayotgan edilar. Vosila bayʼat qilib, qabilasiga ketdi. Otasi iymon keltirmadi. Opa-singlisi esa iymonga keldi. Soʻngra u Madinaga borib, Tabuk qoʻshinining ortidan yoʻlga chiqdi. Rasulullohga yetib oldi. Uni Xolid bilan birga Ukaydirga qarshi jangga yubordilar. Uning ulushiga koʻp tuya tushdi.

Banu Soidadan Zimom ibn Saʼlaba keldi. U Rasulullohning huzurlariga borib, u zotdan namoz, roʻza, haj va zakot haqida koʻp savollar soʻradi. Savollari tugagach: «Iymon keltirdim, Allohning huzuridan nima keltirgan boʻlsangiz, hammasiga ishondim», – dedi. Qavmining oldiga borib, ularga Islomni yetkazdi. U qabilaning hammasi musulmon boʻldi.

Yo Rasulalloh! Eshigingizdagi qulning
Oyogʻiga tekkan tuproqni oʻpmaganning,
Va bu saodat uchun jonin fido etmaganning
Sizga muhabbati yoʻq; ishonmayman, soʻzi yolgʻon.
Bosgan tuproqlaringizni boshimga toj aylasam,
Oʻpsam, koʻzimga sursam, qalbga iloj aylasam,
Siroti mustaqimni topgan chiroq aylasam,
Va yoʻlingizga tushsam, sizga oshiqu hayron.
Siz tomondan esgan har bir shamolni hidlarman,
Xush boʻyingizdan asar bormi, deb izlarman;
Fido boʻlsin yoʻlingizda ahlim, bolalarim,
Onam, otam, qarindoshim va yana minglab jon.
Sizning jondan oshigʻingiz Mavlono Xolid der:
Ey olamning sultoni, ey jahonning jononi!
Bir jonim bor, u ham sizdan – sizning menga ehsoningiz,
Fido uchun sizga bir jon keltirdim, deya olmam.
Mavlono Xolid Bagʻdodiy

«Yo Rabbim! Ularni (Banu Murra qabilasini) yomgʻir bilan suvga qondir» Hadisi sharif

Kaʼbai muazzamaning tungi koʻrinishi