Zakot yigʻuvchilar yuborilgan hududlar
Hazrati Abu Muso Ashʼariyni ham Qurʼoni karim va din ishlarini oʻrgatish uchun Makkada vazifaga qoʻydilar.1 Abu Sufyon ibn Harbni Yaman viloyatidan Najronga amir qilib tayinladilar, Kasir ibn Abdullohni esa unga yordamchi qilib berdilar. Makkadagi ishlar tugagach, Marruz Zahronga kelindi. Qolgan oʻlja ham oʻsha yerda taqsimlandi. Soʻngra u zot shonli sahobalari bilan yana yoʻlga chiqib, Zulqaʼda oyining oxirlarida Madinaga yetib keldilar. Madinadan Ramazoni sharifning oʻninchi kuni, chorshanba kuni chiqqan edilar. Bu safar uch oyga yaqin davom etdi.
Bir kun gʻam dengiziga gʻarq boʻlib, fikrga toldim, Oʻzimni yoʻqotib, bexudlikka ketib qoldim, Isyonimni eslab, oqibatimdan qoʻrqdim, Bir sayyidning bu matlaʼni yod etganini eshitdim: Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim, Haq qoʻllagan sultonimizsiz, sarvarim. Umiddamiz, noumidlik ila oh chekmasmiz, Iymon sarmoyasin barbod etmasmiz, Eshigingizni qoʻyib, oʻzgalardan panoh tilamasmiz, Soyangizda hech kimga nazar solmasmiz. Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim, Haq qoʻllagan sultonimizsiz, sarvarim. Şeyh Galib
Hijratning sakkizinchi yilida boʻlgan baʼzi voqealar
Banu Saʼlabadan toʻrt kishi Rasulullohning majlislariga keldi. Ular: «Bizni qavmimiz yubordi. Hijrat qilinmasa, Islom komil boʻlmas ekan, deb eshitdik», – deyishdi. U zot: «Qayerda boʻlsangizlar ham, taqvo uzra boʻlinglar; hijrat qilmasangizlar ham, zarari yoʻq. Diningizga ham, millatingizga ham zarar yetmaydi», – dedilar. Soʻngra ularni Ramla bint Horisning uyiga yuborib, ziyofat berdilar. Keyin har biriga toʻrt uqiyadan kumush berib, uylariga ketishlariga izn berdilar. Oʻsha yili Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) qizlari Zaynab vafot etdi. Uning uchun tobut yasashdi. Islomda birinchi tobut uning uchun yasalgan. U Abul Osning zavjasi edi. Badr vaqtida Abul Os uni Makkadan Madinaga kuzatib yuborganda, yoʻlda Habbor hazrati Zaynabning tuyasiga nayza otgan edi. U tuyadan yiqilib, qornidagi bolasini tushirgan va betob boʻlib qolgan edi. Bu uning vafotiga sabab boʻldi. Undan ikki farzand qoldi. Oʻsha yili Zulhijja oyida Rasulullohning oʻgʻillari Ibrohim dunyoga keldi. Uning onasi – Moriya xonim (roziyallohu taolo anho). Abu Rofeʼ kelib, xushxabar berdi. Buning uchun Rasululloh bir qulni ozod qildilar. Aqiqa uchun bir qoʻchqor soʻydilar. Bolaning sochini oldirib, sochining ogʻirligicha kumushni sadaqa qildilar.
Hijratning toʻqqizinchi yilida boʻlgan muhim voqealar
Olamlar sarvari hijratning toʻqqizinchi yili Muharram oyining boshlarida qabilalarga zakot yigʻuvchilarni (omil, soʼiy) tayinladilar. Iloji boricha har bir qabilaga oʻz ichidan bir omil berildi. Ibn Hasib Aslamiyni Aslam va Gʻiforga, Abbod ibn Bishrni Banu Sulaym va Muzaynaga, Amr ibn Osni Fazoraga, Zahhok ibn Sinonni Banu Kilobga, Rofeʼ ibn Maknat Juhaniyni Juhaynaga, Bishr ibn Sufyon Kaʼbiyni esa Banu Kaʼb va Banu Tamimga yubordilar.
Bir yildan keyin toifliklar musulmon boʻlish uchun olti kishilik bir hayʼatni Madinaga, sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga yubordilar. Olamlar sarvari bir yil oldin Toifdan ketayotib: «Yo Rabbim! Saqifliklarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsat, ularni bizga keltir», – deb duo qilgan edilar. Mana endi saqifliklar musulmon boʻlish uchun kelgan edilar. Rasuli akram ularning musulmon boʻlganlaridan juda sevinib, ularga baʼzi imtiyozlar berib, Toifga qaytardilar. Ularga hazrati Usmon ibn Abul Osni noib qilib tayinladilar.2
Najoshiyning vafoti
Hijratning toʻqqizinchi yili, Rajab oyi edi. Bir kuni Rasululloh sahobalariga: «Bugun bir solih birodaringiz vafot etdi. Turinglar, uning janoza namozini oʻqinglar», – dedilar. Paygʻambarimiz imom boʻlib, gʻoyibona janoza namozini oʻqidilar. Soʻngra: «Birodaringiz Najoshiy Asʼhama uchun Allohu taolodan magʻfirat soʻradik», – dedilar.
Bir muddatdan keyin Habashistondan kelgan xabardan Najoshiy Asʼhama (rahmatullohi taolo alayh) vafot etgani maʼlum boʻldi. Bu Paygʻambarimiz Madinada uning janoza namozini oʻqigan kunlariga toʻgʻri kelardi.3
«Qayerda boʻlsangizlar ham, taqvo uzra boʻlinglar; hijrat qilmasangizlar ham, zarari yoʻq. Diningizga ham, millatingizga ham zarar yetmaydi» Hadisi sharif
Jonim qurbon boʻlsin sizning yoʻlingizga,
Ismi goʻzal, oʻzi goʻzal Muhammad,
Keling, shafoat qiling ojiz qulingizga,
Ismi goʻzal, oʻzi goʻzal Muhammad.
Moʻmin boʻlganlarning koʻpdir jafosi,
Oxiratda boʻlur zavqu safosi,
Oʻn sakkiz ming olamning Mustafosi,
Ismi goʻzal, oʻzi goʻzal Muhammad.
Yetti qavat osmonni sayr aylagan, Kursiy ustida javlon aylagan,
Meʼrojda ummatin Haqdan tilagan –
Ismi goʻzal, oʻzi goʻzal Muhammad.
Yunus netsin ikki jahonni sizsiz,
Siz haq paygʻambarsiz shaksiz, gumonsiz,
Sizga ergashmaganlar ketar iymonsiz,
Ismi goʻzal, oʻzi goʻzal Muhammad.
