HUNAYN JANGI
Hunayn – Makka bilan Toif orasidagi bir vodiy. Bu jangni Havozin jangi deb ham atashadi. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) Makkani fath etish niyati bilan Madinadan chiqqanlarida, Makka atrofida yashovchi Havozin va Saqif degan ikki katta qabila musulmonlar bizning ustimizga yurish qiladi, degan gumon bilan jangga tayyorgarlik koʻra boshladi. Olamlar sarvarining Makkani fath etish uchun kelganlarini bilgach, bir oz yengil tortgan boʻlsalar-da, «Qurayshliklardan keyin navbat, albatta, bizga keladi», degan oʻy bilan tayyorgarliklarini tezlashtirdilar. Bundan tashqari ular: «Qasamki, musulmonlar hali yaxshi jang qiladigan qavmga duch kelmaganlar. U bizning ustimizga yurish qilmasdan oldin biz uning ustiga yuraylik-da, jang qilish qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyaylik!» – dedilar. Havozin boshligʻi Molik ibn Avf qoʻmondonligida yigirma ming kishilik juda kuchli qoʻshin bilan yoʻlga chiqdilar. Askarlarining jasoratini oshirish va qiyinchilikni koʻrganda qochmasliklari uchun barcha qimmatbaho mollarini, xotinlari va bolalarini ham birga olib ketmoqda edilar.
Bu xabar qisqa vaqtda Makkada eshitildi. Faxri koinot xabarning toʻgʻriligini bilish uchun Abdulloh ibn Abu Hadradni Havozin qabilasiga yubordilar. Hazrati Abdulloh qiyofasini oʻzgartirib, dushman orasiga kirdi. Ularning fikrlari va harakat tarzini bilib olib, ahvolni darhol sevimli Paygʻambarimizga bildirdi.
Rasuli akram darhol shonli sahobalarini toʻpladilar. Makkaga yigirma yoshli hazrati Attob ibn Asidni noib qilib tayinlab, tezda yoʻlga chiqdilar. Oʻn ikki ming kishilik qoʻshinlari bilan mushrik Havozin va Saqif qabilalarini oʻz qarorgohlarida toʻsatdan bosmoqchi edilar. Mujohidlarning bayrogʻini hazrati Ali koʻtarib borardi,1 oldingi kuchlarga esa hazrati Xolid ibn Valid qoʻmondonlik qilardi.2 Olamlar sarvari boshlariga dubulgʻa, ustma-ust sovutlarini kiyib, Duldul degan xachirlariga mingan edilar. Shavvol oyining 11-kuni Hunayn vodiysiga yetib borildi. Oʻsha kechasi Sarvari olam qoʻshinni koʻzdan kechirib, jang tartibiga soldilar. Bomdod namoziga imomlik qilgach, yoʻlga tushdilar.
Mushriklarning qoʻmondoni kechadan foydalanib, Hunayn vodiysining ikki yonbagʻriga qoʻshinini joylashtirib, pistirma qoʻygan edi. Oldinda boʻlinmalari bilan borayotgan hazrati Xolid ibn Valid pistirmadan bexabar holda dara tomon otini choptirib borardi. Tongning gʻira-shiraligi dushmanni koʻrishga xalaqit berardi. Birdaniga mujohidlar ustiga minglab oʻqlar yogʻa boshladi. Bu kutilmagan oʻq yomgʻiridan qutulish uchun mujohidlar orqaga chekinishga majbur boʻldilar.
«Inshoalloh, ertaga ular (havozinlik va saqifliklar) musulmonlarga oʻlja boʻladilar» Hadisi sharif
Hunayn jangi
Ul damki, valiylar ila nabiylar qolar hayron,
«Nafsiy!» deb dahshat ila barchadan chiqar figʻon,
Noumidlikdan osiylarning holi boʻlar parishon,
Shafoat izni ila yana siznikidir maydon.
Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim,
Haq qoʻllagan sultonimizsiz, sarvarim.
Şeyh Galib
Bu tezkor chekinish orqadan kelayotgan askarlarning tartibini buzdi. Ular ham chekinish uchun orqaga burilganda, yigirma ming kishilik dushman boʻlinmalari seldek vodiyga oqib kela boshlagani koʻrindi. Sevimli Paygʻambarimiz yolgʻiz oʻzlari hujumga koʻtarilgan mushriklar tomon olgʻa tashlandilar. Faqat hazrati Abbos, hazrati Abu Bakr va yuzga yaqin qahramon sahoba oʻlimni boʻyniga olib, Rasuli akramga yetib keldilar. Tanlarini sevimli Paygʻambarimizga qalqon qildilar. Hazrati Abbos xachirning jilovidan, hazrati Sufyon ibn Horis esa uzangisidan ushlab, uning tezligini pasaytirishga, Rasulullohning dushman boʻlinmalari orasiga shoʻngʻib ketishlariga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilardilar. Olamlar sarvari Allohu taoloning dini yoʻq boʻlib ketishidan qaygʻurib: «Yo Abbos! Ularga: „Ey madinaliklar! Ey Samura daraxti ostida bayʼat qilgan sahobalar!“ – deb ovoz bering», – dedilar.
Hazrati Abbos katta gavdali va haybatli kishi edi. Baqirganda ovozi juda uzoqlardan eshitilardi. U bor kuchi bilan: «Ey madinaliklar! Ey Samura daraxti ostida Paygʻambarimizga soʻz bergan sahobalar! Tarqalib ketmanglar! Bu yerga toʻplaninglar!» – deb baqirdi. Buni eshitgan sahobai kirom orqaga qaytmoqchi boʻldilar. Lekin hayvonlarining haddan tashqari hurkishi qaytishlariga toʻsqinlik qilardi. Nihoyat, ular sovutlari, qilichlari va nayzalarini olib, hayvonlaridan oʻzlarini tashlashga majbur boʻldilar. Tezda Rasulullohning yonlariga yetib kelib, dushman bilan dahshatli jangga kirdilar. «Allohu akbar! Allohu akbar!» sadolari yeru koʻkni larzaga solar, dushmanni qoʻrqitib, dahshatga tushirardi. Badrda, Uhudda, Xandaqda va Xaybarda juda katta qahramonlik koʻrsatgan sahobalar, ayniqsa hazrati Ali, Abu Dujona, Zubayr ibn Avvom qayta-qayta hamla qilib jang qilar, dushmanni safdan chiqarib, orqaga uloqtirardilar.
Olamlar sarvari sahobalarining jonini jabborga berib olib borayotgan bu jangini kuzatib turar, muborak lablaridan: «Allohim! Bizga yordamingni nozil qil. Shubhasiz, Sen ularning bizning ustimizdan gʻolib kelishini istamaysan» degan duolar eshitilardi. Allohu taologa iltijolari orasida sevimli Paygʻambarimiz yerdan bir hovuch qum olib: «Yuzlari qora boʻlsin!» – deb, uni mushriklar ustiga sochdilar. Sevimli Paygʻambarimizning bir moʻjizalari sifatida dushman askarlaridan koʻzlariga qum toʻlmagan bironta ham kishi qolmadi. Farishtalar ham yordamga kelgan edi. Paygʻambarimiz: «Allohu taologa qasamki, ular yengildilar», – dedilar. Mushriklar sarosimaga tushib, orqaga qaytib qocha boshladilar. Orqaga qaragan sari izlaridan kelayotgan shonli sahobalarni koʻrar, jang maydoniga olib kelgan xotinlari, bolalari va mollarini tashlab, bor kuchlari bilan qochardilar. Qochganlarning bir qismi Toif qalʼasidan panoh topdi.3 Bir qismi esa Naxlaga va Avtosga ketdi. Ular jang maydonida yetmish oʻlik, olti ming asir va son-sanoqsiz mol qoldirdilar.
Bu jangda Allohu taoloning izni, Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) himmati va barakasi bilan gʻalaba yana musulmonlarniki boʻldi. Toʻrt kishi shahid boʻldi, baʼzi sahobalar yaralandi. Hazrati Xolid ibn Validning ham yarador boʻlganini eshitgan sevimli Paygʻambarimiz uning yoniga bordilar va yarasini muborak qoʻllari bilan silaganlarida, yara shu zahoti tuzaldi.
Avtos sariyyasi
Hunayn jangida tor-mor boʻlgandan keyin Havozin mushriklari Avtosda toʻplandilar. Rasululloh Avtos ustiga Abu Muso Ashʼariyning amakisi Abu Omir qoʻmondonligida bir boʻlinma yubordilar. Avtosda yana shiddatli toʻqnashuvlar boʻldi. Abu Omir shahid boʻldi. Uning oʻrniga hazrati Abu Muso Ashʼariy oʻtib, dushmanni tor-mor qildi.4 Mujohidlar koʻplab asirlar va behisob oʻlja bilan qaytdilar.
«Yo Abbos! Ularga: „Ey madinaliklar! Ey Samura daraxti ostida bayʼat qilgan sahobalar!“ – deb ovoz bering» Hadisi sharif
Asirlar orasida Rasulullohning emikdosh opalari Shaymo ham bor edi. U: «Men Paygʻambaringizning emikdosh opasiman», – dedi. Unga ishonishmadi. Uni bir tuyaga mindirib, Rasulullohning huzurlariga olib borishdi. Shaymo bolalik kunlariga oid koʻplab xotiralarni batafsil aytib berdi. Rasul alayhissalom ridolarini yerga toʻshab, emikdosh opalarini uning ustiga oʻtqazdilar. Oʻzlari ham oʻtirib, uzoq yigʻladilar.5 Halima xonimning va Shaymoning otasining holini soʻradilar. Shaymo: «Ular vafot etganiga ancha boʻldi», – dedi. Koʻrgan izzat-ikromi tufayli u iymon keltirdi.6 Rasul alayhissalom: «Xohlasang, yonimizda qol.7 Bu yerda senga har xil xizmat qilinadi. Xohlasang, boradigan joyingga joʻnataylik», – dedilar. Shaymo «Vatanni sevish iymondandir» hadisi sharifiga koʻra vatanini istadi. Soʻngra Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) unga bir joriya, uch qul, bir qancha tuya va qoʻy hadya qilib, uni vataniga joʻnatdilar.
Toif jangi
Koinot sultoni (sallallohu alayhi vasallam) Hunayndan Toifga qochgan dushman ustiga ham yurish qilib, qatʼiy natijaga erishmoqchi edilar. Ularning qoʻmondoni Molik ibn Avf Toifdan panoh topganlar orasida edi. Makkaga yaqin boʻlgan bu qalʼa kufrning soʻnggi, lekin eng mustahkam qalʼalaridan biri edi. Paygʻambarimiz hijratdan oldin Toifga kelib, bir oy ularga nasihat qilgan edilar. Lekin toifliklar Olamlar sarvariga koʻrilmagan qiynoq va zulmlar qilgan edilar. Hatto muborak oyoqlarini qonga belagan edilar. Paygʻambarimiz bu yerda hazrati Zayd ibn Horisa bilan hayotlarining eng ayanchli va eng iztirobli kunlarini boshdan kechirgan edilar.
Sevimli Paygʻambarimiz hijriy sakkizinchi yil Shavvol oyida Hunayn jangidan keyin olgan oʻljalarini Jiʼronada qoldirib, Toifga qarab yoʻlga chiqdilar. Hazrati Xolid ibn Validni oldinga yubordilar.8 Oʻzlari ham shonli sahobalari bilan orqadan Toif ostonasiga keldilar. Saqif qabilasi mustahkam qalʼalariga oldindan koʻp miqdorda oziq-ovqat gʻamlab qoʻygan edi. Sahobai kiromning kelganini koʻrib, darvozalarni yopib, mudofaaga oʻtishdi. Qalʼa yaqinigacha kelgan mujohidlarga oʻq otish bilan javob berishardi. Jang shu tarzda davom etardi. Toifliklar qalʼadan chiqib, ochiq maydonda yuzma-yuz jang qilishga hech jurʼat eta olmasdilar.
Sahobai kiromdan baʼzilari qalʼa ichiga manjaniq bilan tosh otishni taklif qildilar. Paygʻambarimiz buni maʼqul koʻrib, dabboba deb ataladigan manjaniqlar yasattirdilar. Ular bilan mushriklarga tosh ottirib, qamalni davom ettirdilar. Sahobai kirom jonlarini ayamay harakat qilar, qalʼani tezroq fath etishga intilardilar. Lekin qalʼa juda mustahkam edi, uni olib boʻlmadi. Shu orada oʻn ikki sahoba shahidlik martabasiga erishdi. Abu Sufyon ibn Harb qahramonlarcha jang qilayotganda bir koʻzidan ayrildi.9
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Abu Sufyon! Qaysi birini istaysan? Agar xohlasang, duo qilay, koʻzing oʻrniga qaytsin. Agar xohlasang, Allohu taolo senga jannatda bir koʻz bersin», – dedilar. Abu Sufyon: «Yo Rasulalloh! Menga jannatda koʻz berilishini istayman», – dedi va kaftida turgan koʻzini yerga tashladi.10 Qamalning yigirmanchi kuniga yaqin bir kecha Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) tushlarida oʻzlariga hadya qilingan bir idish toʻla sariyogʻni bir xoʻroz choʻqib, yerga toʻkib yuborganini koʻrdilar. Buni Toif bu yil fath etilmasligiga yoʻyib, qamalni toʻxtatdilar.
Marhamat daryosi boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz bundan 8 yil oldin oʻzlariga aziyat bergan toifliklar haqida: «Izn bersangiz, mana bu togʻlarni ularning boshiga agʻdaray», – degan farishtaga: «Men olamlarga rahmat qilib yuborilganman. Istagan yagona narsam – Allohu taolo bu mushriklarning pushtidan Haq taologa hech narsani sherik qilmasdan ibodat qiladigan bir avlod chiqarishidir», – degan edilar. Endi ham marhamat qilib: «Yo Rabbim! Saqifliklarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsat! Ularni bizga keltir», – deb duo qilardilar.
Habibi akram sahobalari bilan Toifdan ketib, Zulqaʼda oyining birinchi haftasida Hunaynda qoʻlga kiritilgan asirlar va oʻljalar toʻplangan Jiʼronaga keldilar. Olti ming asirdan tashqari, yigirma mingdan ortiq yirik shoxli va qirq mingdan ortiq mayda mol hamda behisob ziynat buyumlari oʻlja olingan edi. U zot ularni haqdor mujohidlarga taqsimlab bergan edilar. Oʻsha paytda Havozin qabilasidan bir hayʼat huzurga qabul qilinishni iltimos qilayotgani maʼlum boʻldi. Sevimli Paygʻambarimiz ularni qabul qildilar. Hayʼat Havozin qabilasi butunlay musulmon boʻlganini bildirgach, Olamlar sarvari juda xursand boʻldilar. Shundan keyin oʻzlariga tushgan asirlarni darhol ozod qilib, qaytarib berdilar. Sahobai kirom ham sevimli Paygʻambarimizga ergashib, xuddi shunday qildilar. Rasulullohning bir marhamati bir zumda olti ming asirning ozodlikka chiqishiga sabab boʻldi. Bu xabar Toifdan panoh topgan Havozin qabilasining boshligʻi Molik ibn Avfga yetkazilganda, u ham kelib musulmon boʻldi, Paygʻambarimiz esa uni ehsonlarga koʻmdilar.11 Endi bu yerda qiladigan ish qolmagan edi. Rasululloh bu yerda oʻn uch kun qolgandan keyin bir chorshanba kechasi umra niyati bilan ehromga kirdilar. Koinot sultoni har doimgidek gʻolib boʻlib, sahobalari bilan Makkaga yetib keldilar. Kaʼbai muazzamani tavof qilib, umralarini ado etdilar. Attob ibn Asidni haj amirligini ham zimmasiga yuklab, Makkaga noib qilib tayinladilar.12
«Vatanni sevish iymondandir» Hadisi sharif
