Sevimli Paygʻambarim

MAKKA FATHI

Hijratning sakkizinchi yili edi. Hudaybiya sulhnomasining bir moddasida shunday deyilgan edi: «Har ikki tarafdan tashqarida qolgan arab qabilalari xohlagan tarafning himoyasiga kira oladilar; ular musulmonlar bilan ham, mushriklar bilan ham birlashishda erkindirlar». Shunga koʻra, Paygʻambarimizning ittifoqdoshi boʻlgan Xuzoa qabilasi musulmonlar tarafida, Banu Bakr qabilasi esa mushriklar tarafida turdi. Xuzoa qabilasi bilan Banu Bakr qadimdan bir-biriga dushman boʻlib, fursat topdi deguncha bir-biriga hujum qilib turardi. Hudaybiya sulhiga koʻra ular ham bir muddatga hujumlarini toʻxtatgan edilar. Biroq Banu Bakr bunga faqat ikki yil amal qila oldi. Banu Bakrdan bir kishi sevimli Paygʻambarimizni haqoratlaydigan bir sheʼr aytgan, buni eshitgan Xuzoa qabilasidan bir yigit chiday olmay, uning boshini yorgan edi. Banu Bakr buni bahona qilib, shartnomaga koʻra xavfdan omonda boʻlgan Xuzoa qabilasiga hujum qildi. Bu hujumda qurayshlik mushriklar qurol berib va yashirin odam yuborib yordam berdilar. Harami sharifda ular Xuzoa qabilasidan yigirmadan ortiq kishini oʻldirdilar. Toʻqnashuv paytida Xuzoa qabilasidan baʼzi musulmonlar Paygʻambarimizdan yordam soʻradilar. Xuzoa qabilasiga kechasi qilingan bu bosqinlarda Banu Bakr orasida qurayshlik mushriklar ham borligini koʻrganlar boʻldi.

Oʻsha kechasi Madinada hazrati Maymuna onamizning uyida boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz namoz oʻqish uchun turib, tahorat olayotganlarida, Allohu taoloning izni bilan moʻjiza sifatida Makkadagi musulmonlarning oʻzlaridan yordam soʻrayotganlarini eshitdilar. Ularga javoban: «Labbayk! Daʼvatingizga javob beraman!» – dedilar. Maymuna onamiz Paygʻambarimizning yonlarida hech kim boʻlmagani holda shunday gapirayotganlarini koʻrib: «Yo Rasulalloh! Yoningizda biror kishi bormi?» – deb soʻradi.

Sevimli Paygʻambarimiz unga Makkada yuz bergan hodisani va qurayshliklarning bu ishga sherik boʻlganlarini xabar qildilar.

Quraysh mushriklari Banu Bakrga yordam berib, Xuzoa qabilasiga bosqin qilish va ularni oʻldirish bilan Hudaybiya sulhnomasining moddalariga xilof ish qildilar va shu tariqa sulhnomani buzdilar.

Sevimli Paygʻambarimiz bu xabarni oʻsha zahotiyoq bilgan edilar. Bundan tashqari, hodisadan uch kun keyin Xuzoa qabilasidan Amr ibn Solim yonida qirq otliq bilan kelib, ahvolni Rasuli akramga (sallallohu alayhi vasallam) aytib berdi. Biroq oʻsha paytda tijorat uchun Shomga ketgan Quraysh rahbari Abu Sufyonning bu hodisadan xabari yoʻq edi. Habibulloh: «Agar Banu Xuzoaga yordam bermasam, menga ham yordam berilmasin!» – deb, bir maktub yozdirdilar. Quraysh mushriklariga yuborilgan bu maktubda sevimli Paygʻambarimiz shunday degan edilar: «…Sizlar yo Banu Bakr bilan boʻlgan ittifoqingizdan voz kechib, chetga chiqasizlar, yoki Banu Xuzoadan oʻldirilganlarning xunbahosini toʻlaysizlar! Agar bu aytganlarimdan birortasini bajarmasangizlar, sizlar bilan jang qilishimni bildiraman!…» Qurayshliklar bu marhamatni ham tushuna olmadilar. Ular: «Ittifoqimizni ham uzmaymiz, xunbahoni ham toʻlamaymiz! Faqat jang qila olamiz», – deb xabar yubordilar. Lekin bunday qilganlariga ming marta pushaymon boʻlib, qoʻrqqanlaridan ahdnomani yangilashi uchun Abu Sufyonni kuta boshladilar.

«(Ey makkalik musulmonlar!) Labbayk! Daʼvatingizga javob beraman!» Hadisi sharif

Abu Sufyon Shomdan qaytgach, hodisani unga aytib berishdi va: «Bu, albatta, tuzatilishi lozim boʻlgan ishdir. Agar tuzatilmasa, Muhammad bizni Makkadan quvib chiqaradi!» – deyishdi. Abu Sufyon esa: «Garchi bu hodisadan xabarim boʻlmagan boʻlsa-da, sulhni yangilab, muddatini uzaytirish uchun tezda borishim kerak», – dedi va darhol Madinaga qarab yoʻlga chiqdi.1 Abu Sufyon Madinaga yetib kelmasdanoq sevimli Paygʻambarimiz uning kelishini sahobai kiromga bildirdilar va: «Men shunday tushunamanki, Abu Sufyon sulhni yangilab, sulh muddatini ham uzaytirish uchun kelyapti. Lekin murodi hosil boʻlmay, qanday kelgan boʻlsa, shunday qaytib ketadi!…» – dedilar.

Hali musulmon boʻlmagan Abu Sufyon Madinai munavvaraga keldi. U qizi – Paygʻambarimizning muborak zavjasi, moʻminlarning onasi Ummu Habibaning (roziyallohu anho) uyiga bordi. Sevimli Paygʻambarimizning toʻshaklari ustiga oʻtirmoqchi boʻldi. Hazrati Ummu Habiba onamiz u oʻtirmasidan oldin ulgurib, toʻshakni yigʻishtirib oldi. Bundan otasi juda xafa boʻlib: «Ey qizim! Bu toʻshakni mendan qizgʻanasanmi?» – deb hayratini bildirganda, Rasulullohning muhabbatini hamma narsadan ustun tutgan moʻminlarning onasi hazrati Ummu Habiba otasiga: «Bu toʻshak – Allohu taolo Rasulining toʻshagidir. Unga mushriklar oʻtira olmaydi! Siz esa mushrik va najassiz! Bu toʻshakka oʻtirishingiz aslo munosib emas!» – deb javob berdi.

Otasi: «Ey qizim! Uyimdan ketganingdan beri senga bir narsa boʻlibdi!» – deganda, u: «Alhamdulillah, Allohu taolo menga Islomni nasib etdi. Siz esa hamon eshitmaydigan, koʻrmaydigan, toshdan yasalgan butlarga sigʻinyapsiz! Otajon! Sizdek Qurayshning ulugʻi va keksasi boʻlgan kishi qanday qilib Islomdan uzoq qolishi mumkin?…» – dedi. Otasi qattiq gʻazablanib: «Menga shuncha hurmatsizlik qilib, meni johillikda ayblayapsan! Demak, men ota-bobolarim yillar davomida sigʻinib kelgan narsalarni tashlab, Muhammadning diniga kirishim kerak ekan-da?!» – deb, u yerdan chiqib ketdi.2

Sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga kelgan Quraysh rahbari: «Men Hudaybiya sulhnomasini yangilash va muddatini ham uzaytirish uchun keldim. Qani, oramizdagi bu ahdnomani yozma ravishda yangilaylik!» – dedi. Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam): «Biz Hudaybiya sulhnomasiga xilof biror ish qilmaymiz va uni oʻzgartirmaymiz!» – dedilar. Quraysh rahbari qayta-qayta: «Sulhnomani oʻzgartiraylik! Yangilaylik!…» – desa ham, sevimli Paygʻambarimiz unga hech qanday javob bermadilar. Qilgan barcha urinishlari hech qanday foyda bermaganini koʻrgach, Quraysh rahbari Makkaga qaytib, ahvolni mushriklarga aytib berdi. Mushriklar: «Demak, hech narsa qila olmay qaytib kelding, shundaymi?!…» – deb uni koyidilar. Endi ular uchun kutishdan boshqa qiladigan ish qolmagan edi.

Kim Masjidul Haromdan panoh topsa

Abu Sufyon Madinadan ketgach, sevimli Paygʻambarimiz Makkani fath etishga qaror qildilar. Chunki qurayshliklar ahdlarida turmay, kelishuvni buzgan edilar. Lekin u zot bu sirni juda maxfiy saqlardilar: mushriklarga tayyorgarlik koʻrish fursatini bermay va Harami sharifda qon toʻkmay Makkani taslim olmoqchi edilar. Bu bir harbiy tadbir edi. Chunki Makka fath etilsa, kim bilsin, yana qanchadan-qancha kishilar musulmon boʻlish sharafiga muyassar boʻlardi. Bu haqda u zot hazrati Abu Bakrga va sahobalarining peshqadamlaridan bir nechtasigagina bildirdilar. Sahobalariga safarga tayyorgarlik koʻrishni buyurdilar, lekin qayerga borilishini aytmadilar. Sahobai kirom jihodga tayyorgarlik koʻra boshladilar. Bundan tashqari, Paygʻambarimiz atrofdagi musulmon qabilalardan Aslam, Ashjaʼ, Juhayna, Husayn, Gʻifor, Muzayna, Sulaym, Zamra qabilalariga va Banu Xuzoaga xabar yubordilar. Xabarda: «Allohu taologa va oxirat kuniga iymon keltirganlar Ramazoni sharifning boshida Madinada boʻlsinlar», – deyilgan edi. Shu tariqa ular jangga qatnashishga daʼvat qilindi.

Habibulloh (sallallohu alayhi vasallam) ehtiyot chorasi sifatida Makkaga boradigan yoʻllarni toʻsib, u bilan aloqani uzish uchun hazrati Umarga vazifa berdilar. Hazrati Umar darhol togʻ soʻqmoqlariga, dovonlarga va boshqa yoʻl boshlariga soqchilar qoʻyib: «Makkaga bormoqchi boʻlgan har kimni orqaga qaytarasizlar!» – deb buyruq berdi.

Bu ish maxfiy olib borilishi uchun sevimli Paygʻambarimiz Allohu taologa shunday duo qilardilar: «Yo Rabbim! Yurtlariga toʻsatdan borib yetgunimizcha qurayshliklarning josus va xabarchilarini tutib tur, ularni koʻrmaydigan va eshitmaydigan qil. Bizni toʻsatdan koʻrib, eshitsinlar!»

Shimoldagi mushriklarga yoki vizantiyaliklarga qarshi yurish qilinadi, degan taassurot uygʻotish uchun Paygʻambarimiz hazrati Abu Qatodani bir harbiy boʻlinma bilan shimolga, Izom vodiysi tomonga yubordilar. Shu orada sevimli Paygʻambarimiz Madinadagi tayyorgarliklarni Makka mushriklariga xabar qilish uchun yuborilgan bir maktub haqida moʻjiza sifatida xabar berdilar. Hazrati Alini yuborib, uni qoʻlga tushirdilar.

Ramazon oyining ikkinchi kunigacha atrofdagi qabilalardan yordam yetib keldi va hamma Abu Inaba qudugʻi boshidagi qarorgohda toʻplandi. Sahobai kiromning soni oʻn ikki mingga yetdi. Ulardan toʻrt mingtasi ansorlar, yetti yuztasi muhojirlar, qolganlari esa atrofdagi musulmon qabilalardan edi.3

Sevimli Paygʻambarimiz Madinada oʻrinbosar qilib hazrati Abdulloh ibn Ummu Maktumni qoldirdilar.4 Hazrati Zubayr ibn Avvomni ikki yuz kishilik otliq boʻlinma boshida aygʻoqchi guruh sifatida oldinga yubordilar. Hijratning sakkizinchi yili, Ramazoni sharifning oʻninchi kuni, chorshanba kuni Olamlar sarvari koʻngillari Allohu taolo va Uning Rasulining muhabbati bilan toʻla oʻn ikki ming kishilik ulkan qoʻshinlari boshida Allohu taoloning ismi bilan Madinadan yoʻlga chiqdilar. Ular bundan sakkiz yil oldin qiynoq va zulm bilan hijrat qilishga majbur qilingan yurtlariga – Makkaga bormoqda edilar. Butxonaga aylantirilgan muazzam Kaʼbani butlardan tozalashga bormoqda edilar…

Oʻjarliklaridan hech voz kechishni istamagan mushriklarga haq, adolat va marhamat koʻrsatishga bormoqda edilar… Allohu taoloning dinini yoyishga, u yerdagilarning abadiy jahannam azobidan qutulishlariga vosita boʻlishga bormoqda edilar. Yo Rabbim! Bu qanday ulugʻ marhamat edi!… Islom qoʻshini Zulhulayfaga yetib kelganda, Paygʻambarimizning Makkadan oilasi bilan hijrat qilib kelayotgan amakilari hazrati Abbos bilan uchrashdi. Sevimli Paygʻambarimiz amakilarining kelganidan juda xursand boʻldilar va: «Ey Abbos! Men paygʻambarlarning oxirgisi boʻlganimdek, siz ham muhojirlarning oxirgisisiz», – deb, uning koʻnglini koʻtardilar. Hazrati Abbosning yuklarini Madinaga joʻnatdilar. Hazrati Abbos Paygʻambarimizning yonlarida qolib, Makka fathida qatnashdi.5 Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Makka yaqinidagi Qudaydga kelganlarida, shonli sahobalarini jang tartibiga soldilar. Har bir qabilaga alohida bayroqlar berib, ularni har bir qabilaning bayroqdoriga topshirdilar. Muhojirlarning bayrogʻini hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom va Saʼd ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhum) koʻtarib borardilar. Ansorlarning oʻn ikkita bayroqdori, Ashjaʼ va Sulaym qabilalarining bittadan, Muzayna qabilasining uchta, Aslam qabilasining ikkita, Banu Xuzoaning uchta, Juhayna qabilasining toʻrtta bayroqdori bor edi.6 Madinadan chiqqanlariga oʻn kun boʻlgan edi. Kechga tomon Makkaga ancha yaqinlashildi, xufton vaqtida esa Marruz Zahronga yetib kelindi. Paygʻambarimiz sahobalariga shu yerda toʻxtashni buyurdilar. Bundan tashqari, hazrati Umarga vazifa berib, har bir mujohidga gulxan yoqishni amr qildilar.7 Birdaniga oʻn mingdan ortiq gulxan yongach, Makka yorugʻlikka choʻmdi. Hech narsadan xabari boʻlmagan makkalik mushriklar sarosimaga tushib qoldilar. Nima boʻlayotganini bilish uchun Abu Sufyonni yubordilar. U yoniga bir necha kishini olib, yashirinib-yashirinib Islom qoʻshiniga yaqinlashdi. Shu payt sevimli Paygʻambarimiz sahobalaridan baʼzilariga: «Abu Sufyonga koʻz-quloq boʻlinglar. Uni albatta topasizlar!» – dedilar. Qurayshliklar olgʻa yurgan sari hayratlari ortib, dahshatga tushardilar. Makka atrofida shuncha koʻp askar toʻplanibdi, shuncha koʻp gulxan yoqilibdi-ya!… Ular shularni gaplasha-gaplasha Arok degan joyga yetib keldilar.

«Yo Rabbim! Yurtlariga toʻsatdan borib yetgunimizcha qurayshliklarning josus va xabarchilarini tutib tur, ularni koʻrmaydigan va eshitmaydigan qil. Bizni toʻsatdan koʻrib, eshitsinlar!» Hadisi sharif

Xuddi shu payt Paygʻambarimiz: «Abu Sufyon hozir Arokda», – dedilar. Shunda hazrati Abbos oʻziga oʻzi: «U yerda albatta biror kishini topib, Makkaga yuboray, u Islom qoʻshini ustlariga kelayotganini ularga xabar qilsin, makkaliklar ham jang boshlanmasdan oldin Rasul alayhissalom huzurlariga kelib, omonlik soʻrasinlar», – dedi va darhol Arok tomon yoʻl oldi. Buning uchun u yerda biror kishini qidirayotganda, Abu Sufyonni ovozidan tanidi va: «Yo Abu Hanzala!» – deb chaqirdi. Abu Sufyon ham uni tanib: «Ey Abul Fazl! Senmisan! Ota-onam senga fido boʻlsin!» – dedi. Soʻngra ular birga Islom qarorgohi tomon yoʻl oldilar…

Yoʻlda Abu Sufyon hazrati Abbosdan: «Xabarlar qanday?» – deb soʻradi. U esa: «Ey Abu Sufyon! Senga hayf! Rasul alayhissalom sizlar qarshilik koʻrsata olmaydigan bir qoʻshin bilan ustingizga kelmoqdalar. Qasamki, qurayshliklarning holi yomon boʻladi. Boshlariga tushadigan kulfatlarga voy!» – dedi. Abu Sufyon va yonidagilar katta umid bilan mujohidlar orasidan oʻtib, sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) huzuri shariflariga keldilar. Koinot sultoni ularni yaxshi kutib oldilar. Makkaliklar haqida maʼlumot oldilar. Kech kirguncha suhbatlashgandan keyin ularni Islomga daʼvat qildilar. Hakim ibn Hizom bilan Budayl darhol kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldilar (roziyallohu anhumo). Biroq Abu Sufyonning ikkilanishi davom etardi. Tong otgach, marhamat daryosi sevimli Paygʻambarimiz: «Ey Abu Sufyon! Senga hayf! Allohu taolodan boshqa iloh yoʻqligini bilish vaqti hali kelmadimi?» – dedilar. U esa: «Ota-onam sizga fido boʻlsin! Muloyimlikda, sharafda va qarindoshlik haqiga rioya qilishda sizdan afzali yoʻq. Sizga qilgan shuncha jafolarimizdan keyin ham siz bizni hamon hidoyat yoʻliga daʼvat qilyapsiz. Naqadar goʻzal karam sohibisiz! Allohdan boshqa iloh yoʻqligiga ishondim… Agar boʻlganida, menga biror foydasi tegardi. Siz Allohning Rasulisiz», – deb, sahobai kiromdan boʻlish sharafiga muyassar boʻldi, roziyallohu anhu.8

Hazrati Abbos: «Yo Rasulalloh! Abu Sufyonga makkaliklar oldida obroʻ qozondiradigan biror narsa ehson qilmaysizmi?» – dedi. Paygʻambarimiz buni qabul qilib: «Kim Abu Sufyonning uyiga kirib panoh topsa, unga omonlik berildi, u oʻldirilishdan qutuladi», – dedilar. Hazrati Abu Sufyon: «Yo Rasulalloh! Buni yana bir oz kengaytirmaysizmi?» – deb iltimos qilganda, sevimli Paygʻambarimiz: «Kim Masjidul Haromga kirib panoh topsa, unga omonlik berildi! Kim eshigini yopib, uyida oʻtirsa, unga omonlik berildi», – dedilar. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Abu Sufyon Islom qoʻshinining haybati va koʻpligini koʻrib, buni makkalik mushriklarga aytib berishi uchun hazrati Abbosga: «Uni vodiy torayib, otlar siqilib-siqilib oʻtadigan togʻ darasiga olib bor. Musulmonlarning – Allohu taolo qoʻshinining hashamatini koʻrsin», – dedilar.

Abu Sufyon buni koʻrishi kerak edi – guvoh boʻlgan manzarasini mushriklarga aytib bersin va qarshi chiqadigan kishi boʻlmasin… Shu tariqa Harami sharifda qon toʻkilmasin… Hazrati Abbos Abu Sufyon bilan togʻ darasiga borayotganda, mujohidlar jang tartibiga kirdilar. Har bir qabila bayroqlarini hilpiratib, daradan oʻta boshladi. Har birining egnida sovut, qoʻlida qurol bor edi. Har bir guruh oʻtayotganda takbir aytardi. Hazrati Abu Sufyon: «Bular kimlar?» – deb soʻrar, hazrati Abbos esa: «Bular – Banu Sulaym! Qoʻmondonlari – Xolid ibn Valid!», «Bular – Banu Gʻifor!», «Bular – Banu Kaʼb!…» – deb javob berardi. «Allohu akbar! Allohu akbar!» sadolari yeru koʻkni tutar, mujohidlarning koʻpligi va qurollarning yaltirashi koʻzlarni qamashtirardi. Hazrati Abu Sufyonni eng koʻp qiziqtirgani Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) edilar. U zotning atrofidagi askarlarning oʻtishini juda qiziqib kutar, ular boshqalardan farqli boʻlsa kerak, deb oʻylardi. Shu sababli tez-tez: «Bular Rasulullohning boʻlinmasimi?» – deb soʻrashdan oʻzini tiya olmasdi… Nihoyat, paygʻambarlar sultoni, Olamlar sarvari quyoshdek nur sochib, Qasvo tuyalari ustida koʻrindilar. Atroflarida muhojirlar va ansorlar bor edi. Ularning har biri boshdan-oyoq Dovudiy sovutlarga burkangan, hind qilichlarini taqqan, zotli otlar va tuyalarga mingan holda kelmoqda edi.

Ularni koʻrgach, hazrati Abu Sufyon qiziqib: «Bular kimlar, ey Abbos?» – deb soʻradi. U esa: «Oʻrtadagi zot – Rasul alayhissalom. Atroflaridagilar esa shahid boʻlish ishqida yonayotgan ansorlar va muhojirlardir!…» – dedi. Ularning yonidan oʻtayotganlarida sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Abu Sufyonga: «Bugun – Allohu taolo Kaʼbaning shonini yuksaltiradigan kun. Bugun – Baytullohga yopinchiq yopiladigan kun! Bugun – marhamat kuni… Bugun – Allohu taolo qurayshliklarni (Islom bilan) aziz qiladigan kun», – dedilar.

Hazrati Abu Sufyon koʻradiganini koʻrgan, eshitadiganini eshitgan edi. U: «Men Vizantiya imperatorining ham, Eron shohining ham saltanatini koʻrdim. Lekin bunday hashamatlisini koʻrmaganman. Hech qachon bugungidek qoʻshin va jamoatga duch kelmaganman. Bunday qoʻshinga hech kim qarshilik koʻrsata olmaydi. Ularga hech kimning kuchi yetmaydi», – deb, Makka yoʻlini tutdi…

«Kim Abu Sufyonning uyiga kirib panoh topsa, unga omonlik berildi, u oʻldirilishdan qutuladi… Kim Masjidul Haromga kirib panoh topsa, unga omonlik berildi! Kim eshigini yopib, uyida oʻtirsa, unga omonlik berildi» Hadisi sharif

Abu Sufyon Makkaga qaytib, uni sabrsizlik bilan kutayotgan mushriklarga musulmon boʻlganini eʼlon qildi. Soʻngra u: «Ey Quraysh jamoati! Muhammad alayhissalom sizlar bas kela olmaydigan ulkan qoʻshin bilan yonginangizga kelib turibdilar. Bekorga oʻzingizni aldamanglar. Qutulish uchun musulmon boʻlinglar. Men sizlar koʻrmaganlarni koʻrdim. Son-sanoqsiz bahodirlarni, otlarni va qurollarni koʻrdim. Ularga hech kimning kuchi yetmaydi. Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, unga omonlik berildi, u oʻldirilishdan qutuldi. Kim Baytullohdan panoh topsa, unga omonlik berildi. Kim uyiga kirib, eshigini yopsa, unga ham omonlik berildi», – dedi.9

Shundan keyin mushriklarning eng ashaddiylaridan baʼzilari hazrati Abu Sufyonga qarshi chiqib, uni haqorat qildilar. Hatto Islom qoʻshiniga qarshi chiqish uchun shoshilinch tayyorgarlik koʻra boshladilar. Lekin ularning soni juda oz edi. Boshqalari ularga eʼtibor bermay, uylariga yugurdilar. Bir qismi esa Masjidul Haromdan panoh topdi.

Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) va shonli sahobalar (roziyallohu anhum) Zu Tuvo vodiysiga kelib toʻplandilar. Olamlar sarvari muborak koʻzlari bilan sahobai kiromga bir nazar tashlagach, xotiralariga sakkiz yil oldin Makkadan ayrilishlari, hijratlari keldi. Oʻshanda mushriklarning saodatxonalari atrofini oʻrab olganlari, Yosini sharifdan oyati karimalar oʻqib chiqqanlari, hazrati Abu Bakr bilan hech kimga koʻrinmay Savr gʻoriga kirganlari, Makka hududidan chiqmasdan oldin unga soʻnggi bor qarab shunday deganlari eslariga tushdi:

«(Ey Makka!) Vallohi, bilamanki, sen Allohu taolo yaratgan joylarning eng xayrlisisan. Rabbimning nazdida ham, mening nazdimda ham ularning eng sevimlisisan. Agar meni sendan majburan chiqarishmaganida, sendan hech qachon chiqmas, ayrilmas edim». Bu mahzunliklari qarshisida Jabroil alayhissalom Qasas surasining 85-oyati karimasini oʻqib, muborak koʻngillariga tasalli bergani va Makkai mukarramaga qaytishlari haqida xushxabar bergani, bir hovuch sahobalari bilan Badrda, Uhudda, Xandaqda, Xaybarda va Mutada dushmanlar ustidan qanday gʻalaba qilganlari ham eslariga tushdi. Endi oʻn ikki ming sahobalari sham atrofidagi parvonalardek u zotning atrofida aylanib, Makkaga kirish uchun bir buyruqlarini kutmoqda edilar. Sarvari olam bularning barchasini ehson etgan Allohu taologa eng chuqur minnatdorlik va shukr tuygʻulari bilan toʻlib, hamd aytdilar. Tavozeʼ bilan muborak boshlarini egdilar. Faxri koinot qahramon sahobalarini toʻrt guruhga boʻldilar. Oʻng qanot qoʻmondonligiga hazrati Xolid ibn Validni, chap qanot qoʻmondonligiga hazrati Zubayr ibn Avvomni, piyodalar boshiga hazrati Abu Ubayda ibn Jarrohni, qolgan guruh boshiga esa hazrati Saʼd ibn Ubodani tayinladilar. Hazrati Xolid Makkaga janubdan kirishi, mushriklardan kim qarshi chiqsa, jazosini berishi va Safo tepaligida Faxri koinotga qoʻshilishi lozim edi. Hazrati Zubayr Makkaga shimoldan kirishi, Hajun degan joyda bayrogʻini tikib, Sarvari olamni kutishi lozim edi. Gʻarbdan esa hazrati Saʼd ibn Uboda olgʻa yurishi kerak edi.10

«Bugun – Allohu taolo Kaʼbaning shonini yuksaltiradigan kun. Bugun – Baytullohga yopinchiq yopiladigan kun! Bugun – marhamat kuni… Bugun – Allohu taolo qurayshliklarni (Islom bilan) aziz qiladigan kun» Hadisi sharif

Rasuli akram qoʻmondonlarga: «Sizlarga hujum qilinmaguncha, aslo hech kim bilan jangga kirmaysizlar. Hech kimni oʻldirmaysizlar», – dedilar. Faqat ismlari aytilganlardan kim qoʻlga tushsa, hatto Kaʼbaning yopinchigʻi ostiga yashiringan boʻlsa ham, boshi tanasidan judo qilinishi lozim edi.11

Haq keldi, botil yoʻq boʻldi

Ikrima ibn Abu Jahl, Safvon ibn Umayya va Suhayl ibn Amr Banu Bakr va Banu Horisdan bir qism kishilar bilan birga Xolid ibn Validning kelayotganini eshitgach, yoʻl boshini toʻsib kuta boshladilar. Mujohidlardan eng avval harakatga tushgan hazrati Xolid ibn Valid boʻldi. Makkaning janubidan Handama togʻi etaklariga yetib kelganlarida, u ashaddiy Quraysh mushriklari ularga oʻq yogʻdirayotganini koʻrdi. Ikki mujohid shahid boʻldi: biri – Kurz ibn Jobir, ikkinchisi – Habash ibn Ashʼar. Hazrati Xolid jang tartibidagi askarlariga: «Faqat yengilib qochganlar oʻldirilmaydi», – deb buyruq bergach, ular olgʻa otildilar. Bir zumda mushriklarni ortga uloqtirib, Masjidul Haromgacha ilgarilab bordilar. Toʻqnashuv paytida yetmish mushrik oʻldirildi.12 Mushriklarning bir qismi togʻ choʻqqilariga, bir qismi uylariga qochdi.

Makkai mukarrama fathi

Muqaddas Makkaga boshqa tomonlardan kirgan shonli sahobalar hech qanday qarshilikka duch kelmadilar. Oʻldirilishi buyurilganlardan beshtasi qoʻlga olinib, jazolari darhol berildi. Boshqalari Makkadan qochib ketdilar. Ramazon oyining yigirmanchi kuni, payshanba kuni mujohidlar katta hayajon bilan, toʻlqin-toʻlqin boʻlib, «Allohu akbar! Allohu akbar!» takbirlari ostida Makkaga kirib bormoqda edilar. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) Qasvo tuyalari ustida, orqalarida Usoma ibn Zayd mingashib oʻtirgan holda, katta tavozeʼ bilan tugʻilgan shaharlari – muqaddas Makkaga kirib bormoqda edilar. U zot oʻzlariga bu kunlarni koʻrsatgan Allohu taologa hamd aytar va Makka fathi haqida xushxabar bergan Fath surasini tilovat qilardilar.

Faxri koinot katta shodlik ichida gʻolib sahobalari orasida Kaʼbai muazzama tomon yuzlandilar. Oʻng tomonlarida hazrati Abu Bakr, chap tomonlarida hazrati Usayd ibn Huzayr boʻlgan holda Kaʼbai muazzamaga yaqinlashdilar. Hajarul asvadni ziyorat qilgandan keyin talbiya va takbir aytdilar. Sahobalar u zotga ergashdilar va «Allohu akbar! Allohu akbar!» sadolaridan Makkai mukarrama osmoni yangray boshladi. Bu ulugʻvor manzara qarshisida musulmonlar shodlik yoshlarini toʻkar, Harami sharifdan panoh topgan, uylariga berkinib olgan mushriklar esa qoʻrquv ichida kutib turardilar.

Soʻngra Olamlar sarvari va shonli sahobalari tavof qila boshladilar. Yettinchi aylanishni ham tugatgach, tuyalaridan tushgan sevimli Paygʻambarimiz Maqomi Ibrohimda ikki rakat namoz oʻqidilar. Soʻngra hazrati Abbos quduqdan chiqargan Zamzamdan ichdilar. Zamzam suvi bilan tahorat olishni istadilar. Faxri koinot tahorat olayotganlarida, sahobai kirom sevimli Paygʻambarimizning muborak badanlariga tekkan tahorat suvini yerga tushirmay, havoda ilib olish uchun talasha boshladilar. Bu holni koʻrgan mushriklar: «Biz hayotimizda bunday hukmdorni na koʻrganmiz, na eshitganmiz», – deb hayratga tushdilar. Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) Kaʼba atrofidagi tosh va yogʻochdan yasalgan barcha butlarning yiqitilishini istadilar. U zot oyati karimani oʻqidilar, uning maʼnosi: «Haq kelganda botil yoʻqoladi, botil hamisha yoʻqolguvchidir»13. Soʻngra muborak qoʻllaridagi asoni butlarga qaratib uzatdilar. Aso tekkan har bir but birin-ketin yuztuban quladi. Uch yuz oltmishta but yer bilan yakson qilindi.14 Peshin vaqti kirgach, Rasuli akram hazrati Bilolga Kaʼbada Muhammadiy azonni oʻqishni buyurdilar. U darhol bu muqaddas vazifani ado etdi. Azon oʻqilayotganda moʻminlarning qalbida cheksiz surur paydo boʻlar, mushriklar esa behad alam va qaygʻudan ezilardilar.15

Sevimli Paygʻambarimiz Kaʼbaning kalitini soʻradilar. Keltirishdi. Ichkaridagi rasmlarni va yiqitilgan barcha butlarni tozalatgach, Kaʼbaga kirdilar.

U zot bilan birga hazrati Usoma ibn Zayd, hazrati Bilol va hazrati Usmon ibn Talha bor edi. Ichkarida Paygʻambarimiz eshikni orqalariga olib, ikki rakat namoz oʻqidilar. Har bir burchakda takbir aytib, duo qildilar. Hazrati Xolid ibn Valid eshik oldida turib, odamlarning u yerga toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilardi.

«Haq kelganda botil yoʻqoladi, botil hamisha yoʻqolguvchidir» Isro: 81

Koinot sultoni ikki muborak qoʻllari bilan Kaʼba eshigining ikki tabaqasidan ushlab turardilar. Barcha qurayshliklar Masjidul Haromni toʻldirib, qoʻrquv aralash umid bilan sevimli Paygʻambarimizga qarab turardilar. Chunki ular Paygʻambarimizni haqorat qilgan, urmoqchi boʻlgan, jonlariga qasd qilgan edilar!… Sahobalariga turli qiynoqlarni ravo koʻrgan edilar. Boʻyinlariga arqon bogʻlab sudragan edilar. Olovga tashlab, yoqmoqchi boʻlgan edilar. Qizigan xarsanglarni koʻkraklariga qoʻyib, hushlaridan ketguncha azoblagan edilar. Olovda qizdirilgan sixlarni badanlariga sanchgan edilar. Uch yil davomida och-suvsiz bir mahallaga qamab, hamma narsadan mahrum qilgan edilar. Oyoqlaridan tuyalarga bogʻlab, har tomonga tortish bilan parchalab tashlagan edilar. Eng yomoni, ularni yurtlaridan chiqarib yuborgan edilar. Bu ham yetmagandek, ularni butunlay yoʻq qilish uchun necha marta jang qilgan edilar. Lekin bularning barchasiga qaramay, ular umidvor edilar. Chunki ularning qarshisida olamlarga rahmat qilib yuborilgan marhamat daryosi turardi. Sevimli Paygʻambarimiz bir muddat ularga qarab turgach: «Ey Quraysh jamoati! Endi men sizlarga nima qilaman, deb oʻylaysizlar?» – dedilar. Ular: «Biz sizdan yaxshilik kutamiz, yaxshilik umid qilamiz. Chunki siz karamli birodarsiz. Karam va yaxshilik sohibi boʻlgan birodarimizning oʻgʻlisiz. Bizning ustimizdan gʻolib keldingiz. Sizdan yaxshilik umid qilamiz», – deyishdi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) ularga tabassum qildilar va: «Mening holim bilan sizlarning holingiz Yusuf alayhissalom birodarlariga aytganlaridek boʻladi. Men ham u zot kabi aytaman: „Bugun men sizlardan qilgan ishlaringiz uchun hisob soʻramayman (xatolaringizni yuzingizga solmayman). Allohu taolo sizlarni magʻfirat qilsin“.16 Boringlar. Sizlar ozodsizlar, erkinsizlar», – dedilar.

Bu ulugʻ marhamat qattiq qalblarni yumshatdi, nafratni muhabbatga aylantirdi. Olamlar sarvari ularni Islomga daʼvat qilganlarida, ular musulmon boʻlish uchun toʻplandilar.

Sevimli Paygʻambarimiz Qurayshga paygʻambarliklarini bildirib, ularni ilk bor Islomga daʼvat qilgan Safo tepaligiga chiqdilar. Yana oʻsha yerda kattayu kichik, ayolu erkak – barcha makkaliklarning bayʼatini qabul qildilar. Shu tariqa qurayshliklar musulmon boʻlib, sahobai kirom safiga qoʻshilish sharafiga muyassar boʻldilar. Erkaklar bilan ahdlashgandan keyin ayollardan ham baʼzi masalalarda soʻz olindi.17 Allohu taologa shirk keltirmaslik, Paygʻambarimizga isyon qilmaslik, oʻgʻrilik qilmaslik, iffat va nomusni saqlash, buhton (tuhmat) qilmaslik, qiz bolalarni oʻldirmaslik shular jumlasidan edi. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlarida boʻlgan ayollar bularning hammasini qabul qildilar va faqat soʻz bilan ahd berdilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ularga xayrli duo qilib, ularning afv etilishini soʻradilar.

Abu Sufyonning xotini va Muoviyaning (roziyallohu anhumo) onasi boʻlgan Hind (roziyallohu anho) ham ular orasida, hatto ularning boshligʻi edi. Bu ayollarning bayʼatida ayollar nomidan u gapirdi. (Bu ahdi va bu istigʻfor duosiga muyassar boʻlgani tufayli uning najot topishi juda umid qilinadi. Musulmon ayollardan har qaysisi bu shartlarni qabul qilib, ularga amal qilsa, bu ahdga kirgan hisoblanadi va bu duodan bahramand boʻladi.) Musulmon boʻlgan har bir kishi uyidagi barcha butlarni sindirdi. Atrofdagi qabilalarga harbiy boʻlinmalar yuborilib, u yerdagi butlar ham yer bilan yakson qilindi. Shu tariqa haqning kelishi bilan botilning ildizi quritildi.

Hukm qilinganlar

Islomning ilk kunlaridan hijratning sakkizinchi yiligacha turli jinoyatlari uchun oʻlimga hukm qilinganlar bor edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ularning (erkaklardan oʻn bir, ayollardan olti kishining) ismlarini aytib: «Bu kishilarni qayerda koʻrsangizlar, oʻsha yerda oʻldiringlar», – deb buyurdilar. Hukm qilingan erkaklar quyidagilar edi: Ikrima ibn Abu Jahl, Vahshiy ibn Harb Habashiy, Abdulloh ibn Abu Sarh, Habbor ibn Asvad, Safvon ibn Umayya, Kaʼb ibn Zuhayr, Abdulloh ibn Zabariy, Abduluzzo ibn Xatal, Huvayris ibn Muoz, Maqis ibn Suboba va Horis ibn Tula. Ayollar esa: Hind bint Utba, Qarita, Qarite, Ibn Hanzalaning yana bir joriyasi, Banu Abdulmuttalib joriyasi Sora va Ummu Saʼd edi.

Marhamatga erishganlar

Hind bint Utba: musulmon boʻlgan ayollar orasida oʻldiriladigan kishilar roʻyxatida ismi boʻlgan hazrati Abu Sufyonning xotini Hind ham bor edi. Lekin olamlarga rahmat boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz uni ham kechirdilar. U musulmonlarga aziyat va jafo yetkazardi. Hazrati Hamzaga va boshqa Uhud shahidlariga qilingan aziyatlar uning gapi bilan qilingan edi. Makka fathi kuni Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) hazratlari Safo tepaligiga chiqib oʻtirdilar. Hazrati Umarul Foruq u zotdan pastroqda oʻtirdi. Avval erkaklar, soʻngra ayollar kelib, birma-bir musulmon boʻldilar. Ayollar orasida hazrati Alining opasi Ummu Honiy va hazrati Muoviyaning onasi Hind ham bor edi. U Rasulullohga bayʼat qildi. Ayollar nomidan Rasululloh bilan ahdlashdi. Xayrli duoga sazovor boʻldi.

Ikrima ibn Abu Jahl: u Abu Jahlning oʻgʻli edi. Marhamatga erishgan erkaklar orasida u ham bor edi. Fath kuni u bir sahobani shahid qilib, Yamanga qochdi. Bu xabar Rasulullohga yetganda, u zot tabassum qildilar. Sahobalar buning sababini soʻraganda: «Ikrima va u shahid qilgan kishi qoʻl ushlashib jannatda yuradilar», – dedilar. Uning xotini Ummu Hakim bint Horis ibn Hishom ayollarning bayʼatida musulmon boʻlgan va Rasulullohdan Ikrima uchun omonlik soʻragan edi. U Ummu Hakim bilan Makkaga qaytdi. Rasulullohning huzurlariga borib, kechirim soʻradi. Rasululloh ham qoʻllarini ochib, uning uchun magʻfirat soʻradilar. Ikrima (roziyallohu anhu) iymonga kelgandan keyin katta gʻayrat va harakat koʻrsatdi. U sahobai kiromning qahramonlaridan boʻldi. Ummonda, Yamanda jihod qilib, Yarmuk jangida shahid boʻldi.

Vahshiy ibn Harb Habashiy: u Uhud jangida hazrati Hamzani (roziyallohu anhu) shahid qilgan edi. Musulmonlar uni oʻldirishni juda istardilar. Uhudda Rasululloh bir necha kofirni duoibad qilgan edilar. U zotdan: «Nega Vahshiyni laʼnatlamaysiz?» – deb soʻrashganda: «Meʼroj kechasi Hamza bilan Vahshiyning qoʻltiqlashib, birga jannatga kirayotganlarini koʻrgan edim», – dedilar. Makka fathi kuni Vahshiy qochib ketdi. Pushaymon boʻlib, toifliklar bilan birga Madinaga, masjidga kelib salom berdi. Rasululloh uning salomiga alik oldilar. U iymon keltirdi. Afvga erishdi. Lekin unga Yamoma tomonga ketish buyurildi. U Rasululloh oldida juda xijolat boʻlib, boshini egib yashadi. Madinaga boshqa kelmadi. Iymon keltirgach, pok-pokiza boʻldi. Barcha avliyolardan yuksak boʻldi.

«Mening holim bilan sizlarning holingiz Yusuf alayhissalom birodarlariga aytganlaridek boʻladi. Men ham u zot kabi aytaman: „Bugun men sizlardan qilgan ishlaringiz uchun hisob soʻramayman (xatolaringizni yuzingizga solmayman). Allohu taolo sizlarni magʻfirat qilsin“ (Yusuf surasi: 92). Boringlar. Sizlar ozodsizlar, erkinsizlar» Hadisi sharif

Hijratning oʻn birinchi yilida Yamomada murtadlar bilan juda shiddatli jang boʻldi. Musaylama qoʻshinidan yigirma ming, Xolid ibn Valid qoʻshinidan ikki ming kishi halok boʻldi. Avvaliga musulmonlar chekina boshladi. Soʻngra hazrati Vahshiy qahramonlarcha hujum qilib, hazrati Hamzani shahid qilgan nayzasi bilan Musaylamatul Kazzobni oʻldirdi.18 Buni koʻrgan musulmonlar hujumga tashlanib, gʻalabaga erishdilar. Rasulullohning bir vaqtlar Vahshiyni Yamoma tomonga yuborganlari buyuk moʻjiza ekani shu tariqa maʼlum boʻldi. U hijriy oʻn ikkinchi yilda boʻlgan Yarmuk jangida ham qatnashib, vizantiyaliklarga qarshi koʻp qahramonliklar koʻrsatdi. Himsga koʻchib oʻrnashdi va hazrati Usmon zamonida oʻsha yerda vafot etdi.

Qabul etardi aybdorlar uzrini afvu lutfi ila,
Ulugʻ xulqli, shafqatli, mehribon edi ul karam koni.
Boylikni sevmay, faqirlikni sevardi, faxr etardi ham,
Miskinlarni oʻziga birodar etdi ul karam koni.
Kiyimiga yamoq solib, oyogʻiga kavush kiyib,
Borib har bir bemorga darmon boʻlardi ul karam koni.
Ahli baytining xizmatin oʻzi xush ado etardi,
Barcha mushkullarni oson qilardi ul karam koni.
Arpa nonu yasmiq shoʻrvasi uchun boʻlsa ham agar
Daʼvat etilsa, mehmon boʻlardi ul karam koni.
Goh tuya, goh ot, goh xachir, goho eshakka minardi,
Goho yalangoyoq yurardi ul sulton, ul karam koni.