MUTA JANGI
Hijratning sakkizinchi yilida olamlarga rahmat boʻlgan Sarvari koinot (alayhi afzalus salavot) Islomning yoyilishi uchun yana turli qabilalarga, davlatlarga elchilar yubordilar. Ularning baʼzilaridan ijobiy natijalar keldi, lekin Busro noibiga yuborilgan hazrati Horis ibn Umayrni Shomning Balqo nohiyasidagi Muta qishlogʻida nasroniy askarlar hibsga oldilar. Hazrati Horis Shom noibi Shurahbil ibn Amrning oldiga olib borildi va, elchi boʻlishiga qaramay, pastkashlarcha oʻldirildi – u shahid boʻldi.1
Bu xabardan sevimli Paygʻambarimiz juda xafa boʻldilar va darhol qahramon sahobalariga yigʻilishni buyurdilar. Bu amrni olgan sahobalar bola-chaqalari bilan rozi-rizolik tilashib, shoshilib Jurf qarorgohiga toʻplandilar. Habibi akram peshin namoziga imomlik qilgach, shunday dedilar: «Jihodga chiqadigan bu kishilarga Zayd ibn Horisani qoʻmondon qilib tayinladim! Zayd ibn Horisa shahid boʻlsa, uning oʻrniga Jaʼfar ibn Abu Tolib oʻtsin. Jaʼfar ibn Abu Tolib shahid boʻlsa, Abdulloh ibn Ravoha oʻtsin. Abdulloh ibn Ravoha ham shahid boʻlsa, musulmonlar oʻz oralaridan munosib bir kishini saylasinlar va uni oʻzlariga qoʻmondon qilsinlar!»
Shundan soʻng sahobai kirom nomlari sanalgan qahramonlarning shahid boʻlishlarini anglab, yigʻlay boshladilar: «Yo Rasulalloh! Qani endi, tirik qolsalar-u, ulardan foydalansak!…» Paygʻambarimiz ularga javob bermay, sukut qildilar.2 Buni oʻsha yerda boʻlgan hazrati Zayd, Jaʼfar va Abdulloh ham eshitdilar va katta sevinchga gʻarq boʻldilar. Chunki ularning eng katta maqsadi Allohu taoloning dinini yoyish yoʻlida shahid boʻlish edi. Endi xushxabar berilgan edi va ular uni oʻz quloqlari bilan eshitdilar. Mujohidlar tayyorgarliklarini tugatib, qoʻmondonlarini kutmoqda edilar. Sevimli Paygʻambarimiz oq Islom bayrogʻini hazrati Zayd ibn Horisaga topshirdilar. Unga Horis ibn Umayr shahid qilingan joygacha borishni va u yerda Islomni tabligʻ qilishni buyurdilar. Qabul qilmasalar, dushman bilan jang qilishni buyurdilar. Hazrati Abdulloh ibn Ravoha yonidagi qoʻmondon hamrohlari bilan birga xayrlashayotganda yigʻladi. Undan: «Ey Ravohaning oʻgʻli! Nega yigʻlayapsan?» – deb soʻrashdi. Shoir Abdulloh ibn Ravoha shunday dedi:
Yigʻlashimning sababi
dunyo muhabbati emas,
Vallohi, sizlarni
sogʻinishim ham emas.
Asl sababi shuki,
Qurʼoni karimida
Rabbimiz bir oyatda
shunday marhamat qiladi:
«Aniq bilinglarki,
sizlarning orangizda
jahannamdan oʻtmaydigan
biror kishi yoʻqdir…»
Bu oyatni eshitdim
Rasululloh oʻqiganlarida,
Jahannamga duch kelsam,
qanday sabr qilaman!
Hamrohlari u uchun duo qildilar: «Allohu taolo seni Oʻzining sevimli bandalari jamoasiga qoʻshsin, sen solihlardan boʻl!» Shundan soʻng hazrati Abdulloh ibn Ravoha shunday dedi: «Lekin men Allohu taolodan magʻfirat qilinishimni istayman. Yana qonni favvora qilib koʻpirtiradigan bir qilich zarbasi yoki jigar va ichaklarimni oʻrtab yuboradigan bir nayza sanchilishi bilan shahid boʻlishni istayman!…» Qoʻshin yoʻlga chiqishga tayyorlanayotgan paytda hazrati Abdulloh ibn Ravoha Paygʻambarimizning oldilariga kelib, xayrlashgach: «Yo Rasulalloh! Menga yod oladigan va hech esimdan chiqarmaydigan bir narsani tavsiya qilmaysizmi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz unga: «Sen ertaga Allohu taologa juda kam sajda qilinadigan bir yurtga borasan. U yerda sajdalarni, namozlarni koʻpaytir», – dedilar. Abdulloh ibn Ravoha: «Yo Rasulalloh! Menga nasihatingizni koʻpaytirmaysizmi?» – deganda, sevimli Paygʻambarimiz: «Allohu taoloni doim zikr qil. Chunki Allohu taoloni zikr qilish umid qilgan narsangga erishishingda senga yordamchi boʻladi», – dedilar.
Uch ming kishilik Islom qoʻshini «Allohu akbar! Allohu akbar!» sadolari ostida yoʻlga tushdi. Sevimli Paygʻambarimiz va Madinada qolgan sahobalar mujohid gʻoziylarni Vido tepaligigacha kuzatib bordilar. Bu yerda Olamlar sarvari muborak Islom qoʻshiniga shunday xitob qildilar: «Men sizlarga Allohu taoloning amrlarini bajarishni, taqiqlaridan saqlanishni, yoningizdagi musulmonlarga nisbatan yaxshi boʻlishni va ularga yaxshi muomala qilishni tavsiya qilaman. Allohu taoloning yoʻlida Uning ismini aytib jang qilinglar. Oʻljaga olingan mollarga xiyonat qilmanglar. Ahdga vafosizlik qilmanglar. Bolalarni oʻldirmanglar! U yerda nasroniylarning cherkovlarida odamlardan ajralib, oʻzlarini ibodatga bagʻishlagan baʼzi kishilarni topasizlar. Ularga tegishdan saqlaninglar! Ulardan tashqari, boshlarida shaytonlar in qurgan baʼzi kishilarga ham duch kelasizlar, ularning boshlarini qilichlaringiz bilan chopinglar. Ayollarni, qarib-qartaygan keksalarni oʻldirmanglar. Daraxtlarni yoqmanglar va kesmanglar. Uylarni ham buzmanglar!»
Bosh qoʻmondon Zayd ibn Horisaga ham shunday dedilar: «Mushriklardan boʻlgan dushmaning bilan uchrashganingda, ularni uch narsaning biriga daʼvat qil!… (Agar musulmon boʻlsalar,) ularni muhojirlar yurti boʻlgan Madinaga hijrat qilishga daʼvat qil! Daʼvatingni qabul qilsalar, muhojirlar ega boʻlgan huquqlarga oʻzlari ham ega boʻlishlarini va muhojirlar zimmasidagi vazifalar ularning ham zimmasida boʻlishini bildir.
Agar musulmon boʻlib, oʻz yurtlarida yashashni afzal koʻrsalar, musulmonlardan koʻchmanchi arablar kabi boʻlishlarini, koʻchmanchi arablarga nisbatan qoʻllaniladigan ilohiy hukm ularga ham qoʻllanilishini, jang oʻljalaridan ularga hech narsa ajratilmasligini va oʻljadan faqat musulmonlar yonida jang qilganlargina foydalanishini bildir!
Agar Islomni qabul qilmasalar, ularni jizya toʻlashga daʼvat qil! Ulardan buni qabul qilganlarga tegma! Jizya toʻlashga ham koʻnmasalar, Allohu taoloning yordamiga suyanib, ular bilan jang qil!…»
Bu nasihatlardan keyin u zot mujohidlar bilan xayrlashdilar. Islom qoʻshini takbir sadolari bilan yoʻlga tushdi. Ortda qolganlar ketayotganlarga qoʻl silkitib: «Allohu taolo sizlarni har qanday xavf-xatardan asrasin, yana sogʻ-salomat qaytarsin…» – deb duo qilar edilar. Ular ufqda koʻrinmay ketgunlaricha yoshli koʻzlar bilan ularning ortidan havas bilan qarab qoldilar…
«Zayd ibn Horisani qoʻmondon qilib tayinladim! U shahid boʻlsa, uning oʻrniga Jaʼfar ibn Abu Tolib oʻtsin. U shahid boʻlsa, Abdulloh ibn Ravoha oʻtsin. U ham shahid boʻlsa, orangizdan bir kishini saylaysizlar» Hadisi sharif
Muqaddas bayroq Zayd ibn Horisaning qoʻlida hilpirar, mujohidlar Allohu taoloning diniga xizmat qilish uchun nomaʼlum uzoq bir safarga bormoqda edilar. Islom qoʻshini tezlik bilan Suriya tomon olgʻa bormoqda edi. Safar hodisasiz va xush kayfiyatda oʻtmoqda edi. Mujohidlar tezroq dushman bilan uchrashish uchun sabrsizlanar edilar. Shahidlikni istaganlarning eng ishtiyoqmandlaridan biri hazrati Abdulloh ibn Ravoha edi. Buni Zayd ibn Arqam shunday hikoya qildi: «Men Abdulloh ibn Ravohaning tarbiyasida oʻsgan bir yetim edim. U Muta jangiga chiqqanda, meni ham tuyasining orqasiga mindirib olgan edi. Kechasi bir muddat yurganimizdan keyin uning lablaridan shunday baytlar toʻkila boshladi:
Ey tuyam! Qumloqdagi quduqqa eltsang meni,
Undan yana toʻrt manzil olib borsang ilgari,
Bundan boshqa safarga chiqarmasman endi seni,
Egasiz qolasan tez orada, bilib qoʻy buni.
Men, ehtimol, uyimga qaytib bormasman,
Umid qilaman, bu jangda shahid boʻlgayman.
Soʻnggi manzilda moʻminlar oʻtdilar mendan tez,
Ey Ravohaning oʻgʻli, eng yaqinlaring ham
Qardoshlik rishtalarin uzib oʻtdilar,
Seni Haq taologa qoldirib ketdilar.
Endi oʻylamayman, ortda qanday molim bor,
Parvoyim ham emas daraxtlar-u xurmolar!
Bularni eshitgach, men yigʻladim. Abdulloh ibn Ravoha menga qamchisi bilan tegib: „Ey shumtaka! Senga nima boʻldi? Shunday deganimning senga nima zarari bor? Allohu taolo menga shahidlik nasib etsa, sen ham ulov ustida ortga qaytib, joyingga yetib olasan. Men esa dunyoning barcha dardlaridan, gʻam-tashvishlaridan, hodisalaridan qutulib, rohatga erishaman“, – dedi. U tushib, ikki rakat namoz oʻqidi. Oxirida uzoq duo qilgandan keyin menga: „Ey bola!“ – deb murojaat qildi. Men: „Labbay“, – deganimda, u: „Bu safarda, inshoalloh, shahidlik nasib boʻladi!“ – dedi».
Qahramon sahobalar Suriyaga yaqinlashayotganlarida Shom noibi Shurahbil ibn Amr Islom qoʻshinining yaqinlashayotganidan allaqachon xabar topgan edi. U darhol Vizantiya qaysari Hiraqlga ahvolni bildirib, undan katta yordam olib, xotirjam boʻlgan edi. Chunki u toʻplagan maʼlumotlarga koʻra, musulmonlar faqat uch-besh ming kishi edi. Uning oʻz qoʻshini esa yuz mingdan ortiq edi, qurollarining esa hisob-kitobi yoʻq edi. Sahobai kirom (alayhimur rizvon) Shom yerlaridan Maʼonga yetib borganlarida, vizantiyaliklarning yuz ming kishilik qoʻshin bilan ustlariga kelayotganini bildilar. Ular u yerda toʻxtab, ikki kecha qoldilar. Qoʻmondon hazrati Zayd ibn Horisa hamrohlarini toʻplab, ahvolni bildirdi. Vizantiya qoʻshiniga qarshi nima qilish kerakligi haqida ularning fikrini soʻradi. Sahobalardan baʼzilari: «Vizantiya qoʻshini bilan toʻqnashmasdan, ularning yurtiga toʻsatdan bosqinlar uyushtiraylik. Odamlarini asir olib, Madinaga qaytaylik», – dedilar. Baʼzilari esa: «Rasul alayhissalomga maktub yozib, dushmanning sonini bildiraylik. Bizga shoshilinch askar yuborishlarini yoki nima qilishimiz kerakligini soʻraylik», – dedilar. Ikkinchi fikr maʼqulroq ekani haqida qarorga kelayotganlarida, hazrati Abdulloh ibn Ravoha soʻzga aralashib, shunday dedi:
«Allohu taoloni doim zikr qil. Chunki Allohu taoloni zikr qilish umid qilgan narsangga erishishingda senga yordamchi boʻladi» Hadisi sharif
Ey qavmim, ne sababdan ikkilanasizlar?
Shahid boʻlish niyati-la kelmadikmi jangga biz?
Qurol-aslaha, otliq koʻpligi tufayli
Kofirlar-la hech qachon jang qilmadik biz.
Allohu taolo bizga ehson etgan
Shu din kuchi ila sherdek jang qildik.
Boringlar, jang qilinglar, albatta, yaxshilik bor,
Bu ishning oqibati – yo shahodat, yo zafar.
Badr kuni, vallohi, bor edi ikki otimiz,
Uhudda bir ot ila juda oz edi qurolimiz.
Bu jangda gʻolib kelmoq taqdirda boʻlsa agar,
Zotan, shunday vaʼda qildi Alloh ham, Paygʻambar ham.
Haq taolo vaʼdasidan aslo qaytmaydi ortga,
Ey moʻminlar, unday boʻlsa, olgʻa yuringlar olgʻa!
Shahidlik bizning taqdirimizda boʻlsa agar,
Jannatda shahid qardoshlarimizga yetishamiz.
Hazrati Abdulloh ibn Ravohaning bu soʻzlari mujohidlarga jasorat bagʻishladi. «Vallohi, Ravohaning oʻgʻli toʻgʻri aytmoqda», – dedilar. Endi qaror qabul qilindi: ular shahid boʻlgunlaricha jang qiladilar. Shonli sahobalar Muta qishlogʻiga kelganlarida yuz ming kishilik Vizantiya qoʻshini bilan toʻqnash keldilar.
MUTA JANGI
Togʻu tosh dushman askari bilan toʻlgan edi. Bir tomonda Allohu taoloning dinini yoyish uchun to Madinadan chiqib, Shomgacha kelgan uch ming kishilik Islom qoʻshini, ikkinchi tomonda esa Islomni boʻgʻish uchun toʻplangan yuz ming kishilik kofirlar toʻdasi turar edi… Tashqi koʻrinishda kuchlar nisbatini taqqoslab boʻlmas edi. Bunga koʻra, bir musulmonga oʻttizdan ortiq vizantiyalik bilan jang qilishga toʻgʻri kelar edi. Ikki tomon ham jang tartibiga tizildi. Shu paytda Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) amrlariga koʻra, Islom qoʻshinidan bir guruh vakillar Vizantiya qarorgohi tomon yoʻl oldi. Ular Vizantiya qoʻshiniga Islomga kelishni, aks holda jizya toʻlashni taklif qildilar. Lekin vizantiyaliklar bu daʼvatni rad etdilar. Endi yoʻqotishga vaqt yoʻq edi. Qoʻmondon hazrati Zayd ibn Horisa qoʻlida muqaddas Islom bayrogʻi bilan qoʻshiniga hujum buyrugʻini berdi. Bu damni kutib turgan mujohidlar «Allohu akbar!» sadolari bilan oʻqdek olgʻa otildilar. Chaqmoqdek qilichlarini sugʻurib, boʻrondek dushmanning oʻrtasiga yorib kirdilar… Otlarning kishnashi, qilichlarning jarangi, takbir sadolari va yaralanganlarning faryodlari osmonga yetdi, urush boshidayoq maydon qon koʻliga aylandi. Shonli sahobalar har gal qilich sermaganlarida yo bir bosh, yo bir qoʻl tushar edi.
Qoʻlida Rasulullohning oq bayroqlari boʻlgan hazrati Zayd dushmanning qoq oʻrtasida «Alloh, Alloh» deb jang qilmoqda edi. Sermagan qilichlari bilan atrofini bir zumda boʻshatar, dushmanni uning qarshisiga chiqqaniga pushaymon qilar edi. Qoʻmondonlarining qahramonlarcha jang qilayotganini koʻrgan shonli sahobalar ham undan qolishmas, har biri yakka oʻzi oʻttiz dushmanga qilich yetkazib, ularni qulatishga urinar edi. Bir payt qoʻmondon hazrati Zaydning muborak koʻkragiga birdaniga bir necha nayza sanchildi. Ular ortidan boshqa nayzalar ham keldi. Shonli sahobaning badani ilma-teshik boʻlib ketgan edi. Nihoyat Zayd ibn Horisa issiq tuproqqa yiqildi va juda sogʻingan shahidlik sharbatini ichdi.
Zayd ibn Horisadan keyin kelgan hazrati Jaʼfar darhol bayroqni ilib oldi. Islom bayrogʻining hilpirayotganini koʻrgan mujohidlar yangi shijoat bilan jangni davom ettirdilar. Hazrati Jaʼfar ham Zayd ibn Horisa kabi qahramonlarcha jang qilmoqda edi. Bir tomondan dushmanga tashlanar, ikkinchi tomondan hamrohlariga jasorat va hayajon bagʻishlar edi. Mardona jang qilayotgan bu yangi qoʻmondon yanada tez, yanada chaqqon harakatlar bilan qilich sermar, dushmanga koʻz ochirgani qoʻymas edi. Hazrati Jaʼfar oʻzini unutib jang qilayotganda hamrohlaridan ancha oldinga ketib qolgan edi. U vizantiyaliklarning oʻrtasida yakka oʻzi olishar, ularning har biriga alohida-alohida qilich urar edi. Lekin bu ketishning qaytishi yoʻqligini anglab yetishga koʻp vaqt kerak boʻlmadi. Qahramon qoʻmondon: «Mening zimmamdagi vazifa – kofirlarning har biriga qilichim bilan urishdir!» – der, «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» degan muborak soʻzdan yangi ruhiy kuch olar edi. Har gal qilich urganida bir dushmanni yoʻq qilar, atrofiga hech kimni yaqinlashtirmas edi. Allohu taoloning muborak ismini tilidan tushirmay, tugamas bir kuch bilan jang qilmoqda edi. Nihoyat bir dushman askari hazrati Jaʼfarning oʻng qoʻliga qilich urdi. Oʻng qoʻli kesilgan hazrati Jaʼfar muqaddas Islom bayrogʻini yerga tushmasdan chap qoʻli bilan ilib oldi. Uni koʻtarib, yana hilpiratdi. Shu payt yana bir qilich zarbasi… Chap qoʻli ham kesildi. Bu gal u bayroqni kesilgan bilaklari orasida koʻkragiga bosib, hilpiratishga urindi. Lekin birin-ketin shiddat bilan tushayotgan dushman qilichlari bilan juda sogʻingan shahidlik martabasiga erishdi. Uning muborak ruhi jannatning eng yuksak darajalariga parvoz qildi… Uning badanida toʻqsondan ortiq qilich va nayza jarohati sanaldi.3 Qoʻmondonlarining shahid boʻlganini koʻrgan qahramon mujohidlar yerga tushgan Islom bayrogʻini ilib olib, hazrati Abdulloh ibn Ravohaga topshirdilar.
«Ey qavmim, ne sababdan ikkilanasizlar? Shahid boʻlish niyati-la kelmadikmi jangga biz?» Abdulloh ibn Ravoha (roziyallohu anhu)
U ot ustida bayroqni hilpiratib, dushmanga shiddat bilan tashlandi. Bir tomondan oldiga chiqqan dushmanni qulatar, bir tomondan esa shunday der edi:
Ey nafsim, menga, albatta, boʻyin egasan,
Bugun shahid boʻlaman, bu jangda qasam ichdim.
Yo sen oʻz ixtiyoring ila bunga rozi boʻlasan,
Yo men buni senga zoʻrlab qabul qildiraman.
Agar shu jangda, mabodo, oʻldirilmasang,
Hech oʻlmaysanmi, ey nafsim, ayt menga?
Jaʼfar ibn Abu Tolib va Zayd ibn Horisaning
Qilganini qilsang, bilki, yaxshi qilasan.
Ular shahid boʻldilar, ey nafsim, ortda turma,
Yoʻqsa baxtsiz boʻlasan, qani, olgʻa tashlan!
Hazrati Abdulloh ham «Allohu akbar!» sadolari ostida dushman bilan shafqatsiz kurashga kirishdi. Bir payt bir qilich zarbasi uning barmogʻiga tegdi va kesilgan barmoq qoʻlida osilib qoldi. Allohu taoloning va Uning Rasulining ishqi bilan yongan bu muborak qoʻmondon darhol otidan yerga sakradi, jang qilishiga xalal bergan yarador barmogʻini oyogʻi ostiga olib: «Sen faqat bir yarador barmoq emasmisan? Zotan, bu baloga ham Allohu taoloning yoʻlida uchrading-ku!» – deb, tortib uzib tashladi. Chaqmoqdek otiga sakrab minib, bor kuchi bilan yana jang qila boshladi. Lekin shuncha jang qilishiga qaramay, shahidlik martabasiga erisha olmagani uchun oʻzini oʻzi koyiy boshladi… Qayta-qayta dushmanga tashlandi. Nihoyat bir nayza zarbasi bilan yerga yiqildi. Allohu taolo va Uning Rasuli yoʻlida jang qilib, shahid boʻldi va uning muborak ruhi jannatga parvoz qildi… Shu payt hazrati Abdullohning yonida jang qilayotgan Abul Yusr Kaʼb ibn Umayr bayroqni hilpiratishga urindi. Koʻzlarini sahobalar orasida yugurtirib, oʻzidan yoshi kattaroq va tajribaliroq bir kishini izladi. Sobit ibn Aqramni koʻrgach, bayroqni unga topshirdi. Hazrati Sobit bayroqni mujohidlarning oldiga tikkandan keyin: «Ey birodarlarim! Tezda orangizdan bir kishini qoʻmondon qilib saylanglar va unga ergashinglar!» – dedi. Ular: «Biz seni sayladik», – dedilar, lekin hazrati Sobit buni qabul qilmadi. Uning koʻzlari hazrati Xolid ibn Validga tushdi. Unga: «Ey Abu Sulaymon! Bayroqni sen ol!» – dedi. Musulmonlar orasiga yangigina qoʻshilgan hazrati Xolid odobi tufayli muqaddas bayroqni olishni istamadi va uning muborak lablaridan shunday soʻzlar chiqdi: «Men bu bayroqni sizdan ola olmayman! Siz bunga mendan koʻra loyiqroqsiz. Chunki siz yoshda ulugʻroqsiz va Badr jangida Rasulullohning yonlarida jang qilish sharafiga erishgansiz!…» Lekin vaqt qimmatli edi. Atroflarida sahobai kirom dushman bilan ayovsiz olishar, yuz ming kishilik dushmanni ortga chekintirishga urinar edi. Hazrati Sobit soʻzini takrorladi: «Ey Xolid! Rasulullohning muqaddas bayroqlarini tezroq ol! Vallohi, men uni senga berish uchun olgan edim. Sen urushning usulini mendan yaxshiroq bilasan!» – dedi va atrofidagi mujohidlardan: «Ey birodarlarim! Xolidning qoʻmondon boʻlishi haqida fikringiz qanday?» – deb soʻradi. Ular bir ogʻizdan: «Biz uni oʻzimizga qoʻmondon qildik», – dedilar. Shundan soʻng hazrati Xolid Olamlar sarvari muborak qoʻllari bilan topshirgan bayroqni katta hurmat va adab bilan olib, oʻpdi. Otiga sakrab minib, butun hashamati va haybati bilan dushmanga tashlandi.4
Qahramon sahobalar yangi qoʻmondonlarining ortidan yana hujumga oʻtdilar. Hazrati Xolid koʻrilmagan jasorat va mohirlik bilan jang qilar, oldiga chiqqanni qulatar edi. Bir payt hazrati Qutba ibn Qatoda dushman qoʻmondonlaridan Molik ibn Zofilaning boshini tanasidan judo qildi. Vizantiyaliklarning ruhi tushdi. Lekin vaqt tigʻizlashgan, kech kirgan va qorongʻi tusha boshlagan edi. Qorongʻida jang qilish juda xavfli edi. Chunki adashib, oʻz hamrohlarini urib qoʻyishlari mumkin edi…
Shu sababli ikki tomon ham oʻz qarorgohlariga chekindi. Yaradorlar davolana boshladi. Hazrati Xolid urush sanʼatida daho edi. U ertalab dushmanning qarshisiga yangi bir usul bilan chiqib, ularni dovdiratib qoʻymoqchi edi. Oʻsha kecha askarlarning joylarini almashtirdi: oʻng tomondagilarni chapga, chapdagilarni oʻngga, oldindagilarni orqaga, orqadagilarni esa oldinga oldi.
Ertalab yana hujumga koʻtarilgan qahramon mujohidlar «Allohu akbar» sadolari ostida jang qila boshladilar. Dushman askarlari oʻzlariga hujum qilayotgan askarlarni birinchi marta koʻrmoqda edilar. Bular kecha ular jang qilgan kishilar emas edi.
Ehtimol, musulmonlarga yordamga yangi qoʻshin kelgandir!… Qoʻshimcha kuch keldi deb oʻylab, qoʻrquvga tushgan Vizantiya askarlarining ruhi tushdi. Ular sarosimaga tushib, qocha boshladilar. Buni fursat deb bilgan Islom qoʻshini ularga qattiq hujum qildi.
Dushman tor-mor qilingandan keyin ular Muta qalʼasiga keldilar. Qalʼani ham fath etib, uning koʻzga koʻringanlaridan ham koʻp kishini oʻldirdilar. Hazrati Xolid va qahramon sahobalar oʻsha kuni yanada yaxshiroq jang qilib, dushmanga qilich urdilar va ularning minglabining jonini jahannamga joʻnatdilar. Oʻsha kuni hazrati Xolid ibn Validning qoʻlida toʻqqizta qilich sindi.5 Allohu taoloning ehsoni va Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) duolari barakoti bilan uch ming mujohid gʻoziy yuz ming dushman askarini tor-mor qildi. Bu ulugʻ maydon jangida oʻn besh shahid berildi. Shunday qilib, Vizantiya imperiyasiga haddi bildirib qoʻyildi, uning janubga tomon yangi bosqinlar uyushtirishiga yoʻl qoʻyilmadi… Rasuli akram va Nabiyi muhtaram, urush maydonidan u zotga biror xabar kelmasidan oldinoq, Mutada boʻlgan voqealarni bildirish uchun sahobalarini masjidga toʻpladilar. Sevimli Paygʻambarimizning muborak yuzlaridan juda qaygʻuli ekanliklari sezilib turar, u zotni yanada koʻproq qaygʻuga solishdan qoʻrqib, hech kim biror narsa soʻray olmas edi. Nihoyat sahobai kiromdan biri: «Jonlarimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sizdagi qaygʻuni koʻrganimizdan beri ichimiz qon yigʻlamoqda, qaygʻumiz qanchalik katta ekanini faqat Janobi Haq biladi!» – dedi. Sevimli Paygʻambarimizning muborak koʻzlaridan yoshlar oqdi va u zot shunday dedilar: «Menda koʻrgan qaygʻungiz, meni gʻamga solgan narsa – sahobalarimning shahid boʻlishlari edi. Bu hol men ularni jannatda roʻparama-roʻpara qoʻyilgan taxtlar ustida oʻtirgan birodarlar holida koʻrgunimcha davom etdi. Zayd ibn Horisa bayroqni qoʻliga oldi. Nihoyat shahid qilindi. U hozir jannatga kirdi. U yerda yugurib yuribdi. Soʻngra bayroqni Jaʼfar ibn Abu Tolib oldi. U dushman qoʻshinlariga tashlandi, jang qildi va nihoyat u ham shahid boʻldi. U shahid boʻlib jannatga kirdi va yoqutdan boʻlgan ikki qanot bilan istaganicha uchib yuribdi. Jaʼfardan keyin bayroqni Abdulloh ibn Ravoha oldi. Qoʻlida bayroq bilan dushmanlar bilan jang qildi, shahid boʻldi va jannatga kirdi. Ular menga jannatda oltin taxtlar ustida koʻrsatildi. Ey Allohim! Zaydni magʻfirat qil!… Ey Allohim! Jaʼfarni magʻfirat qil! Ey Allohim! Abdulloh ibn Ravohani magʻfirat qil!»
«Ey Xolid! Rasulullohning muqaddas bayroqlarini tezroq ol! Vallohi, men uni senga berish uchun olgan edim. Sen urushning usulini mendan yaxshiroq bilasan!» Sobit ibn Aqram (roziyallohu anhu)
Olamlar sarvarining muborak koʻzlaridan hamon yosh oqar edi. Koʻz yoshlari aro soʻzlarini shunday davom ettirdilar: «Abdulloh ibn Ravohadan keyin bayroqni Xolid ibn Valid oldi. Mana, endi jang qizidi. Ey Allohim! U (Xolid ibn Valid) Sening qilichlaringdan bir qilichdir. Unga yordam ber!…»6 Sevimli Paygʻambarimiz Allohu taoloning izni bilan ming kilometrdan ham uzoqroqdagi jang maydonida boʻlayotgan hodisalarni moʻjiza sifatida koʻrib, sahobalariga bildirgan edilar. Hazrati Jaʼfar ibn Abu Tolib shahid boʻlgan kuni bu voqeani soʻzlab bergach, oʻrinlaridan turib, hazrati Jaʼfarning uyiga bordilar. Jaʼfarning xotini Asmo uy ishlarini tugatib, bolalarini choʻmiltirib, sochlarini tarab qoʻygan edi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Ey Asmo! Jaʼfarning oʻgʻillari qayerda? Ularni mening oldimga olib kel!» – dedilar. Asmo xonim bolalarni olib kelgach, Rasululloh ularni bagʻrilariga bosib, toʻyib-toʻyib oʻpdilar va hidladilar. Muborak qalblari chiday olmadi, muborak koʻzlaridan shashqator yosh oqa boshladi. Buni koʻrgan hazrati Jaʼfarning xotini: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Nega oʻgʻillarimga yetimlarga koʻrsatadigan shafqatingizni koʻrsatyapsiz? Yoki Jaʼfar va uning safdoshlaridan biror achchiq xabar oldingizmi?!» – deb yolvorib soʻradi. Olamlar sarvari qattiq mutaassir boʻlgan edilar: «Ha!… Ular bugun shahid boʻldilar!…» – deb javob berdilar. Hazrati Asmo onamiz ham yetim bolalarini bagʻriga bosib yigʻlay boshladi. Sevimli Paygʻambarimiz bu manzaraga ortiq chiday olmay, u yerdan chiqib ketdilar.7
Saodatxonalariga qaytgan Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) pok zavjalariga: «Jaʼfarning oilasi uchun ovqat tayyorlashni unutmanglar!» – dedilar. Uch kun davomida shahidlarning oilalariga ovqat yuborib turildi. Oradan bir necha kun oʻtgach, Madinaga xushxabarni hazrati Yaʼlo ibn Umayya yetkazdi. U boʻlib oʻtgan voqealarni hali aytmasdanoq Rasuli akram unga: «Xohlasang, boʻlgan voqealarni sen aytib ber, xohlasang, men senga aytib beray», – deb, jang maydonida boʻlgan hamma narsani batafsil soʻzlab berdilar. Shunda hazrati Yaʼlo ibn Umayya: «Sizni haq din va Kitob bilan paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, mujohidlar boshidan kechirgan voqealardan birontasini ham aytmay qoldirmadingiz», – dedi. Paygʻambarimiz esa: «Allohu taolo men uchun oradagi masofani koʻtarib tashladi va men jang maydonini oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim», – deb javob berdilar.
Bir necha kundan keyin xabarchilar Islom qoʻshinining Madinaga yaqinlashib kelayotganini bildirdilar. Paygʻambarimiz sahobalari bilan turib, uni kutib olish uchun Madina tashqarisiga chiqdilar. Uzoqdan chang-toʻzon koʻtarilar, muqaddas Islom bayrogʻi hilpirardi. Qilich va qalqonlarning yaltirashi atrofni oynadek yoritardi… Har kimda chuqur hayajon koʻzga tashlanardi. Bir ozdan keyin boshlarida hazrati Xolid ibn Valid boʻlgan gʻoziy mujohidlar Madinaga kirib keldilar, roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn…
«Ey Allohim! Zaydni magʻfirat qil!… Ey Allohim! Jaʼfarni magʻfirat qil! Ey Allohim! Abdulloh ibn Ravohani magʻfirat qil!» Hadisi sharif
Hur qizlari keldilar,
Nurdan yoʻrgakka oʻradilar,
Muhammadga yuz surdilar
Muhammad tugʻilgan kecha.
Osmon eshiklari ochildi,
Olamga rahmat sochildi,
Jannat toʻnlari bichildi
Muhammad tugʻilgan kecha.
Yunus aytur: «Ey birodarlar,
Koʻzdan oqar qonli yoshlar,
Sajda qildi togʻlar, toshlar
Muhammad tugʻilgan kecha».
Kaʼbai muazzamaning qadimgi koʻrinishi /
Makkai mukarrama [1890]
