UMRATUL QAZO SAFARI
Hudaybiya sulhidan beri bir yil oʻtgan edi. Qurbon hayitiga bir oy qolganda, Zulqaʼda oyining boshlarida Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) sahobai kiromga umraga tayyorgarlik koʻrishni buyurdilar. Umrada Hudaybiyaga borib, Bayʼati Rizvonda qatnashganlar, vafot etganlardan tashqari, hammasi hozir boʻlishlari kerak edi. Bu amrdan keyin ikki ming sahoba tayyorgarligini tugatdi. Qurbonlik qilish uchun yetmishta tuya olindi. Ularni Makkagacha oʻtlatib olib borish Nojiya ibn Jundubga va uning toʻrt hamrohiga topshirildi. Bundan tashqari, hazrati Muhammad ibn Maslamaning ixtiyoriga yuz otliq berilib, u urushda ishlatiladigan sovut, nayza, qilich kabi qurollarni olib borish uchun oldinroq yuborildi. Mushriklarga ishonib boʻlmas edi. Biror hujum boʻlgan taqdirda bu qurollardan foydalanilar edi. Sahobai kiromdan baʼzilari: «Yo Rasulalloh! Hudaybiya sulhiga koʻra, umraga qinidagi qilichlardan boshqa qurol bilan kelmasligimiz kerak edi-ku!» – dedilar. Olamlar sarvari: «Biz bu qurollarni Haramga, qurayshliklarning oldiga kiritmaymiz. Lekin ular qurayshliklardan bizga boʻladigan biror hujumga qarshi yaqinimizda, qoʻl ostimizda turadigan boʻladi», – dedilar.
Madinai munavvarada oʻrinbosar qilib Abu Zarr Gʻiforiy qoldirildi.1 Abu Ruhm Gʻiforiyning qoldirilgani ham rivoyat qilinadi. Ikki ming sahoba sevimli Paygʻambarimiz bilan birga Makka tomon yoʻlga chiqdilar. Sahobai kirom juda hayajonlangan edilar. Ular yillardan beri Allohu taolo yoʻlida, sevimli Paygʻambarimiz uchun tark etgan uylarini, oʻchoqlarini, yurtlarini koʻradigan edilar… Besh vaqt namozda yuzlarini qaratadigan Kaʼbai muazzamani ziyorat qiladigan edilar… Musulmon boʻlib ham, sulh shartiga koʻra Madinaga kela olmagan qarindoshlariga qovushadigan edilar. Yillar davomida ularning koʻzlaridan yosh oʻrniga qon oqizgan, zulm ostida ingrab-ingrab yashatgan, butlariga sigʻindirish uchun juda koʻp birodarlarini shahid qilgan qurayshlik mushriklarga Islomning shaʼni va sharafini koʻrsatadigan edilar. Balki buni koʻrgan mushriklarning qalbiga Islom muhabbati tushib, ular musulmon boʻlib qolar edilar!…
Madinada qoladiganlar Olamlar sarvarini Vido tepaligigacha takbirlar bilan kuzatib, xayrlashgandan keyin ortga qaytdilar… Sevimli Paygʻambarimiz Madinadan oʻn kilometrcha uzoqlikdagi Zulhulayfaga kelganlarida ehromga kirdilar. Shonli sahobalar ham u zotga ergashdilar. Hamma oq libosga burkangan edi. Umra qilish uchun Makkai mukarramaga safar boshlangan edi. Endi «Labbayk! Allohumma labbayk! Labbayk! La sharika laka labbayk! Innal hamda van-neʼmata laka val-mulk, la sharika lak!» (Hozirman, Allohim, hozirman! Daʼvatingga soʻzim va oʻzim bilan qayta-qayta javob berdim, amringga boʻyin egdim. Sening sheriging yoʻq, butun borligʻim bilan Senga yuzlandim. Hamd va neʼmat Senga xosdir. Mulk ham Senikidir. Sening sheriging yoʻq) sadolari bilan yer-osmon larzaga kelmoqda edi.
Allohu taologa hamd aytish va yolvorish, Uning muborak ismini zikr qilish bilan safar juda zavqli oʻtmoqda edi.
Oldinda borayotgan Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi guruh Makkaga yaqinlashganda, uni qurayshlik mushriklar koʻrib qoldilar. Ular qoʻrquv bilan yaqin kelib, goʻyo «Biz bir yil oldin shunday kelishganmidik?» degandek: «Bu nima?» – deb soʻradilar. Muhammad ibn Maslama ularga etlarini junjiktiradigan shunday javob berdi: «Bular – Allohu taolo Rasulining otliqlaridir… Allohu taolo izn bersa, ertaga u zot ham bu yerga tashrif buyuradilar!…» Mushriklar qoʻrqa-qoʻrqa ortga qaytib, xabarni Makkaga yetkazdilar. Makkalik mushriklar: «Qasam ichamizki, biz sulhga sodiq qoldik. Muhammad nega biz bilan urushsin?…» – deyishar edi. Ular darhol oʻz oralaridan bir guruh vakilni Paygʻambarimiz bilan gaplashish uchun yubordilar.
«Labbayk! Allohumma labbayk! Labbayk! La sharika laka labbayk! Innal hamda van-neʼmata laka val-mulk, la sharika lak!» Talbiya
Bu paytda Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) Makka koʻrinib turadigan Batni Yaʼjaj degan joyga yetib kelgan edilar. Ular bu yerda bellaridagi qilichlardan boshqa barcha qurollarini qoldirdilar. Qurollarni qoʻriqlash uchun ikki yuz sahobani soqchi qilib qoʻydilar. Bu tayyorgarliklar tugagach, Quraysh vakillari Paygʻambarimiz bilan gaplashish va huzurlariga qabul qilinish uchun izn soʻradilar. Izn berilgach, ular: «Yo Muhammad! Hudaybiya sulhidan beri biz sizlarga hech qanday xiyonat qilmadik. Shunga qaramay, sen Makkaga, oʻz qavmingning oldiga shu qurollar bilan kirmoqchimisan? Holbuki, sulhimizga koʻra, yoningizda qiniga solingan qilichlardan boshqa narsa boʻlmasligi kerak edi-ku!…» – deyishdi. Bunga Olamlar sarvari shunday javob berdilar: «Men bolaligimdan bugungacha bergan soʻzimda turishim va vafodorligim bilan tanilganman. Haramga qinidagi qilichlarimizdan boshqa qurol bilan kirmaymiz. Lekin qurollarning menga yaqin bir joyda boʻlishini istayman». Vakillar oʻzlariga yetkazilgan xabarning boshqacha ekanini anglab, tinchlandilar va: «Yo Muhammad! Toʻgʻrisi, sendan doimo faqat vafodorlik va yaxshilik koʻrdik. Senga yarashadigani ham shudir», – deb ortga qaytdilar. Makkaga kelib, ahvolni qurayshliklarga bildirdilar. Ular ham tinchlandilar.
Qurayshning koʻzga koʻringan kishilari kin va hasadlari tufayli Paygʻambarimiz va u zotning sahobalarining bu baxtli damlarini koʻrmaslik uchun Makkani tark etib, togʻlarga chiqib ketdilar. Sevimli Paygʻambarimiz belgilangan qurbonlik tuyalarini Zu Tuvo degan joyga oldinroq yubordilar. Soʻngra sahobalari bilan tayyorgarlikni tugatib, muqaddas Makka shahriga kirish uchun yoʻlga tushdilar. Sahobai kirom Olamlar sarvarini oʻrtalariga olgan edilar. Koinot sultoni Qasvo tuyalari ustida, minglab yulduzlarning borligini yashiradigan quyosh kabi, atrofga nur sochmoqda edilar. Yo Rabbim! Bu qanday goʻzallik! Bu qanday hashamatli manzara edi!…
Tillarda «Labbayk! Allohumma labbayk! Labbayk! La sharika laka labbayk!…» sadolari, koʻngillarda Allohu taolo va Uning Rasulining muhabbati bor edi.
Ular qadam-baqadam ulugʻ Kaʼba tomon yaqinlashmoqda edilar. Yaqinlashgan sari hayajonlari yana ham ortar, goʻyo joʻsh urar edi. Bir ogʻizdan aytilgan talbiya sadolari Makkani tutar, mushriklar bu hashamatli manzarani koʻrgan sari ichlari erib, koʻngillariga iliq-iliq bir muhabbat sharbati oqayotganini his qilar edilar. Koʻplarining qalbiga Islom muhabbati allaqachon tushgan edi… Oxir-oqibat Koinot sultoni, ikki jahon sarvari, sevimli va sharafli Paygʻambarimiz Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) gʻolib kelgan edilar…
Mana, sevimli Paygʻambarimiz va u zotning shonli sahobalari bellarida qilichlari bilan Kaʼbai muazzamaga kirmoqda edilar. Paygʻambarimizning Qasvo tuyalari jilovini hazrati Abdulloh ibn Ravoha tutib, oldinda bormoqda edi. Baʼzi makkalik mushriklar ayollari va bolalari bilan Dorun Nadvada tizilib, sevimli Paygʻambarimizni va u zotning qahramon sahobalarini tomosha qilmoqda edilar. Abdulloh ibn Ravoha olgʻa yurgan sari sheʼr oʻqiy boshladi, uning baytlari mushriklarning boshiga bolgʻadek tushib, koʻngillarigacha yetib borar edi:
Ey kofirlar, chetlaning Paygʻambarning yoʻlidan,
Allohu taolo u zotga Qurʼon nozil qildi.
Har bir xayr va yaxshilik bordir u zotning dinida,
Bu din uchun oʻlmoqdir eng xayrli oʻlim ham.
Haqiqiy Rasulullohdirlar, qabul qildim yurakdan,
Har soʻzlariga ishondim, qabul qildim endi men.
Ey kofirlar! Qurʼonning Allohu taolodan
Nozil boʻlganini siz inkor etgan paytingizda
Qanday qilib birdan zarbalar tushirgan boʻlsak,
Qanday qilib boshingizni tanadan judo qilgan boʻlsak,
Uning maʼnosiga ham ishonmasangiz agar,
Xuddi shunday tushadi boshingizga zarbalar.
Boshlayman ul Allohning muborak ismi bilan,
Uning dinidan boshqa haqiqiy din yoʻqdir.
Yana boshlayman ul Allohning ismi bilan,
Muhammad – Uning ham quli, ham rasulidirlar.
Hazrati Umar chiday olmay, uni ogohlantirmoqchi boʻldi: «Ey Ibn Ravoha! Sen Rasulullohning oldilarida va Harami sharifda qanday qilib sheʼr oʻqiyapsan?» Lekin Paygʻambarimiz: «Yo Umar! Unga xalal berma! Allohu taologa qasamki, uning soʻzlari bu qurayshlik mushriklarga oʻq yogʻdirishdan ham tezroq va kuchliroq taʼsir qiladi. Ey Ibn Ravoha, davom et!» – dedilar.
Birozdan keyin Paygʻambarimiz hazrati Abdulloh ibn Ravohaga: «Ayt: „Allohu taolodan boshqa iloh yoʻq! Yagona – Udir! Vaʼdasini amalga oshirgan – Udir! Bu bandasiga yordam bergan – Udir! Askarlarini kuchli qilgan – Udir! Toʻplangan qabilalarni magʻlub etgan ham yolgʻiz Udir!“» – dedilar.
Shundan soʻng Abdulloh ibn Ravoha shunday oʻqiy boshladi:
Allohu taolodan boshqa yoʻqdir bir iloh!
Yoʻqdir Uning sherigi, la ilaha illalloh!
Musulmonlar askariga kuch beruvchi – Udir!
Kofirlarni tarqatib, magʻlub etgan ham Udir!
Musulmonlar ham bu soʻzlarni takrorlar edilar. Sevimli Paygʻambarimiz Baytullohga kirganlarida muborak oʻng yelkalarini ochdilar. Muborak badanlarining goʻzalligi koʻzlarni qamashtirar, koʻngillarni oʻziga tortar, quyosh kabi nur sochar edi. Soʻngra u zot: «Bugun shu shirk ahliga oʻzini kuchli va bardam koʻrsatadigan yigitlarni Allohu taolo Oʻz rahmati bilan magʻfirat qilsin!» – dedilar. Shundan soʻng sahobai kirom oʻng yelkalarini ochib, haybatli tarzda tez-tez yurib, Kaʼbani uch marta tavof qildilar. Lekin Rukni Yamoniy bilan Hajarul asvad burchagi orasida sekin yurdilar. Paygʻambarimiz va u zotning sahobalari Hajarul asvadga yaqinlashib, uni oʻpar yoki uzoqroqdan qoʻllarini ochib, Hajarul asvadga qaratib turar edilar.
«Allohu taologa qasamki, uning (Ibn Ravohaning) soʻzlari bu qurayshlik mushriklarga oʻq yogʻdirishdan ham tezroq va kuchliroq taʼsir qiladi» Hadisi sharif
Mushriklar sahobalarni uzoqdan kuzatib, ularning bu haybatli va savlatli yurishlaridan hayron qolar edilar. Chunki ularga musulmonlar Madinaga ketganlaridan beri zaiflashib, kasallikka chalinganlari aytilgan, shunga oʻxshash xabarlar tarqatilgan edi. Hozir esa ular buning tamomila aksiga guvoh boʻlmoqda edilar va hayratlari ortib borar edi.
Qolgan toʻrt tavof esa sekin, salmoqli qadamlar bilan bajarilib, tugallandi. Tavofdan keyin Maqomi Ibrohimda ikki rakat namoz oʻqidilar. Soʻngra Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta saʼy qildilar. Qurbonliklar soʻyilgandan keyin Paygʻambarimiz muborak boshlarini qirittirdilar. Muborak sochlarini sahobalar havoda ilib olishdi. Sahobai kirom ham sochlarini oldirdilar. Shunday qilib, Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) roppa-rosa bir yil oldin koʻrgan tushlari roʻyobga chiqdi. Umra ziyorati tugallandi, peshin vaqti kirdi. Olamlar sarvari hazrati Bilolga Kaʼbada azon aytishni buyurganlarida, Bilol Habashiy darhol amrni bajardi. U Kaʼbada Muhammadiy azonni aytayotganda, butun Makka toʻlqinlanib ketdi. Sahobai kirom azonni katta xushuʼ bilan tinglar, uni sekin ovoz bilan takrorlar edilar. Azon tugagach, Habibulloh imom boʻldilar. Hamma birga oʻqigan peshin namozining mushriklarning qalbiga taʼsiri boshqacha edi.
Sevimli Paygʻambarimiz uchun Abtahda teridan chodir tikilgan edi. Sahobalar ham uning atrofidagi chodirlarda uch kun turdilar. Namoz vaqtlarida ular Baytullohda yigʻilib, namozlarini jamoat bilan oʻqir edilar. Boshqa vaqtlarda qarindoshlarini ziyorat qilar, Islom ato etgan goʻzal axloqlari bilan ularga namuna boʻlar edilar. Ular esa sahobalarning bu goʻzal hollari qarshisida goʻyo erib ketar, hayratlarini yashira olmas edilar. Bu uch kun ichida Makka goʻyo ichdan fath etilgan edi.
Uch kun toʻldi… Endi ayriliq vaqti keldi. Kechga yaqin Paygʻambarimiz: «Musulmonlardan (umraga kelganlardan) birorta kishi ham kechni Makkada oʻtkazmaydi, yoʻlga chiqadi!» – deganlarida, hamma yigʻishtirinib, Madina tomon yoʻlga chiqdi… Juhfada boʻlgan paytlarida Rasululloh hazrati Abbos bilan uchrashdilar va hazrati Abbos: «Yo Rasulalloh! Maymuna bint Horis beva qoldi. Uni oʻzingizga zavja qilib olsangiz, qanday boʻlar ekan?» – deb taklif qildi. Shundan soʻng Paygʻambarimiz Abu Rofeʼni va ansorlardan bir kishini Makkaga sovchilikka yubordilar. Hazrati Maymuna Rasululloh uni nikohlariga olmoqchi ekanliklari haqidagi xabarni tuya ustida boʻlganida olgach: «Tuya ham, uning ustidagi ham – Rasulullohnikidir», – dedi. U oʻzini Paygʻambarimizga hadya qildi. Bu ishni lozim darajada ado etishni opasi Ummu Fazlga topshirdi, u esa eri hazrati Abbosga topshirdi. Umradan Madinaga qaytayotganlarida Sarif degan joyga kelganda, hazrati Abbos Paygʻambarimizdan (sallallohu alayhi vasallam) toʻrt yuz dirham mahr olib, hazrati Maymunani Rasulullohga nikohlab berdi. Toʻy ham shu yerda boʻldi. Hazrati Maymuna Rasulullohning nikohlari bilan sharaflanib, u zotning oxirgi zavjalari boʻldi. Paygʻambarimiz bundan keyin boshqa uylanmadilar.
«Bugun shu shirk ahliga oʻzini kuchli va bardam koʻrsatadigan yigitlarni Allohu taolo Oʻz rahmati bilan magʻfirat qilsin!» Hadisi sharif
Shamdon hadya qilishga jurʼat etdim, yo Rasulalloh!
Murodim – ulugʻ ostonangizga xizmat, yo Rasulalloh!
Ravzangizga loyiq emas bu arzimas hadyam,
Qabul aylang, ehson va inoyat qiling, yo Rasulalloh!
Sizdan oʻzga kimim bor, holimni arz etay,
Janobingizdandir ehson va muruvvat, yo Rasulalloh!
Panoh soʻrayman, omon, yuz bor omon, dargohingizga tushdim,
Rahm aylang, menga shafoat qiling, yo Rasulalloh!
Ikki olamda himoyangizga oling odil xon Mahmudni,
Avvalu oxir davlat Siznikidir, yo Rasulalloh!
II. Mahmud Hân
Xolid ibn Validning musulmon boʻlishi
Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) Makkaga umra qilish uchun borganlarida sahobalaridan hazrati Valid ibn Validga shunday degan edilar: «Xolid qayerlarda yuribdi? Uningdek odamning Islomni tanimasligi, bilmasligi mumkin emas. Qani endi, u butun gʻayrati va qahramonligini musulmonlar tomonida, mushriklarga qarshi koʻrsatsa edi, qanday yaxshi boʻlar edi! Biz uni sevar, afzal koʻrar edik». Valid ibn Valid bundan oldin ham akasiga vaqti-vaqti bilan maktub yozib, uni musulmon boʻlishga undar edi. Paygʻambarimizning bu muborak soʻzlarini ham yetkazgach, Xolid ibn Validning Islomga mayli tobora ortdi. Umra qilgan sahobalar Madinaga qaytdilar. Kunlar oʻtdi, hijratning sakkizinchi yili kirdi. Xolid ibn Valid esa endi joyida tura olmas, tezroq Madinaga yetib borib, Olamlar sarvarining huzurlarida tiz choʻkib, musulmon boʻlish sharafiga erishish uchun yonib-kuyib turar edi. U oʻzi shunday hikoya qilgan:
«Allohu taolo menga Paygʻambarimizning muhabbatlarini ehson qildi. Qalbimga Islomning muhabbatini joyladi. Meni yaxshilik bilan yomonlikni ajrata oladigan holga keltirdi. Oʻzimga oʻzim: „Men Muhammad alayhissalomga qarshi barcha urushlarda boʻldim. Lekin har gal jang maydonini tark etayotganimda buzuq va notoʻgʻri holatda ekanimni va u zotning bir kun albatta bizning ustimizdan gʻolib kelishlarini bilar edim va shu hislar bilan qaytar edim“, – dedim. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Hudaybiyaga kelganlarida ham men dushman otliqlarining qoʻmondoni edim. Usfonda ularga yaqinlashib, koʻrinib qoldim. Rasululloh bizdan xotirjam holda sahobalariga peshin namozini oʻqitmoqda edilar. Biz ularning ustiga toʻsatdan hujum qilmoqchi boʻldik, lekin buning iloji boʻlmadi. Shunday boʻlgani ham yaxshi boʻldi. Rasululloh koʻnglimizdan oʻtganini anglagan boʻlsalar kerak, asr namozini ehtiyotkorlik bilan oʻqidilar. Bu hol menga juda taʼsir qildi. Bu zotni, ehtimol, Alloh himoya qilayotgandir, dedim. Biz ajralishdik. Men turli oʻylar ichida yurganimda Muhammad alayhissalom umra uchun Makkaga keldilar, lekin men u zotga koʻrinmadim. Ukam Valid ular bilan birga kelgan ekan, lekin meni topa olmabdi. Ukam shunday bir maktub qoldirgan edi: „Bismillahir rohmanir rohim! Allohu taologa hamdu sano va Rasulullohga salotu salomdan keyin aytamanki, haqiqatan ham, men sizning Islomdan yuz oʻgirib ketishingizdan ham ajablanarli biror narsani bilmayman. Holbuki, siz yurgan yoʻlingiz notoʻgʻri ekanini anglashdan ojiz emassiz. Nega aqlingizni ishlatmaysiz? Islom kabi bir dinni tanib, anglay olmasligingiz qanday gʻalati! Paygʻambarimiz mendan sizni soʻradilar. U zot sizning Islomni tanib, gʻayrat va qahramonligingizni musulmonlar orasida, mushriklarga qarshi ishlatishingizni istaydilar. Ey akajon! Koʻp fursatlarni boy berdingiz, endi ortiq kechikmang!“
Ukamning maktubi menga yetib kelgach, menda musulmon boʻlish istagi juda kuchaydi. Yoʻlga chiqishga shoshilar edim. Rasulullohning aytganlari meni juda xursand qilgan edi. Oʻsha kecha uxlaganimda tushimda siqiq, tor va choʻl kabi suvsiz joylardan yashillikka burkangan, keng va farogʻatli bir joyga chiqdim. Madinaga borganimda bu tushimni hazrati Abu Bakrga aytib, uning taʼbirini soʻrashga qaror qildim. Men Rasulullohning oldilariga borish uchun tayyorlanayotganimda: „Oʻsha yerga borayotganimda menga kim hamroh boʻlar ekan?“ – deb oʻylar edim. Shu payt Safvon ibn Umayyaga duch keldim. Ahvolni unga aytdim. U taklifimni rad etdi. Soʻngra Ikrima ibn Abu Jahlga duch keldim. U ham rad etgach, uyimga ketdim. Ulovimga minib, Usmon ibn Talhaning oldiga bordim. Unga ham musulmon boʻlish uchun Rasulullohning oldilariga borishimni aytdim va menga hamroh boʻlishini soʻradim. U ikkilanmay rozi boʻldi va ertasi kuni sahar vaqtida birga yoʻlga chiqdik. Hira degan joyga yetib borganimizda Amr ibn Os bilan uchrashdik. U bizdan qayerga ketayotganimizni soʻradi. Maqsadimizni aytgach, u ham Habash yurtidan kelayotganini, Najoshiy Asʼhamaning oldida musulmon boʻlganini va Rasulullohga bayʼat qilish uchun Madinaga ketayotganini aytdi. Uchalamiz Madinaga yetib bordik. Paygʻambarimiz kelganimizdan xabardor boʻlgach: „Makka jigarbandlarini bizning tomonimizga tashladi“, – degan ekanlar. Madinaga kelgach, safar kiyimimni yechdim. Kiyimlarimning eng chiroylisini kiyib, Rasululloh bilan uchrashishga tayyorlandim. Shu payt ukam Valid kelib: „Shoshiling, Paygʻambarimizga sizlarning kelganingizni xabar qilishibdi, u zot juda xursand boʻlibdilar. Hozir sizlarni kutmoqdalar“, – dedi. Shoshilib, oʻsha ulugʻ Paygʻambarning huzurlariga bordim. U zot tabassum qilib turar edilar. Salom berdim va: „Allohu taolodan boshqa iloh yoʻqligiga va siz Allohu taoloning paygʻambari ekaningizga shahodat beraman“, – dedim. U zot: „Seni hidoyatga erishtirgan, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan Allohu taologa hamd boʻlsin“, – dedilar. Soʻngra gunohlarim kechirilishi uchun Allohu taologa duo qilishlarini soʻradim. U zot men uchun duo qildilar va: „Islom oʻzidan oldin qilingan gunohlarni kesib tashlaydi“, – dedilar. Ikki hamrohim ham musulmon boʻldilar».2 Bu uch pahlavon Makkaning eng botirlaridan edi: jonini ayamas, maqsadlari yoʻlida jon berishdan zarracha tortinmas edilar. Shunday qilib, ular koʻngillaridan joʻsh urgan samimiyat bilan Rasuli akramning huzurlarida sahobai kiromdan boʻlish sharafiga erishdilar. Endi ular bor kuchlari bilan kufrni yoʻq qilish uchun harakat qiladigan boʻldilar. Ularning musulmon boʻlganidan sahobalar juda xursand boʻldilar va sevinchlarini «Allohu akbar!» degan takbirlar bilan izhor qildilar.
Hazrati Muhammad – Haqning sadosidir,
Ikki dunyoning sarvaridir u zot.
Arab ham, Ajam ham – u zotning bandasi.
Zamon ul Gul kabi gulni koʻrmagan,
Sen ham ul Goʻzalning oldida bosh eg.
Imom Busiriy
«Islom oʻzidan oldin qilingan gunohlarni kesib tashlaydi» Hadisi sharif
