Sevimli Paygʻambarim

Laylai Taʼris qissasi

Xaybar jangidan qaytayotganlarida Taʼris degan joyda dam olish uchun toʻxtadilar. Oʻsha kecha Rasululloh hazrati Bilolni chaqirib: «Yo Bilol! Bu kecha uxlama! Tongni kuzatib, bizni namozga uygʻot», – dedilar. Soʻngra Rasululloh sahobalar bilan birga uxlashga yotdilar. Hazrati Bilol bir oz namoz oʻqidi. Yuzini kunchiqishga qaratib, orqasini yukiga suyadi. Namoz vaqtini kutayotib, uxlab qoldi. Ular shu qadar charchagan edilarki, quyosh nurlari yerni isitib, yuzlariga tushguncha hech kim koʻzini ocha olmadi. Hammadan oldin Rasululloh uygʻondilar. Ular turib, tahorat oldilar. Hazrati Bilol iqomat aytdi va ular bomdod namozini jamoat bilan qazo qildilar. Namoz tugagach, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Bir kishi namozini unutsa, esiga tushgan zahoti uni ado qilsin. Chunki Haq taolo: „Aqimis salota lizikriy (namozni Meni yod etish, ulugʻligimni eslash uchun oʻqi)“, – deb marhamat qilgan».

Hazrati Ali uchun quyoshning qaytishi

Xaybar jangidan qaytayotganlarida Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Sahboda dam olmoqda edilar. Muborak boshlarini hazrati Alining (roziyallohu anhu) tizzasiga qoʻygan edilar. Shu payt vahiy kela boshladi. Quyosh ufqda edi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) hali asr namozini oʻqimagan edi. Vahiy tugagach, quyosh botdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Rabbim! Agar Ali (roziyallohu anhu) Sening va Rasulingning tarafida boʻlsa, quyoshni qaytar», – deb duo qildilar. Hazrati Ali namozni oʻqib boʻlganidan keyin quyosh yana botdi. Asmo bint Umays shunday deydi: «Men botgan quyoshning qaytib chiqqanini va yer yuzini yoritganini koʻrdim».

Vodil Quro jangi

Bu jang Jumodul oxir oyida Vodil Quroda boʻlib oʻtdi. Rasulullohning Islom qoʻshini bilan Vodil Quroga kelganlarini eshitgan oʻlkadagi yahudiylar arab mushriklaridan bir guruhning yordami bilan jangga tayyorlandilar. Joylaridan chiqib, jang tartibiga tizildilar. Paygʻambar alayhissalom ham jang tartibini tuzdirib, bayroqni sahobalardan biriga berdilar. Kofirlarni Islomga daʼvat qildilar va: «Agar iymon keltirsangizlar, jonlaringizni va mollaringizni qutqarasizlar», – dedilar. Ular nasihatni qabul qilmadilar. Mushriklardan biri maydonga chiqib, yakka olishuvga chaqirdi. Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) uni oʻldirdi. Yana biri hazrati Alining qarshisiga chiqdi. Hazrati imom u kofirni shu zahoti jahannam oʻtiga joʻnatdi. Yana biri keldi, uni ham oʻldirdi. Abu Dujona (roziyallohu anhu) ikki yahudiyni oʻldirdi. Oʻsha kuni oʻn besh kofir oʻldirildi. Kech kirgach, har kim oʻz manziliga ketdi. Ertalab ikki tomon ham yana qilichlarini qinidan sugʻurib, jangga tayyorlandilar. Quyosh bir nayza boʻyi koʻtarilganda, kofirlarga qoʻrquv tushdi va ular qochib ketdilar. Mujohidlar koʻp neʼmat va oʻlja oldilar. Taymo yahudiylari ham Vodil Quro yahudiylarining bu oqibatidan qoʻrquvga tushdilar. Mulklarini saqlab qolish uchun jizya toʻlashga rozi boʻldilar va sulh tuzildi.

«Xaybar qalʼasining darvozasini jismoniy kuch bilan emas, ruhoniy bir kuch bilan koʻtardim» Hazrati Ali (roziyallohu anhu)

Vodil Quro jangi