XAYBARNING FATHI
Munavvar Madinada tashqi koʻrinishda musulmon, aslida esa munofiq boʻlgan yahudiylar bor edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilmaslaridan oldin Madina ahli Abdulloh ibn Ubay ibn Salulni oʻzlariga boshliq qilib saylagan edilar. Unga javohirlar bilan bezatilgan bir toj ham bergan edilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Madinaga tashrif buyurganlaridan keyin Madina ahli butunlay sevimli Paygʻambarimizga hurmat va eʼtibor koʻrsata boshladi va u zotga ergashdi. Ibn Salul bir chetda qadrsiz holda qoldi. Ibn Salulga eʼtibor bermay qoʻyishdi. Shundan soʻng Ibn Salul Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) oʻldirish yoki u zotga biror aziyat yetkazish uchun harakatga tushdi. Bir kuni yahudiylar uning oldiga yigʻildilar. Bu haqda baʼzi rejalar tuzib, Labid ibn Osimdan yordam soʻradilar. Labid: «Falon mahallada Xayra ismli bir kampir bor. U sehr qilishda juda mohir. Oʻshani topinglar», – dedi. Ular oʻsha malʼun ayolni topib, unga ming dirham oltin va oʻn toʻp mato berdilar. «Agar Muhammadni halok qilsang, senga yana juda koʻp narsalar beramiz», – dedilar. Kampir bir kabutar bolasiga ignalar sanchib, iplarni tugib, kabutar bolasining ustiga oʻradi. Uni Madinaning tashqarisidagi bir tashlandiq quduqqa solib, ogʻzini yopdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) betob boʻlib qoldilar. Muborak aʼzolari harakatsiz boʻlib qoldi. Turli dorilar berishsa ham, foydasi boʻlmadi. Bu hol toʻqqiz kun davom etdi.
Soʻngra Jabroil alayhissalom kelib, ahvolni xabar berdi. Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) oʻsha yerga olib borishdi. U zot quduqning ogʻzini ochib, kabutarni chiqardilar. Lekin iplardagi tugunlarni yechib boʻlmadi. Jabroil alayhissalom Muavvizatayn (Falaq va Nos) suralarini olib keldi va: «Yo Muhammad alayhissalom! Bu suralarni oʻsha tugunlar ustiga oʻqing», – dedi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) u suralarni oʻqiy boshladilar. Har bir oyatni oʻqiganlarida tugunlardan biri yechila, ignalardan biri chiqa boshladi. Suralarni (ikki suradagi 11 oyatni) toʻliq oʻqib boʻlganlarida tugunlarning hammasi yechildi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) kasallikdan butunlay qutulib, sogʻayib ketdilar. Soʻngra u zot oʻsha malʼun kishilarni chaqirib, ularni koyidilar. Madina ahli ularga shunday jazolar berdiki, ular halok boʻldilar. Yahudiy Labidni ham ushlab, Rasulullohning huzurlariga keltirishdi. Paygʻambarimiz unga: «Buni nega qildirding?» – deganlarida, u: «Oltinga boʻlgan muhabbatim uchun», – deb javob berdi. Sahobai kiromdan baʼzilari: «Yo Rasulalloh! Ijozat bersangiz, bu yahudiyning boʻynini chopaylik!» – deganlarida, oʻz shaxslari uchun hech kimni jazolamaydigan sevimli Paygʻambarimiz: «Uning oxirida koʻradigan ilohiy azobi qattiqroqdir», – deb, uni oʻldirishga ruxsat bermadilar.1 Madinadan quvilgach, yahudiylar Arabistonning shimol taraflariga ketgan edilar. Ulardan bir qismi Xaybarda qolib, joylashdi. Bir qismi esa shimolda joylashgan Shomga ketdi. Rasulullohga suiqasd uyushtirganlari uchun ular yurtlaridan chiqarilgan edilar. Lekin musulmonlarga qarshi qalblaridagi kin, hirs va intiqom tuygʻulari hech qachon soʻnmadi. Aksincha, kundan-kunga kuchaydi: ular Allohu taoloning Habibi boʻlgan Koinot sultonining hayotiga tezroq barham berishni, Islom dinini yoʻq qilishni istar edilar.
Ularning koʻzga koʻringan kishilaridan baʼzilari: «Gʻatafon qabilasiga borib, yordam soʻraylik, musulmonlarga qarshi ular bilan birga urushaylik!» – dedilar. Baʼzilari esa: «Fadak, Taymo va Vodil Quro yahudiylarini ham yordamga chaqirib, musulmonlar bizga hujum qilmaslaridan oldin ularning shahriga biz hujum qilaylik, butun oʻchimizni olaylik!…» – dedilar. Xaybar yahudiylari bu soʻzni qabul qilib, atrofdagi yahudiy qabilalarini va Gʻatafon qabilasini yordamga chaqirdilar. Birgina Gʻatafon qabilasidan juda koʻp sara jangchilar keldi va Xaybarda tayyorgarlik boshlandi. Ular shunday tayyorgarlik koʻrayotganda, Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) yahudiylarning ahvolidan xabardor boʻldilar. U zot hazrati Abdulloh ibn Ravohaning yoniga uch sahobani qoʻshib, Xaybarda nimalar boʻlayotganini bilish uchun uni darhol yubordilar. Abdulloh ibn Ravoha va uning uch hamrohi tezda Xaybarga keldilar. Bu – sakkizta mustahkam qalʼasi, yana boshqa mayda-chuyda qalʼalari, hosildor yerlari, juda koʻp tokzor va bogʻlari boʻlgan boy bir shahar edi. Hazrati Abdulloh hamrohlaridan birini Shiq qalʼasiga, boshqasini Katiba qalʼasiga, uchinchisini Natot qalʼasiga yubordi. Oʻzi esa boshqa bir qalʼaga kirdi. Uch kun ular yahudiylarning ahvolini, urushga tayyorgarliklarini yaqindan oʻrgandilar. Uch kundan keyin uchrashuv joyida birlashib, tezda Madinaga qaytdilar va yahudiylarning tayyorgarliklarini Paygʻambarimizga birma-bir aytib berdilar.
Sevimli Paygʻambarimiz sahobalariga shoshilinch tayyorgarlik koʻrishni buyurdilar. Yahudiylarning Madinai munavvaraga hujum qilishining oldini olish uchun Xaybar ustiga yurishga qaror qildilar. Bu qarorni eshitgan Madinadagi yahudiylar sarosimaga tushdilar. Musulmonlarning ruhiyatini tushirish uchun ular: «Qasam ichamizki, agar sizlar Xaybardagi qalʼalarni, u yerga toʻplangan botir jangchilarni koʻrganingizda edi, u yerga hech qachon qadam bosmas edingiz!… Togʻlarning choʻqqisidagi baland burjli qalʼalarni sovutli botirlar qoʻriqlamoqda. Atrofdan ularga yordamga minglab askar keldi!… Sizlar Xaybarni fath eta olarmidingiz?!…» – deb gapirar edilar. Ularga javoban qahramon sahobalar: «Allohu taolo Oʻz Habibiga Xaybarning fathini vaʼda qilgan», – deb, yahudiylardan hech qachon qoʻrqmasliklarini bildirar edilar. Sahobalarning bunday qatʼiyatli holati yahudiylarni yanada koʻproq tashvishga solar, xavotirga tushirar edi. Munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay: «Muhammad oz kuch bilan ustingizga kelmoqda. Qoʻrqadigan hech gap yoʻq, lekin ehtiyotkor boʻlib, mollaringizni qalʼalaringizga toʻldiringlar. Ularni qalʼadan chiqib qarshi olinglar!» – deb, Xaybarga shoshilinch xabar yubordi. Sahobai kirom tayyorgarliklarini tugatdilar, oila aʼzolari bilan rozi-rizolik tilashib, xayrlashib, Paygʻambarimizning atroflariga toʻplandilar. Ular ikki yuz otliq va ming toʻrt yuz piyoda edilar. Allohu taoloning dinini yoyish, jihod qilish va shahidlik martabasiga erishish uchun sevimli Paygʻambarlarining amriga tayyor turdilar. Shu paytda baʼzi ayollar urushda sahobai kiromning ovqatini tayyorlash, yarador va bemorlarga qarash, yaralarni bogʻlash, dori tayyorlash va qoʻllaridan keladigan boshqa ishlarni bajarish uchun Paygʻambarimizdan vazifa soʻradilar. Rasululloh ularga shafqat koʻrsatib, ularni bu savobdan mahrum qilmadilar. Shunday qilib, mujohidlarga sevimli Paygʻambarimizning muborak zavjalari hazrati Ummu Salama boshchiligida yigirma nafar mujohida ayol ham qoʻshildi.2
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Madinada oʻz oʻrinlariga oʻrinbosar qilib Gʻifor qabilasidan hazrati Siboʼni qoldirdilar va Xaybarga yurish haqida buyruq berdilar. (Numayla ibn Abdullohning qoldirilgani ham rivoyat qilinadi.) Safar takbirlar bilan boshlandi. Uzrlari sababli urushga qatnasha olmagan, yoshlari kichik boʻlgani uchun ruxsat berilmagan sahobalar Paygʻambarimizga va oʻzlarining qahramon otalariga, bobolariga, amakilariga, togʻalariga va akalariga havas bilan qarar, ularni takbirlar va duolar bilan kuzatar edilar.
«Xaybar qalʼasi Ali ibn Abu Tolib qoʻli bilan fath etiladi» Hadisi sharif
Taqvim hijratning yettinchi yili Muharram oyini koʻrsatar edi. Paygʻambarimizning muqaddas bayroqlarini hazrati Ali koʻtarib borar, oʻng qanotga hazrati Umar boshchilik qilar edi.3 Chap qanotga ham u zot boshqa bir sahobani tayinladilar. Safar xush kayfiyatda oʻtmoqda edi. Shoirlar sheʼrlari bilan Allohu taologa bergan neʼmatlari uchun hamd aytar, sevimli Paygʻambarimizga salavot aytar va shonli sahobalarni madh etar edilar. Sahobalar esa bayramga borayotgandek, hammalari birga «Allohu akbar! Allohu akbar! La ilaha illallohu vallohu akbar!» deb, butun atrofni larzaga solar edilar.
Har bir qoʻnalgʻada Koinot sultoni: «Allohim! Kelajak tashvishidan, oʻtmish gʻamidan, ojizlik va dangasalikdan, baxillik, qoʻrqoqlik va belni bukadigan qarzdan, zolim va nohaq kishilarning ustun kelishidan Senga panoh soʻrayman!» – deb duo qilar edilar.
Xaybarga yaqinlashganda, sevimli Paygʻambarimiz sahobalarini toʻxtatdilar. Qoʻllarini ochib: «Ey osmonlarning va ular soya solgan narsalarning Rabbi boʻlgan Allohim! Ey yerlarning va ular ustidagi narsalarning Rabbi boʻlgan Allohim! Ey shaytonlarning va ular yoʻldan ozdirganlarning Rabbi boʻlgan Allohim! Ey shamollarning va ular uchirib yurgan narsalarning Rabbi boʻlgan Allohim! Biz Sendan bu yurtning xayrini va yaxshiligini, bu yurtda yashaydigan odamlarning xayrini va yaxshiligini, shuningdek, bu yurtdagi har bir narsaning xayrini va yaxshiligini soʻraymiz. Bu yurtning yomonligidan, odamlarning yomonligidan va undagi har bir narsaning yomonligidan Senga panoh soʻraymiz!» – deb munojot qila boshladilar.
Sahobalarning lablaridan «Omin, omin» degan sadolar yangrar edi. Shundan soʻng u zot sahobalariga: «„Bismillahir rohmanir rohim“ deb olgʻa yuringlar», – dedilar.
Sahobai kirom Rasuli akramning atroflarida jipslashib, yana yoʻlga tushdilar. Ular Xaybarning eng mustahkam qalʼalaridan biri boʻlgan Natot qalʼasi yaqiniga keldilar.
U yerda qarorgoh qurdilar. Shom vaqti edi. Rasulullohning muborak odatlari boʻyicha tong otmaguncha hujum qilinmas va avval Islomga daʼvat qilinar edi. Taklifni qabul qilmasalar, urush boshlanar edi. Shuning uchun sahobai kirom tongni kutdilar. Yahudiylardan hech biri Islom qoʻshini kelganini sezmagan edi. Koinot sarvari bomdod namoziga imomlik qilgach, tayyorgarlikni tugatdilar va mujohidlarni harakatga keltirdilar. Ikki yuz otliq va ming toʻrt yuz piyoda tartibli saflar bilan Natot qalʼasi oldiga yaqinlashdilar. Shu paytda tokzorlar, bogʻlar va dalalarda ishlash uchun qalʼadan chiqqan yahudiylar birdan Islom askarlariga duch kelib, sarosimaga tushib qoldilar.
Ular: «Qasam ichamizki, bular – Muhammad va uning tartibli qoʻshini!…» – deb, ortga qocha boshladilar. Ularning bu holini koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz: «Allohu akbar! Allohu akbar! Xaybar xarob boʻldi», – dedilar va bu muborak soʻzlarini uch marta takrorladilar. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) yahudiylarga yo musulmon boʻlishlari, yo taslim boʻlib, xiroj va jizya toʻlashlari kerakligini, aks holda urush boʻlib, qon toʻkilishini bildirdilar. Yahudiylar koʻzga koʻringanlaridan Sallom ibn Mishkamning oldiga borib, ahvolni yetkazdilar. Sallom: «Men sizlarga bundan oldin Muhammadning ustiga yuringlar degan edim, qabul qilmadinglar. Hech boʻlmaganda endi u bilan urushishda sustlik qilmanglar. Musulmonlar bilan urusha-urusha oʻlishingiz hayotda kimsasiz qolishingizdan yaxshiroqdir!…» – deb, ularni urushga undadi. Yahudiylar tezda bola-chaqalari va xotinlarini Katiba qalʼasiga, oziq-ovqatlarini Noimga, askarlarini esa Natot qalʼasiga toʻpladilar.
Islom qoʻshinining musulmon boʻlish haqidagi taklifiga yahudiylar oʻq otish bilan javob berdilar. Mujohidlar oʻqlarni qalqonlari bilan qarshi oldilar. Sevimli Paygʻambarimizning buyruqlari bilan kamonlar tortildi va «Allohu akbar!…» sadolari ostida qalʼa burjlaridagi yahudiylar ustiga oʻqlar uchdi. Endi urush boshlangan edi. Bir tomonda Koinot sultoni va u zotning qahramon sahobalari Islomni yoyish, yahudiylarning musulmon boʻlib, jahannamdan qutulishlariga sabab boʻlish uchun jang qilmoqda edilar. Ikkinchi tomonda esa nasihatga quloq solmaydigan, har fursatda musulmonlarga orqadan zarba berishni istaydigan, haqiqatni koʻrmaslikda qaysarlik qiladigan yahudiylar bor edi. Yahudiylar paygʻambarlarning oxirgisi (Xotamul anbiyo) boʻlgan Paygʻambarimizning oʻz qavmlaridan chiqmaganini koʻrgach, hasad qilib, u zotni qabul qilmagan edilar. Paygʻambarimizni bolaliklaridan boshlab yoʻq qilish uchun xayollariga kelgan har qanday hiylaga qoʻl urgan edilar, lekin Allohu taoloning himoyasi tufayli hech narsa qila olmagan edilar.
Ming olti yuz shonli mujohid ustiga oʻn mingdan ortiq yahudiy askari oʻq yogʻdirar edi. Sahobai kirom ketma-ket kelayotgan bu oʻqlardan qalqonlari bilan himoyalanar, fursat topganda esa yerga tushgan oʻqlarni yahudiylar ustiga qayta otar edilar. Lekin baʼzi sahobalar yaralandilar.
Bir payt Habibullohning huzurlariga hazrati Hubob ibn Munzir katta adab bilan yaqinlashib: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Qarorgohimizni boshqa joyga qursak boʻlmaydimi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Inshoallohu taolo, kech kirganda koʻchiramiz!» – dedilar. Mujohidlar oʻq yetadigan masofaga kirib qolgan edilar. Yahudiylarning qalʼadan otgan oʻqlari Islom qarorgohining orqa qismlarigacha yetib borar edi.4 Oʻsha kuni kechgacha urush oʻqlar bilan davom etdi. Ellikka yaqin sahoba otilgan oʻqlardan yaralandi. Kech kirgach, yangi qarorgoh joyini izlash uchun hazrati Muhammad ibn Maslamaga vazifa berildi. U Rajiʼ degan joyning qulay ekanini aytgach, Islom qarorgohi oʻsha yerga koʻchirildi.
«Biz, paygʻambarlar, meros qoldirmaymiz. Qoldirganlarimiz kambagʻallarga sadaqa boʻladi» Hadisi sharif
Xaybar jangi
Yaradorlar ham davolana boshladi.5 Ertasi kuni qahramon sahobalar Natot oldiga kelib, kechgacha jang qildilar. Uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi kunlari ham qamal davom etdi. Yahudiylar doim mudofaada qoldilar. Oʻsha kunlari sevimli Paygʻambarimiz qattiq bosh ogʻrigʻiga chalinganlari uchun ikki kun mujohidlar orasida boʻla olmadilar. Birinchi kuni bayroqni hazrati Abu Bakrga, ikkinchi kuni hazrati Umarga berdilar. Ikkalasi ham sahobai kiromning boshida turib, yahudiylarga qarshi juda qattiq jang qildilar, lekin qalʼani fath etish mumkin boʻlmadi. Shu orada jasorati ortgan yahudiylar qalʼa darvozalarini ochib, hujumga oʻtdilar. Endi yuzma-yuz olishuv boshlangan edi. Urush juda qizidi. Paygʻambarimiz sahobalariga: «Allohu akbar! Allohu akbar!… deb takbir aytinglar», – deganlari sari ular takbir sadolari ostida ishq va shavq bilan dushmanga qilich solar edilar. Bir payt Muhammad ibn Maslamaning birodari Mahmud shahid qilindi. Qattiq toʻqnashuvlar kechgacha davom etdi.
Ertasi kuni Xaybarning eng mashhur qoʻmondonlaridan Marhab sovutlarga burkangan holda qalʼadan tashqariga chiqdi. U baquvvat, dev kabi bir odam edi. Shu paytgacha uning qarshisiga uni yenga oladigan biror pahlavon chiqmagan edi. U mujohidlarga oʻgirilib: «Men – jasorati, qahramonligi bilan tanilgan Marhabman!» – deb maqtana boshladi. U shunday maqtanayotganda, sahobalar orasidan bir mujohid oldinga otilib chiqdi. U Marhabga qarata: «Men ham dahshatli va shiddatli janglarning oʻrtasiga tashlanishdan qoʻrqmaydigan Omirman!» – deb naʼra tortdi va darhol uning qarshisida turdi. Dev Marhab ustiga «Kimga tegsa, halok qiladi!…» deb yozilgan qilichini hazrati Omirga bor kuchi bilan urdi. Qahramon Omir shu zahoti qalqonini koʻtardi. Keng qilich qalqonga urilganda, qattiq bir ovoz atrofni jaranglatdi va qilich qalqonga sanchilib qoldi.
Hazrati Omir Yaratganga sigʻinib: «Yo Alloh!» – deb, qilichini Marhabning sovutli oyoqlariga soldi. Qilich poʻlat sovutga tegar-tegmas ortga qaytib, birdan sahobaning oʻz oyogʻiga tegdi. Qilichning shiddat bilan ortga qaytishi hazrati Omirning oyogʻidagi shoh tomirning kesilishiga sabab boʻldi. Sahobai kirom yugurib kelib, Omirni quchoqlab, davolash uchun qarorgohga olib ketdilar. Lekin Omir (roziyallohu anhu) oʻsha yerda shahid boʻlib, oliy jannatga parvoz qildi.6
Toʻqnashuvlar bor shiddati bilan davom etmoqda edi. Kechga yaqin sevimli Paygʻambarimiz mushrik gʻatafonliklarga – ular yahudiylarga toʻrt ming askar bilan yordamga kelib, urushga qoʻshilgan edilar – yahudiylardan ajralib, yurtlariga qaytib ketishni taklif qildilar. Shunday qilsalar, Xaybarning bir yillik xurmo hosilini ularga berishlarini ham vaʼda qildilar. Lekin gʻatafonliklar bu taklifni rad etdilar. Shundan soʻng Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) sahobalariga gʻatafonliklar turgan qalʼa atrofida tong ottirishni buyurdilar. Gʻatafonliklar kechasi mujohidlarning hujum qilishidan juda qoʻrqdilar, sira uxlay olmadilar. Oʻsha kecha qayerdan kelgani nomaʼlum bir ovoz Gʻatafon yurtiga bosqin qilinganini, bola-chaqalari va mollari qoʻlga olinganini bildirar edi. Bu ovoz uch marta takrorlandi va barcha gʻatafonliklar uni katta qoʻrquv ichida tingladilar. Ularning qoʻmondoni Uyayna ham shu ovozni uch marta eshitdi va tong otay deganda askarlarini olib, Xaybardan shoshilib uzoqlashdi va yurtining yoʻlini tutdi. Ertalab yahudiylar gʻatafonliklarning Xaybarni sababsiz tark etganlariga hayron qoldilar va umidsizlikka tushdilar. Ularni yordamga chaqirganlariga ham juda pushaymon boʻldilar.
«Xaybar qalʼasini olgan kunimiz Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) xonaki eshak goʻshtini yeyishni va mutʼa nikohi bilan ayol olishni man qildilar» Hazrati Ali (roziyallohu anhu)
Hazrati Alining qahramonligi
Oʻsha kuni ham Xaybar oldida qattiq toʻqnashuvlar boʻldi, lekin qalʼa fath etilmadi. Kechqurun Koinot sultoni: «Ertaga bayroqni shunday bir yigitga beramanki, u Allohu taoloni va Uning Rasulini sevadi, Allohu taolo va Uning Rasuli ham uni sevadi. Allohu taolo uning qoʻli bilan fathni amalga oshiradi!» – deb xushxabar berdilar.
Oʻsha kecha sahobai kirom hayajon bilan tongni kutdilar. Har biri bayroq oʻziga berilishini umid qilar, shu yoʻlda Allohu taologa duolar qilar edi. Hazrati Bilol Habashiy bomdod azonini oʻtli va goʻzal ovozi bilan aytdi. Azon aytilayotganda har kimda oʻzgacha bir hayajon, oʻzgacha bir zavq paydo boʻlar, u ilohiy zavqdan toʻyib boʻlmas edi. Sevimli Paygʻambarimiz sahobalariga bomdod namozida imomlik qilgach, oʻrinlaridan turdilar. Muborak Islom bayrogʻini keltirishni buyurdilar. Muqaddas bayroq keltirilayotganda, sahobai kirom oyoqda kutib turar, Rasuli akramning muborak lablaridan chiqadigan soʻzlarni eshitish uchun quloq tutib turar edilar.
Nihoyat Olamlar sarvari: «Muhammadning zotini paygʻambarlik bilan sharaflagan Allohu taologa qasamki, men bu bayroqni qochish nimaligini bilmaydigan bir yigitga beraman», – deb, muborak koʻzlarini sahobalari orasida aylantirib: «Ali qayerda?» – deb soʻradilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh! Uning koʻzlari ogʻrimoqda», – deyishganda, u zot: «Uni mening oldimga chaqiringlar», – dedilar. Oʻsha kunlari hazrati Alining koʻzlari ogʻrib, ularni ocha olmay qolgan edi. Uning oldiga borib, ahvolni bildirishdi va muborak qoʻlidan tutib, Rasulullohning huzurlariga olib kelishdi. Koinot sultoni hazrati Alining shifo topishi uchun Allohu taologa duo qildilar va muborak barmoqlarini ogʻizlarida hoʻllab, uning koʻzlariga surtdilar. Shu onda hazrati Alining koʻzlarida hech qanday ogʻriq qolmadi. Soʻngra u zot uning uchun yana: «Yo Rabbim! Issiq va sovuqning mashaqqatini undan ketkaz!» – deb duo qildilar. Keyin muborak qoʻllari bilan hazrati Aliga sovut kiydirib, beliga oʻz qilichlarini bogʻladilar, qoʻliga oq Islom bayrogʻini berdilar va: «Allohu taolo senga zafar nasib etguncha jang qil. Ehtiyot boʻl, ortingga qayrilma!» – dedilar. Hazrati Ali: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Ular Islom diniga kirgunlaricha ular bilan jang qilaman», – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Vallohi, sen tufayli Allohu taoloning ulardan biror kishini hidoyatga erishtirishi sen uchun koʻplab qizil tuyalarga ega boʻlib, ularni Allohu taolo yoʻlida sadaqa qilishingdan yaxshiroqdir», – dedilar.7
Hazrati Ali qoʻlida bayroq bilan yahudiy qalʼasi tomon borayotganda, shonli sahobalar ham uning ortidan yurdilar. Qalʼaga juda yaqin kelib, bayroqni bir tosh yoniga tikkan paytda Natot qalʼasining darvozasi ochildi.
Yahudiylarning hujum guruhlari tashqariga chiqdilar. Bular Xaybarning eng sara qahramonlari edi. Har biri qoʻsh sovut kiygan, temir himoya kiyimlariga burkangan edi. Ulardan biri hazrati Ali tomon yurib, jang qilish uchun uning qarshisida turdi. Bu – jasoratda tengi boʻlmagan Marhabning birodari Horis edi. U shiddat bilan hujum qildi… Ikki poʻlatning ovozi maydonni tutganda, Zulfiqor chaqmoqdek tushib, Horisning boshini tanasidan judo qildi. Shu onda «Allohu akbar! Allohu akbar!» sadolari osmonga koʻtarildi. Birodarining oʻldirilganini eshitgan Marhab qoʻl ostidagi askarlari bilan chopib maydonga keldi va hazrati Alining qarshisida turdi. Uning ustida ham qoʻsh sovut bor edi. Ikkita qilich taqib olgan, katta gavdali Marhab goʻyo bir devni eslatar edi. Butun gʻazabi bilan u: «Men – janglarning eng shiddatli paytlarida maydonga otilib, qahramonlarcha jang qiladigan Marhabman! Men naʼra tortgan sherlarni ham nayzam yoki qilichim bilan ilma-teshik qilaman!…» – deb, oʻzini maqtay boshladi.
Hazrati Ali (karramallohu vajhahu va roziyallohu anhu) shunday javob berdi: «Men shunday kishimanki, onam menga Haydar (Arslon) deb ism qoʻygan. Men haybatli sher kabiman! Men seni bir zarbada yerga qulatadigan botir kishiman!…»
Marhab hazrati Alidan «Haydar» soʻzini eshitgach, qalbiga qoʻrquv tushdi. Chunki kechasi tushida bir sher uni parchalab tashlagan edi. Tushida koʻrgan sher nahotki shu boʻlsa? Shu payt dev Marhab hamla qildi, hazrati Ali uni qalqoni bilan qarshi oldi. Soʻngra Allohu taologa sigʻinib: «Yo Alloh!…» – deb, Zulfiqorni kofirning boshiga shunday tushirdiki, katta gavdali Marhabning Zulfiqorga qarshi tutgan qalin poʻlat qalqonini ham, poʻlatdan yasalgan dubulgʻasini ham ikkiga boʻlib, boshini tepasidan gardanigacha ikkiga ajratdi. Uning boʻynidan qon favvora kabi otilib chiqdi, devdek gavdasi yerga quladi. Zulfiqorning dahshatli ovozi Xaybarning har tarafida eshitildi. Paygʻambarimiz: «Xursand boʻlinglar! Xaybarning fathi endi osonlashdi», – dedilar. Sahobai kirom hazrati Alining bu bahodirligiga hayron qolib, «Allohu akbar! Allohu akbar!…» sadolari bilan osmonni jaranglatdilar.
Toʻqnashuv bor shiddati bilan davom etmoqda edi. Sahobai kirom urusha-urusha qalʼa darvozasi yoniga kelgan bir paytda bir yahudiy qilichi bilan hazrati Alining qalqoniga urdi. Qalqon yerga tushdi, lekin egilib olishga vaqt yoʻq edi. Fursatni qoʻldan boy berishni istamagan yahudiy qalqonni ilib oldi-da, ortga qochdi. Bundan juda xafa boʻlgan Allohu taoloning Arsloni Zulfiqor bilan atrofidagi dushmanlarni tarqatgandan keyin qalʼaning darvozasini qalqon qilishni niyat qildi. «Bismillahir rohmanir rohim», – deb, u katta temir darvozaning halqalariga osildi. Ilmoqlarini devordan silkitib sugʻurib oldi… Hazrati Ali darvozani sugʻurayotganda qalʼa oʻrnidan silkinib ketdi. Sakkiz-oʻn pahlavon oʻrnidan qoʻzgʻata olmaydigan bu darvozani bir qoʻli bilan qalqon qilib, jang qila boshladi. Bu aql bovar qilmaydigan voqea sevimli Paygʻambarimizning bir moʻjizalari va hazrati Alining bir karomatidir.8
Uning qarshisiga ketma-ket yahudiylarning eng botir pahlavonlaridan yana oltitasi chiqdi. Ularni ham Allohu taoloning izni bilan yenggan hazrati Ali qahramon hamrohlari bilan qalʼaga kirdi. Endi jang qalʼa ichida boʻlmoqda edi. Qisqa vaqt ichida ularga qarshi chiqadigan kishi qolmadi. Islom bayrogʻini qalʼaga tikishdi. Shunday qilib, ularning eng mustahkam qalʼasi boʻlgan Natot fath etildi. Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Alining koʻzlaridan oʻpdilar va: «Koʻrsatgan qahramonliging uchun Allohu taolo va Uning Rasuli sendan rozi boʻldi», – dedilar. Bu muborak soʻzni eshitgan hazrati Ali sevinchidan yigʻladi. Paygʻambarimiz: «Nega yigʻlayapsan?» – deb soʻraganlarida, u: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sevinchimdan yigʻlayapman. Chunki Allohu taolo va Uning Rasuli mendan rozi boʻldi», – dedi. Shunda sevimli Paygʻambarimiz: «Faqat men emas, Jabroil, Mikoil va barcha farishtalar sendan rozi boʻldilar», – dedilar. Shu paytda Paygʻambarimizga yordamga Davs qabilasidan toʻrt yuz musulmon keldi.9 Shundan keyin qolgan qalʼalarni fath etish uchun toʻqnashuvlar shiddat bilan davom ettirildi. Xaybarning qolgan yettita mustahkam qalʼasi ham birin-ketin qulagach, iloj topolmay qolgan yahudiylar vakillar yuborib, sulh soʻradilar. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) bu taklifni qabul qildilar va ular quyidagi shartlar asosida kelishdilar: 1. Bu gʻazotda musulmonlar bilan urushgan yahudiylarning qoni toʻkilmaydi. 2. Xaybarni tark etadigan yahudiylar oʻzlari bilan faqat bolalarini va bir tuya yuki kerakli uy anjomlarini olib keta oladilar. 3. Qolgan koʻchar va koʻchmas mollarning hammasi; sovut, qilich, qalqon, kamon, oʻq kabi barcha qurollar, ustlaridagi kiyimdan boshqa hamma kiyim-kechaklar; matolar, oltinlar va shuningdek xazinalar, ot, tuya, qoʻy kabi barcha hayvonlar… nima boʻlsa, hammasi musulmonlarga qoladi. 4. Musulmonlarga qoldirilishi lozim boʻlgan biror narsa hech qanday yoʻl bilan yashirilmaydi. Yashirganlar Allohu taolo va Uning Rasulining omonligi va himoyasidan tashqarida qoladilar…
«Men shunday kishimanki, onam menga Haydar (Arslon) deb ism qoʻygan. Men haybatli sher kabiman!» Hazrati Ali (roziyallohu anhu)
Bu shartlarga rioya qilmagan, xazinalarini meshlarga solib, yerga koʻmgan Kinona ibn Robiʼ jazolandi. Qoʻlga kiritilgan oʻljaning hisob-kitobi yoʻq edi. Xaybarning oʻsha hosildor yerlari, xurmozorlari butunlay Islom qoʻshiniga qoldi.10 Shu paytda yurtlariga qaytib ketgan gʻatafonliklar yahudiylarga yordam berish uchun Xaybarga qaytib kelgan edilar. Paygʻambarimiz Xaybarni fath etib, yahudiylarni taslim qilganlarini koʻrgach, ular: «Ey Muhammad! Sen, agar Xaybarni tark etsak, bizga Xaybarning bir yillik xurmosini berishni vaʼda qilgan eding. Biz soʻzimizda turdik. Qani, ularni bizga ber!» – dedilar. Paygʻambarimiz ularga: «Falon togʻ sizlarniki boʻlsin», – dedilar. Gʻatafonliklar: «Unday boʻlsa, biz sizlar bilan urushamiz», – deb tahdid qilishga urindilar. Rasuli akram: «Urush joyimiz Janafa boʻlsin», – dedilar. Janafa gʻatafonliklar oʻlkasidagi bir joyning nomi edi. Gʻatafonliklar buni eshitgach, qoʻrqqanlaridan chekinib ketdilar.
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) va u zotning qahramon sahobalari Xaybar fathi paytida juda charchagan edilar. Bir tomondan yaradorlar davolanar, ikkinchi tomondan dam olar edilar.
Yahudiylarning koʻzga koʻringanlaridan Sallom ibn Mishkamning xotini Zaynab Paygʻambarimizni zaharlab oʻldirmoqchi boʻldi. Shu maqsadda u bir qoʻy soʻyib pishirdi va goʻshtga koʻp miqdorda zahar qoʻshdi. Soʻngra Rasulullohning huzurlariga kelib, hadya keltirganini aytdi. Rasuli akram hadyani qabul qilib, sahobalarini chaqirdilar va hammalari birga ovqatlanishga oʻtirdilar. Olamlar sarvari qoʻy kabobidan bir boʻlak uzib olib, «Bismillahir rohmanir rohim», – deb, muborak ogʻizlariga soldilar. Bir necha marta chaynagach, darhol muborak ogʻizlaridan chiqarib: «Ey sahobalarim! Bu taomdan qoʻlingizni tortinglar! Chunki mana shu kurak goʻshti menga zaharlanganini xabar qildi», – dedilar. Sahobalar darhol qoʻllarini taomdan tortdilar. Lekin goʻshtdan bir luqma yegan hazrati Bishr ibn Baroning badani darhol koʻkarib ketdi va u shahid boʻldi. Sevimli Paygʻambarimizga Jabroil alayhissalom kelib, muborak tupuklariga aralashgan zaharning taʼsiridan qutulish uchun muborak yelkalari orasidan hijoma qildirib, qon oldirishni aytdi. Shunday qilindi. Soʻngra zaharli kabob yerga koʻmildi. Bu ishni qilgan Zaynab ushlanib, Paygʻambarimizning huzurlariga keltirildi.
Paygʻambarimiz unga: «Bu qoʻy kabobini sen zaharladingmi?» – dedilar. U qilmishini tan olib: «Ha! Men zaharladim!» – dedi. Paygʻambarimiz: «Buni nega qilmoqchi boʻlding?» – deb soʻraganlarida, u: «Sen mening erimni, otamni, amakimni oʻldirding. Oʻzimga oʻzim: „Agar u haqiqatan paygʻambar boʻlsa, Alloh unga bildiradi. Agar paygʻambar boʻlmasa, bu zahar unga taʼsir qiladi va u oʻladi. Shu tariqa undan qutulgan boʻlamiz“, – dedim», – dedi. Sahobai kirom bu voqeadan juda xafa boʻldilar. Ular: «Jonlarimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Buni oʻldiraylikmi?» – deb soʻrashganda, oʻz shaxslariga qilingan har qanday haqoratni kechiradigan Olamlar sarvari buni ham kechirdilar. Bu ulugʻ marhamatni koʻrgan Zaynab kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldi.11 Xaybarda qoʻlga tushgan oʻljalar va asirlar orasida Huyay ibn Axtabning qizi Safiyya ham bor edi. U bosh qoʻmondonlik haqqi sifatida Paygʻambarimizning ulushlariga tushdi. Olamlar sarvari oʻz asiralarini ozod qildilar. Safiyya bundan qattiq taʼsirlanib, chin dildan kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldi. Bundan juda xursand boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz hazrati Safiyya onamizni nikohlari bilan sharaflab, sevintirdilar. Shunday qilib, hazrati Safiyya moʻminlarning onasi boʻldi. Sahbo degan joyda toʻylari boʻlib, qovun va xurmodan valima, yaʼni toʻy ziyofati berildi.12
Safiyya onamizning muborak koʻzlarida bir koʻkargan iz koʻrinar edi.
Sevimli Paygʻambarimiz: «Bu qanday iz?» – deb soʻraganlarida, u shunday dedi: «Bir kecha tushimda oyning osmondan tushib, quchogʻimga kirganini koʻrgan edim. Buni erim Kinonaga aytganimda, u: „Sen ustimizga kelayotgan oʻsha arab podshohining xotini boʻlishga koʻz tikibsan!“ – deb, koʻzimga shapaloq urdi va koʻrib turganingizdek, koʻkarib qoldi». Xaybar fath etilgandan keyin yahudiylar Paygʻambarimizga shunday taklif bilan keldilar: «Yo Muhammad! Biz Xaybardan chiqib ketamiz. Lekin biz dehqonchilikni, dala, tokzor va bogʻlarni parvarish qilishni yaxshi bilamiz. Xohlasang, bu hosildor yerlarni bizga ijaraga ber. Bu mulklarga ishlov beraylik va chiqqan hosilning yarmini senga beraylik!» Sevimli Paygʻambarimizning va sahobalarning dala ishlari bilan shugʻullanishga vaqtlari yoʻq edi. Ular Islom dinini yoyish uchun harakat qilar, jihodi fi sabililloh uchun kechalarini kunduzlariga ulab, tinmay mehnat qilar edilar.13 Bu taklifdan Paygʻambarimiz mamnun boʻldilar va: «Xohlagan paytimizda sizlarni chiqarish sharti bilan», – dedilar. Yahudiylar buni qabul qildilar va Xaybar yerlariga ishlov bera boshladilar.14 Paygʻambarimiz sahobalari bilan gʻolib boʻlib Madinaga qaytdilar. Shu kunlarda Habashistonga hijrat qilgan muhojirlardan soʻnggi qolgan sahobalar – ular orasida Ummu Habiba (roziyallohu anho) ham bor edi – Jaʼfar ibn Abu Tolibning amirligi ostida Najoshiy bergan ikki kemaga minib, Jar portiga tushdilar. U yerdan tuyalarga minib, Madinaga keldilar. Oʻn ikki yil oldin Habashistonga hijrat qilgan sahobalarining Jaʼfar ibn Abu Tolib boshchiligida kelganlarini koʻrib, Paygʻambarimiz juda xursand boʻldilar. Hazrati Jaʼfarning peshonasidan oʻpib, bagʻirlariga bosdilar va shunday dedilar:
«Ey sahobalarim! Bu taomdan qoʻlingizni tortinglar! Chunki mana shu kurak goʻshti menga zaharlanganini xabar qildi» Hadisi sharif
«Xaybarning fathigami yoki Jaʼfarning kelishigami sevinay – bilmayman. Sizlarning hijratingiz ikki martadir: sizlar ham Habash yurtiga, ham mening yurtimga hijrat qildingiz». Ular Najoshiy Asʼhama yuborgan hadyalarni va maktubni Rasulullohga topshirdilar. Ummu Habiba onamiz bilan toʻylari ham shu yili boʻldi. Ummu Habiba onamiz oʻshanda oʻttiz olti yoshda edi. Xaybarda qoʻlga kiritilgan oʻljalar Hudaybiya sulhida qatnashgan barcha sahobai kiromga, Xaybar jangida qatnashganlarga, Habashistondan hijrat qilib kelgan sahobalarga va fathda ishtirok etgan Davs qabilasiga taqsimlab berildi.15
Xaybarning fath etilishi bilan Arabistondagi barcha yahudiylar Paygʻambarimizning amrlari ostiga kirdilar. Endi ularning mushriklarga yordam berish imkoni qolmadi. Atrofdagi qabilalar va davlatlar ham qurol va askar jihatidan fath etib boʻlmaydigandek koʻringan Xaybar qalʼasini zabt etgan musulmonlarning qanchalik katta kuchga ega ekanini angladilar va bu Islom davlatidan hayiqa boshladilar. Makkalik mushriklar Xaybarning fathi tufayli katta qaygʻu va umidsizlikka tushdilar. Bu fathdan keyin katta-kichik juda koʻp qabilalar musulmon boʻlish uchun Madinai munavvaraga keldilar va sahobai kiromdan boʻlish sharafiga erishdilar, hatto gʻatafonliklar ham… Yoʻlga kirmagan baʼzi qabilalar esa kuch yuborilib, itoat ostiga olindi.
