DAʼVAT MAKTUBLARI
Hukmdorlarga yuborilgan maktublar
Nabiyi muhtaram (sallallohu alayhi vasallam) Hudaybiyadan qaytganlaridan keyin Islomning butun dunyoga yoyilishini, odamlarning jahannam azobidan qutulib, haqiqiy saodatga erishishini orzu qilar edilar. Chunki u zot butun olamga rahmat qilib yuborilgan edilar. Shu sababli atrofdagi hukmdorlarga elchilar yuborib, ularni Islomga daʼvat qilishni niyat qildilar. Hijriy oltinchi yil Zulhijja oyining oxirlarida, yettinchi yil Muharram oyining boshlarida u zot Amr ibn Umayyani (roziyallohu anhu) Habashiston hukmdoriga, Dihya Kalbiyni (roziyallohu anhu) Vizantiya hukmdoriga, Hotib ibn Abu Baltaʼani (roziyallohu anhu) Misr hukmdoriga yubordilar. Shu vazifa bilan Abdulloh ibn Huzofani (roziyallohu anhu) Eron hukmdoriga, Shujoʼ ibn Vahbni (roziyallohu anhu) Gʻassonga, Salit ibn Amrni (roziyallohu anhu) Yamomaga, Alo Hazramiyni esa Bahrayn amiri Munzir ibn Soviyga joʻnatdilar.1 Bu elchilar sahobai kiromning eng saralaridan – qiyofasi ham, soʻzi ham eng goʻzal boʻlganlaridan edi. Har bir hukmdorga alohida-alohida Islomga daʼvat maktublari yozildi. Sevimli Paygʻambarimiz maktublarning ostiga kumush uzuklarining koʻziga pastdan yuqoriga uch qator qilib «Muhammad, Rasul, Alloh» deb yozilgan muhrlari bilan muhr bosdilar. Paygʻambarimizning bir moʻjizalari sifatida, hukmdorlarga yuboriladigan elchilar ertalab uygʻonganlarida har biri oʻzi boradigan davlatning tilini bilar edi.2
Najoshiy Asʼhamaga maktub
Habashistonga boradigan hazrati Amr ibn Umayya Najoshiy Asʼhamadan ilgari u yerga hijrat qilgan sahobai kiromni Madinaga yuborishni ham soʻrashi kerak edi. Rasululloh Najoshiyga ikkita maktub yuborgan edilar. Amr ibn Umayya qisqa vaqtda Habashistonga yetib borib, podshoh Najoshiy Asʼhamaning huzuriga kirdi. Avval birinchi maktubni topshirdi. Najoshiy taxtidan tushib, maktubni juda katta hurmat va muhabbat bilan qoʻliga oldi. Uni oʻpib, yuziga va koʻzlariga surtgach, ochib oʻqitdi: «Bismillahir rohmanir rohim! Allohu taoloning rasuli Muhammad alayhissalomdan Habash podshohi Najoshiy Asʼhamaga!… Hidoyatga ergashgan kishiga salom boʻlsin!…
«Ey hukmdor! Men seni tengi ham, sherigi ham boʻlmagan Allohu taologa iymon keltirishga, Unga ibodat qilishga, menga ergashishga va Allohu taolo menga yuborgan narsalarga ishonishga daʼvat qilaman. Chunki men – Allohu taoloning bularni yetkazishga buyurilgan rasuliman» Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom
Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam)
hukmdorlarga yuborgan maktublaridan biri
Maktubning chap pastki burchagidagi muhrda uch qator qilib pastdan yuqoriga «Muhammad, Rasul, Alloh» soʻzlari yozilgan. Kumush uzukning koʻziga oʻyib yozilgan bu muhr yuborilgan har bir daʼvat maktubining ostiga bosilar edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) bu uzukni davlat muhri sifatida oxiratga tashrif buyurgunlaricha ishlatdilar. Soʻngra u hazrati Abu Bakrning, keyin hazrati Umarning va uchinchi boʻlib hazrati Usmonning xalifalik davridagi muhri boʻldi. Hazrati Usmon uni faqat olti oy ishlata oldi. Bir kuni uzuk xalifaning barmogʻidan sirgʻalib, Aris qudugʻiga tushib ketdi. Uni qancha izlasalar ham, hech topa olmadilar.
Ey hukmdor! Salomat boʻlishingni tilayman va senga bergan neʼmatlari uchun Allohu taologa hamd aytaman. Undan boshqa iloh yoʻq. U – Malik (butun koinotda tasarruf sohibi yolgʻiz Udir). U – Quddus (har turli ayb va nuqsondan pokdir). U – Salom (bandalarini barcha xavf-xatardan salomat saqlovchidir). U – Moʻmin (omonlik beruvchidir). U – Muhaymin (har bir narsani kuzatib, muhofaza qiluvchidir).
Men shahodat beramanki, Iso (alayhissalom) – Allohu taoloning juda pok, iffatli, dunyo hayotining har turidan butunlay uzilgan Maryamga ilqo qilgan ruhi va kalimasidir. Shu tariqa Maryam Isoga homilador boʻldi. Allohu taolo Odamni Oʻz qudrati bilan qanday yaratgan boʻlsa, Isoni ham shunday yaratdi.
Ey hukmdor! Men seni tengi ham, sherigi ham boʻlmagan Allohu taologa iymon keltirishga, Unga ibodat qilishga, menga ergashishga va Allohu taolo menga yuborgan narsalarga ishonishga daʼvat qilaman. Chunki men – Allohu taoloning bularni yetkazishga buyurilgan rasuliman. Mana, men senga lozim boʻlgan narsalarni yetkazdim, dunyo va oxirat saodatini taʼminlaydigan nasihatni qildim. Nasihatimni qabul qil! Hidoyatga erishgan, toʻgʻri yoʻlni topgan kishilarga salom boʻlsin».
Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) maktubini katta adab va tavozeʼ bilan tinglagan hukmdor Asʼhama darhol kalimai shahodat aytib, musulmon boʻldi:
«Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh». Soʻngra: «Qasamki, u zot – kitob ahli boʻlgan yahudiylar va nasroniylar kelishlarini kutgan, avvalgi paygʻambarlar kelishlari haqida xushxabar bergan paygʻambardirlar. Agar huzurlariga borish imkonim boʻlganida, albatta borar va u zotga xizmat qilish sharafiga erishar edim!» – dedi. U maktubni hurmat bilan bir chiroyli qutiga solib: «Bu maktublar shu yerda turar ekan, Habashistondan yaxshilik va baraka ketmaydi», – dedi.3 Najoshiy Asʼhama ikkinchi maktubda bildirilgan amrlarni hurmat bilan oʻqidi va Paygʻambarimizning amrlariga koʻra, sevimli Paygʻambarimizning muborak zavjalari Ummu Habiba onamizni Rasuli akramga nikohlab berdi. Soʻngra Ummu Habiba onamizni va u yerdagi sahobai kiromni ikki oyga yaqin mehmon qilib, keyin ularni kemalarga mindirdi va juda koʻp hadyalar bilan Madinaga joʻnatdi. Ular bilan yuborgan maktubida iymon keltirganini bildirdi.
Vizantiya imperatori Hiraqlga maktub
Hazrati Dihya Kalbiyga ham Vizantiya imperatorini Islomga daʼvat qilish vazifasi topshirilgan edi. U maktubni Busrodagi Gʻasson hukmdori Horisga berishi, Horis esa uni Vizantiya imperatori Hiraqlga yuborishi kerak edi. Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) daʼvat maktubini katta hurmat bilan olgan hazrati Dihya tezda Busroga keldi. Horis bilan uchrashib, ahvolni tushuntirdi. Horis Dihyaning yoniga hali musulmon boʻlmagan Adiy ibn Hotamni qoʻshib, ularni oʻsha paytda Quddusda (Baytul Maqdisda) boʻlgan Hiraqlning oldiga yubordi. Ikkalasi birga Quddusga kelib, imperator bilan uchrashish yoʻllarini izlay boshladilar. Imperatorning odamlari unga: «Qaysarning huzuriga kirganingda, boshingni egib yurasan, yaqinlashgach esa yerga yiqilib, sajda qilasan. Sajdadan turishingga ruxsat bermagunicha, aslo boshingni yerdan koʻtarmaysan», – dedilar. Bu soʻzlar hazrati Dihyaga ogʻir botdi va u ularga: «Biz, musulmonlar, Allohu taolodan boshqa hech kimga sajda qilmaymiz. Qolaversa, insonning insonga sajda qilishi uning yaratilishiga ziddir», – dedi. Shunda Qaysarning odamlari: «Unday boʻlsa, Qaysar sen keltirgan maktubni hech qachon qabul qilmaydi va seni huzuridan quvib yuboradi», – dedilar. Hazrati Dihya: «Bizning Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom boshqalarning oʻzlariga sajda qilishi u yoqda tursin, oldilarida ozgina egilishiga ham ruxsat bermaydilar. Oʻzlari bilan gaplashmoqchi boʻlgan kishiga, u qul boʻlsa ham, eʼtibor koʻrsatadilar. Uni huzurlariga qabul qiladilar, dardini tinglaydilar, tashvishini ketkazadilar, koʻnglini oladilar. Shuning uchun u zotga ergashganlarning hammasi ozod va sharaflidir», – dedi.
«Qasamki, u zot – kitob ahli boʻlgan yahudiylar va nasroniylar kelishlarini kutgan, avvalgi paygʻambarlar kelishlari haqida xushxabar bergan paygʻambardirlar» Najoshiy Asʼhama (rahmatullohi alayh)
Bu soʻzlarni tinglaganlardan biri shunday dedi: «Modomiki Qaysarga sajda qilmas ekansan, zimmangga olgan vazifani bajarishing uchun senga boshqa yoʻl koʻrsatay. Saroyning oldida Qaysarning dam oladigan joyi bor. U har kuni peshindan keyin shu hovliga chiqib, u yerda aylanib yuradi. U yerda bir minbar bor. Uning ustida biror yozuv boʻlsa, avval uni olib oʻqiydi, soʻngra dam oladi. Sen ham hozir borib, maktubni oʻsha minbarga qoʻy-da, tashqarida kutib tur. Maktubni koʻrgach, seni chaqirtiradi. Ana shunda vazifangni bajarasan».
Shundan soʻng hazrati Dihya maktubni aytilgan joyga qoʻydi. Hiraql maktubni oldi va arabcha biladigan bir tarjimonni chaqirtirdi. Tarjimon Rasulullohning maktublarini oʻqiy boshladi. Maktubning eng boshida: «Bismillahir rohmanir rohim! Allohu taoloning Rasuli Muhammaddan (alayhissalom) vizantiyaliklarning ulugʻi Hiraqlga» deb yozilgan edi. Hiraqlning jiyani Yannaq maktubning bunday boshlanganidan qattiq gʻazablanib, tarjimonning koʻkragiga musht tushirdi. Mushtning zarbidan tarjimon yerga yiqildi, muborak maktub qoʻlidan tushib ketdi. Hiraql Yannaqdan: «Nega bunday qilding?» – deb soʻraganda, u: «Maktubni koʻrmayapsizmi? U maktubni sizning ismingizdan oldin oʻz ismi bilan boshlabdi, hukmdor ekaningizni ham aytmay, „vizantiyaliklarning ulugʻi Hiraqlga“ debdi. Nega „vizantiyaliklarning hukmdoriga“ deb yozmabdi va avval sizning ismingiz bilan boshlamabdi? Uning maktubi bugun oʻqilmaydi», – dedi.
Shunda Hiraql: «Vallohi, sen yo juda aqlsizsan, yo butunlay telbasan. Sening bunday ekaningni bilmas ekanman. Men hali maktubda nima yozilganiga qaramasimdan, sen uni yirtib tashlamoqchimisan? Hayotim bilan qasamki, agar u zot, oʻzlari aytganlaridek, Allohning Rasuli boʻlsalar, maktublariga mening ismimdan oldin oʻz ismlarini yozishga va meni vizantiyaliklarning ulugʻi deb tilga olishga haqlidirlar. Men ularning sohibiman, xolos, hukmdori emasman», – dedi-da, Yannaqni huzuridan quvib yubordi. Soʻngra nasroniylarning eng olimi, boshligʻi va oʻzining maslahatchisi boʻlgan Uskuf ismli kishini chaqirtirdi. Maktubni unga oʻqitdi. Maktubning davomida shunday deyilgan edi: «Allohu taoloning hidoyatiga ergashganlarga, toʻgʻri yoʻlni topganlarga salom boʻlsin!» Undan keyin: «(Ey vizantiyaliklarning ulugʻi!) Men seni Islomga daʼvat qilaman. Islomni qabul qil – salomat boʻlasan. Musulmon boʻl – Allohu taolo senga ikki baravar ajr beradi. Agar yuz oʻgirsang, barcha nasroniylarning gunohi sening zimmangda boʻladi. (Rasulim!) Ayting: „Ey ahli kitob (yahudiylar va nasroniylar)! Oʻrtamizdagi mushtarak bir kalimaga kelinglar: Allohu taolodan boshqa hech narsaga ibodat qilmaymiz, Unga hech narsani sherik qilmaymiz, Allohu taoloni qoʻyib, oramizdan hech kimni yaratuvchi Rabb deb bilmaymiz. Agar bu soʻzdan yuz oʻgirsalar, aytinglar: guvoh boʻlinglar, biz – haqiqiy musulmonlarmiz“».4
Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) maktublari oʻqilayotganda Hiraqlning peshonasidan ter tomchilari oqar edi. Maktub oʻqib boʻlingach, u: «Sulaymon alayhissalomdan keyin men „Bismillahir rohmanir rohim“ deb boshlangan birorta maktub koʻrmagan edim», – dedi. Hiraql bu masala boʻyicha Uskufning fikrini soʻraganda, Uskuf shunday dedi:
«Vallohi, u zot – Muso va Iso (alayhimassalom) bizga kelishlari haqida xushxabar bergan paygʻambardirlar. Zotan, biz u zotning kelishlarini kutayotgan edik».
Hiraql: «Bu ishda menga nima qilishni maslahat berasan, nimani toʻgʻri deb bilasan?» – deb soʻradi. Uskuf: «U zotga ergashishingizni toʻgʻri deb bilaman», – deb javob berdi. Hiraql: «Sen aytgan narsani men juda yaxshi bilaman. Lekin u zotga ergashib, musulmon boʻlishga kuchim yetmaydi. Chunki unda ham hukmdorligim qoʻldan ketadi, ham meni oʻldiradilar», – dedi. Shundan soʻng u hazrati Dihyani va Adiy ibn Hotamni chaqirtirdi. Adiy: «Ey hukmdor! Qoʻy-echki va tuyalar boquvchi arablardan boʻlgan mana bu yonimdagi kishi oʻz yurtida yuz bergan ajoyib bir voqea haqida gapirmoqda», – dedi. Hiraql: «Yurtingizdagi voqea nima?» – deb soʻraganda, hazrati Dihya: «Oramizda bir zot zuhur etdilar. U zot paygʻambar ekanliklarini eʼlon qildilar. Xalqning bir qismi u zotga ergashmoqda, bir qismi esa qarshi chiqmoqda. Iymon keltirganlar bilan iymon keltirmaganlar orasida toʻqnashuvlar boʻlmoqda», – dedi.
Shundan keyin Hiraql Paygʻambarimiz haqida surishtira boshladi. U Shom noibiga Rasuli akram bilan bir nasldan boʻlgan biror kishini topishni buyurdi. Shu orada oʻzining doʻsti boʻlgan va ibroniy tilini biladigan Rimdagi bir olimga ham maktub yozib, bu masalani soʻradi. Rimdagi doʻstidan u soʻragan zot oxir zamon Paygʻambari ekanliklarini bildirgan maktub keldi. Shom noibi esa tijorat uchun ketayotgan bir Quraysh karvoniga duch keldi. Ular orasida hali musulmon boʻlmagan Quraysh boshligʻi Abu Sufyon ham bor edi. Abu Sufyon shunday hikoya qiladi: «Biz Gʻazzada turganimizda Hiraqlning Shom noibi ustimizga hujum qilayotgandek kelib: „Sizlar oʻsha Hijozdagi zotning qavmidanmisizlar?“ – deb soʻradi. „Ha“, – dedik. „Qani, biz bilan birga imperatorning oldiga borasizlar!“ – dedi». U Abu Sufyonni va uning hamrohlarini Shomga olib ketdi. Shom noibi Abu Sufyonni va yonidagilarni Hiraqlning huzuriga olib kirdi. Bu paytda Hiraql Quddusda, Baytul Maqdisda edi. U vaziri bilan birga, boshiga tojini kiyib oʻtirgan edi. Hiraql Abu Sufyonni va uning yonidagi oʻttizga yaqin makkalikni shu yerda qabul qildi.
U tarjimon chaqirtirib, ulardan: «Orangizda oʻzlarini paygʻambar deb aytayotgan zotga nasab jihatidan eng yaqiningiz qaysingiz?» – deb soʻradi. Abu Sufyon: «Unga nasab jihatidan eng yaqini – menman», – deb javob berdi. Hiraql Abu Sufyonni oʻziga yaqinroq keltirishni, qolganlarning esa Abu Sufyonning orqasida turishini buyurdi. Hiraql: «Qarindoshligingiz qanday?» – deb soʻraganda, u: «U – amakimning oʻgʻli», – dedi. (Chunki Abu Sufyonning bobosi – Umayya, Rasulullohning bobolari esa Abdulmuttalib. Ularning bobolari oʻzaro amakivachchadir. Shuning uchun u «amakimning oʻgʻli» dedi. Ularning nasablari bobolarining bobosi Abdu Manofda birlashadi.) Abu Sufyon avvaliga yolgʻon gapirgan boʻlsa-da, hukmdorning tahdididan qoʻrqib, ortiq yolgʻon gapira olmadi.
«Vallohi, u zot – Muso va Iso (alayhimassalom) bizga kelishlari haqida xushxabar bergan paygʻambardirlar. Zotan, biz u zotning kelishlarini kutayotgan edik» Quddus Uskufi
Soʻngra ular oʻrtasida shunday suhbat boʻldi. Hiraql: – Oʻzlarini paygʻambar deb aytayotgan zotning orangizdagi nasablari qanday? – U – zamonasining eng asl nasablisi. Nasab jihatidan u eng saramizdir. – Orangizda u zotdan oldin paygʻambarlik daʼvo qilgan kishi boʻlganmi? – Boʻlmagan. – U zotning ota-bobolari orasida birorta hukmdor oʻtganmi? – Yoʻq. – U zotga xalqning koʻzga koʻringanlari ergashmoqdami yoki kambagʻal va zaiflarimi? – Unga ergashganlar – kambagʻallar, zaiflar, yoshlar va ayollar. Qavmining kattalaridan va koʻzga koʻringanlaridan unga ergashganlar deyarli yoʻq. – U zotga ergashganlar koʻpaymoqdami yoki kamaymoqdami? – Koʻpaymoqda. – U zotning dinlariga kirgandan keyin yoqtirmay yoki achchiqlanib, undan qaytgan kishi bormi? – Yoʻq. – Paygʻambar ekanliklarini aytishlaridan oldin u zotning biror marta yolgʻon gapirganlari koʻrilganmi? – Yoʻq. – Bu paygʻambarning biror marta ahdlarini buzganlari, soʻzlarida turmaganlari boʻlganmi? – Yoʻq, boʻlmagan. Lekin biz hozir u bilan maʼlum bir muddatga urushmaslik haqida sulh tuzdik. Bu muddat ichida uning nima qilishini bilmaymiz. – U zot sizlarga nimani buyurmoqdalar? – Yolgʻiz Allohga ibodat qilishni, Unga hech narsani sherik qilmaslikni buyurmoqda. Ota-bobolarimiz sigʻingan narsalarga (butlarga) sigʻinishdan bizni qaytarmoqda. Namoz oʻqishni, rostgoʻy boʻlishni, kambagʻallarga yordam berishni, haromlardan saqlanishni, ahdga vafo qilishni, omonatga xiyonat qilmaslikni va qarindoshlarni ziyorat qilishni buyurmoqda. Bu suhbatlar Baytul Maqdisda boʻlib oʻtdi va Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) muborak maktublari shu yerda oʻqildi. Hiraql maktubni oʻpib, koʻzlariga surtib, boshiga qoʻyganda, vizantiyaliklar orasida shovqin-suron yanada kuchaydi.
Imperator Abu Sufyonni va uning yonidagi qurayshliklarni tashqariga chiqarishni buyurdi. Hali musulmon boʻlmagan Abu Sufyon oʻshanda qasam ichib, sevimli Paygʻambarimizning daʼvatlari muvaffaqiyat bilan yakunlanishiga ishonishini aytgan edi. Hazrati Dihya Hiraqlning roʻparasiga oʻtib, muborak chiroyli yuzi va yoqimli ovozi bilan shunday dedi: «Ey Qaysar! Meni sening oldingga Busrodan bir kishi (Horis) yubordi, u sendan xayrliroqdir. Allohu taologa qasamki, meni uning oldiga yuborgan zot (Rasululloh) esa ham undan, ham sendan xayrliroqdirlar. Sen mening soʻzlarimni kamtarlik bilan tinglab, berilgan nasihatlarni qabul qilishing kerak! Chunki kamtarlik qilsang, nasihatlarni tushunasan. Nasihatlarni qabul qilmasang, insofli boʻla olmaysan!»
Hiraql: «Davom et», – degach, hazrati Dihya shunday dedi: «Unday boʻlsa, men seni Iso alayhissalom Oʻziga namoz oʻqigan Allohu taologa iymon keltirishga daʼvat qilaman. Men seni avval Muso alayhissalom, keyin Iso alayhissalom kelishlari haqida xushxabar berib, xabar qilgan bu ummiy Paygʻambarga iymon keltirishga daʼvat qilaman. Agar bu haqda biror narsa bilsang va dunyo hamda oxirat saodatiga erishishni istasang, ularni koʻz oldingga keltir. Aks holda oxirat saodatini qoʻldan boy berasan, kufr va shirk ichida qolasan. Shuni ham yaxshi bilginki, sening Rabbing boʻlgan Allohu taolo zolimlarni halok qiluvchi va neʼmatlarni oʻzgartiruvchidir».
Hiraql: «Men qoʻlimga tushgan biror yozuvni oʻqimasdan, yonimga kelgan olimdan bilmaganlarimni soʻrab oʻrganmasdan qoʻymayman. Bundan faqat yaxshilik va ezgulik koʻraman. Oʻylab, haqiqatni topgunimcha menga muhlat ber», – dedi. Keyinroq Hiraql hazrati Dihyani yoniga chaqirib, u bilan yuzma-yuz gaplashdi. Koʻnglidagini shunday ochib aytdi: «Men bilamanki, seni yuborgan zot – kitoblarda kelishlari haqida xushxabar berilgan va kelishlari kutilayotgan oxir zamon Paygʻambaridirlar. Lekin u zotga ergashsam, vizantiyaliklar meni oʻldirishlaridan qoʻrqaman. Seni ularning eng katta olimi va ular mendan ham koʻproq hurmat qiladigan kishi boʻlgan Safotirning oldiga yuboray. Barcha nasroniylar unga ergashadi. Agar u iymon keltirsa, vizantiyaliklarning hammasi iymon keltiradi. Ana shunda men ham koʻnglimdagini va eʼtiqodimni oshkor qilaman».
Shundan keyin Hiraql bir maktub yozib, uni hazrati Dihyaga berdi va uni Safotirning oldiga yubordi.
Rohib Safotir
Rasululloh Safotirga ham maktub yuborgan edilar. Safotir maktubni oʻqib, Paygʻambarimizning sifatlarini eshitgach, u zotning hazrati Muso va hazrati Iso kelishlarini xabar qilgan oxir zamon Paygʻambari ekanliklariga hech shubha yoʻqligini aytdi va iymon keltirdi. Uyiga borib, eshikni ichidan berkitib oldi va har yakshanba qiladigan vaʼzlariga uch hafta chiqmadi. Nasroniylar: «Safotirga nima boʻldi, oʻsha arab bilan uchrashgandan beri tashqariga chiqmayapti? Biz uni koʻrmoqchimiz!» – deb baqirdilar.
Safotir ustidagi qora rohib kiyimini yechdi. Oq kiyim kiyib, qoʻlida asosi bilan cherkovga keldi. Shahar aholisini toʻplagach, oʻrnidan turib, shunday dedi: «Ey nasroniylar! Bilinglarki, bizga Ahmaddan (alayhissalom) maktub keldi. U zot bizni haq dinga daʼvat qilmoqdalar. Men ochiq bilaman va ishonamanki, u zot – Allohu taoloning haq rasulidirlar». Nasroniylar buni eshitgach, Safotirning ustiga yopirilib, uni urib, shahid qildilar. Hazrati Dihya kelib, boʻlgan voqeani Hiraqlga xabar qildi.
Hiraql: «Men senga aytmaganmidim? Nasroniylar uchun Safotir mendan ham sevimliroq va azizroqdir. Agar bunday soʻzni mendan eshitsalar, meni ham unga oʻxshab oʻldiradilar», – dedi. Buxoriyning «Sahih» kitobida keltirilgan va Zuhriy rivoyat qilgan xabarda esa shunday deyiladi: «Hiraql vizantiyaliklarning ulugʻlarini Himsdagi qasriga chaqirib, eshiklarni yopishni buyurdi. Soʻngra baland bir joyga chiqib: „Ey vizantiyaliklar jamoati! Saodatga, tinchlikka erishishni, hokimiyatingiz mustahkam qolishini va hazrati Isoning aytganiga ergashishni istaysizlarmi?“ – dedi. Vizantiyaliklar: „Ey hukmdorimiz! Bunga erishish uchun nima qilaylik?“ – deb soʻradilar. Hiraql: „Ey vizantiyaliklar jamoati! Men sizlarni xayrli bir ish uchun toʻpladim. Menga hazrati Muhammaddan maktub keldi. U zot meni Islom diniga daʼvat qilmoqdalar. Vallohi, u zot – biz kelishlarini kutib turgan, kitoblarimizda yozilganlarini topgan va alomatlarini bilgan paygʻambardirlar. Kelinglar, u zotga ergashib, dunyoda ham, oxiratda ham najot topaylik“, – dedi. Shunda hamma yomon soʻzlar aytib, toʻngʻillab, tashqariga qochish uchun eshiklarga yugurdi. Lekin eshiklar yopiq boʻlgani uchun chiqa olmadilar. Hiraql vizantiyaliklarning bu harakatini koʻrib, Islomdan shu qadar qochayotganlarini anglagach, jonidan qoʻrqib: „Ey vizantiyaliklar jamoati! Men aytgan soʻzlar diningizga qanchalik sodiq ekaningizni sinash uchun edi. Diningizga sodiqligingizni va meni sevintirgan harakatingizni oʻz koʻzim bilan koʻrdim“, – dedi. Shundan soʻng vizantiyaliklar Hiraqlga sajda qildilar va qasr eshiklari ochilgach, chiqib ketdilar».5 Hiraql hazrati Dihyani chaqirib, boʻlib oʻtganlarni aytib berdi. Unga bir-biridan qimmatli hadyalar berdi. Bundan tashqari, Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) maktub yozdi. Maktubini va tayyorlatgan hadyalarini hazrati Dihya orqali sevimli Paygʻambarimizga yubordi.
«U zotning hazrati Muso va hazrati Iso kelishlarini xabar qilgan oxir zamon Paygʻambari ekanliklarida hech shubha yoʻq» Rohib Safotir
Hiraql musulmon boʻlishni istagan edi, lekin mansabidan ajralish va oʻlimdan qoʻrqib, iymon keltirmadi. Paygʻambarimizga yozgan maktubida shunday deyilgan edi: «Hazrati Iso xushxabar bergan Allohning Rasuli Muhammadga – Vizantiya hukmdori Qaysardan! Elchingiz maktubingiz bilan birga mening oldimga keldi. Men shahodat beramanki, siz – Allohning haq rasulisiz. Zotan, biz sizni Injilda yozilgan holda topdik va hazrati Iso bizga siz haqingizda xushxabar bergan edi. Men vizantiyaliklarni sizga iymon keltirishga daʼvat qildim, lekin ular bunga koʻnmadilar. Agar menga quloq solganlarida, bu, shubhasiz, ular uchun xayrli boʻlar edi. Sizning yoningizda boʻlishni, sizga xizmat qilishni va oyoqlaringizni yuvishni juda istayman». Hazrati Dihya Hiraqlning oldidan chiqib, Hismoga keldi. Yoʻlda, Juzom vodiylaridan biri boʻlgan Shanor vodiysida Hunayd ibn Us, uning oʻgʻli va odamlari hazrati Dihyani talab ketdilar. Eski kiyimlaridan boshqa nimasi boʻlsa, hammasini oldilar. Bu joyda Dubayb ibn Rifoa ibn Zayd va uning qavmi Islomni qabul qilgan edilar. Dihya ularning oldiga kelib, boʻlgan voqeani aytib bergach, ular Hunayd ibn Us va uning qabilasi ustiga yurib, narsalarning hammasini qaytarib oldilar.
Keyinroq Rasululloh Hunayd ibn Us va uning odamlari ustiga Zayd ibn Horisani yubordilar. U yerdagi odamlarning hammasi iymon keltirdi. Hazrati Dihya Madinaga kelgach, uyiga ham kirmasdan, toʻgʻri Habibi akramning eshiklari oldiga bordi. Eshikni qoqdi. Paygʻambarimiz: «Kim u?» – deb soʻradilar. Dihya: «Dihyatul Kalbiy», – dedi. Olamlar sarvari: «Kir», – dedilar. Hazrati Dihya ichkariga kirib, boʻlib oʻtgan hamma voqealarni bor tafsiloti bilan aytib berdi. Paygʻambarimizga Hiraqlning maktubini oʻqib berdi. Rasululloh: «U yana bir muddat (taxtda) qoladi. Mening maktubim ularning qoʻlida turar ekan, ularning hokimiyati davom etadi», – dedilar.
Hiraql maktubida Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) iymon keltirganini yozgan boʻlsa-da, Rasululloh: «Yolgʻon aytmoqda. U oʻz dinidan qaytmadi», – dedilar. Hiraql sevimli Paygʻambarimizning maktublarini ipak atlasga oʻrab, yumaloq oltin quti ichida saqladi. Hiraqlning oilasi bu maktubni saqlab, uni hammadan yashirib kelgan. Bu maktub qoʻllarida turar ekan, hokimiyatlari davom etadi, deb aytar va bunga ishonar edilar. Haqiqatan ham shunday boʻldi.6
Misr podshohi Muqavqisga maktub
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Hotib ibn Abu Baltaʼani Misr hukmdoriga yuborishdan oldin: «Ey sahobalarim! Ajrini Allohu taolodan kutib, bu maktubni Misr hukmdoriga qaysi biringiz olib borasiz?» – deb soʻraganlarida, hazrati Hotib oʻrnidan sakrab turdi va: «Yo Rasulalloh! Men olib boraman!» – dedi. Paygʻambarimiz: «Ey Hotib! Allohu taolo bu vazifangni sen uchun muborak qilsin!» – dedilar. Hazrati Hotib ibn Abu Baltaʼa maktubni sevimli Paygʻambarimizdan oldi. Xayrlashib, uyiga ketdi. Ulovini tayyorladi. Oilasi bilan ham xayrlashgach, yoʻlga chiqdi. Hazrati Hotib Misr hukmdori Muqavqisning Iskandariyada ekanini bilib, uning saroyiga yetib bordi. Ichkariga kiritishdan oldinoq maqsadini bilib olgan darvozabon hazrati Hotibga juda katta hurmat koʻrsatdi va uni sira kuttirmadi. Muqavqis oʻsha paytda dengizda, bir kema ustida odamlari bilan gaplashayotgan edi. Hazrati Hotib bir qayiqqa minib, Muqavqis turgan joyga keldi. Unga Paygʻambarimizning maktublarini berdi. Maktubni Hotibdan olgan Muqavqis uni oʻqiy boshladi:
«Bismillahir rohmanir rohim!
Allohu taoloning quli va rasuli Muhammaddan qibtiylarning (qadimgi Misr xalqining) ulugʻi Muqavqisga! Hidoyatga ergashganlarga salom boʻlsin. Men seni salomat boʻlishing uchun Islomga daʼvat qilaman. Musulmon boʻl – salomat boʻlasan va Allohu taoloning ikki baravar ajriga erishasan. Agar yuz oʻgirsang, barcha qibtiylarning gunohi sening zimmangda boʻladi! „(Rasulim!) Ayting: Ey ahli kitob (yahudiylar va nasroniylar)! Oʻrtamizdagi mushtarak bir kalimaga kelinglar: Allohu taolodan boshqa hech narsaga ibodat qilmaymiz, Unga hech narsani sherik qilmaymiz, Allohu taoloni qoʻyib, oramizdan hech kimni yaratuvchi Rabb deb bilmaymiz. Agar bu soʻzdan yuz oʻgirsalar, aytinglar: guvoh boʻlinglar, biz – haqiqiy musulmonlarmiz!“»7
Koinot sultonining maktublari oʻqilgach, Muqavqis hazrati Hotibga: «Xayrlisi boʻlsin!» – dedi. Misr hukmdori qoʻmondonlarini, davlat arboblarini toʻplab, Hotib bilan suhbatlasha boshladi. U shunday dedi: «Tushunishni istagan baʼzi narsalarimni soʻrayman, bu haqda sen bilan gaplashaman». Hazrati Hotib: «Marhamat, gaplashaylik!» – degach, Muqavqis: – Seni yuborgan zot haqida menga soʻzlab ber. U zot paygʻambarmi? U zot haqida biroz gapir! – Ha, u zot – paygʻambar. – Agar u zot haqiqatan paygʻambar boʻlsalar, nega oʻzlarini oʻz yurtlaridan quvib chiqarib, boshqa joydan panoh izlashga majbur qilgan qavmlarini duoibad qilmadilar? – Sen Iso ibn Maryam alayhissalomning paygʻambar ekanliklariga ishonasan, shundaymi? Qavmi u zotni ushlab, oʻldirmoqchi boʻlganida ham u zot ularni duoibad qilmadilar, Janobi Haq esa u zotni dunyo osmoniga koʻtardi, mukofotladi. Holbuki, u zot qavmining halok boʻlishini soʻrab, Allohu taologa duoibad qilishlari kerak emasmidi? U zot bunday qilmadilar.
«Ey Hotib! Allohu taolo bu vazifangni sen uchun muborak qilsin!» Hadisi sharif
– Juda yaxshi javob berding. Haqiqatan ham, sen hikmat sohibi boʻlgan zotning yonidan kelgan hikmatli kishisan. Bu kecha biznikida qol, ertaga senga javobimni aytaman.
Hazrati Hotib hazrati Muso zamonidagi Firʼavnni nazarda tutib, Muqavqisga shunday dedi: – Sendan oldin bu yerda bir hukmdor bor edi. U oʻz xalqiga: «Eng ulugʻ iloh – menman!» – deb, oʻzini rabb deb daʼvo qildi. Allohu taolo uni dunyo va oxirat azoblari bilan jazoladi va undan intiqom oldi. Sen bundan ibrat ol-u, oʻzgalarga ibrat boʻlib qolma! – Bizning dinimiz bor. Biz bu dinimizni undan yaxshirogʻi boʻlmaguncha tark etmaymiz. – Sen eʼtiqod qiladigan va yaxshirogʻi boʻlmaguncha tark etmasligingni aytgan diningdan yaxshiroq din, shubhasiz, Islomdir. Biz seni Allohu taoloning bu oxirgi diniga – Islomga daʼvat qilamiz. Allohu taolo Oʻz dinini u zot bilan tamomladi, u zotni insonlarga kifoya qildi va bu – qatʼiydir. Bu Paygʻambar faqat senigina emas, barcha insonlarni Islom diniga daʼvat qildilar. Oʻshanda u zotga odamlar orasida eng koʻp qarshilik koʻrsatgan va eng qoʻpol muomala qilganlar – qurayshliklar, eng koʻp dushmanlik qilganlar – yahudiylar, eng yaqin boʻlganlar esa nasroniylar boʻldi. Allohu taologa qasamki, Muso alayhissalomning Iso alayhissalom haqida xushxabar berishlari xuddi Iso alayhissalomning Muhammad alayhissalom haqida xushxabar berishlari kabidir. Shuning uchun bizning seni Qurʼoni karimga daʼvat qilishimiz sening yahudiylarni Injilga daʼvat qilishing kabidir. Shubhasiz, senga maʼlumki, har bir paygʻambar oʻzini tushunib, idrok eta oladigan qavmga yuborilgan. U qavmga shu paygʻambarga itoat qilish vojib boʻlgan. Mana, sen ham shu Paygʻambarning zamoniga yetganlardan birisan. Biz seni bu yangi dinga daʼvat qilamiz.
Hazrati Hotibning bu soʻzlaridan keyin Muqavqis shunday dedi: – Men bu paygʻambarning ahvollarini tekshirdim. U zotning amrlari va taqiqlarida aqlga toʻgʻri kelmaydigan biror narsa topmadim. Men tushunganimcha, u zot sehrgar ham, kohin ham, yolgʻonchi ham emaslar.
Men u zotda paygʻambarlik alomatlaridan baʼzilarini topdim. Yashirin narsalarni yuzaga chiqarish – shu alomatlardan biridir. Bu zotdan baʼzi sirlar haqida xabarlar maʼlum boʻldi. Soʻngra u: «Hali biroz oʻylab koʻray!» – deb, muhlat soʻradi.
Kechasi Muqavqis hazrati Hotibni uygʻotib, Paygʻambarimiz haqida yana koʻp savollar bermoqchi ekanini bildirdi.
Soʻngra ular oʻrtasida shunday suhbat boʻldi:
– Men u zot haqida beradigan savollarimga toʻgʻri javob bersang, uch narsani soʻramoqchiman.
– Istaganingni soʻra! Men senga doimo faqat toʻgʻrisini aytaman.
– Muhammad odamlarni nimaga daʼvat qilmoqdalar?
– Yolgʻiz Allohu taologa ibodat qilishga daʼvat qilmoqdalar. Kecha-kunduzda besh vaqt namoz oʻqishni, Ramazon roʻzasini tutishni, berilgan soʻzda turishni buyurmoqdalar. Oʻlaksa goʻshtini yeyishni man qilmoqdalar.
«(Rasulim!) Ayting: „Ey ahli kitob (yahudiylar va nasroniylar)! Oʻrtamizdagi mushtarak bir kalimaga kelinglar: Allohu taolodan boshqa hech narsaga ibodat qilmaymiz, Unga hech narsani sherik qilmaymiz, Allohu taoloni qoʻyib, oramizdan hech kimni yaratuvchi Rabb deb bilmaymiz. Agar bu soʻzdan yuz oʻgirsalar, aytinglar: guvoh boʻlinglar, biz – haqiqiy musulmonlarmiz!“» Oli Imron: 64
Shundan keyin Muqavqis soʻradi:
– U zotning shakl-shamoyilini (tashqi koʻrinishini) menga taʼriflab ber! Hotib qisqacha taʼriflab berdi. Koʻp narsalarni sanab oʻtmadi. Shunda Muqavqis shunday dedi:
– Sen aytmagan yana baʼzi narsalar qoldi: u zotning koʻzlarida biroz qizillik, orqalarida paygʻambarlik muhri bor. U zot eshakka minadilar, suf (jun mato) kiyadilar, xurmo va goʻshti kam taom bilan kun kechiradilar. U zotni amakilari yoki amakivachchalari himoya qiladi. Hazrati Hotib: – Bular ham u zotning sifatlaridir, – dedi.
Muqavqis hazrati Hotibdan Paygʻambarimiz haqida yana soʻradi: – U zot surma ishlatadilarmi? – Ha! Oynaga qaraydilar, sochlarini taraydilar, safarda ham, uyda ham oynani, surmadonni, taroqlarini va misvoklarini yonlaridan ayirmaydilar! – Men yana bir paygʻambar kelishi kerakligini bilardim va u Shomdan chiqadi deb oʻylardim. Chunki avvalgi paygʻambarlar hamisha oʻsha yerdan chiqqan edilar. Toʻgʻri, oxirgi paygʻambarning Arabistonda – qattiqchilik, tanglik va yoʻqchilik yurtida chiqishini ham kitoblarda koʻrgan edim. Kitoblarda sifatlari yozilgan paygʻambarning chiqish vaqti ham, shubhasiz, shu zamondir. Biz kitobda uning sifatini shunday yozilgan holda topgan edik: «Ikki opa-singilni bir nikohda jamlamaydi, hadyani qabul qiladi, sadaqani qabul qilmaydi. Kambagʻallar, miskinlar bilan birga oʻtirib-turadi». U zotga ergashish borasida qibtiylar menga quloq solmaydilar. Men hukmdorligimdan ham ajray olmayman. Bu borada men juda xasisman. U paygʻambar yurtlarga hokim boʻladilar, u zotdan keyin sahobalari bizning bu yerlarimizgacha kelib joylashadilar. Oxir-oqibat ular bu yerdagilar ustidan gʻolib keladilar. Men qibtiylarga bu haqda bir ogʻiz ham soʻz aytmayman va bu suhbatimni hech kimga bildirishni istamayman!
Bu suhbatdan keyin Muqavqis arabcha yozadigan kotibini chaqirib, Paygʻambarimizning maktublariga shunday javob yozdirdi: «Abdullohning oʻgʻli Muhammadga – qibtiylarning ulugʻi Muqavqisdan! Sizga salom boʻlsin. Yuborgan maktubingizni oʻqidim. Unda zikr qilgan narsangizni va daʼvatingizni tushundim. Men ham bir paygʻambar kelishini bilardim. Lekin uni Shomdan chiqadi deb oʻylardim. Elchingizni hurmat qilib, mehmon qildim. Sizga qibtiylar orasida katta qadrga ega boʻlgan ikki joriya va kiyim-kechak yubordim. Yana minishingiz uchun bir urgʻochi xachirni ham hadya qildim». Muqavqis bundan boshqa hech narsa qilmadi, musulmon ham boʻlmadi. Hazrati Hotibni Misrda besh kun mehmon qildi. Unga juda katta hurmat koʻrsatib, izzat-ikrom qildi. Soʻngra: «Tezda yurtingga, xojangning oldiga qayt! U zotga ikki joriya, ikki ulov, ming misqol (bir misqol – 4,8 g) oltin, Misrda tikilgan yigirma sarpo nafis kiyim va boshqa hadyalar yuborishni buyurdim. Senga ham yuz dinor va besh sarpo kiyim berishni buyurdim. Oldimdan ket! Ehtiyot boʻl, qibtiylar sening ogʻzingdan bir ogʻiz ham soʻz eshitmasinlar!» – dedi. Bundan tashqari, Muqavqis Paygʻambarimizga billur qadah, xushboʻy asal, salla, Misrga xos zigʻir mato, ud (agar daraxti, Aquilaria) va mushk kabi xushboʻyliklar, hassa, quti ichida surmadon, gul yogʻi, taroq, qaychi, misvok, oyna, igna va ip ham hadya qildi.
Muqavqis Islom elchisi hazrati Hotib ibn Abu Baltaʼaga qoʻriqchi askarlar qoʻshib, uni yoʻlga kuzatdi. Arabiston zaminiga qadam qoʻyganlarida ular Madinaga borayotgan bir karvonga duch keldilar. Hotib Muqavqisning askarlarini ortga qaytardi va oʻsha karvonga qoʻshildi.
Hotib ibn Abu Baltaʼa hadyalar bilan Madinaga kelib, Rasulullohning huzurlariga kirdi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Muqavqisning hadyalarini qabul qildilar. Hotib Muqavqisning maktubini berib, uning soʻzlarini yetkazgach, Paygʻambarimiz: «Qanday yomon odam! Hukmdorligini qizgʻandi. Holbuki, iymon keltirishiga toʻsqinlik qilgan hukmdorligi oʻzida qolmaydi-ku!» – dedilar.8
Muqavqis Paygʻambarimizga hadya qilib yuborgan ikki joriya – Moriya va uning singlisi Sirin edi. Hotib ibn Abu Baltaʼa yoʻlda ularga musulmon boʻlishni taklif qilganida, ular buni qabul qilib, musulmon boʻlgan edilar. Paygʻambarimiz hazrati Moriya onamizning musulmon boʻlganidan juda xursand boʻldilar va uni nikohlari bilan sharafladilar. Undan Ibrohim ismli oʻgʻillari tugʻildi. Sirinni esa sahobalaridan Shoiri Nabiy boʻlgan Hasson ibn Sobitga berdilar.
Eng yaxshi zotli, oqqa juda yaqin kul rang ikki ulovdan xachirga Duldul, eshakka esa Ufayr yoki Yaʼfur deb nom qoʻydilar. Oʻsha kungacha Arabistonda oq tusli xachir koʻrilmagan edi. Musulmonlar birinchi marta koʻrgan oq tusli xachir Duldul boʻldi. Paygʻambarimiz hadya qilingan billur qadahdan suv ichar edilar. Muqavqis Paygʻambarimizning maktublariga katta hurmat koʻrsatib, uni fil suyagidan yasalgan quti ichiga soldi.
Qutini muhrlab, joriyalaridan biriga topshirdi. (Tilga olingan bu maktub hijriy 1267 (milodiy 1850) yilda Misrning Ahmim oʻlkasidagi eski bir monastirda, qibt kitoblari orasidan topilgan. Uni usmonli podshohi, 96-xalifa sulton Abdulmajidxon sotib olgan va u Istanbuldagi Topqopi saroyining Muqaddas omonatlar boʻlimiga qoʻyilgan.)
Eron Kisrosi Xusrav Parvizga maktub
Eron hukmdoriga Abdulloh ibn Huzofa yuborilgan edi. Hazrati Abdulloh magʻrur Eron shohiga (Kisroga) Olamlar sarvarining qimmatli maktublarini topshirganda, shoh uni oʻqish uchun kotibiga berdi.
«Bismillahir rohmanir rohim!
Allohu taoloning rasuli Muhammaddan (alayhissalom) forslarning ulugʻi Kisroga…»
Kotib shu yergacha oʻqigan ham ediki, magʻrur shohning miyasiga qon urib, gʻazablandi va maktubni tortib olib, yirtib tashladi. Maktubning Paygʻambarimizning oʻz muborak ismlari bilan boshlanganidan u nihoyatda gʻazabga mingan edi. Islom elchisi hazrati Abdulloh ibn Huzofani ham huzuridan quvmoqchi boʻlganda, hazrati Abdulloh Kisroga va uning atrofida toʻplangan otashparastlarga shunday dedi:
«Ey ajam xalqi! Sizlar paygʻambarlarga ishonmaysizlar, kitoblarni qabul qilmaysizlar. Oʻzingiz yashayotgan shu yerlarda sanoqli kunlaringizni oʻtkazmoqdasizlar, tush kabi bir hayot kechirmoqdasizlar!…
«Allohim! U (Kisro) mening maktubimni qanday parchalagan boʻlsa, Sen ham uni va uning mulkini shunday parchala!…» Hadisi sharif
Ey Kisro! Sendan oldin koʻp hukmdorlar bu taxtga oʻtirib, hukm surdilar. Allohu taoloning amrlarini bajarganlar oxiratlarini qozonib, bajarmaganlar esa ilohiy azobga duchor boʻlib, bu dunyodan koʻchib ketdilar!…
Ey Kisro! Men keltirib topshirgan bu maktub aslida sen uchun katta baxt edi. Sen uni mensimading. Allohu taologa qasamki, sen mensimagan bu din bu yerga kelganda, qochishga joy qidirib qolasan!…»
Soʻngra u Kisroning saroyini tark etib, uloviga mindi. Tezda u yerdan uzoqlashdi. Madinaga kelib, ahvolni Koinot sultoniga aytib berganida, u zot: «Allohim! U mening maktubimni qanday parchalagan boʻlsa, Sen ham uni va uning mulkini shunday parchala!…» – dedilar.
Allohu taolo Rasulining duosini qabul qildi: bir kecha Kisroni oʻz oʻgʻli xanjar bilan urib, pora-pora qildi. Hazrati Umar zamonida esa Eronning butun yerlari fath etilib, musulmonlar qoʻliga oʻtdi.9
Gʻasson hukmdori Horis ibn Abu Shimrga maktub
Hazrati Shujoʼ ibn Vahb ham Gʻasson hukmdoriga yuborilgan edi. Shujoʼ (roziyallohu anhu) avval hukmdorning darvozaboni bilan gaplashdi. Uni Islomga daʼvat qilganida, darvozabon buni qabul qilib, Rasulullohga hurmat va salomlarini yoʻlladi. U hazrati Shujoʼni sira kuttirmay, hukmdor bilan uchrashtirdi. Horis ibn Abu Shimr maktubni oʻqigach, gʻazablanib, uni yerga otdi. Hazrati Shujoʼ darhol Madinai munavvaraga qaytib, boʻlgan voqeani Allohu taoloning Suyuklisiga xabar qildi. Sevimli Paygʻambarimiz maktublarining yerga otilganidan xafa boʻldilar va: «Hokimiyati yoʻq boʻlsin!» – dedilar. Koʻp oʻtmay Horis ibn Abu Shimr oʻldi, davlati parchalanib ketdi.10
Yamoma hukmdori Havza ibn Aliga maktub
Salit ibn Amr Yamoma hukmdoriga yuborilgan edi. Havza nasroniy edi. Paygʻambarimiz maktublarida shunday degan edilar: «Bismillahir rohmanir rohim! Allohu taoloning rasuli Muhammaddan (alayhissalom) Havza ibn Aliga! Hidoyatga erishgan, toʻgʻri yoʻlni topgan kishilarga salom boʻlsin! (Ey Havza!) Bilginki, Islom tuyalar va otlar bora oladigan eng uzoq joylargacha yoyiladi, barcha dinlar ustidan gʻolib boʻladi. Sen ham Islomni qabul qil – salomat boʻlasan. Musulmon boʻlsang, hukming ostidagi yerlarning boshqaruvini yana oʻzingga qoldiraman…»
Yamoma hukmdori Havza bu muborak daʼvatni qabul qilishdan bosh tortdi. Saltanat ishqi, mansab hirsi uning koʻzlarini koʻr qilgan edi. Shuning uchun u Koinot sultonining duosiga erishishdek ulugʻ baxtdan mahrum qoldi. Islom elchisi hazrati Salit ibn Amr unga rahmi kelib, shunday dedi:
«Ey Yamoma hukmdori Havza! Sen – bu qavmning ulugʻisan! Sen ulugʻ deb oʻylagan qaysarlar oʻlib, tuproqqa aylandilar.
Haqiqiy ulugʻlar esa Allohu taoloning amrlarini bajarib, taqiqlaridan saqlanib, jannatga loyiq boʻlgan kishilardir. Agar bir jamoa iymon keltirish bilan sharaflangan boʻlsa, ularni oʻzingning buzuq eʼtiqoding bilan toʻgʻri yoʻllaridan adashtirishdan saqlan!… Toʻgʻrisi, men senga Allohu taoloning amrlarini bajarishni, taqiqlaridan saqlanishni tavsiya qilaman. Allohu taologa iymon keltirib, Uning amrlarini bajarsang, jannatga kirasan. Shaytonga ergashsang, jahannamda qolasan.
Agar bu nasihatlarimni qabul qilsang, qoʻrqqan narsalaringdan omonda boʻlasan, umid qilgan narsalaringga erishasan. Agar nasihatlarimni rad etsang, endi sen uchun qila oladigan hech ishim qolmadi. Qolganini oʻzing oʻyla!…»
Havza Islom elchisining bu goʻzal nasihatlariga ham quloq solmadi. Salit ibn Amr Yamomada qolishning endi hojati yoʻqligini anglab, tezda Madinaga qaytdi. Sevimli Paygʻambarimizga natijani bildirdi. Rasuli akram uning Islomga kirish saodatidan mahrum qolganidan xafa boʻldilar. Koʻp oʻtmay Havzaning oʻlimi haqida xabar keldi. Uning saltanat ishqi, mansab hirsi jahannam chuquri boʻlgan qabrida barham topdi.11
Bahrayn amiri Munzir ibn Soviyga maktub
Alo ibn Hazramiy ham Bahrayn amiriga maktub olib bordi. Amir muborak maktubni muhabbat bilan oʻqidi, mazmunini tushundi va iymon bilan sharaflandi.
U (Najoshiy Asʼhamadan tashqari) boshqalar kabi: «Boshqalar menga u deydi, bu deydi, taxtimdan ayrilaman», – demadi.
«Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh!» – deb, u oʻzini ham, qoʻl ostidagilardan oʻziga ergashganlarni ham jahannam oʻtidan qutqardi. Maktub bilan musulmon boʻlishga daʼvat qilinganda, yana bir mansab egasi iymon keltirish farosatini koʻrsatdi. Qoʻl ostidagilarning baʼzilari unga ergashib, musulmon boʻldilar, baʼzilari esa iymon keltirmadilar. Munzir oʻz ahvolini yozib, Alo ibn Hazramiy (roziyallohu anhu) orqali sevimli Paygʻambarimizga yetkazdi. Paygʻambarimizning javob maktublari shunday edi: «Senga itoat qilganlarga Islom oʻrgatilsin. Isyon qilib, oʻjarlik qilganlarga jizya solinsin. Majusiylarning (otashparastlarning) soʻyganlari yeyilmasin, ular bilan qiz olib-berilmasin».
Shunday qilib, yetti Islom elchisi oʻz vazifalarini bajardilar, zamonasining buyuk davlatlariga Islomning borligini eshittirdilar. Ularga haqiqiy saodatni xabar qildilar va qiyomat kuni «Biz eshitmagan edik» degan soʻzlarga oʻrin qoldirmadilar. Xullas, mansab egalaridan ikkitasi iymonga keldi: biri – Najoshiy, ikkinchisi – Munzir. Qolganlari kufr ustida qoldilar. Habashiston hukmdori Asʼhama (rahmatullohi alayh) musulmon boʻlish, sahobai kiromning baʼzilarini koʻrish, Paygʻambarimizning muborak duolariga erishish va Rasululloh bilan Ummu Habibaning (roziyallohu anho) nikohini oʻqish bilan sharaflandi.
«Ilohim! Ummu Rumonning Sening yoʻlingda va Rasuling uchun chekkan mashaqqatlari Senga yashirin emas» Hadisi sharif
Vizantiya imperatori Hiraql va Misr sultoni Muqavqis musulmon boʻlmadilar, lekin kelgan maktublarga katta hurmat koʻrsatib, yumshoq javoblar berdilar, elchilarga yaxshi muomala qildilar va Rasulullohga hadyalar yubordilar.
Gʻasson va Eron hukmdorlari elchilarga yomon muomala qildilar, dushmanliklarini ochiq koʻrsatdilar. Yamoma hukmdori esa Islom elchisiga muloyim muomala qildi.
Hijriy oltinchi yilda boʻlib oʻtgan boshqa voqealar
Havla bint Saʼlaba ibn Qays ibn Molik Xazrajiy bilan uning eri Avs ibn Somit ibn Ahzamiy Ansoriy oʻrtasida zihor yuz berdi va Mujodala surasi nozil boʻldi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ot va tuya poygalariga ruxsat berdilar. U zotning shu paytgacha hech kim oʻzib keta olmagan tuyalarini bir aʼrobiyning tuyasi oʻzib ketganda, sahobalar xafa boʻldilar va u zot: «Har bir kamolning bir zavoli bor, yaʼni har bir yuksalishning bir tushishi bor», – dedilar.
Oisha onamizning (roziyallohu anho) onasi Ummu Rumon (roziyallohu anho) vafot etdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uning janoza namoziga imomlik qildilar va dafnida qatnashdilar. Uni qabrga Rasulullohning oʻzlari tushirdilar. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) unga jannat xushxabarini berdilar va: «Kimni jannat hurlaridan biriga qarash xursand qilsa, Ummu Rumonga qarasin», – dedilar. Yana u uchun magʻfirat soʻraganlaridan keyin: «Ilohim! Ummu Rumonning Sening yoʻlingda va Rasuling uchun chekkan mashaqqatlari Senga yashirin emas», – dedilar.
