HUDAYBIYA VOQEASI
Niyati – umra, oqibati – Hudaybiya
Hijratning oltinchi yili, Zulqaʼda oyi edi. Bir kecha Nabiyi muhtaram (sallallohu alayhi vasallam) tushlarida sahobai kirom bilan Makkai mukarramaga borib, Kaʼbai muazzamani tavof qilganlarini, ulardan bir qismi sochlarini qisqartirganini, bir qismi esa oldirganini koʻrdilar. Rasululloh bu tushlarini sahobalariga aytib berganlarida, ular nihoyatda hayajonlandilar. Tugʻilib oʻsgan, achchiq-chuchuk xotiralarga toʻla goʻzal yurtlari – Makkaga hijratdan buyon ilk bor boradigan boʻldilar. Besh vaqt namozda yuzlarini qaratadigan va sogʻinchini chekayotgan muqaddas Kaʼbani ziyorat qilib, tavof qiladigan boʻldilar. Bu qanday goʻzal xushxabar edi!… Sevimli Paygʻambarimizning: «Sizlar albatta Masjidul Haromga kirasizlar!» – degan xushxabarlarini olishi bilan sahobai kirom darhol tayyorgarlikni boshladi. Tayyorgarlik tugagach, Habibi akram Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinada oʻrinbosar qilib qoldirdilar. Zulqaʼda oyining birinchi dushanba kuni Qasvo nomli tuyalariga mindilar. Safarga hozirlangan bir ming toʻrt yuz sahobalari bilan birga Madinada qolayotganlar bilan xayrlashdilar. Umraga niyat qilib, muqaddas shahar Makka tomon yoʻl oldilar. Yonlariga yoʻlovchi quroli boʻlgan qilichlarini va soʻyish uchun yetmishta tuya olgan edilar. Karvonning ikki yuzi otliq, toʻrttasi esa ayol sahoba edi. Ayollardan biri sevimli Paygʻambarimizning muborak va pok zavjalari hazrati Ummu Salama onamiz edi. Zulhulayfa deb ataladigan miqot joyiga kelganlarida, ehromga kirdilar va peshin namozini oʻqidilar. Soʻngra soʻyiladigan tuyalarning quloqlariga belgi qoʻyib, boʻyinlariga ip bogʻladilar. Nojiya ibn Jundub Aslamiyga yordamchilar berilib, u tuyalarga qarab turishga tayinlandi. Abbod ibn Bishr yigirma kishilik otliq guruhga qoʻmondon etib tayinlanib, oldinga, yoʻlni kuzatishga yuborildi. Bishr ibn Sufyon Makkaga xabarchi qilib yuborildi.1 Ehrom kiyimini kiygan, oqlarga burkangan sevimli Paygʻambarimiz va qahramon sahobalar Allohu taologa hamd aytib, Uning shaʼnining ulugʻligini tasdiqlab, Unga yolvora boshladilar:
«Labbayk! Allohumma labbayk! Labbayk! La sharika laka labbayk! Innal hamda van-neʼmata laka val-mulk, la sharika lak!»
(Labbay, Allohim, labbay! Daʼvatingga soʻzim va oʻzim bilan qayta-qayta javob berdim, amringga boʻyin egdim. Sening sheriging yoʻq, butun vujudim bilan Senga yuzlandim. Hamd ham, neʼmat ham Senga xosdir. Mulk ham Senikidir. Sening sheriging yoʻqdir.) Bu muborak talbiya bilan yeru koʻk yangrar, Zulhulayfa nurli bir havoga burkanardi. Hamma hayajonlangan edi, tezroq Makkaga yetib borish uchun Zulhulayfadan yoʻlga tushdilar.
Yoʻlda hazrati Umar va hazrati Saʼd ibn Uboda Habibi akramning yonlariga kelib, xavotirlarini bildirdilar: «Yo Rasulalloh! Siz bilan urushayotgan kishilar ustiga qurolsiz boramizmi? Qurayshliklar sizga hujum qilib, muborak vujudingizga biror zarar yetkazishidan qoʻrqamiz!…» Ikki jahon sarvari ularga: «Men umraga niyat qildim. Bu holatda qurol koʻtarib yurishni istamayman», – dedilar.
Yoʻl tinch oʻtayotgan edi. Yoʻl ustidagi turli qabilalarga kirib oʻtardilar, Paygʻambarimiz ularni Islomga daʼvat qilardilar. Baʼzilari qabul qilishdan tortinar, baʼzilari hadyalar yuborardi. Shu tarzda yoʻlning yarmini bosib oʻtib, Usfonning ortidagi Gʻadirul Ashtot degan joyga yetib keldilar. Bu yerda ilgari makkaliklarga xabar yetkazishga tayinlangan hazrati Bishr ibn Sufyon qurayshliklar bilan uchrashib qaytgan edi. U koʻrganlarini Paygʻambarimizga shunday aytib berdi: «Yo Rasulalloh! Qurayshliklar kelayotganingizdan xabar topibdi. Qoʻrqqanlaridan atrofdagi qabilalarga ziyofatlar berib, ulardan yordam soʻrashibdi. Sizga qarshi kuzatish uchun ikki yuz kishilik otliq guruhni yoʻlga chiqarishdi. Atrofdagi qabilalar bu iltimosni qabul qilib, Baldah degan joyda birlashishdi. Juda koʻp askar toʻplab, sizni Makkaga kiritmaslikka qasam ichishdi».
Bu xabardan Olamlar sarvari juda qaygʻuga botdilar va shunday dedilar: «Quraysh halok boʻldi. Urush ularni allaqachon yeb bitirgan… Quraysh mushriklari oʻzlarida biror kuch bor, deb oʻylaydilarmi? Vallohi, Allohu taolo meni yoyishim uchun yuborgan bu dinni hokim va ustun qilmagunimcha, boshim tanamdan judo boʻlmagunicha, ular bilan kurashishdan aslo toʻxtamayman!» Soʻngra qahramon sahobalariga yuzlanib, bu haqdagi fikr va mulohazalarini soʻradilar. Butun vujudlari bilan oʻzlarini Rasulullohga baxshida etgan shonli sahobalar: «Allohu taolo va Uning Rasuli yaxshiroq biladi. Jonimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Biz Baytullohni tavof qilish niyati bilan yoʻlga chiqqanmiz. Biror kishini oʻldirish uchun ham, jang qilish uchun ham kelganimiz yoʻq. Lekin Kaʼbani ziyorat qilishimizga toʻsqinlik qilmoqchi boʻlsalar, albatta ular bilan jang qilib, maqsadimizga yetamiz!…» – deyishdi. Sahobai kiromning bu qatʼiyatlari sevimli Paygʻambarimizga xush yoqdi. U zot shunday dedilar: «Unday boʻlsa, Allohu taoloning muborak ismi bilan olgʻa yuringlar!…» Sahobalar Paygʻambarimizning atrofida «Labbayk! Allohumma labbayk!…» deb talbiya va «Allohu akbar! Allohu akbar!…» deb takbir aytib, Makka tomon olgʻa yura boshladilar.
Bir peshin vaqtida Bilol Habashiy ovozining bor goʻzalligi bilan Muhammadiy azonni aytib, namoz vaqti kirganini bildirdi. Shu payt ikki yuz kishilik Quraysh otliq guruhi u yerga yetib kelib, Makka bilan sahobalar orasiga kirib, hujumga tayyor holda turdi. Shunga qaramay, Olamlar sarvari ulugʻ sahobalari bilan saf tortib, namozga turdilar. Sevimli Paygʻambarimizning ortida bir ming toʻrt yuzga yaqin sahobaning saf boʻlib qiyomda harakatsiz turishi, rukuʼga egilishi koʻrishga arziydigan manzara edi. Ayniqsa, hammalarining birga sajdaga borishlari haybatli bir togʻning egilib, qayta qaddini rostlashiga oʻxshar edi.
«Allohu taolo haqqi uchun, Quraysh mendan nimani talab qilsa ham, Bayti sharifni ulugʻlash sharti bilan qabul qilaman!» Hadisi sharif
Hudaybiya safari
Ularning Allohu taolo huzurida sharafli peshonalarini tuproqqa qoʻyib koʻrsatgan tavozeʼlari Quraysh otliqlaridan baʼzilarining qalbiga Islom muhabbatini soldi. Sahobai kirom salom berib namozdan chiqqanlarida, Quraysh otliqlarining qoʻmondoni: «Musulmonlarning bu holatidan foydalanib hujum qilganimizda, koʻpini oʻldirar edik!… Ular namozda ekanlarida nega hujum qilmadik?» – deb afsuslandi. Soʻngra sheriklariga bu safar fursatni qoʻldan boy bermasliklarini bildirdi: «Xavotir olmanglar. Baribir ular jonlaridan ham, bolalaridan ham azizroq boʻlgan yana bir namozga turadilar!…» Ularning bu soʻzlarini Allohu taolo Jabroil alayhissalom orqali vahiy yuborib, Paygʻambarimizga bildirdi. Nozil boʻlgan oyati karimada shunday deyildi, maʼnosi: «(Ey Habibim!) Siz ular orasida boʻlib, (dushman qarshisida) ularga (sahobalaringizga) imom boʻlib namoz oʻqiydigan boʻlsangiz, (ularni ikki qismga boʻling,) bir qismi siz bilan birga (namozda, boshqasi esa dushman qarshisida) tursin. Qurollarini yonlariga olsinlar. Siz bilan namozda boʻlib, bir rakat oʻqiganlar (namozni buzadigan amallardan saqlanib) dushman qarshisiga borsinlar. Soʻngra hali namozini oʻqimagan boshqa qismi kelib, ikkinchi rakatni siz bilan oʻqisin va ular ham sovutlarini, himoya asboblarini va qurollarini yonlariga olsinlar. (Tashahhudni siz bilan oʻqisinlar. Siz salom berganingizda, ular salom bermasdan dushman qarshisiga borsinlar; avval bir rakat oʻqiganlar qaytib kelib, oʻzlari yana bir rakat oʻqib, salom bersinlar. Ikkinchi rakatni imom bilan oʻqiganlar ham yana kelib, yana bir rakat oʻqib, namozni tugatib, salom bersinlar.) Kofirlar sizlarning qurollaringiz va asbob-anjomlaringizdan gʻaflatda qolishingizni va ustingizga toʻsatdan hujum qilishni istaydilar… Agar sizlarga yomgʻirdan biror mashaqqat boʻlsa yoki bemor boʻlsangizlar, qurollaringizni qoʻyishingizda sizlarga gunoh yoʻq. Ammo baribir barcha ehtiyot choralarini koʻringlar. Shubhasiz, Allohu taolo kofirlar uchun xor qiluvchi azob tayyorlab qoʻygan».2 Asr vaqtida hazrati Bilol azon aytganda, Quraysh otliqlari yana Makka bilan sahobai kirom orasida hujumga tayyor holda turdi. Paygʻambarimiz oyati karimada koʻrsatilganidek sahobalariga imomlik qilib, namoz oʻqitdilar. Musulmonlarning bunday ehtiyotkorlik bilan namoz oʻqishlaridan mushriklar hayratda qoldi. Allohu taolo ularning qalblariga qoʻrquv soldi. Biror harakat qilishga jurʼat etmadilar. Makkaga xabar yetkazish uchun u yerdan ketdilar. Paygʻambarimiz va u zotning sahobalari ham u yerdan Makka tomon yoʻlga tushdilar. Muqaddas Makka chegarasiga kelganlarida, Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) Qasvo tuyalari hech qanday zohiriy sabab yoʻq boʻlsa-da, birdan choʻkib qoldi. Uni turgʻizish uchun koʻp urindilar, lekin turmadi. Shunda Koinot sultoni shunday dedilar: «Bu tuyaning bunday choʻkish odati yoʻq. Lekin bir vaqtlar (Abrahaning) filini Makkaga kirishdan toʻxtatib qolgan Allohu taolo endi Qasvoni ham toʻxtatib qoldi. Borligim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, Quraysh Allohu taolo Haram ichida qilinishini harom qilgan (jang qilish va qon toʻkishni tark etish kabi) narsalardan qaysi birini mendan soʻrasa ham, ularning bu istaklarini albatta bajo keltiraman!»
Shundan keyin Qasvoni turgʻizmoqchi boʻldilar. Tuya sakrab oʻrnidan turdi. Haram chegaralari ichiga kirmay, ayni chegara ustida joylashgan Hudaybiya degan joyda toʻxtadi. Paygʻambarimiz sahobai kirom bilan suvi oz boʻlgan bu joyda manzil qildilar.
«Quraysh mushriklari oʻzlarida biror kuch bor, deb oʻylaydilarmi? Vallohi, Allohu taolo meni yoyishim uchun yuborgan bu dinni hokim va ustun qilmagunimcha, boshim tanamdan judo boʻlmagunicha, ular bilan kurashishdan aslo toʻxtamayman!» Hadisi sharif
Rasuli akram chodirlarini muborak Makka chegarasidan tashqariga tiktirdilar. Sahobalari bilan shu yerda kuta boshladilar. Namoz vaqti kirgach, namozlarini Makkai mukarrama chegarasi ichida oʻqir edilar. Quduqlarda ichadigan va ishlatadigan suv qolmagan edi. Suv faqat Paygʻambarimizning obdastalaridagina bor edi. Tang ahvolda qolgan sahobalar: «Jonimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Yonimizda faqat sizning obdastangizda suv bor. Halok boʻldik», – deyishdi.
Olamlar sarvari: «Men orangizda ekanman, sizlar halok boʻlmaysizlar», – dedilar. Soʻngra «Bismillah» deb, muborak qoʻllarini obdasta ustiga qoʻydilar. Qoʻllarini koʻtarib: «Olinglar!…» – deganlarida, muborak barmoqlari orasidan buloqdek suv oqa boshladi. Sahobai kirom qonib-qonib suv ichdi, tahorat oldi, barcha meshlarini toʻldirdi, ot va tuyalarini sugʻordi. Sahobalarini tabassum bilan kuzatib turgan marhamat dengizi sevimli Paygʻambarimiz Allohu taologa hamd aytdilar. Oʻsha kuni u yerda hozir boʻlgan hazrati Jobir ibn Abdulloh: «Biz bir ming toʻrt yuz kishi edik. Agar yuz ming kishi boʻlganimizda ham, u suv hammamizga yetardi», – dedi.
Bayʼati Rizvon
Rasuli akram Hudaybiyada ekanlarida, ilgaridan musulmonlar bilan doʻst boʻlgan Xuzoa qabilasining boshligʻi Budayl u zotning huzurlariga keldi. U Quraysh qoʻshini atrofdagi qabilalarning ham qoʻshilishi bilan Hudaybiya yaqinida toʻxtaganini, qoʻshinlari tarqalib ketguncha jang qilishga qasam ichganlarini bildirdi. Shunda Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Biz bu yerga hech kim bilan jang qilish uchun kelganimiz yoʻq. Faqat umra qilish, Kaʼbai muazzamani tavof va ziyorat qilish uchun keldik. Shunga qaramay, kim bizni Baytullohni ziyorat qilishdan toʻsmoqchi boʻlsa, u bilan jang qilamiz. Shubhasiz, urushlar Qurayshni juda holdan toydirgan, kuchsiz qilib qoʻygan va ularga juda koʻp zarar yetkazgan. Agar ular xohlasalar, ularga bir sulh muddati belgilay. Bu muddat ichida men tomondan xavfsizlikda boʻlsinlar. Ular men bilan boshqa qabilalar orasiga kirmasinlar; meni ular bilan yuzma-yuz qoldirsinlar. Agar men u qabilalar ustidan gʻolib kelsam va Janobi Haq ularga hidoyat (toʻgʻri yoʻl) ato etib, musulmon boʻlsalar, Quraysh mushriklari ham xohlasalar, ular kabi musulmon boʻlishlari mumkin. Agar men, ular oʻylagandek, boshqa jamoalar ustidan gʻolib kela olmasam, u holda oʻzlari ham rohatga erishib, kuch toʻplab oladilar. Agar Quraysh mushriklari bularni qabul qilmay, men bilan jang qilishga kirishsalar, borligim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, yoyishga urinayotgan bu dinim yoʻlida boshim tanamdan judo boʻlguncha ular bilan jang qilaman. Oʻshanda Allohu taolo ham menga yordam berish haqidagi vaʼdasini, shubhasiz, bajo keltiradi!»
Xuzoa qabilasining boshligʻi Budayl Paygʻambarimizning soʻzlarini Quraysh qarorgohiga yetkazish uchun yoʻlga chiqdi. Rasulullohning soʻzlarini Budayldan tinglagandan keyin mushriklar muzokara qilish uchun Paygʻambarimizning huzurlariga oʻzlarining koʻzga koʻringan kishilaridan Urva ibn Masʼudni yubordilar. Urva Quraysh hech kimni Makkaga kiritmaslikka qatʼiy qaror qilganini bildirganda, Habibi akram shunday dedilar: «Ey Urva! Alloh haqqi, ayt! Mana bu qurbonlik tuyalarining qurbon qilinishiga, mana bu Kaʼbai muazzamani ziyorat va tavof qilishga monelik qilib boʻladimi?» Soʻngra Xuzoa qabilasi boshligʻiga aytganlarini Urvaga ham aytib berdilar.
Urva bir tomondan Paygʻambarimizni tinglasa, bir tomondan sahobai kiromning hol va harakatlariga, bir-birlariga va Olamlar sarvariga boʻlgan munosabatlariga, hurmat va ehtiromlariga diqqat qilardi. Sevimli Paygʻambarimizning takliflarini tinglagandan keyin oʻrnidan turib, buni qurayshliklarga aytish uchun yoʻlga tushdi. Ularning oldiga borib: «Ey Quraysh jamoasi! Mening Vizantiya imperatori (qaysar), Najoshiy, Eron shohi (Kisro) kabi koʻplab podshohlarning huzuriga elchi boʻlib borganimni bilasizlar. Qasamki, men shu paytgacha musulmonlar Muhammadga koʻrsatgan hurmat va ehtiromning birorta ham podshohga koʻrsatilganini koʻrmadim. Sahobalaridan hech biri undan izn olmaguncha gapirmaydi. Boshidan bir tola soch tushsa, ilib olib, tabarruk qilish uchun qoʻyinlarida saqlaydilar. Yonida gaplashganlarida, ovozlarini eshitilmaydigan darajada pasaytiradilar. Hurmatlaridan uning yuziga qaray olmay, koʻzlarini yerga tikadilar. Muhammad sahobalariga biror ishora qilsa yoki biror amr bersa, jonlari evaziga boʻlsa ham, uni bajarishga intiladilar.
Ey Quraysh jamoasi! Qancha qilichlaringizga qoʻl uzatsangiz ham, barcha choralarga murojaat qilsangiz ham, ular Paygʻambarlarining bir tola sochini ham sizlarga bermaydilar. Hatto unga biror zarar yetishiga ham, biror kishining unga qoʻl tekkizishiga ham yoʻl qoʻymaydilar. Ahvol shu. Bundan keyingisini yaxshilab oʻylanglar! Shunday bir paytda Muhammad bizga yaxshi bir sulh taklif qilmoqda, bundan foydalaninglar!» – dedi.
Quraysh mushriklari bu soʻzlarni qabul qilmay, Urvaga qoʻpol muomala qildilar va uni ranjitdilar. Quraysh qarorgohidan hech qanday xabar kelmagach, Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) takliflarini takrorlash uchun Hirosh ibn Umayyani elchi qilib yubordilar. Mushriklar Islom elchisiga juda qoʻpol muomala qildilar. Uning tuyasini soʻyib yedilar, oʻzini oʻldirish uchun ustiga tashlandilar. Ularning qoʻlidan zoʻrgʻa qutulgan Hirosh ibn Umayya Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, ahvolni aytib berganda, u zot elchilariga qilingan bu haqoratdan juda qaygʻurdilar. Shu payt mushriklar qarorgohidan Ahobish qabilasining boshligʻi Hulays koʻrindi. U Paygʻambarimiz tomon kelayotgan edi. Mushriklar uni elchi qilib tayinlagan edi. Hulaysning kelayotganini koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Bu kelayotgan kishi qurbonlikka hurmat koʻrsatadigan, Allohu taoloning amrlarini bajarishga va ibodat qilishga intiladigan bir qavmdan. (Ey sahobalarim!) Qurbonlik tuyalarini unga qarab haydanglar, koʻrsin!» Sahobai kirom qurbonlik tuyalarini u tomonga qoʻyib yubordi va: «Labbayk! Allohumma labbayk!» – deb talbiya aytdi. Boʻyinlari bogʻlangan, quloqlariga belgi qoʻyilgan qurbonliklarni koʻrgan Hulays ularga uzoq tikilib qoldi. Koʻzlari yoshga toʻldi va qalbining tubidan chiqqan mahzun ovoz bilan: «Musulmonlarning Kaʼbani tavof va ziyorat qilishdan boshqa hech qanday niyati yoʻq. Ularni bundan toʻsish qanday yomon ish! Kaʼbaning Rabbiga qasamki, qurayshliklar bu xato ishlari tufayli halok boʻladilar!» – demasdan turolmadi. Bu soʻzlarni eshitgan Olamlar sarvari: «Ha, shunday, ey Banu Kinonaga mansub birodar», – dedilar. Hulays uyalganidan Rasulullohning huzurlariga kela olmagani u yoqda tursin, muborak yuzlariga ham qaray olmadi. Quraysh qarorgohiga qaytib ketdi. Koʻrganlarini aytib, oʻz fikrini ochiq-oydin bildirdi: «Sizlarning uni Kaʼbani ziyorat qilishdan toʻsishingizni toʻgʻri deb bilmayman». Quraysh mushriklari juda gʻazablandilar va Hulaysni johillikda aybladilar.
«Ey Urva! Alloh haqqi, ayt! Mana bu qurbonlik tuyalarining qurbon qilinishiga, mana bu Kaʼbai muazzamani ziyorat va tavof qilishga monelik qilib boʻladimi?» Hadisi sharif
Bu safar mushriklar zolimligi bilan nom chiqargan Mikraz ibn Hafsni elchi qilib yubordilar. U ham javobini olib, qaytib ketdi. Mikrazning elchiligidan keyin mushriklarni musulmonlar toʻsatdan hujum qilib qoladi, degan qoʻrquv qamrab oldi.
Paygʻambarimiz ishni yarim yoʻlda qoldirishni istamas edilar va qurayshliklar orasida obroʻli boʻlgan bir sahobalarini yubormoqchi edilar. Oxir-oqibat hazrati Usmonni yuborishga qaror qilindi. Sevimli Paygʻambarimiz Usmon ibn Affonga shunday dedilar: «Ularga: „Biz bu yerga hech kim bilan jang qilish uchun kelmadik. Faqat Kaʼbai muazzamani tavof va ziyorat qilish uchun keldik. Yonimizdagi qurbonlik tuyalarini soʻyib, qaytamiz“, – deb ayt va ularni Islomga daʼvat et!» Bundan tashqari, unga Makkadagi musulmonlarga Makka yaqin orada fath etilishi haqida xushxabar yetkazishni ham tayinladilar.3
Hazrati Usmon mushriklarning oldiga borib, Paygʻambarimizning soʻzlarini aynan yetkazdi. Ular hazrati Usmon keltirgan taklifni ham rad etishdi. Xohlasa, faqat oʻzi Baytullohni tavof qilishi mumkinligini aytishdi. Hazrati Usmon esa: «Rasul alayhissalom Baytullohni tavof qilmagunlaricha, men ham tavof qilmayman!» – dedi. Bundan juda gʻazablangan mushriklar uni ushlab qoldilar. Bu xabar sahobalarga «Usmon shahid qilinibdi» tarzida yetib keldi. Buni Paygʻambarimizga bildirishganda, u zot juda qaygʻurdilar va: «Agar bu xabar toʻgʻri boʻlsa, bu qavm bilan jang qilmagunimizcha bu yerdan ketmaymiz», – dedilar. Soʻngra u yerda oʻsgan Samura nomli daraxt ostiga oʻtirib: «Allohu taolo menga bayʼat qilishingizni buyurdi», – deb, sahobalarini bayʼatga daʼvat qildilar. Qahramon sahobalar qoʻllarini Paygʻambarimizning muborak qoʻllari ustiga qoʻyib: «Allohu taolo sizga zafar ato etguncha, oldingizda jang qila-qila fathni amalga oshirishga yoki bu yoʻlda shahid boʻlishga bayʼat qildik!» – deb soʻz berdi. Paygʻambarimiz bir qoʻllarini ikkinchi qoʻllari ustiga qoʻyib, u yerda boʻlmagan hazrati Usmon nomidan oʻzlariga oʻzlari bayʼat qildilar. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) sahobalarining bu bayʼatidan juda xursand boʻldilar va: «Daraxt ostida chin koʻngildan bayʼat qilganlardan hech biri jahannamga kirmaydi», – dedilar. Bu bayʼat Bayʼati Rizvon deb ataldi.4 Sahobai kirom (roziyallohu anhum) endi qilichlarini qinidan sugʻurib, oʻrinlarida tura olmas, Rasul alayhissalomning bir ishorasini kutar edi. Shu payt Islom qarorgohini kuzatib turgan Quraysh josuslari mujohidlarning sevimli Paygʻambarimizga shahidlik sharbatini ichguncha bu yoʻlda jang qilishga bayʼat qilganlarini va tayyorgarlik koʻrayotganlarini koʻrishdi. Ular darhol Quraysh qarorgohiga borib, boʻlib oʻtganlarni aytib berishdi. Paygʻambarimiz har ehtimolga qarshi kechalari sahobalarini qoʻriqlash uchun qorovullar qoldirar edilar. Hazrati Usmon ushlab qolingan kunlarning bir kechasida Mikraz boshchiligidagi ellik kishilik bir mushrik toʻdasi Islom askarlarini uyquda bosish uchun hujum qildi. Oʻsha kecha Muhammad ibn Maslama va uning sheriklari qorovullikda turgan edi. Kelgan kofirlarni ular qisqa olishuvdan keyin mahkam ushlab olishdi. Faqat Mikraz qochib qutuldi. Asirlarni Rasulullohning huzurlariga olib kelishdi. Ularning bir qismi qamaldi, bir qismi afv etildi. Mushriklar ertasi kecha ham hujum qilmoqchi boʻldilar, lekin yana ushlandilar. Paygʻambarimiz ularni ham afv etib, qoʻyib yubordilar.
Hudaybiya sulhnomasi
Islom qoʻshini kechayu kunduz jangga tayyor holda turganini va har lahzada hujum qilishi mumkinligini anglagan kofirlar qoʻshinining qalbiga qoʻrquv tushdi. Sulh tuzishdan boshqa chiqish yoʻli yoʻqligini koʻrib, shoshilinch bir elchilar hayʼatini sayladilar. Suhayl ibn Amr boshchiligida saylangan bu hayʼatga: «Bu yil Makkaga kirmasliklari sharti bilan sulh tuzinglar», – deyildi.
Sevimli Paygʻambarimiz Quraysh elchilarini qabul qildilar. Elchilarning birinchi talabi qamalgan odamlarining qoʻyib yuborilishi boʻldi. Olamlar sarvari: «Makkada ushlab qolganingiz sahobalarimni qoʻyib yubormaguningizcha, bu odamlaringizni ozod qilmayman!» – dedilar. Suhayl: «Toʻgʻrisi, bizga juda adolatli va insofli muomala qilding», – deb, Makkada ushlab qolingan hazrati Usmonning va ilgari qamab qoʻyilgan oʻnga yaqin sahobaning ozod qilinishini taʼminladi. Shundan keyin bosqin paytida ushlanib qamalgan mushriklar qoʻyib yuborildi.
Uzoq muzokaralardan keyin sulhga kelishildi. Navbat uni yozishga yetdi. Hazrati Ali kotib etib saylandi. Sulhnomani yozish uchun qogʻoz va davot tayyorlandi. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Habibulloh hazrati Aliga: «Yoz:
„Bismillahir rohmanir rohim!“» – dedilar. Suhayl darhol bunga eʼtiroz qildi: «Qasamki, men „Rahmon“ soʻzi nima ekanini bilmayman. Bunday yozma; „Bismika Allohumma“ deb yoz! Aks holda sulhga koʻnmayman!» Paygʻambarimiz sulh tuzilishida juda katta hikmatlar koʻrardilar. Shu sababli: «„Bismika Allohumma“ ham yaxshi», – dedilar va hazrati Aliga shunday yozishni buyurdilar. Yozilgandan keyin Paygʻambarimiz: «Bular – Allohning Rasuli Muhammadning Suhayl ibn Amr bilan kelishgan, sulh tuzgan va shartlarini taraflar bajarishi uchun imzolagan moddalaridir», – deganlarida, Suhayl hazrati Alining qoʻlidan ushladi. U Paygʻambarimizga oʻgirilib: «Qasam ichamizki, agar biz sening Allohning Rasuli ekaningni tan olganimizda, senga qarshi chiqmas, Kaʼbani ziyorat qilishingga toʻsqinlik qilmas edik. Shuning uchun „Allohning Rasuli“ oʻrniga „Abdullohning oʻgʻli Muhammad“ deb yoz!» – dedi.
Paygʻambarimiz buni ham qabul qilib, shunday dedilar: «Vallohi, sizlar meni yolgʻonchi desangiz ham, men baribir, hech shubhasiz, Allohu taoloning Rasuliman. Ismimni va otamning ismini yozdirish mening paygʻambarligimni yoʻqqa chiqarmaydi-ku. Yo Ali! Uni oʻchir va „Muhammad ibn Abdulloh“ deb yoz».
Sahobai kiromdan hech birining koʻngli «Allohning Rasuli» soʻzlarining oʻchirilishiga rozi boʻlmadi. Bir lahzada hamma narsani unutib: «Yo Ali! „Muhammad Rasululloh“ deb yoz, aks holda bu mushriklar bilan oramizni faqat qilich hal qiladi!…» – deyishdi. Paygʻambarimiz sahobalarining bu gʻayratidan mamnun boʻldilar, lekin muborak qoʻllari bilan ularga jim boʻlishni ishora qildilar. Hazrati Aliga oʻchirishni buyurganlarida, u: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sizning bu muborak sifatingizni oʻchirishga qoʻlim bormaydi!…» – deb uzr soʻradi. Sevimli Paygʻambarimiz u joyni koʻrsatishni soʻradilar. Koʻrsatgach, yozuvni uning qoʻlidan olib, bu soʻzlarni oʻz muborak barmoqlari bilan oʻchirdilar va «Abdullohning oʻgʻli» deb yozdirdilar. Soʻngra moddalar yozila boshlandi: 1) Sulh oʻn yil amal qiladi; bu muddat ichida ikki taraf bir-biri bilan jang qilmaydi.
«Daraxt ostida chin koʻngildan bayʼat qilganlardan hech biri jahannamga kirmaydi» Hadisi sharif
Musulmonlar bu yil Kaʼbani ziyorat qilmaydi, lekin bir yildan keyin ziyorat qilishlari mumkin. 3) Kaʼbani ziyorat qilishga kelgan musulmonlar uch kun qoladi va yonlarida yoʻlovchi qurolidan boshqa qurol olib yurmaydi. 4) Musulmonlar Kaʼbani tavof qilayotganda, makkalik mushriklar Kaʼbadan tashqariga chiqib, musulmonlarning bemalol tavof qilishlariga imkon beradi.
Qurayshdan musulmon boʻlgan bir kishi valiysining (vasiysining) iznisiz Madinaga ketsa, u qaytariladi; musulmonlardan biri Quraysh tarafiga oʻtib, Makkaga ketsa, qaytarilmaydi. Bu modda haqida hazrati Umar: «Yo Rasulalloh! Bu shartni ham qabul qilasizmi?» – deb soʻraganda, sevimli Paygʻambarimiz tabassum qilib: «Ha. Bizdan ularga ketadiganlarni Allohu taolo bizdan uzoq qilsin!» – dedilar.
Sahobalardan biri haj yoki umra qilish niyati bilan Makkaga kelsa, joni va moli xavfsiz boʻladi.
Mushriklardan biri Shomga, Misrga yoki boshqa joyga borayotib, Madinaga kirsa, uning ham joni va moli xavfsiz boʻladi.
Boshqa arab qabilalari xohlagan tarafning himoyasiga kira oladi, musulmonlar bilan ham, mushriklar bilan ham birlashishda erkin boʻladi.5
Navbat sulhnomani imzolashga keldi. Shu payt oyoqlaridagi zanjirlarni sudrab, Islom qoʻshini tomon bir kishi kelayotgani koʻrindi. U tobora yaqinlashib kelib: «Meni qutqaringlar!…» – deb baqirdi. Bu ovozni eshitgan Quraysh hayʼatining boshligʻi darhol oʻrnidan sakrab turdi. Qoʻliga tikanli daraxt shoxini olib, uning boshiga, yuziga ura boshladi. U bor kuchini yigʻib, oʻzini Rasulullohning muborak tizzalari ostiga otdi va: «Meni qutqaring, yo Rasulalloh!» – deb yolvordi. Bu Makkada musulmon boʻlish sharafiga erishgani uchun otasi tomonidan zanjirband qilingan bir musulmon edi. Har kuni unga ogʻir qiynoqlar berilar, butlarga sigʻinishga majburlanar edi. Mushriklarning Hudaybiyaga ketganidan foydalanib, zanjirlarini uzib, hech kimga koʻrinmasdan Makkadan chiqib, oʻzini musulmonlar orasiga otgan edi. Hidoyatga erishgan bu muborak kishi mushrik hayʼatining boshligʻi Suhaylning oʻgʻli hazrati Abu Jandal edi. Suhayl oʻgʻli Abu Jandalni koʻrsatib, Paygʻambarimizga: «Hozirgina yozgan sulhnomamizga muvofiq, menga qaytarishing kerak boʻlgan birinchi odam mana shu!» – dedi.
Paygʻambarimiz ham, sahobalar ham juda taʼsirlandilar. Hamma Rasululloh qanday javob berishlarini intizorlik bilan kutardi. Bir tomonda sulhnoma, bir tomonda qiynoq ostidagi bir sahoba… Olamlar sarvari Suhaylga: «Biz bu sulhnomani hali imzolaganimiz yoʻq!» – dedilar. Suhayl qaysarlik qildi: «Yo Muhammad! Sulhning moddalarini oʻgʻlim bu yerga kelmasidan oldin yozib bitirgan edik. Agar oʻgʻlimni qaytarmasang, men hech qachon bu sulhnomaga imzo chekmayman!» Paygʻambarimiz: «Uni mening xotirim uchun sulhdan tashqarida qoldir», – dedilar, lekin mushriklar buni qabul qilmadi. Suhayl ibn Amr oʻgʻlini sudrab olib ketayotganda, Abu Jandal: «Yo Rasulalloh! Ey musulmon birodarlarim!… Musulmon boʻlish sharafiga erishib, sizlarga panoh izlab kelgan boʻlsam ham, meni mushriklarga topshiryapsizlarmi? Menga har kuni chidab boʻlmas qiynoqlar berilishini ravo koʻryapsizlarmi? Yo Rasulalloh! Dinimdan qaytarsinlar deb meni qaytaryapsizlarmi?!…» – deb faryod qilardi.
Yurakni ezadigan bu yolvorishga chidash juda qiyin edi. Koʻngillari yaralangan sahobalar yigʻlay boshladi. Marhamat dengizi sevimli Paygʻambarimizning ham muborak koʻzlari yoshga toʻldi. Suhaylning yoniga borib: «Qoʻy, bunday qilma! Uni menga baxsh et!» – deb iltimos qildilar. Ammo Suhayl: «Mumkin emas, bermayman!» – deb javob berdi. Shundan keyin sevimli Paygʻambarimiz Abu Jandalga tasalli berib: «Ey Abu Jandal! Yana biroz sabr qil! Senga qilinayotganlarga chida! Bularning mukofotini Allohu taolodan soʻra. Allohu taolo senga va senga oʻxshagan zaif va kimsasiz musulmonlarga albatta bir kenglik, bir chiqish yoʻli ato etadi», – dedilar va: «Bergan soʻzimizda turmaslik bizga yarashmaydi», – deb qoʻshdilar. Abu Jandal: «Xoʻp, yo Rasulalloh», – deb sabr qilishini bildirdi.
Yurakni ezadigan bu hodisaga hatto hayʼatdagi mushriklar ham chiday olmay: «Ey Muhammad! Sening xotiring uchun Abu Jandalni oʻz himoyamizga olamiz. Suhaylning unga qiynoq berishiga yoʻl qoʻymaymiz!» – deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh va sahobai kiromning koʻngillari biroz taskin topdi. (Suhayl ibn Amr Makka fathidan keyin musulmon boʻlib, sahobai kiromdan boʻldi.) Sulhnoma ikki nusxada yozilib, taraflar tomonidan imzolandi. Mushriklar oʻz qarorgohlariga qaytdilar.6 Musulmonlarning zarariga koʻringan bu moddalardan Quraysh hayʼati juda xursand edi. Ammo, aksincha, bu sulhnoma moʻminlar uchun katta gʻalaba edi va bu moddalar musulmonlarning foydasiga edi. Avvalo, mushriklar musulmonlarning bir davlat ekanini tan olayotgan edi. Makkadan bir mushrik tijorat yoki boshqa bir ish uchun Shomga, Misrga borayotib Madinaga kirsa, joni-moli xavfsiz boʻlar edi. Shu tariqa mushriklar musulmonlarning hayotini yaqindan koʻrar, Islomning adolatiga, sahobalarning bir-birlariga boʻlgan goʻzal muomalasiga hayron qolar va Islomni sevib qolar edi. Natijada musulmon boʻlib, sahobalar safiga qoʻshilar edi. Oʻn yil davom etishi kerak boʻlgan bu sulh bilan musulmonlar koʻpayar, kuchayar edi. Islom har tarafga yoyilar edi. Ammo «Qurayshdan biri musulmon boʻlib, Madinaga panoh izlab borsa, qaytariladi» degan modda uchun Paygʻambarimiz juda mahzun boʻldilar va: «Allohu taolo ular uchun, albatta, bir kenglik, bir chiqish yoʻli yaratadi», – dedilar. Endi mushriklar bilan qiladigan ish qolmagan edi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) sahobai kiromga: «Turinglar! Qurbonliklaringizni soʻyinglar. Boshlaringizni oldirgandan keyin ehromdan chiqinglar», – dedilar. Paygʻambarimiz hammadan oldin oʻz qurbonliklarini soʻydilar. Soʻngra sartaroshlari hazrati Hirosh ibn Umayya u zotning muborak sochlarini oldi. Sahobai kirom u muborak sochlarni yerga tushmasdan havodayoq ilib olib, tabarruk qilish uchun saqlab qoʻydi. Sahobalar ham qurbonliklarini soʻydi; bir qismi sochlarini oldirdi, bir qismi qisqartirdi.7
«Ey Abu Jandal! Yana biroz sabr qil! Senga qilinayotganlarga chida! Bularning mukofotini Allohu taolodan soʻra. Allohu taolo senga va senga oʻxshagan zaif va kimsasiz musulmonlarga albatta bir kenglik, bir chiqish yoʻli ato etadi» Hadisi sharif
Hudaybiyada yigirma kuncha turildi. Paygʻambarimiz sahobalari bilan birga Madinaga qaytish uchun yoʻlga chiqdilar. Yoʻlda Allohu taolo Paygʻambarimizga Fath surasini vahiy qilib, Oʻz neʼmatini va yordamini komil qilishi haqida xushxabar berdi. Koinot sultoni (sallallohu alayhi vasallam) zafar bilan nurli Madinaga tashrif buyurgan kunlarda Qurayshning Saqif qabilasidan Abu Basir musulmon boʻlish sharafiga erishgan edi. Mushriklar orasida yashay olmasligini anglagan Abu Basir Madinaga piyoda keldi. Ammo Hudaybiya sulhining taqozosi bilan Madinadan chiqib, Qizil dengiz sohilidagi Iys degan yerga joylashdi.8
Bu joy Quraysh mushriklarining Shomga boradigan savdo yoʻli ustida edi. Shundan keyin Qurayshdan musulmon boʻlganlar Makkani tark etib, Madinaga emas, Iysga, Abu Basirning oldiga keta boshladi. Ularning birinchisi hazrati Abu Jandal edi. Shundan keyin buning keti uzilmadi. Ellik kishi, yuz kishi, ikki yuz, uch yuz kishi boʻlishdi. Quraysh karvoni Shomga borayotganda bu yerdan oʻtishga majbur edi. Hazrati Abu Basir yonidagi musulmonlar bilan bu yerdan oʻtadigan mushriklarni ushlab olib, ularga musulmon boʻlishni taklif qilar edi. Musulmon boʻlmaganlar bilan jang qilib, ularni tang ahvolga solar edi. Shom savdo yoʻllari kesilganini koʻrgan makkalik mushriklar Madinaga bir hayʼat yubordi. Ular Hudaybiya sulhnomasidagi «Qurayshdan musulmon boʻlgan bir kishi valiysining iznisiz Madinaga ketsa, qaytariladi!…» – degan moddani bekor qilishni yolvorib soʻrashdi. Paygʻambarimiz marhamat koʻrsatib, ularning bu iltimosini qabul qildilar. Shunday qilib, qurayshliklarning Shom savdo yoʻli yana ochildi. Musulmonlar esa sabrlarining mukofoti sifatida Madinaga, Paygʻambarimizning yonlariga keldilar.
EY GOʻZALLAR GOʻZALI!
Ey goʻzallar goʻzali, meni ishqingiz ila yoqdingiz!
Koʻzim hech narsa koʻrmas, aqlim har on xayolingizda!
Siz – «Qoba qavsayn» shohi, men esa osiy bir qul,
Sizga mehmon boʻlishni qanday aytsin bu hayron?
Rahm aylab bir boqdingiz, oʻlik qalblarni tiriltirdingiz,
Cheksiz marhamatingizga sigʻinib, eshigingizni qoqdim!
Yaxshilik manbaisiz, darmonlar daryosisiz!
Bir tomchi lutf eting menga, dardimga davo topmadim!
Hamma kelar Makkaga – Kaʼbaga, Safo va Marvaga,
Men esa siz uchun togʻlaru tepalar oshdim!
Kecha bir tushimda boshim osmonlarga tegdi,
Eshigingizdagi xizmatkorlar boʻynimni bosdi, deb oʻyladim!
Ey Jomiy hazratlari, mahbubimning bulbuli!
Sheʼrlaringiz orasidan mana bu baytni tanlab oldim:
«Tili osilib tushgan qoʻtir itlar misoli,
Bir tomchigina umid-la ehson daryongizga keldim».
Mavlono Xolid Bagʻdodiy (quddisa sirruh)
«Biz sizga albatta ochiq-oydin bir fath ato etdik» Fath: 1
Rasulullohning daʼvat maktublari
Quyosh olamga nur sochmas edi,
Kelgan ul jon boʻlmasa,
Yogʻdu bermas edi olamga,
Mavlid ul on boʻlmasa.
Billur ila qorilmas edi
Gul jamoli shodlik ila,
Qalbga aks etgan nur ila
Mujassam tan boʻlmasa.
Eyyübî
