Yomgʻir duosi
Hijratning oltinchi yilida dahshatli qahatchilik boʻlib, osmondan bir tomchi ham yomgʻir yogʻmadi. Shu sababli yerda oʻt unmadi, odamlar ham, hayvonlar ham ochlik azobiga duchor boʻldi. Muborak Ramazon oyining bir juma kuni odamlar sevimli Paygʻambarimizga oʻz murodlarini bildirishdi: «Yo Rasulalloh! Duo qilsangiz, Allohu taolo bizga yomgʻir ato etsa!…» Paygʻambarimiz sahobalari bilan sahroga chiqib, azon va iqomatsiz ikki rakat namoz oʻqidilar. Paygʻambarimiz muborak ridolarini teskari agʻdarib, takbir aytdilar. Soʻngra muborak qoʻllarini yenglari orasidan muborak qoʻltiqlari koʻringuncha koʻtarib: «Ey Allohim! Bizga yomgʻir ato et!…» – deb duo qila boshladilar. Sahobai kirom esa: «Omin! Omin!» – der edi. Oʻsha paytda osmon juda tiniq edi, birorta ham bulut yoʻq edi. Rasuli akram duo qilayotganlarida, shamol esa boshladi va osmonni bulutlar qopladi. Soʻngra mayda yomgʻir tomchilay boshladi. Shunda Olamlar sarvari: «Allohim! Bu yomgʻirni chelaklab quygandek yogʻdir va bizga xayrli qil!» – deb duo qildilar. Shu onda yomgʻir chelaklab quya boshladi. Paygʻambarimizning va sahobai kiromning kiyimlarida hoʻl boʻlmagan joy qolmadi. Uylariga yetib borguncha suv hamma yoqni koʻlga aylantirdi. Hamma suvni kechib yurardi. Yomgʻir tinmadi. Oʻsha kuni ham, ertasi kuni ham, undan keyin ham… Keyingi juma namozi vaqtida sahobai kirom: «Yo Rasulalloh! Yomgʻir suvidan uylarimiz qulab, hayvonlarimiz choʻka boshladi. Allohu taologa duo qilsangiz, yomgʻir tinsa!…» – deyishdi. Sevimli Paygʻambarimiz tabassum qildilar va muborak qoʻllarini koʻtarib, shunday duo qildilar:
«Yo Rabbim! Bu yomgʻirni ekinzorlarga, daraxt oʻsadigan joylarga va vodiylarga yubor!» Shu onda bir hafta davomida yoqqan yomgʻir toʻxtadi va duo qilingan joylarga yomgʻir yogʻa boshladi.
Olamlar nurga gʻarq boʻldi
Muhammad tugʻilgan kecha,
Moʻmin, munofiq farq boʻldi
Muhammad tugʻilgan kecha.
Koʻkdan yerga nur sochildi,
Yettilar, qirqlar qoʻshildi,
Rohibning tili tutildi
Muhammad tugʻilgan kecha.
«Bugun otliqlarimizning eng yaxshisi – Abu Qatoda, piyodalarimizning eng yaxshisi – Salama ibn Akvaʼ» Hadisi sharif
